Sinov birla sinoatdur

* * *

Mulki borliqqa zamin, suv birla quyosh ehtiyoj,

Bil, safar chogʻi musofirlarga yoʻldosh ehtiyoj.

 

Ahli nochor qilcha mushkulda ojizlik mayl etur,

Sabri yoʻq, yoʻq toqati, bir tomchi koʻzyosh ehtiyoj.

 

Umri foniyda muzaffar boʻlgali inson uchun,

Koʻp emas: sabru qanoat hamda bardosh ehtiyoj.

 

Duch kelur odamga darding aylama oshkor sira,

Ahli oqilga mudom doʻst – bitta sirdosh ehtiyoj.

 

Sen mehr birla muruvvat koʻrsaturga ayla shahd,

Nokasu beiqtidorda otgali tosh ehtiyoj.

 

Befarosatli kishiga amri maʼruf besamar,

Bundayin kaslarga doim gʻalva, avbosh ehtiyoj.

 

Farmono, xulqing goʻzal, bayting goʻzal boʻlsin, ayo,

El sezur nazming aro soʻzga naqqosh ehtiyoj.

 

 

* * *

Xotiri jam kishi umri farogʻatdur,

Farogʻatli umr har bandaga rohatdur.

Vale, rohatda oʻtmaydur butun umring,

Qadamda bir sinov birla sinoatdur.

Sinoat solmasin hayrat shuuringga,

Zakovat va qanoat bunda omaddur.

Yaratgan baxsh etur omadni shavqliga,

Umr maʼnosi gʻayrat va shijoatdur.

Shijoatsiz, ilmsiz kimsa gʻofildur,

Yashab ne ham toparsen, bu jaholatdur.

Jaholatda kechar oning zalolat, bil,

Baqoda yoʻq, fanoda yoʻq, arosatdur.

Arosatkim, bani muslimga xos ermas,

Bani muslimga xos xislat ibodatdur.

Ibodatni mehr, ezgu niyat bilsang,

Barokot ul, sharofat ul, sharofatdur.

Ayo, Farmon, shafoatga erishsang gar,

Yetishgaysan nuri Haqqa – saodatdur.

 

 

* * *

Agar doʻsting erur loqayd

senga hamdam boʻlolmaydi,

U hech hamdard boʻlolmaydi,

ishon, hech ham boʻlolmaydi.

Ne tong, goho koʻngil zebo

sanamlarga havas qilgay,

Biroq, bilki, nikohsiz ul,

senga mahram boʻlolmaydi.

Chiqib oftob gahi kunlar

vujud, tanga huzur bergay,

Vale, aqrab va yo toʻqson

bahor, koʻklam boʻlolmaydi.

Boʻlib dovdir birovning

qalbiga urma kalom tigʻin,

Uzr, avfu nadomatlar

abas, malham boʻlolmaydi.

Izn berma kunokun

ulfatu suhbat, safolarga,

Ziyofat, bazmi jamshid, toʻy,

iydu bayram boʻlolmaydi.

Oʻzin dono qilib koʻrsatsa-da,

nodon kibor birla,

Lavozimda yurar ammo

gʻani, akram boʻlolmaydi.

Mudom Farmon, sadoqat-la

ulugʻ xalqingga qil sajda,

Unutganlar gʻami elni

sira xurram boʻlolmaydi.

 

 

* * *

“Ey qalam, yozsang agar qalbimni yoz”[1]

Qalbdagi tuygʻularim – dardimni yoz.

 

Rost demakka ahd qilib erdim, vale,

Izlama tashbeh goʻzal, ahdimni yoz.

 

Hur Vatan ogʻushida tole nasib,

Benazir, bekam, tugal baxtimni yoz.

 

Xoʻp erishdimki buyuk iqbolga men,

Erkli, hur oʻzbek degan taxtimni yoz.

 

Shu ulugʻ yurtim, elimga jon fido,

Dildagi ezgu niyat, shahdimni yoz.

 

Farmono yolgʻon demakdin or qilur,

Ey qalam, oʻtruk nechun, naqdimni yoz.

 

 

* * *

Koʻngil xilqat, koʻngil asror,

izohi yuzda boʻlgʻaydur,

Soʻzimdin izlamang ishqni,

muhabbat koʻzda boʻlgʻaydur.

Havoyi kimsalar doim

havoyi vaʼdalar bergay,

Oqil, dono uchun joʻja

sanashlar kuzda boʻlgʻaydur.

Pishirsang ne masalliqdin

taom nozik havas birlan,

Aning xushxoʻrligi, taʼmi

bilib qoʻy, tuzda boʻlgʻaydur.

Ibo nozu nazokatlar

zohir sirli qarashlarda,

Samo yogʻdusi oydan, lek

jilo yulduzda boʻlgʻaydur.

Qachon ketgung, qayon borgung,

faqat yolgʻiz oʻzi bilgay,

Neki taqdirga tushgay ul,

ayo, rizq-roʻzda boʻlgʻaydur.

 

Farmon TOSHYeV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

[1] Oʻlmas Jamol satri.

 

https://saviya.uz/ijod/nazm/sinov-birla-sinoatdur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x