Shanba kuni mashinani darvoza oldiga olib chiqishim bilan motor oʻchib qoldi. Generator tok beryapti, benzin nasosi ishlayapti. Tavakkal qilib karbyuratorni kavlashtirishga tushdim. Ochishga ochdimu bemorning qornini yorib qoʻyib, u yogʻiga nima qilishini bilmagan noʻnoq jarrohdek dovdirab qoldim. Mushtdek apparat ichida shuncha murvat borligini bilmagan ekanman. Hammasini qandoq boʻlsa shundoqligicha joy-joyiga qoʻyib chiqqan edim, yana allaqancha vintlar, gaykalar “ortib qoldi”. Nima qilishimni bilmay tajang boʻlib tursam, orqada yuk mashinasining voshillab tormoz bergani eshitildi. Kabina eshigi taraqlab ochildi. Qarasam, oʻzimning bolalikdan birga oʻsgan “oʻris oʻrtogʻim” Vali tushib kelyapti (Asli oti Valentin ekanini keyin bilganman.) Mahallada shu bolaning oldiga tushadigan shofyor yoʻq. Oʻzi ham mushtdek boshidan temir-tersakka qiziqadi.
– Bormisan! – dedim quvonib. – Kasal tuzalaman desa, tabib oʻz oyogʻi bilan keladi-da.
U shoshilmasdan oldimga keldi.
– Nima boʻldi? – dedi motorga moʻralab.
– Buni koʻrmaysanmi, – deb qoʻlimdagi murvatlarni koʻrsatdim. – Olmadek narsaga shuncha lash-lushni erinmasdan joylashganiga qara! Injenerlar ham ovsar ekan!
U “operatsiya” boʻlgan karbyuratorga qaradi-da, hushtak chalib yubordi.
– Injenerlar ahmoqmas, sen ahmoqsan! – dedi jingalak sochlarini silkitib. – Ertadan boshlab men ham kitob yozib tashlasam nima boʻladi? Aqling yetmagan ishga aralashib nima qilasan?
Gʻaribona qiyofada iljayib turgan boʻlsam kerak, u kulib yubordi. Paralon kurtkasini yechib, mashina tomiga tashladi-da, buyurdi:
– Otvertkangni ol!
Biroq ishga kirishmadi.
– Aytmoqchi, mamashkani olib keluvdim, – dedi ZIL tomonga imo qilib. – Sizlar gaplashib turgunlaringcha buyogʻini amallab koʻraman.
Boyadan beri eʼtibor bermagan ekanman. Yuk mashinasining kabinasida oʻtirgan Zebi xolani endi koʻrdim. Ikkovlashib mashina oldiga bordik. Vali zinaga sakrab chiqib kabina eshigini ochdi. Boshiga qalin roʻmol oʻragan, qora baxmal nimcha kiygan oyisini koʻtargudek boʻlib zinadan tushirdi. Qarasam, Zebi xola mushtdekkina boʻlib qolibdi. Oyimning maʼrakalarida kelganida oʻz tashvishim bilan boʻlib, razm solmagan ekanman, endi payqadim. Avvalgi alp qomatli, yurganida yer gursillaydigan Zebi xolaning yarmi ham qolmabdi. Roʻmoli ostidan chiqib turgan sochlari qordek oqarib ketibdi. Qop-qora yuzi yanayam qorayib, koʻkimtir tusga kirgandek.
– Poshsha singlimdan qolgan yodgorim! – dedi u meni bagʻriga bosarkan, boʻgʻiq ovozda. Ozgʻin qoʻli bilan yelkamga qoqib, ogʻir-ogʻir harsillab nafas oldi. – Oʻzimning shirin oʻgʻlimdan oʻrgilay, yaxshi oʻtiribsanmi?
Bolalikdan qulogʻiga rayhon taqib yurishiga koʻnikib qolganim uchunmi, hozir ham undan rayhon isi anqib ketgandek boʻldi.
– Yuring, – dedim uyga boshlab. – Birpas dam oling.
– Yoʻq, u yoqdamas, singlimning uyida oʻtiraman. – Zebi xola ogʻir-ogʻir qadam bosgancha, oyimning xonasiga qarab yurdi. – Singlimning joyida birpas oʻtiray, – dediyu doim oyim oʻtiradigan joyga, deraza tagiga choʻkdi. Boʻgʻiq ovozi titrab uzoq tilovat qildi.
– Dunyo shunaqa ekan, jon bolam, – dedi oʻychan ovozda. – Hamma bir-bir ketaverarkan…
– Oʻzingiz bardammisiz, xola? – dedim soʻlgʻin yuziga, titrab turgan qop-qora qoʻllariga qarab. – Nevaralar katta boʻlib qoldimi!
– Xudoga shukur, bolaginam oʻzidan koʻpaydi. Olti nevaraning duosini qilib oʻtiribman. Valijonim bitta boʻlsa ham oʻntaga tatiydigan chiqdi. – Zebi xola shoshilmasdan choy hoʻplarkan, devordagi mixga iligʻlik duxoba gʻilofli dutorga qarab-qarab qoʻydi. Oyim dutorni juda avaylar, “adangdan qolgan yodgorlik”, deb doim koʻz oʻngida saqlardi. Shu ondayoq bolalikdagi xotiralar, Zebi xolaning dutor chalganlari esimga tushdiyu sekin soʻradim:
– Hali ham chalib turasizmi?
Zebi xola maʼyus jilmaydi.
– Dutor chalish qatta, bolam. Qoʻl oʻlgur titraydi. – U bir zum jimib qoldi-da, oʻychan davom etdi. – Qaysi kuni tush koʻrsam, poshsha singlim bilan bir joyda oʻtiribmiz. Nuqul dutor chalayotgan emishman. – U shikasta kuldi. – Odamzod shunaqa ekan, – dedi xoʻrsinib. – Bola-chaqam derkan, yelarkan-yugurarkan, endi ogʻzi oshga yetganda yiqilarkan. – U titroq qoʻllari bilan tizzasining koʻzini siladi. – Sal sovuq tursa, oyogʻim shishib ketadi. Valijon maxsi oberaman, oʻzingiz kiyib koʻrib tanlaysiz, deb qoʻymadi. Ketayotgan joyimda birrov singlimnikiga kirib chiqay, dedim.
Yana choy quyib uzatgan edim, Zebi xola bosh chayqadi.
– Mayli, bolam, men bora qolay endi.
Ikkovlashib tashqariga chiqqanimizda Vali mening mashinamda oʻtirar, motorni gurillatib sinab koʻrar edi.
– Boʻldi, – dedi oʻtirgan joyida derazadan boshini chiqarib. – Ikkinchi bunaqa ustachilik qilsang, oʻzingdan koʻr.
Ikkovlashib Zebi xolani kabinaga chiqardik. Vali narigi eshikdan kirdi-yu, mashinasini gurillatgancha haydab ketdi. ZIL muyulishda koʻzdan gʻoyib boʻlishi bilan gʻira-shira tong pallasida koʻrgan tushdek xotiralar yopirilib keldi.
* * *
Zebi xoladan hayiqmaydigan bola yoʻq edi. Erkaklardek barvasta gavdali, qop-qora bu xotinning yoʻgʻon ovozi ham, uzun qirra burni, ketmonni yelkasiga tashlagancha etik kiyib gʻoz yurishi ham boshqa ayollarga oʻxshamas, hatto qoramtir siyrak moʻylovigacha bor edi. U qachon qarasa qulogʻiga rayhon taqib yurar, Darhon arigʻi boʻyidagi hovlisida yoz boʻyi rayhonlar barq urib yotardi. Uni birinchi marta koʻrganimdayoq qoʻrqib qolganman. Oʻshanda juda kichkina boʻlsam kerak. Oyimga ergashib Zebi xolanikiga bordim. Nimagaligi esimda yoʻgʻu xarxasha qilaverdim. Oyim u deb koʻrdi, bu deb koʻrdi, boʻlmadi. Shunda Zebi xolaning jahli chiqib ketdi.
– Jim boʻlasanmi yo hozir ishtonimga qamab qoʻyaymi! – dedi doʻrillab. Uning vajohati shu qadar qoʻrqgulik ediki, ovozim oʻchdi-qoldi.
…Zebi xola sap-sariq jingalak sochli, koʻk koʻz “oʻris bola”sini – Valini jonidan yaxshi koʻrardi. Qaysi toʻyga borsa, koʻylagining yengiga popukqand, monpasi, jiyda solib kelardi. Uning yengi shunchali barakali ediki, Valining doʻppisi birpasda shirinlikka toʻlib chiqardi. Vali qizgʻanchiq emas, oyisi olib kelganlarni hamma bilan baham koʻradi… Biroq, bironta bola Valini chertsa bormi, oyisidan baloga qoladi. Zebi xola oʻsha zahoti aybdor bolaning onasini yumma talaydi. “Sen echkiga oʻxshab har yili bolalaysan, meniki atigi bitta! – deydi shangʻillab. – Qani, yana bir marta qoʻl tegizib koʻrsin-chi, qoʻlini sindirib oʻchoqqa tiqaman!”
Zebi xola bolasini bunchalik avaylagancha bor edi. Dadamning aytishiga qaraganda, urush boʻlayotgan joydan keltirilgan bolalardan bittasini berasanlar, deb Zebi xola ham boribdi. Ammo oʻsha idoradagilar koʻnishmabdi. “Siz soʻqqaboshsiz, topish-tutishingizning mazasi yoʻq”, deyishibdi. Shunda Zebi xola kursini mushtlab chunonam toʻpolon koʻtaribdiki, noiloj mana shu Valini xatlab berishibdi.
Zebi xola soʻqqabosh boʻlsayam, Valini kamsitmagan. Qoʻy soʻyib, yurtga osh berib, toʻyini ham qilib bergan.
Vali ham birinchi sinfda men bilan oʻqir, hisobdan yaxshi edi-yu, ona tilidan qiynalardi. “Q” bilan “Gʻ”ni aytishga hech tili kelishmasdi. Risolat opa degan chiroyli oʻqituvchi opamiz buni bilgani uchun Valini koʻp ham qiynamasdi. U doim deraza oldidagi partada oʻtirardi.
Bir kuni maktabga komissiya kelib qoldi. Bir emas, toʻrt kishi orqa partaga borib oʻtirishdi. Oʻqituvchi opamiz dars oʻtyapti-yu, hayajondan ovozi titraydi. Sinf jimjit. Shu payt deraza sharaqlab ochildi-da, Zebi xolaning yoʻgʻon ovozi eshitildi.
– Vali, ma, non!
Hammamiz oʻsha tomonga qaradik, Valining sariq yuzi olovdek yonib ketdi. Nima deyishini bilmay nuqul “keting”, deb imlaydi. Zebi xola boʻlsa derazadan ikkita arpa non uzatib turibdi.
– Olsang-chi, qoʻlim kuyib ketdi! – dedi u zarda bilan.
Sinfxonani birpasda issiq non hidi tutib ketdi.
Risolat opamiz bir zum esankirab turdi-da, tashqariga yugurdi.
– Nima qilyapsiz, xola? – dedi yigʻlagudek boʻlib. – Maktab-ku bu!
– Maktabligini oʻzim ham bilaman! Machitga kelganim yoʻq! – Zebi xola ovozini baralla qoʻyib doʻrilladi. – Bolam ertalab choy ichmasdan chiqib ketuvdi. Och oʻtirsinmi endi?
Risolat opamiz yalinishga tushdi:
– Jon xola, komissiya bor.
– Nima, kamissiyang non yemaydimi! Bolam bir kun kech olim boʻlsa boʻlar. “Kamissiya keldi”, deb tishining kirini soʻrib oʻtirsinmi?
Boyadan beri suv quygandek jimjit boʻlib turgan sinfxonada toʻsatdan qahqaha portladi.
– Ana, kamissiyangning oʻziyam kulyapti-ku! – Zebi xola derazadan boshini suqdi. – Ma, bolam, yeb ol, uyalma!
…Bir kuni joʻraboshimiz sigirini qaytarmagani uchun Valini urib burnini qonatdi. Ertasiga qiziq boʻldi. Tol soyasida dam olib oʻtirsak, maydoncha chetida Zebi xola koʻrindi.
Toy joʻraboshining yelkasiga turtdi.
– Oʻlding! Zebi xola kelyapti, qoch!
Joʻraboshining koʻzi olayib ketdi. Qaddini rostladi-yu, keyin qoʻl siltab shineliga yonboshladi.
– Qatta uradi! Oʻzi zoʻrgʻa kelyapti-ku.
Qarasak, Zebi xola chindan ham zoʻrgʻa-zoʻrgʻa kelyapti. Qoʻlidagi tayoqqa suyanib ikki qadam yuradi-da, toʻxtaydi. Oqsoqlanib qadam bosadi.
– Yiqilib oyogʻi singanga oʻxshaydi, – dedi joʻraboshimiz.
Zebi xola inqillab-sinqillab yaqin keldi. Ammo besh qadamcha qolganda birdan choʻloqligi tuzalib qoldi. Tayoqni baland koʻtarganicha ikki hatlab joʻraboshining tepasiga keldi. Tayoqning qarsillashi bilan joʻraboshining dodlashi baravar eshitildi.
– Mana urish! – dedi Zebi xola doʻrillab. – Urish mana bunaqa boʻladi. – U joʻraboshining gardaniga tagʻin tushirdi. – Oʻzidan kichkinaning burnini qonatish mana bunaqa boʻladi!
Joʻraboshi jonholatda dumalar, ammo qocholmasdi.
– Oyi! Urmang, oyi! – Vali oyisining qoʻlidagi tayoqqa yopishdi.
– Tavba qildim! – Joʻraboshi tipirchilab, kafti bilan boshini pana qildi. – Jon xola, oʻlay agar, ikkinchi qilmayman!
– Oyi! – Vali Zebi xolani quchoqlab oldi. – Kerakmas!
Zebi xola tayoqni uloqtirdi.
– Nima, meni bolam malaymi senga?! – dedi dagʻdagʻa bilan. – Sening molingni boqsin, deb katta qilib qoʻyibmanmi bolani?!
…Oʻsha voqeadan keyin joʻraboshimiz ancha yuvosh tortib qoldi. Uchinchimi, toʻrtinchi kuni mogʻor bosgan kattakon qovoq koʻtarib keldi. Tol soyasida oʻtirib qovoqni ikki pallaga ayirdi-da, qirgʻich bilan tozalashga tushdi. Keyin pallalarning qirrasini arraning tishiga oʻxshatib jimjimador qilib qirqib chiqdi. Ikki pallani bir-biriga yopgan edi, orasi kovak koptokka aylandi qoldi.
– Nima qilmoqchisan? – dedi Toy burnini tortib.
– Burningga osib qoʻyaman! – dedi toʻngʻillab joʻraboshi. – Artib ovora boʻlib yurmaysan. – Keyin qovoqni bir chekkaga qoʻydi-da, Toyga buyurdi. – Qorongʻi tushganda shu yerga kelasan. Sen ham, – dedi menga imo qilib. – Xoʻja bari bir kelolmaydi. Dadasi chiqarmaydi.
– Nimaga oʻzi? – dedim tushunmay.
– Tomosha koʻrsataman.
– Vali-chi, Vali ham keladimi? – dedim nariroqda tol yogʻochidan hushtak yasayotgan Valiga imo qilib.
– Yoʻq, – Joʻraboshi keskin bosh chayqadi. – U ham oyisidan qoʻrqadi. Es-es, kim kelmasa pes!
Kechki ovqatdan keyin bekinmachoq oʻynayotgan akalarimning koʻzini shamgʻalat qilib maydonchaga chiqdim. Qorongʻida, tol tagida Toy bilan joʻraboshi turibdi. Joʻraboshining qoʻlida boyagi qovoq. Faqat odamning boshiga oʻxshatib “ogʻiz-burun” teshib qoʻyibdi. Negadir hammayoqni lampamoy hidi tutib ketgan…
– Laychang nimaga keldi? – deb toʻngʻilladi joʻraboshi.
Qarasam, gurji kuchugim oyogʻim tagida dumini likillatib turibdi.
– Oʻzidan soʻra! – dedim men ham toʻngʻillab.
Joʻraboshi yerdan kesak olib otgan edi, it angillab qochdi.
– Nega urasan?
– Xalaqit beradi! – dedi joʻraboshi zarda bilan. – Yur, boʻlmasa kech qolamiz.
Toy ikkalamiz beixtiyor unga ergashdik. Qatorlashib Darhon arigʻining boʻyiga bordik. Ariq shu yerdan burilib oqar, nariroqda shox-shabbalar ustiga tuproq tashlab yasalgan koʻprik bor edi. Joʻraboshi Toy ikkalamizni majnuntollar quyuq oʻsgan qorongʻi sohilga olib tushdi. Negadir yuragimni qoʻrquv bosdi.
– Nima qilamiz oʻzi? – dedim ovozimni balandlatib.
– Oʻchir! – Joʻraboshi kerosin hidi anqib turgan mushtini burnimga tiradi. – Gʻing desang, suvga otvoraman.
Shu payt uzoqdan allakimning qadam tovushi eshitildi.
– Kelyapti! – dedi joʻraboshi pichirlab. Shosha-pisha qovoq pallasini ochdi. Kerosin hidi qayerdan kelayotganini endi bildim: qovoqning ichi toʻla lampamoyga botirilgan latta ekan. Joʻraboshi yonidan gugurt olib chaqqan edi, lop etib olov koʻtarildi. U chaqqonlik bilan ikkinchi pallani yopdi-da, qovoqni suvga qoʻyib yubordi. Suv yuzasida “ogʻiz-burni”dan olov chiqarayotgan “kalla” qalqib-qalqib suzib ketdi. Joʻraboshining niyatini endi tushundim. Boyagi qadam tovushlari Zebi xolaniki ekanini ham endi bildim. Qorongʻi boʻlsa-da, katta-katta qadam tashlashidan, yelkasidagi ketmonidan tanidim. Hushimni yigʻib olgunimcha u tuproq koʻprik ustiga kelib qoldi. Suv yuzida qalqib kelayotgan olovli “kalla”ni koʻrdiyu taqqa toʻxtadi.
– Voy, voy oʻlmasam! – dedi-da, koʻprik ustiga tappa oʻtirib qoldi. – Bis-bis-bismillo… – dedi duduqlanib. Hatto tovushi ham ingichkalashib ketgandek boʻldi. Keyin gandiraklab oʻrnidan turdi-da, ovozi boricha qichqirdi. – Dod, voy-dod!
Oʻrnimdan otilib turdim.
– Qoʻrqmang, xola! – dedim baqirib. Ammo joʻraboshi bilagimdan mahkam tutib, kerosin hidi anqib turgan kafti bilan ogʻzimni toʻsdi. Koʻnglim aynib ketdi.
– Qoʻyvor, eshak! – dedim boʻgʻilib. – Baribir aytib beraman!
– Aytib koʻr-chi! – Joʻraboshi yana mushtini doʻlaytirdi. – Jigʻingni ezib qoʻyaman!
Boyadan beri angrayib turgan Toy jahl bilan qoʻl siltadi-da, indamay nari ketdi.
Ertasiga choy ustida oyim vahimali xabarni dadamga aytib berdi:
– Zebi opa shoʻrlik bir holatda yotibdi. Ajina koʻrdim, deydi. Ogʻzidan olov sochib bechoraga daf qilganmish. Yo koʻziga koʻringanmi…
Dadam jerkib berdi:
– Ajinaga balo bormi? Bitta-yarimta xudobexabar qoʻrqitgandir-da.
– Bechoraga shu koʻrgilik ham bor ekan, – dedi oyim iztirob bilan. – Oʻzining gʻami yetmasmidi…
Hammasiga men aybdordek sekin boshimni ichimga tortdimu mum tishlab oʻtiraverdim.
Zebi xolaning nima gʻami borligini bir haftadan keyin tushundim. Oʻsha kuni Hoji buvining chorbogʻida sumalak boʻldi. Qiygʻos gullagan oʻrik tagiga sholcha yozilgan, hamma topganini olib chiqqan, xotinlar bir-biriga gap bermay chuvillashar, biz bolalar ham sumalak yalashdan benasib qolmaslik uchun atrofda oʻralashar edik. Oʻshanda Vali bilan yangi oʻyin topib olgandik. Baquvvatroq simni “Ch” raqamga oʻxshatib buklaymiz-da, eski bochkadan chiqqan temir halqaga tirab gʻildiratamiz. Qancha tez yugursak, gʻildirak shuncha qattiq jaranglaydi. Agar ovozini pasaytirmoqchi boʻlsak, buning ham yoʻli bor: gʻildirakni suvga botirib olsak, ovozi chiqmaydi. Maza!
Bir mahal Zebi xolaning oldida oʻtirgan oyim imlab chaqirib qoldi.
– Oʻrtogʻing bilan borgin-da, – dedi sekin, – adangning hujrasidagi dutorni obke.
Ikkilanib qoldim. Dutorga hech kim qoʻl tegizolmas, dadam uni doim hujrasida saqlar, baʼzan kechqurunlari “Dilxiroj”, “Toʻrgʻay”, “Qari navo”, yana allaqanday kuylarni chalib oʻtirishni yaxshi koʻrardi. Oyimning aytishicha, dadam dutorni yoshligida eng zoʻr ustaga buyurtirib yasatgan ekan.
– Bilib qolsalar urishadilar-ku, – dedim oyogʻim tortmay.
– Bilmaydi! – Zebi xola qoʻl siltab doʻrilladi. – Nima, yeb qoʻyarmidim.
– Ketdik! – dedim Valiga.
Ikkalamiz gʻildiraklarni jaranglatgancha yugurib ketdik.
– Ehtiyot boʻl, sindirib qoʻyma! – deb baqirdi oyim ketimizdan.
…Zebi xola gʻilofni ochgan zahoti dutor sadaflari yaraqlab ketdi. U dutorni cherta boshlashi bilanoq, boyadan beri chuvir-chuvir qilayotgan xotinlar jimib qolishdi. Qiziq, oʻzim ham oʻrikka suyangancha bir qoʻlimda sim, bir qoʻlimda gʻildirak bilan qotib qoldim. Dutor dadamning qoʻlida qandaydir shoʻx, baland ovozda jaranglar edi. Hozir Zebi xola chertganda esa ingrab yuborgandek boʻldi. Goʻyo dutorni Zebi xola chalmas, torlarning oʻzi nola qilar edi. Ayollar har xil alpozda sehrlangandek qotib qolishgan, bahor chechaklari barq urgan daraxtzor orasida, oqish-pushti oʻrik gullari qanotida, Hoji buvining qizgʻaldoqlar lovullagan pastak tomi ustidan nurdek mayin kuy taralardi.
Zebi xola bir-ikki tomoq qirib oldi-da, qoʻshiq boshladi. Uning erkaklarnikiga oʻxshash doʻrillagan ovozi ashula aytganida shu qadar yoqimli boʻlib ketganiga hayron qoldim. Yoʻq, uning tovushi mayinlashgani yoʻq. Ammo u shunchalik bosiq, shunchalik oʻrtanib kuylardiki, badanim jimirlab ketdi.
Yor yurgan koʻchalarni supuray sochim bilan,
Changi chiqsa suv sepay, koʻzdagi yoshim bilan…
Mayin shamol esar, oʻrik gullari unsiz toʻkilar, daraxtzor ostida maysalar ohista tebranar, ammo butun tabiat bir zum unsiz boʻlib qolgan, hamma-hammasi faqat mana shu dutor sadolariyu mana shu qoʻshiqni tinglash uchun tinchib qolgandek edi. Oʻsha manzarani oʻylasam, xayolimga hadeb bir gap keladi.
Keyin, katta boʻlganimdan keyin ham muhabbat haqida, vafo haqida koʻp qoʻshiqlar eshitdim. Biroq, ayol sadoqati toʻgʻrisida bundan yaxshi ashula eshitganim yoʻq…
Zebi xola endi koʻzlarini yarim yumgancha boshqa qoʻshiq aytardi.
Jon bolam, jonim bolam, qaylardasan, bergil xabar,
Gʻamda boshim, koʻzda yoshim, ichganim boʻldi zahar.
Zaʼfarondek sargʻayurman hasratingda qon yutib,
Koʻzlarimning nuri ketdi yoʻllaringga koʻz tutib.
Hammamiz qoʻrqadigan, koʻrganda hammamiz qochadigan Zebi xola shumi? Oʻsha qoʻpol, oʻsha jahldor Zebi xolami shu? Valining oyisida shuncha dard bormidi? Shuncha alami bor ekanmi? Nimaga biz bilmagan ekanmiz?
Zebi xolaning yumuq koʻzlaridan ikki tomchi yosh silqib chiqdiyu qirra burnining chetida toʻxtab qoldi. Dutorni yonboshiga qoʻydi-da, keng yengining uchi bilan koʻzini artdi. Hamma jimib qolgan, hech kim birinchi boʻlib gapirishga jurʼat etolmas edi.
– Hech boʻlmasa, Kimsanim kelgandayam mayli edi, – dedi u xoʻrsinib.
– Qoʻying, opajon, – dedi oyim sekin. – Unaqa demang, Xudoga shukur, mana bor-ku. – Oyim nariroqda gʻildirak ushlab moʻltirab turgan Valiga imo qildi. – Nasib etsa, toʻylar qilasiz, qoʻsha-qoʻsha nevaralar koʻrasiz.
Zebi xola yalt etib Valiga qaradi. Koʻzida yosh bilan jilmaydi.
– Sumalak yedingmi, oʻgʻlim? Qorning ochib qolgandir?
– Yedim, – dedi Vali sekin. U ham oyisining yigʻlaganini koʻrib oʻpkasi toʻlib turardi.
– Boʻlmasa, oʻynay qolinglar.
Birpasdan keyin Zebi xola bizni yana chaqirdi.
– Oborib qoʻya qol joyiga, – dedi dutorni gʻilofga solib. – Dadangdan baloga qolib yurmay tagʻin.
Bir qoʻlimda dutor, bir qoʻlim bilan gʻildirak gʻildiratgancha yoʻlga tushdim. Vali ham gʻildiragini aylantirib yonma-yon borar, ammo endi avvalgidek yugurmas edik. Qulogʻimda hamon Zebi xolaning qoʻshigʻi yangrab turar, goʻyo gʻildiraklar ham gʻildirak emas, dutorning ikki tori edi. Ana, ikkovi bir-biriga joʻr boʻlib jaranglayapti. Zebi xola boʻlsa hamon qoʻshiq aytyapti:
“Jon bolam, jonim bolam, qaylardasan, bergil xabar…”
Chetini oʻt bosgan ariqchadan oʻtayotganda gʻildiragim sakrab ketdi. Bir hatlab oldinga talpingan edim, oʻtga sirgʻanib yiqilib tushdim. Dutor yerga urildi… qars etdi. Tamom! Kuy ham, qoʻshiq ham tindi-qoldi.
– Sindi! – dedim ovozim titrab.
Vali yugurib tepamga keldi:
– Voy-y-y! Endi dadang oʻldiradi!
Ikkalamiz qoʻlimiz titragancha gʻilof bogʻichini yechdik. Qarasam, dutorning ip tortadigan qulogʻi sinib tushibdi.
– Endi nima qilamiz? – dedi Vali koʻm-koʻk koʻzlarini jovdiratib.
Yigʻlamoqdan beri boʻlib, yelkamni qisdim.
– Yur! – Vali qoʻlimdan tutib uyiga boshladi. Ikkalamiz ularning hovlisiga kirdik. Hovli etagidagi bostirmada eski quti bor ekan. Vali qutini titkilab zanglab ketgan temir topdi.
– Mana! – dedi tantana bilan. – Endi hech ham sinmaydi!
Dutorning singan qulogʻi oʻrniga temir tiqdikda, imi-jimida gʻilofga solib joyiga ilib qoʻydik.
Kechqurun oyimga nima boʻlganini aytib bergandim, rangi oʻchib ketdi. Lekin nima qilishni oyim ham bilmasdi.
Oʻsha kuni emas-ku, uch kundan keyin sir ochildi. Dadam hujradan turib jahl bilan qichqirib qoldi:
– Dutorga kim tegdi?
Zum oʻtmay dutorni koʻtarib chiqdi.
– Garangmisanlar? Qaysi biring sindirding? Bu nima qiliq? – dedi Vali “tuzatgan” dutorni koʻrsatib.
Oyim aybdor qiyofada oʻtirar, akalarim hayron boʻlib bir-biriga qarashar edi. Hozir katta janjal boʻlishini sezib qoʻrqib ketdim.
– Tiling bormi?! – dadam battar tutaqib ketdi.
– Zebi opa chaluvdi, – dedi oyim sekin. – Sumalakka chiqqanimizda… bir chalib beray, devdi…
Qiziq, dadam birdan hovuridan tushdi.
– Mayli, – dedi ovozi pasayib. – Zebi chalsa mayli. – U hujraga kirib ketdi-da, anchadan keyin bir boʻlak yogʻoch koʻtarib chiqdi. Dandon sopli pichogʻi bilan yogʻochni kesa boshladi. – Dutorning qulogʻini tutdan qilmasa sinaveradi, – dedi sekin. Yogʻochning uyoq-buyogʻini oʻyar ekan, uh tortdi. – Qarab turib Xudoning ishlariga ham qoyil qolmayman. Ota-boladan bir oyda “qoraxat” kelsa-ya!
– Shuni ayting, – dedi oyim jonlanib. – Tagʻin ham odamzod chidarkan. Ham eridan, ham yakka-yolgʻiz oʻgʻlidan judo boʻlib oʻtiribdi boyoqish. – U bir zum oʻylanib turdi-da, qoʻshib qoʻydi. – Bechora, Valisiga juda suyanib qolgan. Ishqilib, orzu-havasini shundan koʻrsin…
* * *
Valentin tuzatib ketgan mashinani haydab borarkanman, beixtiyor Zebi xolaning koʻchasiga burildim. Ana, Valentinning uchastkasi. Shifer tomli uy oldida ZIL turibdi. Kabina zinasida katta-kichik uch bola oyogʻini likillatib oʻtiribdi. Biri doʻppi kiygan, biri shapkasini bostirib olgan… Mashinani sekin haydab oʻtib borarkanman, ichkaridan dutor sadolari eshitilgandek boʻldi. Kim bilsin, ehtimol menga shunday tuyulgandir?
Oʻtkir HOSHIMOV
“Dunyoning ishlari”dan
https://saviya.uz/ijod/nasr/oris-bolaning-oyisi/