Galaosiyo shahrida Omon aka Zaripov degan maʼrifat fidoyisi yashaydi. Uning qariyb ellik yildan beri koʻz qorachigʻidek avaylab kelayotgan shaxsiy kutubxonasida oʻn besh mingdan ziyod kitob jamlangan. Bu ulugʻvor dargohga qadam bosgan inson yuzlab ijodkorlar ruhlari bilan yuzma-yuz boʻladi, minglab adabiyot va sanʼat fidoyilari bilan ajib suhbatlar quradi… Ushbu bitiklarimni kitobni chin ziyo bilgan ana shu qalbi ulugʻ insonga bagʻishlayman.
…Bugun erta tongdan ishim yurishmadi. Negadir koʻnglim yorishmas, yarim tunda allaqanday gʻalati tush taʼsirida ruhimga ilashgan gʻashlik tarqamas edi: zim-ziyo sahroda yolgʻiz telbalanib yurar, harchand urinmay, ovozim chiqmas, yuragimda vulqon kabi toʻlib-toshgan vahima va hayajonni butun ovozimga jo qilib, sahroga sochib yubormoqchi boʻlar ekanman-u, biroq oyoq-qoʻlimga solingan koʻrinmas tushov va boʻynimga oʻralib olgan bahaybat ilon asiriga aylanib, ilgarilashga ham, ovoz chiqarishga ham imkon topa olmas emishman. “Gapirma, gapirma!” – vahima solar ekan xunuk hoʻmraygan sahro. “Oʻylama, oʻylama!” – unga joʻr boʻlib oʻkirar ekan bahaybat toʻzon. “Sukunat bagʻriga kir! Uxla, uxla!” – sirli ohangda shivirlar ekan yalmogʻiz tun…
Yuragim koʻksimdan otilib chiqqudek boʻlib uygʻonib ketdim. Kiyimlarimni shalabbo qilgan sovuq ter toʻshakka mixlab qoʻygan kabi anchagacha qoʻzgʻala olmay yotdim. Qoʻrqinchli tush taʼsirida koʻnglimga ilashgan gʻashlik koʻlankasi butun xonani oʻz domiga tortayotgan edi goʻyo…
Yangi kunning bu tariqa ogʻir boshlanishi kutilmagan dilxiraliklardan nishona edimi, bir oz irimchiroqmanmi, xullas, kun boʻyi qadamim oʻnglanmay, oʻzimda boʻlmay yurdim. Ishxonada kimga zahar sochib, kimning koʻnglini xufton qilib, yarim kunim oʻtdi. Nihoyat, koʻp yillik qadrdon muharrir ogʻamiz meni asta chetga tortdi: “Shoirjon, dam olishingiz kerak. Asablaringiz charchagan. Maslahatim – bozorga chiqing. Asabingiz tinchlanadi!” Istar-istamas, bozorga joʻnadim: “Hech ermak topolmasam, chakana bozorda savdo qiladigan doʻstim bilan suhbatlashib qaytarman…”
Doʻstim doʻkonini tambalab, yoʻl tadorigini koʻrayotgan ekan. Meni koʻrib, yayrab ketdi. “Qaynonang suyar ekan, joʻra! Bugun ulfatlarga osh berayotgan edim. Davramizga qoʻshilasan”. Ortiqcha qaysarlanib oʻtirmadim. Doʻstlar davrasida koʻnglimdagi gʻashlik tarqalar, deya umidlandim…
Doʻstimning ulfatlari dunyoqarashi turfa odamlar ekan. Gapimiz qovushmadi. Qovoq-tumshugʻim ularga yoqmadi. Davraning odatiy yoʻsiniga tusholmay halak edim. Ulfatlar esa boʻsh kelishmadi: shishalar boʻshagani sari ogʻizlari gapga toʻlaverdi.
– Bu kishini shoir dedingmi? – toʻsatdan soʻz qotdi ulfatlardan biri – olifta kiyingan yigit – doʻstimning yelkasiga shapatilab. Keyin menga oʻgirilib tirjaydi: – Sheʼr eshitaylik, boʻlmasa. Yo bizni sheʼrxonlari qatoriga munosib koʻrmaydilarmi?
– Sheʼrni nima qilasiz? Sheʼr bir dardisar-da, – dedim vaziyatdan oson qutulishni oʻylab.
– Bizga shu dardisari yoqadi-da. Ayniqsa, jononlarni dardisar qilish haqidagilari, – suhbatga qoʻshildi ikkinchi ulfat.
Boshqalar ham uning gapini maʼqullab, qahqaha otishdi. Ulfatlariga qoʻpollik qilsam, doʻstimning ranjishini oʻylab, nochor yon berdim:
– Unaqa sheʼrlarim-ku yoʻq. Lekin ota-ona haqida aytishim mumkin.
– Mayli, boshlanishiga buyam boʻladi, – koʻzini suzdi olifta ulfat, – zakuskasiga jononlar haqidagisini aytasiz.
Sheʼrlarim xotiramda turmas edi. Toʻgʻri kelgan birini chala-chulpa ayta ketdim:
Mening olti opam bordir,
Toʻrttagina akam bordir –
Oʻn bitta jonmiz-da axir,
Chap koʻksimda yaram bordir.
Maning tillo onaginam,
Maning tillo otaginam…
Sheʼrni tugatib ulgurmasimdan davradagilar hingir-hingir kula boshlashdi. Yuziga jiddiy tus berib oʻtirgan olifta ulfat oʻzini kulgidan tiyish uchun labining chetini tishlar ekan, samimiyatini namoyish etishga chogʻlangan kabi yaqinimga surildi:
– Rostdan ham koʻksingizda yara bormi? Qani, bir koʻrsating…
Ulfatlar baralla kulib yuborishdi. Yemakxonadagi boshqa mijozlarning hayrat aralash gʻazab toʻla nigohi biz oʻtirgan burchakka qadaldi: “Biri sheʼr oʻqiydi. Qolganlari masxara qiladi. Jinnimi bular?!”
– Ogʻir boʻlinglar. Eslaring joyidami senlarning? – tagʻin ovoziga zoʻr berdi olifta. – Bu kishi katta shoir, axir…
Miyam karaxt boʻlib qoldi. Oʻng qoʻlimga qulay turgan boʻsh shishani changalladim. Gʻazab va nafratimni yolgʻiz oʻqqa aylantirib, uning naq koʻksiga qadamoqchi boʻldim:
– Umringizda kitob oʻqiganmisiz?
Ulfatlar tagʻin xoxolashdi. Olifta ularga bir oʻqrayib, damlarini oʻchirgach, xunuk iljaydi:
– Oʻqimaganman. Agar oʻqiganning bittasi siz boʻlsangiz, oʻqimoqchi ham emasman!
Yuragim qalqib ketdi. Ammo sir boy bermay, tagʻin zahar sochdim:
– Men bir odamni bilaman. Uyida oʻn besh mingta kitobi bor. Siznikida nechta kitob bor?
Olifta ham boʻsh kelmadi:
– Oʻsha odamingiz dunyoni bilmas ekan. Undan koʻra oʻn besh ming koʻkidan yigʻsa boʻlmaydimi?! Mening kitobga muhtojligim yoʻq. Kitobsiz ham kunim oʻtadi!
Ensam qotdi. Qaysarlangandan qaysarlandim. Uning koʻziga tik qarab, ohista pichirladim:
– Nega kuni boʻyi koʻnglim gʻashlanib yurganini endi angladim: bugun bir satr ham kitob oʻqimabman.
Olifta oʻzini zoʻrlab xoxoladi. Ulfatlari unga joʻr boʻlgancha, doʻstimga maʼnoli qarashdi: “Tappa-tayyor jinni ekan-ku, bu shoir joʻrang”.
Men ham kuldim. Yuragimni changallagancha kuldim, oʻzimni majburlagancha kuldim. Koʻksimni shalabbo qilayotgan koʻz yoshlarimni sezib qolmasliklari uchun kuldim, kulaverdim… Yuragimning tub-tubiga ogʻir tosh choʻkdi: “Nima uchun?!”
***
Omon aka! Hech bolalar uyiga borganmisiz? Agar borgan boʻlsangiz, u yerda kattalarniki kabi oʻychan koʻzlarida allaqanday mung qotib qolgan, tiriklik zarbalarini bizdan-da ortiqroq tatib ulgurgan fojiali taqdir sohiblarini koʻrgansiz, albatta. Salga koʻnglim boʻshab, diydam yumshashidan noqulaylik sezarmidim yoki odam bolasi gʻussadan qochib, gʻamni chetlab yashashga botinan moyil boʻlar ekanmi, men bunday uchrashuvlardan oʻzimni chetga tortib yurardim. Ammo xizmatchilik ekan. Bir necha hamkasb shahardagi Bolalar uyiga – rahbariyat farmoyishi bilan bayram hadyalarini topshirish uchun bordik. Muassasa masʼullari ilk muchal yoshini nishonlayotgan bolajonlarga bahoriy liboslar – qiz bolalarga oq harir koʻylak va zardoʻzi doʻppilar, oʻgʻil bolalarga kostyum-shim va oyoq kiyimlar olib berishni iltimos qilishgan ekan.
Olib borayotgan tuhfalarimiz bolajonlarni xursand qilishiga ishonganim bois bu safar ular panoh topgan maskanga dadil yoʻl oldim. Ularning quvonchga toʻlib, bizga mehr ila boqishlarini koʻz oldimga keltirar, xayrli ishga sherik boʻlayotganim bois ruhim yengil tortgan edi. Afsus, quvonchimiz uzoqqa choʻzilmadi. Ikki qizaloqqa biz xarid qilgan kiyimlar, tarbiyachi-opalari harchand urinishmasin, loyiq kelmadi. Qizaloqlar juda ham nozik, nimjon, bunday oʻlchamdagi kiyimlarni kiyishlari uchun yana ikki-uch yosh ulgʻayishlari kerak edi goʻyo. Ular juda xafa boʻlishdi. Munchoq koʻzlaridan toʻkilgan yoshlarni tarbiyachi opalaridan yashirishga urinishar, biroq bilinar-bilinmas titrayotgan yelkalari mitti jussalariga iztirob suratini chizib ulgurgan edi. Ularning kayfiyati kiyimlar loyiq kelgan sheriklariga ham yuqdi: yigʻilar joʻrovoz boʻldi. Chidab turolmadim, boʻgʻzimga tiqilgan faryoddan vujudim qaqshab, tashqariga otildim… “Kelmayman bundan keyin bunaqa joylarga, – malomat qildim hamrohlarimga. – Meni sudramasalaring boʻlardi”. Hamrohlarimning holati ham menikidan yaxshi emasdi: sassiz bosh egishdi.
Bir necha kun ezib yurdi meni oʻsha jonsoʻz manzara. Alamimni sheʼrdan oldim. Toʻlib-toʻlib yozdim, yigʻlab-yigʻlab yozdim:
Doʻppi olib borgan edim toʻyingizga,
Oq koʻylaklar buncha uzun boʻyingizga.
Oʻn uch yoshda yuzingizda ajin koʻrdim –
Tushunganday boʻldim ogʻir oʻyingizga.
Tor ayvonda oʻsmay qolgan lolalarim,
Onalari tashlab ketgan bolalarim.
Bagʻrikeng bir millatmisiz, keldim shoshib,
Mehr bilan koʻrishdingiz achomlashib.
Maʼyusgina xoʻrsinasiz yupanch izlab,
Vallomatlar ne koʻribdi togʻdan oshib?…
Hayron boʻlmang – koʻrib koʻzda jolalarim,
Otalari tashlab ketgan bolalarim…
Lekin koʻnglim toʻlmadi. Yuragimning titrogʻi pasaymadi, ruhimning qiynogʻi ozaymadi. Oʻylab, oʻyimning soʻngiga yeta olmadim: bu bolalarning ota-onalari ne sabab bunday zabun ahvolga tushdilar? Oʻz jigarbandingni bagʻringdan yulib otish shunchalik osonmi? Axir bu – tuxumdan endigina chiqayotgan, yorugʻ dunyo koʻzini qamashtirib, ojiz talpinayotgan polaponni iflos oyoqlar-la toptash, ezgʻilash bilan barobar emasmi? Bu qabih jinoyatning rangin qanotlari Quyosh nurida yaltirab, koʻnglingga ajib rohat baxsh etayotgan kapalak qanotlarini yulib otish, pajmurda tanasini loyga qorishdan ne farqi bor?!… Koʻksimga avvalgidan-da ogʻirroq yana bir tosh choʻkdi: “Nega?!!”
* * *
Omon aka! Bilaman, Siz kitoblaringizni juda yaxshi koʻrasiz. Kutubxonangizga tongda kirsangiz, kech botganda ham undan chiqishingiz mushkul: fikrlar ummoniga gʻarq boʻlasiz, butun umrini soʻz sanʼati ravnaqiga, odamiyat qaygʻusiga baxshida etgan ulugʻ adiblar dastxatlari bagʻriga shoʻngʻib, adabiyot va abadiyat haqida oʻy surasiz. Dunyoda kitoblar borligiga, adabiyot borligiga shukronalar aytib, taskin topasiz, koʻnglingiz yayraydi.
Birovga kitob berib yuborsangiz, olib keladigan muddati kelguncha yegan-ichganingiz tatimaydi. Maboda omonatga xiyonat qilib, kitobingizni qaytarmasa, qadrdonidan judo boʻlib qolgan odam kabi qaygʻuga choʻmasiz, kunlaringiz tundan, tunlaringiz zimistondan farq etmay qoladi. Ammo mening katta momom kitobni yomon koʻrgan ekanlar…
Yoʻq, yoʻq, yomon koʻrganlar emas, kitobdan qoʻrqqan ekanlar. Ogʻalarim kitob qoʻltiqlab, momomning eshik-derazalari darichali, tanchali xonasiga kirganlarida, momom kitobga koʻzlari tushishi bilan dagʻ-dagʻ qaltirab, tancha burchagiga tiqilar ekanlar. “Jon, bolam, balongni olay! Kitobingni koʻzimdan yoʻqot, bolaginam. Undan koʻra kampir momongni zambarakning oʻqiga roʻbaroʻ qil, bolajonim”, – faryod urar ekanlar shoʻrlik momom.
Gap shundaki, olimu ulamolarga yalpi hujum boshlangan yillari uyidan bir sandiq kitob chiqqan katta bobomni hukumat odamlari olib ketgan, bobom shu ketganlaricha qaytib kelmagan ekanlar. Oʻshandan soʻng momom kitobni koʻrsalar, tutqanoq tutgan kabi hushdan ketib qoladigan, hushlariga kelgach, ikki-uch kun bobomdan qolgan eski-tuski kiyimlarga gapirib, kalishlarini tozalab, telbalanib yuradigan boʻlib qolgan ekanlar.
Men katta momomning dardini yaxshi tushunaman. Har gal u kishi haqidagi taʼsirli hikoyalarni eshitganimda, navqiron yoshida – ijodi gullab-yashnagan, toʻlib-toʻlib, gurillab-gurillab yozadigan ayni yigirma besh yoshida “xalq dushmani” deya olib ketilgan Usmon Nosirning onaizori koʻz oldimga keladi. Shoirning xastadil onasi ham momom kabi kitobdan qoʻrqadigan boʻlib qolgan boʻlsa, ajab emas. Shoirning kitoblarini varaqlaganimda, har bir sheʼri bagʻridan farzandi hajrida yosh toʻkaverib, aftoda holga tushib qolgan munis onaning faryodini eshitgandek boʻlaveraman: “Kitob yozmay ketarding, bolam…”
Dunyoda oʻzligini unutgan, imonini yutgan odamdan xunukroq va xavfliroq jonzot yoʻq. Har gal shu haqida oʻylaganimda, Mirkomilboyning oʻlimi haqidagi rivoyat yodimga tushadi: maʼrifatli va elparvar boy sifatida shuhrat qozongan Mirkomil yalovbardorlar tomonidan qatlga hukm qilinadi. Qatl kuni boy oldindan qazilgan oʻra – qabr oldiga borgach, oʻzini qoʻriqlab kelayotgan askarlardan ikki rakat namoz oʻqish uchun ijozat soʻrabdi. Askarlarning yoshi kattasi boyning oʻlim oldi iltijosini inobatga olibdi. Boy tayammum qilgach, belbogʻini yozib takbir boshlabdi: “Allohu akbar, Allohu akbar…” Shu payt varanglagan oʻq ovozi eshitilib, ikki kuragi oʻrtasiga sanchilgan oʻtli temir zarbidan keskin qalqib ketgan Mirkomilboy ilkis ortiga oʻgirilar ekan, oʻqni nishonga tekkizganidan xursand askarchaning bir boyga, bir ogʻasiga qaragancha tirjayayotganiga koʻzi tushibdi. “Yo Alloh! Bu nima koʻrgulik?” oʻraga qulayotib pichirlabdi boyning jon tark etayotgan lablari. “Bu bola kitob oʻqiganmi oʻzi?” – hayratdan yoqa ushlabdi yoshi kattaroq askar…
Millat fidoyilari boshiga tushgan bu kabi fojialarning qay biri haqida soʻzlay, Omon aka? Qutayba zulmidan qon qaqshagan bobolarim haqidami? Yonayotgan sevimli kutubxonasi atrofidan faryod urib aylangan Ibn Sino haqidami? Manfur moʻgʻul askari qilichidan jon taslim qilgan Najmiddin Kubro haqidami?
Siz bilan diydorlashgach, koʻksimga ogʻir tosh yangligʻ choʻkkan bu kabi jonoʻrtar savollarning ancha-munchasiga javob topganday boʻldim.
Ha, momolarimning birini yostiqdoshidan, birini jonajon farzandidan, birini padari buzrukvoridan judo qilgan bosqinchilar dunyoda kitobdan qudratliroq qurol yoʻqligini juda yaxshi bilishgan. “Ularning qoʻlidan kitobini tortib olishimiz kerak! Shunda, ularning yerini oʻzimizniki qilish muammo boʻlmay qoladi”, – degan ularning ayyor yoʻlboshchisi. Uning kallakesarlari butun oʻlka boʻylab izgʻib, kitob qidirishgan, kitobxon qidirishgan. Kitob topishsa – yoqib yuborishgan, kitobxon topishsa – oʻqqa tutishgan.
Kitobsiz qolgan el botirlarining yuragi darz ketadi, shotirlarining kuni tugʻadi. Boʻzsuv boʻyidagi Shahidlar xiyobonida bir-birining koʻksiga bosh qoʻyib, mangu uyquga ketgan Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon kabi yuzlab bobolarimiz ana shunday shotirchalar siyosat maydoniga chiqqan muhit qurbonlari emasmi, axir?! Doʻstimning ziyofatida mening ustimdan kulgan, men-ku mayli, sheʼrimni mazax qilgan, osmonga oʻdagʻaylab, yerni tepkilab topgan davlatini kitobdan avlo bilgan noravolarning otasining koʻksiga xanjar urgan oʻsha shotirchalardan, ogʻasini “dogʻda qoldirib”, Mirkomilboyni nishonga olgan befahm askarchadan nima farqi bor?!
Bolalar uyidagi murgʻak qalblarning gʻaribdan gʻarib ota-onalari esa kitobning koʻchasidan oʻtmagan nokaslardir. Ularning uylarida hatto bittagina kitob yoʻq. Axir uyidan oʻz farzandiga joy bermagan nokas kitobga joy berarmidi?! Farzandning shirin tashvishini yelkalay olmagan nomard kitobning zalvarli yukini koʻtara olarmidi?!
Tarix kitoblarini titkilasangiz, ana shu nokaslarning boboyu bobokalonlari Qutaybaga malaylik qilgan, Ibn Sino suygan kutubxonaga oʻt qoʻygan, Chingizxon oyogʻi ostiga poyandoz yoygan boʻlib chiqadi. Dinu diyonat koʻksiga pichoq sanchganlar, hayo pardasini yirtganlar, nomus qilichini sindirganlar, alqissa, kitobdan begonalar xiyonatga esh, iblisga hamqadam boʻladilar. Afsuski, bu – hamma zamon va makonlarning birdek ogʻir qaygʻusi.
Ha, men kitobsiz – zulmat kunlar jabrini tortgan momomning dardini juda yaxshi tushunaman…
***
Men qogʻozni ortiq qiynamaslikka ont ichgan edim. Dunyoda Ulugʻ Kitobdek bezavol qudrat bor ekan, oʻzga kitoblarga hech bir ehtiyoj yoʻq, deya oʻzimni ishontirgan edim. Ulugʻ Kitob odamlarga qarab emas, odamlar Ulugʻ Kitobga qarab yursalar, soʻzga oshnolarni isteʼfoga chiqarib, biriga bogʻbonlik, biriga gulchilik, biriga voizlik, yana biriga muallimlik vazifasini yuklasa ham boʻlaveradi, deya xayol surar edim… Men notoʻgʻri oʻylagan ekanman. Odamzod kitobdan qochgani sari – baxtu saodat ham undan qochaverar ekan. Molu dunyo kelaverar ekan-u, rohat-farogʻat ketaverar ekan…
Men qoʻrqdim, juda ham qoʻrqdim. Kitobdan qochganlar qatorida boʻlmay deb qoʻrqdim, maʼrifatga musht oʻqtalganlar safida qolmay deb vahimaga tushdim. Shu tariqa yashayversam, oxir-oqibat yolgʻizlik dardiga giriftor boʻlib, mangu hasrat domida qolib ketamanmi, deya battar vahimam ortdi. Oʻngu tushim aralashib ketdi: qogʻozni tush koʻrdim. U menga Sizni koʻrsatdi, Omon aka! Siz kabi kitobga koʻksini ochganlar minglab topilishini, kitobga oshnolar bor ekan, yovuzlikning gʻavgʻolari oʻtkinchi shamol kabi oʻtib ketajagini aytib, manglayimga yumshoq kaftini bosdi. Men unga ishondim! Yuragimga qoʻshilib titrayotgan ulugʻ bobolarim ruhi orom topgandek boʻldi!
Shodmon SULAYMON
“Ijod olami”, 2017-5
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kitobsiz-otgan-kun/