XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida Turkiston (Markaziy Osiyo) oʻlkasida pedagogik fikrlarning rivojlanishida, xalq maorifi ishlarini yuksaltirishda ilgʻor ziyolilarning xizmatlari kattadir. Bunda jadid adabiyotining yirik vakili shoir, dramaturg, muallim Abdulla Avloniy (1878–1934)ning xizmatlari koʻp. U maktablar ochib, shaxsan oʻzi muallimlik qilish bilan birga maktablarni darsliklar bilan taʼminlash ishiga katta hissa qoʻshdi. Uning qalamiga mansub “Turkiy Guliston yoxud axloq”, “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” “Maktab Gulistoni “asarlari bir necha bor nashr etildi. Bular ichida “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari oʻzbek klassik pedagogikasining ajoyib namunasi hisoblanadi. Abdulla Avloniy mazkur asarni fors klassik shoiri shayx Muslihiddin Saʼdiy (1184–1310)ning “Guliston” asaridan taʼsirlanib, unga taqlid qilib yozganligi haqida shunday deydi: “Ban bu asari nochizonami bir necha muallim birodarlarimning iltijolari ila yozmoq va nashr qilmoqgʻa gʻayrat va jasorat qilmish edim. Alhamdu lilloh val minna ikkinchi tabʼihada muvaffaq oʻldum, chunki Turkiston maktablarida oʻz shevamizda (oʻzbek tilida demoqchi) yozilmish mukammal “Axloq kitobining shunday asarga tashna va muhtoj ekanligʻi oʻzum muallimlar jumlasidan oʻldigʻimdan manga ham ochiq maʼlum oʻldi. Shuning uchun koʻp vaqtlar tajriba soʻngidan adibi muhtaram shayx Saʼdiy usulida yozmoqni, garchi ogʻir ish bolʼsa ham, oʻzimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq bu kamchilikni oradan koʻtarmakni munosib koʻrdim”. Demak, aytish mumkinki, “Turkiy Guliston yoxud axloq” Saʼdiyning “Guliston” asari usulida oʻzbek tilida yozilgan axloq kitobidir.
Abdulla Avloniyning mazkur asari 1913 yilda Toshkentda Ilin bosmaxonasida litografik (toshbosma) usulida nashr etildi. Asar bunday darslikka boʻlgan ehtiyojni hisobga olib 1917 yilda ikkinchi marta chop qilindi. Har ikki nashr ham hajm jihatidan bir-biridan farq qilmaydi. Faqat birinchisi kotib Abdusalom Abdurahmon oʻgʻli, ikkinchisi kotib Abdul Mannon ibni Abdul Majid (oʻzbek milliy teatrining mashhur aktyori Mannon Uygʻur Majidov) dastxatidir.
“Turkiy Guliston yoxud axloq”ning uchinchi nashrini 1967 yili “Oʻqituvchi” nashriyoti amalga oshirdi. Bunda asarda uchragan diniy iboralar, Hadisdan olingan hikmatlar davr talabiga koʻra tushirib qoldirildi. Asarni “Oʻqituvchi” nashriyoti 1992 yil asli nusxa yozuvida (arab yozuvi asosidagi oʻzbek yozuvida) va rus alifbosi asosidagi oʻzbek yozuviga oʻgirilgan matni bilan birga, shuningdek, qiyin soʻzlar lugʻati ilova qilingan holda bosib chiqardi.
“Turkiy Guliston yoxud axloq”ning qoʻlingizdagi beshinchi nashri sobiq nashrlar ichida eng mukammalidir. Bunda kotib Mannon Uygʻur dastxati matnining faksimeli, lotin yozuvi asosidagi yangi oʻzbek yozuviga oʻgirilgan matni, qiyin soʻzlar lugʻati berilgan. Bundan tashqari Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” “Maktab Gulistoni” asarlaridan tanlangan hikoya, sheʼrlari ham ilova qilindi.
Kitobni nashrga tayyorlashda iqtidorli shogirdlarimiz Tavakkalova Dilnoza va Boboxonova Feruzalarning xizmatlari boʻr.
Asar keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan maʼrifat darsligidir. Uning yoshlarning axloqiy tarbiyasida katta ahamiyatga ega ekanligiga ishonchimiz komildir.
Nashr haqida bildirilgan fikr-mulohazalar, istaklar mamnuniyat bilan qabul qilinadi.
Latif XALILOV
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turkiy-guliston-yoxud-axloq-asari-haqida/