– Ayol kishi erkakka qoʻl berib soʻrashdimi – bas!.. Roʻza tutgan kishi ogʻzini chayqasa, suv tomogʻiga ketmasa hamki, roʻzasi ochiladi – shu ogʻiz chayqashdan bahra oladi-da! Abdulhakimning qiziga usta Mavlonning oʻgʻli bir hovuch mayiz berganini oʻz qoʻzim bilan koʻrganman. Hayo bormi shularda? Shariat yoʻli – xoʻp yoʻl. Oʻn bir yasharida paranji yopinmagan qizdan qoʻlni yuvib qoʻltiqqa ura bering. Paranji hayoning pardasi-da!
Mulla Norqoʻzi har kuni bozordan qaytib samovarga chiqadi va koʻngli tortgan odamlarni atrofiga toʻplab, yarim kechagacha shariatdan yuz oʻgirgan xotinlar toʻgʻrisida shunday vaysab oʻtiradi; baʼzan panjasini yozib, oʻzi bilgan oilalarni sanab chiqadi:
– Sotiboldining xotini dorixonada ishlaydi, har kuni mingta odam bilan javob-muomila qiladi: axir, bittasi boʻlmasa bittasi koʻz qisadi-da! Meliqoʻzining xotini avtobusda konduktor, baʼzan yarim kechada keladi; ishi erta tugagan kuni ham yarim kechagacha yursa, ayshini qilsa eri bilib oʻtiriptimi? Izzatillaning singlisi boʻlsa artist – xaloyiqqa qarab muqom qiladi. Norboʻtaning qizi doktorlikka oʻqiydi, mintta oshnasi bor desang-chi! erkaklarning ichida yurgandan keyin nima boʻlar edi! Boʻyga yetib qolgan qizlarini maktabga yuborgan otalarga hayronman… Shular xotinining yoki qizining oʻynashlik qilib turgani ustiga kirsa-chi, qurʼon ursin agar, “benavat” deb chiqib ketadi… Puxta gap shu!
Ochiq xotin-qizlarning har bir harakatidan mulla Norqoʻzi buzuqlikka dalolat kiladigan talay belgilar topadi. “Yetgi qavat parda ichida” oʻtiradigan oʻz xotini esa bular qarshisida koʻziga farishta boʻlib koʻrinadi: namoz oʻqiydi, toʻpigʻidan yuqorisini ovrat hisoblab, jiyakli ishton kiyadi…
Bir kuni kechqurun mulla Norqoʻzi hovlida choʻt urib oʻtirar, xotini esa namozshomgullarga suv quyar edi. Shu onda hovlining ustidan pastlab uchgan samolyot oʻtib qoldi. Xotin chars bedanaday patillab, qochmoqchi boʻlganida yuzini karnaygulning poyasiga urib oldi. Yuzi butoqqa yomon tegdi. Koʻngli ozdi.
– Axir, muncha! – dedi mulla Norqoʻzi, – samolyot past koʻringani bilan undagi kishiga sen juda koʻringaningda chumolicha koʻrinasan.
– Chumolicha koʻrinsam ham koʻrinar ekanman-ku ishqilib! – dedi xotin yigʻlamsirab.
Mulla Norqoʻzi hazil bilan uning alamini bosmoqchi boʻldi:
– Ye, hali men seni ochaman deb yuribman-ku!
Xotin uning yuziga xoʻmrayib qaradi-da, keyin zarda qilib uyga kirib ketdi va qorongʻi uyning allaqaysi burchagidan uning tovushi eshitildi:
– Har kimning goʻri boshqa… Zerikkan boʻlsangiz, u dunyo-bu dunyo yuzimni qora qilmasdan, javobimni bera qoling…
U bir hafta boʻyi qovogʻini ochmadi, uch kecha oʻrnini boshqa solib yotdi. Mulla Norqoʻzi oʻsha gapni hazillashib aytganini arz qilish uchun oldidan kelsa tishlar, ketidan kelsa tepar edi; bir kechasi gapni xotinining diyonatli, pokdomonligidan boshlagan edi, xotin ancha yumshadi.
– Hazilingiz qursin! – dedi chiroqni pastlatayotib, – kishining imonini qochiradi. Ochilish u yoqda tursin, ochiq xotinlarning yuzini ham koʻrmayman, deb ont ichganman. Bir kuni besh-oltita ochiq xotin orasiga kirib qolib, ne vaqtgacha koʻnglim gʻash, taʼbim kir boʻlib yurdim. Tushimda rahmatlik dadamni koʻrdim, men bilan gaplashmadilar. Gapni koʻring-a, aytgani kishining yuzi chidamaydi: begona erkakning qoʻli oq sochni qoraytirar emish. Tavba qildim…
– U nima degani ekan?
– Obbo, muncha suyuldingiz? Shundaqa gaplarga sizning ham suyagingiz yoʻq. Nari yoting! Begona erkak, kishining qizligini esiga soladi deydi-da!
– Shundaqa gaplarni ochiq gapirishadimi-a?
– Bo, xudo, paranjini tashlab koʻchada yurishga yuzi chidagandan keyin uyati bormi! Qurib ketgurlar, biram sharmandaki… Tavba qildim. Badaningda naming borida besh-oltita erkakni koʻrmasang, umr boʻladimi, bu umr deydi-ya! Tagʻin ham zilzila boʻlib hammani yer yutmas ekan-da! Tavba qildim-yey…
Mulla Norqoʻzi ertasiga samovarga chiqqanida yana panjasini yozib oʻzi bilgan ochiq ayollarni sanab chiqdi va xotini aytgan ayblarni bularning har qaysisiga taqdi, jinday oʻzidan ham qoʻshdi.
– Axir, bittasi oppoq sochi bilan menga tegishdi-da! Soching oqarsa ham tinib oʻlmas ekansan-da, desam, sochim oq boʻlsa ham koʻnglim qora, deydi.
Shunda oʻtirganlardan biri, intihosiz gapdan zeriqdi shekilli, qatgiq esnab, dedi:
– Men sizga aytsam, mulla Norqoʻzi, gap paranjida emas. Nikolay zamonida islovotdagi xotinlar bosh yalang emas edi-ku! endi siz har narsa deysizu, bunchalik emas, koʻzingizga shunday koʻrinadi. Mana, men sizga aytib beray: umrimda xotin-xalajga suyuqlik qilgan odam emas edim, bahorda qishloqqa ketayotib yoʻlda bir xotinga hamroh boʻldim. It olib ketayotgan ekan. Hali sizday, mening ham koʻzimga bu xotin juda tayyorga oʻxshab koʻrindi. Hazillashdim, suyuqlik qildim. Indamaganidan keyin bir shama qilib koʻray-chi, dedim. Itning ogʻziga charm toʻr tutib qoʻygan ekan, “jonidan, nega itingizning ogʻzini bogʻlab qoʻyibsiz, koʻchadan oʻzi topib yegani yaxshi emasmi?” desam, “buning ham ogʻzi
sizning ogʻzingizday shalaq, ehtiyot yaxshi-da” deydi. Terlab ketdim. Orqamga qaramay bir qochdim… Shariat xotinni qattiq tutish kerak deydi-yu, ammo xotinni qancha qattiq tutsangiz, shuncha gʻaflatda qolishingizni poylaydi.
Mulla Norqoʻzi bu odamning oddiy haqiqatni anglamasligidan koyidi:
– Behuda gap! Mana mening xotinim nima ekanini oʻzim bilaman. Paranjisini tashlab ikki kun koʻchada yursin-chi! U odamning zardasi qaynab ketdi:
– Nega koʻchada yuradi? Koʻchada paranjilik yursa ham ayniydi-da! Toʻgʻrisini aytaymi? Paranjilik xotin harom ishga yaqinroq boʻladi. Sabab deng! Agar siz yuziga kulib qaramasangiz, devorgʻa shoti qoʻyib koʻchaga moʻralaydi: koʻylaklik olib bermasangiz, tom orqasidan koʻylaklik uzatadigan chiqib qoladi. Ochilgan xotin-chi, koʻylak olib bermasangiz oʻzi ishlab, oʻzi oladi.
Yehtimol, shundaydir, ammo mulla Norqoʻzining xotini pokdomon. Agar mulla Norqoʻzi oʻn yil yuziga kulib qarama-sa, qopdan koʻylak, boʻyradan lozim kiyishga majbur qilsa ham, pinagini buzmaydi. Har qanday xotin bilan ham inoq boʻlavermaganining oʻzi oʻta diyonatli, pokdomon ekanining nishonasidir. Uning bittayu bitta oʻrtogʻi bor. Bu xotin toʻgʻrisida mulla Norqoʻzi shunday fikrda: agar farishta ilgari oʻttan boʻlsa – shuning onasi, endi tugʻilsa – shuning bolasi boʻladi, agar hozir yer yuzida boʻlsa – shu xotinning oʻzi. Shuncha keladi, haftalab, oʻn kunlab turib qoladi, nainki shu choqqacha mulla Norqoʻziga tovushini eshittirmasa! Shariatni mahkam ushlagan xotin shaharda ikkita boʻlsa, biri – mulla Norqoʻzining xotini, ikkinchisi – shu! Namoz oʻqiydi, odatdagi roʻzadan tashqari ashir oyida roʻza tutadi, zavoddan chiqqan nonni, hozirgi kushxonalarda soʻyilgan molning goʻshtini yemaydi. U kelib turganda mulla Norkoʻzi tashqarida – mehmonxonada yotib yuradi va uyini allaqanday nurdan munavvar boʻlgandek sezadi. Shuning uchun boshqa mehmonlarday sira uning “izzati uch kun” boʻlmaydi, necha kun tursa ham, tovuq goʻshtini quymoqqa oʻrab, qaymoqqa botirib yeydi. Uzoq turib qolgan vaqglarida xotini:
– Qurib ketsin, keta qolmaydi ham. Lablarim quruqshab ketdi. Sadqai erkaklik keting, xilvatga tortib oʻpishni ham bilmaysiz! – deb chiqsa, mulla Norqoʻzi urishib beradi:
– Oʻzingga munosib gapni gapir! Yengil boʻlma! Mehmon – atoyi xudo.
Mulla Norqoʻzi safarga ketadigan boʻlib qoldi; ketishidan bir kun ilgari xotiniga aytib, oʻsha farishtani oldirdi va oʻrta eshik oldiga borib qiyomatlik singlisidan iltimos qildi:
– Singlim, men oʻn kunda qaytib kelaman, kelgunimcha oʻrtogʻingiz bilan birga boʻling. Mana, oʻzingiz koʻrgan joy, bemalol ayshlaringni qilinglar. Xoʻpmi, singlim?
– Xoʻp, deyaptilar, – dedi mulla Norqoʻzining xotini, – bu kishining ham, menga oʻxshab, boshqa gapirishadigan oʻrtoqlari yoʻq.
Xotini kechqurun mehmonxonaga ovqat olib chiqqanida mulla Norqoʻzidan oʻpkaladi:
– Uyatga ham oʻldirasiz kishini! – dedi yigʻlamsirab, – oʻrtogʻim har kelganida menga bir narsa olib keladi. Mana bu safar bir joʻra shohi olib kelibdi. Shu choqqacha bitta dastroʻmol ham berolganim yoʻq. Men-ku yilda besh gaz chit koʻrmayman, kelishingizda shu bechoraga bir narsa olib kelsangiz-chi siz ham odam boʻlib!
– Ye, devona, oʻzi narsaga muhtoj boʻlsa, senga narsa olib kelarmidi! Harna boʻlsa xudoning bergani, olib qoʻya ber, yaxshi gapingni ayama!
– Hech boʻlmasa bitta paranji olib keling, savob boʻladi. Xotin kishiga paranji olib berish machit solishdan ham savob emish. Paranjisi eski, har kelganida birovnikini yopinib keladi.
– Xayr, mayli. Ammo men kelguncha seni yolgʻiz tashlab ketmasin. Koʻni-qoʻshnilar bilan kirdi-chiqdi qilmanglar.
Xotinining chehrasi ochilib ketdi-da, burilib ketar ekan, qizlarga xos shoʻxlik bilan aylanib, dedi:
– Bir narsangizni buzib qoʻydim, aytsam urishmaysizmi? Olib kelgan suratingizdagi odamlar xuddi kishining aftiga qarab turganga oʻxshaydi, igna bilan hammasining koʻzini oʻyib qoʻydim.
Mulla Norqoʻzining achchigʻi keldi, chunki bu “Makkai mukarramani” bir sartarosh oʻrtogʻidan ming iltimos bilan olgan edi.
– Axir, undagi odamlar hammasi hoji-ku!
– Ha, oʻla qolsin, hoji odam emasmi!
Xotin kirib ketdi. Mulla Norqoʻzi ovqatini yeb, choyga umidvor boʻlib oʻtirganida, koʻcha eshigidan yoshgina bir xotin kirib keldi; chimmati koʻlida, vajohatidan uyiga oʻgʻri kirgan, yordamga kishi chaqirgani kelgan odamga oʻxshar edi. Mulla Norqoʻziga bir qaradi-da, toʻgʻri ichkariga yoʻnaldi. erkakni koʻra turib yuzini berkitmaganiga mulla Norqoʻzining gʻashi keldi va shunday beibo xotinning ichkariga – farishtalar oldiga kirishini xohlamadi.
– Hay, hay! Xoʻsh kimda ishingiz bor?
Xotin oʻrta eshikdan kirib ketdi. Mulla Norqoʻzi dargʻazab boʻlib oʻrnidan turdi va eshik oldiga borib bor tovushi bilan baqirdi.
– Hay xotin, deyman, qandoq behayosan! Jinnimi oʻzi bu…
Shu onda ichkaridan oʻz xotinining tovushi eshitildi:
– Ye, qandaqa xotin bu, birovning uyiga bostirib kiradi!..
Nimadir gursillab yerga tushdi, nimadir sindi. Uyning eshigi sharaqlab ochildi. Bir lahza jimliqdan soʻng haligi begona xotinning baqirgan tovushi eshitildi:
– Xudo koʻtarsin sen megajinni! Ikkita bolam bor! Boʻydoq yigit qurib ketganmidi!!
Yana nimadir sindi.
– Hay, nima gap?! – dedi mulla Norqoʻzi boʻsagʻada turib, – singlim, siz oʻzingizni bir chetga oling! Nima deydi bu manjalaqi!!
Begona xotin ayvonga chiqib dod ustiga dod soldi. Birpasda tom, devor ustlari, ichki-tashqi hovlining yuzi odamga toʻldi. Mulla Norqoʻzi ayvonning pastidan kelib u xotinning etagidan tortgan edi, xotin jon-jahdi bilan bir tepib ogʻzi-burnini qop-qora qon qildi; bunga ham qanoat qilmay, uning ustiga oʻzini tashladi.
– Voydod, xaloyiq, bu qanday erkakki, xotinini birovga qoʻshib qoʻyib, oʻzi eshik poylab yotadi! Voydod xotiningga qoʻshgani boʻydoq yigit qurib ketganmidi! Ikkita bolam bor…
Odamlar ajratmaganda bu xotin mulla Norqoʻzini gʻajib tashlar edi. Mulla Norqoʻzi ogʻzini ushlaganicha chetlandi. Xotini eshik yonida devorga suyanganicha turar, rangi murdanikiday, oʻzi qaltirar edi. Begona xotin hushidan ketib yiqildi. Ikki kishi – ayollar kirib, u farishtani uydan olib chiqishdi. U atlas koʻylak, lozim kiygan, bosh yalang, oyoq yalang, yoshgina chiroyli bir yigit edi. Hamma jim qoldi. Bu sukunatni yetmish yoshlardagi bir chol buzdi. U, mulla Norqoʻziga qoʻlini paxsa qilib dedi:
– Sadqai odam keting-e, ayb emasmi?! Xotin qilish qoʻlingizdan kelmasa taloq qiling! Qoʻying-e, koʻchib keting mahalladan, yo biz koʻchib ketamiz!..
Devor ustida turgan oʻn ikki yoshlardagi bir qiz devordan kesak koʻchirib olib mulla Norqoʻziga oʻqtaldi.
– Hu oʻl, turqing qursin! Boshingga solaymi shu bilan!
Mahallada sasib, oʻquvchi qizlarga kun bermaysanu, oʻzing notoʻgʻri ish qilasan…
Hammaning diqqati xotincha kiyingan va eshik yonida yerga qarab turgan yigitga jalb boʻldi. Yana jimlik hukm surdi. Bu sukunat ogʻir tegirmon toshi boʻlib mulla Norqoʻzini yanchib yubordi. U devor ustidagi qizga qarab, boʻgʻiq tovush bilan oʻshqirdi:
– Sen gapirma! Senga kim qoʻyibdi gapirishni! Usta Mavlonning oʻgʻlidan bir hovuch mayiz olganingni oʻz koʻzim bilan koʻrganman!..
Hamma kulib yubordi. Tomdan kimdir qichqirdi:
– Ha, bu kishining xotini mayiz yemagan!
1935
Abdulla QAHHOR
https://saviya.uz/ijod/nasr/mayiz-emagan-xotin/