Ota-bola Otabekovlar

 Yaqinda “Turkiston viloyatining gazeti” muallifi N. P. Ostroumovning faoliyatini oʻrganish bahonasida Andijon shahrining 1900–1905 yillardagi qozisi Muhammad Otabek va u kishining farzandi arjumandi mashhur seleksioner olim va tarixchi, “Dukchi eshon voqeasi” kitobining muallifi Fozilbek Otabek oʻgʻlining “gazet muallifi”ga yozgan maktublari va olgan surati qoʻlimizga tushdi. Maktubdor xat hoshiyasiga odati boʻyicha qora qalamda, 1904 yil avgust va 1905 yil 15 avgust sanasini qoʻygan.

Nihoyatda goʻzal nastaʼliqda yozilgan bu maktub mazmunining tarovati va egasining olijanobligi, muomala madaniyatining mujibligi bilan eʼtiborimizni tortdi. Maktub, bir tomondan, qanday goʻzal fazilatli ziyolilarimiz boʻlganidan faxr tuygʻusini uygʻotsa, boshqa tomondan, uzoq muddat madaniyatimizning ajoyib maʼnaviy-ruhiy jihatidan ayru yashaganimiz koʻnglimizni bezovta qildi.

Xoʻsh, faxr va bezovtalik sababchisi boʻlgan bu zotning oʻzi kim?

Fozilbek Otabekning toʻliq ismi Muhammad Fozilbek Qozi Muhammad Otabek shahid Ubaydullabek oʻgʻli (1879–1936) boʻlib, Andijon shahrida tugʻilgan.[1]

Otasi – Hoji hofiz Otabek Ubaydullabek oʻgʻli ziyoli, madrasa koʻrgan va qozilik darajasiga erishgan inson boʻlib, uning Ahmadbek, Fozilbek, Xizrbek, Tojibek, Mahmudbek ismli besh oʻgʻli boʻlgan. Barcha bolalarini rus-tuzem maktabi va madrasada oʻqitgan. Hoji Otabek Andijon qozisi sifatida Turkiston, xususan, Andijon shahridagi maorif-madaniyat sohasidagi oʻzgarishlarni quvvatlagan. Shaharning rus maʼmurlari, xossatan, “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N. Ostorumov bilan yaqin aloqa oʻrnatgan. Qozi 1903–1904 yillarda Ostroumov bilan uchrashadi (1904 yil avgust bitigi shunga ishora). Ammo keyingi uchrashuv unga nasib etmaydi, oʻz hovlisida qasddan oʻldirib ketiladi. Ostroumov qadrdoni boshiga tushgan musibatni befarq qoldirmaydi. Gazetada uning oʻlimi haqida xabar va taʼziyanoma eʼlon qiladi.

“Turkiston viloyatining gazeti” 1905 yil 30 aprel, 17-sonida mashʼum voqea haqida quyidagicha xabar bosiladi: “23 aprelda Andijon shahrining musulmoniya dahasidagʻi mashhur va maʼlum Otabek qozining uyigʻa kechasi yigirma adadga yaqin qaroqchilar toʻfangcha va qilich ilan kirib, mazkur Otabek qozini soʻyub va bir oʻgʻlini boshini yarador qilib va xotunini urub, qattigʻ yarador qilubdur. Toʻfangchani ovozini eshitib, xaloyiq yigʻilib kelgon vaqtda mazkur qaroqchilar qochib ketibdur. Mazkur hodisani shahar pristavi Dombrovskiy toʻra eshitib, darhol taftish va tahqiq aylab, mazkur toʻra oʻgʻrilardin oʻn ikki adadini Segʻoza va Asaka boʻlostlaridin ushlabdur. Tahqiq va taftishdin shul tariqa maʼlum boʻlar emish kim, mazkur qaroqchilar pul va mol uchun kirmay boshqa xusumat uchun kirgandur deb. Mazkur qozini yonida yuz soʻmdin ziyoda aqchasi yoʻq ekan”.

Xabarda qozi xusumatdan, yaʼni qasddan oʻldirilgani pristav tomoni – dan tasdiqlanyapti…

Qozi Otabekning ziyoli inson ekanligi faqatgina vatandoshlari orasida emas, xorijlik mutaxassislarga ham maʼlum boʻlgan. Fikrimizni tarixchi S. Jalilovning Istanbulda chiqadigan “Dari saodat”[2] gazetasining muharriri qoziga maktub yoʻllab “Olimu donishmand”, deb murojaat etgan”, degan satrlari ham tasdiqlaydi.

“Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N. P. Ostroumov Otabek qozining bilimidan xabar topgach, u bilan uchrashish niyati tugʻiladi. 1903 yilda Andijonga safarga borganda Otabek qozi ikki oʻgʻlini yuborib, toʻrani mehmonga taklif qiladi. Fozilbek maktubida yozishicha, ularning hovlisida ajoyib ilmiy suhbat quradilar va birgalikda suratga ham tushadilar.

Fozilbek Otabek oʻgʻlining shu kungacha eʼlon qilinmagan ushbu maktubi mazmuniga qaraganda, Qozi Otabek nihoyatda bilimdon, zamon voqealarini puxta tahlil qila oladigan, ijtimoiy-madaniy yangiliklarni quvvatlovchi kishi boʻlgan, haj ziyorati bahonasida Istanbulda boʻlib, bir necha muddat u yerda yashab, mahalliy shart-sharoit bilan tanishgan. Buni Ostroumov ham tasdiqlaydi. U Peterburgga, imperiya hududida yashovchi musulmonlar masalasini koʻruvchi komissiya ishiga ketishdan oldin, fojiali voqeadan 15 kun oʻtmay, gazetada taʼziyanoma eʼlon qiladi. U taʼziyanomada Qozi Muhammad Otabek siymosini quyidagicha taʼriflaydi: “Kamina muharrir gazet ul mutavaffiy qozi xususida koʻp afsus va nadomatlik aylab yozamankim, mazkur Otabek qozi koʻb yillardin beri Andijon shahrigʻa qozilik lavozimatida turub, hukomlargʻa va fuqarolargʻa nihoyatda maqbul va muʼtabar boʻlgon edi va mundin bir necha yil muqaddam hajgʻa borib, adoyi faroyizi haj qilib, Istanbulda ham bir necha vaqt turub, oʻshal taraflarning rasm-qoidalarigʻa omil va mohir boʻlgʻon ekon. Kamina muharrir oʻtgon yillarda sayohat qilib, Andijon shahrigʻa borganimda, ul mutavaffiy qozi manim Andijon borgonimni eshitub, qoʻshxonamgʻa ikki oʻgʻullarini yuborubdur, meni oʻz uylarigʻa taklif aylab. Ul kuni uzr boʻlub bora olmadim. Ertasi qozini oʻzlari kelib taklif aylab, uylarigʻa olib bordilar”. (“Turkiston viloyatining gazeti”. 1905 yil 6-may, №18.)

Ostroumov suhbat chogʻida Otabek qozining nihoyatda bilimdon, ziyoli va qalamli odam ekanligiga ishonch hosil qiladi. Sababi, qozi uni oʻz kutubxonasiga taklif qiladi. Bu davrga kelib “deystvitelniy statskiy sovetnik” unvoniga sazovor boʻlgan Ostroumov oʻziga xos sinchkovlik bilan kutubxona bilan tanishadi va quyidagilarni bayon qiladi: “Xususan, kamina shunga xursand boʻldim kim, Istanbul, Eron va Hindistondin har xil musulmoncha gazet olor ekonlar. Oʻshal gazet mualliflaridin yuborilgan har xil kitoblarni ham jamʼ qilgʻon ekonlar va besh oʻgʻullari bor ekon… lekin hama oʻgʻullori Rusiya xati va zabonigʻa nihoyatda olim va mohir ekon… oxir umurlarida shahid boʻlub, xudovandi karim shahidlik darajasini ato qilib oxiratlari ham obod boʻldi, degon jazm va umidni qilamiz”(oʻsha manba).

Gazeta muharriri suhbat asnosida xonadagi kitob va gazetlar savlatga qoʻyilmaganiga toʻla ishongach, Turkiston tarixi haqida fikr almashadi. Mezbonga mufassal Turkiston tarixini yozishni maslahat berish bilan kifoyalanmay, uni nashr etish masalasida yordam bermoqchi boʻlib, “Turkiston viloyatining hech bir mufassal tarixi yoʻq-ku, agar man muhibbi bilsam edim, bir umr saʼy koʻzi birlon qaror edim”, deydi. (F. Otabek maktubiga qaralsin.) Andijon shahri tarixi bilan qiziqib, shahar tarixi bormi, yoʻqmi, deb soʻraydi. Agar bor boʻlsa topib, yuborishini iltimos qiladi. Qozi oʻzbekka xos tarzda, “mehmon otangday ulugʻ” maqoliga amal qilib, iltimosni bajarishga kirishadi, ammo Andijon tarixini hech yerdan izlab topolmaydi. 1904 yil 10 avgustda Ostroumovga maktub yoʻllab: “Ammo Andijon tarixini har yerdin soʻrogʻlab va taftish aylab topolmadim. Yana ham soʻrab koʻraman. Agar topolmasam, oʻz fahmim yetgancha biroz muxtasar tasvid qilub yuborub, xidmatlarigʻa manzur qilaman. Isteʼjol tariqasida aytqon fotogʻraflaridan 2 dona yuborildi”.

Hurmatli toʻra ketgach, moʻtabar mehmonning soʻzi yerda qolmasin qavli – da ish tutgan Muhammad Otabek qozi “Mufassal tavorixi Turkiston” kitobini yozishga kirishadi. Kitobning 185 sahifasi yozilganda, yuqorida aytilgan fojiali voqea sodir boʻladi – qozi oʻz hovlisida shahid etiladi va asar tugallanmay qoladi.

Gazetada muharrirning taʼziyanomasi bosilgandan keyin birin-ketin shoir Mirzo Muhyi Hoʻqandiy (1905 yil 2 iyul) va Mavlaviy Yoʻldosh Xoʻqandiylarning (1905 yil 9 iyul) Qozi Muhammad Otabekka bagʻishlab yozilgan marsiyalari chop etiladi. Mavlaviy Yoʻldosh hajman ixcham marsiyasida:

Banogoh shabi k az rabbiyal avval,

Bahorash ramid va jamolash chamid

deb qozining vafot etgan fasl, vaqt, oyini aytib keyingi misralarda yilni abjad hisobida koʻrsatsa, shoir Muhyi marhumni “Allomai mulki Turon, qudvash ulamo va fuzaloi Andijon” va hokazo deb sifatlaydi hamda uni mazlumona, yaʼni jabr yoʻli bilan yovuz armani tomonidan oʻldirilganini taʼkidlaydi:

Hukon armani xoʻyi kargon odami roʻy,

Ham keshi shumar malʼuni manxus badrak shum.

Har ikki shoir marsiyada Otabek qozining nihoyatda pok, adolatli, donishmand, maʼrifatli inson ekanligini taʼkidlab, uning shahid boʻlgani – dan afsusda qolganliklarini bildirishgan va oilasiga sabri jamil tilashgan.

Qozi Muhammad Otabekning oʻlimi koʻp jihatdan sirli. Biroq bizning fikri ojizimizcha, bu buyurtma qotillik va tagida siyosat borga oʻxshaydi, chunki 1890–1916 yillarda Turkiston viloyati, Buxoro amirligi, Xorazm xonligining xorijiy mamlakatlarga borgan va chet el nashrlarini oladigan barcha gazetxon va kitobxonlari chor oxrankasi – maxfiy xizmatining roʻyxatida turgan. Chor maʼmuriyati mahalliy aholining ziyoli, taraqqiy – parvar qismini xorij bilan aloqa qilishi u yoqda tursin, hatto xorij matbuoti va adabiyoti taʼsirida ijtimoiy-siyosiy tafakkurini uygʻonishiga tish-tirnogʻi bilan qarshi turgan. Shu bois Qozi Muhammad Otabekning oʻlimiga uning xorijiy nashrlarning mualliflari, yaʼni muharrirlari bilan aloqasi sabab boʻlishi mumkin. Negaki, qozi ular bilan xat orqali aloqa qilib turgan. Ostroumovning: “Istanbul, Eron va Hindistondin har xil musulmoncha gazet olor ekonlar. Oʻshal gazet mualliflaridin yuborilgan har xil kitoblarni ham jamʼ qilgʻon ekonlar” soʻzi fikrimizga dalil. Maktublarning manzili esa pochta maʼmurlari orqali tegishli idoralarga maʼlum qilingan. Chunki 20 adad bosqinchining qozining uyiga toʻpponcha va qilich bilan bostirib kirib, bir odamni oʻldirib, ikki kishini ogʻir yarador qilib, sariq chaqa olmay, chiqib ketishi gʻayritabiiy holat. Binobarin, qari musulmon qozisining bosqinchi armani bilan biron narsa talashmogʻiga sababning oʻzi yoʻq. Shu bois pristav Dombrovskiyning “qaroqchilar pul va mol uchun kirmay, boshqa xusumat uchun kirgandur” tahqiqi fikrimizni har jihatdan tasdiqlaydi. Agar eʼtibor berilsa, general Joʻrabek Qalandarovning “Tarjimon” gazetasining obunachisi va tarqatuvchisi ekanligi oxrankaga maʼlum boʻlgach, oradan biroz vaqt oʻtib, u ham Nerses degan bir armani tomonidan oʻldirib ketilgan…

Endi Fozilbekning oʻziga kelsak. U qozining ikkinchi farzandi boʻlib, asari va maktubi mazmunidan kelib chiqsak, madrasa tahsilidan tashqari rus-tuzem maktabida oʻqigan, arab, fors, usmonli turkchadan xabardor, rassom, fotograf, sozanda va xattotlikda oʻxshashi yoʻq, oʻz zamonining tom maʼnodagi ziyolisi. Ostroumov u haqda: “Xususan bir oʻgʻli moshina birlon (yaʼni fotoapparat) tasvirotlarni nihoyatda xushsurat va zebo olmoqqa mohir ekon. Yaxshi, xushnavis xatlarni moshina birlan olib, mehmonxona devoriga toʻldirub yopishdirubdur. Oʻshal bola tanbur va dutor mashqini nihoyatda yaxshi bilar ekon”, deb yozadi (TVG.№18.30.4. 05).

Fozilbekning Ostroumovga yozgan xati ham yuqoridagi fikrlarni toʻla tasdiqlaydi. Uning “Dukchi eshon voqeasi” kitobiga chizgan rasmlari hamda maktubida “Edinsun” hikoyasini tarjima qilib, “musavvar, qoʻl birlan qildim”, deb oʻzi rasm chizganini taʼkidlashi shunday fikr bildirmoqqa toʻla asos beradi. Fozilbekning umr yoʻldoshi Saodat ayaning maktubi tufayli olim faoliyatini kengroq oʻrgangan tarixchi Sayfiddin Jalilov “Unutilayozgan olim” sarlavhalik zamindor maqolasida (“Fan va turmush” 1979 yil, №7) yozishicha, Fozilbek Otabek 1923–1928 yillarda Moskvadagi K. Temiryazov nomidagi qishloq xoʻjalik akademiyasida tahsil olib, Qovunchidagi (Toshkent) urugʻchilik-saralash susanida (stansiya, eski oʻzbek atamasi) ilmiy ish boshlab, paxta navlarini yetishtirish bilan shugʻullanadi. Biroq davr bosimidanmi yoki ukasi Mahmudbekning qatagʻon qilinishi tufayli olib borilgan tekshir-tekshirdanmi, xullas, 1936 yilda toʻsatdan vafot etadi.

Fozilbek tinib-tinchimas, koʻp narsaga qiziquvchan kishi boʻlgani bois otasi boshlagan ishni davom ettirishga ahd qiladi. Otasining dafn marosimini oʻtkazib, oilasida tinchlik qaror topgach, qoʻlyozmani qayta oʻrganib chiqadi. Mirxondning “Ravzat us-safo” asarini topib oʻrganish bilan kifoyalanmay, rus tilida yozilgan Oʻrta Osiyo tarixiga oid manbalarni ham tadqiq qiladi va shunday yozadi: “Va filjumla oromi xosa boʻlgʻonimizdan soʻngra “Tavorixi Turkiston”dek mufid kitob notamom qolgʻonigʻa afsus aylab, chunonchi, “Bobirnoma”, “Ravzat us-safo” va rusiyo tarix kitoblarin topib, nihoyat, saʼyni haddi balugʻ birla eʼtimomigʻa yetkurdim”.

Natijada, Fozilbek Otabekning 382 sahifalik “Mufassal tavorixi Turkiston” kitobi maydonga keladi. (Bu asar Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.) Tarix fani nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etgan “Qoʻqon xonligi tarixidan” tadqiqotining muallifi, mashhur tadqiqotchi olim, tarix fanlari doktori Rashid Nabiyev bu asar bilan tanish boʻlgan. “Qozi Otabekning “Mufassal tarixi Turkiston” asari kompelyativ asar, ammo oʻziga xos yangi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan”, deb yozadi.

Maktub mazmuniga qaytsak: Muhammad Fozilbek ismi jismiga mos fozil inson ekanligi maʼlum boʻladi. U Ostroumovga otasi boshlagan kitobni nihoyasiga yetkazgani, nashr etishga yordam berishini soʻrar ekan, shaxsan oʻzi nashrga tayyorlagan asl va tarjima asarlari haqida ham maʼlumot berib oʻtadi.

Ajoyib olim haqiqatni yashirmay roʻyi rost yozadi. U andijonlik fotohavaskor va oʻzbeklar orasida birinchi boʻlib, fotografiya haqida 253 sahifadan iborat rasmlik “Ilmi fotogʻraf” kitobini (ikkinich boʻlib toshkentlik pedagog Roʻzi Husanov yozgan va 1930 yilda lotin alifbosida chop ettirgani maʼlum – S. A.), ruscha “Sbornik zadach” toʻplamini tarjima qilib, 381 sahifalik “Ilmi hisob” – misol va masalalar toʻplamini tayyorlaydi, tasvirli hikoya va turli hikoyalardan iborat rasmlarga boy bir toʻplam-muntahab tarjimani amalga oshiradi va oʻzi rasmlar bilan bezaydi. Olim va tarjimon yuqoridagi ishlar bilan kifoyalangan emas. Seleksiya sohasida ham samarali ishlagan. Tarixchi Sayfiddin Jalilovning yozishicha, “Yangi usul parniklarda aʼlo navli ipak tusli paxtani koʻklatish” (asar), “Andijonda ipakchilik” (maqola) va bundan tashqari gʻoʻza seleksiyasi haqida, asalarichilik toʻgʻrisida ham asar yozganini taʼkidlar ekan, “Arabcha-oʻzbekcha izohli lugʻat” tuzgani va muallifda saqlanishini maʼlum qiladi. Xat mazmuniga koʻra, Fozilbek “Tarixi umm” (“Umumiy tarix”) nomli kitob yozishni niyat qilgan. Lekin ushbu asarning taqdiri hanuzgacha nomaʼlum.

Tinib-tinchimas olim Fozilbek Otabek oʻgʻli tarix sohasidagi izlanishlarini davom ettirib, bolaligida oʻzi guvoh boʻlgan 1898 yil qoʻzgʻoloni voqealarini mahalliy xalq vakillari qoʻliga tushmagan va yopiq eshiklar ortida oʻtkazilgan sud jarayoni materiallari, xarita va chizmalarni oʻrganib kitobiga ilova qiladi. Rus jurnalistlaridan A. Salkov, N. Sitnyakovskiy, A. Romanovich kabi koʻpgina qalamkashlarning shovinistik chiqishlarini, rus matbuoti va arxiv materiallarini puxta oʻrganadi. Hozir kitobda keltirilgan ayrim hujjatlarni arxivlardan topib boʻlmaydi. Muallif shunday yozadi:”Bundan yarimgina asr muqaddam Rusiyaning qahrlik istibdodi va chor hukumatining panjayi zulmiga oʻtub, oʻshandan beri ular koʻzlarimizni ochirmay, hama vaqt boshimizgʻa mushtlab keldi. Hammani savodsizliq balosiga mubtalo qilib, qora kunlarda asorat zanjiri bilan qoʻl-oyoqlarimizni chirmab olmoq fikrida zolim toʻralari va xoin gubernatorlarini tepamizga bir sohib ixtiyor va qahramon qotil koʻrsatib idora qilib keldi. Oʻz istibdodi sarmoyasini quvvatlantirmoq uchun ham biz, Turkiston xalqini doimo asiru zalil va qul qilib, ishlatib kelmak maqsadi bilan koʻzimizning ochilishigʻa qarshi turdi”.

Kitobni 1927 yilda oʻndan ortiq original va koʻchirma rasmlar, tarhlar bilan bezab, kichik kirish soʻz bilan Toshkent-Samarqandda chop ettiradi. Muallif voqeaning jonli guvohi. Dor atrofidagi hodisalarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan va tasvir etgan. Voqeaga chuqur taassuf va gʻamginlik hamda andak tanqidiy yondoshgan. Sobiq sovet hokimiyati Turkiston xalqining milliy ozodlik va erk uchun kurashi va uning namoyandalari faoliyatini salbiy baholay boshlagan bir davrda Fozilbek Otabekning tarixiy hodisaga xolisona baho bera olgani va kitob holida nashr ettirgani eʼtiborga loyiq va tarixiy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ushbu asar mustaqillik sharofati bilan (S. Ahmad, U. Dolimov, Sh. Rizayev tomonidan) qayta nashr qilindi va Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻlining terma baytlari tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy qalami bilan tabdil etilib, kitobga ilova qilindi.

Yuqorida aytilganidek, Fozilbek fotografiya bilan ham shugʻullangan va oʻzining kichik studiyasiga ega boʻlgan. U Ostroumovga otasining maktubi bilan birga oʻzi, otasi va toʻra birga tushgan suratni ham qoʻshib joʻnatgan. Suratning orqa tomoniga oʻsha davr odatiga xos tarzda bosma harfda “Fotografiya F. Atabekova. 1904 g”, deb yozilgan. Binobarin, qoʻlimizdagi suvrat N. Ostroumov ularning hovlisida 1903 yilda qisqa muddat boʻlib, shoshilib kelib-ketgan paytda olingan. Ostroumovning oʻzi taʼziyanomada “oʻtgan yillarda” soʻzini ishlatganiga qaraganda, Andijonda 1903 yil, taxminan avgust oyida boʻlgan. (Suratda N. Ostroumov (stulda oʻtirgan holida), uning orqasida F. Otabek va otasi Qozi Otabek muhrlangan).

Ostroumov ushbu xatni ehtiyotlab saqlagan, (unga javob yozganmi, buni aniqlay olmadik. Xat nusxasi saqlanmagan) ammo konvert yoʻqolgan. Suvratni arxivga olish jarayonida yoki keyin, uning koʻpgina joylariga moviy va zangori siyoh sachragan. Shuningdek, ota-bolaning maktublari va suvrat boshqa-boshqa yigʻma jildlardan oʻrin olgan.

Qozi Muhammad Otabek shahid Ubaydullabek oʻgʻli va farzandi Fozilbekning ilk bor eʼlon qilinayotgan maktublari faqat tarixiy jihatdan emas, balki milliy ziyolilarimiz hamda madaniyatimiz tarixini, oʻzbek va rus ziyolilarining oʻzaro aloqalarini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ilm-maʼrifat millat tanlamasligini va turli aqidalardan ustun turishini koʻrsatuvchi dalil, deb oʻylaymiz.

 

 

MAKTUBLAR

 

FAZILATLU BALAND DARAJALIK “TURKISTON VILOYATINING GAZETI” MUALLIFI JANOB OSTROUMOV TOʻRA XIZMATLARIGʻA DUOGOʻYLARI ANDIJON ShAHRINING QOZISI HOJI MUHAMMAD OTABEKDIN

 

Ziyoda arz va ixlos adosidin soʻngra maʼruz ul kim siz baland darajalukizni kulbamizga qadam muborakingizni yetgonigʻa benihoyat masrruma maqhur oʻldim, ammo biroz kunni xidmatlarida boʻla olmagʻonim toʻgʻrisida ziyoda afsus qilaman. Chunki isteʼjol birlan joʻnab kettilar. Kelgonlarini bilmay qolubdurman. Suhbatlaridin koʻproq mustafid boʻlmoq orzusida erdim. Umid qilaman kim, soir muharrir duogoʻylari qatorida xotirlarin faromush qilmasalar ekon deb, ammo Andijon tarixini har yerdin soʻrogʻlab va taftish aylab tofolmadim. Yana ham soʻrab koʻraman, agar tofolmasam, oʻz fahmim yetgoncha biroz muxtasar tasvid qilub yuborub xidmatlarigʻa manzur qilaman. Isteʼjol tariqasida aytqon fotogʻraflaridan 2 dona yuborildi. Kamina roqim mahjurdin Olimxoʻja eshon haqlarigʻa daʼvot vofiro muvassul oʻlgʻay. Muhlisi qadimiy va duogoʻy samimiylari

 

Qozi Muhammad Otabek, 10 sunbula, 1904 yil.

Muhr: Hoji hofiz Muhammad Otabek

ibni Ubaydullabek qozi shahri Andijon

 

 

“TURKISTON VILOYATINING GAZETI” BOSH SOHIB IMTIYOZIDAN OSTROUMOV TOʻRA XIDMATLARIGʻA

 

1905 yil 15 avgust

 

Maʼlum qilaman kim, 1903 yilinda Andijon shahrigʻa sharifi qudum qilib, ham bizlarni hovlilarimizgʻa guzarlari sabablu janob padaribuzrukvorim birlan musohib boʻlub, ul janobni fazlu kamolatlaridin xabar topub, shul tariqada afsus qilib, aytib edingiz kim, “Turkiston viloyatining hech bir mufassal tarixi yoʻq-ki, agar man muhibbi bilsam erdim, bir umr saʼy koʻzi birlon qaror edim, deb va bu jumladin iltimos qilib aydingiz kim, siz agar tahrir qalami birla saʼy qilsangiz, Turkiston xalqigʻa yodovar tarix qoldirsangiz kerak”, deb.

Bas, janob padaribuzrukvorim siz janobni iltimosingiz idorasidin sizni nomingiz bila “Mufassal tarixi Turkiston” nom bir kitob tahririgʻa sabab dar roʻzi jistijoʻ qilur edilar. Hanuz tamom 185 sahifagʻa yetkonda Xudoyi taoliyning karami birla boshimizgʻa ne tamaʼlu balolar yogʻilib base kulfatlargʻa qolib, janob padaribuzrukvorimizdin mahrum qoldik. Va filjumla oromi xosa boʻlgʻonimizdan soʻngra “Tavorixi Turkiston”dek mufid kitob notamom qolgʻonigʻa afsus qilib, kitob qadiymatini jamʼ aylab, chunonchi, “Bobirnoma”, “Ravzat us-safo” va rusiyo tarix kitoblarin topib, nihoyat saʼyni haddi balugʻ birla eʼtimomigʻa yetkurdim, 312 sahifadin murakkab bir kitob boʻldi. Va bir martaba koʻzdin kechurgon oʻzum, beshak. 899 nchi yildan 1288 nchi yilgʻacha oʻtgʻon voqeotlar, chunonchi, boʻlub oʻtmish xonlar, muddati saltanat, elchili(k), kalomi xavoyinin va pirlar, shuarolar, sheʼrlar, ulugʻ tarixlar, binolar, gʻazal va nisfi ehsonu muruvvat, shirin abyot va madhu sanam, tariqi binoyi Xoʻqand, madrasa va masojidlar, muhri Zahiriddin Bobirdin tortub, to polkovnik Smirnovni va general gubernator Kaufmanni oxir umrigʻa maʼlum boʻladur.

Hech mumkin emas kim, jahonda buning nazrida yana bir kitob boʻlgʻay va eʼtimomigʻa qilgon jistijoʻyim siz janobgʻa koʻrganlaridan soʻngra maʼlum boʻlsa kerak deb va ham yaxshi qogʻozgʻa tahrir aylab, halli iqnon birla yozilib muqovva qildirub qoʻydum. Marhamat qilib oldurmoqni xohlatsalar nenavʼ birla xabar qilsalar, amringizni bajo keltursam kerak va siz janobdan umid shulki, oʻz matbaangizda xurufot birlan oro berub, oʻzingizdan yodvor qoldirub “Mufassal tavorixi Turkiston”ni mashhuri jahon qilsangiz ekon deb.

Va mundin boshqa toʻrt adad kitobi benazir vujudgʻa kelturdim: 1 nchi “Ilmi fotogʻraf” kim, 253 sahifadin murakkab, musavvar; 2 nchi “Ilmi hisob”i faroyiz tariqi, 381 sahifadan murakkab, “Sbornik zadach”din ayna tarjima; 3 nchi, hikoya – “Edinsun”, musavvar, qoʻl birlan qildim. 152 sahifadan murakkab; 4 nchi, hikoyot gʻayr matbugʻ muntahab tarjima, 147 sahifadin murakkab, musavvar, har toʻrti ham benazir kitoblardur. 1903 nchi (yilda – S. A.) general ostafnoy Smirnov toʻra koʻrib, manzur aylab, hayot gubernatorgʻa koʻrsatub, podshohlik matbaada bostirub mashhuri jahon qilamiz deb turgan holda gubernator Arendorenko Fargʻonadan ketib qolib, oʻzimda qolgʻon erdi. Va ushbu zamonda musavvar “Tarixi umm” nom bir kitob tahrirgʻa jistijoʻyim bordur. Man qariyb eʼtimomigʻa yetkursam kerak. Albatta, bul kitob ham siz janobni nomingizgʻa taʼyin qilinsa kerak deb.

 

Va har holda amringizga muntazirman.

Muhammad Fozil bin Qozi Muhammad Otabek shahid.

Andijon.

Adres ushbudur: “G. Andijan, Fer. obl. nasl. nar.

sudi Atabeka

Fotograf lyubitel Fazilbeka Atabekova”.

 

Sirojiddin AHMEDOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

 


[1] Ukasi Mahmudbekning tergov materiallariga  qaraganda, tugʻilgan  yil sanasida farq borga oʻxshaydi, familiya ham shevada “Ibaydullabek”, deb yozilgan.

[2]  “Dari saodat” – “Dorul saodat” boʻlsa kerak, chunki  XIX-XX asr manbalarida Istanbul shahri “Dorul saodat Islombul”, deb yozilgan. Binobarin, xat muallifi gazetani emas, balki shaharning nomini tilga olgan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ota-bola-otabekovlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x