Vatan asli
Vatan dedim, shu tuproqqa berib bagʻir,
Ildizlarim unga chuqur singib ketgan.
Har gardini koʻzlarimga surtdim, axir,
Bu zaminda, axir, yetti pushtim oʻtgan.
Nomim oʻzbek, Odam Ato naslidanman,
Jayhun, Sayhun orasini tutdim makon.
Kubrolarning zuryodiman, aslida, men,
Vatan uchun janggohlarda berganman jon.
Rumo, Parij, Qohirayu Afinalar,
Kim-kimlarning oshiradi ixlosini.
Kezib, koʻrib bu dunyoda madinalar,
Topolmadim Vatanimning qiyosini.
Ikki olam uzra sening taʼrifing yoʻq,
Yagonam deb, seni suysam, xato boʻlmas.
Kelajaging buguningdan aziz, buyuk,
Koʻnglimdagin aytaversam, ado boʻlmas.
Onam kabi mehribonim, suyanch togʻim,
Kurrai arz ichra tanho, yagonamsan.
Obihayot koʻkartirgan mehr bogʻim,
Oʻzbekiston – taqdirimsan, peshonamsan.
Azizdir bu sahrolarim, togʻu dalam,
Mehnatkash el, qadrdonlar, yor-joʻralar.
Vatan asli, farzandlarim, gulu lolam,
Koʻpayishar yildan-yilga nabiralar.
Vatan dedim, koʻzim ochgan bu qoʻrgʻonni,
Bolalikda unib-oʻsgan keng sayhonni,
Oʻzbekiston, gullar ochgan bogʻ-boʻstonni,
Neki boʻston, balki menga jon-jahonni.
Menga Vatan kindik qonim tomgan makon,
Hovlidagi rayhonlarning ajib boʻyi.
Loysuvoq uy, oʻchoq, tandir, qora qumgʻon,
Vatan asli, meni kutgan ota uyim.
Oʻsha aziz maskanlarni sogʻinaman,
Chopgim kelar koʻchalarga solib suron.
Bu dunyoda bitta senga sigʻinaman,
Onajonim, mehribonim – Oʻzbekiston!
Bolalik armonlari
Bolalikning shoʻxliklari bahorlarda
Zuvillatib chillik oʻynar angorlarda.
Baliq kabi suvda suzib anhorlarda,
Ulgʻayibman mehrlaru ozorlardan.
Bola edim, pishiqqina zuvalasi,
Yugurardim jilgʻalar-la quvalashib.
Koʻkka tutash daraxtlarni koʻzga ilmay
Shoxdan-shoxga sakrar edim hadik bilmay.
Goʻdaklikning iforlari oʻtkir isli,
Onam – bulut, otam – shamol edi misli.
Xayolimni oʻgʻirlama, ay, qizgʻaldoq,
Oʻynashayin quyosh bilan quvlashmachoq.
Vaqt shamoli olis-olis ketdi boshlab,
Endi Surxon bogʻlariga begonamiz.
Yobonlarga bolalikni yetim tashlab,
Suluvlarning tushlarida afsonamiz.
Tomlar uzra yal-yal yongan qizgʻaldogʻim,
Olov kabi lovullagan yoshlik chogʻim.
Bir zum yashnab, ochilib u kulgan lola,
Qumqoʻrgʻonda qolib ketgan oʻsha bola.
Xazonlarni bir-bir bosib aftodahol,
Kuzgi bogʻda tentirayman xazon misol.
Bolalikning shoʻxliklari kelar esga,
“Sevdim” deya, xat bitganim qoʻshni qizga.
Yoshlik – larzon. Sevgi – armon. Umr – hayron,
Meni kutib sargʻaydingmi Surxondaryo?
Qaylardasan, bolaligim, zangor osmon,
Oʻksik koʻnglim ulgʻaytirgan armon dunyo?
Chang tuproqli koʻchalarim tunlar uygʻoq,
Kelarmi deb, yoʻlim poylar necha zamon.
Oʻtmishdagi qaysar bola – pok, begunoh,
Araz ila tutqich bermas menga hamon.
Oy yuzingni
Oy yuzingni koʻrsat oy, desam,
Koʻkda oyga ishora qilding.
Yulduz koʻzing sogʻindim, desam,
Yulduzdayin charaqlab kulding.
Huzurimga chorlasam, kelsang,
Taʼzim etib, enkaysa osmon.
Yanogʻingga xol boʻlib qoʻnsam,
Menda aslo qolmasdi armon.
Dilim etmoq ilinjida sayd,
Qoshlaringni kamon aylading.
Ne berahm jalloddirsan, ayt,
Ahvolimni yomon aylading?
Kuyib ketdim dun gʻavgʻosidan,
Ishq ahliga qayda najot bor?
Sochlaringning tun daryosiga
Choʻksam edi shodu baxtiyor!
Bogʻda gullar aytadi sano,
Koʻrib sening qaddu kamoling.
Soʻzlaringda ne ajib maʼno,
Novvotmidur lablari boling?
Uzoqdaman, sogʻinch na iloj,
Koʻkaylarim tinmay tiladi.
Sen yoqlarga misli qaldirgʻoch,
Uchib-uchib ketgim keladi.
Oshiq dilim
Oshiq dilim ahd qani,
Izlaganim baxt qani,
Yoshlik – tillo taxt qani,
Yurakdagi shaxt qani?
Hey, umrimning karvoni,
Qay tomonga yoʻrtarsan?
Kovlab dilda armonim,
Jonu tanim oʻrtarsan.
Oshiq dilim yarodur,
Umrim ketib borodur.
Quvonchimu gʻamimni,
Haq taqdiri qorodur.
Gul ochilib soʻlguncha,
Bulbulda ishq savdosi.
Jonim qiynadi buncha
Taqdirimning gʻavgʻosi?
Tole izlab bir chimdim,
Kuyib-kuyib boʻldim kul.
Kim edimu boʻldim kim,
Oʻzing ayt, ay, tozagul?
Umrim ketib borodur,
Oshiq dilim yarodur.
Karvoniga yetolmay,
Koʻngil boʻzlab borodur.
Abdumajid AZIM
“Sharq yulduzi”, 2014–6
https://saviya.uz/ijod/nazm/vaqt-shamoli/