Inson xotiralar bilan yashaydi. Kun, oy, yil oʻtgan sari uning bolalikda, yoshlikda dil tubiga choʻkkan xotiralari yanada yorqinroq “koʻrinish” berib, tez-tez oʻzini eslatib turadi. Olmon shoiri I. R. Bexer yozganidek, “Sizning begʻam yashashingizga halal bermaydimi xotirot?” Dil tubiga choʻkkan mana shu lahzalarni eslash barobarida inson ulardan xulosa va saboqlar chiqarib, qolgan kunlarini yanada xayrliroq oʻtkazishga harakat qiladi.
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Dil tubiga choʻkkan lahzalar” nomli kitobi[1] mutolaasiga chogʻlanar ekansiz, insonni asl insoniylik sari yuksalishiga koʻmak beruvchi yorqin xotiralar uning kelajak yoʻlini yoritib, yaxshi ishlarga undab turuvchi tamal toshi ekaniga ishonchingiz hosil boʻladi.
Dastlabki lavha “Men aytib turay, sen yoz!”da bir qariya shoirning oldiga kelib, uning xotiralari shunchalik moʻlki, uni bir shoir yozib bermasa, sira boʻlmasligini aytadi. Muallif vaqtlar oʻtib, oʻzida ham bir dunyo goʻzal xotiralar borligi, “ammo men qalbdan kechirgan tuygʻularni kim oʻzimdek bayon qiloladi?” degan andisha bilan qoʻlga qalam olganini eslatadi:
“Inson umrida koʻrgan-kechirganlarini yozib chiqsa, yana bitta umr kerak boʻladi. Oʻylasam, oʻtgan fursat suv bilan oqib ketgan qum ekan. Botmonlab qumdan misqollab oltin olinganidek, hayoting mazmuni boʻlgan, seni inson qilib shakllantirgan, dil tubiga choʻkkan oltin lahzalar boʻlar ekan. Bundoq oltinlarni farzandlarga meros qilib qoldirsa, arziydi. Shu niyat bilan qoʻlga qalam oldim”.
Ushbu oʻziga xos boshlanmadan keyin “Bu dunyoga savolim koʻpdir”, deya amakisiga savol berishdan charchamagan va aksincha, javobida kattalarni charchatgan jumboqlar, muammolar haqida soʻz boradi. Har bir bolaning, insonning dunyo oldida berilajak savollari, koʻpincha, adiblar vositasida yuzaga chiqadi. “Shoir – millatning tili” deganlaridek, “dil tubiga choʻkkan” savollar ijodkorlar qalami bilan roʻyobga chiqadi. Shoir yozganidek, “Endi bilsam, yozganlarim bari bu dunyoga bergan savollarim ekan”. Koʻringanidek, har bir kichik lavhadan ulkan bir xulosa chiqariladi, bu “qissadan hissa” nafaqat ijodkorning daxlsiz dunyosiga tegishli, balki barcha insonlar bahramand boʻlib, ularni yaxshilikka undovchi dil savollari ekanini his qilasiz. Oʻsha yillari aytilgan bir soʻz, bir jumlaning maʼnosini anglashga yillar sarf boʻlganidek, “lekin oʻsha kungi holatning mohiyatini anglash uchun umr kerak boʻladi”.
“Odobli nodon”, “Bolaligim bogʻlari” lavhalarida bolalikning bezavol kunlari, bogʻlar, polizlar, kuzgi hasharlar aro bola koʻnglidagi nozik kechinmalar bayoni davomida biz haqiqatan ham “keksa tut shoxlari 40-yillar bolalari uchun davrning “top-attraksion”, “lyuks restoranlar” vazifasini oʻtaganiga ishonch hosil qilamiz. Bu va keyingi lavhalardan barcha kishilar birdek saboq olarli xulosalar chiqariladiki, bu haqiqatan ham shoirning bagʻrikengligi, oʻziga yomonlik qilgan yoki nooʻrin azob berganlarni ham eslab, ularga nisbatan kin-adovat emas, balki hayotga tatirlik saboq olganini samimiy bayon qiladi: “Uzoq yillar oʻtib bu voqeani eslar ekanman, oʻylasam, mulla akaning duolari ham, qargʻishlari ham ijobat boʻlibdi… Qori aka umringda halovat koʻrma, boshing gʻamdan chiqmasin, deb qargʻagan edi. Umrim halovatsiz kechdi. Na uyquda, na uygʻoqlikda halovat koʻrdim. Ijodiy mehnatning tabiati shunday ekan, men uni baxt deb qabul qildim. Boshimga koʻp gʻamlar tushdi… To tirik ekanman meni bu xil gʻamlar tark etmasin, deb niyat qilaman. Joyingiz jannatda boʻlsin, mulla aka! Men odobli nodonni kechiring. Oʻsha kuni menda gunoh yoʻq edi. Balki, shuning uchun qargʻishlaringiz ham duoyi xayr boʻldi. Qabringiz nurga toʻlsin”. Ulugʻ bir insoniylikni oʻziga jam qilgan bu satrlar qatida “qasos qiyomatga qolmasin” deb oʻch olishga kirishib, oʻziga ham, yaqinlariga ham behalovatlik ulashayotgan gʻaflat bandalariga saboq boʻlarli katta bir hikmat yotibdi.
“Hayotning birinchi zarbasi”, “Bir xatoning iztiroblari” lavhalarini oʻqiganda, muallifning samimiyati, “iztirobli, alamli, ichki isyon bilan toshgan kunlar”da ham “Har baloning dafʼi bor, har zararning nafʼi bor”, deya ulardan hayotiy saboq chiqarib, har mushkulni tafakkur kuchi bilan, yuksak insoniylik qadri bilan hal etayotgan dono adibning hikmatlari sifatida qabul qilamiz. Bu yoʻlda shoir Oybek domladay benazir, oʻziga tuhmat toshini yogʻdirganlarga yordam qoʻlini choʻzgan dono ustozning yoʻriqlaridan saboq olganini yashirmaydi: “Bu voqea men guvoh boʻlgan bir taqdir hikoyasidir. Oybekning oʻzi kechirgan insonni Olloh ham rahmatiga olgan boʻlsin. Ulugʻ adib va ulugʻ inson boʻlgan ustozga esa oʻzi goʻzal sheʼrlarida taʼriflangan bogʻu chamanlar baqo saltanatida nasib etsin… Yana bir tilagim, jamiyat barkamol, hayot maʼnoli va yorugʻ boʻlmogʻi uchun insonlar ichida Oybek kabi oliyjanob, kechirimli qalb egalari koʻproq boʻlsin!”
Novella kabi oʻtkir syujetli, xulosada esa saboq boʻlarli hikmatni oʻzida joylagan bu hayotiy lavhalar badiiy jihatdan barkamol, ularda tesha tegmagan tashbihlar (“Shaftoli gullaganda”), nozik qochirimlar (“Poliglotlar”), yengil yumor (“Sof oʻzbekcha soʻz”), badihona aytilgan (“Bilmaganning bilagʻonligi”) soʻzning quvvatini ifodalovchi talay vositalar borki, bu ulugʻ shoirning hayotdagi har bir kichik voqeadan olgan ulkan maʼnoli topildiqlaridir. F. Dostoyevskiy oʻz shogirdlariga yozgan xatlaridan birida: “Agar koʻzingiz oʻtsa va kuchingiz yetsa, hayotning har bir kichik zarrasida ham Shekspir koʻrmagan, Tolstoy topmagan ulugʻvorlikni topishingiz mumkin. Lekin hamma gap kimning koʻzi oʻtishida va kimning kuchi yetishida”, deb yozgan ekan.
Kitobga kirgan lavhalar insonga ham hayotiy saboqlar beradi, ham badiiylikning betimsol siymolari bilan uchrashtiradi. Shu jihatdan “Shifokor soʻzining qudrati”, “Odam tanish ilmi” xarakterlidir. Ularda nafaqat qissadan hissa chiqarish, balki insoniyatning ulugʻ hakimlari tajribalaridan oziqlanish, ularning pandu hikmatlarini goʻzal va shoirona ifodalash qudrati koʻzga tashlanadi: “Xayolimda buyuk hakimning satrlari aylanardi:
Jahonda qolmadi men bilmagan fan,
Ne mushkul boʻlsa yengdim donish ilan.
Va lekin bu oʻlim otlik tugunni
Yecholmasdan oʻtar boʻldim jahondan.
Alvido, azizim, qadrdonim…”
“Toʻyona”, “Tugatilgan mushoira”, “Berlindan xushxabar” lavhalarida biz oʻzbek adabiyotining Jumaniyoz Jabborov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev kabi siymolari bilan uchrashamiz. Shoirning ular bilan oʻtgan zavqli, betakror kechinmalari taʼsirida oʻsha asarlarga qahramon boʻlgan adib va shoirlar hayotining, feʼlu xarakterining yangi bir jihatlari bilan tanishamiz. Ular oʻrtasidagi mehr-oqibat, samimiy hurmat va ijodiy hamkorlikni hozirgi adiblarimizga ham ilinamiz. Bu hikmatlar zamirida nafaqat biz kabi oddiy kitobxonlar, balki oʻzining amalini “dunyo turgunicha turadi”, deb biladigan vazifalar, isteʼdodli adib va “qilni qirq yoradigan” yosh munaqqidlar ham ibrat olsa arzirli donishmandona pand va adabiy maʼvizalar borligi kitobxonlarni xushnud qiladi.
Moʻjazgina kitobcha ulkan maʼno va badiiyati bilan birga, yuksak noshirlik tajribalari asosida chop qilinganini, ham kirill, ham lotin yozuvi orqali berilib, bu ikki yozuv oʻquvchilariga ham moʻljallangani uning yana ham koʻproq kitobxonlarga yetib borishini taʼminlaydi. Kattayu kichikning dil qulfini ochadigan, hayotning har bir kichik hodisasidan ulkan maʼno chiqarishga yordam beradigan bunday goʻzal pandnoma uchun ulugʻ shoirimizga har doim minnatdorchilikda boʻlamiz.
Hilola BOLTABOYEVA
“Sharq yulduzi”, 2014–4
[1] Vohidov E. Dil tubiga choʻkkan lahzalar. Toshkent: “SHARQ” NMAK Bosh tahririyati, 2013.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yulduzli-lahzalar-qadri/