(Sidqiy Xondayliqiy tavalludining 130 yilligiga)
Kesakqoʻrgʻon madrasasini aʼlo darajada imtiyozli tugallab, shu bilim dargohida mudarris domlaning yordamchisi vazifasida olib qolingan mulla Imomali qishlogʻiga tashrif buyurgan edi. Ustozi yoʻqlayotganini eshitib, Mirzohid ota xonadoniga kirib kelganda Hazrat domla tashqi hovlidagi oʻrindiqda xayolchan va tashvishli qiyofada uni kutmoqda edi. Mulla Imomalini bagʻriga bosib koʻrishar ekan, dardchil ohangda darhol maqsadga oʻtdi Mirzohid ota:
– Koʻplarning ishonchu hurmatlarini qozonibman-u, bolalarimga yaxshi ota boʻlolmabman, chirogʻim. Onasi bilan akasi vafotidan keyin Ismoil iningizni sal boʻsh qoʻyib yuboribman shekilli, keyingi ona farzandlarini, ayniqsa Sirojiddinni unchalik chiqishtirmayotgan koʻrinadi. Bunday gaplarni birovlarga aytib boʻlmaydi. Siz farzandlarim qatoridasiz, toʻngʻich oʻgʻlim oʻrnidasiz!.. – hazrat domlaning ovozlari titrab tindi. Mulla Imomali bir soʻz deya olmay, qattiq iztirob va sukut ogʻushida oʻtirardi. Mirzohid ota oʻzini qoʻlga olgach, soʻzida davom etdi. – Bilasiz, Sirojiddin oʻjar, sizdan oʻzgaga koʻnmaydi, chamamda hozir “Qirgʻizquloq”qa yetdi-yov! Mayli, borsin, faqat yaxshi tayyorgarlik koʻrib, duoi fotihamizni olib hamda birodarimiz Shohmuhyiddin Oxund domlaga maktubimizni olib borsalar degandim…
Mulla Imomali shu zahoti Sirojiddinning iziga tushdi. Tezlab yurib koʻrdiki, Sirojiddin “Qirgʻizquloq”dan ham oʻtib ketib, naq Toʻrayskaga yetib qolgan ekan. Bu oʻspirin jussasi kichik va nozik koʻrinsa-da, oʻziga pishiq-puxta, chaqmoqdek chaqnaganlardan edi. Hayajonli shu voqealar Sirojiddin – Sidqiy Xondayliqiy Toshkentdagi Kesakqoʻrgʻon madrasasiga bilim olish uchun joʻnash jarayonida sodir boʻlgandi…
Sirojiddin ibn Mirzohid Oxund – Sidqiy Xondayliqiy Kesakqoʻrgʻon madrasasida olgan bilimi bilan kifoyalanib qolmadi. U Toshkentdagi Koʻkaldosh va Beklarbegi madrasalarida ham tahsil oldi. Shu fursat davomida bir yoʻla Shohmurod kotibga qatnab, husnixatini takomiliga yetkazdi. Ilmga chanqoq qalb, baribir, tinchiy olmasdi. Madrasalar berayotgan bilim doirasi qanoatlantirmagach, mustaqil mutolaaga berildi. Dovrugʻi doston, nomi mashhur xattot Mirzahoshim Xoʻjandiydan husnixatning barcha murakkab usullarini, muhr yasashni, kitoblarga zarvaraqlar va tilla hal ishlashni qunt bilan oʻrgangan paytlarida Sidqiy Xondayliqiy shoirlar davrasida tanilib, oʻz oʻrni va mavqeiga ega boʻlib qolgan edi. Madrasalarning tor doiralarini yorib chiqib ketgan Sirojiddinning ixlosi Hazrat Navoiy, Jomiy kabi namoyandalar ijodlariga gʻoyat balandligidan ularning juda koʻp gʻazallarini yod bilardi.
Xondayliq otligʻ qishloqning bogʻu togʻlarida sayr etib, yoshligida oʻz bilgichi doirasida gʻazallar bitgan, sheʼrlar yozgan Sirojiddin Toshkentda taʼlim olgach, ayniqsa yetuk shoirlar davrasiga qoʻshilgach, oʻzining nazm bobidagi ojiz tomonlarini tezda ilgʻab oladi va badiiy ijodga qizgʻin kirishib ketadi. Shoir oʻzining bu haqdagi samimiy dil izhorida: “Qachonki, ilm oʻqish uchun Toshkentga bordim, olim va shoirlarga ulfat boʻlib, alardan maʼrifat yoʻllarini va sheʼr yozish sirlarini ham oʻrgandim”, deb yozgan edi.
Sirojiddin chin sheʼriyat maydoniga kirgunga qadar ancha adashib yurgani kabi oʻziga taxallus tanlashda ham bir necha nomlarni qoʻllagani maʼlum. 1913 yilga qadar shoir asosan Shavkat, Shevan taxalluslari bilan ijod qildi. Ushbu imzolar bilan yozgan sheʼr va gʻazallarini jamlab, “Tuhfai Shavkat” (1913), “Savgʻoti Shavkat” (1914) kitoblarini nashr ettirdi.
Sheʼriyat maydonida javlon urayotgan, isteʼdodi gʻoyat tez kamol topib, davradoshlaridan har tomonlama oʻzib ketayotgan Sirojiddinning bora-bora dunyoqarashi ham keskin oʻzgara boshladi. Uning ijodida hajviyot alohida bir yoʻl boʻlib ajralib chiqdi. Davr tengsizligi, tuzumning adolatsizliklari avval yumshoqroq yumorlarda, soʻng keskin masalu matallar, sheʼriy qissalarda, nihoyat, oʻtkir satiralarda namoyon boʻla boshladi. Umr inson uchun berilgan noyob imkoniyat ekanligini tushunib yetgan salohiyatli shoir arab va fors tillaridagi durdona asarlarni oʻz ona tiliga tarjima qilish yoʻlida shiddat bilan ishlaydi. Toshkentday azim shaharda hujrama-hujra koʻchib, sarsonu sargardon boʻlib yurgan shoir qalbi shu ogʻir oʻn olti yil (1903–1919) umr davomida hijronga, alam-sitamlarga limmo-lim toʻldi, nohaqliklar, jabru zulmlarni koʻra-koʻra toqati toq boʻldi. Ammo u erkin-emin yurgan qishlogʻiga qaytib ketolmasdi. 1913 yildan soʻng tanlagan taxallusi shu tariqa tugʻildi. Asarlariga “Sidqiy Xondayliqiy” deb imzo cheka boshladi. Bu noyob topilma shoirning hijron dardiga biroz malham qoʻygandek boʻldi. Shundan soʻng shoir mazkur taxallusda umri soʻnggigacha yonib ijod qildi. Ilhomi joʻshib, ona qishlogʻiga bagʻishlab, alohida sheʼr bitgani ham maʼlum. Unda quyidagi singari hayajonli satrlar mavjud edi:
Vatan nadir tuqqon yerim, turgʻon yerim,
Oʻsib-unib oʻynab kulib yurgʻon yerim…
Jonim Vatan, tanim Vatan, koʻzim Vatan,
Esdan chiqar oni koʻrgʻoch koʻrgʻon yerim…
Sidqiy Xondayliqiy, bor-yoʻgʻi ellik yil (1884–1934) umr koʻrdi. Shoir qisqa umr koʻrishini goʻyo avvaldan bilgandek, adabiyotning deyarli barcha qirrasida shiddat bilan qalam tebratardi. Yozgan sheʼrlari, dostonlari, hajviy asarlarini jamlab 1913–1917 yillar davomida toʻqqizta kitob nashr qildirishga muvaffaq boʻldi. Arab va fors tillaridan oʻnga yaqin asarni oʻzbekchalashtirdi. Tarjimachilik bobida Sidqiy bagʻoyat ulkan zahmatlar chekardi-yu, chekinmasdi. Arab va fors tillarini oʻz ona tilidek oʻzlashtirgan isteʼdodli adib, bu imkoniyat juda noyob, oʻzining zoʻr berib ishlashi kerak ekanligini qalb-qalbidan his etib, tarjima ustida uzluksiz qalam tebratardi. Ammo Sidqiy Xondayliqiy tomonidan oʻzbekchalashtirilgan durdona asarlarning qayta nashr qilinmay, sharqshunoslik institutida hamon qolib kelayotgani juda tashvishli holdir…
Sidqiy Xondayliqiy mohir xattot sifatida adabiyotimiz namoyandalarining oʻnlab asarlarini qayta-qayta koʻchirgan, ularni zarhallar, chiroyli bezaklar bilan bezagan, ustozlarga boʻlgan chin ixlos va sadoqatini amalda isbotlagandi. Zero, har bir ijodkor, adabiyotshunos, bu soha mutaxassislari oʻz zimmasida katta bir masʼuliyat – ustozlar mehnatlari mevasini yuzaga chiqarish, xalqqa yetkazish vazifasi borligini unutmasligi kerak. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, arab imlosi bilan yozilgan tarjima asarlarni hozirgi imloda qayta nashr qilish ahvolini ham qoniqarli, deb boʻlmaydi.
Sidqiy Xondayliqiy oʻz imkoniyatini yuqori darajada ishga solganligi uning serqirra ijodida aniq koʻrinadi. Sidqiy – shoir, tarjimon, noshir, xattot. Uning bu jihatlari koʻpchilikka maʼlum; bosilgan yoki bosilmagan va notamom asarlari, tarjimalari va qayta-qayta koʻchirib nashr ettirgan kitoblari haqida koʻplab maʼlumotlar berilgan. Ammo Sidqiy Xondayliqiyning hamon koʻpchilikka nomaʼlum qolib kelayotgan va namunalari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan ijod mahsullari borki, ularni ham kitobxonlar ommasiga yetkazish bu soha mutaxassislarining muhim burchidir. Xususan, Sidqiy tomonidan toʻplangan xalq maqollari, qadimiy oʻzbek soʻzlari lugʻati, shoirlar, xattotlar, turli kishilar bilan yozishmalarini hali-hanuz qoʻl tekkizilmagan xazinalar, deyish mumkin…
Sidqiy Xondayliqiy Toshkentga kelishining dastlabki yillaridayoq uni elga tanitgan, oddiy xalq hurmatiga sazovor etgan, shuning barobarida, oʻz boshiga katta sitam va kulfatlar solgan haqgoʻylik va hajvgoʻyligi shoir ijodida alohida boʻrtib turadi. Bu yoʻl gʻoyat mashaqqatli edi, obrazli qilib aytganda, biron odimni ham sitam chekmay bosib boʻlmasdi. Na iloj, qalb daʼvati shu boʻlgandan keyin shoir bu sohada qalam tebratmay turolmasdi.
Shoirning oʻzi ham “Holati Sidqiy” deb nomlangan tarjimai holida: “Oshiqona gʻazallarim koʻp boʻlsa ham, aksar taʼbim hajviyotga moyil edi”, deb ochiq-oydin yozgan edi. Sidqiy hajviy asarlarini toʻplab, kitob holida ham nashr ettiradi.
Toʻgʻri soʻzni aytishda hatto otangdan tortinma, degan aqidaga amal qiluvchi hamqishlogʻi, qolaversa jigargoʻshasi Sirojiddinning Toshkentga kelganiga koʻp oʻtmasdanoq, qalam “nayzasi”ni qoziyu mingboshi aralash katta-katta amaldorlarga ayovsiz sancha boshlaganligi mulla Imomalini qattiq tashvishga solib qoʻydi. Sirojiddinning shamshirdek oʻtkir satirasi besaranjom qilib qoʻygan qoziyu mingboshilar Toshkent amaldorlari bilan til biriktirishib, shoirni “Sibirgʻa surgun, ovoq turma ichra turgʻun” qilmoqchi boʻldilar. Amaldorlar davrasi ichida ham shoir ijodiga ixlosmandlar borligi bu balolar oldini olishga imkon yaratdi. Toshkentning Sebzor dahasi qozisi Gʻulomxon tayyorlanayotgan fitnadan shoir va uning doʻstlarini ogoh etdi. Vasliy, Abdulla Avloniy, Rizoiy, Xislat, Kamiy, Miskin, Murodxoʻja, Asiriy kabi koʻngilyaqin qadrdonlar maslahatlashib, Sirojiddinni Toshkentdan vaqtincha bosh olib ketishga koʻndirdilar. Shoir tarjima uchun moʻljallagan “Alif laylo”, “Hikoyai latifa” kabi kitoblarni qoʻltiqlab, 1910 yilda andijonlik doʻsti Mirzakarim panohiga yoʻl oldi. Fargʻona vodiysida yurgan kezlarida “Hikoyai latifa”ni toʻliq tarjima qilib Toshkentga joʻnatdi. “Alif laylo” (“Ming bir kecha”)ning esa yarmini oʻzbekchalashtirishga ulgurdi…
Bundan buyon ham indamay yuraverishga mulla Imomalida iloj va toqat yoʻq edi. Mirzohid ota yuz bergan va boʻlayotgan voqealarni sukut saqlab tingladi, chuqur xayolga toldi. Nihoyat, qarshisida bosh egib, faromush holda oʻtirgan mulla Imomaliga yuzlanib, shu bahonada oʻziga ham tasalli bera boshladi:
– Bu – Qodir Ollohning irodasi, boʻtam. Koʻp tashvish chekavermang, sizda ham, bizda ham ayb yoʻq. Sirojiddinning zuvalasi oʻzi shundoq yaratilgan ekan. Oʻgʻlimiz qoʻlimizdan chiqib, xalq farzandiga aylanib ketdi. Endi taqdirida borini koʻraveradi. Ammo biz ham qarab oʻtirmay, qoʻlimizdan kelgan chora-tadbirlarni koʻrmogʻimiz darkor. Ogʻirlik yana sizning zimmangizga tushadi, boʻtam. Bir iloj aylab, Fargʻona sari bormoqqa va Sirojiddinni qaytarib olib kelmoqqa jazm etasiz. Soʻnggi chora sifatida biz uning boshini ikki qilib qoʻyish tadorigini koʻramiz. Shoyad, shundan soʻng oʻgʻlimiz tevaragimizda aylanishib qolsa.
Ham qaynota, ham ustozning bu iltimosini mulla Imomali sira ogʻrinmay qabul etdi va zudlik bilan “vagon”da Fargʻona sari otlandi. Sirojiddin yashab turgan hujraga azonda kirib borgan mulla Imomali boshini xontaxtaga qoʻygancha uxlab qolgan jafokash shoirni va yangigina yozilgan sheʼriy duoi salomni koʻrib, beixtiyor koʻzlari yoshga toʻldi. Mulla Imomali ohista choʻkka tushib, bejirim satrlarga koʻz yugurtirdi:
Gʻurbat ichra, sizdin ey, magʻmumdurmen ayrilib,
Suhbatingizdan ajab mahrumdurmen ayrilib.
Vaslingiz gulzorida chu bulbul erdim nagʻmasanj,
Ushbu kun vayronalarda bumdurmen ayrilib.
Koʻp zamonlardan beri bir qadrdonim san eding,
Sharbati hajring totib masmumdurmen ayrilib.
Hamdamim ham munisim, jonu jahonim san eding,
Bir kishim yoʻq soʻrgʻudek, mazlumdurmen ayrilib.
Borligʻimni istamangiz kim nishonimning mani
Safhai maʼlumdin maʼdumdurmen ayrilib.
Hazratingda erkanimda erdi koʻp qadrim baland,
Emdi sorigʻ rang ila marsumdurmen ayrilib…
“Addoi faqir Sirojiddin maxdum sohibi Shevan. Tahrir oʻlindi, fursat ziq erdi, yaʼni kechasi soat oʻn ikkida erdi. Roʻzi odina uchinchi safarda. Ushbuning javobigʻa mutassardirmen”.
Sheʼrni oʻqib, koʻngli buzilib turgan bir paytda Sirojiddinning koʻzlari ochildi va eng yaqin qadrdonini qoshida koʻrdi. Ular soʻzsiz-sadosiz quchoqlashdilar. Mulla Imomali maqsadini eshitgan shoir chehrasida yana xomushlik pardasi paydo boʻldi.
– Borishim hamono ul qozi dalolati birla meni hibsga olurlar va Sibirga surgun qilurlar, – dedi Sirojiddin gʻamga botib.
– Garchi oʻlimni gapirmoq quvonch boʻlmasa ham, ul zolimning yaqinda tobutga tortilganini sizga aytishim kerak! – dedi mulla Imomali Sirojiddinni yupatib.
– Unday boʻlsa, hoziroq yoʻlga chiqamiz! Yoru birodarlarni, padari buzrukvorimizni yana koʻrar kun bor ekan-da! – dedi shodlanib shoir.
Sirojiddin uylandi. Ammo avvalgilari yetmagandek, buyoqda ham kulfatlar qatorlashib turgan ekan: avval dadasi, keyin umr yoʻldoshi, Omonulla va Fathulkarim ismli oʻgʻlonlari birin-ketin vafot etdilar. Yurak-bagʻri hijron azobida oʻrtanib ketgan Sidqiy Xondayliqiy oʻzini ijod bilan ovuntirdi, madrasalarning hujralarida, Xislatning mehmonxonasida, Chorsuda, Shayxontovurda ijaraga olingan uylarda kechayu kunduz tinimsiz ijod qildi. Lekin baribir, oxir-oqibat katta Toshkent ham unga torlik qilib qoldi… 1919 yil tugʻilgan qishlogʻi yaqinidagi Pargiz degan joyda uy-joy tiklab hayot kechira boshladi.
Beayov oʻlim Sidqiy Xondayliqiyni 1934 yilning kech kuzida olib ketdi. Tavalludiga yuz oʻttiz yil toʻlayotgan shoir xotirasi Mustaqilligimiz sharofati tufayli yil sayin yuksak eʼzoz topib bormoqda.
Asad ASIL
“Sharq yulduzi”, 2014–4
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chaqmoqdek-chaqnagan-hayot/