Xalqlar va adabiyotlar oʻrtasida doʻstlik aloqalarining oʻrnatilishi va kamol topishida yozuv madaniyati, xususan arab yozuvi yaqin-yaqingacha gʻoyat katta rol oʻynab kelgan. Bu yozuvning asosan undosh tovushlarni ifodalovchi harflarga asoslanganligi shu yozuvda bitilgan kitoblarning Oʻrta Osiyo, Kavkaz va Volga boʻylarida yashagan barcha turkiy xalqlar tomonidan oʻqilishiga imkon bergan. Shu baxtli imkoniyat tufayli oʻzbek ziyolilari I. Gasprinskiy, Sh. Marjoniy, Hodi Toqtosh, Husayn Jovid singari mashhur maʼrifatparvarlar, shoir va yozuvchilar ijodi bilan tanishgan boʻlsalar, ular vakillari boʻlgan xalqlar XX asrning 20-30-yillarida buyuk oʻzbek adibining “Oʻtkan kunlar” romanini oʻqish saodatiga muyassar boʻlishgan.
Naql qilishlaricha, Abdulla Qodiriy bir guruh qalamkash birodarlari bilan birga 1936 yilning yoz oylarida Qozonga ijodiy safar bilan borganida, “Oʻtkan kunlar”ning tatar kitobxonlari oʻrtasida ham mashhur boʻlganini oʻz koʻzi bilan koʻrib, hayratga tushgan.
Endi gapning “bismillo”siga qaytsak.
XX asrdagi oʻzbek adabiy aloqalari tarixidan shu narsa maʼlumki, 1928 yilning yoz oylarida Ziyo Said, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon kabi oʻzbek yozuvchilari Qozonga borib, tatar hamkasblari va kitobxonlari bilan ilk bor uchrashishgan, ijodiy muloqotda boʻlishgan. Shu ijodiy safar qardosh yozuvchilar va kitobxonlarda yaxshi taassurot qoldirgani bois mezbonlar 1936 yil yozida yana oʻzbek birodarlarini Qozonga taklif qilishgan.
“Krasnaya Tatariya” gazetasining 1936 yil 16 iyun sonidagi maʼlumotga qaraganda, 14 iyulda Qozonga Shokir Sulaymon (delegatsiya rahbari), Gʻafur Gʻulom, Abdulhamid Majidiy, Amin Umariy va Matyoqub Abdullayevdan iborat oʻzbek yozuvchilari poyezdda yetib kelishgan. Ularni Tatariston Yozuvchilar uyushmasi raisi Yarmiy, yozuvchilardan Usmonov, Toʻfon, Xonjamil, shuningdek, tatar opera studiyasi artistlari tantanali vaziyatda kutib olishgan. Tatariston Respublikasi Milliy arxividagi Tatariston Yozuvchilar uyushmasi fondida saqlanayotgan maʼlumotnomadan ayon boʻlishicha, Qodiriy 8 avgustda Qozonga yetib kelib, delegatsiyaga qoʻshilgan va 6 sentyabrga qadar tatar yozuvchilarining mehmoni boʻlgan. Mehmonlar, “Krasnaya Tatariya” gazetasida yozilishicha, “Oʻzbekiston bilan Tatariston adabiyotchilari oʻrtasidagi qardoshlik aloqalarini mustahkamlash maqsadi”da Qozonga tashrif buyurishgan.
Oʻzbek yozuvchilari 6 sentyabrda ijodiy safardan qaytib kelganlaridan soʻng, “Qizil Oʻzbekiston” gazetasining 24 oktyabrdagi shanba sonida Sh. Sulaymonning “Tatar sovet adabiyoti” maqolasi, Qodiriyning “Kachida ikki hafta” ocherki, Gʻafur Gʻulomning “Sheʼr ham sovun”, Amin Umariyning “Ovul kechasi” sheʼrlari eʼlon qilingan. Shu sahifadan oʻrin olgan “Birodarona hamkorlik” degan xabarda qayd etilishicha, vatandoshlarimiz “tatar mehnatkashlarini oʻzbek adabiyotining rivojlanishi bilan, Oʻzbekiston mehnatkashlarining turmushi bilan tanishtirib kelganlar, (Tataristondagi) gazetalarda maxsus sahifalar chiqarganlar”.
Sh. Sulaymon oʻz maqolasida oʻzbek-tatar adabiy aloqalari tarixiga nazar tashlab, tatar adabiyoti va matbuotining “oktyabrgacha Oʻrta Osiyoda juda keng tarqalgani”, Qozon, Orenburg va Moskvada chiqarilgan “Quyosh”, “Vaqt”, “Yulduz”, “El” gazetalari hamda tatar yozuvchilari asarlarining Oʻrta Osiyoda, ayniqsa, Oʻzbekistonda alohida eʼtibor qozonganligi toʻgʻrisida soʻzlab, gʻaroyib bir fikrni oʻrtaga tashlagan: “Maʼlum bir qora maqsad bilan boshlangan bu aloqaning siri, sababi, – deb yozgan u, – tabiiy, maʼlum edi. Fevral kunlarida biz buni ochiq koʻrdik. Tatar burjuaziyasi, uning malayi boʻlgan millatchi ziyolilar “Buloqboshi jumhuriyati”(ni) qurish bilanoq oʻz tilagini ochib qoʻydi…”
Sh. Sulaymonning fikriga koʻra, oʻzbek-tatar adabiy aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlashdan maqsad – kelajakda chor hokimiyati mustamlakachiligiga qarshi oʻzbek va tatar xalqlarining birlashgan holda kurashishi ekan. “Biroq bu qora tilak, – deb yozgan u yana, – boʻshga chiqdi. Oktyabr dovuli ularning kulini koʻkka uchirdi. “Qoʻqon muxtoriyati” singari Qozonda tuzilgan “Buloqboshi jumhuriyati” ham yerga koʻmildi”.
Sh. Sulaymonning bu soʻzlari, shubhasiz, mustamlaka sharoitida yashagan xalqlarning oʻzaro yaqinlashishidan qoʻrqqan unsurlar “qoʻshigʻi”ni takrorlashdan oʻzga narsa emas edi. Holbuki, biz Turkiston Rossiya qoʻshinlari tomonidan zabt etilganidan keyin tatar savdogarlarining Turkistonga samovar, gugurt, choʻyan-temir asboblarini, tatar yozuvchilarining Qozon bosmaxonalarida bosilgan asarlarini olib kelganlarini, soʻngroq esa turli sabablar bilan Volga boʻylaridan koʻchib kelgan tatar ziyolilarining Turkistonda yangi usul maktablarini tashkil etishda faollik koʻrsatganlarini yaxshi bilamiz.
Gʻafur Gʻulom oʻz maqolalaridan birida shu masalaga doir bunday qimmatli maʼlumotni bergan: “Tatar maʼrifatparvarlaridan Marjoniy, Qayum Nosiriy va tatar ziyolilarining boshqa bir qancha namoyandalari Buxoro madrasalarida tahsil koʻrgani singari, oʻzbek ziyolilarining ham bir qancha vakillari Orenburgning “Husayniya” madrasasi, Qozonning “Muhammadiya” va Ufaning “Oliya” madrasalarida oʻqiganlar. Buxoro amiri badargʻa qilgan oʻzbek ziyolilari Qozonda boshpana topgan. Oʻzbeklarning birinchi bosma kitoblari Qozon universiteti bosmaxonasida bosilgan. Xiva va Toshkentga “mix bosma” deb atalgan zamonaviy matbaa va litografiyani dastlab Shohimardon obziylari olib kelgan va shu bosmaxonalardagi birinchi ishchilar avlodi tatarlardan boʻlib, ularning nabiralari hozir ham Oʻzbekiston bosmaxonalarida ishlamoqda”.[1]
Koʻramizki, oʻzbek-tatar adabiy aloqalari tarixi faqat XX asrning 20-yillarida boshlangan emas.
Shunday qilib, Tatariston Yozuvchilar uyushmasi taklifi bilan Volga boʻylariga borgan oʻzbek yozuvchilari, jumladan, Abdulla Qodiriy tatar yozuvchilari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlardan soʻng, tatar ovullariga borib, ikki hafta davomida qardosh xalqning hayoti bilan tanisha boshlashgan. Biz Qodiriyning “Kachida ikki hafta” ocherkini oʻzbek yozuvchilarining Qozon yaqinidagi ovullarga, Gʻ. Gʻulomning “Sheʼr ham sovun” sheʼrini oʻqib, oʻzbek yozuvchilarining Mullanur Vohidov nomidagi sovun zavodiga borganlari, tatar dehqonlari va ishchilari hayoti bilan yaqindan tanishganlarini yaqqol tasavvur etamiz.
Sh. Sulaymon maqolasidan ayon boʻlishicha, Qodiriy ham, boshqa oʻzbek yozuvchilari ham safar chogʻida Karim Tinchurin, Qavi Najmiy, Tulumbayskiy, Mirsoy Amir, S. Battol, Olimjon Ibrohimov, Hodi Toqtosh, Hasar Toʻfon, Fotih Karim, Ahmad Fayziy, Noqiy Isonbat, Muhammedshin kabi tatar shoir va yozuvchilari bilan uchrashib, doʻstona muloqotda boʻlishgan. Ishonch bilan aytish mumkinki, ular K. Tinchurinning oʻzbek xalqi hayotidan olingan “Mukarram”, “Buxoro”, O. Ibrohimovning oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Teran tomirlar” singari asarlari bilan yaxshi tanish boʻlishgan va shu hol ular suhbatiga muayyan yoʻnalish bergan.
“Oʻzbek yozuvchilar brigadasi, – deb yakunlagan maqolasini Sh. Sulaymon, – Qozonga borib, bir muncha katta va yosh yozuvchilarning ijodlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda ayrim maʼruzalar eshitdi. Bular ochiq koʻrsatdiki, biz soʻnggi yillarda qardosh respublikalarning adabiyotidan, ularning soʻnggi oʻsishlaridan chetda qolganmiz. Shunga oʻxshagan tatar yozuvchilari ham oʻzbek, tojik, turkman, qozoq yozuvchilarining asarlari bilan uncha tanish emaslar.
Tatar yozuvchilari qardosh respublikalarning adabiyotdagi oʻsishlari bilan tanishib borishni birinchi va asosiy vazifa qilib oldilar”.
Qodiriy ayrim tatar yozuvchilari bilan avval ham tanish boʻlgan. Taniqli adabiyotshunos Sherali Turdiyevning maʼlumot berishicha, Qodiriy 1924–1925 yillarda V. Ya. Bryusov nomidagi Oliy adabiy-badiiy institut (Moskva)da tahsil olgan kezlarida O. Ibrohimov, K. Tinchurin, F. Amirxonlar bilan uchrashib, ularning Moskva kutubxonalaridagi asarlarini topib oʻqigan. Xususan, O. Ibrohimovning “Yosh yuraklar”, Turkistondagi madrasa talabalari hayotini yodga tushiruvchi “Bizning kunlar” romanlari unga, ayniqsa, manzur boʻlgan. Olimning eʼtirof etishicha, u shu maʼlumotni keksa tarjimon M. Bulatovdan olgan, unga esa shu voqeaning shohidi jurnalist va tarjimon Saxovat Shafigullin soʻzlab bergan ekan.
Afsuski, Sh. Sulaymon ham, Qozon safarida qatnashgan boshqa oʻzbek yozuvchilari ham oʻzbek adabiyoti namunalari, xususan, “Oʻtkan kunlar”ning tatar tiliga tarjima qilinishi va tatar kitobxonlari oʻrtasida tarqalishiga oid biror soʻzni yozib qoldirishmagan. Z. Fatxullinning adib haqidagi xotiralarida esa “Abdulla akaning “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini, “Kalvak mahzum…”, “Toshpoʻlat tajang…” kabi hajviy asarlarini oʻqimagan tatar ziyolilari, kitobxonlarining kamdan-kam ekan”ligi, shuning uchun uni, “ayniqsa, hurmat qilishgani”, “Abdulla obiy” deb qariyalar mahallama-mahalla ziyofatga chaqrishgani” aytilgan, xolos.
“Abdulla aka, – deb yozgan xotiranavis, – Volga boʻyidagi Verxniy Slon (Tatariston Yozuvchilar soyuzining bogʻi)da bir necha kun dam oldilar, yozuvchilar bilan ulfatlashdilar, keyin tatar ovullarini aylanib, tanishishga xohish bildirdilar.
Yozuvchilar soyuzi maxsus izvosh ajratdi: oʻzi Buxoro madrasalarida oʻqigan, oʻzbek tilini yaxshi biluvchi, shu choqlarda Tatar akademik teatri kutubxonasida mudirlik qiluvchi yoshi ulugʻroq bir kishini kucher qilib tayinladi va hozir Tatariston Yozuvchilar soyuzining raisi, taniqli romanchi Ibroy Gʻoziyni Abdulla akaga hamroh qilib, tatar ovullari boʻylab sayohatga joʻnatdi”.[2]
Z. Fatxullinning xotirasidan maʼlum boʻlishicha, Qodiriy tatar ovullarida oʻn besh kundan ziyodroq boʻlgan va Toshkentga qaytganidan soʻng Yozuvchilar uyushmasidagi hisobot majlisida qoʻlidagi yozuv daftarlariga qarab ovullardagi obodonlik, kolxoz-sovxoz qurilishlari, yoshlar va qarilar bilan boʻlgan suhbatlar haqida soʻzlab bergan. Xotiranavisning shu soʻzlarini adibning “Kachida ikki hafta” ocherki tasdiqlashi mumkin.
Ocherk quyidagi izohnamo soʻzlar bilan boshlanadi: “Menga Tataristonning Archa rayoniga qarashli Kachi ovulida ikki haftalab qolishga toʻgʻri keldi. Ovulni, undagi kolxozni va xalq ahvolini oʻrganish uchun kelgan bir kishiga ikki haftali bir muddat juda qisqa boʻlsa-da, koʻp narsalar oʻrgana oldim. Tatar ovuli dehqoni qanday ishlaydi, nechuk yashaydi, uning moldorligi, kolxozga uyushgandan soʻnggi holi kabi jihatlarni koʻzdan kechirib qaytgach, oʻz taassurotim bilan gazeta oʻquvchilarini ham tanishtirgim keldi”.[3]
Qodiriy Kachiga yetib kelgan chogʻda aksariyat aholi dalada boʻlganligi uchun ovul kimsasiz, hatto biror hayot belgisidan mahrum boʻlib koʻringan. Ammo kech soat 6-7 lardan boshlab qishloqqa jonli hayot nafasi shiddat bilan kirib kelgan. Adib ovulning ana shu hayotbaxsh manzarasini bunday tasvirlagan:
“Ovulning jonlanuvi kech soat 6-7 miyonasida boʻladi: qir ishlaridan qaytayotgan yosh yigitlar ovulni boshga koʻtarib qoʻshiq aytadilar, unda-munda garmon tovushlari eshitilib, bir-birisi bilan oʻynashib, sayrashib qaytgan tatar qizlarini kumush tanga toʻkilgan singari jaranglab kulishlari yurakka toʻqinadir. Shu vaqtda ovulning podasida (kutuvida) yaylovdan qaytib, sigirlar buzovlarini sogʻinib maʼraydilar, sariqlar[4] qoʻzilarini qoʻmsab, “baaa-buu” qiladilar. Ovul juda ham koʻngilli hol oladi…”[5]
Ushbu manzara Amin Umariyning “Ovul kechasi” sheʼrida bunday tasvirini topgan:
…Bulutlarga sanchildi qosh qorayar chogʻ
Kunning qilichi.
Koʻngil parishon emas, shomu gʻaribon emas
Shodliklar kechi.
Kechada ruhsizlik yoʻq, zulmat ham emas,
It uvlashi yoʻq.
Farahbaxsh zamonning quvnoq kechida
Oy nuri quyuq…
Ovulning koʻchasidan daryodek oqar
Yoshlar shovqini.
Koʻngillarning shodligi tortib oladi
Koʻzdan uyquni…
Sheʼrni oʻqishda davom etar ekanmiz, Kachi ovuliga qilingan safar chogʻida Qodiriy bilan birga A. Umariyning ham ishtirok qilganiga amin boʻlamiz.
Afsuski, tatar birodarlari huzuriga mehmonga borgan yozuvchilarimiz oʻrtasida ayrim kelishmovchiliklar ham roʻy berib, ularning bir qismi hatto muddatidan avval oʻz yurtiga ketib qolgan. Nizoga asos boʻlgan sabablardan biri, ijodiy masalaga oid edi. Bir tomondan, A. Umariy singari shoirlarning safar kunlarida turli uchrashuvlar taʼsirida sheʼrlar yozayotganini, ikkinchi tomondan, oʻzining tatar yozuvchilari va kitobxonlari oʻrtasidagi katta hurmat-eʼtiborini koʻrgan Qodiriy: “Hozir faqat koʻrish, tatar xalqining hayotini oʻrganish lozim. Toshkentga borganimizdan keyingina tiniqlangan safar taassurotlari asosida asar yozsak, oʻrinli boʻladi”, deb yosh doʻstlariga tanbeh bergan va ular isteʼdodiga shubha bilan qaragan. Bunday munosabatdan ranjigan shoirlar Qozonda adib bilan birga ortiq qolishni istashmagan.
Aytib oʻtilganidek, “Oʻtkan kunlar” dovrugʻi Qozonga ham yetib borgan, arab yozuvida chop etilgan bu asarni oʻqigan tatar ziyolilarida ham, oddiy kitobxonlarda ham Qodiriyga nisbatan katta hurmat tuygʻulari uygʻongan ekan.
Naim KARIMOV
“Sharq yulduzi”, 2014–4
[1] Gʻafur Gʻulom. Adabiy-tanqidiy maqolalar. Ikki jildlik. 1-jild. – T.: 1971. – B.245
[2]2 Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida. – T.: 1986. – B.81.
[3] Abdulla Q o d i r i y. Kichik asarlar. – T.: 1969. – B.99.
[4] Qoʻylar.
[5] Oʻsha manba. – B. 90-100.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/abdulla-qodiriyning-qozon-safari/