Olovli yillar manzaralari

Har yili Xotira va qadrlash kuni arafasida ikkinchi jahon urushi yillari bolalikda kechgan sertashvish kunlarimiz, qisman gʻurur-iftixor, koʻproq armon-oʻkinchlarga toʻla xotiralar yodga tushaveradi. Bu gal ham fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 70 yilligi tantanasi kunlarida oʻsha tahlikali 1943 yili qishlogʻimizda tashkil topgan front orti yoshlar zarbdor brigadasi bilan bogʻliq voqealar koʻz oldimdan oʻta boshladi.

Toʻrtinchi sinfni endigina bitirib yozgi taʼtilga chiqqanimizda, birdaniga urush boshlanib hayot algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi, armiya yoshidagi erkak zoti boʻlsa, barchasi birin-ketin jangga safarbar etila boshladi, kolxozdagi dala ishlari esa qariyalar, ayollar, hali voyaga yetmagan biz tengli oʻsmirlarga qoldi. Oilada yetti farzandmiz. Dadamiz qoʻshni kolxozda rais, tongda ishga ketib, yarim tunda uyga qaytadi, haftalab diydor koʻrishmaymiz. Turmush kundan-kunga ogʻirlashib boraverdi, ayniqsa, urushning ikkinchi yili boshlarida vaziyat nihoyatda taranglashdi, qahatchilik boshlandi, ochlikdan sillasi qurigan, kunjara yeb shishib oʻlganlarni koʻrdik. Boz ustiga, har kuni, kunora frontdan “qora xat”lar kelib turardi, goh u, goh bu xonadonda koʻngilni vayron qiladigan yigʻi ovozlari eshitilardi. Nazarimda, butun mamlakat olov ichida yonardi.

Shunday tang bir pallada Ukrainadan oʻlkamizga koʻchirilgan son-sanoqsiz oilalardan naq oʻn ikkitasini oʻz bagʻriga olish, ularni xonadonlarga joylashtirish, tirikchiligini taʼminlash qishlogʻimiz chekiga tushdi, dadamiz tashabbus koʻrsatib kiyevlik bir ziyoli oilani xonadonimizga boshlab keldi, mehmonxonamizga joylashtirdi. Shu kundan boshlab tancha atrofida bir dasturxon tevaragida moychiroq yorugʻida gurung qurib birga ovqatlanadigan boʻldik. Mehmon oilaning yagona farzandi tengdoshim Yanik bilan doʻst tutindik, men bilan birga maktabga qatnay boshladi, bir partada yonma-yon oʻtirardik, ikki oy deganda yaxshigina “oʻzbek”ka aylandi. Urush tugab, Yanik oilasi bilan yurtiga qaytgach, maktabni bitirib Kiyev universitetida taʼlim olib sport sohasi boʻyicha mashhur xalqaro jurnalist boʻlib yetishdi, oradan yillar oʻtib bir vaqtlar tuzini tatigan el-yurt hurmati oʻzbek kurashi haqida salmoqdor bir kitob yaratdi, kitob taqdimoti munosabati bilan Toshkentga kelganida bolaligi kechgan Fargʻonaning Rapqon qishlogʻini ziyorat qilib, bu yerda orttirgan bolalik doʻstlari bilan gurung qurib, ogʻir yillarda koʻrsatilgan cheksiz muruvvat-ehtirom uchun qishloq ahliga tashakkur izhor etdi… Birgina Rapqon qishlogʻida oʻta tang vaziyatda urush ketayotgan sarhadlardan koʻchirilgan oʻn ikkita oilani qabul qilib olish, oʻzi yemay, ularni siylash… bugun bularni aytish oson, azizlar! Oʻsha kezlari butun mamlakatimizda qanchadan-qancha urush jabrdiydlari jon saqlab qoldi ekan!

Kezi kelganda, aytib oʻtay: garchi dadamiz rais boʻlsalar-da, turmushimiz oddiy oilalar tirikchiligidan sirayam farq qilmasdi. Padari buzrukvorimiz ham madrasa, ham zamonaviy taʼlimni olgan bilimdon, halol, haromdan xazar qiladigan iymon-eʼtiqodli odam edilar. Yaqinda eronlik kinoijodkorlar yaratgan “Samoviy bolalar” filmini qayta tomosha qilaturib, oʻzimning urush yillaridagi nochor bolalik xotiralarim yodga tushib, koʻzimga yosh oldim. Filmda koʻrsatilishicha, qashshoq oilaning ikki bolakayi – aka-singil ikki smenada maktabga qatnaydi, singil tuflisini yoʻqotgani sababli akasining poyabzalini kiyib darsga qatnashga majbur. Singilcha maktabdan qaytishi bilan yoʻlda uni sabrsizlik bilan kutib turgan akasiga oyoq kiyimini yechib beradi, akasi uni oyogʻiga ilib maktabga chopadi, endi singil akasi yechib ketgan yirtiq-yamoq shippakni sudrab uyiga qaytadi… Har kuni shu ahvol… Urush yillari ukam ikkimiz maktab yoʻlidagi koʻprikda ayni oʻshanaqa “operatsiya”ni koʻp marta bajo keltirganmiz. Qish kunlari yalangoyoq qor kechib oʻsha koʻprikkacha borgan, u yerdan esa oʻqishdan qaytgan ukam tuflisini kiyib darsga chopgan kunlarim koʻp boʻlgan.

Oʻshanday tang vaziyatda qishlogʻimizda yoshlar tashabbusi bilan front orti zarbdor brigadasi tashkil topadigan boʻldi. “Patriot”ligim tutib oltinchi sinf oʻquvchisi – kamina oʻqishni vaqtincha toʻxtatib brigadaga tabelchi boʻlib ishga kirdim. Brigada aʼzolari, asosan, 14-17 yoshli oʻspirinlar, qizlar orasida esa yoshi ulugʻroqlari ham bor; 17 yoshli akam brigada boshligʻi, urushdan yarador boʻlib qaytgan qoʻshnimiz Ergash aka esa maslahatchi. Brigadaning 60 gektar ekin maydonining yarmiga qand lavlagisi, yarmiga esa paxta ekiladi. Darvoqe, urush olovida yonayotgan mamlakat ichkarisidan qandaydir qand-shakar zavodi Qoʻqonga koʻchirib olib kelingan, zavodga qand lavlagisi yetishtirib berish koʻplab shahar atrofi qishloqlari qatori bizning chekimizga ham tushgan edi. Pilla terimi tugashi bilanoq iyun oyining boshlaridan sentyabrgacha brigadaning 45 kishilik aʼzolari barchasi dala shiyponiga koʻchib chiqadi, shiyponning oʻrtasiga qanor parda tutilgan: u yogʻida ayollar, bu yogʻida esa oʻgʻlonlar tunaydi. Brigadada harbiy intizom joriy etilgan. Brigadir akam tashkiliy ishlar bilan band, ekin agronomiyasi Ergash aka zimmasida, men esa vazifamga koʻra tong saharda zang qoqib brigada aʼzolarini uygʻotaman, ular apil-tapil oʻrnilaridan turib, yuz-qoʻllarini yuvib bakda qaynatilgan olma qoqi bilan qizartirilan “choy” hamda zogʻora non bilan tamaddi qilib, ishga otlanadi, peshin mahali, shom payti ham shu xildagi zang sadosi ostida shiyponga toʻplanish, tamaddi qilish, biroz gurunglardan soʻng uyquga yotish… Har holda, har kuni qozon qaynab turardi, joʻxori osh, qovoq, lavlagi shoʻrva… Haftada bir marta qozonga goʻsht ham tushib qoladi; yoz emasmi, birin-ketin tut, oʻrik, olma pishib dasturxonni bezaydi, soʻng qovun, tarvuz deganlariday – sekin-asta afti-angorimizga rang yugura boshlaydi. Brigadada uch yil ishlagan boʻlsam, har yili plan ortigʻi bilan bajarilardi.

Kaminaning asosiy xizmatim, odatdagidek, tongda zang qoqib aʼzolarni uygʻotish, ishga safarbar etish, daladan shiyponga chorlash, muhimi, mehnat intizomi, jarayoni, ish sifatini nazorat qilish, sarjin orqali oʻlchab, ish ijrosi hajmini aniqlash, ish natijalari hisobini kechqurun kolxoz idorasi qoshidagi bosh tabelchiga yetkazish…

Bular bilan cheklanmay, brigada uchun ajratilgan gʻoʻza va lavlagi egati oralarini yumshatishga moʻljallangan okuchnik – yer tirnogʻich boshqaruvchisiga yordamlashish. Okuchnikni frontovik Ergash aka boshqarardi. Boshda okuchnik qoʻshilgan otni minib uni olgʻa yurishga, marraga yetgach, ortga qaytarishga urinaman. Ot jonivor ogʻir mehnatdan suv terga botib hansirab qoladi… Egat oxiriga yetganda, saman otning boshi egilib, yurishga madori yetmay, koʻzida yosh qalqiganday boʻladi. Shunda unga rahmim kelib, ot ustidan tushaman, endi uni yuganidan yetaklayman, yalangoyoqlarimga kesak botib bezillaydi, chidayman. Ot hordiq chiqarayotgan, oziqlanayotgan kezlari brigada aʼzolari ishlarini nazardan oʻtkazaman, nihoyat, shom qorongʻisida ish natijalarini sarhisob qilishga tushaman…

Ergash aka holimni koʻrib rahmi keladi, shekilli, “Men ham sendek tinim bilmayman, agronomlik bilan cheklanmay, urushda oʻq uchirib ketgan tovonsiz oyogʻim bilan egat oralab tongdan shomgacha oqsoqlanib shu ot izidan ergashaman… Senga ham, menga ham, otga ham qiyin… Lekin bular nima boʻlibdi. Odamlar urushda qon kechib, jon berib, jon olishib yuribdi-ku! Shukurki, oʻshanday ola-tasir jahannamdan yiroqdamiz”, degan soʻzlarini takrorlashdan tinmaydi.

Odam bolasining tabiati qiziq ekan-da, oʻshanday sertashvish kunlarda, kishi tinka-madorini quritadigan mehnatdan soʻng, tunda shiypon yonida goho mashʼala yoqib oʻyin-kulgi ham uyushtirib turamiz, Munavvarxon childirma chertib oʻzbekcha, tojikcha laparlar kuylaganda odamni sel qilib yuborardi, kulgi-qiyqiriqlar avjiga minardi… Bir nafasdan soʻng, ajab, urush davri tafti, zamon gʻussasi qora bulutday yana koʻngillarga bostirib kelaveradi…

Olovqalb shoir Muhammad Yusufning “Urush yillarining jonon qizlari” sheʼridagi mana bu satrlar shaxsan men uchun tanish manzaralardir:

 

Qahramon yigitlar urushga ketdi,

Choʻgʻ boʻlib yondirib qoldi izlari.

Olovlar ichida boʻyingiz yetdi,

Urush yillarining jonon qizlari.

 

…Qorlar kechib yurib koʻsaklar tergan,

Sepini toʻp qilib frontga bergan.

Yigit koʻrgan hamma baloni koʻrgan,

Urush yillarining jonon qizlari…

 

Sheʼrdagi “Sepini toʻp qilib frontga bergan” satrini har gal oʻqiganimda, 1943 yilgi dala shiyponida roʻy bergan bir voqea koʻz oldimda shundoqqina gavdalanaveradi.

Oʻsha kezlari viloyat boʻylab ixtiyoriy tarzda jamgʻarma yigʻib front uchun toʻp-zambarak yoki tank sotib olish kompaniyasi ketayotgan edi. Tuman rahbariyati, harbiy komissariat vakillari ishtirokida oʻtgan shiypondagi marosimda brigadamizdan 16 chogʻli boʻy yetgan qizlar sepi uchun sandiqda asrab qoʻygan bisotlarini frontga hadya etgan, men esa ularning roʻyxatini qogʻozga tushirgan edim.

Gapiraman, yozaman desam, gap koʻp. Front ortida sodir boʻlgan mashaqqat, musibat, odamlarning ohu zorlarini qoyilmaqom qilib, abadiyatga muhrlagan “Sen yetim emassan”, “Asror bobo”, “Ufq”, “Nido”, “Ikki eshik orasi”, “Besh bolali yigitcha” singari benazir asarlarimiz bor. Bu borada ulardan oshirib biror yangi gap aytish bizga yoʻl boʻlsin. Lekin oʻsha men tabelchi boʻlib ishlagan kezlarim brigada dalasida oʻzim guvoh boʻlgan bir fojiaviy hodisani aytmay oʻtolmayman. Oʻsha tungi bazmimizga fayz baxsh etgan benazir ovoz sohibasi Munavvarxon mashhur kinorejissyor Komil Yormatovning jiyani boʻlib, qoʻshni Konibodom tumanidan mahallamizdagi eshonzodalarning biri xonadoniga kelin boʻlib tushgandi. Toʻydan keyin bir oy oʻtar-oʻtmas, kuyovtoʻra harbiy xizmatga chaqiriladi. Yosh kelinchak Munavvarxon esa togʻasi Yormatovning maslahati bilan zarbdor yoshlar brigadasiga aʼzo boʻlib kirgandi. Boshda tengdoshlari qatori kundalik ish normasini oshigʻi bilan bajarib yurdi. Nima boʻldi-yu, kundan-kun rangi oʻchib ishda orqada qola boshladi; vazifamga koʻra unga tanbeh berib, jiddiy ogohlantirdim, baribir, foydasi boʻlmadi. Keyin bilsam, ogʻir mehnatning yuki olib, besh oylik homilasidan judo boʻlibdi. Bundan xabar topgach, karaxt boʻlib qoldim…

Shundan keyin Munavvarxonni qayta koʻrmadim, keyinchalik eshitishimcha, ota-onalari Konibodomga olib ketishibdi. Munavvarxon brigadamizdagi fayzni ham oʻzi bilan birga olib ketdi. K. Yormatov jiyani aʼzosi boʻlgan yoshlar zarbdor brigadasi haqida hujjatli film yaratish niyatida ekan. Munavvarning boshiga tushgan koʻrgilik tufayli bu ezgu niyat ham amalga oshmadi. Nihoyat, urush tugadi, kuyovtoʻradan esa darak boʻlmadi.

Men soddadil bolakay yosh kelin holidan bexabar unga ishda ortda qolayotgani sababini surishtirmay nooʻrin tanbeh beribman-a, deb oʻzimni koyiganim, farishtaday kelinchakni shu holga tushishiga sababchidek sezib necha kunlar ezilib yurganim yodimdan chiqmaydi…

Oʻsha kezlari men ham Munavvarxonni tengdoshlarim qatori oʻz jigarim – opamdek hurmat qilardim, chin dildan yaxshi koʻrardim, soʻnggi kunlarda saraton quyoshi jaziramasida homilador holda koʻplar qatori gʻoʻza oralab tongdan shomga qadar ogʻir mehnat – ketmon bilan betinim chopiq qilib shu holga tushganini qayoqdan bilay, bilganimda unga aslo tanbeh bermagan boʻlardim…

Har bir bandai ojizda boʻlgani kabi, kamina ham el-yurt taqdiri uchun hayot-mamot kurashi ketayotgan olovli yillarda shu jabhada chekkan kamtarona zahmatlarim uchun faxrlanish barobarida, bir farishtadek kelinchakning fojiaviy kechmishida qandaydir darajada aybim borligidan hanuz oʻkinib yuraman.

Nihoyat, urush tugadi, olovli yillar ortda qoldi, zarbdor brigada ham faoliyatini toʻxtatdi, kamina yana maktabga qaytib, 6-sinfdan oʻqishni davom ettirdim, 7-sinfni aʼlo baholarga tugatib pedbilim yurti, soʻng universitetda taʼlim olish sharafiga muyassar boʻldim, filolog tadqiqotchi, murabbiy, munaqqidlik yoʻlidan ketdim, Milliy universitetdek qutlugʻ dargohda yarim asrdan koʻproq xizmat qilish, Abdulla Qahhordek buyuk alloma nazariga tushish, Ozod Sharafiddinovdek benazir siymoga shogird boʻlish nasib etdi. Mehnatlarim munosib taqdirlandi. Buning uchun shukronalar aytaman. Ayni paytda, olovli yillarda kechgan uch yillik zahmatlarimni ham gʻurur, ham oʻkinch bilan eslab turaman.

 

Umarali NORMATOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/olovli-yillar-manzaralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x