Annotatsiya: Maqolada N. Eshonqulning “Xayol tuzogʻi” asaridagi real hayotda oʻz oʻrnini topolmagan, savdoyi shaxsning achchiq taqdiri tahlil etiladi. Asar qahramoni Voqif xarakterining ziddiyatli qirralari chuqur psixologizm orqali ochib beriladi.
Annotatsiya: V dannoy statye issleduyetsya tragicheskaya sudba geroya proizvedeniya N. Eshonkula “Kapkan fantazii”, cheloveka, ne nashedshego svoye mesto v realnoy jizni. Cherez glubokiy psixologicheskiy analiz raskriʼvayetsya protivorechiviʼy xarakter Vakifa.
Annotation: Not only the tragic life of man in personality of main hero Vakif in N. Eshonkul’s work named “The trap of imagination” is learned in given article but also contrast distinctions in his character is shown from deep psychological point.
Tayanch soʻzlar: hikoya, qissa, xayol, uslub, modernizm, psixologik tahlil, yoʻqlik, xayoliy bino, qiyofasiz odam, ramziylik, ruhiy olam.
Taniqli adib N. Eshonqul “Xayol tuzogʻi” asarini oʻzining “Yalpiz hidi” toʻplamida hikoyalar sirasiga kiritgan.[1] Aslida, bu asar gʻoyaviy-badiiy “yuk”ining salmogʻi va janriy belgilariga koʻra qissaga xos xususiyatlarga ega. Zero, qissa – hikoya bilan roman orasidagi janr boʻlgani bois goho ulardagi baʼzi xususiyatlarni ijodiy qabul qiladi, tasvir va ifodada qisman sintezlashadi, yangilanib boradi. Darhaqiqat, ayrim hikoyalarda qissaga xos epik bayon va estetik mohiyatning aks etishi badiiy ijodda favqulodda hodisa emas. Binobarin, “qissada qahramon hayotining bir bosqichi qalamga olinib, uning markazida qahramon turishi”[2] bu asarda yorqin koʻrinadi.
Ushbu qissada N. Eshonqul uslubiga xos muhim bir xususiyat aks etgan. Bu adib asarlarida anʼanaviy realistik va noanʼanaviy zamonaviy tasvir tamoyillarining oʻzaro uygʻunligidir, yaʼni muallif “Urush odamlari”, “Momoqoʻshiq” qissalaridagi realizm bilan “Tun panjaralari”, “Qora kitob”, “Muolaja” asarlaridagi modernizmni badiiy diffuziyalash yoʻli bilan bir asarga jamlay olgan.
Voqif xarakteri dinamikasining ilk bosqichi roviyning u haqidagi tavsifida tipik anʼanaviylikka yoʻgʻrilgan: “Toʻgʻri, uning na ishda, na oshiqlikda omadi yurishdi, hamma joyda betgachoparligi pand berar, u esa hech egilishni istamas edi. Oylab ishsiz, choʻntagida pulsiz yurgan paytlarida ham hech tushkunlikka tushmagandi. U palla Voqif ehtirosli va koʻngli toza yigit edi”.[3] Bu tasvirda qahramon sajiyasining zohiriy jihatlari, oddiy odamlarga xos tipologik xislatlar Voqifdagi biron favqulodiy belgiga ishora qilinmaydi, aksincha, “ehtirosli va koʻngli tozaligi” undagi ijobiylikni taʼkidlaydi. Ammo xarakter rivojida ikkinchi bosqichdagi telbanamo va savdoyilik sabablariga real hayotdagi turmushda zamin yaratilishi mantiqan anglashiladi.
Nazarimizda, Voqifning bu olamdan yuz oʻgirib, aqldan oza borishi va bedarak yoʻqolishini asoslovchi sabablar va vaziyatlar yetarli emasday. Negaki, u sevgan qizi Robiyaga uylanishga uning oʻjar otasi dastlab qarshilik qilgani, “boshpanasiz, ijarama-ijara izgʻib yurgani”, nufuzi yoʻq roʻznomada ishlashga majbur boʻlgani va boʻlim mudirining “boʻlimdagi eng bebosh sizsiz”, deya tanbeh berishi roviy muallif taʼbiridagi “irodasi va fikr yuritishiga havas qilgudek” bu yigitning birdaniga fojiaviy yoʻlni tanlashi biroz erish tuyuladi. Shunga qaramay, muallif irodasi sust, eʼtiqodi beqaror shaxsning maʼnisizlik maskani – xayol olami girdobidagi ayanchli holati va qiyofasiz “qiyofa”sini chuqur psixologik rakursda modernistik tasvir orqali koʻrsatishga erisha olgan.
Maʼlumki, inson siyratining butligi vujud (jon qafasi), aql (insoniylik mohiyati) va ruh (abadiylik) yaxlitligida shakllanadi. Bularning bittasiga putur yetsa, inson oʻzligidagi tabiiy muvozanat buziladi. Voqif – ana shu noqis holatga giriftor shaxs. Aqlining darz ketishi bilan yuzaga kelgan boʻshliq uni arosat – absurd yoʻllarga boshlaydi. Bu jarayonda ruh fenomeni hal qiluvchi omilga aylanadi. Chunki tanning barcha qarshiliklarini aql yengsa, aqlni ruh soflashtiradi va behushlik holati namoyon boʻladi. Ruhiyatda zamon tushunchasi yoʻq, makon bor, shakl tushunchasi yoʻq, mazmun bor. Darhaqiqat, Voqif yoʻqolgach, qoʻnim topgan makonning ramziy va mavhumligi (yoʻqlik), mazmunning maʼnisizligi modernistik uslubning muhim belgisidir. Bu xususiyatlar talqini kundalik daftardagi yozuvlar mazmunini tashkil etadi. Voqif tafakkuridagi tanazzul va gʻalati tasavvurlarida shahar markazidagi salobatli, xayoliy bino xususidagi fikrlar katta oʻrin tutadi. Chunki bino Voqif yashayotgan dunyoning kichraytirilgan modeli boʻlib, muhim badiiy funksiya bajaradi: “Bugun ham ishga borishda binoning oldidan oʻtdim, nazarimda, bino kechagiga qaraganda biroz kattalashganday tuyuldi. Qiziq, darvozasi ham biroz kengaygan edi” (373). Bu oʻrinda binoning tobora “kattalashib”, darvozasining “kengayib” borishidagi kinoyaviy ohangga yashiringan tagmaʼnoni anglash qiyin emas: bular real hayotdagi nosozlik va yovuzlikning qahramon xayolida suratlanishidir.
Qissa qahramoni idrokidagi parokandalikni yanada ravshanlashtirishda qon va bolta detallarining ramziy talqinlari ham xarakterlidir. Bu tushunchalarning ramziylik mohiyatidagi salmoqli ijtimoiy-estetik bosim qissaning umumiy mazmunini qabartib koʻrsatishga xizmat qiladi. Bu jarayonda tush detali voqea va ruhiy holatni uygʻunlashtiruvchi vosita rolini bajaradi. Zero, “tush – qisqa oʻlimdir” taʼbirining badiiy ifodasi qahramon xayoliy fikrlari inʼikosi oʻlaroq, tushda dahshatli tarzda sodir boʻlishi, bejiz emas. Zotan, tush, bolta va qon uchligi tasvirida suvrat va siyrat nisbati mavjud. Tush – voqea va ruhiyatning pardalangan suvrati (shakl), bolta va qon munosabati ifodasi esa ongostidagi ramziy maʼno (mazmun) zuhurotidir. Buni Voqifning chuqur psixologik tahlilga evrilgan soʻzlarida yorqin koʻramiz: “Uyqumda halovat boʻlmayapti. Koʻzimga har xil sharpalar koʻrinadi. Kunduzlari kimga qaramay, u qoʻyniga juda oʻtkir bolta solib yurganday tuyulaveradi. Men uning (boʻlim mudirining – F. R.) yon choʻntagida xiyla katta bolta borligini sezdim. Ishdan keyin biroz dam olish uchun televizor qoʻygan edim, bolta yasaydigan qandaydir ustaxonani koʻrsatishdi. Muxbir boltani rosa maqtadi: “Bolta hatto toshni ham kesib oʻtadi”, – dedi u. Agar toshni kessa, odamning boshini kesishi hech gap emas” (379).
“Qon” badiiy ijodda koʻpincha dahshat va oʻlim belgisi sifatida qoʻllanilib kelinadi. Muallif ushbu qissasida ana shu anʼanani ijodiy davom ettirib, “qon”ni qahramon fojiasiga ishora qiluvchi atributga aylantiradi. Bir paytlar qamoqxona boʻlgan ishxonada “qon hidi”ning anqib turishi, “joʻmrakdan suv oʻrniga qip-qizil qon otilib chiqishi”, hamkasblarga “hammangizning qoʻlingiz qon” deya baqirishi, “dorilfunun oʻqituvchisi qoʻllaridan qon oqib turganini koʻrish” lavhalari Voqif ruhiyatidagi tahlikaning qator yangi qirralari ifodasidir.
Toʻgʻri, adib estetik konsepsiyasi savdoyilikka mubtalo boʻlgan inson qismatining oʻkinchi va dahshatini, isteʼdodli aʼzosini himoya qilolmagan va aksincha, jinni boʻlishga majbur etgan muhitning kasallik ildizlarini ochib koʻrsatishga yoʻnaltirgan. Shu bilan birga, Voqifning ruhiy xastalikka yoʻliqishiga faqat ijtimoiy muhitgina emas, balki shaxsning tabiati, sajiyasidagi zaiflik, shaxsidagi ilinjning ojizligi ham sababchi ekanligini unutmaslik joiz. Chunki har bir inson betakror, murakkab xislatlar sohibi ekan, unda muayyan individual nuqsonlarning boʻlishi tabiiy holdir.
Shuningdek, tasvir va ifoda rang-barangligi hamda taʼsirchanligini taʼminlagan omillardan biri, fantastik motivlardir: tush koʻrish, inson ruhining abadiyligi, qiyofadoshlik, havoyi mubolagʻa. Bulardan tush fantastik talqinning asosiy qamrovli nuqtasi boʻlib, qolganlari uni toʻldirishga, izohlashga qaratilgan.
Yuqoridagi mulohazalarga asosan xayol tuzogʻidagi vos-vos Voqifning maʼnisizlik olami sari yoʻlining manzillarini shartli ravishda shunday tasavvur qilish mumkin: botindagi iztirob, chuqur tushkunlik, jamiyatdan begonalashuv = Yoʻqlik. Ammo Yoʻqlik oʻlim emas. Zero, tiriklar orasida ham, oʻliklar orasida ham topilmagan qahramon abadiy tiriklik timsoli – Ruh dargohida. Voqifdan ayro qolgan Robiyaning uch oydan soʻng bedarak yoʻqolishi, oshigʻi dargohiga – xaloskorlik manziliga yoʻl olishda ham ramziy maʼno yashirin.
Umuman, asarning mazmun-mohiyati, struktural – shakl va ifoda qatlamlarida realistik, fantastik, romantik va modernistik uslublar mavjudligi sinkretizmni vujudga keltirgan. Bular adibning estetik kontekstga ikki yoʻnalishda yondashuvida aks etadi: 1) anʼanaviy; 2) noanʼanaviy (zamonaviy). Bulardan birinchisi, nisbatan muxtasar boʻlib, unda, asosan, real hayotdagi voqealarning zohiriy talqini, ikkinchisida esa, ruhiy olamning botiniy evrilishlari qamrovli va ustuvordir.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
- Nazar Eshonqul. Yalpiz hidi. Qissalar va hikoyalar. – T.: Sharq, 2008. – B. 370-386
- Quronov D., Mamajonov Z., Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lugʻati. – T.: Akademnashr, 2010. – B. 380-381.
- Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. – T.: Maʼnaviyat, 2000. – B. 47
Feruza RAJABOVA
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3
[1] N. Eshonqul. Yalpiz hidi. Toʻplam. – T.: Sharq, 2008. – B. 370-386.
[2] Quronov D., Mamajonov Z., Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lugʻati. – T.: Akademnashr, 2010. – B. 380-381.
[3]Nazar Eshonqul. Yalpiz hidi. Qissalar va hikoyalar. – T.: Sharq, 2008. – B. 370. (Keyingi koʻchirmalar shu kitobdan olinib, qavs ichida sahifasi koʻrsatiladi. – F. R.)
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/arosatdagi-shaxs-fojiasi-talqini/