Bu charxi dunda yashagan, yashayotgan va yashaydigan har bir inson betakrordir. Lekin sizga uchraganlarning har biriga ham koʻnglingizdan joy beravermaysiz yoki ular ham siz kabi yoʻl tutadi. Siz oʻzingiz uchun ularni kashf etasiz, ular esa sizni oʻrganadi.
Ustoz, olim, publitsist, sportsevar, Yozuvchilar, Jurnalistlar ijodiy uyushmalari aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Saydi Umirovni ilk bora jurnalistika fakultetining koʻpchilik talabalari qatori paxta mavsumida, keng dalalarda taniganman.
Mehnat kuni tugagach, kechki ovqatdan soʻng uyushtirilajak ijodiy kechalarda mushoira boʻlardi. Domlaning “eng yaxshi sheʼrlarni gazeta-jurnallarga yetkazamiz”, degan gapi ilk taassurot sifatida yodimda qolgan. Maʼlum vaqt oʻtgach, Saydi aka saboqdoshlarimizning radio toʻlqinlarida mayin musiqa fonida uzatilgan turkum sheʼrlarini kassetaga yozdirib, yotogʻimiz(barak)da uyqu oldidan “Romantika” magnitofonida qoʻyib eshittirgani vaʼdaga vafo ramzi sifatida hamon yodimda.
Taniqli jurnalist, shoir va yozuvchilar bilan gulxan atrofidagi uchrashuvlarda aytiladigan har bir ibratli soʻz biz – boʻlgʻusi jurnalistlar fikrining rivojlanishiga turtki berardi. Shunday davralarda Saydi akaning oʻrni alohida boʻlardi. Goh biror jurnalist ijodining betakror qirralari haqida gapirib talaba-jurnalistlarga saboq berar, gohida oʻsha davrning mashhur futbol sharhlovchilari Nikolay Ozerov yoki Kote Maxaradze obraziga kirib, davrani qizitardi.
Fakultetda oʻqish boshlanganda yuqori kurs talabalaridan qaysi domlaning maʼruzasi foydali ekanligi albatta surishtirilar va har bir domlaga oʻziga xos baho berilardi. Ular Saydi akaning maʼruzasini tinglash va u bergan adabiyotlarni albatta oʻqish kerakligini taʼkidlashardi. Bu ustozning har bir davr jurnalistikasini muntazam kuzatishi, oʻrganishi, yaxshilarini saralab talabalarga ilinishi, domlalar tilida aytganda, maʼruzasining misollarini, adabiyotlar roʻyxatini doimiy yangilanib borishi bilan koʻzga tashlanardi. Vaqti kelganda biz ham anʼanaga koʻra keyingi kurslarga ustoz haqida ana shu maʼlumotlarni yetkazganmiz.
Saydi aka talabalarning haqiqiy doʻsti. Imkoni boricha yordamini ayamaydi. Buni uning juda koʻp shogirdlaridan eshitganman. Kamina ham USTOZning MEHRI, DOʻSTligidan bahramand boʻlgan. 1992 yilning apreli. ToshDU jurnalistika fakultetini tugatish arafasidamiz. Yakuniy davlat imtihonini topshirib, fakultet foyesida baholarimiz eʼlon qilinishini kutayotgan edik. Imtihon boʻlib oʻtgan auditoriyadan Saydi aka shitob bilan chiqdi-da, “Halimjon, bir daqiqaga kelasizmi”, deya meni oʻzi tomon chorladi. Yuzida jahli chiqqanda paydo boʻladigan qizillik.
– Uka, biz domlalaringiz ancha tortishdik, diplom ishingiz aʼlo edi, afsuski, davlat imtihonida bahoingiz toʻrt boʻlib qoldi, uka. Siz, xafa boʻlmang, xoʻpmi, – dedi yupatib.
Yerga ursa, osmonga sapchiydigan davrimiz, qolaversa, istiqlol arafasida yaralgan erkin muhit emasmi, oʻqish jarayonida kursimizga saboq bergan, toʻgʻrirogʻi bera olmagan bir necha domlani “darsdan quvgan” biz talabalar uchun bu tabiiy hol edi.
– Domla, rahmat sizga, lekin toʻrt ham yomon baho emasku, asosiysi, yozishni oʻrganib oldikku, qoʻyavering, – deya goʻyo toʻrt olgan Saydi akani yupatgan boʻlib, “dono”ligimni koʻrsatganim bor gap.
– Siz, baribir, Behbudiy haqidagi diplom ishingizni nomzodlik ishiga aylantirishingiz kerak, – deya yana shitob bilan auditoriyaga kirib ketgandi. Oʻshanda oʻqishni “besh” bahoga bitirish kelajakda aspiranturaga oʻqishga kirish uchun yengillik berishi haqida oʻylab ham koʻrmagan ekanmiz. Ammo Saydi aka komissiya aʼzolari bilan talabaning beshi uchun kurashgani zamirida faqat talabani himoya qilish emas, boshqa ezgu maqsad ham boʻlganini keyin anglab yetdim…
Talabalik davridayoq tahririyatda ishlab yurganimiz bois oʻqish tugagani bilinmadi, amaliyotga shoʻngʻib ketdik. Oradan uch oy oʻtar-oʻtmas domla kaminani izlab “Oila va jamiyat” gazetasi tahririyatiga kirib keldi.
Uka, fakultetimiz uchun aspiranturaga oʻrin berishdi. Sizni taklif qilgani keldim. Diplom ishingizni davom ettiring. Qatagʻonga uchragan bobolarimiz xizmatini sizlarga oʻxshagan yoshlar ilmiy jihatdan asoslab berishlari kerak, – deya tadqiqot ahamiyatini bafurja tushuntirdi.
“Ilmdan koʻra amaliy jurnalistika koʻnglimga koʻproq yoqadi” singari gaplarim unchalik ishonchli chiqmadi shekilli, domla “ikkalasi bilan ham shugʻullanaverasiz”, dedi-da suhbatga nuqta qoʻydi. “Hujjatlarni tayyorlang”, dedi. Rasmiyatchilikka noʻnoqlik qildim chogʻi oʻzi ham yordam berdi. Imtihonlarni qanday topshirayotganimni surishtirib turdi… Qisqasi “Mahmudxoʻja Behbudiyning publitsistik va muharrirlik faoliyati” mavzusidagi dissertatsiyaning dunyoga kelishida ustozlar Mahmud Saʼdiy, Boyboʻta Doʻstqorayev qatorida Saydi Umirovning ham xizmati beqiyos deb bilaman. Vaholanki, u sobiq talabasi ishlayotgan tahririyatga kelib, aspiranturaga hujjat topshirishga koʻndirishi shart emasdi. Qolaversa, Behbudiy haqidagi diplom ishi sovet mafkurasi sabab maʼrifatparvar bobolarning hayoti va ijodini tan olmagan, darslarida bot-bot oʻzining manqurtlarcha munosabatini koʻrsatgan boshqa bir domlamizga qarshi oʻlaroq, taʼbir joiz boʻlsa “qasdma-qasd” yozilgan boʻlib, kelajakda uni nomzodlik dissertatsiyasiga aylantirish maqsadi yoʻq edi.
Shu oʻrinda ustoz faqat talabani emas, u amalga oshirishi kerak boʻlgan tadqiqotni, oʻz-oʻzidan bobolar qoldirgan merosni tiklashni, shu yoʻnalishdagi ilmni rivojlantirishni birinchi navbatda oʻylagan, degan xulosaga kelasan. Negaki, olim tadqiqot, uning jamiyat uchun zaruratini oʻzi bosib oʻtgan yoʻl orqali chuqur anglaydi.
S. Umirov oʻz vaqtida “Xarakter va sharoit tasvirida badiiy detalning roli (Abdulla Qahhor prozasi asosida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Abdulla Qahhorning kutilmaganda dissertatsiya himoyasida ishtirok etishi, keyinchalik tadqiqotchi haqida betakror shoirimiz Abdulla Oripovga aytgan fikri koʻpchilikka maʼlum: “Bu bola yaxshi narsa yozibdi, kichik qismning katta ahamiyatini koʻrsata bilibdi”. Oʻta talabchan Abdulla Qahhorga bir narsani maʼqul keltirish naqadar mushkul boʻlganligini uni bilganlar koʻp bora aytishgan.
Saydi aka yosh tadqiqotchilar – bugun filologiya fanlari doktori hisoblangan Yoqutxon Mamatovaning, faoliyatini telejurnalistikaga bagʻishlagan Gulandom Togʻayevaning nomzodlik ishlariga ilmiy rahbarlik qilgan.
Talaba-jurnalist kimga ergashadi? Chiroyli maʼruza qiladigan oʻqituvchigami? Nazariy jihatdan puxta dars oʻtadigan olimgami? Nazariyani amaliyotda qoʻllab saboq beradigan ustozgami? Jurnalistikaning mashaqqatli yoʻliga ishonch bilan qadam qoʻygan talaba, albatta, yozishni oʻrgatadigan ustozni tanlaydi.
Saydi Umirov talaba ergashadigan, yaxshi koʻradigan publitsist domla. Saydi akaning jurnalistika fakulteti oʻqituvchilari borasidagi quyidagi fikri ham shogirdlari tilida doim yangrab turadi.
“Jurnalistika fakulteti domlalari uch toifaga boʻlinadi: 1) yozish-chizishni biladigan; 2) bu ishni nari-beri, haminqadar, chala-chulpa qiladigan; 3) yozish-chizishdan umuman yiroq, faqat “nazariy” tayyorgarlikka ega odamlar”.
Bor gap. Buni birinchi boʻlib talabalar anglab yetadilar, har bir domlaga munosabat ham shundan shakllanadi. Saydi aka yozish-chizish borasida hanuzgacha jurnalistika fakultetlari oʻqituvchilariyu talabalariga ibrat, namuna boʻlib kelmoqda.
Saydi akaning qanday yozishini uning ustozi, soʻz zargari, oʻaybulloh as-Salom yozib qoldirgan fikr bilan koʻrsatib bermoqchimiz.
“Muallif soyadan qochadi, nurga talpinadi… Doim yaxshilar safida yurgan, olijanoblikni madh etgan. Biroq, na iloj, jamiyat faqat yaxshilardan tarkib topmagan-da. Ajabkim, u yomonlarda, ashaddiy badbinu badtarin kimsalarda ham ezgulik izlarini koʻrishni istaydi. Yana hayratkim, yaxshilarning ham yaxshilarini topib yozadi. Koʻngli, oʻzi yurak-yuragidan hurmat bajo keltirgan insonlar, eng sara asarlar haqida yayrab yozadi. Ularni oʻz mavqeidan turib qayta kashf etadi. Samimiyat-la chunonam toʻlib-toshib yozadi… Yozmasa turolmaydiganlar xilidan”(Yaxshilikshunos//”Yozuvchi” gazetasi, 1998 yil 4 fevral).
Saydi aka jamiyatda yuz berayotgan oʻzgarishlarni muntazam kuzatib, tezkor yozib, munosabat bildiradigan publitsistdir. Buni gazetalar rahbarlari doim taʼkidlashadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarurati haqida gapirgandi. Mazkur fikrga munosabat bildirayotgan mutaxassislar asosan axborot asrida yangilik yetkazish muammolari bilan chegaralanib qolayotganliklari, vaholanki, yalangʻoch maʼlumot tarqatish kelajakda publitsistik tahlilga ehtiyojni vujudga keltirishi, shu bois yangi tashkil etiladigan dorilfununda, albatta, publitsistika rivojiga xizmat qiladigan kafedra ochish, tadqiqotlar qilish zarurati xususida Saydi Umirov oʻz fikrlarini yozayotganini aytib qoldi. Holbuki, aksar jurnalistlar yangi ochilajak universitet haqida yoʻl-yoʻlakay gapirishdan nariga oʻta olmayaptilar. Oʻz fikriga ega boʻlish, asosiysi, uni qogʻozga tushirish barchaning qoʻlidan keladigan ish emas.
Saydi Umirov yozganlarini toʻplab “Dorilfununlar taqdirimda”, “Maʼnaviyat mulkiga sayohat” va “Sehrli va mehrli soʻz” nomli salmoqli kitoblar nashr ettirganini ham alohida taʼkidlash joiz. Akademik Baxtiyor Nazarov “publitsistik triada” deb atagan bu kitoblardan nafaqat ziyolilar, keng jamoatchilikka, balki jurnalistika fakultetlari talabalari publitsistikadan xrestomatiya sifatida foydalansalar boʻladi.
Saydi aka yozish bilan birga shogirdlarini faollikka undab yashaydi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida publitsistika yoʻnalishi boʻyicha yillik hisobotda ekspert sifatida ishtirok etgan ustoz yigʻilishdan soʻng “Oʻzbekiston” radiokanaliga intervyusidan bir parcha eshitsangiz kifoya.
– Publitsistika – jurnalistikaning choʻqqisi. Unga yetishish uchun ijodkor ham hayotiy, ham mahorat nuqtai nazaridan tajriba toʻplaydi. Oʻtgan yili anchagina sermahsul yil boʻlgani, gazeta va jurnallarda yozuvchi va shoirlarning koʻplab publitsistik materiallari berilgani, kitoblari chop etilgani yaxshi albatta. Biroq yutuqlar oʻzimizniki, lekin muammolarimizni kim koʻtarib chiqadi? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tibbiyot, ichki ishlar xodimlari faoliyati haqida tanqidiy mulohazalar bildirdi. Bu mavzularda publitsistik chiqishlar, jurnalist surishtiruvlari yoʻq hisob. Bugungi publitsistlarimizda mahorat ham, jasorat ham yetishmayapti. Publitsistika mavjud muammolarni ochib berish va ularni bartaraf etishda barchani safarbar qiluvchi qudratli kuch ekanini ijodkorlarimiz unutmasliklari darkor.
Ustoz Saydi akani ilk bora paxta mavsumida kashf etganim haqida aytib oʻtgandim. Futbol Saydi akaning eng yaxshi koʻrgan sport turi ekanligini ham oʻshanda anglaganman. Oʻzi ham binoyidek oʻyinchi – hujumchi. Paxta maydonlarining chet joylaridan toʻp surish uchun joy tanlar, ertalab futbolchi-talabalarga “Yaxshilab teringlar, tushdan keyin futbol oʻynaymiz”, deya birma-bir ogohlantirib chiqardi. Sobiq sovet davri paxta siyosatining tazyiqlaridan qoʻrqmasdan bizni futbolga olib chiqar, oʻsha tekis maydonning ikki chetida, egatlar tutashgan oʻqariqlardan chiqqan katta kesaklardan darvoza yasalar, oʻzi oʻynovchi-murabbiy maqomida toʻp surardi. Kamina ham talaba ustozning jamoasida darvozabonlik qilgan. Bir ikki oʻyin-mashgʻulotlardan keyin jurnalistika fakulteti termasini tuzib, qoʻshni kolxozlarda paxta terayotgan boshqa oliy taʼlim muassasalari futbol jamoalarini musobaqaga chorlardi. U bugun ham, sakson yoshiga qaramasdan, talabayu hamkasblar bilan futbol oʻynashni kanda qilmaydi.
Ishxonam (“Boshlangʻich taʼlim” jurnali tahririyati) Matbuotchilar koʻchasi, 32-uyda joylashgan. Qavatimizda “Oʻzbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari tahririyati joylashgan. Uning bosh muharriri Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Safar Ostonov uzoq vaqt “Sport” va “Oʻzbekiston futboli” gazetalariga ham rahbarlik qilgan. Sportni yaxshi tushunadi.
Bir kuni ertalab ishxonaga kirayotsam, Saydi aka qavat yoʻlagida oʻzining mashhur “poxodka”sida u yoqdan buyoqqa yuribdi. Jahd bilan yuribdi. “Tinchlikmikan, yo Safar aka maqolasini bermadimikan”, degan gap lip etib xayoldan oʻtdi. Kecha gazeta chop etilgan shekilli, “Oʻzbekiston ovozi”ning eshigi yopiq.
Ustozga yaqinlashib, koʻrishganda bildimki, qoʻlida qogʻoz taxlami – maqolasini olib kelgan koʻrinadi. Yuzida bir qadar horgʻinlik, koʻzlarida jahl aralash bezovtalik. Koʻp vaqtdan buyon uni bu alfozda koʻrmaganim uchun “tinchlikmi domla?”, dedim.
Maʼlum boʻldiki, tuni bilan uxlamay maqola yozib, endigina tahririyatga kirib kelgan joyida duch kelgan ekanman. Qalbdagi gʻalayon qogʻozga tushsa-da, fikrining yarmi qolib ketgan shekilli, chala soʻrashguncha gapira ketdi.
– Bir oʻylab koʻring, nima yetishmayapti bularga? Hukumat shuncha sharoit yaratib berayotgan boʻlsa, yangi stadionlar, katta-katta maoshlar… bu yoqda ishqibozlar tinimsiz qoʻllayotgan boʻlsa. Insof ham kerakda… Shularni yozdim, e-e, xafa boʻlishsa boʻlar, lekin oʻylab koʻrishsinda endi…
Stadionu ishqibozlarni eshitib, domlaning kecha futbol boʻyicha yurtimiz terma jamoasining oʻz maydonimizda jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻldan boy berib qoʻygani uchun jigʻibiyron boʻlayotganini angladim. Tunda asabim buzilgan boʻlsa-da, ertalab ishga kelguncha unutibman. Ustoz, haqiqiy fidoyi ishqiboz sifatida nafaqat unutmagan, uxlamasdan dardini toʻkib, oʻyinchilaru murabbiylarni insofga chaqirib, ularning gʻururini qoʻzgʻab maqola yozibdi! Bu singari bezovtalik zamirida, albatta, ezgulikka intilish boʻladi.
Saydi akaning shaxmatga ham ishqibozligi bor. Ijodkor shaxmatchilar davrasida tezkor oʻyini, musobaqalar tashkil etishini koʻp bora eshitganman, koʻrganman. Keyin bilsam, mahallasida ham faol ekan.
Saydi Umirov bugun muborak yoshda boʻlsa-da, yozishda, izlanishda, sogʻlom turmush tarzida barchaga namuna boʻlib kelmoqda. Ijodingizga, umringizga baraka, Ustoz!
Halim SAYID
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ustoz-mehri-2/