Jimjit jolalar

Yoʻqchilik qursin[1]

 

Toʻraqul shunday hikoya qilgandi:

Onam vafotidan keyin dadam choʻkib qoldi. Har ikki gapining birida oyimni eslatib turadi. Oʻkinchlari oʻrtangan koʻnglimni oʻpirib ketgandek boʻladi. Keyingi paytda esa xayoli parishon odat chiqardi. Sukut saqlab uzoq vaqt oʻyga tolib qoladi. Ancha fursat oʻtgach, nimanidir eslagandek, judayam zarur gapi qolib ketadigandek qoʻqqisdan shikasta ovozda gap boshlaydi.

– Opangni uyi notinch boʻlsayam, boshida eri bor. Borniki bejolik, yoʻqniki nochorlik. Roʻzgʻori but… Endi, farzand koʻrishsa, chaqaloqqa girgitton boʻlib, janjallari ham barham toparmidi?

Gap aylanib, menga taqalishini bilaman. Eski shahar bozoridagi yoymachilikda oʻzimga tegishli supradek joy bor; eski-tuski, temir-tersak sotaman.

Dadam, gap koʻp, umr oz, degandek xira tortgan koʻzlarini mendan uzib, uzoq tin oladi. Keyin har doimgi savolini qaytaradi:

– Oʻzingni ishing qanaqa? Yoymada ul-bul oʻtib turibdimi? Hali pattachi, hali uchastkovoy, degandek “quv-quv” yoʻqmi, ishqilib? Zora, biring ikki boʻlib, pensiyamga qoʻshsak, yigʻilarmidi, deyman-da. Seni uylashga yetsa koshkiydi, bolam.

Dadam avvalgidek kesib-kesib gapirmaydi, keksalik – xastalik ekan, meni sindirib qoʻydi, deydi. Yaqindan beri har ikki soʻzida qoʻli kaltalik haqida bir nimalar deydigan boʻlib qoldi. Sovuq jimlikni dadamning siniq ovozi buzdi.

– Kambagʻallik bedavo kasallik ekan, bolam. Odamni tiriklay yer yutibdi, degan gaplarni koʻp eshitardim. Aslida, odamxoʻr botqoq bu – qashshoqlik ekan…

Shu payt koʻcha eshigi taraqlab ochildi. Supadagi ezgin suhbatimiz boʻlindi. Dadam choʻchib tushdi, ters oʻgirilib orqasiga qaradi. Koʻzlari tikchaygan quda xola, ortidan koʻzini yerdan uzmay kesak sanagancha xomush opam hovliga kirib kelishdi.

Dadamning yuzidagi maʼyuslik oʻrnini tashvish egalladi. Quti oʻchib, “obbo, bir baloni boshlab kelmayotgan boʻlsin-da”, dedi pichirlab. Dadam ikkimiz shart oʻrnimizdan turib, peshvoz taraddudlandik. Quda xola salomimga alik ham olmadi. Supaga yaqin ham yoʻlamadi. “He” yoʻq, “be” yoʻq, tomdan tarasha tushgandek gap boshladi:

– Bu, deyman, qizingizni qaysi devorning kavagida katta qilgansiz?

Dadamning koʻzlari kichrayib, qovogʻi “pir-pir” ucha boshladi. Jahli chiqsa shunaqa, oʻzini bazoʻr tutadi, koʻzlari qisilib, soqolini tutamlashga tushadi.

– Nima gap oʻzi? Qanaqa aybli ish qilib qoʻydi? Mundoq yotigʻi bilan tushuntiring!

Quda xolaning tanglayi tepki bilan koʻtarilganmi, ovozini baralla qoʻyib diydiyosini boshladi:

– Hah, koʻrmaganni koʻrgani qursin-a. Kelin degan chimxoʻr boʻlardi. Toʻydim deyishni bilmaydi-ya. Nafsi oʻpqon. Yeb toʻymagan, yalab toʻyarmidi? Qozonni qatirmochiniyam yulduz koʻrsatmaydi.

Opam yerga kirib ketgandek kichrayib mushtdekkina boʻlib qolgandi. Boshiga gurzi tushgandek garangsib bir dadamga, bir menga, bir quda xolaga javdirab qaraydi.

– Yoʻq, unaqamas, yolgʻon! – deya oldi nochor ohangda.

Kattalarga gap qaytarish gunohi azim, deyishgan boʻlsa kerak-da, opam yukinib, yutinib, zoʻrgʻa tili aylangandi. Sezib turibman, dadam portlab ketgudek edi, oʻzini qil uchida tutib turardi.

– Unaqa emasdir, quda, – dedi soʻlish tortib, ich-ichidan zil ketdi. – Juda oshirib yubormayapsizmi?

– Sepli kelin – epli kelin, deyishguvchi edi, – quda xola falsafa soʻqishga tushdi. – Aslida, baxtini eplab ushlab qolish sepining qoʻlida. Oʻzi, qizingiz kelin boʻlib tushganda qurib-qaqshab uyimga kirib kelgandi. Yoʻgʻini bor qilib oʻrab-chirmab olgandim.

Dadam quda xolaning beandishaligidan qizarib boʻgʻriqib ketgandi. Jahli alangalanib borayotganidan har bir soʻzi oʻt sochguday charsillay boshladi.

– Banda bergani koʻrimli, Xudo bergani toʻyimli. Ishqilib, Xudoyim beraridan qismasin, quda. Kam-koʻsti bitib ketaveradi. Er-xotin qoʻsh hoʻkiz. Yoʻgʻingizni yoʻndirib berishadi. Hali hammasi oldinda. Xudoyim ikkovining yulduzini bir-biriga toʻgʻrilagani rost boʻlsin. Uvali-juvali boʻlib, qoʻsha qarishsin.

Quda xola yalpaydi:

– Bir koʻrishdayoq qizingizni yoqtirib qolibdi-da, oʻgʻlim tushmagur. Asli, ordonagina qolsin, shu yoqtirishi ham. Yigit kishi nimaniyam bilardi. Uylanadigan yoshda dimogʻi tom bitadi-qoladi, yoʻqsa, tezakni burnini tagida tutatsang, atirgulni isi deb qabul qilarmidi?

Dadam uzoq jim qoldi. Keyin, oʻzini-oʻzi koyigandek judayam shikasta silqindi.

– Ayb manda, teng-tengi bilan, deyishguvchi edi. Ikki yosh bir-birini yoqtiribdi-yu, deb rozi boʻlaveribman-a. Asli, loyimiz boshqa-boshqa joydan olib qorilgan ekan…

Opamni bir oy tinib-tinchib oʻtirganini eslay olmayman. Quda xolaning shallaqiligi yetmagandek pochchamizni ham, akashak boʻlgur, qoʻli chiqib qoldi. Oyda bir-ikki kaltak yeb, yuzining biron joyini koʻkartirib yo momataloq qilib keladi. Uch-toʻrt kun oʻtib, xiyol oʻziga kelgach, dadam olib borib qoʻyib keladi. Andishaga boradi, falonchini qizi qaytib kelibdi, deyishsa, mahalla-koʻyda nima degan odam boʻldim, deya dardini ichiga yutadi. Oxiri…

Asr namozidan keyin ota-bola endi choyga oʻtirgan edik, eshigimiz oldiga mashina kelib toʻxtadi. Yugurib borib ochdim. Ikki kishi opamni mashinadan koʻtarib chiqib, ayvonga yotqizishdi. Otamga yuzlanishdi: “Xudoni irodasi. Palakat-da… Ajalni aritish banda ixtiyoridan tashqarida ekan…”

Yerga qarab, bitta-bitta yurib chiqib ketishdi. Oʻq zahri-ogʻrigʻi tekkandan ancha oʻtib bilinganidek koʻcha eshigi yopilgach, dadam bilan baravar ayvonga otildik. Opamning tomogʻiga botgan arqon izlarini koʻrdim-u, “shilq” etib, choʻkkalab qoldim. Dadam oʻkrab yigʻlab yubordi:

– Yoʻqchilik qursin, qizim. Yoʻqchilikning kasriga qolding. Kambagʻallik boshingga yetdi.

Dadamning duv-duv koʻzyoshlari oppoq soqolini siypalab yuva boshladi. Yelkasi titrar, boshini chayqab-chayqab, kaftlarini tizzalariga shapatilab urar, vujudi lov-lov yonardi:

– Afsus-afsus… Voy, bolam-a… Koʻrgiliging shumidi-a… Shoʻrlik qizim… Noshud otangni kechir, bolam! Baxtingni butun qilolmadim. Bilmay qolibman, zamona zoʻrniki, tomosha koʻrniki ekan… Zorimiz bor-u, zoʻrimiz yoʻq. Xudoga soldim…

Dadamning ovozi chiqmay qoldi, choʻnqayib oʻtirgancha jim qotdi. Engasha borib, opamni yoniga jimgina bosh qoʻydi. Karaxtlikdan oʻzimga kelganda dadamning koʻzlari yumilgan, qoʻl-oyogʻi sovib qolgandi.

Ertasi kuni bomdod namoziga uyimizdan bir yoʻla ikkita mayit chiqdi. Dadam bilan opamni oyimning ikki yoniga qoʻydim.

 

Daraxtlar tik turib oʻlarkan…

 

Toʻraqulning otasi dov-daraxt tilini biladigan, sirlashib soʻzlashadigan bogʻbon edi. Bir burda hovlisiga shigʻil gilos ekkandi. Ayni hosilga kirgan larzon mahali. Boqiy dunyoga rixlat etdi-yu, giloslar ham birin-sirin quriy boshladi. Otasining yili oʻtguncha hovlisi tik turib oʻlayotgan daraxtlarga toʻlib ketdi. Shundoqqina koʻzi oʻngida koʻm-koʻk barglari sargʻayib, qovjirab ado boʻlardi. Qoʻni-qoʻshniyu uzoq-yaqinning ogʻzi tegib turardi-da. Bola-baqrani-ku, qoʻyaverasiz, gilos pishigʻi oyoqlamaguncha oyoqlari yer iskamasdi.

Daraxtlar sim-sim yigʻladi. Mukka tushib, yuzini odamlardan yashirib, yerga yuztuban gursillab yiqilib uvvos tortdi. Faqat koʻzyoshlarini odamlardan yashirardi. Koʻkragini tuproqqa berib, yum-yum yigʻladi, achchiq-achchiq nola chekdi. Tushlarini bir umr yerosti sizot suvlariga aytib kelgandi. Endilikda jigaridan silqigan dardlarini tuproqqa topshirardi.

Daraxtlar ham ichikarkan-da? Achchiq ayriliq, qattiq sogʻinch daraxtlarni ham ich-ichidan kemirib, ilvillatib qoʻydi, shekilli. Gilos daraxtlari tik turib qovjirardi, jizgʻanak tortardi. Oʻzini olovga topshirardi.

 

Oʻzimni ushlab turibman

 

Toʻraqul ulugʻsifat koʻrinish uchunmi, soch-soqolini qirtishlamay qoʻyganiga ham ancha boʻldi. Bozorchi sheriklari selkillagan toʻrva soqoliga ishora qilib, bir gal “Rasputin” desa, yana allakimlar “Marksning xuddi oʻzi boʻpsan”, deydi. Ularning kimligini bilmasa ham katta odamlar boʻlsa kerak-da, deb ichidan semirib, hemralib qoʻyadi.

Bugun ham havorang “Aygen” yelim xaltasini qoʻltiqlab “ishi”ga oshiqib ketayotgan edi. Katta bozor darvozasining chap biqinidagi yapasqi tosh mening ish joyim, deydi oʻzi. Asfalt yoʻlkadan bir-ikki qarich baland boʻlgani boismi, “Toʻraqulning taxti”, deydi sheriklari. Sababi, “xodovoy”, gavjum joy. Oʻtgan ham, ketgan ham bir nima tashlab oʻtadi. Tong sahardan qosh qorayguncha shu “taxti”dan tushmay tilanchilik qiladi. Ertaroq kelib oʻtirib olmasa, joyiga ishqiboz gadoylar koʻp. Keyin buldozer bilan surib boʻlsa ham ularni egallagan joyidan koʻchira olmaysan.

Anchagina uniqqan qiyiqchasi bor. Yuz-qoʻlini artadigan sochigʻiyam, yegulik ul-bul topsa, dasturxoni ham shu. Qiyiqchani oldiga yozib qoʻyadi. U ikkala ochiq kaftlarini eslatadi. Koʻzlarini gʻira-shira ochib-yumib, bolaligida bobosidan eshitgan, har kuni ming marta takrorlayverganidan yod boʻlib ketgan xirgoyisini boshlaydi. Lekin nimagadir ovozini balandlatishdan choʻchiydi. Soʻzlarini yalab-yamlab, eshitilar-eshitilmas ovoz chiqaradi.

 

Peshonangda neki borin koʻrarsan,

Xom sut emgan, ey banda.

Otda chopding, yayov qolding, oshiqma,

Borar manziling qayda?

Qul boʻlma-yo, qul boʻlma,

Hey-yo, ho, yoronlar.

 

Toʻraqul xayollariga mast, elanib ketayotgan edi. Sochlari yelkasini enlagan muxbir qiz yoʻlini toʻsib, qoʻlidagi mikrofonni ogʻziga tutdi:

– Amaki, bugun kashandalikka qarshi kurash kuni. Siz sigareta chekasizmi?

– Chekkanda qandoq. Popiris tugul nasvoy ham chekaman.

Gapini tasdiqlagandek nosqovogʻini qoʻliga olib koʻrsatdi.

– Qachondan beri chekasiz?

– Dadam bilan popukdek opamni bir kunda yerga qoʻydim. Dardni aritar deb oʻshanda boshlaganman. Yana kun chiqardan kun botargacha tik oyoqdaman. Besh vaqt namozni oʻqiy olmadim, roʻzani ham tutolmaganimdan beri chekishim ortdi. Endilikda aroq ichadigan boʻldim. Oʻgʻirlikni ham koʻnglim tusab turibdi. Yoʻltoʻsarlik qilsammikan, degan niyatim ham yoʻq emas. Faqat oʻzimni ushlab turibman.

Muxbir qiz boshqa savol bermadi. Rangi oʻzgarib nari ketdi.

Toʻraqul tutoqib ketdi:

– He, savollaring bilan qoʻshmozor boʻl. Nega koʻnglimni titkilaysan? Oʻrtangan koʻnglimga nega oʻt qalaysan? Nega dardimni dasturxon qilasan, alvasti?

Baqaterak

 

Toʻraqul paxsadan qurilgan bir uy, bir dahlizli boʻyradek hovlida yolgʻiz yashaydi. Pul sarflab qorin toʻydirganini, engil-bosh sotib olganini hech kim koʻrmagan, oʻzi ham eslay olmaydi. Kunduzi bozorda birda yuk tashib pul topsa, qaytishda eshikma-eshik yurib tilanchilik qiladi, osh-non soʻraydi. Kimdir pul-mul, bitta-yarimta non chiqarib beradi. Ora-sira eski-tuski kiyim ham berib qolishadi. Fikri-zikri pul toʻplashda. Toʻplab… orzuli dunyo ekan-da, bu kunidan koʻra oxiratdan umidi katta. Jannat ariqlaridan oqqan sutdan, sharbatdan ichib, shirin-shakar mevalardan totib, huru gʻilmonlar orasida boʻlishni orzu qiladi. Juma namozida imom jannat haqida soʻz ochgudek boʻlsa, tani-joni quloqqa aylanadi.

Qancha koʻp savob ish qilsang, jannatga yetishish shunchalik osonlasharkan, degan gap unga qanot bagʻishlaydi. Oʻzini osmonu falakda uchib ketayotgandek, jannat ostonasiga yetib qolgandek his qiladi. Faqat bexarajat boʻlsa-da… Xarajatga sira-sira tobi yoʻq. Mabodo, choʻntagidan pul chiqarsa, jon rishtasi “chirt” uzilgandek, ichi boʻm-boʻsh, huvullab qolgandek boʻladi. Shunday asnolarda ichidagi odami qoʻqqisdan bosh koʻtaradi: “Hamma narsaga pul sarflayverasanmi, galvars, tekini yoʻq ekanmi?” Shu zahoti kissasiga suqilgan qoʻli taqa-taq toʻxtaydi.

Koʻchat ekish koni savob ekanligini eshitgach, Toʻraqulning oromi buzildi. “Parnik”chilar qurigan daraxtlarni ildiz-pildizi bilan qoʻporib olib ketgach, hovlisi choʻlga oʻxshab qolgandi. Zarang, ship-shiydam hovlisini yumshatib koʻchat eksa, gʻijir-gʻijir savob tagida qolib ketadi. Qoʻshnisidan belkurak olib chiqib taqir yerni oʻyishga tutindi. Mevali daraxt koʻchatlarini qidira boshladi. Koʻchat koʻp, lekin… tekinga kim ham berardi. Devonaning ishini oʻzi qoʻllabdi, deyishgani shu-da. Koʻchama-koʻcha eshik sanab tilanchilikda yurgan kunlarining birida buzilgan hovliga kelib qoldi. Qiyshayib, ildizi ochilib qolgan xivichday niholga koʻzi tushdi. Qattiqroq tortgan edi, oʻq ildizi bilan sugʻurilib chiqdi. Zingʻillab olib kelib hovlisiga ekdi. Koʻchat atrofiga doira pushta tortdi, sugʻordi.

Koʻchatga mehri orta bordi. Kunora suv quyadi, chakichlagandek tagini yumshatadi. Endi besh vaqt namozini ham uyda oʻqiydigan boʻldi. Aylansayam, oʻrgilsayam koʻchatiga girgitton. Uzoq-yaqinda hayallab qolmaydi, oyogʻini qoʻliga olib uyiga uchib keladi. Ostona hatlab hovlisiga kirgan zahoti koʻchatdan xabar oladi. Toʻraqulning paypaslashiga yarasha azbaroyi soat sayin, kun sayin gurkirab oʻsdi. Chiviqday tanasi dastlab bashmaldoqdek, soʻngra ketmon dastasidek va yana keyin boldirday yoʻgʻonlashdi, eniga toʻlishib, boʻyiga choʻzildi. Oradan uch-toʻrt yil oʻtdi, ayni nishona qiladigan paytda barglari soʻlish tortib sargʻaygandek tuyuldi. Toʻraqulning ichi achishib, xavotirga tushdi. Devor-darmiyon qoʻshnisi Qambarali podachini chaqirib chiqdi.

Umrida birinchi marta uyiga odam chaqirishi, begona odam oyogʻi ilk bor hovlisida yer iskashi edi. Qambarali kirar-kirmas koʻzlari alang-jalang boʻlib ketdi. Umrida daraxt koʻrmagandek goh koʻchatga, goh endigina koʻrib turgandek Toʻraqulga tikiladi.

Koʻchat savlatli daraxt nuqsini olgan. Koʻkimtir tanasidagi poʻstloq yoriqlari ora-sira toʻqsariq tusga kirayotgandi. Odatda chinor tanasi koʻngʻir tusga moyil, barglari shapaloqday-shapaloqday boʻlardi. Qayragʻochning qobigʻi qoramtir esa-da, palaxsa-palaxsa poʻsti jigarrangga qorishib ketardi. Buning barglari gʻalati, uch-uchidan qaychilangandek. Uzoq tikildi, lekin navini aniqlolmadi. Toʻraqulning dilini xira qilmaslik uchun “gʻiq” etib ogʻiz ochmadi. Oʻrgimchak oppoq toʻr tashlagani bois daraxt barglari nafas ololmay qovjiray boshlagan edi. Ildiziga qurt tushmasligi uchun oʻgʻitlash, dori sepib barglarini oʻrgimchak toʻridan halos qilish lozimligini aytdi, yoʻqsa, qurib qoladi, deb maslahat berdi.

– Uch-toʻrt soʻm sarflamasangiz iloji yoʻq, shuncha mehnatingiz uvol boʻladi-ya.

Toʻraqulni elektr toki urgandek qoʻl-oyogʻi zirillab bir siltanib tushdi. Lekin jannatga yetishish ishtiyoqi ustunlik qildi. Joni yetti joyidan uzilib ketsa-da, qurtga qarshi oʻgʻit sotib oldi, ildiziga soldirdi, oʻrgimchakka qarshi dori septirdi. Shu kuni koʻngli taskin topib tush koʻrdi. Farishtalar qanot qoqib daraxt atrofida uchib yurgan emish, savat-savat mevalarni odamlarga tarqatayotganmish. Qancha koʻp ehson qilsa, savatlari shuncha tez toʻlarmish. “Mevasi larzon daraxtni Toʻraqul ekkan, baraka topsin, niyatiga yetsin”, degan duolar eshitilarmish. Shu mahal bulutlarga toʻsh urgan daraxt shoxida ilinib turgan kalit sirgʻalib-sirgʻalib pastga tushayotganmish. “Bu senga, jannat eshigining kaliti, tutib ol”, dermish kimdir. Toʻraqul ikkala hovuchini ochdi, kalit barmoqlari orasidan qumdek shuvillab oʻtib ketdi. Oyoqlari ostiga “doʻq” etib tushdi. Qarasa, dumalab-dumalab oʻzidan uzoqlashayotgan emish. Yuragini hovuchlab oʻzini otdi, endi tutay degandi, gursillab yiqildi, uygʻonib ketdi…

Toʻraqul birov bilib qolmasin, degandek eshitilar-eshitilmas “shukur, shukur”, deb qoʻydi; uzoq pichirlab duo tilovat qilgach, kaftini yuziga tortdi. Koʻchatga boʻlgan muhabbati yanada ortdi.

“Ha-hu” demay koʻchat haybatli daraxtga aylandi. Tanasi yoʻgʻonlashib ketganidan qulochi arang yetardi. Bir tarafga qiyshayganini hisobga olmaganda savlatidan odam hurkiydi. Lekin hosildan darak yoʻq. Bittayam nishona qilmasa-ya, danakdek ham meva tugmasa-ya! Qoʻshnilardan kimdir, “e, bu baqaterak-ku, unda meva nima qilsin”, deganda hamma umidlari chilparchin boʻldi. Tushida koʻrgan mevalari yerga sochilib, tuproqqa qorishdi. Koʻzlariga “gʻilt-gʻilt” yosh qalqdi. Qaddi-basti bukchaygandek sezdi oʻzini. Dodlab, oʻkirib yigʻlagisi keldi. Sarf-xarajatlarini kim qoplaydi, savobni-chi, savobni kim beradi?

Ogʻir oʻylar girdobida uxlab qoldi. Yana tush koʻrdi. Yozning jazirama issigʻida tumonat odam daraxt soyasida rohatlanib oʻtirgan emish. Yana ming-minglab odam oʻzini soyaga urayotganmish. Boshi osmonga yetgan daraxt soyasiga kelayotgan odamlarning keti uzilmasmish. Qoʻllarini ochib duo qilishayotgan emish: “Bu, baraka topgur Toʻraqulning daraxti, nega oʻzi koʻrinmaydi”, deyishayotganmish. Toʻraqul ham koʻpchilik qatori qoʻlini duoga ochdi. Endi yuziga tortaman, deganda qop-qora koʻlanka daraxtdan uzilib tushdi. Hovuchini toʻldirib yonboshlab yotib oldi. “Muncha ogʻir, zil-zambil-a”, degan oʻy xayolidan kechdi. Qoʻllarini silkitib, itqitib yubormoqchi boʻldi. Kaftidan uzilmadi. Qaytaga tobora kattalashib, yelkasi osha butkul tanasini bosib borardi. “Hay, kim bor, manovi kasofatdan qutqaringlar”, deya jon holatda tipirchilay boshladi. Na qoʻlida, na oyogʻida majoli bor. Endi koʻlanka gʻoʻdayib yelkasiga chiqib olgandi. Uni ezib-ezgʻilab yerga qapishtirib borardi. Ayyuhannos solib baqira boshladi: “Voy dod, qutqaringlar, koʻlankani dastidan dod, oʻldirib qoʻyadi”. Lekin ovozi ichida boʻgʻilib oʻlib qolgandi, tashqariga eshitilmadi.

Toʻraqul bosinqirab, choʻchib uygʻondi. Jiqqa terga botgandi. Boshini koʻtardi. Hovlisidan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar eshitilayotgandi.

– Qoʻshni, hoy qoʻshni, uydamisiz?

Bu Qambarali podachining tanish tovushi. Qoʻshnilar bilan qoʻl olib koʻrishgan boʻldi. Haliyam tush taʼsiridan xalos boʻlolmagandi. Boshi karaxt, koʻngli gʻash. Bir tomonga qiyshaygan baqaterak uch-toʻrt xonadonga xavf solib soya tashlab turardi. Ogʻirligidan ildiz-pildizi bilan qulasa bormi… Xudo asrasin-a! Toʻraqul qoʻshnilarning muddaosini darrov fahmladi. Baqaterakning ichi gʻovak-poʻk boʻladi. Qattiqroq shamol koʻtarilsa bormi, chayqalib ogʻirligini koʻtarolmay karch uzilib tushishi hech gapmas. Xatarning oldini olish tashvishi qoʻshnilarni bu yerga boshlab kelgandi.

– Daraxt ekib koʻp savob ish qilgansiz-da, qoʻshni, – salmoqlanib gap boshladi Qambarali. Lekin baqaterak deyishga nimagadir botinmadi, tili bormadi. – Oʻtirsang soyasidan, oʻtin qilib yoqsang issigʻidan bahra olasan. Savobiga yarasha ancha-muncha puliyam bor. “Parnik”chilar shox-shabbasigacha butab, kesib, saranjomlab olishadi, xizmatiyam, xarajatiyam oʻzidan. Bahorda bir juft xurmo koʻchatiniyam ekib berishadi.

Savob bilan pul daragini eshitgach, Toʻraqulning ichi yorishib ketdi.

– Mayli, – dedi dadillanib – Daraxtning boshi ochiq, savdosi oʻzi bilan…

Pismiq

 

Toʻraqulning olis togʻ qishlogʻidan togʻasi yoʻqlab keldi. Katta shaharda yolgʻizlanib chaqilib qopsan, jiyan, yur ketdik, jigarlaring orasida oʻzingga kelib qolarsan, deb qishlogʻiga olib ketdi. Teng-tengi bilan, degandek oʻzidek sagʻir qizga uylab qoʻydi.

Toʻraqul shahar hidiga oʻrgangan emasmi, qishloqda uzoq qololmadi. Oyogʻi orqasiga tortaverdi. Nima boʻlsa ham tugʻilib oʻsgan joyi, koʻngli eski mahallasiga chopaverdi. Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi oʻpka yaxshi degandek shahar uyiga qaytdi.

Mahalladagilar Toʻraqulni “non yemas”, “el boʻlmas”, “pismiq”, “odamovi” va yana nima balolar deyishmaydi. Bir qancha laqab orttirgan. Nimalar deb toʻngʻillashmasin, Toʻraqul oʻzini eshitmaganlikka oladi. Lom-mim deb ogʻiz ochmay, ishshayib qoʻyadi. Norozilikmi, jahlmi, eʼtirozmi – anglolmaysan.

Qiyin-qiyin, xotiniga qiyin. Shoʻrlik, koʻnikib ketdi. Undan chiqib qayoqqayam bordim, deydi mungʻayib. Urmasa, soʻkmasa, ichib kelib toʻpolon qilmasa, vaqti-bevaqt ovqating shoʻr, maza-matrasiz, jiri-jirdoni yoʻq, deb janjal koʻtarmasa… Shunday xayolga beriladi-yu, lekin koʻnglining bir chekkasida gʻashlik, xavotir bor. Baribir, erini tushunmaydi. Birda boʻlmasa birda tiliyam, qoʻliyam chiqib qoladi, deya yuragi halak. Rosti, birdan-bir aybi – indamasligi. Hammadan oʻzini olib qochadi. Uydayam, ikki-uch odamni orasiga kirsayam nimadandir qimtinib, begonasirab turadi. Oʻz xonadoniga ham suratdek kirib, suratdek chiqadi.

Toʻraqul odamlarga qoʻshila olmay yotsirab yurganidan oʻziyam oʻngʻaysizlanadi. Lekin chorasini topolmaydi, “nega shunaqa”, deya joʻyali oʻylab koʻrishga esa erinadi.

Xotini ham eriga ilimiliq. Yomon deyishga tili bormaydi. Haqi ketib qoladigandek yaxshi ham deyolmaydi. Peshonam ekan-da, deydi ogʻir tin olib. Ha, darvoqe, ovozi qanaqaligini ham tayin-tiyiq bilmaydi. Biron marta ovozini balandlatmagan boʻlsa, oʻdagʻaylamasa, doʻq-poʻpisa qilmasa. Hozir, nimalardir elas-elas esiga tushdi. Toʻraqul jilla qursa biron marta dargʻazab tutoqmagan, sevinchi ichiga sigʻmay qiyqirmagan. Ajabo, jahli chiqqanda eri qanaqa qiyofaga kirarkin? Shodlansa-chi? Quvonchini qanday izhor qilarkin? Birga kechgan yillarini eslarkan, feʼli-atvori birin-sirin koʻz oʻngidan oʻta boshladi.

Tavba, biror marta xandon otib kulmabdi-ya. Piqirlab ham, qiqirlab ham qoʻymabdi. Yuzim shudgorlangan daladek ajin bosib ketadi, tez qarib qolaman, deydi. Qarilikdan qoʻrqadi. Ajin – umrning egovi, deb biladi. Koʻpaysa, tashvishing ortadi. Haddan ziyod ortiqcha hayajon odamni ich-ichidan kemiradi, sogʻligʻini yemiradi, deydi.

Yana mast boʻlib qolishdan qoʻrqadi. Hushyorxonaga tushsa, melisa “nega xurmachangga siqqanicha ichmaysan, xumpar” deya tepkilarkan, deb eshitgan. Oʻsha vahima ikkala qulogʻidan kirib katta qoʻrquvga aylangan. Musht nimaligini tasavvur ham qilolmaydi. Panjalari biron marta musht boʻlib tugilganmi-yoʻqmi, aniq esida yoʻq.

Biron yumush bilan nari-veriga yoʻli tushgudek boʻlsa, yayov borib, yayov qaytadi. Avtobus koʻchama-koʻcha tentirab yurib odamni adashtirib ketadi, deb choʻchiydi. Oʻsha qoʻrquv hissi sababmikan, guzargami, doʻkongami chiqsa, yoʻlkani bir chekkasidan borib iziga qaytadi. Borishdayam-kelishdayam oʻng qoʻldan yurdim. Chetga chalgʻimadim, deydi.

– Voy, nega munaqasiz, – deydi xotini jizgʻanak tortib. – Judayam gʻalatisiz-a, shuncha birga turib tushunolmay gʻaflatda oʻtamanmi, deb xavotirdaman.

Toʻraqul ogʻir soʻlish tortadi.

– Ichimda katta qoʻrquv bor, – deydi yutinib. – Oʻshandan yomon qoʻrqaman. Muddaosi nima, bilolmayman… Qattiq qoʻrqqanimdan oʻzimni-oʻzim bilolmay qolaman… Qayoqdan ham bilarding… Oʻzimni-oʻzim taniy olmay qolyapman-ku. Oʻzimga qolsa, shunday boʻlay debmanmi? Buyam Xudodanmikan, deb qoʻrqaman. Yana, qaydam…

 

Orzu, xayol, xayol…

 

Toʻraqul mahallada chiqindi uyumlarini titib charchadi. Bugun kechikib chiqqani uchunmi, topgani bir quchoq qogʻozu ikki oʻram latta-putta boʻldi. Salqin joyga borib yonboshladi. Koʻngli gʻash. Popiris tutatib, chuqur-chuqur nafas oldi. Oʻziga oʻxshash chiqindi titkilovchilar koʻpayib ketganidan nolib, kech chiqqani uchun oʻzini-oʻzi koyidi. Xayoli qochdi… Koʻp qavatli binolar orasiga qurilgan chiqindixonaga qarasang, koʻzing oʻynaydi. Karton qogʻozlarni gapirmasayam boʻladi. Antiqa ichimliklardan boʻshagan shisha idishlar, alyumin yoki mis buyumlar, buzuq kolyaska yoki velosipedlar. Ularning orasida yaroqlisi qancha!

Kolyaskalardan birortasi qoʻliga tushib qolsa Toʻraqul arava yasab olardi-ya! Arava rosa ish beradi-da, oʻziyam! Bozorda yuk tashib, qadamida pul topardi. Lekin… u joyga yaqinlashib koʻr-chi! Bozorda har qarich yerning egasi bor. Qaniydi, shunaqa joyga ishga oʻrnashib olsa, maosh bermasa ham ishlayverardi.

Orzu, xayol, xayol…

Xotinga ogʻiz ochsa, baloga qoladi. “Engil-boshingni but qilishni oʻyla, yeb-ichish ham bir holatda. Qanaqa lavangsan, oʻzi?” Sensirab, odamni qora yer qiladi.

– Kar oʻzini ovutar, qoʻltigʻini sovutar, degandek haliyam xomxayollaringni qoʻltiqlab yuribsanmi, – deydi bobillab. Mundoq yolchitib orzu qilishgayam qoʻymaydi. Qandoq kunlarga qoldik…

 

Bir hovuch ushoq

 

Toʻraqul tushmagur, oʻziga yetguncha gʻalamis. Tunov kuni koʻchadan kelsa, xotini supadagi xontaxtaga yozugʻlik dasturxonni yigʻishtirib olib gulzorga qoqayotgan ekan.

Tuppa-tuzuk kirib keluvdi-ya. Chehrasi ham ochiqqina edi. Birdan feʼli aynidi-qoldi. Nega koʻngli shunaqa xiralashib ketadi? Oʻzini koʻpda tushunmay qoladi. Qoʻqqisdan bir nima ichini kemirayotgandek boʻladi. Qitirlatib kovlayveradi, gʻivir-gʻivir choʻqilayveradi. Nega shunaqa ekan, oʻziniyam gʻashi kelib, gʻijinib, portlab ketay deydi. Koʻkragini shartta ikkiga ajratib, ichiga biqinib olgan kemiruvchini ezgʻilab-ezgʻilab, burdalab tashlagisi keladi.

Chuvalchanggami, qurtgami oʻxshagan oʻsha ichkemar gʻivirlab, oʻrmalab boshiga oʻtadi. Keyin mayda-mayda hujayralarni pista chaqqandek bitta-bitta terib yeya boshlaydi. Qitir-qitir tovushlar boshini teshib chiqib ketgudek zirqiratadi.

Hozir ham shunaqa boʻldi. Ostona hatlab hovliga kirar-kirmas xotinini koʻrgan zahoti boshida ogʻriq turdi. Koʻngli qisilib, feʼli aynidi-qoldi.

– Vey, molfahm, nega dasturxonni qoqasan? Uyni rizqini shunaqa qilib sovurasan-da. Non ushogʻini terib, tolqon qilib qoʻysang oʻlasanmi?

Xotini choʻchib tushdi. Toʻraqul yuzi-koʻzi demay, aralash-quralash soʻkina boshladi:

– Nega birim ikki boʻlmaydi desam, hamma ayb senda ekan. Endi bildim. Topganimni qurt-qumursqaga yedirib yotgan ekansan.

Xotinning ham avzoyi buzildi. Toʻraqulga tegib nima koʻrdi? Xudoni bergan kuni ahvol shu. Zahariga ichib kelsayam, ichmagandayam – bir goʻr. Kecha uyga kelmadi. Hushidan ketguncha ichgandan keyin, ikki qadam beridagi uyini topib kelolarmidi?

Toʻraqul gʻoz yurib supaga yaqinlashdi. Xotinning qoʻlidan dasturxonni yulib oldi. Munkib ketgan edi, qulochkashlab tushirib qoldi. Xotini chirqillagancha qoldi:

– Qoʻling akashak boʻlgur. Yana kuydirgan kalladek tirjayishiga oʻlaymi?

Toʻraqulning qulogʻiga gap kirmasdi. Gʻuldiranib supaga chiqdi, bir nima deb soʻkindi-da, oʻzini koʻrpachaga tashladi. Bir zum oʻtar-oʻtmas birda xurillagan, birda chiyillagan xurrak tovushi hovlini tutdi.

Xotini oʻtirib qoldi. Dabdurustdan koʻzlaridan yosh tirqirab quyildi. Bu nima koʻrgilik, bu nima hayot?! Roʻzgʻorida nima bor, nima yoʻq, bilmasa. Nimaga, nimasiga ichadi? Alamidanmi, xorligidanmi, nimaga ichkilikka mukkasidan berilgan? Bu qanaqa odam oʻzi? Yo odam qiyofasidagi maxluqmi? Kim bilan yashayapti oʻzi?

Xotini koʻzlaridan yum-yum yosh quyilar, savollar yurak-bagʻrini oʻrtar, kuydirar, javobsiz savollar izdihomida qovrilar, jizgʻanak oʻrtanar, adoyi tamom boʻlayotgandek yerga choʻkib borardi.

 

Ishonchning oʻlimi

 

Xayol qurgʻur Toʻraqulni ne-ne koʻchalarga olib kirmaydi, qaytarib olib chiqmaydi, deysiz. Yoʻq, aslida nima boʻlgandi, xayol koʻchasida balo bormidi? Toʻxta-toʻxta, sabr qil-chi. Shoshmasdan, bir chekkadan esla. Nima boʻlgandi aslida? Boshidan boshlagin-chi!

Kecha “oq sigirning sutidan” ichganmidi-yoʻqmi? Bugun Qosim tarasha qoʻymadi, “sariq sigirning sutidan” olmasak boʻlmaydi, boshim tars yorilib ketyapti, dedi.

Endigina yoʻl chetidagi “taxtiga” chiqib, gʻijimlangan lattadek shalvirab turuvdi. Zora oʻziga kelsa, tiyraklashsa, dazmollangandek bujmaygan afti-angori ham epaqaga kelsa!

Bir krujka pivo ichgani esida, oʻlibdimi unutib. Es-hushi joyida edi-ya. Keyin Qosim tarasha juft boʻlsin, dedi. Yana ichishdi. Keyin yana bittadan sipqorishdi. Tagʻin “oq sigirni sutidan” aralashtirib yuborishdi, chogʻi. Tarasha bir shisha “oq sigirni sutidan” olib keldi. Ikki stakanga limmo-lim qilib quydi. “Qani, oldik, oʻziyam davlat chizigʻidan boʻldi”, degani esida.

Ha, ha, keyin… Qulogʻiga dukur-dukur tovushlar elas-elas chalindi. Qop-qora, bahaybat koʻlankalar koʻz oʻngidan lip-lip oʻta boshladi. E-ha, esladi. Eslamay esini yebdimi! Dastlab, “tur oʻrningdan, yugur! Chop deyapman, mogʻor bosib yotaverasanmi?! Qani, kimga aytayapman? Togʻmisan yo guvalamisan, deganda oʻsha, bukir togʻlar ham bitta gapini ikki qilmadi. Qaddi-bastini rostlagandek, ogʻir choʻkkan nortuyadek bir silkinib oldi. Keyin moʻysafidlardek tizzasiga tayanib qaddini rostladi. Toychoqlardek dikir-dikir sakrab, chopib ketdi.

…Ana, togʻlar haliyam chopib borayapti. Gumbur-gumbur, qaldir-quldur, guldur-guldur tovushlar elas-elas eshitiladi.

– Boʻldi, toʻxta! Endi, joyingga borib yot! Shaharda senlarga nima bor? Odamlar tinchini buzasan, uxlatmaysan! Tek tur joyingda! Bi-r-r tep-paman, oʻsha togʻ-pogʻingga bor-rib tushasan.

Toʻraqul quloqsiz, bevosh togʻni tepmoqchi boʻlib sirmaldi, oyogʻini koʻtargancha balchiqqa chalqancha yiqildi. Yer bilan osmonni enlagan, koʻz oldini toʻsib turgan haybatli qop-qora togʻ zumda gʻoyib boʻldi. Togʻ-tosh bir qop yongʻoqdek shaldir-shuldur shovqin koʻtarib, qorongʻilikka singib yoʻqoldi.

Sharillaganmi, shovullaganmi, shagʻillaganmi, anglab boʻlmas gʻalati tovushlar qulogʻiga ilashdi. Toʻraqulning jahli chiqdi, gʻazabi qaynadi. Qaysi betavfiq oromini buzadi? Halovatiga xalal beradigan kim u? Xiyla fursat oʻtar-oʻtmas endi roʻparasida gʻala-gʻovur sharshara qoʻl qovushtirib qulluq qilgancha bosh egib turardi. Sharshara tilga kirgandek boʻldi:

– Toʻraqul aka, siz oʻzimizni jigar boʻlasiz-a.

Toʻraqul yerdan koʻzini uzib boshini koʻtardi. Koʻpik aralash, ustunga oʻxshash uzun bir narsa roʻparasida tosh qotib tippa-tik turardi.

– Man sharsharaman. Bir ogʻiz soʻzingiz, buyursangiz bas, taqa-taq toʻxtaymiz, daryo ham oqmay qoʻyadi.

Toʻraqulning amirona koʻngli bir hapriqib tushdi. Ha, endi, aytganini yelib-yugurib bajarmasa, kimga kerak bu sharshara-yu, daryo degani. Oqib qayoqqayam borardi? Nima karomat koʻrsatadi? Oqaveradi, oqaveradi, bir kuni yana qaytib keladi-da oldiga.

Toʻraqul balchiqqa botib yotganicha gʻoʻldiranib qoʻydi. Koʻngli taskin topgandek, xiyla orom olgandek, kulala tushgan oyoqlarini uzatdi. Koʻzlarini zoʻr-bazoʻr ochdi, boyagi oppoq sharshara haliyam roʻparasida qimirlamay turardi. “Ha, ne-ne-ga gʻoʻd-dayib qolding”, demoqchi boʻldi-yu, lekin ovozi chiqmadi. Dami ichiga tushib ketganini oʻzi ham sezdi chogʻi, ovozini koʻtardi:

– Ni-ma de-moqchisan?! Ti-la til-la-gingni!

Sharshara bir nima dedimi, demoqchimi, anglolmadi. Boʻgʻiq shagʻillagan tovush bilan qattiq chinqiriq ovoz qoʻshilib, quloqlarini qomatga keltirdi. Oppoq sharshara koʻziga balodek koʻrinib ketdi.

– Tinch qoʻyasanmi, yoʻqmi? – gʻudrandi Toʻraqul. – Namuncha shangʻillaysan! Bir-r tep-pa-man…

Toʻraqul oyoqlarini holsizgina qimirlatib qoʻydi. Keyin balchiqda uzala tushib, ikki kaftini birlashtirib boshiga qoʻydi-da, uyquga ketdi. Uzun simyogʻochdagi chiroqdan tushib turgan ipdek ingichka yorugʻlikda beton novdan jildirab oqqan ariq suvi sharshara boʻlib koʻrinib ketdi, shekilli.

Toʻraqul sabr-qanoatini mujib-mujib yeb tugatdi. Koʻngli huvullagan hamyonidek boʻm-boʻsh, ship-shiydam. Kuni-kecha lovullab yongan oʻsmirlik, yigitlik yulduzlari bitta-bitta soʻnib hovuchiga toʻkila boshladi. Endi ular bir paytlardagidek otashin emas, kuydirish tugul kaftini ham qizdirmayapti. U oʻziga ishonchini yoʻqotgandi, “oq sigir”ni, “sariq sigirni sutidan” boʻlak hamma narsaga qoʻl yuvib qoʻltigʻiga urib qoʻygandi. Ishonchini buklab-buklab jigʻildoniga suqib qoʻydi…

Peshona teri

Toʻraqul peshonasidan terni sidirib tashladi. Marjon-marjon tomchilar ingichka barmoqlari orasidan silqib yerga tushdi. Oyoqlari ostida shishalar bir-biriga urilib shaqur-shuqur ovoz chiqargandek boʻldi. Mudroq, nursiz koʻzlarini yaydoq daraxtdan uzib oyogʻi tagiga qadadi.

– Yo qudratingdan, yo karomatingdan… Bu ne moʻjiza?

Holsiz nigohi dabdurustdan charaqlab ketdi. Koʻzlari katta-katta ochildi. Shalviragan qoʻl-oyoqlariga kuch-quvvat yugurgandek boʻldi. Koʻzlariga ishonmasdi. Qayta-qayta yumib ochdi. Yoʻq, rostga oʻxshaydi.

– Yo alhazar, tushimmi-oʻngimmi?

Toʻraqulning peshonasidan toʻkilgan noʻxatdek-noʻxatdek ter tomchilari yerga tushar-tushmas aroq toʻla shishalarga aylanib qolardi. Bitta emas, ikkitamas, besh-oltita, shekilli. Qator tizilgan, qilqillagan limmo-lim aroq shishalari gijinglagan toychoqdek bosh koʻtarib gʻoz turardi. “Akang qaragʻay, biz boʻlamiz-da har qanaqa gʻum kallalarni epaqaga keltiradigan”, degandek shivirlab, imlagandek ham boʻlyapti.

Haliyam Toʻraqul akangni oʻzi zoʻr-da! Toʻraqul akangni oʻzi katta xazina. Mana, oʻz koʻzing bilan koʻrib turibsan-a, peshonasidan tomgan ter aroqqa aylangandan keyin qolganini qoʻyaver. Qovogʻarini inidek gʻuvullayotgan boshini rostlab olsin, ana undan keyin koʻrasan. Aqlman degani daryodek oqib kelsa bormi, jagʻi irvaygan xotini doim shunaqa javrasa-javrayversin, chakak uniki, oʻzi biladi. Oʻsha, jagʻi ochilgan botinkasidan boshigacha pulga koʻmilib ketadi.

Toqqa chiqmasang doʻlona, jon koyitmasang jonona qayda, deyishgani rost. Mana, ter toʻkkan edi, aroqlar turna qator.

Shundoqqina qoʻlini uzatsa bas, yetadi. Tomogʻi ham qaqrab ketdi. Bitta istakanni toʻldirib otib yuboradi. He-e, oʻqimagan-a. Erinmagan ekansan, istakanni yuq qilib oʻtirasanmi? Qopqogʻini ochasan-u, shishani oʻzidan sipqorib qoʻyaqolasan-da. Ana, haqiqat!

Ha, darvoqe… Toʻraqul oyoqlari ostida tizilib turgan shishalardan bittasiga qoʻlini uzatdi. Shu payt… shu payt… Toʻraqul koʻzini yaydoq daraxtdan uzib, oyoqlari ostiga qarashga ham ulgurmadi. Tippa-tik turgan daraxt soyasi birdaniga ariqqa yiqilib tushdi.

Hah, Toʻraqul, Toʻraqul-a, haliyam xomsan-da. Bu qoʻlmi yo kosovmi? Mahkamroq ushlasang boʻlmaydimi? Bir shisha aroqniki ushlab qololmagan, ariqqa qulatib yuborgan qoʻl qoʻlmi?! Shartta chopib tashlasang ham joning achishmaydi. Hah, notavon, haqiqatni adoyi-tamom qilding-da! Qoʻlmish-a, qolgan shishalarni ham yumalatib yubordi-ya. Birin-sirin ariqqa qulab, suvga botib ketdi. Eh, shuncha haqiqatni suvga choʻktirib yubordi-ya. Endi kimning giribonidan tutadi?

Toʻraqul qaddini rostlab balchiqdan turmoqchi edi, munkib ketdi, yuz tuban ariqqa quladi…

Soya

Toʻraqul suvi limmo-lim ariq yoqalab ketayotgan edi. Soyasi sirgʻilib suvga tushib ketdi. Engil-boshi jiqqa hoʻl. Taʼbi xiralashdi. “Hey, soya boʻlmay har narsa boʻl-a, boshga bitgan balo ekansan. Qachon qaramay, orqamdan ishkal chiqarib yurasan”. Koʻnglidan ming xil oʻy kechdi. Tashlab ketay desa, koʻzi qiymadi. Oʻzining soyasi. Oʻgirilib qarasa, “miq” etmaydi. Yetti qavat koʻrpacha solingan belanchakda yonboshlab olgandek suvda yalpayib yotibdi.

– Soyangni opichlab olsang boʻlmaydimi, – dedi pilchillab balchiq.

Toʻraqulning gʻashi keldi. Qoʻlini uzatib, piching aralash dedi:

– Turing, xoʻjayin. Hali boradigan joylarimiz, qiladigan ishlarimiz koʻp.

Soyaning dardi-dunyosi ichida ekan, tutoqib ketdi:

– Turmayman, hech qayoqqa bormayman. Qoʻlingdan kelganini qil.

Jahl aralash sensirab yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi.

Soya oldi-orqasiga, yon-veriga qarab oldi:

– Qachongacha izingdan ergashib yuraman. Hamma “falonchining dumi”, deb ustimdan kulgani kulgan. Xoʻrligim keladi-da. Tirik boʻlib toʻrda oʻtirmasam… yetar, bas, ortiq chidolmayman, toqatlarim toq boʻldi.

Toʻraqul avval garangsib qoldi, keyin kulgisi qistadi:

– Hey, kimligingni bilasanmi, oʻzi? Mening soyamsan-a! Axir, mensiz holing nima kechadi? Mensiz koʻrarga koʻzing, oʻylashga boshing, soʻzlashga tiling, yurishga oyogʻing, ushlashga qoʻling, eshitishga qulogʻing boʻlmasa? Oʻzingga bir qarasang-chi? Nafas olaman, desang burning ham yoʻgʻ-a.

– Sendan ajralsam bas, hamma narsam but boʻladi. Shu suvda ildiz otaman, daraxtga aylanaman. Shox-butoqlarimdan favvoraga oʻxshab suv otiladi. Barglar oʻrnidan tomchilar tomib turadi. Oʻtgan-ketgan toliqsa koʻlankamda hordiq chiqaradi, chanqogʻini bosadi, bildingmi?

Toʻraqul tajanglashdi:

– Oʻzing soya boʻlsang, koʻlankang oʻzingdan ortmasa kerak.

Soyaning ovozi yanada dadillashdi:

– Koʻlanka, deb meni koʻp ham kamsitaverma. Sen bilan gaplashayotgan ekanman, demak, odamlik siyoqiga kiryapman-da. Sen ham soyangni koʻnglingdan qidir. Koʻmir yer ostida, zulmat qoʻynida tugʻilgani uchun qora boʻlib qolgan, deb oʻylaysan-da. Aslo, behuda xomxayollar bu. Odam boʻlsang ham hech narsani bilmas ekansan. Odam boʻlib dunyoga keldim, deb gʻoʻdayib yuravergansan-da.

Toʻraqulning xunobi oshib ketdi. Oʻzining soyasi shunchalik gʻalva orttirib, gʻavgʻo solib tursa. Ursa – urilmasa, tepsa – tepilmasa… Qopga solib suvga choʻktiraman, desa ham choʻkmaydi. Na otiladi, na yoʻqoladi. Iziga yopishib olgan. Tavba, munchalik yopishqoq, munchalik xira, munchalik shilimshiq soya boʻladimi?! Yana odamman, deganiga oʻlasanmi? Bu dardi-bedavoni nima qilaman, undan qandoq qutulaman? Goh u, gohi bu yonimda lipillab qoladi. Bir qarasa, orqamdan shoʻltillab ergashadi. Gohida oʻpkasini qoʻltiqlab oldimga tushib chopqillab qoladi. Koʻrsang – koʻrgudek, bilsang – suygudek, oʻlsa – kuygudek hamroh boʻlmasa. Hamsoyalikka yaramasa. Raddi balo-ya. Buyam bir koʻrgilik.

Toʻraqul siltalanib nimadir demoqchi edi, soya suv toʻlqinida bir himralib, uzala tushib yonboshlagan qaddini xiyla rostlab oldi. Uzatgan oyoqlarini yigʻishtirib, chalishtirdi. Keyin, zum oʻtmay toliqdimi, yo oʻtirishi oʻziga yoqmadimi, ikki kaftini boshiga yostiq qilib chalqancha tushib yotgan koʻyi sermaldi, qaddini rostlab, chordana qurib oʻtirdi.

– Koʻp ham odamman deb kerilaverma, – soʻz boshladi soya. – Bino qoʻyib, oʻzingni unutib qoʻyma. Hamma ota-onasini unutmagandek, men ham aslimni, kimligimni yaxshi bilaman. Asli, xoʻjam oʻzingsan, Toʻraqul. Qara, kap-katta odam boʻlib qoldim. Qaddi-bastimni koʻryapsanmi, togʻni tolqon qulgudek kuch-quvvatim bor. Ayt-chi, qaysi Qoratogʻni qayirib beray?

Esingdami, Toʻraqul. Beshinchimi-oltinchimi sinfda oʻqiyotgan kezlaring edi. Etagingni tugib, ishtonchan maktabga chopqillab ketayotgan paytingda onang shoʻrlik necha marta “hay-hay, uyat boʻladi-ya, bolam”, deya qaytarib qolgandi, ishtonmidi, shalvarmidi, kiygizib yuborgandi. Betiyiq eding-da, oʻzing ham. Esingdami, hali soʻfi azon aytmasdan burun qorongʻi saharda turib, toʻppa-toʻgʻri ogʻilxonaga yugurgilab qolarding. Yuvuqsiz yuzingni sigir yeliniga ishqalab-ishqalab emib qoʻyarding. Qorningni poʻpaloqday chiqarib olgach, “tuya koʻrdingmi, yoʻq” degandek hamma aybni gung buzoqqa toʻnkab ketaverarding. Uni arqondan boʻshatib, hech narsa bilmagandek, yana oʻrningga kirib yotib olarding.

Bomdod namozidan keyin sigir soqqani borgan onang shoʻrlik ogʻilxonada shataloq otib yurgan buzoqchani koʻrib, “voy, esim qursin-a, kechqurun emdirgandan keyin tagidan ayirmagan ekanman-da”, deya boʻsh chelakni daranglatib ogʻilxonadan quruq qaytardi. Shomda ham daladan sigirni yelinini shalviratib qaytarib kelarding. Onang yumshoq ayol edi-da. Qattiq-quttuq gapirishni bilmasdi. “Voy, toʻymagur-ey, arqonlasang ham boʻshalib, emib qoʻyibdimi”, deb qoʻya qolardi. “Qaydam, – derding mugʻambirlik bilan. – Buzoq-ku, yechilishga yechilmadi. Arqoni yoʻgʻon, uzib ketolmaydi, qozigʻi ham qattiq qoqilgan edi. Sigirning oʻzi yelini toʻlib ketgach, bolasini oldiga kelib emizib ketadigan odat chiqaribdi, shekilli”, derding.

Asli quvlik-shumlik qoningda bor. Necha yil sigir tutib, buzoq boqib, uyingdagilar sut-qatiqqa yolchimadi-da. Na ota-onangga, na jigarlaringga oqlikni ravo koʻrmading-ku. Oʻshanda seni qargʻish urgan, bilasanmi? Seni hech qachon qorang oʻchmaydi. Qorang koʻrinmaydi ham. Afti-angoringni, tanangni qoraligi ichingga urib ketgan. Qargʻish tekkan moʻndisan, moʻndi!

Toʻraqul oʻz soyasidan shunchalik dashnom eshitaman, deb sira oʻylamagandi.

– Odam boʻlaturib, odamlik siyoqing yoʻq, – deya haligacha meni tepkilashadi, koʻzimni ochirishmaydi. – Toʻraqulning figʻonidan tutun chiqib ketdi. – Koʻlanka odamga aylanib nima qilib berarding? Nima karomat koʻrsatarding?

Tekinning shoʻrvasi tatimas

 

Qargʻalarning ogʻir va boʻgʻiq qagʻillagan tovushi erta tongni uygʻotib yubordi. “Qagʻ-qagʻ”, “qagʻ-gʻ, qagʻ-gʻ-gʻ”, “qagʻ-qagʻ”. Toʻraqul yostiqdan boshini koʻtarib, uyquchan koʻzlarini uqalab-uqalab, gʻira-shira osmonga tikildi. Tumonat qargʻa shimolga qarab uchib ketayotgan edi. Nimalardir esiga tushgandek boʻldi. Koʻnglidan totlimi, oʻychanmi, nimalardir kechdi. Dastlab koʻzlarida nur yiltiradi. Soʻngra xiyol namlandi. Chehrasiga nim tabassum boʻlib koʻchdi. Iyagiga botgan ajinlar titragandek, jon kirgandek toʻlqinlanib qoʻydi. Hayajoni shudgor dalasini eslatgan peshonasidagi qavat-qavat ajinlariga koʻchdi. Titroq toʻlqin gʻadir-budur ajinlarini silab oʻtdimi, peshonasi dazmollangandek tekis unnadi qoʻliga.

Koʻnglini yorishtirib kelayotgan oʻsha tuygʻu, oʻsha shirin his nima edi? Qargʻalarning “qagʻ-qagʻ” tovushi koʻnglini bir agʻdarib tashladi. Koʻzi yumuq xotiralarini uygʻotib yubordi. Hah, nimalardir esiga tushgandek boʻluvdi-ya. Oʻsha shirin gʻuluv nima edi, oʻzi?

Xayolidan yalangoyoq soyalar chopib oʻta boshladi. E-ha, yoʻnilmagan tayoq yugurtirar yalangoyoq. Soyalar nega zir tirqirab qoldi? “Ha” degani xoʻjasi, “be” degan boʻjisi yoʻqmi? Ana, ana, bir xillarining boshida quloqchin telpagi ham bor, bir xilining sochi toʻkilgan, baʼzi soyalarning boshi toʻla jingalak soch, ayrim soyalar – taqir kal bosh. Oyogʻidan oʻt chaqnagani qanchadan-qancha. Eshakka teskari minib olganlari-chi, eh-he, loʻkillab ketayotganini aytmaysanmi? Oyogʻini qoʻliga olib chopib borayotganlari son mingta. Xuddi qovogʻarining ini buzilgandek. Iniga choʻp suqilgan, toʻzigan chumolilardek besaranjom.

– Hali tuz ham totmovdim-a, – deydi semiz soya yelpinib.

– Menga qara, birodar, – deydi oʻpkasini qoʻltiqlagan boshqa bir soya. – Qayoqqa ketayapmiz, nimaga chopayapmiz?

– Hov anavi doʻkonda oq surp berishayapti deyishdi-ku, shungadir-da, yana qaydam, – dedi yonidagi soya boshini qashib.

Toʻraqulning koʻlankasi hamsoyalaridagi hayronlikka tiniqlik kiritmoqchi boʻldi, shekilli, salmoqlandi:

– Bir oʻramdan berishayotgan ekan, tagʻin tekinligini aytmaysanmi?

– Be, qoʻysangchi, hozir tekinga mushuk oftobga chiqmaydi, – zarda bilan javob berdi sersoqol semiz soya.

– Yoʻq, rostdan aytvomman. Oʻz koʻzim bilan koʻrdim, – koʻzlari ich-ichiga botgan Toʻraqulning soyasi xijolat tortib, behol soʻz qotdi.

– Voy, menga qara, – semiz soya qoʻlini paxsa qilib siltandi. – Laqma laqqilarni topib oldim, nima desam ishonaveradi, deb oʻylama. Tekinga havo yoʻq-ku, oq surp deysan-a. Qaytaga nega kechasi uzayib ketganini oʻylasanchi, pandavaqi.

Semiz soyaning gapi Toʻraqul soyasining gʻashiga tegdi. Achchiq garimdori chaynab olgandek afti bujmaydi:

– Ol-a, topgan gapiga oʻlasanmi? Axir, qishda kunduzi qisqa, kechasi uzun boʻladi-da. Shuniyam bilmaysanmi, kim aytadi sani oʻqigan deb?

Semiz soyaning peshonasi tirishdi. Ajinlari bir-biriga mingashib mayishib ketdi. Lovullagan choʻgʻni bosib olgandek bir seskanib tushdi.

– Qayoqdan katta ogʻiz boʻlib qolding? Kuni-kecha loy yeb, tezak terib yurganding. Sen orqalagan bir qop gapning tuzi bor-da, bizniki betamizmi? Odamlarni jin uribdi, deb eshitardim. Lekin soyalarni ajina chalishini endi koʻrib turibman.

Toʻraqulning soyasiga bu dahanaki tortishuv yoqmadi, oʻyindan oʻq chiqib, rostakam yoqalashishga aylanib ketishidan choʻchidi. Soyalar orasidan sirgʻilib chiqib, oʻzini chetga oldi. Katta asfalt yoʻlda hansirab brichka arava tortib ketayotgan besoʻnaqay soyaga yaqin bordi. Salom berib, gap qotdi, u soʻyloq tishlari orasidan tupugini sachratib javob qaytardi. Nimagadir kelishishdi chogʻi, gʻoʻlabirday soya qoʻlidagi zil-zambil paqirni bir chekkaga qoʻydi, beliga urilgan egar-jabduqni yechdi, boʻynidan boʻyinturuqni chiqardi. Toʻraqulning soyasi bergan tugunchani qoʻltigʻiga qisib, qanor qoplar uyilgan aravadan uzoqlashdi.

Paqirning ichi toʻla boʻgʻiq, siniq, ingichka, yoʻgʻon, doʻrillagan xilma-xil tovushlar. Qoplarga yaqin bordi. Xuddi somon niqtalab shibbalangandek qoplar ham tovushlarga toʻla edi. Baqirgan, chaqirgan, oʻkirgan, yigʻlab-siqtagan, kulgan-qiyqirgan, ashula aytgan turfa tovushlar qoplardan bosh koʻtarardi.

Toʻraqulning soyasi brichka aravani orqasiga qaytardi, hovlisiga kiritib, eshigini tambalab ortiga qaytdi.

Soya Toʻraqulga yaqin keldi. Pinjiga kirib ketgudek erkalanib yaltoqlandi, himo bilan qoʻltigʻiga qapishdi. Qoshlari chimirildi. Nima qilsaki, Toʻraqulga yoqsa, nima aytsaki, Toʻraqulning koʻnglini olsa. Lekin Toʻraqul anoyilardan emas. Sirtdan qoʻy ogʻzidan choʻp olmagandek lavangi, lapashang koʻringani bilan yer ostida ilon qimirlasa biladi.

– Xoʻjayin, hov xoʻjayin!

Toʻraqul toqatsizlanib yon-veriga koʻz yugurtirdi. Hech narsa koʻziga ilinmadi. Bir mahal qoʻltigʻida nimadir gʻimirlagandek boʻldi. Tikilib qarasa, oʻzining soyasi.

– Ha, qayoqqa gumdon boʻluvding? Yerni tagiga kirib ketdingmi, osmonga uchib chiqdingmi? Izsiz, ovozsiz yoʻq boʻlib qolasan-a. Nima deysan?

– Ha, endi… tirikchilik-da, xoʻjayin. Roʻzgʻor boʻlak boʻlgandan keyin har kim oʻz aravasini oʻzi tortarkan. Xirmoningni oʻzing shopirib, tegirmoningni oʻzing tort, deyishgan-ku.

Soyasi loʻkillab, entikib, hansirab chopib borayotgan koʻlankalarga ishora qildi.

– Narigi mahalladagi doʻkonda bir kiyimlikdan oq surp berishayotgan ekan, tekinga… oshiqib, uloqib qolishgani shundan…

– Nima-nima, tekin dedingmi? Tekinga xoʻrozlar qichqirmay qoʻyganiga allazamonlar boʻldi, kallavaram. Tekinmish-a…

Soyasi Toʻraqulning nafsi oʻpqonligini yaxshi bilardi. Tekin kafan topilsa oyogʻini uzatib yotib oladiganlar xilidan.

– Endi, yomon kuningizga yaxshi niyat qilasiz-da, xoʻjayin. Tekin ekan, olib qoʻyaveraylik. Sizdan osh-non soʻramasa. Sandiqning bir chekkasida turaveradi. Koʻngil toʻqi-da. Keyin, oʻlimlik umringizga umr soʻraydi.

Toʻraqul lovullab ketdi. Qoʻtir otni yemga oʻrgatsang toʻrva teshadi, deyishguvchi edi. Keyingi paytda qadam olishi oʻzgardi, gap-soʻzlariyam sovuqlashibdi. Daromadi gapni aytganmish-a. He, niyating yoqangga yopishsin.

– Qoplarda nimalarni ortmoqlab yuribsan, yuking ogʻir-ku?

Soyasi savolni kutib turgandek bidirlab ketdi:

– Qashshoqning mashshogʻi koʻp boʻlarkan. Hammasi qiyqiriq tovush. Shovqin-suron deb oʻylamang, tagʻin. Chumchuqlarning chirqillashidan musichaning kuv-kuv-v-vigacha, tovuqlarning qaqillashidan xoʻrozlarning qichqirigʻigacha, otlarning kishnashidan eshaklarning hangrashigacha, childirma gijbadabangidan nogʻora taka-tumlarigacha, hammasidan bor.

Soyasining soʻzamolligidan ensasi qotdi:

– Boshimga uramanmi ortiqcha dahmazani. Ana, oborib Boʻzsuvga oqizib yubor. Zora tovushlarni yutib baliqlarning ham tili chiqsa.

– Unaqamas, xoʻjayin, – soyasi kuyib-pishib tushuntirishga tushdi. – Bu tovushman degani tiriklikning tirgagi, oʻligingiz egasi. Hech kimni bir yoshga bogʻlab qoʻymagan-ku. Qariganda hassamidi, qoʻltiqtayoqmidi, degandek kuningizga yaraydi. Qolaversa…

– Ha, yana nimasi qoldi? Odamni xit qilib yubording. Kerakmas deyapman-ku.

– Endi, xoʻjayin, ertami-kechmi, barvaqt qiy-chuv boʻlib qolsa, orqangizdan yigʻlab qoladigan oʻgʻil-qizingiz yoʻq. Manavi qopdagisi gʻij-gʻij yigʻi. Hech qanaqa goʻyandaga hojat qolmaydi. Qop ogʻzini ochib yuborilsa bas, atrofingizni koʻzyoshlari-yu oʻkirik yigʻi-sigʻi tutib ketadi.

Toʻraqul tutoqib ketdi. Taʼzirini beray degani bilan tutqich bermaydi. Qolaversa, koʻlankani tepkilab baraka topib boʻlarkanmi? Bir kunmas-bir kun qoʻlimga tusharsan, degandek qahrini ichiga yutdi.

Toʻraqulning soyasi bilan gapi qovushmadi. Ikkovi ikki tomonga ajralib ketdi.

Soyaning xiyonati

 

Toʻraqul uydan eshikka chiqqisi yoʻq edi. Shayton yoʻldan urdimi, ajina chaldimi, oʻziyam tayin-tiyiq bilmaydi. Falokat oyoq ostida deganlari shudir-da, yoʻlakdan oʻtib endigina koʻchaga chiqqanini biladi, “gʻarch” etkazib boshini bosib olsa boʻladimi? Ha, xuddi shunday boʻldi, etaginimas, pochasinimas, chaqin urgandek shunchalik tez sodir boʻldiki, oʻziyam bilmaydi, qoʻqqisdan boshini bosib oldi. Qattiq chinqiriqdan choʻchib tushdi.

– Voy-dod, oʻz egam poshnasining tagiga olib ezdi-ya! Hey, boshing boʻlaman-a, nodon…

Parishonlik qursin, xayoli chalgʻitmasa, gadoy yurmagan koʻchalarga olib kirib ketmasa, shunaqa qilarmidi? Oʻziga qolsa, oʻsha qadamini bosmasdi-ya.

Soyasi xiyonat qildi. Egasining boshi sajdaga egilgandayam soyasi qurgʻur, ne-ne sotqinlikka bosh qoʻshmadi. Hozir egasining poshnasidan oʻzini olib qochsa boʻlardi-ku! Joʻrttaga shunaqa qiladi. Boshi bilan oyogʻini urishtirib qoʻymoqchi edi. Mana, muddaosiga yetishdi. Ana endi tovon bilan bosh olishuvidan chiqqan olovda isinib, tarallabedod yuraveradi.

– Oʻz boshini ezgʻilab, yerga qapishtirgan odam emas, jallod, – ayyuhannos koʻtardi soyasi. – Chap koʻzi oʻng koʻzini oʻyib oldi-ya. Kipriklari qilt etishga ham ulgurmadi. Qorachigʻini aytmaysizmi, bir zumda loʻqqaydi-qoldi.

Soyasi koʻzlarining qonini ichib, yogʻini yalab oldi. Baribir, nafsi qonmadi. Tamshanib qoʻydi.

Toʻraqulning dardi-dunyosi zimiston, ich-ichiga choʻkib ketdi. Boshini changallay, sochlarini yulay desa, soch ham, boshning oʻzi ham yoʻq. Oʻzi ketsa ming goʻrga, badar qorasini koʻrsatmasa ham mayli! Gumdon yoʻqolib ketavermaydimi? Tushlarini, xayollarini ham qoʻyniga solib gʻoyib boʻlganiga oʻlasanmi?

Tanasiga oʻylab qarasa, shu boshidan avvallari ham bir roʻshnolik koʻrmabdi. Doimo bir ishkal, bir gʻavgʻo chiqarib yuradi. “Boshga tushganini koʻz koʻrarkan-da”, deya hamma qilgʻiliklarini ichiga yutdi. Qayoqqayam borardi. Yaxshimi, yomonmi, oʻzining boshi, qoʻni-qoʻshnilar, mahalla-koʻy shu bosh dastidan koʻzini ochirishmadi-ku. “Xom kalla”, “poʻkak bosh”, “qovoq bosh”, “shovur-shuvur quti”, “chala chipqon”… yana nimalar deyishmadi? Malomatdan boshi chiqmadi-yu. Hammasiga chidab keldi.

Aslida, har qanaqa balo degani Toʻraqulga yaqinlashishga zirillardi. Toʻraqul shunaqangi baloyi azimki, ajinalarni chalib yiqitgan, shaytonlarga “hayf” bergan akang qaragʻay boʻladi. Bitta-yarimta balomish-a. Yuztasi kelmaydimi! Oldiga solib tirqiratib quvlamasa Toʻraqul otini boshqa qoʻyadi. Qanchadan-qanchasini etagini orqasiga tugib, zir qaqshatib quvib yuborgandi. Har qancha balo Toʻraqulni qoʻlidan omon qutulganiga shukur qilardi. Endi soyasining bu qilgʻiligiga sirayam chidolmasdi. Qaysi baloga giriftor boʻldi, soyasiga ergashib boshi ham Toʻraqulni tashlab gumdon boʻldi-ya.

– Yoʻq boshda aql nima qiladi?

Soyasining achchiq istehzosi quloqlari ostidan shangʻillab oʻtdi. Toʻraqul choʻchib tushdi, sovuq urgandek vujudi seskandi. Ogʻir oʻylar girdobida qoldi.

Endi boshsiz holi nima kechadi? Koʻrarda – koʻzi, eshitarda – qulogʻi, aytarda – soʻzi edi; birovning raʼyiga yuray desa shirinmi, achchiqmi, nordonmi – taʼm bilarda tili, nafas olishu chiqarishda, badboʻymi, xushboʻymi – hid bilarda burni, hamma-hammasi shu boshida edi-ku. Balo degani yopishmasin ekan. Bir yoʻla bor boyligidan ajralib oʻtiribdi.

Toʻraqul tukidan tirnogʻigacha qaygʻu botqogʻiga botib borardi. “Eh, qaygʻularim, mushfiq jigarlarim, – u oʻzi bilan oʻzi gaplasha boshladi. – Boshingizni kim silaydi endi? Oʻlib-netib ketsang, kim qabringga yoʻqlab keladi? Ruhingni yod etib, kim duoi fotiha oʻqib turadi? Kim? Kim? Kim?”

Payrahadan choʻgʻ qolmaydi, toʻgʻri. Lekin oʻkinchlari yurak-bagʻrini oʻrtab yubordi. Doʻstingni oʻng qoʻlim deb bilsang, dushmaningni chap qoʻlim deb bil, deguvchi edi u. Boshining qilib turgan ishini qaysi biriga yoʻyadi? Qaysi gunohlari uchun munchalik jazo?

Bahorning salqin shabadasi elitdimi, ogʻir oʻylar toshi bosdimi, yo hadsiz xayollari toliqtirdimi, Toʻraqul esnay-esnay pinakka ketdi. Rahmatli onasi bilan sobiq boshi tushiga kiribdi. Onasining koʻzi yoriyotgan emish. Chaqaloq yigʻisi qolib, boʻgʻotga osilgan mov mushukning chinqirigʻiga oʻxshash tovush onasini choʻchitib yubordi, vujudini sovuq terga botirdi.

Bolasi badanida oq dogʻlarni koʻrgan zahoti ona koʻnglidan nimalar kechmadi ekan, yolgʻiz Ollohga ayon. Ona baribir ona-da. Mehri iyib ketib, bolasining boshini siladi. Qay koʻz bilan koʻrsinki, hovuchiga oppoq qazgʻoq toʻlib chiqdi. Ijirgʻanishga oʻxshash noxush sezgi miyasiga chaqindek urildi. Beixtiyor qoʻlini siltab, hovuchini qoqib tashladi. Oradan xiyol fursat oʻtib, yana bolasining boshini siladi. Yana oppoq qazgʻoq hovuchini toʻldirdi. Qavat-qavat qazgʻoq qayerdan kela qoldi, bilmadi.

Onasining barmoqlariga silliq soch emas, quruqshoq, oppoq, yumshoq bir nima unnadi…

Boshi bir siltanib, yostiqdan koʻtarildi. Hozirgina koʻrgan tushini qoʻyniga yashirib pildiragancha soyasiga ergashdi. Qarasa, Nur qoʻlida uchi ayri qilich bilan soyani oldiga solib quvlab ketyapti. Soyasi serkepak qazgʻoqli boshini qoʻltigʻiga qisgancha qochib boryapti. Nur esa quvlayverdi, quvlayverdi. Yana ovozining boricha baqirishi-chi! “Oʻlikning soyasini ushlanglar! Kechagi tushimni oʻgʻirlab ketdi. Uning qoʻliyam, koʻngliyam egri. Tushimni olib qochdi. Ushlanglar uni! Itning nafasi u! Kasofati urmasin tagʻin”, dermish.

Toʻraqul choʻchib uygʻondi. Jiqqa terga botibdi. Uyat, oʻkinch, alam chirmoviqdek chirmab olgandi. Ota tiyigʻini koʻrmagandi, ona yoʻrigʻiga yurmagandi. Kimning qargʻishi urdi? Nega boshi qochib ketadi?

Toʻraqul xayolan boshi bilan suhbatlashishga tutindi. “Senga nima boʻldi? Ayb gunohning qarindoshi ekan-ku! Isnod ham uning tomirimi? Yoki qorning qayerda toʻysa, koʻzing xiralashib diling kirlanadimi? Xotirangni oʻshanda unutib qoldirdingmi? Uyquga botganda koʻz nuringni yoʻqotgansan-da. Yoʻqsa, oʻzingni topish uchun, aslingni tanish uchun soyangni quvalab yurasanmi? Kuning soyangga qoldimi? Tutolmasdan, tonglarni shomlarga, kunlarni tunlarga ulab, uyqungni boshida mijja qoqmay tong ottirasanmi?”

Toʻraqul boshini yoʻqotib qachongacha sir boy bermay yuradi? Boshsiz ham yashab boʻlarkanmi?

 

Noʻmonjon RAHIMJONOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

 


[1] Jurnal varianti.

https://saviya.uz/ijod/nasr/jimjit-jolalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x