Ustoz Abdulla Qahhorni bilganlar, suhbatini olganlar yaxshi eslashadi: bu alloma davralarda kam gapirar, gapirganda esa hamisha obrazli qilib soʻzlar, gaplari hazil-mutoyiba, lutf, kinoya-kesatiqlar, keskin istehzo bilan yoʻgʻrilgan boʻlardi. Uning soʻzlari oshkora donishmandlik, pand-nasihatlardan xoli, biroq hamisha muhim bir fikr, hodisalarga yangicha qarashi, obrazliligi bilan esda qolardi. Adibning turli uchrashuvlarda, davralarda aytgan ayrim mulohazalarini, lutflarini siz – aziz gazetxonlarga havola qilmoqchiman.
60-yillarning boshlari, yoz fasli. Doʻrmondagi moʻjazgina ijod uyida osoyishta hayot hukm surar, xonalarda adiblar ijod bilan band, jumladan,, Pirimqul Qodirov “Qora koʻzlar” romani, Ozod aka “Zamon – qalb – poeziya” kitobi ustida ishlar, ularga hech kim xalal bermas, binoga yaqinlashganlar sekingina yurar, soʻzlashganda ovozini balandlatmas edilar. Tushlik va kechki dam olish vaqtlarida esa suv boʻyida, chinor ostida maroqli suhbatlar, hazil-mutoyibalar avjiga minardi. Baʼzan oshxoʻrliklar ham boʻlib turar, haddi siqqanlar ijod uyining shundaygina biqinidagi bogʻ hovlida istiqomat qiladigan Abdulla akani davraga taklif etishar, taʼbi suysa, bu odam kelardi. Kunlarning birida shunday davraga Pirimqul Qodirov Abdulla akani taklif qildi, ustoz uzr soʻrab qandaydir tadbirda qatnashishi zarurligini aytdilar. Oshxoʻrlik zoʻr oʻtdi, qittak otildi ham. Quvnoq gurung, hazil-mutoyibalar avjiga chiqqan paytda, Abdulla aka kelib qoldilar. Salom-alikdan soʻng oromkursida shirakayf va quvnoq holda oʻtirgan Pirimqul akaga qarata:
– Pirimqulning oyogʻi yerga tegmay qolganidan ziyofat zoʻr oʻtganga oʻxshaydi, – dedilar. Davrada zoʻr qahqaha koʻtarildi. Davra ruhiga bundan oshirib baho berish mumkin emas edi. Odatda, ziyofatlarda kam ichadigan, balki ustoz adibga ilk bor shirakayf holda duch kelgan Pirimqul aka ustoz hazilidan qulogʻigacha qizarib, ajib bir holga tushdi. Abdulla akaning benazir lutfida Pirimqul akaning hozirgi holatiga, qolaversa, boʻyi bastiga nozik ishora bor edi.
Shundan soʻng tanqid ustida soʻz ketdi. Oʻsha kezlari tanqidchilikda javlon urgan, minbarlarni egallab olib boshqalarga soʻz bermay uzundan-uzoq tumtaroq nutq irod etadigan bir munaqqid haqida gap ochib, dedilar:
– Bu odam tanqidchilikni faqat nutq soʻzlash, ogʻizni ochib-yopish deb biladi, shekilli. Majlislarda unga razm solsam, zalda gapirmay oʻtirgan paytida ham ogʻzi ochilib-yopilib turar ekan. Tanqidchi aytmasa turolmaydigan, tinglovchiga zarur gapi boʻlgandagina minbarga chiqishi kerak-ku, axir!
Soʻng tanqidchining boshqalarnikiga oʻxshamaydigan oʻz fikri, oʻz soʻzi, ifoda tarzi boʻlishi darkorligini taʼkidlab: “Ozod, mabodo kitobing eskirib biror nosfurushning qoʻliga tushib qolsa, u nos oʻrab sotgan varagʻiga koʻzi tushgan odam qogʻozdagi biror jumlani oʻqib: “Bu Ozodning soʻzi-ku”, desin va oʻsha varaqni avaylab olib qoʻysin”.
Oʻshanday davralardan yana birida men ilk bor Abdulla Qahhorning ogʻzidan Nitshe, Freyd haqida iliq, Marks haqida esa tanqidiy gaplarni eshitib hayratda qolgan edim. Mana u kishining aytgan mulohazalari:
– Koʻplar hayot, inson haqida faqat Marksning qarashini haqiqat deb biladi. Nitshe va Freydni oʻqisang, dunyoda boshqacha gaplar ham borligiga amin boʻlasan! Inson tabiati, ruhiyati gʻoyat murakkab. Unda nafs, yana koʻp biz uchun qorongʻi boshqa haqiqatlar ham bor. Odam bolasi dunyoga kelib, hali koʻzini ochmay turib onasining koʻkragiga yopishadi, “Ber!”, deydi. Marks boʻlsa soqolini toʻrvaday qilib odam bolasi tabiati, mayli bilan hisoblashmay, hammani tenglashtirib, yoppasiga kommunizmga olib boraman, deb yuravergan ekan…
Abdulla Qahhor oʻz ijodi, asarlarining tanqidchilikdagi bahosi, talqini ustida soʻz ketganda, ayniqsa, “Sarob” xususida kuyunib gapirar edi. Tarjimai holida u shunday yozgan:
“Avval Oʻrta Osiyo Davlat universitetining pedagogika fakultetida, undan keyin Til va adabiyot ilmiy-tekshirish institutida oʻqiganimga, tarjima ishlari bilan qattiq mashgʻul boʻlganimga qaramay, “Sarob”ni toʻrt yilda yozib tugatdim. Kitob respublika konkursida mukofotlandi. Uni kitobxon xush qabul qildi, lekin baʼzan arzon shuhratparastlik, baʼzan siyosiy demagoglik, baʼzan esa toʻgʻridan-toʻgʻri jaholat natijasi boʻlgan tanqid nayza koʻtarib qarshi oldi. Bu narsa baʼzi hollarda hatto farosatli odamlarni ham chalgʻitdi”.
– “Sarob” yozilgan, u kitob holida chiqqan paytlari, – degan edi adib suhbatlaridan yana birida, – sochimda birorta ham oq tola yoʻq edi: demagog, johil tanqidchilarning betinim toʻqmoqlari tufayli romanning ikkinchi nashriga qadar sochimda birorta ham qora tola qolmadi.
Keyinroq, 1965 yili bir davrada adib “Sarob” romani munosabati bilan berilgan savolga: “Tanqid shu paytga qadar “Sarob”dan nuqul siyosat izladi. Romandagi odamlarning dardi-dunyosini, ohu zorini eshitadigan bir azamat topilmadi”, deya javob qaytargan edi. Adibning nadomat bilan aytgan bu gapi uzoq vaqt menga tinchlik bermay, “Sarob” personajlarining dardi-dunyosini yoritadigan bir narsa yozishga undab keldi. 1990 yili “Sharq yulduzi”da eʼlon etilgan “Hayot saboqlari” maqolasida shu xususdagi ayrim mulohazalarimni izhor etishga urindim. Biroq 90-yillari “Sarob” tevaragida kechgan tanqidiy bahs-munozaralar taʼsirida “Haqiqat taqozosi” sarlavhali maqolada oʻsha fikrimdan qaytganimni aytdim. Aytarga aytdim-u lab tishlab qoldim. Buning uchun birinchi boʻlib Kibriyo opadan dakki eshitdim. Sal fursat oʻtmay, tushimda Abdulla akani koʻribman. Bu odam oʻziga xos nimtabassum va istehzo bilan: “Umarali, sen ham “Sarob”ga qarshi nayza koʻtarganlar qatoriga oʻtib qolibsan-ku!”, dedilar. Birdan uygʻonib ketdim. Shundan keyin koʻring – koʻngildagi qiyomatni! Bir necha kunlar oʻzimga kelolmay yurdim. Yozgi taʼtil payti “Sarob”ga oid jamiki adabiyotlarni jomadonga joylab Doʻrmondagi Yozuvchilar bogʻiga otlandim. Koʻp izlanishlardan soʻng “Saidiy jumbogʻi” sarlavhasi ostidagi tadqiqotning rejasi tayyor boʻldi. Bu reja boʻyicha adabiyotshunos Shuhrat Rizayev bilan maslahatlashdim. Shuhrat niyatim bilan tanishgach, “Sarob” haqidagi gap, baribir, oxir-oqibat mafkura – siyosatga borib taqalmasmikan, degan xavotirini aytdi… Ish yana choʻzildi. Nihoyat, asr nihoyasiga kelib, ish tayyor boʻldi, hamkasabalar davrasida u haqda maʼruza qildim. Maqola “Jahon adabiyoti”da “Mafkuraviy tazyiq va isteʼdod qudrati” sarlavhasi ostida eʼlon etildi. Maqola tevaragida bahs-munozaralar boʻlyapti. Mazkur maqolani men “Sarob” haqidagi barcha qabul qilishi lozim boʻlgan hukm-xulosa deb daʼvo etishdan yiroqman, balki uni yirik asarning yana bir talqini, tanqidiy versiyasi sifatida qabul qilishlarini istardim…
Kishini mamnun etadigan jihat shundaki, ozod mamlakatimizning yangi ozod avlodi maʼnaviy qadriyatlarimizni, jumladan, koʻpgina murakkab adabiy hodisalar qatori “Sarob” romanini ham yangicha idrok qilib, undagi odamlarning dardi-dunyosini anglash, teran his etish yoʻlidan borayotirlar. Bir yosh tadqiqotchi qizimiz ayni “Sarob”dagi odamlarning dardi-dunyosi ifodasi, talqini ustidagi tadqiqotini yakunlash arafasida. Nihoyat, bugunga kelib ustozning armoni ushalsa, ajab emas.
Umarali NORMATOV
2002 yil
“Ijod olami”, 2017–5
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ustoz-armoni/