Turfa taqdir ipin yigirar

 * * *

Daraxtning novdasin kesib

nay yasashdi

va

kuy chalishdi daraxt haqida.

Daraxtning barglarin siqib

rang olishdi

va

chizishdi daraxtning suratin.

Daraxtning poʻstlogʻin shilib…

Daraxtning juda kiygisi keldi

oʻz poʻstlogʻidan

tikilgan

kovushni.

 

* * *

Bir kosa shamol, oxirgisi deb,

Aldab sotib ketdi: sozmi yo ohang?

Barmogʻimni botirdim, tunga boʻyaldi,

Jonim qani, hey, darvoza nega lang?

Ikki koʻzimda jilvasi benur,

Yusufning koʻylagi umi, umi-uvv.

Qoʻlimda yoʻl tutam, lablarim tuproq,

Sohibim, koʻzangdan berma menga suvv.

Na tuynuk, na teshik, qoʻllarim ozod,

Tebranmas beshigim loyini qordim.

Farishta topmagan siyoh pardani

Ninazan koʻrdimu koʻzimni berdim.

 

 

ShAShMAQOM

 

1

Gʻamrang koʻlda qogʻoz qayiqcha,

Eshkagi yoʻq yoz sayohatchi.

Sarobrang kun ichar sohilda

Soʻnggi umid shoʻr hamda achchiq.

 

Suruvi yoʻq keksa choʻpon – yoʻl,

Gulxan yoqar izlarni yigʻib.

Qurigan vaqt poʻstlogʻin tirnab

Shamol yozar: tosh hamda yigʻi.

 

Sohibi yoʻq sandiq esa qulf,

Taqillatar kimdir ichidan.

Osmon ham yoʻq, yer ham yoʻq endi,

Hatto koʻlning suvi ichilgan.

 

2

Hamyonini ochar saxiy tun,

Bozor esa gung va kimsasiz.

Qaldirgʻochning uyasi – yurak.

 

Qirriq sarrof – shamol uygʻonib,

Savdosini boshlaydi sassiz.

Boyoʻgʻlining oʻgʻli – vahima.

 

Bilaguzuk va nay doʻkonda

Bozingardan garovga qolgan.

Yarqillagan qilichmi-qinmi?

 

Demak qadim bazmi jamshidda

Hamma narsa boshma-bosh boʻlgan.

Baliqlarning osmoni – nima?

 

Sarrof endi birga oʻn qoʻshib

Almashmoqda savobga gunoh.

Kaltakesak sayradi – bulbul.

 

Tarozini mumlaganini

Bilmadi tun, yoʻq bitta guvoh.

Qaldirgʻochning uyasi – ilon.

Kaltakesak sayradi yana.

 

3

Suv qaynadi, soʻngra tugadi,

Qumgʻon esa uvullamoqda.

Quduq buncha boʻlmasa chuqur?

Sohibfursat laʼlisi boʻm-boʻsh,

Makrgiyoh tomizar sharbat.

Koʻrshapalak bunchalar uchqur?

Dasturxonni ochadi osmon –

Musichaning qanoti va yel.

 

Jarliklarning tishi qamashur.

 

Yer ostida qurt va qumursqa,

Gul tomirin toʻgʻrab beradi.

 

Tulpor qaytar koʻzlari soʻqir.

 

Oʻgʻir esa donga toʻladi,

Tosh kuladi – elakka nasib.

 

Haqqush yana olovni choʻqir.

 

4

– Zinasi yoʻq narvondan

Qayga chiqib ketyapsan?

 

– Jim!

Jim!

Jim!

 

Falakda hech kim yoʻqmi,

Nega qaytib tushyapsan?

 

– Jim!

Jim!

Jim!

 

5

Sir gʻoriga qoʻyilgan tosh – oy

surilganga oʻxshaydi.

Yaltir-yultir yulduzmi, izmi,

kirilganga oʻxshaydi.

Tun koʻylagi yirtiq – qaroqchi

tirilganga oʻxshaydi.

Sabr tortgan qora kamalak

uzilganga oʻxshaydi.

Ufqda qon, qatlami yo ziyofat

tuzilganga oʻxshaydi.

Muz oʻpmoqda koʻzimizni, yoʻl

burilganga oʻxshaydi.

 

6

He-e-e, choʻlpi toʻqib jiydadan

Tun qozonin kovladim.

Chaqmoq chaqib qaytadan

Qanotimni tobladim.

Koʻzida rang qaynatgan

Musavvirni chorladim:

 

– Chorchoʻpi yoʻq mato bu,

Chetiga nur taqilgan,

Oʻrtasiga gul bilan

Qop-qora mix qoqilgan.

 

He-e-e, gardishi yoʻq doyrani

Chaldim, dilim qabardi.

Dor ustida adashdim,

Toshga urib tabardi.

Jon qushini chaqirdim,

Aytdi kulib xabardi:

 

– Mehmoni yoʻq supa bu,

Toʻrtta shami yoqilgan,

Taqsimchada juft meva

Danaklari chaqilgan.

 

Danaklari chaqilgan.

 

* * *

Och ofatday sudralib oʻtgan,

Kunlarimga boqaman hayron.

Koʻpdan buyon yurak ham boʻm-boʻsh,

Na shodlik bor, na rost, na yolgʻon.

 

Axir, yulduz har tun charxida,

Turfa taqdir ipin yigirar.

Daraxtlarning zangor tushiga,

Juft-juft boʻlib soyalar kirar.

 

Men-chi, sira ushlay olmagan,

Oʻylarimni yashayman qargʻab

Va chaqirib koʻhna gʻamlarni,

Tomirimga chiqaman boylab.

 

Aziz Said

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/turfa-taqdir-ipin-yigirar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x