Bobosi bilan nevarasi

Oyoqlariga qizil botinka, ustiga koʻk ishton-koʻylak, boshiga eski ola doʻppi kiyib olgan uch yashar nevara, hammadan oldin oʻrnidan turib, ayvonga chiqadi. Dasturxon atrofida oʻtirganlar unga parvo ham qilmaydilar. U dahlizda birpas tik turadi. Toʻgʻridan qaraganda xuddi vaqtincha oʻrnatib qoʻyilgandek koʻrinadigan katta-katta quloqlarini koʻrganlar nevarani togʻasiga oʻxshatadilar. Quralay koʻzlarini, bir oz yapasqidan kelgan burnini, keng va doʻng, hali gʻam nimaligini bilmagan yaltiroq peshonasini koʻrganlar esa uni otasiga oʻxshatadilar.

Nevara zinapoyadan avaylab tushadi. Orqasiga bir qarab qoʻyadi. Mayda-mayda qadamlar bilan hovli eshigi oldidagi mototsiklning yoniga borib turadi. Esida bor, otasi bilan mana shu muloyim oʻrindiqqa oʻtirgan, oʻshanda bu mototsikl degani qattiq ovoz chiqarib yurib ketgan, nevara qoʻrqqanidan otasini mahkam quchoqlab, koʻzlarini yumib olgan edi. Mana, u bugun ham mototsiklga minadi, oʻzining minmoqchi ekanligini bildirish uchun orqa oʻrindiqqa qoʻlini tekkizib turadi. Hademay otasi ham keladi, soʻraydi:

 – Yoʻl boʻlsin?

 – Men ham boraman.

 – Qayoqqa?

 – Ishga.

 – Ha-a. Direktorimiz kecha pedsovetda seni soʻrayotgan edi, nega ishga kelmayapti, deb, – deydi otasi hazillashib.

Nevara otasi ayttan soʻzlarga deyarli tushunmaydi. Hatto ayrim soʻzlarni birinchi eshitishi. Ammo shunday bir narsani payqab qoladiki, kimdir: xolasimi, ammasimi uni kelsin debdi. Boradi, boradi.

Shu payt otasi bir narsani tepadi, pat-patlagan tovush chiqadi. Nevara bir choʻchib tushib, kipriklarini pirpiratadi.

Agar olib ketmasangiz, yigʻlayman, degandek, lablarini buradi, yelkasini silkib, boraman, deydi. Otasi parvo qilmay ketadi. Pat-patning orqasidan tutun chiqadi, nevara tutun ichida qoladi. Ana endi, u yerga agʻanab, alamidan chiqquncha yigʻlamoqchi boʻladi. Ammo… bobosi yomon. Yumshoq tuproqqa agʻanab, mazza qilib yigʻlab olishga qoʻymaydi. Nevarasini qoʻlidan yetaklab ichkari olib kirib ketadi. Har qalay yomon boʻlsa ham oʻzi bilgan odamlar ichida bobosini yaxshi koʻradi. Shu daqiqadan boshlab bobosini avvalgiga qaraganda ham koʻproq yaxshi koʻradi. Sababki, bobosi hozirgina unga tokchadan shokolad olib berdi.

Nevarasining koʻngli nimanidir istaydi. Bir kuni bobosi uni qayergadir olib borgan, u yerda katta-katta uylar bor, odamlar koʻp ekan, koʻchalarda olma, bodringlarni odamlar hammaga koʻrsatib oʻtirar ekan. Oʻshanda bobosi unga shirin suv olib bergan edi. Nevarasi hali-hali eslab lablarini yalab qoʻyadi. U hozir, yana shu yerga olib boring degisi keladi, lekin aytolmaydi, qayerga borganini oʻzi ham bilmaydi. Bobosining tizzasiga oʻtirib olib xarxasha qiladi.

 – Jim oʻtir, jim. Qara, anavuni qara. Eh-he, bolalarni qara, – deydi bobosi burchaqda turgan televizorga ishora qilib.

Nevarasi bu yarmi shisha katta qutining televizor deb atalishini yaqindagina bildi. Ammo haligacha uning nomini aytolmaydi. Bobosi televizorda qiziq tomosha koʻrib kulib yuboradi. Nevarasi nima gapligini payqasa-da, bobosiga qoʻshilib kuladi. U tomoshaga qarab oʻtirib, hayron boʻladi: buncha koʻp odamlar qanday qilib shu kichkina qutining ichiga sigʻadi?..

 – Bobo, bu odamlar qayerda?

 – Televizorning ichida-da, ulim.

 – Shuning ichida uyi ham bormi?

 – Bor, ulim, bor. Hammasi bor.

 – Ularning shokoladiyam bormi?

Mittigina nevarasi oʻzicha, kishilar uchun eng shirin va kerakli narsa shokolad deb biladi. Shuning uchun hamma narsani avvalo shokoladga taqqoslab koʻradi. Nevarasining savoli javobsiz qoladi, televizorda hech narsa koʻrinmay qolgani uchun bobosi uni oʻchirib qoʻyib, hovliga chiqib ketadi. Nevarasi qoʻli bilan devorga suyanib oʻrnidan turadi. Koʻrsatkich barmogʻini ogʻziga tiqib, boshini chapga sal qiyshaytirib, televizorga birpas qarab turadi. Soʻng asta-asta kelib, televizorning orqasidan ichiga qaraydi – yoʻq. Chakkasini televizor yoniga tekkizib quloq soladi – yoʻq. Haligi odamlar yoʻq. Hozirgina shuning ichida edi… Qayoqqa ketdi ular?..

U hayron boʻlib, uy ichiga nazar soladi. Pechka oldida turgan kichkina mashinasini koʻrib qoladi. Mashina oldiga boradi. Shu yerda turgan singlisining qoʻgʻirchoq qizini oyogʻidan sudrab kelib mashina ustiga oʻtirgʻizadi. Mashinaning uzun iplaridan sudrab hovliga chiqadi, chekkaroqda bir nimalar qilib oʻtirgan bobosiga qaraydi. Bobosi deraza yasayapti. Oldida ustalar uchun kerakli asboblar, har xil hajmdagi yogʻochlar sochilib yotibdi. Vaqt-vaqti bilan yogʻochga chizadi-da, soʻngra kichkina qalamini qulogʻi ustiga qistirib qoʻyadi. Buni koʻrgan nevarasi zavq bilan kuladi va oʻzi ham shunday qilish uchun qalam qidiradi, biroq topolmaydi. Mashinasini sudrab daraxtlar orasiga qarab ketadi.

Bobosi koʻz ostidan nevarasiga qarab qoʻyadi. Yana ishini davom ettiradi. Bobosi pensiyaga chiqqaniga ikki oycha boʻldi. Hukumat uni taqdirladi. U pensiyaga chiqmasdan oldin qachon pensiyaga chiqib mundoq dam olarkanman, deb oʻylardi. Ish deganlari jonimgayam tegdi, deb qoʻyardi. Mana, orzusiga yetdi. Ammo oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Nima ish qilishini bilmaydi. Ishlab oʻrgangan odam – hadeb yotavergisi kelmaydi. Hovlini kuzatib, koʻziga yomon koʻringan narsalarni – devorning koʻchgan joylarini, buzilgan derazalarni, eshiklarni tuzatadi. Toklarning uchini kesadi. Xullas, hovlidagi beoʻxshov narsalarni oʻxshatmasa koʻngli orom olmaydi. Bobosi, “Manavi Ismoil… E tavba-e, qirq yil Sovet hukumatiga xizmat qilib, minglab odamlar bilan til topishdimu, ikki oydan buyon shu tirmizak bilan kelisha olmayman-a!..”

Bugun ikki kundirki, bobosi tovuq katagiga eshik tayyorlaydi. U qoʻlidagi yogʻochni qarichlab koʻradi, adashib ketadi. Yana qarichlab, bu safar qalam bilan boplab belgi qoʻyadi. Kesmoq uchun arrani oladi. Bobosi: “Bekor pensiyaga chiqibman. Ishdaligimda kuniga kamida oʻn kishi meni soʻrab turardi. Endi esa hech kimning men bilan ishi yoʻq”. Bobosi yana koʻp narsalarni oʻylaydi… Nevarasining daraxtlar tarafga oʻtib ketganini eslaydi, xabar oladi. Xotirjam boʻlib, ishini davom ettiradi. Nevarasiga achinadi: “Bunga kiyin. Birga oʻynaydigan bolalar yoʻq. Uydagilar meniyam tashlab ketadi, uniyam tashlab ketadi. Ye ikkalang birga oʻynayver, deganlarimikan bu… Yoʻgʻ-ye…”

Doʻmboqqina nevarasi oʻyindan zerikadi. Mashinasini sudrab kelayotib, tovuq katagiga qarab, ichida tovuq borligini koʻradi. Chap oyogʻini yerga tap etib urib “kisht”, deydi. Tovuq shunda ham indamay yotaveradi. Nevarasi: “Hamma tovuqlar hovlida oʻynab yuribdi, bu tovuq nega bir oʻzi oʻtiribdi ekan?..”

Qoʻgʻirchoq qizning qoʻlini sugʻurib olib tovuqqa otmoqchi boʻladi, lekin ololmaydi. Yerdan mayda tosh olib otadi, tovuq qoqoqlab katakdan chiqib ketadi. Nevarasi tovuq yotgan joyda oppoq tuxum turganini koʻradi. Qoʻlini uzatadi, yetmaydi. Urmalab katakning ichiga kirib ketadi. Tuxumni mashinasiga solib, bobosining oldiga oboradi.

 – Bobo, tovuq tugʻdi, mana.

 – Yaxshi boʻpti.

 – Tuxumi issiq ekan.

Bobosi va nevarasi qoʻl ushlashib tok vayishi ostiga boradilar. Jajjigina nevarasi tokda osilib turgan uzumlarga qaraydi. Oʻz qoʻllari bilan olib yemoqchi boʻladi. Xuddi bobosidek qoʻlini uzumlarga choʻzadi. Eh-he, hali juda uzoq, juda…

Bobosi nevarasiga boqib, beixtiyor oʻzining bolaligini eslaydi… Koʻnglida nevarasiga nimadir… nimadir paydo boʻldi… Nevarasining begʻubor peshonasi va tiniq yuzlariga uzoq boqib qoladi…

 

Togʻay MUROD

https://saviya.uz/ijod/nasr/bobosi-bilan-nevarasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x