Milliy detektivning shakllanish omillari

Annotatsiya: Maqolada oʻzbek adabiyotining, xususan, xalq ogʻzaki ijodi, mumtoz adabiyot hamda XX asrdagi ayrim namunalari misolida milliy detektivning shakllanish omillari oʻrganilgan.

 

Annotatsiya: V statye na primere uzbekskoy literaturiʼ, v chastnosti, nekotoriʼx proizvedeniy ustnogo narodnogo tvorchestva, klassicheskoy literaturiʼ i proizvedeniy XX stoletiya issleduyetsya vopros prinsipov formirovaniya detektivnoy literaturiʼ.

 

Annotation: In article on example of uzbek literature, particularly compositions of oral national creation, classic literature and works of XX century investigated the question of principles in formation of the detective literature.

 

Tayanch soʻzlar: Milliy detektiv, detektivnavislik, janr, sarguzasht, jinoyat, izquvar, jabrlanuvchi, adolat, maxfiy, militsiya xodimi, fosh qilish, bozor adabiyoti, soʻz masʼuliyati, engil asarlar, xalq ogʻzaki ijodi, badiiyat.

 

Adabiyot – qutlugʻ maskan. Bu muqaddas dargohga qadam bosgan har bir ijodkor koʻngil mayliga quloq tutadi, inson atalmish koʻhna mavjudotning ruhiy olamini oʻrganishga, xulosalarini badiiy ifodalashga harakat qiladi.

Detektiv adabiyotni baʼzi adabiyotshunoslar faqat oldi-qochdi harakatlardan iborat “hazmi yengil” asarlar yaratiluvchi yoʻnalish, deb biladilar. Lekin bu fikr toʻgʻri emasligini isbotlovchi bir qancha bebaho asarlar borki, ular detektiv adabiyot namunasi boʻlish bilan birga, chuqur ruhiy-falsafiy gʻoyalarni ham targʻib qiladi. Jumladan, adabiyotshunos va ijodkorlarning”Bozor adabiyoti” yoxud badiiy soʻz masʼuliyati” mavzusidagi davra suhbatida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi O. Muxtor: “Sarguzasht, detektiv tushunchasi bilan “engil asarlar” degan bahoni yonma-yon qoʻyish ham oʻrinsiz. Yozuvchilarimizdan X. Toʻxtaboyevning qator asarlari, Tohir Malikning “Shaytanat” yoki Said Ravshanning “Qironcha” asarini qiziqib oʻqiysan. “Ularni umri qisqa, tezda unutilib ketadi” deyolmaysan, ayrimlari oʻn yil, yigirma yil, ayrimlari yarim asrdan buyon yashayapti. Oʻquvchiga bahramandlikdan tashqari, maʼnaviy-ruhiy oziq ham berayapti”,[1] deya qayd etgan.

Yozuvchi va adabiyotshunos olim U. Hamdam bilan “Adabiyot – muqaddas dargoh…” nomli suhbatda ijodkor “detektiv adabiyotning ilk unsurlari xalq ogʻzaki ijodida” koʻrinishini taʼkidlab, “keyingi bosqichda A. Qodiriy folklordagi detektiv unsurlarini yozma adabiyotga olib kirdi va buyuk “Oʻtkan kunlar” asarini yaratgan”ligini eʼtirof etadi.

Demak, detektiv adabiyot kecha yoki bugun paydo boʻlgan hodisa emas. Tafakkur darajasi Gʻarbdan kam boʻlmagan ajdodlarimiz yaratgan badiiy asarlarda, yaʼni baʼzi doston va ertaklarda gunohkorlarni qidirish, jazolash jarayonlari bilan bogʻliq oʻzlarining ilk qarashlarini bayon qilganlar. “Alpomish”, “Kuntugʻmish”,”Ravshan” dostonlari, “Uch ogʻa-ini botirlar” kabi bir qancha ertaklarda qahramonlarning nohaqliklar, yovuzliklarga qarshi kurashlari tasvirlanadi. “Alpomish” dostonidagi detektiv unsurlari mavjud boʻlgan parchalarni tahlil qilib koʻraylik: “Alpomish Qalmoq eli shohining zindonidan qutilib kelgach, Qultoy bilan topishgandan soʻng “Qani, bobo, elda qanday gap bor?” – deydi. Qultoy aytadi: “Ultontoz toʻy berib, xotiningni olmoqchin boʻlib, yotir. Endi borib oʻldira berasan-da…” Shunda Alpomish: “Bobo, siz men boʻlib boring, men siz boʻlib borayin, kim doʻst, kim dushman oʻz koʻzim bilan koʻrayin, birovning chorigʻiga birov toyib, oʻlib ketmasin”,[2] deydi. Bu maslahatdan soʻng ikkalasi bir-birining kiyimlarini kiyishib, hech kimning xayolida yoʻq bir holatda toʻyga kirib borishadi.

Hakimbekning niyati izquvarlar rejasini esga soladi. Izquvar timsoli detektivning asosiy obrazi ekanligi va rejasi amalga oshguncha u jinoyatchiga koʻrinishi mumkin emasligiga asoslanib, mazkur dostonda detektiv unsurlari mavjudligiga amin boʻldik. Ayniqsa, bu parchada detektivning asosiy mazmuni haqiqatni qidirish, degan qarashlarga mos jumlalarni ham uchratamiz. Yaʼni “birovning chorigʻiga birov toyib, oʻlib ketmasligi” va adolat oʻrnatilishi uchun Alpomish birovga oʻzini tanitmasdan, yashirin tarzda harakat qiladi. Uyiga Qultoy qiyofasida qaytgach, yuz bergan nohaqliklar, parokanda boʻlgan oilasini koʻrib, tushkunlikka tushadi. Yaʼni dalada biya boqayotgan singlisini, ariq boʻyida tuyoq tozalab oʻtirgan onasini, meshda suv tashiyotgan otasini, zolimlarning qoʻlida xoʻrlanayotgan yolgʻiz farzandi Yodgorni va noilojlikdan Ultontozga turmushga chiqayotgan sevikli yori Barchinoyni koʻrgach, tezda ularni bagʻriga bosgisi, yordam bergisi keladi. Lekin shu kabi vaziyatlarda ham u oʻzidagi izquvarlarga xos qatʼiyat va vazminlikni koʻrsatadi. Haqiqatni yuzaga chiqarish uchun maxfiy ish qilishi kerakligini eslaydi.

Bundan ming yillar avval ham izquvar obrazi va detektiv elementlari mavjud boʻlgan. Izlanishlarimiz davomida detektiv elementlari hattoki mumtoz adabiyotimiz namunalarida ham uchrashini kuzatdik. Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibidagi dostonlarda ham detektiv elementlari uchraydi. “Xamsa” ning toʻrtinchi dostoni boʻlmish “Sabʼai sayyor”da ana shu unsurlardan ham foydalanilganining guvohi boʻldik. Beshinchi iqlim yoʻlidan keltirilgan musofirning “Jobir, Suhayl va Mehr haqidagi dostoni”da Jobir jinoyatchi, Mehr jabrlanuvchi, Suhayl esa izquvar timsolida gavdalantiriladi. Jobir turli hiylalar bilan odamlarni asir etadi, ismi ham “jabrlovchi, zolim” degan maʼnolarni anglatadi. Albatta, Alisher Navoiy detektiv asar yaratishni oʻylamagan. Dunyoda hech bir jinoyat jazosiz qolmasligini aytmoqchi boʻlgan.

Detektiv asarlarda ham koʻplab badiiy asarlardagi kabi uchlik boʻladi. Lekin bu uchlik muhabbat uchburchagi emas, balki jinoyatchi – jabrlanuvchi – izquvar, baʼzi hollarda esa, jabrlanuvchi umuman ishtirok etmaydi va izquvar – jinoyatchi – politsiya xodimlari tarzida harakat olib boriladi. Jobir – Mehr – Suhayl uchligi birinchi turdagi harakatga misol boʻladi. Chunki voqealar Mehrning yashirincha asir olinganidan boshlanadi. Koʻrinib turibdiki, Mehr jabrlanuvchiga aylandi. Suhayl esa taqdir taqozosi bilan adolat oʻrnatuvchi xaloskorga, izquvarga aylandi.

Odatda, izquvar sifatida har xil insonlar: huquqni himoya qilish idoralarida ishlovchilar, yollangan detektivlar, qarindoshlar, doʻstlar, jabrlanuvchining tanishlari, baʼzan esa mutlaqo notanish odamlar olinishi mumkin. Navoiy oʻta ziyraklik bilan Suhaylni ham qarindosh, ham jabrlanuvchining tanishi, ham doʻsti sifatida koʻrsata oldi. Demak, xalq ogʻzaki ijodi bilan bir qatorda, mumtoz asarlarimiz ham oʻzbek milliy detektivining shakllanishida muhim omil boʻlib xizmat qilgan.

Haqiqatan ham, insoniyat yaralibdiki, yaxshilik va ezgulik bilan mushtarak holda yovuzlik, jinoyatchilik kabi illatlar ham mavjud boʻlgan, lekin keyingi davrlardagiday taraqqiy etmagan. Keyingi bosqichda ogʻzaki ijoddagi detektiv unsurlarini A. Qodiriy mahorat bilan yozma ijodga olib kirdi, natijada hali-hanuz olimlarni lol qoldirayotgan ulkan adabiy yodgorlik – “Oʻtkan kunlar” paydo boʻldi. Asarda Homidning jinoyatlarini fosh qilish uchun Otabekning nihoyatda puxtalik bilan harakat qilishi jahon detektiv adabiyotidagi izquvarlarni yodga soladi.

Aynan mana shu asar bilan keyingi detektiv asar yaratilgunga qadar oradan bir necha oʻn yillar oʻtdi.

A. Qodiriydan keyin 60-yillargacha bu yoʻnalishda asar yaratilmadi. 60-yillar boshida oʻsha jimgina dimlanib turgan vulqon portladi, yaʼni Iskandar Qalandarovning “Shohidamas, bargida…” qissasi paydo boʻldi. Bu asarning yangi janrdagi birinchi urinishlardanligi diqqatga sazovor. Muallif oʻz koʻrgan-kechirganlarini, bilgan-eshitganlarini qiziqarli hikoya qiladi, kitobxonlarni militsiya xodimlarining jasorati, oʻz ishiga sadoqatiyu tovlamachilik, qalloblik va yana bir qancha ogʻir jinoyatlarni ochishda qay tarzda ish olib borishlari bilan tanishtiradi. Lekin asarni badiiy jihatdan mukammal asar, deb boʻlmaydi.

70-yillarga kelib, “bu janr oldidagi masʼuliyatni chuqurroq his qilgan” (Y. Solijonov) adiblardan biri Oʻlmas Umarbekovning shunday ruhdagi asarlari janr taraqqiyotiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik eʼtirof etganday, “Oʻlmas Umarbekovni zamonaviy oʻzbek detektiv adabiyotining asoschilaridan biri, deb atash ham oʻrinli. Oʻlmas akaning Qoʻqon teatri sahnasida qoʻyilgan birinchi sahna asarlari – “Sud”, “Yoz yomgʻiri” qissalari zamonaviy detektiv tarzida yozilgan dastlabki asarlardan biri edi”.[3]

Darhaqiqat, Oʻ. Umarbekovning bu kabi asarlari oʻzbek adabiyotida detektiv janrining shakllanishida katta hissa boʻlib qoʻshildi. Adibning “Fotima va Zuhra” romanida ham detektiv unsurlar yetakchilik qilgan. Adib jahon detektiv adabiyoti namunalari qatoriga oʻzbek detektiv izquvar ayoli obrazini olib kirdi. Chunki oʻsha vaqtda jahon detektiv adabiyotida izquvarlar erkak jinsiga mansub boʻlardi. Izquvarlik, fosh etish detektiv asarning birinchi xususiyati ekanligini hisobga olsak, Zuhra hatto militsiya ofitserlari ochishga qiynalayotgan jinoyatlarni fosh etib, bir nechtasini jazolaydi ham. Demak, u – izquvar. Izquvar ayol obrazini yaratishda yozuvchi milliyligimiz chegaralaridan chiqmagan holda ulkan yangilikni amalga oshirgan. Keyinchalik bu janr oldida masʼuliyatni his qilgan yana bir yozuvchi – Tohir Malikning “Shaytanat” asari chinakam oʻzbekona milliy detektiv yaratilganidan darak berdi. Bu asarda detektiv adabiyotga xos xususiyatlarni toʻlaroq koʻrishimiz mumkin, yaʼni Asadbekning hayoti va uning jinoyat olamidagi faoliyati turli ikir-chikirlarigacha yoritib berilgan. Yozuvchi jinoyat olami va undagi sodir etilgan qabihliklarni ochish yoʻlidagi mashaqqatlarni ham tasvirlaydi. Asadbek timsolida muallif, yovuzlikning asl basharasini koʻrsatish bilan birga, ana shu yovuz illatning paydo boʻlishi insonning xohish-istagidan tashqarida, qasddan ham roʻy berishi mumkinligini, bu illatning chuqur ijtimoiy-axloqiy ildizlari mavjudligini yoritib bergan. Asadbek hayot yoʻlidagi jinoyatlarning fosh etilishi jarayonida uning bu yoʻlga kirish sabablari ham ochib berilgan.

Bu yoʻnalishda O. Muxtor, X. Doʻstmuhammad kabi adiblar ham yaxshi asarlar yaratdilar. Ammo bora-bora Y. Solijonov taʼkidlaganidek: “… sarguzasht, detektiv degan nom ostida chiqayotgan “asarlar” juda koʻpayib ketdi. Biroq uchidan ikkitasi bu janr talablariga javob bera olmaydi. Masʼuliyatli yozuvchilar oylar, yillar davomida bir asarni bekamu koʻst yaratsa, “usta” yozuvchilar bunday asarlarni potirlatib yozib tashlamoqdalar”. Soʻnggi vaqtda paydo boʻlayotgan detektivnavislar avval detektiv janr talablarini oʻrganib chiqib, keyin yozsalar, maqsadga muvofiq boʻlardi va yuqoridagi kabi eʼtirozlarga duchor boʻlmasdi.

Xulosa qilib aytganda, oʻzbek adabiyotida detektiv unsurlari qadimdan mavjud, ayniqsa, XX asrda detektivnamo asarlar yaratilishida ijtimoiy-siyosiy tuzum taqiqlari tufayli uning janr tariqasida shakllanishiga jiddiy toʻsiqlar qoʻyilganligiga qaramasdan, ilk tajriba sifatida diqqatga sazovor asarlar paydo boʻldi va oʻzbek detektiv adabiyotida ham badiiy salmogʻi baland, shu bilan birga, bu yoʻnalishdagi talablarga javob beruvchi asarlar yaratish mumkinligi oʻz isbotini topdi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

  1. Alpomish. Sharq. – T.: 1998.
  2. I. Qalandarov. Shohidamas, bargida… OʻZadabiynashr – T.: 1962.
  3. Oʻ. Umarbekov. Tanlangan asarlar. 1–jild. Sharq. – T.: 2002.
  4. T. Malik. Shaytanat. Sharq. – T.: 2006.
  5. T. Malik. Qiyomat qarz. Sharq. – T.: 2007.

 

Zokirjon RAHIMOV,

Muborak TALABOYEVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

 


[1] “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi. 2007  yil,  2-son.

[2] Alpomish. – T.: 1979. – 231-bet.

[3]  Oʻ.Umarbekov.Tanlangan asarlar. Sharq. 1-jild. – T.: 2002. – 11-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/milliy-detektivning-shakllanish-omillari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x