Oy oʻrtanar, koʻzlarida yosh,
Koʻksi dogʻu yuragi qiyma.
Der: “Ey falak, men edim quyosh,
Nega meni qilding tarjima?”
Abu Ali ibn Sino
RUBOIY
Mening kufrimni ayblarga
muhakkak sizda imkon yoʻq,
Bu olamda mening pokiza
imonimdek imon yoʻq.
Zamon ahli aro tanho
musulmon men edim, e voh,
Agar kofir esam men ham,
bu dunyoda musulmon yoʻq.
Hofiz Sheroziy
* * *
Yorim koʻliga qadah ki olgay,
Bozori sanam kasodga qolgay.
Har kimki, koʻzini koʻrsa deydi:
“Bu mast, kani muxtasib, tutolgay”.
Ashk bahri aro baliq boʻlibman,
Qarmogʻini yor chu suvga solgay.
Zor ila ayogʻiga yigʻildim,
Ummid etamen, qoʻlimdan olgay.
Hofiz kabi xurram ul kishikim,
Jomi azalini noʻsh etolgay.
* * *
Kecha doston boʻldi oshiq davrada gisularing,
To yarim tun bahsga bois boʻldi anbar moʻlaring.
Kipriging novaklaridin konga aylandi koʻngil,
Vah, yana koʻmsar, ajabkim, ul kamon abroʻlaring.
Avfilillohkim, sabo keltirmasa sendan xabar,
Hech nasib boʻlmasdi koʻrmak bizga koʻcha-koʻlaring.
Bexabar erdi jahon avvalda ishq oshubidin,
Qoldi gʻavgʻoga u koʻrgach gʻamzai jodularing.
Men ham avvallar edim dardi junundin bexabar,
Qoʻydi domin yoʻllarimga kokili hindularing.
Tugmalarni yechgil-u dil mushkulin ayla kushod,
Kim, yechilmogʻimga bois dilkusho kulgularing.
Kel vafo aylab, qadam qoʻy Hofizingning xokiga,
Kim bu olamdan olib ketmish meni orzularing.
Bedil
* * *
Boʻlubdir gʻamga oshyon maskani dil,
Shu bois gʻam kelur, soʻrsam: qani, dil?
Koʻzim Maqsudi vasling-u, kani koʻz,
Dilim yodi gʻaming, ammo qani dil?
Adashgan korivonga qoʻngʻirokman,
Na kuylar kuylamasdan nolani dil?
Kishi yoʻqdir kishiga zoru muhtoj,
Vale dil tutganidir domani dil.
Qadam koʻyganda xoki turbatimga
Boʻl ogohkim, oyogʻing bosgani dil.
Agarchi suvratim Bedildir, ammo
Qilur boshdin-oyok ashkim mani dil.
* * *
Zahm oʻldi yana, chashmi purob oʻldi bizim dil,
Jom ichra toʻla qonli sharob oʻldi bizim dil.
Gulbogʻu chaman faslida tosh oʻlsa u koʻngil,
Dasht uzra gʻubor oʻlsa-da, ob oʻldi bizim dil.
Vasl anjumani ichra hayo jom boʻlibdir,
06 oʻlsa agar bodai nob oʻldi bizim dil.
Ne hosil, ayo nola, bul otash nafasingdan,
Qon boʻl, seni deb boʻyla kabob oʻldi bizim dil.
Bir chashma-ku toʻfoni xayol ichra bu olam,
Bedil, na iloj, emdi sarob oʻldi bizim dil.
* * *
Parishon xotirim deb gʻam yaralmish,
Yana chashmim tufayli nam yaralmish.
Qilur mavj gavharu oina javhar,
Ajab, beorzu dil kam yaralmish.
Atarlar gʻuncha poymolini gul deb,
Ne hol, shodlik aro motam yaralmish.
Sabo toʻzgʻitgudek bir kaft tuproq
Qoʻshilgach kon ila, odam yaralmish.
Qoshimga kelsa gar farmoni taslim,
Egilgum, koshim asli xam yaralmish.
Agar xeshlik uchun paydo bu olam,
Mening koʻnglimga koʻnglim ham yaralmish.
Diling dardiga yoʻqdir chora, Bedil,
Boʻlib sohibmuhr Hotam yaralmish.
Mirzo Gʻolib
* * *
Desam, Gʻolib, yerim – pok xoki Turon,
Asil zotim bilan bagʻrim farahmand.
Oʻzim turkzodayu naslim-da turkzod,
Buyuklar kavmi birla asli payvand.
Urugʻ boʻlmish menga oybeklar aslan,
Kamolan oyga nisbat, balki oʻnchand.
Otam kasbin desam dehkonchilikdir,
Bobom boʻlmish zamindori Samarqand.
Oʻzim hak fayziga shogird erurman,
Erurman fozil insonlarga farzand.
Yonishda hamnafasman barq ila men,
Saxovatda bulutlar birla monand.
Gʻamu anduhki bor, shodman alardin,
Farah, baxt yoʻq-ki anga dogʻi xursand.
Hama xeshlarki oʻtmish, yigʻlagaymen,
Tiriklikdan kularman boʻyla xushxand.
* * *
Qoshi yosi katlima tadbirdir,
Ne ajab, uy toqida shamshirdir.
Sevgida bemorligimni soʻrmagil,
Ul Iso koʻzgusida tasvirdir.
Men junun dashtida sargardon esam,
Gʻam dilimning poyida zanjirdir.
Bu koʻngil vayronadir, favvora – koʻz,
Sel siniq bu uyga ne taʼmirdir.
Vah, qalamning yoqasin yirtdi Asad,
Chok dil inshosi bu tahrirdir.
* * *
Muhabbat tuxmin ekdim jonima, anduh samar boʻldi,
Umidim shuki, qosid, yorga holimdan xabar boʻldi.
Yegʻib charxi falakdan bu jafokash boshima toshlar,
Urushdi toshga toshu misli guldasta sharar boʻldi.
Koʻngil dardi koʻrinsa koʻzguda yuz rang bilan, denglar
Xazonu sogʻaru dil qoniyu zahmi jigar boʻldi.
Nigohim boʻldi ovora seni izlab va lek oxir
Qorongʻu boʻldi olam senga, dil sohibnazar boʻldi.
Junun aqlini zohid ayb etar boʻlsa ajab yoʻqdir,
Junun zanjiri zuhdning eshigiga bandi dar boʻldi.
Asad, gar gʻuncha gulning shavqatiga borgoh boʻlsa,
Diling Bedil yoʻliga gul sochib, satring guhar boʻldi.
* * *
Parivash chehrasiga bersa oro,
Qilar hayrat bilan koʻzgu tamosho.
Ketar jonim olib karvonda yorim,
Gʻuborin koʻzlarimga ayladim jo.
Meni uyquga eltdi dardi hijron,
Xayoli kiprigimda boʻldi paydo.
Kular gul yigʻlaganda bulbuli zor,
Men u gul xandasidan xoru rasvo.
Firoq oʻkin pari koʻksimga otdi,
Ajab, gʻam togʻi uzra undi raʼno.
Fano dashtin tutar maskan murodim,
Anga parvo yoʻqu menga tasallo.
Asad, ojizligingni angladingmi,
Nechun bilding oʻzingni buncha dono?
* * *
Egam, ismingni aytmoq jurʼatin bergil zabonimga,
Koʻngil – xomush sadaf, dur jilvasin bergil bayonimga.
Tarahhum ayla mendek bedilu mahzunga, lutf etgil,
Charogʻi subh ber shomimga, gul faslin xazonimga.
Qilib nazzora jonimni olursan, ey pari paykar,
Qoʻyarsan dastu poyingga hino oluda qonimga.
Koʻrib koʻzguda ruhing aksini u chashmi mashshota
Boʻlibdir xunfishon, bersin toʻzim bu xasta jonimga.
Qilarkan tunda bulbul nola, tong uyqudan uygʻongay,
Umidim tongi uygʻonmas nechun betin figʻonimga.
Kamina taqribu sidqin sinab koʻrmoqqa rahm aylab,
Yubording ming tuman ranju mashaqqat imtihonimga.
Jamolingdan saboh ravshan, guliston boʻyla zevardir,
Asadga tor qafas qurding, nazar sol bu makonimga.
A. S. Pushkin
SEN VA SIZ
Havoyi Siz oʻrniga yanglish
Qiz nogahon Sen deya aytdi.
Shu dilbar soʻz koʻnglimda yonish,
Oʻylarimda orzu uygʻotdi.
Termulaman soʻz derga ojiz,
Sehri tamom rom etgan meni.
Sirtda deyman: qanday yaxshisiz,
Qalbda esa: sevaman Seni.
HOFIZDAN
Jang shavqini dilda uygʻotma,
Yenma, yigit, zafar, shon bilan.
Qonli harbga oʻzingni otma
Karabaxlik olomon bilan.
Balki seni oʻldirmas qotil,
Maydon aro, qilichlar aro.
Barnoliging koʻrgan Azroil
Yubormagay bemahal qazo.
Bir narsadan qoʻrqaman faqat:
Oshno boʻlib jangda beboklik,
Senda qolmas dilbar nazokat,
Bu mayinlik, goʻzallik, poklik.
EPIGRAMMA
Taʼna bilan jonimga tegding,
Javob senga muxtasar, oshnam.
Ha, men ishchan emasman, lekin
Sen omilsan yalqovlikda ham.
EPIGRAMMA
Illatlari haddan ziyoda,
Nopok yashab keldi bu odam.
Gunohlarin yoysa dunyoda
Joy qolmagay qoʻymoqqa qadam.
Insof kirdi unga nihoyat,
Asta-sekin yoʻl topdi toʻgʻri.
Mana endi durust, xayriyat,
Nomi boʻldi qartaboz oʻgʻri.
* * *
Kar karni kar qozining hukmiga toʻgʻriladi,
Kar dedi: Bu kar mening molimni oʻgʻirladi.
Kar karga javob berdi: Bekor aytibsan, ey kar,
Sen aytgan u qoʻriqka yetti pushtim don ekar.
Kar qozi hukm kildi, pok ish boʻlsin, bir yoʻl bor,
Yigitni uylantiring, qiz boʻlsa ham gunohkor.
Fridrix Shiller
GERO VA LEANDR
Bilarmisan, olis elda,
Moviy, zumrad Dardanelda
Gellespont[1] mavj uradir.
Bunda har sang qirgʻoqlarda
Bir-biridan yiroqlarda
Ikki qasr turadir.
Osiyoni, Ovruponi
Ayirmish suv ikki yon.
Lekin sevgan ikki yorni
Ayirmoqqa ne imkon!
Suluv Gero kalbida sir:
Kupidonga boʻldi asir,
Leandrga mubtalo.
Kiz yerdagi Geba[2] misol,
Oshiq yigit, qilki xayol,
Tiyri kamon koʻk aro.
Lekin ular oʻrtasiga
Tushdi ota gʻazabi.
Poymol boʻldi ishq, nogahon
Ayoz tekkan gul kabi.
Mana yigit firogʻida
Qoyalik Sest[3] qirgʻogʻida
Oshuftayu parishon
Oʻltirardi bechora qiz.
Bokar edi gʻamgin, yolgʻiz
Olis Abidos[4] tomon.
Ne ilojkim, koʻprik yoʻqdir
Leandrga eltguvlik.
Gʻov ham yoʻqdir olamda lek
Ishq yoʻlin band etgulik.
Leandrda yolgʻiz dard – ishq,
Oftob – oʻshal olov gardish –
Mana, suvga botadir.
Soʻngach uning yogʻdulari,
Yori turgan qirgʻoq sari
Yigit quloch otadir.
Suzib borar, bilmas qoʻrquv,
Mast shavq ila nashʼa-la.
U tomonda sochar yogʻdu
Qiz ushlagan mashʼala.
Chiqib suvning ogʻushidan,
Qizning issiq oq toʻshidan
Olar yigit harorat.
Tutashadi shunda ikkov
Tutashgandek ikki olov,
Lazzatga yoʻq nihoyat.
Tongotarning ilk yogʻdusi
Visol ipin uzadi.
Uygʻonib ishq uyqusidan
Yigit ortga suzadi.
Oʻttiz karra quyosh botdi,
Oʻttiz karra tong uygʻotdi,
Aylanib charx – dahri dun…
Yeldek oʻtdi bu oʻttiz kun
Bamisoli ilk visol tun –
Ilohiy tun, oydin tun…
Kim toʻlqinlar dahshatiga
Oʻzni otsa mardona,
Muhabbatning lazzatiga
Munosib ul yagona.
Charxi falak bundoq tezdir,
Avroraning oʻrnin Vesper
Egallaydi, voh, shitob.
Barglar xazon boʻlayotir,
Qish nafasi kelayotir,
Yakin hijron – iztirob.
Qisqa boʻla borsa kunduz,
Uzok boʻla borsa tun,
Ular shod, lek qish kelar-ku,
Balokashu qattol, tund.
Mana keldi sentyabr ham,
Kun bilan tun teng boʻlgan dam
Qiz koyada oʻltirar.
Feb[5] olovli argʻumoqda
Ufqlarga yoʻl olmoqda
Dam olgali to sahar.
Atrof sokin, yellar-da jim,
Suv jimirlar osuda.
Zangor osmon aks etadi
Bu zangori koʻzguda.
Dengizdan koʻz uzmaydi qiz,
Yalinadi choʻkkancha tiz,
Zor ila der:”Ey tangrim!
Bilding dillar orzusini
Vafosiz ul oʻzi seni –
Vafosiz deb aytsa kim.
Mehr yoʻqdir odamlarda,
Otamda ham yoʻq shafqat.
Biz bechora oshiqlarga
Rahmdilsan sen faqat.
Ne kechardi sensiz holim,
Meni beishk charxi zolim
Qilar edi xoru zor.
Ammo oʻzing boʻlib hamdam,
Koʻpriksiz ham, qayiqsiz ham
Men tomonga kelar yor.
Vahimalik girdoblaring,
Toʻlqinlaring shiddatkor,
Lek sen mardlik oldida mard,
Yor ahliga oʻzing yor.
Qadim zamon sen ham axir
Kupidonga boʻlding asir,
Tark etib oʻz uyini,
Kolxidaga hamrohi-la
Suzganida magʻrur Gella,
Minib tillo qoʻyini.
Muhabbatning olovida
Yonding, tangrim, oʻshanda.
Ul goʻzalni olib ketding
Suv ostiga – goʻshangga.
Unda maʼbud va maʼbuda
Yashaysizlar tinch, osuda.
Mangu sharaf sizlarga.
Sizdan ishkka hech ofat yoʻq,
Oshik dilga falokat yoʻq,
Boshafqatsiz bizlarga.
Gella! Goʻzal ey maʼbuda,
Uzat bizga qoʻlingni.
Bergil mening yorimga ham
Oʻshal ravon yoʻlingni”.
Tun choʻkkanda borliq aro
Yuksak qoya uzra Gero[6]
Mashʼalasi porlaydi.
Mashʼal yoʻlchi yulduz boʻlib,
Tun ichra bir kunduz boʻlib,
Leandrni chorlaydi.
Ammo dengiz korayadi,
Uvlar ofat shamoli.
Bulut bilan toʻsiladi
Yulduzlarning jamoli.
Gumburlaydi nogoh samo,
Quyib berar yomgʻir balo
Yoyib qaro qanotin.
Dahshat bilan guvlar boʻron,
Chaqmoq bilan gohi bir on
Yorishadi qaro tun.
Asov toʻlqin koʻkka sapchir,
Quturishi devga xos.
Jahannamning qaʼri yangligʻ
Tubdan kelar guldiros.
Gero yigʻlar: “Dahshat! Dahshat!
Kronion! Boʻldi! Toʻxtat!
Qaytar ofat baloni.
Men chorladim, menda gunoh,
Zavol topsa mendan, e voh,
Leandrning yosh joni.
Mana dengiz qushlari ham
Quruqlikka qochdilar.
Bandargohlar kemalarga
Quchogʻini ochdilar.
Faqat mening sevar yorim,
Uz axdida ustivorim
Suzar ochiq dengizda.
Yoʻlga solgan uni vafo,
Bizni oʻlim qilgay judo,
Shundayin axd bor bizda.
Shafkat qiling, o, tangrilar,
Boʻling unga madadkor.
Holdan toyib balki koʻkka
Qarayotir u soʻng bor.
Ey Pont! Bagʻring girdob ekan,
Sokinliging niqob ekan,
Ilondek tinch yotgansan.
Ofatingni yashirib sen,
Sevganimni shoshirib sen,
Oʻz domingga tortgansan!
Mana endi har ikkala
Sohildan ham yirokda
U muqarrar zavol sari
Qulochini otmoqda”.
Dahshat yoʻqdir sira bundogʻ!
Toʻlqin kelar boʻlib togʻ-togʻ,
Oʻzni urar qirgʻoqqa.
Bu jahannam! Bu jahannam!
Hatto ulkan kemalar ham
Yakin kelmas bu yoqqa.
Mashʼalani qoʻymas shamol,
Endi soʻnggi najot yoʻq.
Kim bu qaʼrga kirdi, unga
Hech umidi hayot yoʻq.
Gero yana yolborar, der:
Afrodita[7], sen madad ber
Dengizdagi yorimga.
U bezavol kelsa agar,
Atab qilay qurbonliklar
Sendek madadkorimga.
Barcha maʼbud, maʼbudalar
Qarshisida egar bosh,
Bu ofatni kaytaring deb
Iltijo-la toʻkar yosh.
“Girdoblarda bino boʻlgan,
Koʻp jonlarga davo boʻlgan
Levkoteya, suvdan chiq.
Yorimga ham boʻlgin hamdam,
Tashla uning ustiga ham
Qutlugʻ mato – yopinchiq.
Choʻkayotgan boʻlsa, undan
Quvvat olsin sevganim.
Xalos boʻlib bu ofatdan,
Chiqa qolsin sevganim”.
Tina boshlar asta boʻron,
Koʻk toqida urar javlon
Eos argʻumoqlari.
Yana dengiz goʻyo koʻzgu,
Yana unda tonggi yogʻdu,
Zarrin qoʻngʻiroqlari.
Tinik mavjlar suyib, tarab,
Goʻyo dafn kilmoqqa –
Sahar chogʻi oʻlik tanni
Olib chiqar qirgʻoqqa.
Voh, u oʻsha! Sevar yori!
Oʻz ahdida vafodori
Jonsiz yotar sohilda.
Qotib qoldi qiz misli tosh,
Na tilda oh, na koʻzda yosh,
Soʻngsiz boʻshliq bor dilda.
Goh osmonga, goh dengizga
Sokingina qaraydi.
Qonsiz yuzi allanechuk
Ilohiy nur taraydi.
“Men angladim, dunyo degan
Toshu tarozulik ekan,
Qismatimga koʻndim, bas.
Umrim bitdi – qilmam oʻkinch,
Bildim – ne baxt, nedir sevinch –
Ishkqa boʻldim hamnafas,
0, Venera, endi oʻzni
Topshiraman koʻlingga.
Qurbon kilar boʻldim endi
Yosh jonimni yoʻlingga”.
Qiz oʻzini jarga otdi,
Goʻyo dengiz ichra botdi
Oppoq koʻylak kiygan oy.
Tangri kildi, vah, inoyat,
Ikki dilga abadiyat
Dargohidan berdi joy.
U odil, u shafqatpesha,
Tiriklikka mehribon.
Mangulikning chashmasidan
Zilol toʻkar jovidon.
Aleksandr Blok
SKIFLAR
Panmoʻgʻulizm! Garchi oʻzi daxshatdir,
Ammo kulogʻimga bu soʻz lazzatdir.
Vladimir SOLOVYOV
Sizlar millionlarsiz. Biz – olam jahon,
Bellashing, sizda gar boʻlsa iqtidor.
Ha, biz skiflarmiz. Osiyoiy kon,
Qiyiq koʻzlarimiz kattol va xunxor.
Sizga zamon – zamon. Bizga-chi, bir on.
Bizlar itoatkor kulbachcha goʻyo –
Moʻgʻullar bir yonu Ovrupo bir yon,
Biz kalqon ushladik ikki irq aro.
Asrlar, asrlar oʻtxonasida
Suron karnaylari kuyildi sizga,
Lissabon, Messina boʻlganda payxon,
Bu mashʼum ertakdek tuyuldi sizga.
Asrlar sharq tomon koʻzni tikdingiz,
Bizning injulardan toʻldirib hamyon.
Asrlar bepisand fursat kutdingiz
Och toʻplarga bizni etmoqqa nishon.
Mana, fursat yetdi. Boshimiz uzra
Qanot qokdi kulfat, har kun bir alam.
Ammo vakt kelarki, qolmagay sira
Sizning Pestumlardan nomu nishon ham.
Qoʻhna dunyo! Tirik ekansan hali,
Hali shirin azob berarkan hayot,
Qadimgi donishmand Edip shoh yangligʻ
Sfinks qoshida bir laxza jim kot!
Rossiya – sfinks. Xushnud va nolon
Qop-kora qoniga belangan vujud.
Tikilar, tikilar, tikilar sen tomon,
Nafrati behudud, mehri behudud.
Ha, bizning konimiz sevganday sevish
Sizga nasib emas va boʻlmas aslo.
Sizga allaqachon begonadir ishq,
Urtab yondirguvchi, qilguvchi ado.
Sevamiz ilohiy hislar dunyosin,
Sovuq raqamlarning haroratin ham.
Anglaymiz tumanli nemis dahosin,
Gall soʻzin maʼniyu kamolotin ham.
Eslaymiz, Parijning doʻzax koʻchalari,
Venetsiya salqin sabolarini.
Limonzor bogʻlarning xush boʻylariyu
Kyolnning tumanli binolarini.
Biz tanni sevamiz, sevamiz dard-la,
Uning rangu taʼmin va hidin tengsiz.
Bizlar gunohkormi, soʻngaklaringiz
Sinsa bizning ogʻir, qattol qoʻllarda?!
Yuganidan ushlab asov biyalarning,
Belin sindirmoqni qilganmiz odat.
Bosh egmagan qaysar joriyalarni
Qoʻlga qoʻndirmoqni qilganmiz odat.
Qani, keling bizga! Nechun otashlar!
Otashday bizning tinch ogʻushga keling.
Vaqt borida qinga jo boʻlsin xanjar,
Bizga ogʻa boʻling, bizga doʻst boʻling!
Yoʻk esa – bari bir yana biz uchun,
Axdni buzmok kelar bizning ham koʻldan.
Siz tavqi laʼnatga qolursiz butun
Tarixdan, kelajak majruh nasldan.
Biz-chi, yuz buramiz goʻzal Ovrupodan,
Bagʻriga oladi oʻrmonlar bizni.
Sizga oʻgiramiz soʻng tomosha uchun
Qora Osiyoiy basharamizni.
Qani, keling, keling barcha Uralga,
Sizga janglar uchun ochamiz maydon.
Okil, koʻksi toʻla integralga,
Temir mashinalar boshlasin qiron.
Ammo biz sizlarga boʻlmaymiz qalqon,
Oʻtga kirmagaymiz endi oʻzimiz.
Borarkan kiyomat jangi beomon,
Chetdan boqar sizga qiyik koʻzimiz.
Sira qoʻzgʻalmaymiz, qattol yovuz xun
Shaharlar kulini sovurganda ham,
Hatto oʻliklarni talaganda ul,
Oq tanlar goʻshtini qovurganda ham.
Soʻnggi bor koʻzni och, ey koʻhna ochun!
Tinch mehnat bazmiga xushnud, sarafroz –
Ogʻalik bazmiga soʻnggi bor bu kun
Chorlayotir seni vahshiy soz!
Sergey Yesenin
ERON TARONALARI
* * *
Dogʻlar ketmish majruh koʻngildan,
Mast vasvasa koʻzgʻamas tugʻyon.
Men dardimga Tehron gulidan
Choyxonada topoldim darmon.
Choyxonachi – barvasta, oʻktam,
Qoyil qolsin rus, deb, choyimga,
Oʻtkir aroq, may oʻrniga ham
Achchiq-achchiq choy tutar menga.
Quy, mezbonim, ammo had bilan,
Bogʻing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu koʻzin suzdi gulruxsor.
Rossiyada gulday qizlarni
Tutqunlikda saqlamas erlar.
Sarmast etar boʻsa bizlarni
Bexanjaru, bemakru bezar.
Bu tong yuzli dildor qoshimda
Bir bor xirom etsa noz bilan,
Shohi roʻmol solgum boshiga,
Yoʻllariga sheroziy gilam.
Mezbon, choy quy menga lolagun,
Shoir senga soʻylamas yolgʻon.
Ehtiyot boʻl oʻzingga bukun,
Soʻngra mendan qilmagin gumon.
Eshikka koʻp qarayberma san,
Gul bogʻingga baribir yoʻl bor.
Oqshom menga nikob ostidan
Ohu koʻzin suzdi gulruxsor.
* * *
Bukun dedim sarrofga atay,
Alisharkan soʻmni tumanga:
“Oʻrgat, goʻzal Laʼlimga aytay,
Oʻrgat, sevdim, demoqni manga”.
Ul sarrofga dedim bukun man
Yeldan sokin, jilgʻalardan tinch:
“Oʻrgat menga, goʻzal Laʼlimdan
Fors tilida soʻrayin oʻpich”.
Yana dedim sarrofga atay
Hayajonim dilda berkitib,
Oʻrgat, goʻzal Laʼlimga aytay,
Oʻrgat, aytay “menikisan”, deb.
Shunda menga dedi u, evoh –
Ishq vasfiga topilmas soʻzlar.
Sevaman, der dildan chiqqan oh,
Yoqut kabi yonguvchi koʻzlar.
Soʻrma mendan boʻsaning ismin,
Nomi yoʻqdir senga aytmoqqa.
U keltirib atirgul isin,
Gulbarg boʻlib koʻnar dudoqqa.
Sevgi dilga bermas kafolat,
Sevgi baxtga, yo dardga yoʻllar.
Menikisan deyolur faqat
Yuzdan niqob koʻtargan koʻllar.
* * *
Shahinam, o, mening Shahinam,
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan soʻylaymi senga,
Oy nur sepgan boshoklardan ham,
Shahinam, o, mening Shahinam.
Bilsang, shimol Vatandir menga,
Unda oy ham yuz bora ulkan.
Sheroz kancha boʻlmasin koʻrkam,
Aziz oʻlka Ryazandir menga,
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan soʻylaymi senga?
Sochim olmish bugʻdoyidan rang,
Barmogʻingga oʻra xohlasang,
Zarra ogʻriq sezilmas menga,
Dalalardan soʻylaymi senga?
Oy nur sepgan boshoqlardan ham
Oltin sochim soʻylasin, dildor.
Kul, oʻyna-yu, dalamdan zinhor
Gapirmagin menga, jonginam,
Oy nur sepgan boshoqlardan ham.
Shahinam, o, mening Shahinam,
Shimol yoqda bir nozanin bor,
Senga oʻxshar, gʻoyatda dildor,
Balki meni oʻylar ul sanam…
Shahinam, o, mening Shahinam.
* * *
Deding: Saʼdiy doimo yorning
Siynasidan olarkan boʻsa.
Xudo haqqi, shoshma, dildorim,
Qochmas axir oʻrganish boʻlsa.
Qurʼonda bor, deding, azaldan
“Alqasosul minalhak”, tamom.
Men tugʻilgan boʻlsam Ryazanda,
Qaydan tanish boʻlsin bu kalom.
Sen kuylading: “Firot ortida
Gullar borki, qizlardan goʻzal!”
Boy boʻlsaydim koʻshiq bobida,
Toʻqir edim boshqa bir gʻazal.
Gar qizlardan boʻlsa ziyoda,
Men gullarni qirqardim butkul,
To koʻrmayin yorugʻ dunyoda
Shahinamdan suluvroq bir gul.
Oʻgit bilan qiynama endi,
Oʻgitlaring menga ne darkor?!
Shoir boʻlib dunyoga keldim,
Shoir kabi oʻpaman, dildor.
* * *
Zaʼfar yurtga nur toʻkar oqshom,
Bogʻda gullar javlon urgan payt.
Kel, jonginam, koʻshiq ayt, Xayyom –
Kuylab oʻtgan qoʻshiqlardan ayt,
Bogʻda gullar javlon urgan payt.
Oy nuriga gʻarq boʻlgan Sheroz,
Parvonadek uchar yulduzlar.
Menga yoqmas, oʻtinaman, rost,
Niqob tutsa dilrabo yuzlar,
Oy nuriga koʻmilgan Sheroz.
Qizlar yuzin saqlar nikobda,
Issiqdanmi boʻlib asramoq,
Yo kuymasin derlar oftobda.
Sevsin uchun yigitlar koʻproq –
Qizlar yuzin saqlar niqobda.
Niqob bilan doʻst boʻlma, gulroʻ,
Yoz soʻzimni yoding lavhiga,
Umr oʻzi gʻoyat qiska-ku,
Toʻymoq qiyin tole shavqiga,
Yoz soʻzimni yoding lavhiga.
Qismatlarda ne qarolik bor,
Qolmas bir zum baxsh etsang rohat.
Gunoh boʻlur shu sabab, dildor,
Bu dunyoda yashirsang talʼat,
Bergach uni ona tabiat.
Bogʻda gullar tebranar oqshom,
Yuragimda oʻzga bir diyor.
Oʻzim senga qoʻshiq aytay, yor!
Bu qoʻshikni bilmagan Xayyom.
Bogʻda gullar tebranar oqshom…
* * *
Havo toza, musaffo, zangor,
Gulzor boʻldi menga saylgoh.
Ufqlarga yoʻl olgan sayyoh,
Yetolmaysan manzilga zinhor,
Havo toza, musaffo, zangor.
Dalalardan oʻtasan tanho,
Bogʻlar senga ochadi kuchoq.
Sen-chi, boʻlib gulga mahliyo,
Tikanlarga bosmagin oyoq,
Dalalardan oʻtganda tanho.
Shitirlar, yoʻq, shivirlar barglar,
Nafis, goʻyo Saʼdiy gʻazali.
Koʻzlaringga koʻkning goʻzali –
Oltin oydan yogʻiladi zar.
Nafis, goʻyo Saʼdiy gʻazali.
Dil koʻshigʻin bastalar pari,
Nay sasidek mayin, dilrabo.
Ogʻushiga olsa ul barno,
Ketar dildan gʻam, hijron nari,
Nay kuylaydi mayin, dilrabo.
Mana, uzoq kezib piyoda
Charchaganning ezgu matlabi:
Esar salqin, xushboʻy shabboda,
Shimiradi qaqragan labim,
Esar salqin, xushboʻy shabboda.
* * *
Oy yuzida tillarang jilo,
Sambitguldan taralar xush boʻy,
Kezmoq na soz, quvnoq va xushboʻy
Moviy oʻlka sukuti aro.
Yiroqlarda Bagʻdod. Bir zamon
Shahrizoda yashagan diyor.
Ul sanamga endi ne darkor,
Xazon boʻlmish jannat guliston.
Ul sharpalar singmishdir yerga,
Dev, parilar boʻlmishdir tuproq,
Bosh egma, ey sayyoh, qabrga,
Arvohlarga solmagin quloq.
Atrofga boq, kanchalar barkut!
Dudogʻingni tortar chechaklar.
Dushmanga ham doʻstlik qoʻlin tut,
Yorugʻ boʻlsin koʻnglim, desang gar.
Oʻyna, sendan ne qolur oʻlsang,
Visol aylab ishq boliga toʻy,
Oʻliklarga sigʻinmoq boʻlsang,
Tiriklarni oʻz holiga qoʻy.
Shunday degan Shahrizoda ham,
Barglar aytar yana bir bora.
Bu dunyoda armonsiz odam
Bechoralar ichra bechora.
* * *
Xurosonda bir darboza bor,
Ostonasi gulga koʻmilgan.
Unda yashar bir pari ruxsor,
Xurosonda bir darboza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.
Qoʻllarimda kuch ham yetarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan.
Asir etdi meni ul pari,
Qoʻlda garchi kuchim yetarli,
Ul eshikni ocholmadim man.
Mardligim ne ishk maydonida,
Ayting, kimga qilay sharhi gʻam,
Sevmas boʻlsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas boʻlsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!
Yana tushdi Rus sari yoʻlim,
Eron, sendan ketgummi hali?
Nahot, seni boz koʻrmas boʻldim
Ona yurtga mehrim tufayli?
Yana tushdi Rus sari yoʻlim.
Xayr endi, xayr, parizod!
Darbozangni ocholmasam-da,
Shiring gʻaming birla umrbod
Kuylab oʻtay seni oʻlkamda.
Xayr endi, xayr, parizod!
* * *
Firdavsiyning moviy diyori,
Koʻpni koʻrgan, ey koʻhna diyor!
Oʻychan nigoh, koʻzi zangori
Oʻrusingni unutma zinhor!
Firdavsiyning moviy diyori.
Ajoyibsan, goʻzalsan, Eron,
Bogʻlaringda lolayu nargiz,
Ular menga olis, bepoyon.
Bir oʻlkani eslatar har kez.
Ajoyibsan, goʻzalsan, Eron.
Sipqorurman eng soʻnggi bora
Sharob yangligʻ mushkin boʻyingni,
Jonim Shahi, dilbar kuyingni
Ayrilarkan sendan, ne chora,
Tinglagayman eng soʻnggi bora!
Kuying mangu qalbimda qolar,
Seni aslo unutmam, jonon!
Togʻlar oshib, kezib sahrolar,
Sen haqingda kuylayman doston,
Kuying mangu qalbimda qolar.
Gʻamlaringdan qoʻrqmasman sira,
Faqat meni sakla yodingda,
Rus haqida bir kuy qoldiray,
Meni esla kuylar oningda,
Qoʻshiq boʻlib yashay yoningda.
* * *
Shoir boʻlmoq – bu-ku tayin gap –
Oʻz joningni oʻrtamok faqat.
Xanjar urib nozik taningga,
Oʻzgalarga baxsh etmok lazzat.
Shoir boʻlish – borliqni kuylash,
Senga koʻproq boʻlsin deb oshkor.
Bulbul koʻngli boʻlarmi hech gʻash,
Qilar ekan bir kuyni takror?!
Oʻzgalarning ovozi bilan
Toʻtiqush ham biyrondir, ammo
Kuyla faqat oʻz sozing bilan
Qurbakadek boʻlsa ham hatto.
Qurʼonda manʼ etmish Muhammad
Lab urma deb hatto sharobga.
Shoir ichar shuning-chun ham may,
Tashlar ekan oʻzni azobga.
Shoir kelib yori oldiga
Yot qoʻynida koʻrsa uni gar,
Oʻt solsa-da alam qalbiga,
Qiz koʻksiga urmaydi xanjar, –
Rashkda yonib, koʻnglida tugʻyon,
Mungli kuylab tashlaydi qadam:
“Mayli, oʻlay xoru sargardon,
Taqdirimda bor ekan bu ham”.
* * *
Bir juft okqush jonon qoʻllari
Shoʻngʻir oltin sochlarim aro.
Bu dunyoda odamlar bari
Ishqni kuylar takror va takror.
Kuylaganman men ham bir mahal,
Bukun yana takrorlar koʻngil.
Otash soʻzim boisi oʻshal,
Nafis sheʼrim sababi ham ul.
Jon-joningga singsa muhabbat,
Qalb koʻksingda oltin tosh boʻlur,
Baxsh etolmay kuyga harorat,
Tehron uzra oy ham fosh boʻlur.
Qanday yashay endi, bilmayman,
Yo Shahi-la kechsin tunlarim.
Qariganda yo kilay armon
Ishqni kuylab oʻtgan kunlarim.
Har kimda bir oʻzgacha eʼzoz,
Har kimda bir oʻzgacha havas.
Gar eroniy kuylolmasa soz,
Bilingki, u sherozlik emas.
Men hakimda ayting, kimki bu
Kuyim tinglab meni soʻrsa gar,
U bundan ham soz kuylardi-yu,
Xarob kildi oʻshal oqqushlar.
* * *
Nechun maʼyus taratar ziyo
Oy Xuroson chamanlariga?
Rus bagʻrida kezaman goʻyo
Choʻmib oqshom tumanlariga.
Shunday deya, ey goʻzal Laʼlim,
Shamshodlardan soʻradim savol.
Bu sir bizga emasdir maʼlum,
Degan kabi bokdi ular lol.
“Ne uchun oy maʼyus sochar nur?”
Chechaklarni tutdim soʻroqqa”.
Ular dedi: guldan soʻrab koʻr
Sahar payti kirganda boqqa.
Gul tebratdi asta shoxini,
Tilga kirib soʻyladi gulbarg:
“Oʻzga bilan boʻldi Shahina,
Oʻpdi bu kech agʻyorni dilbar”.
Dedi yoring:”Kaydan bilar rus,
Qoʻshiq unga ham tanu ham jon”.
Shuning uchun oy bokar maʼyus,
Shuning uchun yuzida yoʻq kon.
Ne jafolar koʻrmadi olam,
Xiyonatu koʻz yoshdan xunlar.
Lekin, mayli, har na boʻlsa ham,
Moʻtabardir nafarmon tunlar.
* * *
Talpinma koʻp, devona koʻngil,
Barchamizdan yuz oʻgirmish baxt.
Shafkat tilar gadolar faqat…
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Fusunkor oy kiyib zar libos,
Shuʼla toʻkar kashtanlar uzra.
Qoʻyib Laʼlim siynasiga bosh,
Niqobini tortaman yuzga.
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Biz barchamiz goʻdakmiz bir oz.
Goh koʻzda yosh, goh labda kulgu.
Boʻlmish ushbu dunyoda meros
Odamlarga shodlik va qaygʻu,
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Koʻrganman koʻp elatlarni men,
Tole izlab kezganman jahon.
Yuragimning ezgu istagin
Endi ortiq qidirmam sarson,
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Umidim bor hayotdan hali,
Tugamagan koʻnglimda bardosh,
Kel, bir nafas orom ol, qalbim,
Uxla, qoʻyib yor koʻksiga bosh,
Umidim bor hayotdan hali.
Zora taqdir boshimiz silab,
Saodatga yor etsa bizni,
Tole bulbul ovozi bilan
Allalasa pok sevgimizni.
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
KACHALOVNING ITIGA
Kel, Djim, uzat panjangni menga,
Momik panjang bunchalar mayin.
Men ham bu kech koʻshilib senga
Oyga boqib nola kilayin,
Kel, Djim, uzat panjangni menga.
Faqat, doʻstim, koʻp erkalanma,
Holatimni tushungin, axir.
Sen bilmaysan, yashamok nima,
Bu xayotning maʼnosi nadir.
Xoʻjayining mashhur va hotam,
Koʻp yoʻqlashar doʻstu yoronlar.
Ulugʻ mezbon koʻngli uchun ham
Siylashadi seni mehmonlar.
It holingga gʻoyat suluvsan,
Odamdan hech ketmaysan nari.
Soʻrmay-netmay oʻpmok boʻlursan
Kayfi oshgan doʻstlar singari.
Mehmonlaring koʻp juda, sonsiz,
Bir-biriga oʻxshamas albat.
Mabodo bir oʻychan, maʼyus qiz
Shu tomonga oʻtmadimi, ayt?
U albatta keladi bir kun,
Ostonangdan oʻtganda dildor,
Mening bor-yoʻq gunohim uchun
Qoʻllarin oʻp, yigʻlayu yolvor.
* * *
Endi qaytmam uyimga
Men elkezar devona.
Koʻz tikibdir yoʻlimga
Koʻm-koʻk oʻtloq yagona.
Unda meni sogʻingan
Faqatgina qichitqon,
Boshi quyi solingan
Chuchmoʻmai nafarmon.
Oy tepamda yuksakdir,
Shapka otsam yetmaydi.
Koʻshiq asli yurakdir,
Tugʻiladi – yitmaydi.
Uyga umr soʻngida
Biz qaytamiz turfahol,
Vujud titroq qoʻynida,
Yarim murda, yarim shol.
Sening uchun, ey odam,
Qoʻhna makol aytadi:
“Ular chogʻi itlar ham
Oʻz uyiga qaytadi”.
* * *
Singlim ShURAga
Bu dunyoda men bir yoʻlovchi,
Shodon menga koʻl silki, erkam.
Xuddi shunday tinch, erkalovchi
Ziyo toʻkar kuz fasli oy ham.
Isinarman oyning taftiga,
Ilk bor undan orom olar jon.
Allaqachon soʻngan sevgiga
Umid bogʻlab yashayman hamon.
Bunga bois – shu makonimiz,
Shu yer – oppoq, shoʻr manglay turbat,
Qaylardadir toptalgan nomus,
Kimlardadir qadrdon gʻurbat.
Yashirmayman, har kim ham bilar:
Boshka-boshqa emas, jon singil,
Ikkimiz ham bir sevgi bilan
Shu vatanga koʻyganmiz koʻngil.
* * *
Dalalar oq kiygan, oqargan oy ham,
Kafanga oʻralib yotibdi oʻlkam.
Oʻrmonlarda yigʻlar ok kayinlar jim,
Bu yerda kim oʻlgan? Balki men oʻzim?.
* * *
Shoir, tun qoʻynidan nima izlading,
Chikdingmi oyga sheʼr bitmoq oʻyida!
Koʻpdan xira tortmish mening koʻzlarim
Muhabbat, kartayu sharob koʻyida.
Koʻk uzra suzadi sokin oymoma,
Shunchalar oydinki, tinadi nigoh.
Men toppon xotinga tikkandim, ammo
Shoʻrimga tuz qargʻa chiqibdi, e voh!
* * *
Xayr endi, xayr, doʻstginam,
Bagʻrimdasan, koʻngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bir oldinda hali.
Xayr, doʻstim, soʻzga ochma lab,
Qoʻy, men uchun oʻrtama bagʻir,
Bu hayotda oʻlmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!
Mixail Svetlov
TIRIK QAHRAMONLAR
Shafqatni bilmagan
Kokildor Taras,
Eshitilar menga
Kechalar, hayhot! –
Eshik orqasidan
Dahshat toʻla sas:
“Andriy! Senga men bergandim hayot!…”
Goʻzal panna turar,
Yuzida yoʻq qon.
Shamolda oʻynaydi oʻrim sochlari.
Oʻq teshgan Andriy
Qular nogahon
Boʻronda yiqilgan qayin singari.
Poltava ustida
Suzar yarim tun,
Mana u, bogʻ ichra kezar roʻdapo.
Bu kech
Rossiyaga qarshi yashirin
Yurish oʻylamoqda sotqin Mazepo.
Kochubey tutkunda,
Qorongʻu zindon.
Qochishni oʻtkazar mahbus koʻngildan.
Tong bilan Kochubey
Qatl etilgan on
Yevgeniy Onegin turdi oʻrindan.
“Pechorin! O, dahshat!
Atrof zim-ziyo.
Shubha oʻrtamoqda, doʻstim, dilni koʻp”.
Qimor oʻynar ekan Dostoyevskiy,
Kampirlarni boʻgʻar
Shum Raskolnikov.
Jimgina pirpirab
Soʻnar yulduzlar,
Tong otib kelmoqda quyuq tumandan.
Parovoz qoʻzgʻaldi,
Titradi izlar,
Anna Karenina ayrildi jondan.
Oʻrtoq klassiklar!
Endi shumi ish!
Bari kahramonlar yitib ketmoqda!
Nahot, niyatingiz
Faqat oʻldirish –
Duel,
Poyezd yoʻli
Va yo sirtmoqda!
Roman yozmoqchiman oʻzim,
Kattakon!
Kitobining birinchi betidan boshlab,
Hunar oʻrganadi
Har bir kahramon,
Men ham oʻrganaman gʻaflatni tashlab.
Ruhiy azoblarga boʻlsayu taslim,
Qahramon zerikib qolsa biror kech,
Parovoz ostiga
Tashlayman oʻzim,
Ammo qahramonim tashlamayman hech.
Bu yorugʻ dunyodan
Koʻz yumsam agar,
Tobutum ortidan
Iztirob-la jim –
Meni soʻnggi yoʻlga kuzatib borar
Men qutqarib qolgan kahramonlarim.
Qabrim tepasida
Toʻxtagan yoʻlchi
Soʻraydi:
– Oʻlgan kim? Soʻyla, birodar!
Qahramonlar aytar:
– Svetlov oʻldi!
Hakiqiy yozuvchi edi u odam!
RUMOLIK YIGIT
Tuprokda yotipti rumolik yigit,
Koʻksida benakshin, oddiy kora but.
Mushtipar onaning yolgʻiz oʻgʻloni,
Musofir oʻlkada uzilgan joni.
Neapol shahrida oʻsgan azamat,
Nima izlab kelding Rossiyaga, ayt?
Oʻz ona tuprogʻing, goʻzal yurting bor,
Netardi, elingda boʻlsang baxtiyor?!
Men seni Mozdokda oʻldirgan odam –
Vulkonli yurtingni gʻoyat sevardim.
Bepoyon Volgada shavq ichra bir dam
Yengil gondolada suzmok istardim.
Va lekin men, axir miltik koʻtarib
Sening diyoringga yoʻl olganim yoʻq!
Rafael kadami tekkan yer uzra
Uchib oʻtgani yoʻq men otgan bu oʻq!
Men oʻz tuprogʻimda oʻk uzdim, bu yer
Meni ardoqlagan kutlugʻ, ezgu yer!
Bu oʻlka haqida aytilgan ertak
Tarjimada shunday chikmasa kerak.
Mening Oʻrta Donim, qoʻngʻir tuprogʻim
Oʻrgangan edimi chet ellik olim?
Munisam Rossiya, Rossiyam yerin
Ye sen haydab ekkan edingmi ekin?
Seni keltirdilar poyezdga ortib
Oʻzgalar yerini olmoqqa tortib.
Toki sen koʻksingga taqqan bu salib
Mozoring ustida tursin yuksalib…
Yoʻk! Qilich koʻtarib, hech inson hech vakt
Mening diyorimga qoʻyolmas oyoq.
Oʻq uzdim – dunyoda yoʻqdir adolat
Dushmanga men uzgan oʻqdan odilroq.
Musofir oʻlkada bukun jon berdi
Mushtipar onaning yolgʻiz oʻgʻloni.
Jonsiz koʻzlarida aks etib turdi
Goʻzal Neapolning zangor osmoni.
Aleksandr Tvardovskiy
SOʻZ HAQIDA SOʻZ
Yonsa qalbda zoʻr bir ehtiros,
Tugʻyon qilsa shodlik yo alam,
Taajjubkim, tuygʻularga mos –
Soʻz topolmay koladi odam.
Soʻz koʻp – inson kurash, mehnatin
Bayoniga yetar ifoda.
Soʻz yoʻqotgay ammo kimmatin
Takror boʻlsa haddan ziyoda.
Soʻzlar borkim, yoʻllarda charoq,
Shular bilan yorugʻ hayoting.
Bilki, ular qadrin tushirmoq
Jinoyatga, xiyonatga teng.
Shu bois ham, ey ona diyor,
Utinaman, maʼzur tut meni,
Garchi dilda soʻzlarim bisyor,
Maqtamadim bari-la seni.
Sen soʻz emas, mehnat bilan shan, –
Shu sababdan men ham doimo
Balandparvoz soʻzdan qoʻrqaman,
Nopoklikdan koʻrkkanday goʻyo.
Quruk manman emas, har qalay
Bir shoirman oʻzimdan ogoh.
Madhing boʻlsa har qancha qilay,
Lekin faqat boʻlmayin maddoh.
Senga boqar mehr ila bashar,
Shuhratingdan hayratda olam.
Yaltirok soʻz uyatga koʻyar
Tiriklaru oʻliklarni ham.
Ular koʻz-koʻz qilib zohirin,
Muzdek borib tegar yurakka.
Ertak yangligʻ hayot tasvirin
Aylantirar yolgʻon choʻpchakka.
Soʻz – bu mening oshi halolim,
Soʻz men uchun nonday mukaddas.
Shuning uchun bas, deyman doim,
Qutlugʻ soʻzni isrof qilmok bas.
Soʻz-ku axir aqllarga toj,
Yuraklarga otash – soʻz, axir.
Olam aro boʻlmasin toroj
Javohirlar ichra javohir.
Sochmang yerga nukrani qumdek,
Sovurmanglar uni havoda.
Soʻz ham xuddi hakiqiy soʻmdek
Yursin faqat oltin bahoda.
SHEʼRIM
Barcha orzu muyassar boʻlib,
Yetsam deyman bir niyatga ham.
Men sheʼrimni uy-joylik qilib,
Roʻyxatlardan oʻtkazib koʻysam.
Qidirganning boʻlsa koʻngli toʻq,
Demasalar – chiqib dafʼatan:
– Tanimaymiz, bunaka zot yoʻq,
Soʻrab koʻring boshqa koʻchadan.
Boʻlsa deyman u barchaga yor,
Barcha javob bersa barobar:
– Boʻlmasam-chi, taniymiz, u bor,
Ha, shu yerlik, bizga birodar.
Chollar desa, – koʻpdan bilganmiz,
Yaqin doʻstmiz, koʻhna qadrdon,
Biz u bilan jangda boʻlganmiz,
Berlingacha bordik yonma-yon.
Bolalar ham uni eshitib
Yugurishib kelsalar edi.
– Ha, taniymiz, hatto yod etib
Aytishamiz, – desalar edi.
Eʼzoz bilan demasman, biroq
Mehr bilan ochsalar bagʻir:
– Ha, shu yerda. Boʻlganda qandoq,
Usiz yashab boʻlurmi, axir!
Shunda qolmas edi armonim,
Toʻq boʻlardi koʻnglim, albatta.
Ishonch bilan shunda oʻzim ham
Borman derdim elda roʻyxatda.
SEN VA MEN
Sen kech turding, lanjsan, senga
Olam zimiston.
Men tong bilan turdim, menga
Borliq nurafshon.
Sen uyquga toʻymagansan,
Tajang, gʻazabnok.
Men shodonman, koʻnglim ravshan,
Jismu dilim pok.
Kuch boʻlsin deb tongni qildim
Men koʻksimga jo.
Mana kemam – ish stolim,
Men dargʻa goʻyo.
Senga olam goʻzalligi
Tamom begona.
Senga oshno tushkunligu
Gʻashlik yagona.
Sening uchun yomon hamma,
Hatto oʻzing ham.
Deysan, xoh yoz, xohi yozma,
Oʻtar bu olam.
Kayon boqsang faqat tanglik
Koʻradi koʻzing.
Sen kimdursan? Ming attangki,
Sen – mening oʻzim.
Sening barcha feʼl-atvoring
Menda boʻlmish jam.
Xayriyatki, butun borim –
Senmas hali ham.
Men – sen bilan men emasman,
Ichaman qasam.
Men – menman, to seni oʻzdan
Olib tashlasam.
TIRIKLIK HAQIDA
Qiziqmasman shuhratga ortik,
Davlatga ham qilmasman havas.
Faqat tonggi alvon shafaqdan
Bir boʻlagi menga boʻlsa, bas.
Bolalikning ilk xotirasi,
Bugʻdoy ungan zamin nafasi,
May yomgʻiri yuvgan qayinzor –
Bir boʻlagi men uchun darkor.
Ufqqacha mavjlanib yotgan –
Koʻk dengizning sokin boʻylari,
Oʻtli davron, oʻtli yoshlikning
Utli qoʻshiq, oʻtli kuylari.
Toledan ham, falokatdan ham
Bir boʻlagi men uchun boʻlsin.
Toki nima his kilsa odam
Yuragimga kelib quyilsin,
Olamda ne dard bor, quvonch bor –
Barchasini koʻrsin oʻz koʻzim.
To soʻnggi dam aytayin, halol
Aravamni tortganman oʻzim.
Muhammad Iqbol
(Hindiston)
ISHQ VA OʻLIM
Goʻzal edi olam yaralgan chogʻi,
Goʻzal edi chindan borliq kuchogʻi.
Quyoshning boshida oltin toj edi,
Oy kumush shuʼladan borivoj edi.
Tun egnida edi tim qora mato,
Shamdek nur sochardi Mirrix va Zuhro.
Daraxtlar chulgʻanib zumrad yaproqqa,
Koʻklam nafasini urib tuproqqa,
Farishtalar berdi shabnamga koʻz yosh,
Gullar chexrasida kulki boʻldi fosh.
Hurlarning sochidek tim qora bulut
Koʻk sayriga chiqdi – yoʻli bexudud.
Gʻuncha xomush, bulbul sernavo boʻldi,
Shoir yuragiga dard ato boʻldi.
Shunda zamin dedi – men oʻzim osmon,
Makon nido qildi – menman lomakon.
Xullas, hokim edi yerda obodlik,
Hayot ham mujassam kulgu va shodlik.
Mangulik shuʼlasi yoritib yuzin,
Malaklar parvozda sinardi oʻzin.
Ishq deb atalardi ularning biri,
Doimo ezgulik edi tadbiri.
Iztirob va nurning timsoli edi,
Badbinlik, makrdan u xoli edi.
Bir kun u gulshanda uchardi yakka,
Uchrab qoldi oʻlim otli malakka.
Soʻradi: “Sen kimsan, nedir kasb-koring,
Bunchalar dahshatli turku atvoring?”
Ulim javob berdi: “Nomim ajaldir,
Meni ato qilgan taqdir azaldir.
Tiriklik libosin pora qilurman,
Borliq roʻzgorini qora qilurman.
Mening koʻzlarimda adam jodusi,
Yoʻklikdan xabardir uning yogʻdusi.
Va lekin olamda bordir shunday kuch,
Uning oti ishkdur – kelolmayman duch.
Dahshat solur menga oʻsha kuch faqat,
Uning koʻzlarida nuri hidoyat.
U gohi koʻzlardan yosh boʻlib oqur,
Ammo tiriklikka bu koʻzyosh zarur”.
Ishq tinglab bu soʻzni kuldi. Bu kulgu
Lahzalik chaqmoqdek taratdi yogʻdu.
Oʻlimning yuziga tushdi-yu bu nur
Uni pora qildi. Barhayot, magʻrur
Ishq oldida oʻlim toru mor boʻldi,
Oʻlim oʻldi, sevgi barkaror boʻldi.
ALIGARHLIK TALABALARGA
Turli paygʻomlar boʻlur, men bitguchi xatdir boʻlak,
Mehrlar koʻp, lek vatanga chin muhabbatdir boʻlak.
Sen kafasning bandi boʻlgan qush ovozin tinglading,
Lekin ozod qush navo kilganda lazzatdir boʻlak.
Qorli togʻlar bu hayot maʼnosi srkinlik, desa,
Kamtarin moʻr aytadurkim: zavki mehnatdir boʻlak.
Telba anjumlar xiromida ne kilgay joziba,
Yarqirok surat boʻlakcha, lek gʻayratdir boʻlak.
Kimki mahrumdir hayot zavkidan, ul marhum erur,
Charxi gardundir boʻlak, jomi saodatdir boʻlak.
Shamʼi subh aytur: yonishdur bu hayotning lazzati,
Ishk oʻtida yonsa dil, rohi hidoyatdir boʻlak.
Dayr aro xum ogʻziga koʻygin kaliso gʻishtini,
Kim sharobi ishk keturgan chin kamolatdir boʻlak.
YANGI IBODATXONA
Ey barahman, senga bir soʻz aytgali dil yonadur,
Turfahol boʻlmish sanamlar, butlaring vayronadur.
Sen musulmonlarni hinduga rakib deb soʻylading,
Bizga voizlar ham aytmish: hindu yov, begonadur.
Tokatim tok boʻldi, kechdim ikki maslakdin tamom,
Menga na masjiddur oshno, na ibodatxonadur.
Tosh sanamlardin, jarangdor vaʼzdin ne naf menga,
Jonim oʻlkam zarra tuprogʻi asl durdonadur.
Kel, birodar, oʻrtadin ol sharmisorlik pardasin,
Ikki millat asli bir maqsaddadir, doʻstonadur.
Uygʻotib uykuda yotgan bu koʻngullar mulkini,
Bir ibodatxona kurgaymiz, demang afsonadur.
U jahonda tengsiz oʻlgay, komati togʻday baland,
Gumbazi moviy samoning gumbazidek yonadur.
Bir ajoyib kuy taralsin har tomon tong chogʻida,
Kuy emas – bu ishk sharobi, el dili – paymonadur.
Tinchligu kudrat boʻlur ushbu ibodatda abad,
Lek najot kasriga birlik ham mehr ostonadur.
GOʻZALLIK MOHIYATI
Bir kun tangriga shundoq savol qildi goʻzallik:
“Nega meni etmading mangulik va azallik?”
U shunday javob berdi: “Olam bir suratxona,
Tun bilan kun boʻlmasa – hayot oʻzi afsona.
Borliq axir har lahza oʻzgarishdan iborat,
Odamzodni band etar – neki boʻlsa omonat”.
Oy bu soʻzni tinglagach, gʻamgin boʻldi, boʻzladi,
Uz dardini tongotar yulduziga soʻzladi.
Zuhro tongga soʻyladi, tong soʻyladi shabnamga,
Bu nidodan gʻamginlik, sukut choʻkdi olamga.
Gul yoqasin chok etib, asta egdi boshini,
Gʻuncha bagʻri qon boʻldi, shabnam toʻkdi yoshini.
Chamanlarni tark etdi armon bilan gul koʻklam,
Ketdi gulshanga shodlik izlab kelgan yoshlik ham.
Ulfat
(Afgʻoniston)
RUBOIYLAR
Yaxshi odam boʻlsa yomonga ulfat,
Oʻshal davraga mos kasb etar odat.
Insoniy fazilat oʻrnini asta
Egallay boshlaydi hayvoniy xislat.
* * *
Der qirgʻoqda yotgan bir siniq sopol:
Men loy edim, koʻza yasadi kulol.
Bir goʻdak tosh urib sindirdi, meni
Koʻtarib kelardi bir sohibjamol.
* * *
Baliq der: hayotning boshi daryoda,
Samandar der: borliq – oʻtda ifoda.
Qushlar der: tiriklik faqat havoda,
Haqiqat bormikin, doʻstlar, dunyoda?
* * *
Atrofda sukunat edi hukmron,
Hatto goʻdaklar ham qilmasdi suron.
Nogoh bir devona paydo boʻldiyu
Shodlik va xandaga toʻldi har tomon.
* * *
Toʻti soʻylasa ham qanchalik biyron,
Odam emasligi barchaga ayon.
Odamning odamlik fazli boʻlmasa,
Soʻzlashiga qarab sanama inson.
* * *
Shamda yonmas esa, parvonami ul,
Gul deb oʻrtanmasa, ul nechuk bulbul?
Bir siniq koʻngilni koʻrib oʻzi xam
Shikasta boʻlmasa, u kanday koʻngil?
* * *
Kulfatdan koʻrkmagay sabrli odam,
Boladek besabab sevinmagay ham.
Sabrsiz kishining boʻlmas meʼyori –
Shodmon boʻlganda ham, chekkanda ham gʻam.
* * *
Qaynar koʻzgu kabi musaffo chashma,
Koʻzalar soʻzlashar. Biri der: oshna,
Biz-ku suv ichamiz chanqamasak ham,
Qandok boʻlur ekan suv ichsa tashna!
* * *
Yurak kulbasida yashar muhabbat,
Boshni makon etmish aql va fikrat.
Baland qasrlardan aql izla-yu
Va lekin muhabbat izlama faqat.
* * *
Gul rangin maqtaydi bulbul doimo,
Gul boʻyin ardoqlar tong esgan sabo.
Rangu boʻy savdosi tushib boʻldilar:
Sabo sargardonu bulbul sernavo.
Silva Kaputikyan
(Armaniston)
KOʻRNING TUSHI
Koʻr tush koʻrar – koʻnglida lazzat,
Lablarida kulgu nishoni.
El uyquda, u esa faqat
Tunda koʻrar yorugʻ dunyoni.
Boqar, qanday moviy bu samo,
Qanday yorugʻ, qanday keng jahon.
Qayon boqsa, oʻzgacha jilo,
Qayon boqsa, goʻzallik pinhon.
Har xush boʻyning bor oʻzga tusi,
Har yon maysa, har yon gul-chechak.
Mana uning bolalik doʻsti,
Kecha edi sochi jamalak…
Qiz turadi daryo labida,
Pastda toʻlib oqar yulduzlar.
Yillar osha kelmish u bunda,
Yoʻllar yurib kecha-kunduzlar…
Koʻr tush koʻrar, boqar hayotga
Ol etguncha shafaq samoni!
Toʻxta, quyosh, uni uygʻotma,
Koʻzlaridan olma ziyoni.
OʻGʻLIMGA
Sen aʼlochi emassan, oʻgʻlim,
Maqtovlar koʻp yogʻilmas senga.
Onalar ham orzumand boʻlib,
Havas bilan boqishmas menga.
Buving kuyar, bilmaysan qoʻnim,
Toʻp quvganing quvgan, deb, faqat.
Taqillatar eshikni qoʻshnim
Qilmoq uchun sendan shikoyat.
Lekin, goh dard cheksam yonimda
Oʻtirasan oʻyinni qoʻyib,
Erkalanib xushnud onimda,
Gʻamgin boʻlsam, boqasan kuyib.
Senga sovgʻa etilgan kandni
Koʻrarkansan doʻsting-la baham,
Janjallarda ojiz – dardmandni
Olarkansan qanotga har dam, –
Havas bilan qaradim senga,
Tahsin oʻqib, qoshingda turdim.
Urib turgan yoniq koʻksingda
Bulokday sof qalbingni koʻrdim.
Balki olim boʻlmassan, bolam,
Sendan chiqmas shoir ham, biroq –
Yulduz boʻlib porlamasang ham,
Mayli, boʻlgin yoʻllarda chiroq!
Bolaginam, odam boʻl, odam!..
* * *
Sevgi sirin bilmoq boʻldim,
urindim, ammo bila olmadim.
Sevgan koʻngil shoh boʻlurmi
va yoki gado – bila olmadim.
Seni sevdim, ammo koʻngling maʼyus,
beorom, oʻylaring pinhon.
Seni shaydo ayladimmi,
yo oʻzim shaydo, bila olmadim.
* * *
Sen mening sevgim eding,
Sevgim hamon sensan oʻzing.
Qalbga oshno boʻlsa kim – bu,
Begumon, sensan oʻzing.
Mayli, bizni bir-birovdan
Aylamish taqdir judo,
Oʻzgani sevsang-da lekin,
Dilsiton sensan oʻzing.
Mayli, sen birla emasman,
Chorlamasman hech seni,
Borligʻim band aylagan
Jismimda jon sensan oʻzing.
Men ham oʻzga birladurman, –
Yoʻk, bu oson boʻlmadi,
Baribir qalbimda oshkoru
Nihon sensan oʻzing.
Yerga yomgʻir jon berur, sen
Men uchun obi hayot,
Yashnagan bogʻim-bahorim
Har zamon sensan oʻzing.
VATAN SEVGISI
Ona mehri misli bir koʻklam,
Boʻston etar koʻngillar bogʻin.
Ammo, axir, tipratikon ham
Uz bolasin deydi yumshogʻim.
Ishq bir otash sevgan dillarga,
Hijron yengar qalb bardoshini.
Ammo juftin yoʻqotsa agar,
Kabutar ham egar boshini.
Bir sevgi bor, lekin dunyoda,
Tabiatda topilmaydi ul.
Barcha ishkdan erur ziyoda
Ona yurtga koʻyilgan koʻngil.
Inson yurgan oshib dovonlar
Shu muhabbat choʻqqisi sari…
Bu ishq uchun necha zamonlar
Olam kezgan yer oʻgʻlonlari.
Gevorg Emin
(Armaniston)
KELAJAKKA
Menga sendan oʻrganmoq kerak,
Yashamokni oʻrgat, kelajak.
Bergin menga tinchimas yurak,
Mushkul chogʻda qilgin mard erkak,
Kurashlarda – uygʻoq va sergak,
Bu dunyoda etma xotirjam.
Manmanlikka boʻlmayin hamdam,
Izlamayin shon-shuhratni ham.
Sevdim! – demay – sevmay chinakam,
Bahor! – demay – kelmasdan koʻklam,
Yetdim! – demay – qoʻymasdan qadam.
Baxtiyorman! – deb qilmay sado.
Oqni oq dey, qaroni qaro,
Tan berayin qilganda xato,
Tuzatganda kutmay tasanno,
Tasannodan kasb etmay havo,
Hech yerda hech kermayin koʻkrak,
Shuni menga oʻrgat, kelajak!
Garsia Lorka haqida sheʼrlar
- FARYOD
Raqiblarim – ul yovuz, karo
Kushlarda ayb yoʻqdir mutlaqo.
Tangrim, qoʻshiq berib tilimga,
Nega qoʻyding quzgʻunlar aro?
Sen-ku meni yaratding oqqush.
Zogʻlar ichra tashlading bundoq.
Begona rang ularga noxush,
Bamisoli begona bayroq.
Tangrim, meni talatding yomon.
Holsiz qoldim, borliq tanim xun.
Ne qasding bor – yiqilganim on
Ilonzorga tashlading nechun?
Senga ayon axir, parranda
Hashoratdan boʻlgandir bunyod.
Shu boisdan zoti darranda
Qanotlikka kushanda, jallod.
Ular asli tubandan tuban,
Ojizdan ham ojizdir, biroq –
Oʻsha ojiz tubanlik bilan
U manfurlar mendan kuchliroq.
Ularda bor qasoskor hasad,
Navo qilmas va parvoz qilmas.
Kuylamagan, uchmagan jasad
Hayiqmaydi, chunki yiqilmas.
Raqiblarim – ul yovuz, qaro
Qushlarda ayb yoʻqdir mutlaqo.
Tangrim, qoʻshiq berib tilimga
Nega qoʻyding quzgʻunlar aro?
Ado qilgach quzgʻunlar meni,
Ilonzorga tashlading nechun?
- TUSH
Dahshatli tush koʻrdim,
Boshimda yoʻq hush.
Dushman ham koʻrmasin
Bundok yomon tush.
Bir ogʻir jundor koʻl
Boʻgʻzimdan tutdi.
Boshka bir shundoq koʻl
Ogʻzim berkitdi.
Xirqirab dod dedim,
U yovuz odam
Tomoshabinlarga
Dedi xotirjam:
“Qani bu ovozda
Nafosat, jarang?
Yana shoir emish
Bu odam, qarang!”
- SOʻNGGI SOʻZ
Yurt, sen yolgʻiz tuproq, makon emassan,
Yo milliy tarona, tugʻro yo bayrok.
Ispaniya, seni ona demasman,
Sen jallod koʻlida boʻlsang oʻyinchoq.
Yoʻk, rozi emasman, men uchun Qaysar
Qaysardur, hech qachon demasman ollo.
Qolmasin mendan bir nom-nishon, asar,
Boʻlganimdan koʻra koʻgʻirchok daho.
Yoʻq, rozi emasman, siz bilan hech vakt
Bahs qilib masala talashmayman ham.
Sizning qurolingiz gʻazab va hasad,
Siz – boʻri zotidan, men esam odam.
Soʻz aytmoqqa sizga emasman rozi,
Chunki soʻzingizda yoʻqdir haqikat.
Sizning gapingizni eshitmok oʻzi
Siz bilan barobar qilmoq jinoyat.
Bu zahar havodan olmasman nafas,
Yoʻq, rozi emasman zaqkum falakdan.
Zamon gʻalvirida adolat boʻlmas,
U farq kilabilmas donni kepakdan.
Zolimlar, siz uchun naqadar lazzat
Shu lahza! Jismimni tark etar jonim.
Hayotimga nuqta qoʻydim endi, bas,
Bozorga solmasin hech kimsa shonim.
Muxran Machavariani
(Gurjiston)
ChORLASH
Koʻz oldimga kelar xayolan:
Yengil oʻtib chaqir toshlardan,
Buzoq boqib yuripti bola.
Unga deyman:
“Muxran, hoy, Muxran!”
Ovozimni eshitmaydi u,
Qamchi oʻynab borar beozor.
Men-chi fursat hissidan ayru,
“Muxran!” deya chorlayman takror.
Chaqiraman yillardan oshib,
Ana, meni eshitib shodon –
Goh yugurib, goh asta bosib
Kela boshlar u menga tomon.
Kela boshlar kulgu hamdami,
Yaqinlashgan sari tobora –
Tetiklashib borar kadami,
Koʻz oldimda ulgʻaya borar.
Kelar, ortda qoldirib zamon,
Kelar, oshib dovon, marzalar.
Asta-asta boʻlar namoyon
Lab ustida oltin sabzalar.
Qadamini yuvadi yomgʻir,
Qadamiga toʻshaladi qor.
U quvonar, gʻam chekar ogʻir,
May noʻsh etib, seva boshlar yor.
Yaqin keldi,
Menga razm soldi,
Ana, boʻldi yonimda paydo.
Shu payt birdan bola yoʻqoldi,
Oʻzim qoldim
xonada tanho.
BARATASHVILI MONOLOGI
Meni zilday ezar vujudim yuki,
Qutula olsaydim men undan, hayhot!
Ufqlarga tomon ucholsam toki,
Moviy cheksizlikda yozolsam qanot.
Meni ezmasaydi vujudim agar,
Qiynamasa edi mushkul yoʻlimda,
Koʻnglim yuksalardi misoli ukpar,
Yuksalardi qoʻshiq shavqli dilimda.
– Lekin sen moddiysan, demak, yoʻq iloj,
Buyukligingni kim anglar sening, kim?!
Kayda boʻlsin senga kamolu rivoj,
Azob berar ekan vujudi zolim.
Daho boʻlsang hamki, koʻshishing benaf,
Soʻzlaring havoga uchurlar bekor.
Ular senga aslo keltirmas sharaf,
Keltirur tubanlik, alam va ozor.
– Aytgil, ulugʻliging kimgadir ayon?
– Yoʻk, hech kimsa bilmas,
El bundan gʻofil.
– Hayot senga nelar kildi armugʻon?
– Hech narsa, sarobga intildi koʻngil.
Men hayotdan yana nelar kutarman?
Taxtaga qokilsam deyman sahroda.
Niyatimga faqat shunda yetarman,
Shunda topajakman shuhrat dunyoda.
Menga azob bergan, jonimga jallod –
Vujudimdan shunda boʻlarman ozod.
ShOIR
U dunyoga keldi-yu, ammo
Elga ayon boʻlmadi bu hol.
Buyuk daho boʻlganin paydo
Zamin hatto qilmadi xayol.
Bahor edi. Dalada dehqon
Kuylar edi koʻklamga doir.
Jahonga sir qoldi, ne jahon –
Qishloqqa ham boʻlmadi ayon
Yaralgani olamga shoir.
Nom qoʻydilar oʻzlariga bop,
Oʻstirdilar. Sal qotgach tani –
Yelkasiga yukladilar qop,
Yubordilar bugʻdoy tortgani.
Ammo unga soʻyladi barglar,
Ariq boʻldi oydinda soʻqmoq,
Hilol unga koʻkdan sochdi zar,
Ertak boʻlib tuyuldi oʻtloq.
Iillar oʻtdi, vaqt yetib bir kun
Uning oʻzi boʻlmayin ogoh –
Bamisoli girdobu quyun
Shoir yurak uygʻondi nogoh.
Paydo boʻldi ishq dilda ilk dam –
Surdi darcha oldida xayol.
Soʻng yurakda shuʼla sochgan sham
Asta boʻldi yuksalib hilol.
Soʻngra u oy boʻlib yetildi.
Kuyosh boʻlib sochdi yana nur.
Shoir olam sari otildi,
Tor kulbaga sigʻmay tafakkur.
Oʻlmas ruhi uning istardi –
Mangu boʻlsa u bilan vujud.
Ammo – tirik olamning dardi –
Vujud umri emas behudud.
U koʻzini yumdi, nihoyat,
Hamma kabi yoʻl oldi yerga.
Oʻzgalardek uni ham qismat
Olib keldi oxir kabrga.
Shoir ilk bor paydo boʻlgan chogʻ
Uni hatto bilmagan olam,
(Goʻyo yoʻlda oʻsgan otkuloq
Ne deb parvo qilmagan olam) –
Endi shoir yumgach koʻzini,
Undan jonsiz tana qolganda,
Tiriklarga tashlab soʻzini
Yoʻklik sari u yoʻl olganda –
Olam uni angladi, bildi,
Qalbi bilan his qildi dunyo.
Shunday, shoir olamga keldi,
Shuhrat topdi boʻlganda ado.
Andrey Malishko
(Ukraina)
* * *
Xoh koying, xoh koyimang meni,
Ishim qolgan har nima bilan.
Ishim qolgan koʻkda samolyot,
Yerda hatto bir nina bilan.
Ishim qolgan menga daxli yoʻq
Daladagi traktor bilan.
Miltikdagi otilmagan oʻq,
Kemadagi temir toʻr bilan.
Osmondagi soʻngan, soʻnmagan
Milliard nafar yiroq yulduzlar –
Teleskopli olimga emas,
Bari menga dardini soʻzlar.
Yuragimdan oʻtadir tamom
Nimaiki dard bor olamda.
Yer ostida sinalgan atom
Portlar asli mening xonamda.
Oshiq olgan boʻsa labimda,
Koʻnglimda u chekkan qaygʻular.
Choʻkib yotar mening qalbimda
Ushalmagan qancha orzular.
Shuning uchun koyimang, doʻstlar,
Har narsada ishim bor manim,
Shundan menda bu hassos koʻzlar,
Shundan mening kuyib yonganim.
HAQIQAT
Aytar edi bir zamon onam:
– Oʻsib katta boʻlursan, oʻgʻlon.
Okil boʻlu mard boʻl chinakam,
Bu ikki ish emasdir oson.
Oqil boʻlgin. Sen bu hayotning
Keng yoʻliyu soʻqmogʻin oʻrgan.
Ham tomchining, ham koinotning
Cheksizlikda kezmogʻin oʻrgan.
Haqiqat – bir, haqiqat – achchiq,
Shundan doim baloga duchor.
Sen mard boʻlgin, sen unga ochiq
Himoyachi boʻlgin ustivor.
Kerak boʻlsa haqiqat uchun
Yuragingni parcha-parcha qil.
Kerak boʻlsa haqiqat uchun
Ming bor oʻlib, ming bora tiril.
Mayli, sendan doʻstlaring kechsin,
Sendan kechsin, mayli, kondoshlar.
Rozi edim men bergan jonni
Haqiqatga baxsh etsang agar.
Okil boʻlu mard boʻlgin, oʻgʻlon,
Bu ikki ish emasdir oson.
ONA
Oʻt ichida tong yorishar jim,
Yel toʻzgʻitgan toʻzon emas, kul.
– Bunda bormi Ivanko oʻgʻlim?
– Piyodalar ichidadir ul.
Ona kezar dard ila tanho,
Dard koʻzlari krrasidadir.
– Bundamasmi Ivanko oʻgʻlim?
– Tankchilarning orasidadir.
Ona chopar, ona oh tortar,
Har kimga bir soʻzni aytadi:
– Qolmadimi Ivanko ortda?
– Yoʻq, u zafar bilan qaytadi.
Oʻgʻlon esa allaqachonlar
Bu olamdan boʻlmish ravona.
Endi unga yotdir makonlar,
Zamonlar ham endi begona.
Endi zafar qoʻshigʻin kuylab
Tinch hayotning gashtini surmas.
Endi ona qishlogʻi boʻylab
Doʻstlar bilan quvonib yurmas.
Ona esa kutadi hamon,
Unga oshno shirin bir roʻyo.
Erta tongda kelar-u oʻgʻlon,
Derazani chertadi goʻyo.
Rasul Hamzatov
(Dogʻiston)
ONA TILIM
Ajabo! Tush degan narsa qiziq-da,
Oʻlib qolganmishman tushda nogahon.
Koʻksimda qoʻrgʻoshin, quyosh tigʻida,
Togʻlar orasida yotibman bejon.
Uzokda sharqirab soylar oqmoqda,
Borlikda bir ajib dilbarlik hokim.
Men esam oʻylayman yotib tuprokda:
Mana shu tuproqqa qoʻshilar xokim.
Men oʻlib yotibman, kimsasiz, unut,
Hech kimsa qaygʻurmas va chekmas yohu.
Faqat choʻqqilarda qurqurar burgut,
Faqat vodiylarda ingraydi ohu.
Navqiron yoshimda boʻldim-ku ado,
Otash yuragimni oʻydi axir oʻq.
Na onam, na yorim bermaydi sado,
Doʻst tugul, hattoki yigʻichi ham yoʻq.
Figʻon otiladi jonsiz bagʻrimdan,
(Goʻyo figʻon bordek murda dilida.)
Shu payt ikki kishi oʻtdi naridan,
Quvnok suhbat kurib avar tilida.
Men-ku bu dunyodan koʻz yumdim mangu,
Ular kulib-kulib soʻzlashar borin;
Qandaydir Hasanning turfa ishiyu
Qandaydir Alining shoʻx kirdikorin.
Avar soʻzin tinglab kirdi menga jon,
Ohista tirildim va shunda bildim:
Meni tuzatolmas hech dori-darmon,
Jonimga masixdir shu ona tilim.
Mayli, kim qay tildan zavku shavq olsa,
Mening oʻz tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim agar yoʻqolsa,
Men bugun oʻlishga boʻlurman rizo.
Mayli, qashshoq boʻlsin, mayli, behasham,
Lekin mening uchun aziz va suyuk.
Jahon minbaridan yangramasa ham,
Ona tilim menga muqaddas, buyuk.
Otashin Mahmudning yonik sheʼrini,
Nahot, tarjimada oʻqir avlodim?
Nahot, men avarning soʻnggi shoiri,
Shumi edi mening ezgu murodim?!
Sevaman hayotni, dunyo koʻrkini,
Muhabbatim cheksiz barcha el uchun.
Hammasidan aziz ona yurtimni
Avarcha kuyladim yetgancha kuchim.
Uzoq Saxalindan Boltiqqacha to
Qalbimda koʻraman hur Vatanimni,
Har qayda qilayin unga jon fido,
Lekin oʻz yurtimga koʻying tanimni.
Yurtdoshlarim turib qabrim oldida
Koʻrsatsin avarning shoiri shul deb.
Elim yodga olsin ona tilida
Hamzat Sadasaning oʻgʻli Rasul deb.
* * *
Yoʻlga chiqqan har odam
Kuruk chikmas begumon.
Non oladi, sharob ham.
Ammo, ey aziz mehmon,
Togʻlarga yoʻl tutsang gar
Kel xurjunni toʻldirmay.
Togʻ dilbari non yopar,
Togʻ yigiti tutar may.
Yoʻlga chikkan har odam
Kuruk chikmas begumon,
Olar oʻtkir xanjar ham.
Ammo, ey aziz mehmon,
Xanjar tutma qoʻlingga.
Xanjar senga na darkor?
Dushman chiqsa yoʻlingga,
Bil, togʻlikda xanjar bor.
Yoʻlga chikkan har odam
Kuruk chiqmas begumon,
Olar yoʻlga koʻshiq ham.
Eshit, aziz, ey mehmon,
Soz qoʻshiqqa boy bu el,
Kuylar bizda koʻp, ammo –
Qoʻshigʻingni olib kel,
Qoʻshik kerak doimo.
ShOMIL
Yana oʻrtar meni eski jarohat,
Yana yuragimni kiymalar armon.
… U men uchun edi koʻhna rivoyat,
U hakda ovullar soʻylardi doston.
Koʻngil u ertakni kayda unutar,
Kechalar koʻz yummay tinglardim toʻlib.
Hatto togʻlar uzra suzgan bulutlar
Koʻrinardi Shomil lashkari boʻlib.
U bir koʻshiq edi. Uni gohida
Onam kuylar edi, eslayman hamon.
Onam bu qoʻshikni aytar chogʻida
Oʻyga choʻmar edi koʻzlari giryon.
Suratdan boqardi cherkaska kiygan,
Koʻzida oʻt yongan suvoriy odam.
U chapaqay edi. Chap qoʻli bilan
Qilich dastasini tutgandi mahkam.
U suratdan boqib kuzatgan edi
Ikkita akamni mukaddas jangga.
Onam marvaridu boldogʻin berdi
Uning nomi bilan atalgan tankka.
Oʻlimidan avval otam bechora
Unga bagʻishladi ajoyib doston,
Lekin Shomil nomin qildilar qora,
Yogʻdirdilar mardning shaʼniga boʻhton.
Balki shu koʻrgulik boʻlmasa, otam
Koʻprok yasharmidi… men ham aybdor.
Koʻpning ovoziga joʻr boʻlib men ham
Shomilni sheʼr bilan kilgandim abgor.
Xalqim erki uchun togʻlik yerimda
Yovlarga beayov boʻlgandi Shomil.
Bolalik qildim-u murgʻak sheʼrimda
Men uni atadim sotqin va qotil.
Togʻlarni tun chulgʻar. Yotaman behol,
U darcham oldida paydo boʻladi.
Gohida moʻysafid, koʻpni koʻrgan chol,
Gohi lashkarboshi boʻlib keladi.
Der: “Nelar koʻrmadim dardli olamda,
Qancha azoblarga boʻldim giriftor.
Oʻn toʻqqiz jarohat yonar tanamda,
Sen, goʻdak, tigʻ urding yigirmanchi bor.
Oʻn toʻqqiz yaraga chidadim, billoh,
Oʻn toʻqqiz yaramdan qolmadi asar.
Lekin sen urgan tigʻ bitmagay, e voh,
Bolam boʻlaturib solding-ku xanjar.
Ozodlik jangiga borimni berdim,
Qoʻshiq, maishatga boʻlmadi fursat.
Maddohlarni baʼzan kamchilar edim,
Sheʼrbozni kaltaklar edim beshafqat.
Lekin men ularni jabrlab, urib,
Xato qilgandirman va lekin ishon,
Sendek safsataboz shoirni koʻrib
Haqligimga bir bor keltirdim imon”.
Tonggacha qarshimda turar u siymo,
Tonggacha oʻsha ruh beradi ozor.
Quyuk sokolini boʻyagan xino,
Papogʻi ustidan oʻragan dastor.
Men unga na deyin? Uning qoshida
Va sening qoshingda aybliman, xalqim.
Men xato qilgandim goʻdak yoshimda,
Lekin chekinmoqqa yoʻq bu kun haqqim.
Noyib Murod bir vaqt Shomildan ketib
Soʻng pushaymon boʻldi. Yana qaytmoqka –
Ahd qildi-yu, ammo ajali yetib
Yoʻlda duchor boʻldi tubsiz botkoqqa.
Men ham pushaymonman oʻz sheʼrim uchun,
Yana ortga qaytib, qildim deb xato –
Yo uzr soʻrayman Shomildan bu kun?
Yoʻq, yoʻq, botgim kelmas botqoqqa aslo.
U ham kechirmaydi baribir meni,
Men otdim orkadan, pana joydan oʻq.
U qilichda yozdi mardlik sheʼrini,
Mening boʻhton sheʼrim kechirmaydi, yoʻq.
Mayliga… lekin sen qil menga shafqat,
Xalqim, kechir, seni sevaman yona.
Jon oʻlkam, sen meni qargʻama faqat,
Misoli oʻgʻildan ranjigan ona.
Erkin VOHIDOV
“Ishq savdosi” (“Sharq” nashriyoti, 2000) kitobidan
[1] Gellespont — Dardanel boʻgʻozining kadimiy lotincha nomi.
[2] Geba — mangu yoshlik maʼbudasi.
[3] Sest — Dardanel boʻgʻozidagi togʻ.
[4] Abidos — Dardanel kirgʻogʻidagi shahar.
[5] Feb — Apollon. U quyosh timsoli deyiladi.
[6] Gero – dengiz tangrisi Poseydonga murojaat qilmoqda.
[7] Afrodita — dengiz xubobidan (koʻpigidan) paydo boʻlgan iloha. Goʻzallik va muhabbat ilohasi.
https://saviya.uz/ijod/nazm/yulduzlar-ziyosi/