Taqdir

Rayhon opa yolgʻiz yashaydi, asrab olgan bolasi ham uzoq shaharga ketib qolgan. Rayhon opa kunini bozorga qatnab oʻtkazadi, oz-ozdan xarid qiladi. Chunki… bir oʻzi… bitta kartoshka, bitta piyoz, yarim piyola guruch yoki makarondan ovqat qiladi. Undan tashqari yana bir odati bor, soʻligan sabzavotlardan ovqat qilmaydi. Bugun u “Farhod” bozoriga bordi, chunki bir kilo-yarim kilo oladigan xaridor sotuvchiga yoqmaydi, shuning uchun har safar har xil bozorga boradi. Bozor oralab narx-navoni surishtirib yurdi-da, kartoshka rastalarida toʻxtadi. Kartoshkani ushlab koʻrdi. Qoʻliga toʻrtta kartoshkani oldi-da, taroziga qoʻydi.

– Singlim, shuni tortib yuboring”.

Koʻhlikkina ayol Rayhon opaga:

– Qancha olasiz?

– Shu yetadi.

Sotuvchi shart kartoshkani olib joyiga tashladi-da:

– Donalab sotilmaydi, – dedi jahl bilan.

– Unda bir kilo qilib bera qoling, singlim.

– Ertalabdan bir kilo, yarim kilo sotsam, savdo yaxshi boʻlmaydi. Kechgacha donalab oʻtiraman keyin.

Rayhon opa uning yonidagi sotuvchiga qaradi.

– Siz beraqoling bir kilo kartoshka.

– Boshqa joydan olaqoling, xolajon, birinchi savdo qanaqa sotilsa, kechgacha shunaqa ketadi.

– Men ham bir paytlar sizlarga oʻxshab bozorda tirikchilik qilganman, bir kilomi-yarim kilomi, sotaverganman, avvalo barakasini bersin. Ozgina taroziga xiyonat qilganman.

Rayhon opa xomush tortib turganda, uch-toʻrt sotuvchidan naridagi erkak sotuvchi opani chaqirib qoldi.

– Opajon, keling buyoqqa.

Rayhon opa oʻsha tomonga bordi. Sotuvchi besh-olti dona kartoshkani sellofan xaltaga solib, tarozida tortmasdan uzatdi.

– Oling, xola.

– Tortmaysizmi, uka?!

– Tortib nima qildim xola, duo qilasiz.

– Albatta duo qilaman, lekin tekinga olmayman. Xudoga shukr, oʻzimga toʻqman, faqat yolgʻizman, bir oʻzimga koʻplik qiladi. Turib qolsa eskirib qoladi, ortiqcha olib nima qilaman?

– Aybga buyurmaysiz, bu… farzandlaringiz yoʻqmi?

– Bir oʻgʻlim bor, uzoq shaharda turadi. Bir yilda bir keladi. Keladi-yu tezda qaytib ketadi. Kelinimga qaynona, oʻgʻlimga ona, nabiralarimning buvijonisi boʻlib yashashni orzu qilganman. Sizlarga oʻxshab men ham savdo qilganim oʻsha paytlar xaridorlarni ranjitganim, ularni norozi qilganim, rozi-rizosiz topgan pulim bilan oʻgʻlimni boqib katta qilganim uchun Yaratganning jazosi shekilli, farzand mehriga zorman.

Sotuvchi bir on jimgina Rayhon xolaga tikilib qoldi.

– Shoshmang-shoshmang, siz Rayhon opa emasmisiz, mabodo.

Rayhon opa yalt etib sotuvchiga qaradi.

– Ie, Cadirjonmisiz? E buni qarang, xaliyam shu yerda tirikchilik qilasizmi?

– Ha, shu joyga oʻrganib qolganman, – u oʻng tomonni koʻrsatdi, – mana shu joyda siz oʻtirardingiz. Esingizdami?

– Ha, esimda. Shuncha paytdan beri bozorga kelib, sizni koʻrmabman-a.

Shu payt xaridor keldi, Sadir xaridor bilan andarmon boʻlib qoldi. Haliyam oʻsha-oʻsha shirinsoʻz, ogʻir-bosiq muomala qiladi. Bir zum Rayhon opaning bozordagi oʻtgan kunlari koʻz oldiga keldi, u xayolan xaridor bilan savdolashardi. Oldida toʻkilgan kartoshka, sabzi, piyoz…

– Saralab olmang, kimga sotaman qolganini… xohlasangiz shu… Bir kilo… Yoʻq, sotmayman, yalinmang…, E-e, nega baqirasan? Xohlasang, ol, xohlamasang, katta koʻcha… Vijdon deysan, vijdon yoʻq. Vijdon senda boʻlsa boʻldi. Taqqan boʻyinbogʻingga qara, olifta… Bir soʻm ustida tortishadi, oʻrgildim sendaqa erkakdan…

– Nima? Yarim kilo? Sotilmaydi. Yarim kiloyam deydimi kishi?

– Pulim yarim kiloga yetadi.

– Unda kartoshka yemay qoʻyaqoling.

– Iltimos, opa!

– Qoʻying, yalinmang, rahmimni keltirib. Yarim kilo sotmayman… Hoy, qargʻamang, kartoshka meniki, xohlasam sotaman…

– Rayhon opa, Rayhon opa…

Sadir opaning xayolini boʻldi.

Rayhon xola bir seskanib oʻziga keldi, oʻsha kunlarni eslab oʻzidan nafratlanib ketdi. Goʻyo hozir boʻlib oʻtgandek xijolat tortdi, mungli koʻzlarida yosh miltiradi.

– Ha, Sadirjon uka.

Sadir kartoshka solingan xaltani uzatdi.

– Qancha boʻladi?

– Puli kerakmas, dedim-ku, duo qilsangiz boʻldi.

– Tilanchi emasman-ku.

– Sizni hech kim tilanchi degani yoʻq. Koʻp yillik qadrdonmiz, birga savdo qilganmiz, hamma narsa pul bilan oʻlchanmaydi-ku, opa, – kuladi Sadir nimanidir eslab, – tilingiz ham, oʻzingiz ham botir edingiz-da, arzon sotganim uchun, esingizdami, tarozining pallasi bilan tushirgandingiz.

Rayhon opa xoʻrsindi. Sadir uzatgan kartoshkani olib, uch ming soʻm pulni rasta ustiga qoʻydi. Sadir ikki mingini olib, mingini qaytarib berdi.

– Opajon, koʻp berdingiz, kartoshkani narxi ikki ming.

– Oʻsha-oʻsha arzonchisan, lekin sening ishing Yaratganga maʼqul. Xaridorning pulini rozi qilib olasan. Vijdoning pok. Tinch uxlaysan. Men-chi? Azobdaman, koʻzlarimdan uyqu qochadi. Oʻsha paytlar koʻz oldimga kelaveradi. Oʻz-oʻzimdan jirkanib ketaman. Qanchalar tubanlashganimni eslab, oʻzimni laʼnatlayman. Na kechasi, na kunduzi halovat bor. Halollik bilan yashaganga yetmas ekan. Odamlardan rahmat eshitib yashashga nima yetsin! Xayr, omon boʻl, uka!

Uning gapini eshitganlar achinish bilan orqasidan qarab oʻzlari ham oʻyga botishdi…

 

Mirzapoʻlat TOSHPOʻLATOV

 

“Ijod olami”, 2017–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/taqdir-3/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x