Yoshlik devoni

Oq qogʻozim, senga Erkin

Ochdi pinhon ishqini,

Sen boru men bor, qalam bor,

Oʻrtada begona yoʻq.

  

DEBOCHA

 

Istadim sayr aylamoqni

Men gʻazal boʻstonida.

Kulmangiz, ne bor senga deb

Mir Alisher yonida.

 

Sheʼriyat dunyosi keng,

Gulzori koʻp, boʻstoni koʻp,

Har koʻngil arzini aytur

Neki bor imkonida.

 

Ey munaqqid, sen gʻazalni

Koʻhna deb kamsitmagil,

Sevgi ham Odam Atodin

Qolgan inson qonida.

 

Toshga ham shirin gʻazal

Baxsh aylagay otash va jon,

Shavq oʻti yonsa agar

Shoir – gʻazalxon qonida.

 

Rost, gʻazal avjida barcha

Oy ila Zuhro emas,

Koʻp erur somonchilar ham

Sheʼriyat osmonida…

 

Doʻstlarim, shoir demang,

Erkin gʻazal shaydosidur,

Yosh deng-u maʼzur tuting

Sahv oʻlsa gar devonida.

1967

 

 

TUN BILAN YIGʻLABDI BULBUL…

 

Tun bilan yigʻlabdi bulbul

Gʻuncha hajri dogʻida.

Koʻz yoshi shabnam boʻlib

Qolmish uning yaprogʻida.

 

Koʻz yumar boʻlsam, koʻzim –

Oldida paydo gul yuzim,

Gʻuncha koʻz ochmogʻi bor

Bulbul koʻzin yummogʻida.

 

Asta barg ostida tinglab

Yotgan ermish shoʻx sabo,

Gʻuncha bulbuldan muhabbat

Darsin olgan chogʻida.

 

Sevgi sahrosida qolmish

Necha Majnundan gʻubor,

Necha Farhod gardi yotgay

Bistunning togʻida.

 

Gʻunchadek chehrangga Erkin

Jon fido etgay, sanam.

Qatra qonidan gul unsin

To muhabbat bogʻida.

1967

 

 

BARCHA ShODLIK SENGA BOʻLSIN

 

Barcha shodlik senga boʻlsin,

Bor sitam, zorlik menga.

Barcha dildorlik senga-yu,

Barcha xushtorlik menga.

 

Sen mening jonimni olgin,

Men sening darding olay,

Barcha sogʻlik senga boʻlsin,

Barcha bemorlik menga.

 

Senga boʻlsin barcha husnu

Menga boʻlsin barcha ishk,

Kori xunxorlik senga-yu,

Mehri poydorlik menga.

 

Bu jahonning rohatin ol,

Bor azobin menga ber,

Senga boʻlsin barcha orom,

Barcha bedorlik menga.

 

Ol oʻzing koshonalarni,

Menga koʻy mayxonani,

Barcha hushyorlik senga-yu,

Barcha xummorlik menga.

 

Senga boʻlsin nurli kunduz,

Menga kolsin qora tun,

Barcha gulshan senga boʻlsin,

Bor tikanzorlik menga.

 

Sen shahanshohlikni olgin,

Menga kullik boʻlsa bas,

Bor jafokorlik senga-yu,

Bor vafodorlik menga.

 

Mayli, ostonangda yotsam,

Mayli, kuvsang tosh otib,

Bor dshgozorlik senga-yu,

Bor dilafgorlik menga.

 

Senga sheʼrni bitsin Erkin,

Yirtib otmok oʻz ishing,

Kasbi inkorlik senga-yu,

Aybga ikrorlik menga.

1967

 

 

GʻUNCHA

 

Barg ostidan muloyim

Boqqan iboli gʻuncha,

Ne sirni saklagaysan,

Bagʻring nechun tuguncha?

 

Pinhon siring bayon et,

Koʻksingni qilma koʻp kon,

Bu yoki ishq atalgan

Bizga ayon tushuncha?

 

Sevmoq uyat emasdir,

Har kimda bor bu savdo,

Qoʻy, koʻp qizarma, gʻuncha,

Boshingni egma buncha.

 

Boʻldingmi men kabi yo

Bir bevafoga oshiq,

Ayt, sevganingni senga

Parvosi yoʻqmi uncha?

 

Gulgun yanogʻing uzra

Bir tomchi yosh koʻrarman,

Kel, birga dardlashaylik,

Uy-uyda yigʻlaguncha.

 

Men ham axir seningdek

Izhori ishq etolmay

Koʻksimda dudi ohim

Dashtlar aro kuyuncha.

 

Ey gʻuncha, sabr aylab

Ummidi vasl kilgʻil,

Hijronu yor jafosi

Bizga faqat buguncha.

1962–1967

 

 

SURMA

 

Aslida kim qarardi

Yotganda xor surma,

Boʻldi aziz, koʻziga

Surtganda yor surma.

 

Koʻzda qaro na iz bul,

Tun dogʻidan asarmu,

Mayxona kezdimu yo

Mastonavor surma.

 

Yor koʻziga yetishmak

Savdo ekan-ku dushvor,

Yonib koʻmir boʻlibdi

Bechora zor, surma.

 

Oʻrtanma, kuyma ortiq

Jismim karo ekan deb,

Ishq yoʻlida qarolik

Takdirda bor, surma.

 

Ming yil yotib seningdek

Gʻam togʻining tagida,

Soʻng mayli boʻlsam oxir

Tolega yor, surma.

 

Yor ketdi-yu, kolibdir

Yoʻl oʻrtasida Erkin,

Koʻnglida surmaso koʻz,

Koʻzda gʻubor surma.

1967

 

 

DILDORGA NOMA YOZDIM

 

Gul boʻylarini bogʻdan

Keltirgan ey, shabboda,

Dildorga noma yozdim,

Yetkur uni havoda.

 

Yetkur uni va lekin

Koʻngliga kaygʻu solma,

Sharhi dilim etarda

Boʻlsin tiling navoda.

 

Hasrat toʻla soʻzingdan

Ozor topar nigorim,

Ramzi ishora birlan

Qilgin uni ifoda.

 

Gulbargi lolani elt,

Qoʻygin qadah yoniga,

Yuz hajrida yurak kon

Misli kadahda boda.

 

Bargi xazonni olib

Yoniga koʻygin-u ayt:

Bu oshigʻing yuzi deb

Hijron degan baloda.

 

Gul shoxidan tikan uz,

Gulbargi lolaga sanch,

Koʻksimga tigʻ uraymi,

Hech kolmadi iroda.

 

Sahro gʻuboridan elt,

Hozirligimni bilsin

Men dashti Karbaloni

Kezmoqka ham piyoda.

 

Bir tola kiprigimni

Eltib oyogʻiga qoʻy,

Bedor koʻzim yoʻlida

Har shom ila saboda.

 

Dildorga noma yozdim,

Yetkur oʻzing, men ojiz,

Gul boʻylarini bogʻdan

Keltirgan ey, shabboda.

1967

 

 

SAMARQAND

 

Otashin bark yondi gulrang

Charxning mehrobida,

Charx urar koʻnglim xayolning

Otashin girdobida.

 

Subhidam oftobi koʻkning

Gumbazida yondi, yo

Yondi bu firuza gumbaz

Subhidam oftobida.

 

Tong emas bu, tongda boʻlsam

Men xayol obida gʻark,

Tong qilibdir chunki koʻnglim

Bu xayoldek obida.

 

Koʻhna shahrim, tarixingni

Koʻz yumib qilsam xayol,

Gʻarq koʻrindi mazlum elning

Koʻz yoshi selobida.

 

Bu saroylar gʻishti elning

Ashki birlan xokidan,

Rangu boʻyogʻi korilmish

Qaygʻuning zardobida.

 

Chulgʻanib sokin xayolga

Jim yotar sogʻonalar.

Ne koʻrar Mirzo Ulugʻbek

Besh asrlik xobida?

 

Keng falakni kuchdi inson,

Lek ming yil oʻtsa ham

Ilk muallimdir Samarkand

Ilmi aflok bobida.

 

Bosh egib ustoz Ulugʻbek

Qoshida turdim bu tong,

Charx urib koʻnglim xayolning

Otashin girdobida.

1967

 

 

ChASHMA

 

Oʻltirar sochin tarab yor

Chashmaning oʻtrusida.

Chashma oʻz aksin koʻrar

Yor chehrasi koʻzgusida.

 

Dildan oqkan mehrdek

Yor koʻksidan qaynab oqur,

Chunki koʻz ochmish sanamning

Koʻzlari orzusida.

 

Ikki irmoq koʻz yoshida

Hajr dardidur ayon,

Vasl shavqi zohir oʻlgay

Raqsida, kulgusida.

 

Gohi urgay oʻzni har yon,

Bilmam, ul devonamu,

Yo xayoli birla mendek

Toʻlgʻanur uyqusida?

 

Sochlaring birla yuzingni

Toʻsma, qoʻy, xurshid jamol,

Jilva qilsin, yayrasin

Bir dam yuzing yogʻdusida.

 

Dilbarim, Erkin dilin sen

Bir tiniq sarchashma bil,

Aks etar ishq oftobi

Kalbining koʻzgusida.

1967

 

 

LOLA SAYLI

(badiha)

 

Taklif etdim tong bilan

Dildorni lola sayliga,

Boshim osmonlarga yetdi

Yor deganda “mayliga”.

 

Keng jahon boʻldi munavvar

Lutfidan, evoh, qani,

Sidqi dildan yursa dilbar

Doim oshiq mayliga.

 

Oʻyladim shu tong, necha yil

Dashtu sahrolar kezib,

Taklifi sayl aylamabdir

Ne uchun Qays Layliga!

 

Bu xayolim yorga aytsam,

Kuldi-yu, berdi javob:

Ahli ishq ham boqqay albat

Oʻz zamonin zayliga.

 

Lola terdik dasta-dasta,

Kech bilan qaytdik shahar,

Yoʻlda bir-bir tarqatib

Erkin muhabbat xayliga.

1967

 

 

YOʻQ EMISH ORZUDA AYB…

 

Saydi ishk boʻlgan koʻngilga

Qoʻymangiz behuda ayb.

Boʻlsa bandi domi sayyod,

Yoʻk erur ohuda ayb.

 

Bandga tushgan bu koʻnguldur,

Menda, ayting, ne gunoh,

Dil kushiga dom koʻygan

Ul ikki joduda ayb.

 

Jodu koʻzlar bandi yolgʻiz –

Sen emas, tutqun yurak,

Avval oxir koʻhna meros

Ishk degan tuygʻuda ayb.

 

Ey koʻngil, oʻz mayling ila

Boʻlding ishk domiga band.

Izlama endi bahona,

Demagin u-buda ayb.

 

Sevgi dardidan mening ham

Boʻldi rangim kahrabo,

Yoʻk iloj, ne naf oʻkinmak

Boʻlmasa koʻzguda ayb?

 

Sen-ku Zuhrosan falakda,

Intizoringman faqat,

Ne ajab, tolpinsa koʻnglim,

Yoʻk emish orzuda ayb.

1967

 

 

SARV

 

Kecha oydin, mavjli dengiz,

Kuy toʻqir bedor sarv,

Oy kelib sarv uzra koʻndi,

Boʻldi oyruxsor sarv.

 

Ikki sarvning oʻrtasida

Men turibman lolu gung,

Bir tomon sarv qadli dildor,

Bir tomon dildor sarv.

 

Lolu gungman, boisi sarv,

U seni koʻrgan kecha

Yerga kirmabdir, taajjub,

Bu qadar beor sarv.

 

Bir boqishda oshiq oʻlmak

Bul ajablik demagil,

Bir koʻrib qaddingga mangu

Boʻldi-ku xushtor sarv.

 

Boʻy choʻzib har yon karaydur,

Bundaman deb ayt, sanam,

Qomatingni bir koʻrarga

Kechadin xummor sarv.

 

Men-ku yor vasliga keldim

Sarv tagin xilvat bilib,

Erta tong olamga soʻylab

Qilmagin oshkor, sarv.

 

Lablaridan boʻsa izlab

Jon suvin topdim bu kech.

Sarv tagida baxtli boʻldim,

Ham bu baxtga yor sarv.

 

Sochu qadding yodin Erkin

Gar unutsa bir nafas,

Unga sunbul sirtmogʻ oʻlsin,

Mayli, boʻlsin dor sarv.

1967

 

 

KIPRIGINGDAN OʻQ UZIB

 

Kiprigingdan oʻq uzib

Koʻksim aro zahm aylading,

Dilni zabt etmoqqa balki

Chox oʻyib lahm aylading.

 

Tashna koʻnglim ichmasin deb

Koʻz yoshimdan qatra ham,

Ashk soyining yoʻliga

Kiprigim dahm aylading.

 

Sen oʻzing kirding koʻngilga

Gʻam sipohin boshida,

Gʻaflat uykusida erdim,

Ayt, nechuk fahm aylading?

 

Sen koʻngil mulkini toroj,

Qalb uyin vayron etib,

Pora qildingmu tanimni,

Jonima rahm aylading.

 

Oshiq oʻlding, ey koʻngil,

Gʻam lashkaridan qoʻrqmagil,

Bari chopku oldda, Erkin,

Ne uchun vahm aylading?

1967

 

 

BARG

 

Ikki koshing oʻsma birlan

Boʻldi juft nargisli barg,

Ikki barging koshida men

Titragayman misli barg.

 

Titramogʻim boisi ul

Bargni tebranmogʻidir,

Yoki ohimdanmu titrar

Boʻyla nozik hisli barg.

 

Barg dedim, ammo bilolmam,

Qay biri xushboʻy ekan,

Ikki mushkin sunbuling yo

Ikki rayhon isli barg.

 

Oʻsmali kosh dema, zumrad –

Naksh etilgan sajdagoh,

Kam bukun mehrobga ixlos,

Lek bu koʻp muxlisli barg.

 

Oʻt yuzingning shuʼlasidan

Bu koraygan qoshmi yo

Subhi bayzodek gul uzra

Shomi savdo tusli barg.

 

Voh ajab, oʻz nargisiga

Banda boʻlmish, ne iloj,

Indamay kiprik – tikan

Zahmin chekar nomusli barg.

 

Ikki barg taʼrifin Erkin

Sheʼrga solsa tong emas,

Ul biri tashbehli bargu

Ul biri tajnisli barg.

1967

 

 

KOʻZING

 

Hajrdan tor bu koʻngilga

Shuʼlaafshondir koʻzing,

Yo magar koʻnglim yoʻqolgan

Tor shabistondir koʻzing.

 

Ham qorongʻu kechadir ul,

Ham yorugʻ kunduz menga,

Koʻzlarimda kecha-kunduz

Chun namoyondir koʻzing.

 

Husn ahli ichra tengsiz

Sen-ku xoqonsan oʻzing,

Sehr mulki ichra tanho

Shohu sultondir koʻzing.

 

Turfa bu jodularingga

Termulib lolmen bukun,

Koʻzlarim hayronligʻiga

Nega hayrondir koʻzing?

 

Hislarimning yelkanida

Bir adashgan yoʻlchiman,

Sevgi boʻronin yuborgan

Cheksiz ummondir koʻzing.

 

Koʻzlaring yulduzmi, yoʻq,

Yulduz erur har uchkuni,

Qorachigʻ kuygan quyoshu

Moviy osmondir koʻzing.

 

Yor koʻzin ummon deb aytding,

Unga suv toʻkmok. nechun? –

Bas, ani koʻrganda, Erkin,

Nega giryondir koʻzing?

1967

 

 

BANDI ZULF

 

Voh ajabkim, zulfingga dil

Qayta-kayta boʻldi band.

Necha-necha band boʻlishdan

Ul yemabdir zarra pand.

 

Ishq soʻzin takror etibdir

Toʻtidek har dam tilim,

Chunki bu til lablaringdan

Toʻti yangligʻ soʻrdi kand.

 

Shafkat istarman dilingdan,

Gul yuzingdan bir visol,

Koʻzlaringdan may soʻrarman,

Lablaringdan noʻshxand.

 

Sunbuling gar dom erursa,

Doimo men band boʻlay,

Dard esa ishking, boʻlay men

Bir umrga dardmand.

 

Hajr kuydirgay emishdir,

Vasl oʻldirgay emish,

Kel, meni kuydirma, oʻldir,

Menga oʻlmok ne pisand?

 

Oʻt yokib ketding yurakka,

Men tiyarman koʻz yoshim,

Chunki istarman, bu gulxan

Doim oʻlsin sarbaland.

 

Tashlading band aylab avval

Ne uchun Erkin dilin,

Yoʻlda qolmish ohu yangligʻ,

Boʻynida tori kamand.

1967

 

KIMDA IQTIDOR YOʻQDIR…

 

Kimda iqtidor yoʻqdir,

Ilm ila hunar zoye,

Iqtidor berurman deb

Chekma ranj, ketar zoye.

 

Kimda asli tole yoʻq,

Nakdi ham ketar qoʻldan,

Berganing bilan boʻlmas

Oltinu guhar, zoye.

 

Kimki behamiyatdir,

Chetdadir nazardan ham,

Chunki behamiyatga

Solganing nazar zoye.

 

Kimki muz yurak boʻlsa

Uylama eritmakni,

Ming quyosh yoqib koʻysang

Qilmagay asar, zoye.

 

Gar quyon yurakli er

Jazm etar bahodirlik,

Unga argʻumoq esiz,

Tilla naqsh kamar zoye.

 

Bu “nasihat”ni Erkin

Yozdi bir sabab birlan.

Koʻnglida sezar ammo,

Sheʼri besamar, zoye.

1967

 

 

SENGA BAXTDAN TAXT TILARMAN

 

Sen gʻanisan, menda bisyor extiyoj.

NODIRABEGIM

 

Senga baxtdan taxt tilarman,

Toledan boshingga toj,

Mulki husningga omonlik,

Toju taxtingga rivoj.

 

Toju taxt tashbehidan sen

Koʻhna deb kulsang netay,

Sen axir shohi jahonim,

Men kulingman, ne iloj?

 

Ne ilojkim, davlatim yoʻq,

Ganji mehrimdan boʻlak,

Bul evazdan koʻz toʻlaydur

Qatra-katra dur xiroj.

 

Koʻzlarim aylar hamisha

Arzi muhtojlik senga,

Ayt-chi, jonim, bormi senda

Koʻz yoshimga ehtiyoj?

 

Koʻp nasihat tinglab Erkin

Qilmadi hech tarki ishk.

Bor masalkim, ish yurishmas

Sohibi gar boʻlsa koj.

1967

 

 

DOSTONGA YOZ

 

Kel, muhabbat lazzatin

Taʼrif etib dostonga yoz,

Turfa gullardan tikib,

Har baytini boʻstonga yoz.

 

Sevgi nazmiga jahonning

Gulistoni yetmagay.

Nur qalam birlan muhabbat

Sharhini osmonga yoz.

 

Lolagun aylab yana

Magʻribu mashrik ufqini,

Bir gʻazal vasliga baxsh et,

Bir gʻazal hijronga yoz.

 

Taʼrifi ishq dardiga

Etgin yurak qonin siyoh,

Dilga yoz dilbar soʻzin,

Jonon soʻzini jonga yoz.

 

Dardni sen har kimga aytib

Ohu faryod etma koʻp,

Kuysa joning, jonajoning,

Shavqi jon jononga yoz.

 

Bahrasiz oldida, Erkin,

Ochma koʻngil daftarin,

Neki yozsang, dil soʻzini

Anglagan insonga yoz.

1967

 

 

DAVRON YUKI

 

Aylanur inson boshidan

Ming asr osmon yuki,

Dona bugʻdoy uzra goʻyo

Sangi tegirmon yuki.

 

Dona bugʻdoy dema, bu bosh

Necha ming olamcha bor,

Bor uning har nuktasida

Necha ming davron yuki.

 

Hazrati Inson koshida

Sajdaga bosh egdi charx,

Chunki inson kalbida ishq,

Boshida urfon yuki.

 

Nur kadam birlan yelar

Cheksiz fazo boʻylab zamin,

Yelkasida beshta qitʼa,

Toʻrt buyuk ummon yuki.

 

Koʻk tarozu pallasidur,

Bu zamin bir tosh anga,

Charx posangisida

Yuz ming tuman inson yuki.

 

Shuncha yuk mushkul emas,

Lekin ezar Yer siynasin

Begunoh koʻksiga tomgan

Qatra-qatra kon yuki.

 

Yer uza yuksalmish Inson

Bir koʻlida nur – charogʻ.

Bir qoʻlida bor uning

Mahshar bila toʻfon yuki.

 

Ey tabiat, ona-Yer,

Sen ber madad, tark etmasin

Hech qachon Odam dilin

Vijdon yuki, imon yuki.

 

Bas, xayolga choʻkma, Erkin,

Bitmagay olam oʻyi,

Keng jahon sigʻgan koʻzingni

Bosdi tong mujgon yuki.

1967

 

 

DOʻSTLARIMGA

Nasiba va Anvar uchun

 

Koʻngil, och doʻstlaringning

Vasfiga sen nazm daftarni,

Qalam gul shoxidan, koʻngil,

Siyoh qil mushk anbarni.

 

Quy, ey sokiy, kadahni,

Bu kecha hattoki osmon ham

Labo-lab kosada maydek

Koʻtardi mohi anvarni.

 

Falak yulduzdan oʻt yokmish

Bukun toʻyning kozoniga,

Somon yoʻlin shakar aylab,

Choʻmichdek tutdi Hulkarni.

 

Bu oqshom ne uchun raqs

Etmasin sayyoralar xandon,

Muzayyan bir uzukka

Qoʻndirib pokiza gavharni.

 

Bu osmon necha ming yil

Charx urib koʻrmabdi bir bora

Bahor gulzorida oʻsgan

Bu yangligʻ toza gullarni.

 

Jahon gulzorlarin kezding,

Bukun baxtdan kuvon, doʻstim,

Nasib etmish senga, Anvar,

Bahor gul yuzli dilbarni.

 

Hayot jomin koʻtar, doʻstim,

Tilak qil, sevgi bor boʻlsin,

Sira tark etmasin bu baxt

Nasiba birla Anvarni.

1967

 

 

SAMAR BOʻLGʻAY

 

Seningsiz menga kom yoʻqdir,

Asal ichsam zahar boʻlgʻay.

Sening birlan shirin soʻzim,

Zahar yutsam shakar boʻlgʻay.

 

Yuzingga bir umr boqsam

Toʻyurmi koʻz, konurmi dil,

Na undan belgi paydo-yu,

Na bundan bir asar boʻlgʻay.

 

Ikki yor vaslini istab

Ikki ishq soʻzin eshitsam,

Ikki koʻzim koʻru, ikki

Qulogʻim, mayli, kar boʻlgʻay.

 

Koʻzing uchganda koʻnglimni

Olib kipriklaringga koʻy,

Qoshu mujgonlaring koʻnglim

Qushiga bolu par boʻlgʻay.

 

Tirilsa nogahon Farhod,

Yuzingni koʻrsa koʻzguda,

Kechib Shirinidan yuz yil

Koʻyingda darbadar boʻlgʻay.

 

Habibim band etar koʻnglim,

Tabibim pand etar doim,

Bilolmasman, bu savdoda

Na sudu na zarar boʻlgʻay.

 

Muhabbat nogahon dilda

Yozib kurtak, ochibdir gul,

Umidvor Erkining, jono,

Bu guldan bir samar boʻlgʻay.

1967

 

 

HIJRON YUKI

 

Aylagin jondin judo

Etguncha jonondin judo.

Alisher NAVOIY

 

Roziman tushguncha dilga

Nogahon hijron yuki,

Nogahon, mayli, tanimdan

Ayru boʻlsin jon yuki.

 

Men boʻlay jondin judo

Boʻlguncha jonondin judo,

Ne kerak jon, ezsa jonim

Bir umr armon yuki.

 

Lahzai hijron yukiga

Bistun ukparchadur,

Bir kadoqlik toshcha kelmas

Yer bilan osmon yuki.

 

Oftob hijronida tong

Sabzalarga koʻndi nam,

Oʻylakim, kipriklarimni

Egdi tong giryon yuki.

 

Hajrda oʻtgan nafasni

Yil bilan oʻlchar koʻngil,

Ayrilikda sheʼr bitibman,

Unda bir devon yuki…

1967

 

 

PARISHONLIK

 

Doimo dedim, boʻlma

Oshino, parishonlik,

Boʻldi oshino dilga

Doimo parishonlik.

 

Dilrabo xayolida,

Ne ajab, parishonmen,

Oshikor etar doim

Dilrabo parishonlik.

 

Men oʻzimcha dilbarning

Yodi birla magʻrurmen,

Deydilar, kilur paydo

Kibr-havo parishonlik.

 

Kulsa el parishonlik

Odatimga, tong yoʻqdir,

Ahli dilga albatta

Noravo parishonlik.

 

Bevafo nigor yodin

Tez unutmoq istarmen,

Lek menda yoʻq bu xil

Bebaho parishonlik.

 

Hajr dardiga qilmas

Vaslidan shifo, endi

Bir davo xayoli-yu,

Bir davo parishonlik.

 

Yodi birla xud boʻlsam,

Jabri birla bexudmen,

Qildi sernavo yodi,

Benavo – parishonlik.

 

Zulfimu parishonlik

Odat etdi, yo koʻnglim

Ayladi parishonhol

Bu karo parishonlik.

 

Keldi kay kuni bu dard,

Xotirimga keltirmam,

Band etibdi Erkinni

Mutlako parishonlik.

1967

 

 

YOSHLIGIM

 

Yoshligim, kel, kuyga toʻlgan

Qalbim oltin sozi boʻl,

Men koʻshik aytay toʻlib,

Bir lahza joʻr ovozi boʻl.

 

Dilga oksin baxtli umrim

Kuy boʻlib, ohang boʻlib,

Sen uning “Oromijon”i,

“Gulyor”u “Shahnozi” boʻl.

 

Orzu-istakdin-ku shodon

Dilga bogʻlabsan kanot,

Bu tilak osmonining

Doim baland parvozi boʻl.

 

Ketmagin aslo, hayotim

Gulshanin tark etmagil,

Bir umr men birla kolgin,

Bu koʻngil hamrozi boʻl.

 

Yoshligim dostoniga men

Shuʼladin yoʻndim kalam,

Ey sahar ufki, uning sen

Zarvarak qogʻozi boʻl.

 

Yoshligim sen menga bergan

Kuch, shuuring, gʻayrating

Xalku yurtga baxsh etolsam,

Shunda mendan rozi boʻl.

1959–1967

 

 

XAYOL

 

Kechalar kipriklarimda

Tarki xob aylar xayol,

Oʻz hayotimdan oʻzimga

Sarhisob aylar xayol.

 

Qissa aytur mozidin goh,

Ertadan afsona goh,

Goh savol aylar koʻngilga,

Goh javob aylar xayol.

 

Koʻkda suzgan oyni koʻzga

Bir kichik fonus etib,

Pirpirab yonguvchi shamni

Mohi tob aylar xayol.

 

May toʻla jom ichra toʻfon

Mavjini paydo qilur,

Tong shafaq alvonini

Gulgun sharob aylar xayol.

 

Ming asrlar kori holin

Qilgay u bir soniya,

Lahzaning mazmunini

Ming bir kitob aylar xayol.

 

Neki zabt etmish shuur,

Bois xayol oʻlsa, ne tong,

Dilga parvoz ayla deb

Mangu xitob aylar xayol.

 

Bu shitob asrim xayolga

Etdimu tezlikni baxsh,

Bilmadim, asrimni olgʻa

Yo shitob aylar xayol.

 

Bor ekan inson koʻlida

Orzu yoqqan charok,

Bu charoqni, oʻyla, bir kun

Oftob aylar xayol.

 

Men xayolni sheʼrga soldim,

Oʻyparast boʻlma va lek,

Besamar boʻlsa seni

Bir kun har ob aylar xayol.

 

Boʻlgin, Erkin, har nafas

Ezgu xayolga oshino,

Pok esa niyat, seni

Olijanob aylar xayol.

 

 

ShOHIGUL

 

Otashin gul uzdim, ol, bu –

Shohigullar shohi gul.

Gul sochik yoʻllarda boʻlsin

Gul yuzim hamrohi gul.

 

Shohigul ermas bu, oʻtlugʻ –

Yuzlaring hijronida,

Intizor bogʻ koʻksidan

Chiqqan figʻonu ohi gul.

 

Ishq elyning qatra-katra

Qonidan ungan chechak,

Sevgining oshiq koʻngillarga

Olovli chohi gul.

 

Bilgali koʻnglingni, kirsam

Bogʻing ichra har zamon,

Shohigulga yolvorurman,

Sirlaring ogohi gul.

 

Bu jahon gulzorida

Har bir chechakning oʻrni bor,

Xoh tikandir, xoh pechakdir,

Xohi yaprok, xohi gul.

 

Gul emas, Erkin qoʻlingga

Tutdi oʻtdek kalbini,

Otashidan koʻrqma, ol,

Ol, kuymagaysan, Mohigul.

1967

 

 

UYGʻOTMAGIL…

 

Tushda koʻrdim dilbarimni,

Ey sabo, uygʻotmagil,

Olma bir dam vasl shavkin,

Qoʻy, meni koʻzgʻatmagil.

 

Necha kunlar axtarurman,

Koʻzlarimda uyqu yoʻq,

Uykuda topdim nihoyat,

Endi sen ajratmagil.

 

Sochlarin boʻynimga bogʻlab

Shod erurman bu kecha,

Qoʻy, chamanlardan, sabo,

Gul atrini tarkatmagil.

 

Sevganim, xurshid jamolim

Vaslidan xushnud koʻngil,

Sen quyoshni koʻzlarimga

Bir nafas koʻrsatmagil.

 

Lablarimda kulgu, goʻyo

Tushda qand koʻrgan goʻdak,

Qoʻy, shakar labdin ayurma,

Sen meni yigʻlatmagil.

 

Gar yoʻqotsam bu kecha men

Qayga borgum axtarib,

Tushda koʻrdim dilbarimni,

Ey sabo, uygʻotmagil.

1967

 

 

QALAM

 

Ulfatimdir sham yangligʻ

Kechalar tanho kalam,

Men-ku sheʼr Majnunidirman,

Sarvqad Laylo kalam.

 

Ahli sheʼrga to qiyomat

Ulfat oʻlmakdir azob,

Ne iloj etsin, boshida

Bor ekan savdo qalam.

 

Rost, qalam timsoli sheʼr,

Timsoli tigʻ, timsoli haq,

Boshini ming kesdilar,

Bosh egmadi aslo kalam.

 

Yor, diyor mehrini kuylab

Umrimiz boʻlgay ado.

Men na istisno erurman,

Sen na mustasno, qalam.

 

Yangrasin Erkin soʻzing,

Aslo tiling lol oʻlmasin.

Dast koʻtar davron yukini,

Etma qadding yo, qalam.

1967

 

 

UZUM

 

Termular shabnamli yaprok –

Ostidan pinhon uzum,

Lablaringga yetmok istab

Tong sahar giryon uzum.

 

Oftob mashshotasi

Tok sochini nurdan tarab

Zangining boʻyniga osmish

Shodai marjon uzum.

 

Toqi ishkom misli osmon,

Har taraf yulduz sochur.

Voh ajab, bu ne sinoat,

Yer uzum, osmon uzum.

 

Tark etib koʻshkin, savatga

Qoʻydi bosh, izlab seni

Charx urib bozor ichida

Boʻldi sargardon uzum.

 

Kimki oshiqlikni daʼvo

Aylasa shuldir jazo.

Okibat xum ichra boʻldi

Mahkumi zindon uzum.

 

Xum ichida necha yil

Xun boʻlmoq erkan qismati,

Lablaringga yetdi oxir

Bir piyola kon uzum.

 

Bir kadah gulgun sharob

Tutdim senga, bir hoʻplading,

Toleimdan voladurman,

Baxtidan hayron uzum.

 

Ey dilorom, senga Erkin

Tutdi maydek sheʼrini,

Dil xumida necha yil

Qon boʻldi bu devon – uzum.

1967

 

 

DOʻST BILAN OBOD UYING

 

Doʻst bilan obod uying,

Gar boʻlsa u vayrona ham,

Doʻst qadam qoʻymas esa,

Vayronadir koshona ham.

 

Intizor har uy dilovar

Dilkusholar bazmiga,

Gar oyok koʻysa qabohat

Yigʻlagay ostona ham.

 

Yaxshi doʻstlar davrasida

Ochilursan har zamon,

Koʻrkni shoda ichra topgay

Marvarid durdona ham.

 

Soʻrma mendan, kim diloro,

Doʻstmi yo jonona deb,

Doʻst mening koʻnglimdadir,

Jonimdadir jonona ham.

 

Kochma rostgoʻy doʻstlarning

Kohishu ozoridan,

Kaddi rost shamning tilidan

Oʻrtanur parvona ham.

 

Doʻst qidir, doʻst top jahonda,

Doʻst yuz ming boʻlsa oz,

Koʻp erur bisyor dushman

Boʻlsa u bir dona ham.

 

Kim senga hamroz emasdir,

Bogʻaraz deb oʻylama,

Gohi dushmanlik kilurlar

Koʻl sikib doʻstona ham.

 

Doʻsti sodik yoʻq ekan deb

Oʻrtanib kuyma va lek,

Mehr uyin keng ochsang, Erkin,

Doʻst boʻlur begona ham.

1967

 

 

RASHKIM

 

Seni yotlar tugul hatto –

Qilurman rashk oʻzimdan ham,

Uzokrok termulib kolsam

Boʻlurman gʻash koʻzimdan ham.

 

Koʻzim yongay senga nargis –

Koʻzin tiksa chamanlarda,

Yashirmam, lolaga rashkim

Ayon boʻlgay yuzimdan ham.

 

Degaylarki, charosu

Ol gilos olmish labingdan rang,

Labing tegsa hasad qilgum

Gilos birlan uzumdan ham.

 

Seni jonim dedim yolgʻiz,

Seni qalbim dedim tanho,

Chimirding kosh, pushaymonman

Koʻpol aytgan soʻzimdan ham.

 

Visol onida koʻz ochsa,

Ne tong, tongdan koʻngilda ranj,

Judo kilgay meni oy yuz,

Xumor koʻz yulduzimdan ham.

 

Senga oʻn toʻrtda bogʻlandim,

Hanuz erkin boʻlolmas dil,

Oʻzim dogʻman, aql kirmas,

Toʻzimsiz oʻttizimdan ham.

1967

 

 

YANA QALAMGA

 

Bargi gul qogʻozim oʻlsin,

Shohi gul – xoro kalam,

Lafzi bulbul birla qilsin

Ishq soʻzin insho qalam.

 

Orazin tasvir etarda

Bargi gul chok-chok oʻlib,

Qoshi taʼrifini aylab

Yigʻlasin shaydo qalam.

 

Hajr tahririda giryon,

Jabr taqririda xun,

Vasl tasvirida boʻlsin

Bulbuligoʻyo qalam.

 

Bejavob ishq dardini

Tunlar bayon etdik ikkov,

Bu azoblarni bilar

Yolgʻiz menu tanho qalam.

 

Sheʼr ila shod oʻlding, Erkin,

Qilmading dunyo havas,

Bor ekan koʻksingda otash,

Sen uchun dunyo qalam.

1967

 

 

ShIRIN

 

Dilkusho doʻst, dilrabo yor –

Birla kechgan dam shirin.

Doʻstu yor birlan hayotu

Siynai olam shirin.

 

Sevgi zavqi bir tomonu

Boda kayfi bir tomon,

Qay biri ortiq shirindir,

Qay birisi kam shirin.

 

Ikki gulgun chehra boʻlsa,

Oʻrtada gulgun sharob,

Men uchun maydin ham ortiq

Suhbati hamdam shirin.

 

Bu jahonda, deydilar,

Har kimda bor bir oʻzga tabʼ,

Menga may, bulbulga tong

Gul bargida shabnam shirin.

 

Sevgining dardi faqat

Beishq uchun begonadir,

Ishqi yor boʻlsa firoq –

Chekkanda hatto gʻam shirin.

 

Soʻyla, doʻst, gulgun sharobning

Kayfidan ortiq na bor?

Boʻsadan lablarda kolgan

Jon suvidek nam shirin.

 

Ey gulim, sevgim haqi,

Maydan meni qilma judo,

Menmi, ul ortiq dema,

Sen ham shirin, ul ham shirin.

1967

 

 

UCH BALODAN SAQLASIN

 

Uch balodan saqlasin,

Charxi balokash boʻlmasin,

Doʻst mehrsiz, dardsiz ulfat,

Yor jafokash boʻlmasin.

 

Dil agar payvand erursa

Ne jafo chekmak firoq,

Hech koʻngil sevgan koʻngil –

Yenida yakkash boʻlmasin.

 

Sevgi barku otashida

Oʻrtanishni gʻam demam,

Oshiqona bu dilim

Bebarqu otash boʻlmasin.

 

Yuzta jonim boʻlsa har bir

Kokilingga bir pilik,

Tolasiga oʻzgalarning

Koʻngli chirmash boʻlmasin.

 

Neki dard bor, neki kulfat

Bu jahonning kunjida,

Men boʻlay yuz ming giriftor,

Lek mahvash boʻlmasin.

 

Men yoniq qalbimni tutdim

Senga kaft uzra koʻyib,

Ol uni, oʻynab va lekin

Oʻtga tashlash boʻlmasin.

 

Yorni oftob deding, Erkin,

Kuymagin hijronida,

Oftob goh berkinur,

Bundan diling gʻash boʻlmasin.

1967

 

 

ZAMIN VA FAZOGIR

 

Zamin:

Senga taxtiravon, koshonadurman,

Senga mangu vatanman – xonadurman.

Taajjub qilmagin bagʻrimga tortsam,

Bolamsan, har na qilsa onadurman.

 

Fazogir:

Koʻkingda chaqnagan durdonadurman,

Sahar Zuhrosi yangligʻ yonadurman.

Kuyosh atrofida parvonasan, Yer,

Sening tegrangda men parvonadurman.

 

Zamin:

Samovot uzra qalb monand erurman,

Sening mehru oʻyingga band erurman.

Fazoda uch balandroq, lochinim, uch,

Boqib parvozingga xursand erurman.

 

Fazogir:

Zaminim, men senga farzand erurman,

Onamsan, toabad dilband erurman,

Aql birlan yengib tortish kuchingni,

Koʻngil birlan senga payvand erurman.

1961–1967

 

 

XAZINA

Sharq qoʻlyozmalari maxzanida

 

Varaklarni ochurman

Tozalab yillarni changidan,

Bu donish maxzani soʻzlar

Menga afsona yangidan.

 

Biri soʻylaydi tarixdan,

Biri sirli samolardan,

Birisi ishq savdosi,

Biri shahnoma jangidan.

 

Quloq tut, sahfalardan

Nolayu oʻtligʻ figʻon birlan

Sado kelgay Iroqu

Shomu, Hindu, Rum, Farangidan.

 

Oʻqib “Devoni Bobur”,

Ham varaklab “Nomai Bobur”,

Eshit bulbul navosiyu,

Qilichlarning jarangidan.

 

Navoiy sham kabi yonib,

Xazondek sargʻayib soʻlmish,

Varaklar ham olibdur

Sohibi devoni rangidan.

 

Fuzuliy Karbalo dashtin

Quyundek kezdi Qays birlan,

Dili hech topmadi taskin

Davrning boda, bangidan.

 

Oʻqib tarixni, Erkin,

Sahfalarga boqmagin hayron.

Erur ok davr changidan,

Sarigʻdir javr zangidan.

1967

 

 

HOFIZGA

 

Ming Samarkand, ming Buxoro

Hadya etgum xol uchun,

Lek nigorimda havas yoʻq

Mulku davlat, mol uchun.

 

Senga yulduzli samoni

Sovgʻa aylarman desam,

Nozlanib, oʻldimmi, deydi,

Bu choʻtir roʻmol uchun.

 

Gar xiloldan sirgʻa taqmoq

Istasam, aytur sanam:

Zormidim jezdan yasalgan

Hiylai aʼmol uchun.

 

Ul parivash chehrasini

Oyga etgandim kiyos,

Bir umr uzr aytadurman

Bu xato timsol uchun.

 

Hajrda kaddimni dol

Etding, desam, bergay javob:

Kim koʻyibdur sevgini

Qaddi bukilgan chol uchun.

 

Yor istigʻnosidan

Oʻlmasman-u, kuydim va lek –

Lobarim oldida nazmim

Bu qadar behol uchun.

1967

 

 

NA QILSIN

 

Ishq ahlidir parishon,

Oʻzga bino na qilsin.

Sheʼr ahlidir devona,

Kibru havo na qilsin.

 

Husn asli bevafo-ku,

Gar unga boʻlsa magʻrur,

Husn ahlining oʻzida

Sidqu vafo na qilsin.

 

Ishq ofatiga oshiq

Dil amri birla kirgay,

Dard ila shod ekan ul,

Malham, davo na qilsin.

 

Koʻrsat oʻzingni – shu bas,

Koʻnglimda boshqa oʻy yoʻq.

Ayb etmagil tikilsam,

Koʻzda balo na kilsin.

 

Yor vaslidan topolmas

Erkin diliga taskin,

Afsus demakdin oʻzga

U mubtalo na qilsin…

1968

 

 

ZAMON

 

Aylanur charxi falakning

Davridek mangu zamon,

Gohi “kajraftor”u gohi

“Zolim”u “badxu” zamon.

 

Ne uchun ahli zamon der

Oʻz zamonin bevafo,

Tutmasa Xayyomga may deb

Kosada ogʻu zamon.

 

Urdi-yu Mirzo Ulugʻbekka

Padarkush xanjarin,

Qabri uzra ham oʻzi

Ming yil chekar kaygʻu zamon.

 

Kim degay qattol uni,

Boburni u qon yigʻlatib,

Qilmasa Mashrabni zolim –

Oldida kulgu zamon.

 

Koʻp jafolar koʻrdi olam,

Koʻz yumib qilsam xayol,

Misli sayyod tigʻi majruh –

Aylagan ohu zamon.

 

Yoʻk, na doru makru fitna,

Na qilich, na tigʻ bakor.

Sheʼr kolur, shoir kolur,

Garchand kechur vaqtu zamon.

 

Vaqt, zamon oliy hakam,

Bul kun fano topgay gʻazal,

Gar gʻazal uzra quyoshdek

Sochmasa yogʻdu zamon.

 

Xanda ur, joʻsh ur, yurak,

Ozod zamindur bu zamin,

Nazm tuz, Erkin, axir,

Erkin zamondur bu zamon.

1968

 

 

DUTORIM TORI IKKIDUR…

 

Dutorim tori ikkidur:

Biri kuvnoq, biri mahzun

Ki, baytim satri ikkidur:

Biri dilxush, biri dilxun.

 

Nigorim chashmi ikkidur:

Biri yagʻmo, biri jodu,

Bu jodudan ikki koʻzim

Biri Sayhun, biri Jayhun.

 

Jahonda ikki dilbarning

Biri sensan, biri Laylo,

Jahonda ikki oshiqning

Biri menman, biri Majnun.

 

Jahonda ikki yulduz bor:

Biri sensan, biri Zuxro,

Misoli ikki nuqtamning

Biri ostin, biri ustun.

 

Jahonning mehri ikkidur:

Biri sensan, biri oftob,

Tarozu pallasi ikki:

Biri yerdur, biri gardun.

 

Makoni ikki lochinning –

Biri qoya, biri osmon,

Qanoti ikki shoirning –

Biri oʻlka, biri ochun.

 

Gʻazal bitmakda sachrabdur

Koʻzimdan yosh, dilimdan oʻt.

Shu bois ikki satrimning

Biri qatra, biri uchqun.

 

Kelib bogʻ sayridan Erkin

Gʻazalga toʻlqin izlardim,

Kirib keldi ikki doʻstim:

Biri Sayyor, biri Toʻlqin.

1968

 

 

SEVGINI TORTIB BOʻLURMU…

 

Sevgini tortib boʻlurmu

Toshu tarozu bilan,

Mehrni oʻlchab boʻlurmu

Zar bilan, inju bilan?

 

Ayt, qachon koʻnglimga solding

Ishk oʻtin, ey sohira,

Dil oʻzi bogʻlandimu, yo

Bogʻlading jodu bilan?

 

Men senga koʻnglimni ochdim,

Ha deb ayt, yo yoʻq deb ayt,

Buncha qiynaysan dilimni,

Oʻrtama kulgu bilan.

 

Nega senga tik qarolmam,

Koʻzlaring oftobmi, yo

Oftob aksin koʻzga solding

Oʻynashib koʻzgu bilan.

 

Vasl umidin tark etolmay

Intilar koʻnglim senga,

Umrini oshiq hamisha

Oʻtkazur orzu bilan.

1968

 

 

OYNING OʻN BEShI QORONGʻU

 

“Umrini oshiq hamisha

Oʻtkazur orzu bilan”.

Oyning oʻn beshi qorongʻu,

Oʻn beshi yogʻdu bilan.

 

Sevgida koʻksingga tomgan

Koʻz yoshingdan foyda yoʻq,

Ishk axir shunday olovki,

Oʻchmagay u suv bilan.

 

Zahmati ishq dard erursa,

Zahmati sheʼrdur davo,

Chunki, ogʻuning shifosi,

Deydilar, ogʻu bilan.

 

Barcha zahmat menga boʻlsin,

Mayli, doim men yashay

Bu ajib totli azobu

Bu shirin qaygʻu bilan.

 

Yoshligim – umrim nahori,

Ishku sheʼrsiz ne hayot?

Tongni yolgʻiz gʻaflat ahli

Oʻtkazur uyku bilan.

 

Yorni men jonim deb aytsam,

Iltifot deb oʻylama,

U yashar mensiz va lekin

Men tirikman u bilan.

1968

 

 

GULNORINI OʻP…

 

Uyquda topsang nigoring,

Asta gulnorini oʻp.

Ochmasa chashmin, yumuq ul

Chashmi xummorini oʻp.

 

Sen-ku uygʻogʻida vosil

Boʻlmagaysan laʼliga,

Uygʻonib achchiq soʻz aytmay,

Laʼli shaxdborini oʻp.

 

Roʻzgoring qora qilmay

Zulfini koʻksingga bos,

Koʻksingga botmasdan avval

Kiprigi xorini oʻp.

 

Vasl uyi mangu emasdir,

Ishq dami boqiy emas,

Qomating yo boʻlmasidan

Koshi zangborini oʻp.

 

Taqdir umringning xatiga

Nuqta qoʻymasdan burun

Xatti birlan labga posbon

Xoli raxdorini oʻp.

 

Yorning uyqusi gʻanimat,

Sen bu tun bedor boʻl,

Bir-bir aytmayman, dilingga –

Xush nadir, borini oʻp.

 

Uygʻonib soʻng, mayli, Erkin,

Dorga ossin yor seni,

Koʻzga surt sirtmogʻiniyu,

Tiz choʻkib dorini oʻp.

1968

 

 

SHEʼR AZIZ OLAM ARO

 

Sheʼr aziz olam aro

Menga tiriklik, jon qadar,

Jon nedir oshiq uchun,

Jondin aziz jonon qadar.

 

Sheʼrdan ayru tonglarim

Yaldo tuniday zim-ziyo,

Sheʼr bilan tunlar charogʻon

Xurshidi tobon qadar.

 

Sheʼr oʻzi jonon emasmu,

Yondirar hijronida,

Gohi boqsa bir qiyo,

Boshim boʻlur osmon qadar.

 

Kimki oshiqdur jahonda

Sheʼrga boʻlgay mubtalo,

Ishq uchun tengdur gadodan

To buyuk sulton qadar.

 

Shoh Bobur Hindu sori

Yurdi-yu, shoir va lek

Yigʻladi Fargʻonadin to –

Mulki Hindiston qadar.

 

Sheʼr zulolidan simirdim

Bir piyola toʻldirib,

Voh, koʻrindi menga har bir

Qatrasi ummon qadar.

 

Nuqta koʻy nazmingga, Erkin,

Muxtasarlik soʻzga zeb,

Yoʻqsa, tong otguncha sheʼring

Boʻlgʻusi doston qadar.

1968

 

 

SAYR

RAHMATULLOga

 

Qilmadim bir bor oʻshal

Gul yuzli zebo birla sayr,

Qonmagay dil, aylasam

Ming bitta Laylo birla sayr.

 

Ne boʻlur bir lahza kezsam

Husn shohi birla men,

Etmaganmu sayd chogʻi

Qul shahanshoh birla sayr.

 

Badniyatlar davrasida

Shodu xandon ul nigor,

Goh qilur Yetti qaroqchi

Shoʻx Surayyo birla sayr.

 

Yor bilan sayr etmogʻimga

Hech umidim qolmadi,

Men oʻzim Majnun kabi

Aylaymi sahro birla sayr.

 

Sayr etarman koʻcha-koʻyda

Yor xayoli birla shod,

Qilmagay hech kim yonida

Shuncha tillo birla sayr.

 

Men-ku yor ishqiga gʻarkmen,

Sayr istarman yana,

Tosh ham orzular ekan

Qilmokni daryo birla sayr.

 

Bu zamon koʻnglingda, Erkin,

Qolmagay zarra gʻubor,

Aylasang bir bor doʻsting

Rahmatullo birla sayr.

1968

 

 

SEVGI

 

Sevgi shunday navbahorki,

U tikandin gul kilur,

Toshga jonu til bagʻishlab,

Zogʻni ham bulbul qilur.

 

Sevgi shunday dard erurki,

Barcha boʻlgʻay mubtalo,

Mubtaloni neki qilsa

Telba bu koʻngul qilur.

 

Sevgi shunday tangridirki,

Unga tengdur shoh, gado,

Qulni aylab shohu sulton,

Shohni boʻlsa qul qilur.

 

Sevgi shunday bir olovki,

Jonga undan yoʻq omon,

Gulxanida oʻrtab-oʻrtab,

Bir kun oxir kul kilur.

 

Sevginingdur hukmi mutlaq,

Istasa shaydolarin

Chashmi giryonidan ummon,

Ohidan dovul qilur.

 

Sevgiga sheʼr bitding, Erkin,

Besabab ermaski, ishq –

Aylagach koʻngulni ishgʻol,

Sheʼr ila mashgʻul qilur.

1968

 

 

GULLAR BAZMI

 

Gul fasli sanam

Sayr ila gulshanda boʻlibdur,

Gʻuncha koʻz ochib,

Gul yuzida xanda boʻlibdur.

 

Gullar ichida

Shohi oʻzim, der edi lola,

Magʻrurligidan

Ul oʻzi sharmanda boʻlibdur.

 

Karnay gulining

Ogʻzi ochiq, volayu hayron,

Nargisning, ajab,

Ikki koʻzi sanda boʻlibdur.

 

Saf-saf tizilib

Safsar oyogʻingga koʻyib sar,

Band-band uzilib,

Joni bilan banda boʻlibdur.

 

Kirk boshlarimiz,

Kirk deya qirk ogʻa-ini gul,

Tigʻingga ular

Bari sarafkanda boʻlibdur.

 

Yuz jilva bilan

Nozli xirom etsa pechakgul,

Shohigul aning

Raqsiga xonanda boʻlibdur.

 

Kalqib keladir

Suvda nilufar senga peshvoz,

Ok shohida hur

Sayr ila yelkanda boʻlibdur.

 

Gulshanda kezib

Xoʻp sara guldasta tuzibsan,

Erkinning esa

Sheʼri parokanda boʻlibdur.

1968

 

 

GULCHYeHRALAR

Gulchehra shoiralarga

 

Gul boʻlib, gul-gul yonib,

Gulshan aro Gulchehralar,

Gul uzib oʻynar, qoʻyib

Gulga bino Gulchehralar.

 

Qay birisi qay biriga

Oshik erkan, bilmadim,

Gulmi yo Gulchehralarga,

Gulga yo Gulchehralar.

 

Aytingiz, kim gul demas

Kirsa xiromon bogʻ aro

Labga ol surtib, qoʻyib

Qoʻlga xino Gulchehralar.

 

Kuyga lab ochsa ular

Gulshanda bulbul sayramas,

Bosh egib tinglar chaman

Tuzsa navo Gulchehralar.

 

Buncha ham oqil ekanlar,

Oldilar aqlu hushim,

Buncha ham dilga yaqin

Bu dilrabo Gulchehralar.

 

Qaybirin ortiq qoʻyay,

Yoʻq, teng ekan sheʼr bobida

Nodira, Mahzunayu

Zebuniso, Gulchehralar.

 

Bu chaman gullarga kondir,

Ochilib yashnang mudom,

Gul boʻlib, gul-gul yonib

Gulshan aro Gulchehralar.

1968

 

 

ISHQ ISTILOSI

 

Koʻngul mulkini toroj –

Aylagan ishq istilosidir.

Na boʻlgay oxiri, bu

Istiloning ibtidosidir.

 

Degaylar, doʻstlikdan –

Boshlanur ishq, aksi ermasmi,

Biz endi doʻst, dedi yor,

Oh, bu sevgi intihosidir.

 

Baland parvoz etar yor –

Dil qushi, koʻzlarni dom aylab,

Uni sayd aylamoq yo

Har koʻngilning muddaosidir.

 

Nechun husnu sadoqatni

Egiz tugʻmabdi bu olam,

Tabiat qasdidir yoki

Bu ham bitta xatosidir.

 

Koʻngil dardini aytib

Yigʻlamasman koʻchayu koʻyda,

Oʻzi koʻnglimga dard solgan,

Oʻzi bu dard davosidir.

 

Topindim yor – sanamga men

Muhabbat sajdagohida,

Biling, dinsizlar osiymas,

Muhabbatsizlar osiydir.

 

Jafo qil, mayli, dilbar,

Vasl umidin koʻymagay Erkin,

Yotar yoʻlingda koʻnglim –

Bir shirin soʻzning gadosidir.

1968

 

 

TONG GʻAZALI

 

Qoʻnib gul uzra bulbul

Ishk kitobini varaqlabdur,

Yumuq tong koʻzlari

Oʻtlik navosidan charaklabdur.

 

Paridek nozu istigʻno etib,

Tong lola ruxsorin

Yuvib shabnam bilan

Bir tomchi shabnamdek yaraqlabdur.

 

Shafaq koʻzgusida

Oʻz husniga oshiq boʻlib bokmish

Va togʻlarni taroq aylab,

Quyosh sochin taroqlabdur.

 

Parivash yuzi jabridan

Koʻzim arz aylasa tongga,

U ham koʻzim karolab,

Ul pari yuzini oqlabdur.

 

Firogʻida kuyib derman:

U kaysi sirli kudratkim,

Meni unga yaqin aylab,

Uni mendan yiroqlabdur.

 

Ajab, tong xobida Erkin

Koʻribdur yorini, evoh,

Koʻz ochsa – yori yoʻq,

Ikki qoʻli yostiq quchoqlabdur.

1968

 

 

DILDA ISHQ DARYOCHADIR…

 

Ahli sheʼr balki kitobim

Nazmi ishq deb ochadir,

Yoʻq, kitobim sevgining

Devoniga debochadir.

 

Koʻzlaring orzusida

Tuzdim navo, zebo sanam,

Nastarin koʻz ochib aytsin,

Sheʼri xam zebochadir.

 

Balki u zebocha ermas,

Balki u bir gʻunchadir,

Husning oftobida ammo

Kun sayin zeb ochadir.

 

Voh, ajab, nomingni aytsam

Lol boʻlur til ham koʻngil,

Sheʼr ipi nogoh qalamning

Ignasidan qochadir.

 

Erkinning devonidan hech

Toʻlmasa koʻngling, ne tong,

Tilda sheʼr bir qatra boʻlsa,

Dilda ishk daryochadir.

1968

 

 

BAHONA QILMAS

 

Chin maʼshuk ulki, oshiq

Ashkin ravona kilmas.

Chin oshiq ulki, ishqin

Elga fasona qilmas.

 

Chin dilbar ulki, doim

Soʻzida ustivordir,

Aylab visolga vaʼda,

Soʻng yuz bahona kilmas.

 

Chin shoir ulki, oʻsgan

Bogʻini vasf kilgay,

Naqshin qafas ichida

Bulbul tarona qilmas.

 

Koʻzimni tiyra deb yor,

Etmas yuziga koʻzgu,

Kipriklarimni tigʻ deb

Sochiga shona qilmas.

 

Kurtak yozib koʻngulda

Gul ochdi gʻuncha ishqim,

Umid koʻzim oʻshanda,

Tokay nishona qilmas.

 

Qonim sharobin ichsang,

Totsang jigar kabobim,

Zabh etmay oʻzni Erkin

Bazmi shohona qilmas.

1968

 

 

EY KABUTAR

 

Ey kabutar, sheʼrim olib

Yori dilxohimga yet,

Yor mening ohimga yetmas,

Endi sen ohimga yet.

 

Oshiq ahli ichra tengsiz

Bir gadodanman deb ayt,

Husn mulki ichra hech bir

Tengi yoʻq shohimga yet.

 

Gohi hudman, gohi behud,

Shavqu dardim sharx qil,

Gohi ohimdan xabarsiz,

Gohi ogohimga yet.

 

Koʻrmasam bir dam jamolin

Mohi yoʻq tundur u kun,

Baxtim osmonida kun-tun

Xurshidu mohimga yet.

 

Ey kabutar, doʻstlarimni

Sogʻinib qoldim bukun,

Sen bu sogʻinch sheʼrim olib

Doʻstim Ibrohimga yet.

1968

 

 

TOLA SOCH

 

Ul pari avlodidanmu,

Yo bashar farzandimu?

XABIBIY

 

Ayt, bu soching tolasimu,

Jon ipin bir bandimu,

Yoki soching tolasiga

Jon ipim bogʻlandimu?

 

Tola-tola sochlaringdan

Dil yoʻqotmish tinchini,

Yo bu tolang dil qushiga

Qil tuzoq monandimu?

 

Kecha chiqding soch uchiga

Paxtadan bogʻlab pilik,

Hech qachon eʼzozli paxtam

Shuncha ardoqlandimu?

 

Sochlaring ishqi, bilolmam,

Menga rohat, yo azob,

Bu ilonning jonga solgan

Zahrimu yo qandimu?

 

Soch meni devona etgay,

Yo magar shoir qilur,

“Ul pari avlodidanmu,

Yo bashar farzandimu?”

1965

 

 

LOLA

 

Deyman: sahar shafakdan

Uchqunmi, lolasanmu,

Shodlik mayiga toʻlgan

Gulgun piyolasanmu?

 

Deydi: qizik savoling,

Qayda, ajab, xayoling,

Yellar koʻrib bu holing

Kulmoqda, bolasanmu?

 

– Soʻzimni kattik olma,

Boshingni quyi solma,

Buncha kizarma, lola,

Mendan uyolasanmu?

 

– Sen, ayt-chi, kaysi yogʻdan,

Qaysi chaman va bogʻdan?

Kulsang dedim, shu togʻdan

Tushgan shalolasanmu?

 

– Bilsang, uyim shaharda,

Keldim senga saharda,

Yur, xoʻp desang agarda,

Yo shunda qolasanmu?

 

Koʻksingda, mayli, inson,

Senga fido kilay jon.

Bargimni sheʼr yozilgan

Daftarga solasanmu?

 

– Dema faqat varakdan,

Joy olgusen yurakdan,

Uchkunmisan shafakdan

Yoinki lolasanmu,

Yoqut piyolasanmu?

1959–1968

 

 

KOʻZGU

 

Yormi koʻzguga boqqan

Yerga yo boqar koʻzgu,

Yor yuzini koʻrganda

Suv boʻlib oqar koʻzgu.

 

Oy jamolining aksi

Koʻzgu bagʻriga tushdi,

Rashk oʻtida bagʻrimni

Oʻrtar-u yokar koʻzgu.

 

To tirik ekan jonim,

Koʻzgudek doʻst izlarman,

Okkoʻngilligi birlan

Koʻnglima yokar koʻzgu.

 

Qancha osma koʻzguni,

Qancha kokma mix birlan,

Haq yuzing etib oshkor,

Mix qilib qoqar koʻzgu.

 

Koʻzgudek tiniq sheʼr yoz,

Koʻzgudek chin ayt, Erkin,

Shunda nazm marjoning

Dur qilib toqar koʻzgu.

1968

 

 

BIR GOʻZALKIM

 

Bir goʻzalkim, husnidan el

Lol emish, hayron emish,

Ishki birlan dillar obod,

Xonumon vayron emish.

 

Nuktadek bir xoli bormish

Gʻuncha labning ustida,

Ul biri oshkor emishdir,

Ul biri pinxon emish.

 

Sangi dilning hasratida

Qancha dillar dard chekib,

Koʻzlarining gʻurbatida

Qancha koʻz giryon emish.

 

Barcha shaydolarning ohi

Jam esa mahshar boʻlib,

Xuni dil koʻz yoshlaridan

Bir buyuk toʻfon emish.

 

Qilgay ermish mutribi ishk

Oʻz maqomini iroq,

Shul sabab oxangi ushshok,

Giryai afgʻon emish.

 

Koʻyida yotmish koʻngillar

Misli singan koʻzgudek,

Vohki, har bir parchasida

Ul ruhi tobon emish.

 

Ul goʻzal olmoslik ermish,

Kim parilar zotidan,

Gʻoyibona oshiq Erkin

Tolibi davron emish.

1968

 

 

QUYOSH

 

Dilbarim husniga koʻkda

Mahliyo boʻlsin quyosh,

Mahliyo ermas, koʻyida

Bir gado boʻlsin quyosh.

 

Koʻrmasa bir dam jamolin

Men kabi zor yigʻlasin,

Abr ichiga berkinib

Motamsaro boʻlsin quyosh.

 

Gar havas kilsa nigorim –

Husniga, barq ursin ul,

Rashki kelsa kuysin-u

Yonsin, ado boʻlsin quyosh.

 

Ul kecha yor vasliga

Yetdim deganda otdi tong,

Qildi dildordan judo,

Yuzi qaro boʻlsin quyosh.

 

Deydilar, ishq otashidan

Oftob ham taft olur;

Gar isinmoq istasa

Qalbimga jo boʻlsin quyosh.

 

Bor ishonchim, bir kuni

Yongay quyosh kutb uzra ham,

Muz yuraklarga va lekin

Noravo boʻlsin quyosh.

 

Soʻnmasin olam charogʻi,

Tinmasin nur chashmasi,

To muhabbat umridek

Umri bako boʻlsin quyosh.

1968

 

 

IZHORI ISHQ

 

Dilga ilk bor tushdi nogoh

Dard atalgan kori ishq,

Dard debon kim aytmish oni,

Dardlarimga dori ishq.

 

Oshiq oʻlmakmu azob, yo

Ishksiz oʻlmak iztirob,

Zori ishq boʻlgay koʻngil,

Garchand chekar ozori ishq.

 

Ishq oʻti tushgan koʻngilga

Oʻzga dard begonadir,

Men boʻlibman, voh ajab,

Dardmandi sheʼr, bemori ishq.

 

Ishk soʻzin sheʼrimga soldim,

Ishq bilan yondim va lek –

Bilmam, oshiqlik nadir,

Bilmam, nadir asrori ishq.

 

Sheʼr yozilgan sahfalarga

Gul oʻrab keldim bukun,

Payt kutib nochor turarman

Qilgali izhori ishq.

1968

 

 

OʻRTADA BEGONA YOʻQ

 

Koʻyida men tosh boshimni

Urmagan ostona yoʻq.

Elda bor shunday masal:

Jon chekmasang jonona yoʻq.

 

Sevgi vodisida menga

Teng boʻlolgay qaysi Qays?!

Koʻnglim ochsam, ikki dunyo

Bu kabi afsona yoʻq.

 

Shahr ichida holatimdan

Kulmagan bir oqilu

Xilvat ichra menga ulfat –

Boʻlmagan devona yoʻq.

 

Ne ajabkim, mast boʻlibman

Koʻzlaringga termilib,

Yetti iqlimda bu yangligʻ

May yoʻgʻu mayxona yoʻq.

 

Ishq gʻamin aytsam qalamga

Ich etin kuydirdi ul,

Sevgidek oʻt yoʻq jahonda,

Men kabi soʻzona yoʻq.

 

Ok qogʻozim, senga Erkin

Ochdi pinhon ishqini,

Sen boru men bor, qalam bor,

Oʻrtada begona yoʻq.

1968

 

 

TAROQ

 

Sochlaring yodida tunlar

Koʻksini dogʻlar taroq,

Kecha yigʻlab, tongda bir bor

Koʻnglini chogʻlar taroq.

 

Zulfingga yetdi-yu tongda,

Boʻldi chehrang oshigʻi,

Hasratin koʻzguga aytib

Oʻzni kiynogʻlar taroq.

 

Ul taroq ermas sochingda,

Balki yoshli kiprigim,

Yoʻqsa, ne boiski, zulfing

Shuncha ardoklar taroq.

 

Rashk etib badkor taroqka

Gohi koʻnglim gʻash boʻlur,

Jonga payvand sochlaringni

Nega tirnogʻlar taroq?

 

Koshki boʻlsaydim tarogʻing,

Togʻ boʻlur erdi koʻngil,

Chunki oftob sochlariga,

Ne ajab, togʻlar taroq.

1968

 

 

VISOL SOGʻINCHI

 

Yor vaslini sogʻinsam

Sayr etaymu bogʻ-rogʻ,

Bogʻ-rogʻ sayr etganimdan

Koʻnglim oʻlmas chogʻrogʻ.

 

Xushlamas hijronda koʻnglim

Lolazor sayrini ham,

Chunki bagʻrim lolalarning

Bagʻridan ham dogʻrogʻ.

 

Gar sogʻinchim sharhin aytsam

Yondirar Farhod oʻzin,

Yo ochay Majnunga dardim,

Ul-ku mendan sogʻrogʻ.

 

Dardlashurga doʻst kani-yu,

Dillashurga yor qani,

Topganim ul oshnarokdir,

Bul esa oʻrtogʻrogʻ.

 

Intizorlik dardin, Erkin,

Haddi yoʻq, poyoni yoʻq.

Yor ozor topmasin deb

Men qoʻsharman “rogʻ-rogʻ”.

1968

 

 

MASAL BORKIM…

 

Ajab, vaslingga men endi

Yetishganda koʻrindi moh,

Masal borkim, ogʻiz oshga,

Burun toshga tegibdir, voh!

 

Kulib yurgay edim bir vaqt

Oʻqib Majnun jununidan,

Degaylar, oʻzgadin kulma

Uzingdan boʻlmayin ogoh.

 

Seving, deb sheʼr bitib avval,

Oʻzim boʻldim asiri ishq,

Oʻzi tushgay emish oxir

Birovga kimki kazgay choh.

 

Parivash zulmidan boʻldi

Koʻngil mulki parishonhol.

Demishlar mulk vayrondir

Agar zolimlik etsa shoh.

 

Boʻlibsan oshiq, Erkin,

Uz umid jondin, oʻkinch kilmay,

Oʻzingga, deydilar, dushman

Keyin chekkan pushaymon, oh.

1968

 

 

NASIHAT

(“Kulgu mushoiralari”dan)

 

Qoʻlni ishga mohir etma,

Tilni gapga usta qil,

Ishni bir qilgan joyingda

Gapni albat yuzta qil.

 

Boshligʻing oldida topmok

Istasang sen eʼtibor,

Qomating yuz turli bukkin,

Soʻzni ham ming tusda qil.

 

Jilmayib tur yonida, hech

Ochma tanqidga ogʻiz,

Taklifing boʻlsa oʻziga

Astayu ohista qil.

 

Tur desa tur, yot desa yot,

Chiqma zinhor izmidan.

Hech fikr qilma oʻzingcha,

Qilma bir ish mustaqil.

 

Boshligʻing koʻnglini bil sen,

Ketma pinjidan nari,

Paytini topsang mabodo,

Birga yuzta-yuzta qil.

 

Bil, senga bu besh nasihat,

Eng asosiy qoida:

Qoʻlni ishga mohir etma,

Tilni gapga usta qil.

1968

 

 

SOCH MADHI

(“Kulgu mushoiralari”dan)

 

Bir zamonlar faxr etarding

Qop-qora soching bilan,

Sen bukun qoshimdadursan

Turfa qirmoching bilan.

 

Uchramas bundok gʻaroyib

Partav afshon bosh sira,

Kez Iroq birlan Ajamni,

Rumni Chinmochin bilan.

 

Maslahat, senga bukundan

Bir aso darkor ekan,

Kulsa yoshlar toʻplanib,

Quvgaysan ogʻoching bilan.

 

Yoʻqsa, oʻtganda yalang bosh

Koʻchayu bozordan,

Hammani bezor qilursan

“Poʻsht”u “qoch-qoch”ing bilan…

 

Doʻstginam, boshingni tik tut,

Arzigay faxr aylasang,

Bu kabi oppoq ochilgan

Guli qiygʻoching bilan.

1968

 

 

KOʻChAMEN

(“Kulgu mushoiralari”dan)

 

Har koʻcha obod, xamon men

Turfa vayron koʻchamen.

Yozda changistonu qishda

Balchigʻiston koʻchamen.

 

Koʻchamen der boʻlsam, evoh,

Koʻplar aylar ishtiboh,

Bilmadim, rost koʻchadurmen,

Yoki yolgʻon koʻchamen.

 

Kanchalarning koʻzlariga

Chang-gʻuborim toʻldirib,

Qanchalarning etigini

Tortib olgʻon koʻchamen.

 

Bir tomonim u tumandur,

Bir tomonim bu tuman,

Boshligʻim koʻp, koʻp arosat –

Ichra qolgʻon koʻchamen.

 

Ayladi jarrohi gorgaz,

Vohki, koʻksim chok-chok,

Kim qachon tikkay bu zahmim,

Mangu hayron koʻchamen.

 

Ikki boshlikdin men endi

Kimga faryod aylayin?

Yo utomon koʻchgum endi,

Ye bu tomon koʻchamen.

1968

 

 

BOSHINDADIR

(“Kulgi mushoiralari”dan)

 

Oʻn sakkiz ming olam oshubi

Padar boshindadir,

Ne ajab, chun oʻgʻli oning

Oʻn sakkiz yoshindadir.

 

Nay misol shim kiygan ul

Sandiqdayin tufli bilan,

Hurpayib turgan savatdek

Soch aning boshindadir.

 

Ul padar oh urmasin –

Nechun yoqosin chok etib,

Neki bad feʼl boʻlsa, bari

Ushbu beboshindadir.

 

Oʻzgalardan kulgay erdi

Koʻcha-koʻyda bir zamon,

Aqlgʻa yuz hayrat, emdi –

Bul uning qoshindadir.

 

Oʻgʻlidan aylardi umid

Keltirar rahmat debon,

Barcha “rahmat” elning otgan

Taʼnai toshindadir.

 

Yoʻq ajab, yoshlikda oʻgʻlin

Ota ardoqlab, suyib,

Erkalab boshiga qoʻydi,

Ul hamon boshindadir.

1968

 

 

OʻZBEGIM

(qasida)

 

Tarixingdir ming asrlar

Ichra pinhon, oʻzbegim,

Senga tengdosh Pomiru

Oksoch Tiyonshon, oʻzbegim.

 

Soʻylasin Afrosiyobu

Soʻylasin Urxun xati,

Koʻhna tarix shodasida

Bitta marjon, oʻzbegim.

 

Al Beruniy, Al Xorazmiy,

Al Forob avlodidan,

Asli nasli balki Oʻzluq,

Balki Tarxon, oʻzbegim.

 

Oʻtdilar shoʻrlik boshingdan

Oʻynatib shamshirlarin

Necha koon, necha sulton,

Necha ming xon, oʻzbegim.

 

Togʻlaring tegrangda goʻyo

Boʻgʻma ajdar boʻldi-yu,

Ikki daryo – ikki chashming,

Chashmi giryon, oʻzbegim.

 

Qaysari Rum nayzasidan

Bagʻrida dogʻ uzra dogʻ,

Chingizu Botu tigʻiga

Koʻksi qalkon, oʻzbegim.

 

Yogʻdi toʻrt yondin asrlar

Boshingga tiyri kamon,

Umri kurbon, mulki toroj,

Yurti vayron, oʻzbegim.

 

Davr zulmiga va lekin

Bir umr bosh egmading,

Sen – Mukanna, sarbador – sen,

Erksevar kon, oʻzbegim.

 

Sen na zardusht, sen na buddiy,

Senga na otash, sanam,

Odamiylik dini birla

Toza imon, oʻzbegim.

 

Maʼrifatning shuʼlasiga

Talpinib zulmat aro,

Koʻzlaringdan okdi tunlar

Kavkabiston, oʻzbegim.

 

Tuzdi-yu Mirzo Ulugʻbek

Koʻragoniy jadvalin,

Sirli osmon toqiga ilk –

Qoʻydi narvon oʻzbegim.

 

Mir Alisher naʼrasiga

Aks-sado berdi jahon,

Sheʼriyat mulkida boʻldi

Shohu sulton oʻzbegim.

 

Ilmu sheʼrda shohu sulton,

s Lek taqdiriga kul,

Oʻz elida chekdi gʻurbat,

Zoru nolon oʻzbegim.

 

Mirza Bobur – sen, figʻoning

Soldi olam uzra oʻt,

Shoh Mashrab qoni senda

Urdi tugʻyon, oʻzbegim.

 

Sheʼriyatning gulshanida

Soʻldi mahzun Nodira,

Siym tanni yuvdi koʻz yosh,

Koʻmdi armon, oʻzbegim.

 

Yigʻladi furqatda Furqat

Ham muqimlikda Mukiym,

Nolishingdan Hindu Afgʻon

Qildi afgʻon, oʻzbegim.

 

Tarixing bitmakka, xalkim,

Mingta Firdavsiy kerak,

Chunki bir bor chekkan ohing

Mingta doston, oʻzbegim.

 

Ortda koldi koʻhna tarix,

Ortda koldi dard, sitam,

Ketdi vahming, bitdi zahming,

Topdi darmon, oʻzbegim.

 

Boʻldi osmoning charogʻon

Tole xurshidi bilan,

Boʻldi asriy tiyra shoming

Shuʼlaafshon, oʻzbegim.

 

Men Vatanni bogʻ deb aytsam,

Sensan unda bitta gul.

Men Vatanni koʻz deb aytsam,

Bitta mujgon oʻzbegim.

 

Faxr etarman, ona xalqim,

Koʻkragimni togʻ qilib,

Koʻkragida togʻ koʻtargan

Tanti dehqon oʻzbegim.

 

Oʻzbegim deb keng jahonga

Ne uchun madh etmayin!

Oʻzligim bilmoqqa davrim

Berdi imkon, oʻzbegim.

 

Men buyuk yurt oʻgʻlidurman,

Men bashar farzandiman,

Lekin avval senga boʻlsam

Sodiq oʻgʻlon, oʻzbegim.

 

Menga Pushkin bir jahonu

Menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor,

Koʻksim osmon, oʻzbegim.

 

Qayga bormay, boshda doʻppim,

Gʻoz yurarman gerdayib,

Olam uzra nomi ketgan

Oʻzbekiston, oʻzbegim.

 

Bu qasidam senga, xalqim,

Oq sutu tuz hurmati,

Erkin oʻgʻlingman, qabul et,

Oʻzbegim, jon oʻzbegim.

1968

 

 

FUZULIY GʻAZALIGA MUXAMMAS

 

Oʻlmasam zor anga, tarki ohu zor etmasmidim,

Ishq koridan kechib bir oʻzga kor etmasmidim,

Gar junun yor oʻlmasa holimdan or etmasmidim,

Aql yor oʻlsaydi tarki ishqi yor etmasmidim.

Ixtiyor oʻlsaydi rohat ixtiyor etmasmidim.

 

Javr oyinini bir dam koʻrmoqqa oʻlsaydi sabr,

Gʻayrini shod, doʻstni purgʻam koʻrmoqka oʻlsaydi sabr,

Chashmi dilda bir dame nam koʻrmoqqa oʻlsaydi sabr,

Yor ila agʻyorni hamdam koʻrmoqqa oʻlsaydi sabr,

Tarki gʻurbat aylayub azmi diyor etmasmidim.

 

Ul ruxi bayzoligin savdoligimdan qil qiyos,

Ul dili xoroligin shaydoligimdan qil qiyos,

Zuhd eli taqvin mugʻa oshnoligimdan qil qiyos,

Voizin kufrin banim rasvoligimdan qil qiyos,

Anda sidq oʻlsaydi ban taqvo shior etmasmidim.

 

Yoʻq ajabkim, dardlardin oʻzga dardim bordur,

Bir davosi oʻlmoq oning, bir davosi yordur.

Dema jarroh nashtari bu, yor urgan xordur,

Dardimi olamda pinhon tutdigʻim nochordir,

Ugʻrasaydim bir tabiba oshkor etmasmidim.

 

Ezdi hijronu malomat, javru kohish koʻnglimi,

Ovlamas dunyo ishiga zarra xohish koʻnglimi,

Ne kilay, Erkin, ikki oʻt ichra kolmish koʻnglimi,

Ey Fuzuliy, dogʻi hijron ila yonmish koʻnglimi –

Lolalar ochsaydi sayri lolazor etmasmidim.

1968

 

 

NAVOIY GʻAZALIGA MUXAMMAS

 

Koʻz ochar gulshanda gʻuncha, bulbul afgʻon aylagach,

Nega afgʻon aylay, ul gul yuzni tobon aylagach,

Misli oykim, koʻrk ochur sayri shabiston aylagach,

Husni ortar yuzda zulfin anbar afshon aylagach,

Sham ravshanroq boʻlur torin parishon aylagach.

 

Nega ul kun sochlaringni anbar afshon aylading?

Roʻzigorim tiyra, koʻzim kavkabiston aylading?

Qoʻlga koʻygachmu xinolar yo dilim qon aylading,

Yuzni gullardin bezabmu byazni qurbon aylading,

Yo yuzingga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach.

 

Mehr soʻndirgach dilida, jonni soʻzon ayladi,

Husnini obod etib, koʻnglimni vayron ayladi,

Sehr aylab oshiqoro, bandi pinhon ayladi,

Oshikor aylab yuzin, koʻzimni hayron ayladi,

Yoshurun oldi koʻngil, oʻzimni hayron aylagach.

 

Men-ku sodiq mahram erdim ogʻzi mahkam, koʻngli pok,

Ishq sirin etmasdim oshkor boʻlgunimcha toki xok,

Shafkat istab nola qildim, ont ichib yokamni chok,

Jonda koʻygʻoch nakdi ishkin qildi koʻnglimni xalok,

Oʻldurur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.

 

Nolayu afgʻoning, Erkin, dilbaringga yetmadi,

Yetsa ham yo bemehr yor zarra parvo etmadi,

Bitdi koʻp zahming va lekin ishk zahmi bitmadi,

Ey Navoiy, ishk agar koʻnglingni majruh etmadi,

Bas, nedinkim qon kelur ogʻzingdan, afgʻon aylagach.

1968

 

 

BOBUR GʻAZALIGA MUXAMMAS

 

Yetolmay qomatim yodur necha oykim, hilolingga,

Qaro koʻz mardumi yigʻlab tikilmoq birla holingga,

Qachon ul totli kun kelgay, yetarman lahza bolingga,

Qachon boʻlgʻay, musharraf boʻlgʻamen, jono, jamolingga,

Qutulgʻaymen firoqingdan, yetishgaymen visolingga?

 

Qaro boʻlmish, ne tongkim, roʻzigorim qora ul koʻzdin,

Qaro oʻq otdi kipriklar, koʻngilda yora ul koʻzdin,

Uzim sobitman ishkda, koʻz yoshim sayyora ul koʻzdin,

Koʻz ochqil boqqanikim, boʻlmisham bechora ul koʻzdin,

Lab ochqil soʻrgʻalikim, tashna boʻlmishman zilolingga.

 

Salomim yetkur, ey xurshid, nigorim koʻyidan oʻtsang,

Gʻuborin koʻzga sur ostonasiga bosh urib yetsang,

Boʻl ogohkim, yuzin koʻrgach ajab yoʻqdir kuyib ketsang,

Ul oyning yuzi birlan toʻsh urib daʼvoyi husn etsang,

Yaqin boʻldi bukunkim, ey quyosh, yetting zavolingga.

 

Netar mendan borib, bulbul, anga sharhi koʻngil etsang,

Uzing koʻnglim boʻlib borsang, aning koʻnglini gul etsang,

Kerakmas, gʻamlarim soʻylab agar koʻnglin malul etsang,

Kabutar, eltasan xatim, ne boʻlgʻay gar qabul etsang,

Koʻngulni bogʻlasam ul noma yangligʻ parru bolingga.

 

Asiri bandi zulfingman, demam Erkinni ozod et,

Kuyibman dogʻi jabringdan, demasman tarki bedod et,

Meni band et, menga jabr et, hayotim mayli barbod et,

Belingdin kim xayolidur, yirokdurman, meni yod et,

Umidim borki Boburdin, yetishgaymen xayolingga.

1968

 

 

VATANDIN YAXShI YOR BOʻLMAS

(Qozoq shoiri Jumakent Najmiddinov gʻazaliga muhammas)

 

Jahonda men tugʻilgan

Oʻlkadek hech bir diyor boʻlmas,

Bu yangligʻ bogʻu gulshan

Ham bu yangligʻ guluzor boʻlmas,

Vatan sevmakdin ortiq

Menga olamda shior boʻlmas.

Vatan ishqida yongan qalb,

Bilingki, asti xor boʻlmas,

Vatan sevgan murodiga

Yetur, hech dilda zor boʻlmas.

 

Saodatga makondir

Qay chamanga sen qadam qoʻysang,

Uzingni baxtli bil yurtda

Yashashning zavqini tuysang,

Chin odamsan, chin oʻgʻlonsan

Yurakdan elni chin suysang,

Vatan sevmoq saodatdir,

Agar naslingga sen kuysang,

Vatanni sevmagan inson

Jahonda baxtiyor boʻlmas.

 

Toʻyib boqgil bu yurt husnigakim,

Koʻnglingni chogʻ etgin,

Bu elning oʻgʻliman, deb

Qil gʻurur, koʻksingni togʻ etgin.

Vatan har zarra tuprogʻin

Koʻzingga sen qarogʻ etgin,

Bobolar maskan etgan

Bu aziz tuproqni bogʻ etgin,

Yarashgay iftixor etsangki,

Ortiq iftixor boʻlmas.

 

Zuloli taʼmini topmam

Sira bolu shakarlarda.

Vatan yodi erur kalbimda

Boʻlsam men safarlarda,

Jamoliga toʻyolmasman

Kezib qishloq, shaharlarda,

Qizil gul bargida bulbul

Kabi sayrab saharlarda,

Yana shoir qilur takror,

Vatandin yaxshi yor boʻlmas.

1968

 

Erkin VOHIDOV

 

“Ishq savdosi” (“Sharq” nashriyoti, 2000) kitobidan

 

https://saviya.uz/ijod/nazm/yoshlik-devoni/

1 3 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x