Hozirgi kunda oʻzbek adabiyoti rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan ijodkorlarga bagʻishlangan zamondoshlar xotiralarini yozish anʼanaga aylanib bormoqda. Bu hol bejiz emas. Xotiralar birinchidan, oʻtganlarni qadrlash, chuqur ehtirom ramzi boʻlsa, ikkinchidan, ijodkor shaxsiyati, maʼnaviy olami, ayrim asarlarining yaratilish tarixi, yangi merosining qirralari haqida qimmatli maʼlumotlar beradi, kitobxonning mavjud tushunchalarini yanada kengaytiradi. Bu xususiyatlar taniqli shoir, tarjimon va publitsist Matnazar Abdulhakim (1948–2010) haqidagi xotiralarda ham oʻz ifodasini topgan.
Keyingi yillarda Matnazar Abdulhakim xotirasiga atalgan qator maqolalar respublika matbuotida bosildi. Oʻtkir Rahmat, Shuhrat Rizaev, Oʻrozboy Abdurahmonov, Goʻzal Begim, Sultonmurod Olim, Madrahim Safarboev kabi adib va olimlarning “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi”, “Maʼrifat” gazetalarida eʼlon qilingan xotiralar shular jumlasidandir. Xususan, jurnalistlardan Shuhrat Matkarimovning “Ustoz haqida soʻz”; Qadamboy Salaevning “Toʻrtinchi muallim saboqlari” risolalarini bu sohadagi yangi qadam deyish mumkin. Muhimi shundaki, birinchi risolada Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Teran ijod” sarlavhali xotira-maqolasi matni toʻliq keltirilgan. Maqoladagi har bir jumla zaminida katta maʼno va begʻubor samimiyat jo boʻlgan. Uning yana bir oʻziga xosligi shundaki, yuqorida qayd etilgan xotiralarda Matnazar Abdulhakim hayoti va ijodining, asosan, muayyan jihatlari, ayrim voqea, lavha, uchrashuvlar tarzida bayon etilsa, Oʻzbekiston xalq shoiri zikrida xassos shoir ijodiga yuksak falsafiy baho beriladi, uning inson va ijodkor, shoir, tarjimon, publitsist sifatidagi koʻp qirrali isteʼdodi alohida taʼkidlanadi. Shu bois maqoladagi quyma, xolis xulosani Matnazar Abdulakim haqida yozilgan va yozilayotgan xotiralar mazmunini umumlashtiruvchi salmoqli fikr deyish mumkin.
Abdulla Oripov yozadi: “Matnazar bilan koʻrishgach, keyingi koʻp suhbatlar davomida uning chindan ham donishmand, oʻta halol, toʻgʻri soʻz, bagʻri keng va ayni chogʻda nihoyatda nozik fikrlaydigan inson ekanini bildim. Bizning oʻrtamizda koʻzga tashlanib turmasa-da, doʻstlik, ajib bir fikrdoshlik rishtalari paydo boʻldi”. Tabiiyki, bu oʻrinda ajoyib poetik maʼnoni “fikrdoshlik” tayanch tushunchasi oydinlashtiradi. Bizningcha, bu tushuncha bilan bogʻliq shunchaki maslakdoshlik, baʼzi qarashlar mutanosibligi emas, balki ijodda teranlikka intilish poetik idrok masʼuliyatini his qilgan holda fikrlash tamoyilini anglash toʻgʻri boʻladi. Ikkinchidan, shoir shaxsini “donishmand”, “toʻgʻri soʻz” va boshqa eng yuqori sifatlar bilan taʼriflash talabchan va xolis ustoz Abdulla Oripovga tegishli ekanligini hisobga olsak, shogird shoir iqtidori oddiy eʼtirof emas, balki chinakam hayratga daxldor ekanligi namoyon boʻladi. Maqola muallifi bu fikrni yanada loʻnda va ishonarli taʼkidlab, Matnazar Abdulhakimning tadqiqot xarakteridagi asarlarini shunday izohlaydi: “Maʼnaviyatimiz tarixiga atalgan qator maqolalar – tadqiqotlar yozdi. Aytish mumkinki, ularning darajasiga manaman degan “shunoslarning” nafasi etmas edi”. Koʻpchilik kutmagan bu favqulodda yuksak bahoda ideallashtirish, havoyi ifoda yoʻq, balki tabiiy hayratlanish bor. Zero, bu qatʼiy xulosaning asosi – Umar Hayyom, Pahlavon Mahmud, Najmiddin Kubro, Bedil, Ogahiy va boshqa mumtoz alloma-shoirlar merosining tarjimasi talqinlari hamda qadim yunon falsafasining Sharq madaniyati bilan aloqadorligi xususidagi zalvorli ilmiy kuzatishlardir.
Abdulla Oripov va Matnazar Abdulhakim munosabati ijodda “ustoz-shogird” maqomida edi. Ustoz shogirdining sheʼriy iqtidoridan ham hayratlanishini yashirmadi, balki baralla aytdi: “Matnazar Abdulhakimning saylanma sheʼrlar kitobini oʻqib chiqqach, uning poeziyasi haqida nimadir yozgim keldi. Biroq koʻz oldimda Matnazarning donishmand nigohi turar, nimaki yozsang ham unga munosib boʻlmogʻi shartdek koʻrinar edi”. Bu jumlalardagi fikr ikki jihatdan ibratli: birinchisi, shoir sheʼriyatini eʼtirof qilish orqali uning tub mohiyatida hikmat ufurib turgan badiiy-falsafiy olamiga ishora qilinadi; ikkinchidan, bu olam siru asrorlarini anglash va anglatish, tafakkurda muallif bilan boʻy-boʻylashish uchun jiddiy masʼuliyat, chuqur bilim va jurʼat zarur ekanligi alohida uqtiriladiki, bu fikr shoir ijodi tadqiqotchilarini ana shu oʻta yuksak masʼuliyatdan ogohlantirish hamdir.
Matnazar Abdulhakimning Abdulla Oripov ijodidan taʼsirlanishi doirasi keng qamrovli boʻlib, uning butun ijodiga turli janr va mavzudagi asarlariga bevosita va bilvosita singib ketgan. Bu xususiyat shogird shoirning oltmishinchi yillardagi dastlabki sheʼrlariga ixlos qilishidan boshlanib, keyinchalik hayrat darajasiga koʻtarildi. Bu hol, asosan, uch yoʻnalishda davom etdi: birinchi, adabiy mavzudagi maqolalar, qaydlar va publitsistikada (xususan esse va suhbatlarda) Abdulla Oripov nomini tilga olish yoxud uning ayrim fikrlarini keltirish; ikkinchi, shoir sheʼriyati tahlil etilgan maxsus maqola yozish; (Bu oʻrinda Matnazarning “Nur vasli” sarlavhali maqolasi nazarda tutilmoqda) Tabiat mavzusidagi sheʼrlar talqiniga bagʻishlangan bu maqolada muallif oʻzini Abdulla Oripov ijodining chinakam muxlisigina emas, balki sheʼr ilmining bilimdoni sifatida ham namoyon etadi.
Sheʼrlar mohiyatida ustoz shoirning Tabiat – Inson – Hayot konsepsiyasiga, ular orasidagi bardavom munosabatlarga oid qarashlari mujassam. Zero, shoir qalami tabiatning tubsiz ummonlariga teran shoʻngʻidi, cheksiz yuksaklarga tikka parvoz qildi, hudud miqyoslarini qamrab ola bildi. Eng muhimi esa bu jarayonlar markazida inson taqdirining turishidir. Bu xususiyat “Bahor”, “Buloq”, “Bulut”, “Nay” sheʼrlari mazmunida inʼikos topadi. Muhimi shundaki, tabiat mavzusi, sheʼrlaridagi badiiy vositalar, uslub anʼanaviy boʻlsa ham, ulargacha yondashuv, talqin, maʼno betakror, shoirning oʻzinikidir. Bu hol maqolada sheʼrlar tahlili va shoir mahorati aspektida yoritiladi. Haqli ravishda taʼkidlanganidek, bu turkum sheʼrlar tarovati shoirning “oʻz ilhomini xushfeʼllikda tabiat bilan mushtarak boʻlishini orzu qilib, shaloladek boʻlsa sheʼrlarim” degan ilk ijodiga xos soʻzlarning ifodasi sifatida yangraydi.
Maqolada hayrat ohangi “Bahor” sheʼri haqidagi muxtasar, lekin ohorli fikr yorqin aks etadi. Chunonchi shoir:
Ayon bir xislating bordir azaldan
Seni atamishlar uygʻonish fasli, –
degan maʼlum tushunchaning yangi qirralarini ochar ekan, bu hol “sheʼr bahorning oʻziga xos qomusi” deya kutilmagan taʼrif bilan xolis baholanadi.
Maqolanavisning quyidagi xulosasida sheʼrning gʻoyaviy-badiiy mundarijasidagi betakrorlik ishonarli, taʼsirli ifodalangan: “Bahor shu qadar moʻjizakorki, esayotgan shabada, ochilayotgan gʻuncha, oqayotgan jilgʻalar jozibasidan hatto motamzada koʻngil ham keragicha taskin topa oladi”. Lekin bu fazilatlar inson hayoti bilan bogʻliq boʻlgandagina ahamiyat kasb etishidan ilhomlangan shogird ustozga fikrdosh sifatida koʻklam baʼzan kechiksa ham qalbi unga oshufta ekanini lirik “men” orqali oʻzining bir baytida davom ettiradi:
Yoʻq, oʻzim ketaman bahor tomonga,
Bahor ham oʻzini bir koʻrib qoʻysin.
Maqolada sheʼrlarda tabiat unsurlari, hodisalari bilan shaxsning taqdirdoshligi tuygʻulari teran, falsafiy obrazlilik yoʻsinida taʼsirli zuhurlashganiga alohida urgʻu berilgan. Darhaqiqat, sarlavhaga chiqarilgan “bahor”, “buloq”, “shamol”, “bulut”, “nay” kalit soʻzlarga muhim ijtimoiy-badiiy yuk yuklangan, ular estetik kontekstda tasvirlangani sababli vosita hamda tafsil (yordamchi obraz) vazifasini oʻtaydi. Shu bois tabiat, jamiyat, real hayot mutanosibligini saqlashga daʼvat etar ekan, Matnazar Abdulhakim shoirning “buloqning ham, bulutning ham oʻz holiga qoʻyib berishni odamlardan oʻtinib soʻrashini” va yana inson fenomeni oʻrnini taʼkidlab, quyidagi toʻrtligini keltiradi.
Qutlugʻ bir saharda koʻz ochdi buloq,
Yoʻl oldi daryolar sari adashib.
Unga rahm etmoqchi odamlar shu choq
Togʻu toshlar aro yangi yoʻl ochib.
Abdulla Oripovning soʻz qoʻllashi, maʼno nozikliklaridan mohirona foydalanish salohiyati tahsinga loyiq jihatlardan biri sifatida sharhlanadi. Bu oʻrinda soʻzga xos poetik koʻchim, maʼnodoshlik, majoziylikka doir qator misollar keltiriladi. Haqiqatdan ham eʼtirof etilganidek, “Qaysidir yurtni eslab ingrayotgan nay” – majozan sogʻinch nolasi, “shamol” – koʻzga koʻrinmaydigan sirli togʻlarning goʻzal arvohi ramzi, “Qish boʻyi tuproqqa koʻmilib, erdan kovlab olingan va quyoshga zor tokzorlar” – qatagʻonlar timsoli. Bularni ohorli individual topilmalar deyish mumkin.
Shuningdek, shoirning bir baytning oʻzida bir nechta tasvir vositalarini qoʻllashdagi oʻziga xosligi ham maqolanavis diqqatini tortadi. Bunga dalil boʻlib sifatlash, oʻxshatish, jonlantirish badiiy unsurlari ishtirok etgan:
Uvada kamzulda billur tugmaday
bulutlar ortidan boqadi yulduz, –
misralarini tahlilga tortib, shogird shunday yozadi: “Bunda umumboqiy sayyoralar bilan oʻtkinchi bulutlarning bitta tafakkur nuqtasiga jamlanishi oʻquvchini hayratlantiradi”. Bu hayrat tufayli, shogird fikricha, Abdulla Oripov qalami sukunatdan guldiroslar yangratadi, koʻzyoshlardan uchqunlar chaqnatadi, mavjlardan alangalar yasaydi.
Toʻgʻri, maqolaga har bir sheʼrni batafsil tahlil qilish vazifasi qoʻyilmagan. Bir maqola doirasida buning imkoni ham yoʻq. Shu tufayli kuchli poetik idrok, hayratomuz fikrlar va tuygʻu uygʻunligiga ustuvor ahamiyat berilgan. Eng muhimi esa maqolanavisning tahlili asosidagi mulohazalarining xolisligi va adabiy qimmatidir. Shulardan biri quyidagicha: “bu sheʼrlarning nafaqat maʼnaviy, balki ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmaganiga va yoʻqota olmasligiga ishonamiz”.
Ushbu muxtasar kuzatishlarimiz nihoyasida maqolalardagi qarashlarini quvvatlagan holda bir fikrga qatʼiy amin boʻldik. Abdulla Oripov maqolasida “fikrdoshlik”ni “ajib” soʻzi bilan sifatlagan edi. Nazarimizda, bu soʻz zamiriga yashiringan salmoqli tagmaʼno qatlamlariga, hayrat kengliklariga chuqurroq kirib borish ikki shoir ijodini batafsil, monografik tadqiq etishni taqozo etadi.
Hamdam ABDULLAYEV,
Hulkar GʻOIPOVA
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/fikrdoshlar-hayrati/