Kaltakesakning dumi

Shundoq darvoza oldida silliqlanib ketgan eski yogʻoch skameyka bor. Har kuni ishdan qaytishda beixtiyor skameykaga qarayman. Bir vaqtlar darvoza oldi, mana shu xarrak doim gavjum boʻlardi.

Ertalab tong otishi bilan onam darvozani lang ochib qoʻyadi: farishta kirarmish. Hali uygʻonmasimdan gangur-gungur suhbat boshlanadi.

– Yaxshi oʻtiribsizmi, poshsha oyi?

– Shukur, aylanay. Oʻgʻlingizdan xat bormi?

– Ikki haftadan buyon xat kelmayapti, koʻnglim gʻash.

– Unaqa boʻlsa erta-indin oʻzi kirib keladi. Meni aytdi dersiz. Hozir armiyadan bolalar qaytadigan vaqt boʻldi.

Shanba-yakshanba kunlari endi ishlayman, deb oʻtirsam shovqin-suron ayniqsa avjiga chiqadi. Skameyka jonivor xuddi oʻchakishgandek deraza tagida… Mahallaning yarim bolasi simga tizilgan qaldirgʻochdek xarrakka oʻtirib oladi. Oʻrtada oyim.

– Poshsha buvi, konfet bering.

– Poshsha buvi, mengayam! Yoʻq, unaqasidanmas, zarligidan.

Shu payt, koʻcha boshida qariligidan quloqlari osilib qolgan, echkidekkina ozgʻin eshak koʻrinadi. Ixcham aravaning gʻildiraklarini gʻiyqillatgancha sekin-sekin keladiyu xuddi stansiyasini bilib toʻxtagan poyezddek deraza roʻparasida toʻxtaydi. Qishin-yozin oyogʻiga mahsi kiyib, telpagini bostirib yuradigan qop-qora chol “Bismillo”, deb aravadan tushadi-da, ovozi boricha baqiradi:

– Kep qoling, shara-bara-a-a! – Mushtdekkina cholning shunchalik jarangdor ovozda qichqirishiga baʼzan hayron qolamiz.

– Kep qoling! Zar koptokka kep qoling!

Chol kaftini karnay qilib har baqirganida derazalar zirillab ketadi.

– Hushtakning bulbuli oʻzimizda! Saqich deganlar kelaversin!

U, shu hayqiriq orasida oyim bilan hol-ahvol soʻrashib qoʻyishniyam unutmaydi:

– Qalay, Poshsha opa, bardamgina oʻtiribsizmi?

– Shukr, – deydi oyim. – Kenjangiz qachon keladi?

Cholning kenja oʻgʻli aspiranturada oʻqiydi.

– Dilgirom keldi, yigirmanchida kelarkan. Chorshanba kuni Koʻkterakka borib qoʻy opchiqdim, – deydi chol. – Oʻgʻlim kelishi bilan oyogʻiga soʻyaman. – U yana kaftini karnay qilib qichqiradi. – E, shara-bara-a-a!

Derazalar tagʻin zirillab ketadi. Oyim bir koʻcha qora-qura bolalarni ergashtirib hovliga kiradi. Hammayoqni qiy-chuv tutib ketadi.

– Aya! Shisha bering!

– Poshsha oyi, oʻn tiyin bering, hushtak olaman.

– Mengayam!

Shara-barachi chol kamida yarim soat savdo qiladi. Birovga saqich, birovga shaqildoq… Yana birovga rezinka bogʻlangan uchidan tortib otilsa qoʻlga qaytib keladigan zar koptok… Qari eshak boʻlsa turgan joyida quloqlarini osiltirib mudrab hordiq chiqarib oladi.

Chol ketishi bilan qiy-chuv bosiladi deb oʻylaysizmi? Yoʻq, battar avjiga chiqadi.

– Nilu, oʻlgur, nima qilding? Ha, qiz boʻlmay ajalni oldida ket! Shishani yogʻi bilan berib yuboribsan-ku.

– Hoy, Alish! Nima hunar koʻrsatding? Hushtak chalmay yergina yutgur, adangni arogʻini toʻkib tashlab shishasini beribsan-ku. Hali qoʻlimga tushgin, goʻshtingni bir burdadan qilmasam yurgan ekanman.

Bir toʻda bola oʻrtasida oʻtirgan oyim ohista yupatadi.

– Qoʻying, kelinposhsha, qargʻamang, bolalik – poshsholik-da, oʻrgilay. Adasi bir kun ichmasa ichmas…

Bahor paytlari, olcha gullaganda kechasiyam tinchlik yoʻq. Yarim kechagacha pichir-pichir, hingir-hingir… Oxiri boʻlmadi. Bir kuni skameykani tag-tugi bilan arralab tashlamoqchi boʻldim. Dastarrani koʻtarib chiqsam oyim odatdagidek bir toʻda bola orasida oʻtiribdi.

– Ha? – dedi qoʻlimdagi arraga qarab.

– Boʻldi, – dedim toʻngʻillab. – Odamga tinchlik ham kerak-da.

Qora-qura bolalar, sochi sichqonning dumidek dikkaytirib oʻrilgan qizaloqlar mengamas, onamga termilib qarashdi.

– Odam bor joyga odam keladi-da, oʻgʻlim, – dedi oyim sekin. – Norastalar suyunsa yomonmi…

Yakshanba kunlaridan birida darvoza oldi yana gavjum boʻlib ketdi. Ammo bu safar bolalar emas, xotin-xalaj toʻplandi. Ayollarning hayajonlanib shovqin solishidan bildimki, Huri satang kelgan. Huri satang, yoshgina koʻhlikkina juvon. Faqat ogʻzidagi qator-qator tilla tishlari, boʻynidagi durlar, ayniqsa loʻmbillatib katta-katta gapirishi uni yoshiga nisbatan ulugʻroq koʻrsatadi. Bechoraning turmushi boʻlmadi. Mahallada toʻy-hasham boʻlsa, odamlarning hovlisiga sim tortib “tuyalampochka” qoʻyib beradigan yuvoshgina montyor yigitga tekkan edi. Besh oy deganda bir emas, ikkita popukdek qizaloq tugʻib berdi. Mahalladagi ogʻzi botir otinning aytishiga qaraganda “shaftolini danagi bilan yeb qoʻygan” ekan. Montyor yuvosh boʻlsayam, oriyatli yigit ekan – uy-joyini tashladi: ketdi.

Ipdekkina boʻlib yurgan Huri eridan chiqdi-yu, semirib ketdi. Oʻzining aytishicha: “Mana, ersiz oʻlgani yoʻq, qaytaga brilliantga belanib yuribdi”. Uning xoʻjalik sumkasini koʻrishi bilan xotinlarning koʻzi yonib ketadi. Oʻziyam sumkamas, xazina. Ichida billur vazadan tortib maxer koftagacha, poshnasi bir qarich platforma tuflidan tortib, nomozshom atlasgacha – hammasi topiladi.

Beixtiyor derazadan moʻralasam, “bozor” ayni avjiga chiqqan ekan. Huri satang semiz oyogʻini skameykaga, shundoq oyimning biqiniga tiragancha koʻzni qamashtiradigan atlasni koʻrsatib turibdi. Atrofdagi ayollar havas bilan tikilib qarashyapti. Oyim Hurining oyogʻiga joy boʻshatgani uchunmi, skameykaning bir uchiga ilinib oʻtiribdi.

– Bunaqasi endi chiqmay qoʻygan. – Huri satang atlasni tizzasiga yozdi-da, kafti bilan siladi.

Ayollar havas bilan tomosha qilishar, ammo birontasi aqalli narxini soʻrashga jurʼat qilolmas edi.

– Oʻladigan dunyoda yeb-ichib, kiyinib qoladi-da odam. – Huri satang doʻmboq kaftini siltadi. – Opchiqing, pochcham sandiqqa bosib qoʻygan pullardan, Dilbar opa! Odam boʻlib mundoq atlas obersin sizgayam!

Bir etak bolaga oʻralashib qolgan Dilbar opa sekin mingʻilladi:

– Ha, nasib etsa, bir kun kiyarmiz.

– Hozir kiymasayiz, qachon kiyasiz! Ikki-uch yildan keyin chalpakka oʻrab tashlasa, it qaramaydigan boʻp qolasiz. Oʻzizziyam oʻylang mundoq.

Dilbar opa yana bir nima deb mingʻilladi. Huri satang: “Xaridor yoʻqmi?” degandek xotinlarga bir-bir qarab chiqdi-da, atlasni sumkaga tiqdi. Keyin uzoq titkilab bir nimani qoʻliga olgan edi, ayollar xuddi oʻrtogʻining yangi oʻyinchogʻini tomosha qilgan bolalardek baravariga uning kaftiga egilishdi:

– Vuu-uy! Manovi zirakni!

– Tillami?

– Qancha turadi?

– Tilladan ham zoʻr! Platina deb qoʻyibdi buni! – Huri satang boshini magʻrur koʻtardi. – Oʻn uchta.

Oyim ham xira tortgan koʻzlarini uning kaftiga tikdi.

– Qani? Oʻn uch soʻm boʻlsa arzon ekan-ku!

Huri satang ovozini baralla qoʻyib kuldi. Uning kulishi gʻalati. Odatda odam kulganida koʻzidan nur porlab ketadi. Biroq Huri satangning kulishi boshqacha. Oʻzi emas, tomogʻi kuladi… “Ha… ha… ha…” deydi boʻlib-boʻlib. Faqat tilla tishlari yaltiraydi. Semiz, boʻliq koʻkraklari silkinib ketadi.

– Bir ming uch yuz soʻm, poshsha oyi! Koʻzini koʻrdiyizmi, brillant-ku.

U, “boʻldi, tomosha tamom”, degandek brilliant zirakni ham yashirdi. Keyin tagʻin sumkasiga qoʻl suqdi. Bu safar allaqanday yaltiroq mato chiqdi. Oy-kuni yaqinlashib qolgan qoʻshni kelinchak Guli matoning bir chetini jurʼatsizlik bilan ushlab koʻrdi.

– Bemalol, – dedi Huri satang. – Bemalol, kelin poshsha, gʻijim boʻladigan narsamas bu. “Mokriy trikotin” deb qoʻyibdi otini.

Oyim ham matoning bir chetidan tutib koʻrdi.

– Oʻzimizning misqoli dokaga oʻxsharkan, – dedi sekin.

– Voy-voy-voy! Dokayiz hammomda boʻladi! – Huri satang qoshini chimirdi. – “Mokriy trikotin”, disam doka diydi.

– Oʻzi qancha? – dedi Guli Huri satangning koʻziga termilib.

– E, ot minan tuya boʻlarmidi, opovsi! Bir joydagi odammiz. Yigirma soʻm-de! Puliyiz yonizda qoladi.

Guli tushunmadi.

– Metri yigirma soʻmmi?

– Metri nima qiladi? Men metrlab sotmiyman. Bir kiyimligi bir yuz yigirma soʻm, tushundizmi?

Guli sekingina qoʻlini tortib oldi. Uning eri shofyor. Bahorda allaqaysi sovxozga tut bargi olib ketayotganda avariya boʻlib uch oy gipsda yotdi. Haliyam ishga chiqib ketgani yoʻq.

– Menga toʻgʻri kelmas ekan, – dedi Guli sekingina.

– Ha-ha-ha! – Huri satang ogʻzidan olov purkab tomogʻi bilan kuldi. – Erta-indin qoʻchqordek oʻgʻil tugʻib beradigan xotiniga bitta koʻylak oberolmiydigan er qanaqa oʻzi! Belida belbogʻi bormi?

Gulining dogʻ bosgan yuzi qizardi.

– Mayli, – dedi sekingina. – Qoʻya qoling. – U “mokriy trikotin”ga judayam havasi kelayotgan boʻlsa kerak, yana ushlab koʻrdi.

– Etvotman-ku, puliyiz yonizda ketadi. Asl mol bu! – Huri satang oltin uzukli barmoqlari bilan matoni gʻijimlab-gʻijimlab qoʻyib yuborgan edi, yana tep-tekis boʻlib qoldi. – Bola yasashni bilgan odam guldek xotinini yasatib qoʻyishniyam eplasin-de!

Boyadan beri indamay oʻtirgan oyim gapga aralashdi.

– Har kim oʻzidan oʻtganini oʻzi biladi, bolam, – dedi sovuq ohangda. – Nima qilasiz bechorani uyaltirib.

– Voy-voy-voy! Manov odamni qarayla! – Huri satang birdan jiddiy tortdi. – Man osin deb etagiga osilvotmanmi?! Manam oʻzimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Biramas, ikkita tirik yetimni boqib oʻtiribman.

– Nima qipti sizga? – dedi oyim qovogʻini solib. – Binoyidek yuribsiz.

Guli, har qalay, shu matodan koʻylak kiyishni judayam xohlayotgani koʻrinib turardi.

– Sakson soʻmga boʻladimi? – dedi sekin.

– Sakson soʻmga marojniy ob yeng. Marojniy osayiz, eriyiz bilan maza qilib yeysiz.

– Judayam unaqa noinsoflik qilmang. – Oyim yana gapga aralashdi. – Bir joydagi odamlarmiz, tobutkashmiz.

– Oʻlsam, tobutim koʻchada qolmas. Kim oʻladi, kim qoladi, xudo biladi! – Huri satang matoni Gulining qoʻlidan yulqib oldi. – Avval buyogʻini bir yoqlik qiling. Tugʻib olguningizcha hali nima gapu nima soʻz.

Guli esankirab qoldi. Oyimning rangi oʻchdi.

– Nimaga unaqa deysiz? – dedi tahdid bilan. – Manga qarang, qoʻying, ikkinchi mening eshigimga bunaqa narsalarni koʻtarib kelmang. – U pashsha qoʻrigandek qoʻlini siltadi. – Boring! Bunaqa harom-harish narsalardan hazar qilaman.

– Ho, boʻyiz yetmagandan keyin puf sassiq boʻldimi! – Huri satang sumkasini koʻtarib shaxdam odimlar bilan joʻnab ketdi. Zum oʻtmay xotinlar tarqalishdi. Oyim ham oʻrnidan turdi. Bir ozdan keyin xonasidan uning ovozi eshitila boshladi:

– Niyating oʻzingga yoʻldosh boʻlgur, diyonatsiz! Oʻzi-ku, ikki yoʻlning oʻrtasida oʻtiribdi. Nima qilasan bechoraga bunaqa deb. – Oyimning qiziq odati bor. Jahli chiqsa, oʻzi bilan oʻzi gaplashadi. Hozir ham eshikdan sekin moʻralasam, deraza yorugʻida tugma qadab oʻtirgancha oʻziga gapiryapti: – Undan koʻra eson-omon qutulib olgin, degin, yoshsan, hali bundan yaxshilarini kiyasan, degin… Pul joningni olgur, ochofat, oʻlsang puldan kafan qilmaydi-ku, imonsiz!

Hammasini bilib tursam ham eshikni ochib, sekin soʻradim:

– Ha, oyi, kimni urishyapsiz?

U sekin burildi.

– E, – dedi qoʻl siltab. – Har xil odam bor ekan-da, bu dunyoda…

…Oʻshandan keyin ham darvoza oldi odatdagidek gavjum boʻlaverdi. Bolalar chugʻurlashadi, “shara-bara” keladi, xotinlar toʻplanadi, faqat Huri satang boshqa koʻrinmadi. Biroq, ikki oycha oʻtgandan keyin qiziq voqea boʻldi. Ishdan kelib oyimning xonasiga kirsam, Huri satang oʻtiribdi. Koʻziga surma tortmagani uchunmi, yigʻlagani uchunmi, qizarib, xunuklashib ketibdi. Loʻppi yuzi yanayam shishib, barkashdek boʻlib ketgan. Sinchiklab qarasam, brilliant taqinchoqlari ham, tilla uzuklariyam yoʻq. U meni koʻr-di-yu, bir nimadan choʻchigandek, shosha-pisha hovliga otildi.

– Nimaga kepti? – dedim ensam qotib.

Oyim surilib yonidan joy koʻrsatdi. Tushundim, zarur gapi bor. Ikkilanibroq koʻrpachaga oʻtirdim.

– Tinchlikmi?

Oyim darrov javob bermadi. Choynak ustidagi latta qalpoqchani olib choy quydi.

– Ochilip deganni taniysanmi? – dedi anchadan keyin.

– Nima edi? – dedim sergaklanib.

– Hurini gazetaga urib chiqmoqchi emish. Qoʻy, bolam, shuni yozmay qoʻya qolsin.

– Tanimayman, – dedim yolgʻon gapirib.

– Sen uni tanimasang ham, u seni taniydi-ku, – dedi onam osoyishtalik bilan.

– Tanisa nima qipti! – dedim zarda bilan. – Bilasiz, men bunaqa ishlarga aralashmayman!

– Bilaman, bolam, bilaman. – Oyim oʻylanib qoldi. Keyin yana oʻsha gapni qaytardi. – Qoʻy, shuni yozmay qoʻya qolsin.

Endi rosmana jahlim chiqa boshladi.

– Qiziqsiz! – dedim gʻashim kelib. – Qaysi kuni Hurini oʻzingiz haydab yuborgandingiz. Endi yonini olyapsiz. Kim oʻzi u! Bitta haromxoʻr chayqovchi-da.

Oyim yana oʻylanib qoldi.

– Toʻgʻri, – dedi anchadan keyin. – Huri yomon, haromxoʻr. Lekin bu bechora kaltakesakning dumidek gap, bolam. Bunga oshiradiganlar boshqa. Kaltakesakning dumini uzganing bilan boshqasi oʻsib chiqaveradi… – U yana jimib qoldi. – Choyingni ich, – dedi yupatuvchi ohangda. – Bolasi bor-a, bir emas, ikkita norasidasi bor-a, oʻgʻlim.

Indamadim. Toʻgʻrisi, nima deyishni oʻzim ham bilmasdim. Bu – onamning oxirgi iltimosi ekanini oʻshanda bilmagan edim…

…Mana, hozir har kuni ishdan qaytishda darvoza oldidagi skameykaga qarayman. Skameyka boʻm-boʻsh. Na bolalar bor, na xotinlar… Hatto “shara-bara” ham koʻchamizdan oʻtmaydigan boʻlib qoldi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

https://saviya.uz/ijod/nasr/kaltakesakning-dumi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x