Abdulla Qahhor jasorati

I

Gapning indallosini aytsak, adabiyotimizning mustaqillikdan keyingi qiyofasini men boshqacha tasavvur qilganman. Istiqlol adabiyoti – haqiqat adabiyoti, shijoat adabiyoti, havasga arzigulik hurriyat va maʼrifat adabiyoti oʻlaroq shakllanadi deb oʻylaganman. Yurti ozod, tili, dili erkin ijodkor nega mutelik va ojizlikka koʻnsin? Yolgʻon va tilyogʻlamalikka ne hojat? Sayozlik, maddohlik, ofarinbozlikdan ijod ahli har qalay xalos boʻlar deb umid qilganman. Isteʼdodsiz ijodkorlar, yaroqsiz asarlarning yoʻli toʻsilishiga ishonch boʻlgan menda. Qarangki, xayol boshqa – hayot boshqa ekan…

Adabiyot taqdiri yurt va millat taqdiri bilan uzviy bogʻliq. Millat ruhi butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan avvalo adabiyotda aks etmogʻi lozim. Millatning qalb dardlariga ham dastlab adabiyot malham topadi. Chunki xalqning yashash zavqi susaysa – gʻayrati susayadi. Maʼnaviy-ruhiy gʻayrat pasaysa – fikr va tashabbus toʻxtaydi. Bunga birinchi navbatda adabiyot masʼul. Abdulla Qahhor aytganidek, “Adabiyot atomdan kuchli…” Agar uning kuchi “oʻtin yorish”ga sarf qilinmasa, adabiyot pokiza va muqaddas ish boʻlib qolsa, hech shak-shubha yoʻqki, badiiy soʻzning kuch-quvvati ortib boradi.

Mustaqillik arafasida, maʼlum bir muddat undan keyin ham oʻafur oʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor kabi buyuk adiblar ijodiga bir oz bepisand, shubha bilan qaraganlar ham boʻldi. Ularning ijodiy yutuqlari, milliy adabiyotning haqiqiy adabiyot boʻlishi uchun chekkan zahmat va azoblarini nazarga ilmaganlar ham maydonga chiqa boshladi. Ammo bunday notoʻgʻri munosabat natijasida adabiyotimiz rivojlanib qolgani yoʻq. Aksincha, ikki jumla fikrni eplab yozolmaydigan, ijod mohiyatini nihoyatda yuzaki tushunib qogʻoz qoralaydiganlar safi kengayib ketdi. Oʻquvchilar oldida adabiyotning qadr-qimmati, yozuvchining obroʻ-eʼtibori pasaydi. Agar badiiy ijodga Abdulla Qahhor yoki Oybek nigohi bilan qarab, ularning badiiyat maktabidan taʼlim olib, tajribalaridan xulosalar chiqarilganida shunday boʻlarmidi? Menimcha, ahvol nisbatan boshqacha boʻlur edi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, keyingi vaqtlarda yozuvchilar yangi asarlari necha sahifadan iborat ekanidan ham gʻururlanib gapiradigan boʻlib qoldi: “Men falon betlik hikoya yozdim, yuz ellik betlik essemni tugatdim” va hokazo. Yozuvchining asar badiiyati haqida emas, hajmi toʻgʻrisida soʻzlashi nimani anglatadi? Beixtiyor Abdulla Qahhorning soʻzlari xotirga keladi: “Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani oʻchirish, kitobxonga zarur narsanigina qoldirish uchun talantning oʻzigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak”. Taassufki, hozirgi paytda insofli isteʼdodlar kam, isteʼdodsiz beinsoflar koʻproq. Aytishlaricha, Mirtemir domlaga bir tavsiyanoma zarur boʻlib qolganida Abdulla Qahhorga murojaat qilgan ekan. Shunda Abdulla Qahhor Mirtemirga “Ziyod va Adiba” kabi badiiy jihatdan boʻsh asarlarga muharrirlik qilganini eslatib, tavsiyanoma bermasligini bildirgan ekan. Oʻzingiz ayting, Abdulla Qahhor adabiyot manfaatini hatto isteʼdodli ijodkor manfaatidan ham yuksak qoʻymaganida, Mirtemirday shoirning raʼyini qaytararmidi? Yoki begʻarazlik, bagʻrikenglik Abdulla Qahhorning bosh fazilati boʻlmaganida, Mirtemirning aslida oʻsha ishidan pushaymon ekanini bilgach, uni huzuriga chorlab tavsiyanoma berarmidi?

Abdulla Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat” kitobi Said Ahmadning “Tortiq” nomli hikoyalar toʻplamiga bagʻishlangan tanqidiy maqola bilan boshlanadi. Maqola 1940 yilda yozilgan. Abdulla Qahhorning shundan keyingi adabiy-tanqidiy fikr-mulohazalari ham biri biridan oʻtkir, biri biridan ahamiyatli va qimmatlidir. “Yozuvchining vazifasi yaxshi asarlar yozish, xalq dilining tarjimoni boʻlish bilangina cheklanmaydi, uning vazifasiga adabiyotni har qanday balo-qazodan qoʻriqlash, adabiyotning sergak, jasur posboni boʻlish ham kiradi” degan soʻzlariga oʻzi qanday amal qilganini bilish uchun munaqqid-yozuvchi Abdulla Qahhor faoliyati bilan tanishish kifoya.

 

II

Talabalik yillarimda Abdulla Qahhorni yaqindan koʻrish, ikki ogʻiz gapini eshitishni orzu qilganman. Ammo bu orzum amalga oshmagan. Abdulla Qahhorni faqat televizorda ikki marotaba koʻrib, soʻzlarini eshitganman. Ikkalasi ham menda kuchli taassurot uygʻotgan.

Oltmishinchi yillarning oʻrtalari. Paxta yakkahokimligi avjiga chiqayotgan kezlar. Oʻzbekning yetti yoshidan yetmish yoshigacha paxta dalasida. Yoshu qari goʻyo egatlarga sochilib ketgan. Qilcha boʻlsin, norozilik bildirish mumkin emas. Maskovdan belgilangan yillik rejani bajarmaguncha na qiz-juvon, na bolalarda tinim bor. Kuzning vujudni junjiktiruvchi izgʻirin va sovuqlarini yengib, nihoyat, viloyatlar birin-ketin koʻzlangan marralarni egallay boshlaydi. Qoʻlga kiritilgan ulkan gʻalaba bilan paxtakorlarni qutlab yozuvchi, shoir va olimlar ham televizorga chiqadi. Tabrik soʻzlari nihoyatda koʻtarinki, biri biridan silliq va yaltiroq. Ittifoqo, Abdulla Qahhor ham yurtdoshlari – Fargʻona mehnatkashlarini televizor orqali qutlaydi. Lekin uning qutlovi hech kimnikiga oʻxshamasdi: soʻz ham, gap ham juda oddiy va tabiiy. Dehqonning quvonchiga sherik boʻlish, koʻnglini koʻtarish niyatida aytilayotgan fikrlar ham toshday ogʻir. Men oʻsha davrda paxtakorni tabriklash uchun radio yoki televizorga chiqqan biron bir ijodkorning jurʼat bilan “Mashina paxtakorning mehnatini naqadar yengillatgan, uni mashaqqatdan naqadar qutqargan boʻlsa ham, hanuz qiz-juvonlarimizning husn-latofati paxtazor joʻyaklarida qolib borayotipti, studentlarimiz hanuz toʻliq tahsil koʻrmayotipti, qishloq bolalari hanuz maktabdan chalamulla boʻlib chiqayotipti” deganini eslay olmayman…

Yov qochsa, botir koʻpayar, deganlaridek, qayta qurish va oshkoralik zamonlarida qoʻliga qalam ushlagan zot borki, paxtakorning ahvoliga qaygʻuradigan, paxta ishining ogʻirligidan bong uradigan boʻlib qoldi. Bu “qaltis” masalada shu qadar koʻp gapirildiki, oxiri tinglashga ham toqat qolmadi. Ayniqsa, ayrim jurnalist va yozuvchilarning biyronligi, chechanligi andishasizlikkacha yetib bordi. Holbuki, gʻamkashlik va muhofizlik kayfiyatidagi oʻsha fikr-mulohazalarni bir joyga jamlasangiz, ularning maʼno salmogʻi Abdulla Qahhorning yuqoridagi uch jumlasiga yaqin ham yoʻlamaydi.

 

III

Abdulla Qahhor hayotda ham, badiiy ijodda ham oʻz haqiqatlarini topgan, shu haqiqatlar uchun sabot bilan kurashgan sanʼatkordir. Bu haqiqatlar uni qattiq qiynagan, qalbida ogʻir-ogʻir tebranish va tortishuvlar paydo qilgan. Ammo u ongli hayoti va isteʼdod quvvatini aynan shu haqiqatlarga bagʻishlagan. Koʻnglini nurafshon aylagan shu haqiqatlarga suyanib, Abdulla Qahhor maʼnan ulgʻaygan, maʼnan ulgʻaygan sayin esa shu haqiqatlarning boqiyligidan ilhomlangan. Abdulla Qahhorning choʻng mehnat va zargarlik bilan yaratilgan har bir asarida boqiy haqiqat muhri va shukuhi bor. Abdulla Qahhorning ijodiy shaxsiyati behad boy va favqulodda saxovatli. Shuning uchun, rus olimasi I. Barolina toʻgʻri qayd etganidek, “Abdulla Qahhor ijodiga qiziqish uning shaxsiyatiga, insoniy mohiyatiga qiziqish bilan bevosita bogʻlangan. Uning shaxsiy fazilatlari – fikrlash tarzi, xarakteri, gʻayrat-shijoati, maʼnaviy dunyosi asarlarida shu qadar yorqin aks etganki, yozuvchi Abdulla Qahhor bilan uning shaxsi ichdan ajralmas aloqada boʻlib koʻrinadi”.

Bu hammaga nasib etadigan va hamma yozuvchidan talab qilsa boʻladigan xususiyat emas. Barcha buyuk yozuvchilardek, Abdulla Qahhorning ham shaxsi – ijodiga, ijodi – shaxsiga bir koʻzgudir. Adib ijodini sevganlar albatta uning shaxsiga maftun boʻladi, shaxsini bilganlar esa – uning ijodidan ayri yashayolmaydi.

1967 yili Abdulla Qahhor oltmish yoshga toʻlgan edi. Oʻsha sanaga bagʻishlab sentyabr oyida Toshkentda oʻtkazilgan katta anjuman televizorda butun jumhuriyatga namoyish etildi. Bu adabiy yigʻinni koʻrish talabalik davrimning aslo oʻchmaydigan xotiralaridan biri boʻlib qolgan. Buyuk adibning qorday oppoq sochlari, nuroniy chehrasi, vazmin va salobatli qaddu qomati, oʻziga yarashiqli bir ohangda soʻzlashlari tasavvurimda hali-hanuz tez-tez jonlanib turadi.

Abdulla Qahhorga xos sokinlik, mulohazakorlik va teranlikka yetishmoq uchun qancha bilim, mushohada, qancha hayotiy tajriba va dard zarurligini keyinroq – ancha vaqt oʻtgach angladim. Mana, yosh ham ellikdan oʻtib oltmishga qarab chopayotir. Oʻttiz yildan ortiq vaqtdan buyon poytaxtda yashayman. Qancha-qancha yozuvchi, shoir, sanʼatkor va olimlar bilan uchrashdim, yaqindan tanishdim, muloqotda boʻldim. Ayrimlarining yubiley tantanalarida ishtirok etdim. Ammo ular orasida Abdulla Qahhorga oʻxshab oʻzining Soʻziga oʻzi hokim boʻlgan, har qanday vaziyatda ham mustaqil fikrlaydigan ijodkor insonni kam uchratdim. Haq va haqiqat qarshisida tili qisiq, yuzi shuvut boʻlmagan yozuvchi borki, barchasi oʻz soʻziga oʻzi hokimdir. Abdulla Qahhor shunday benazir yozuvchi edi.

 

IV

Olamning oʻzgarishi – odamning oʻzgarishiga bogʻliq. Odamning ongi, fikr-qarashlari yangilanmas ekan, hech qachon olam yangilanmaydi. Abdulla Qahhor mustabid xonlar, sultonlar hukmronlik qilgan eski zamon insonning qoʻl-oyogʻi bilan birga ongi, aqli va qalbini ham kishanlab tashlaganini bolaligidayoq koʻrgan, oʻsha chirkin qullik muhitida yashab ulgʻaygan edi. Abdulla Qahhorning oʻnlab asarlari, xususan, “Oʻtmishdan ertaklar” qissasida tasvirlangan voqea-hodisa va ijtimoiy manzaralar – asrlar mobaynida xalqni yanchib, taʼqib etib kelgan musibat, gʻam-anduh va fojialarning oʻziga xos haqqoniy talqinidir. “Xalqning koʻzi bogʻlansa, qulogʻiga qoʻrgʻoshin quyilsa, taqdir hukmi oʻlimdek haq, degan aqidani uning zehniga singdirish osonroq boʻladi”. Bu fikr – xalqning koʻzi bogʻlanib, qulogʻiga qoʻrgʻoshin quyilganda uning ogʻir alam va sitamlarga yoʻliqishiga bevosita guvoh boʻlgan, bu hayotda inson tasavvuriga sigʻmaydigan balo-qazolar qoʻpishini oʻz koʻzi bilan koʻrgan, koʻnglidan oʻtkazgan yozuvchining, yaʼni Abdulla Qahhorning fikri. Toʻgʻri, adib oktyabr inqilobi xalqimizning koʻzini, qulogʻi va ongini ochadi, endi taqdir hukmiga oʻlimga ishongandek ishonishlar barham topadi, deb umid qilgan, davlat va partiya belgilagan mafkuraviy chiziqlardan chetga chiqmaslik niyati bilan yashab, ijod etgan. Shu maʼnoda Abdulla Qahhorni ayblashga yoki qoralashga dalil boʻladigan fikr-mulohazalarni uning asarlaridan koʻchirma olib, qatorlashtirish qiyin emas. Ammo buning bilan Abdulla Qahhorning asl badiiy olami, yozuvchilik qiyofasi xiralashib qolmaganidek, sanʼatkorlik maqomi ham pasaymaydi.

Abdulla Qahhor bir suhbatida “Men adabiyotga uning mohiyatini bilmasdan, adabiyot propaganda quroli ekanini yuzaki, juda ham yuzaki tushunib kirganman”, deydi. Tavalludiga oltmish yil toʻlganda esa “Men qirq yillik ijodiy faoliyatim davomida koʻp ish qilganim yoʻq, chunki bu qirq yilning koʻpini tajriba orttirishga sarf qildim”, degan edi. Tabiiyki, adabiyotning mohiyatini bilmasdan qilingan ish – adabiyot namunasi sifatida yashay olmaydi. Abdulla Qahhor bunday asarlarini koʻp jildligiga kiritmagan. Va bu ishi bilan haqiqiy yozuvchi nainki boshqalarning, balki oʻzining ijodiga ham tanqidchi koʻzi bilan xolisona qarashga qodirligini isbotlagan. Demoqchimizki, agar Abdulla Qahhorning shoʻro davlati va kommunistik partiyaga munosabati oddiy odamlar ishonchidan farq qilmasa edi, oʻzini siyosat va adabiyot rahnamosi deb bilgan “dohiy” va “dohiycha”larni vahimaga solgan oʻsha mashhur fikrni u hech vaqt aytmagan boʻlardi.

Ustoz Ozod Sharafiddinov bunday hikoya qiladi: “Baʼzan doʻstlarim – deydi Abdulla Qahhor yubiley kechasidagi nutqida, menga taʼna qilib, “katta”larga chest berib turmaysan, deyishadi. Men chest berolmayman. Chunki men partiyaning oddiy soldati emas, ongli aʼzosiman”. Avvalo shuni aytish kerakki, bu gaplar birdan, majlis vaqtidayoq yozuvchining esiga kelib qolgan, hayajon ichida ogʻzidan chiqib ketgan gaplar emas, Abdulla Qahhor besh kun avval ikki-uch shogirdiga tantanali kechada gapiradigan gapini oʻqib bergan edi. Shunda shogirdlari yuqoridagi iborani aytmaslikni, agar bu ibora aytiladigan boʻlsa, adabiy muhitga yomon taʼsir qilishini taʼkidlashdi…”

Shogirdlar ham oddiy kishilar boʻlmagan, albatta. Ularning har biri el-yurtga tanilgan, hayotning past-balandini yaxshi bilguvchi isteʼdod sohiblari edi. Shunga qaramasdan, Abdulla Qahhor shogirdlarining fikrini olmasdan, gapirishi shart deb oʻylagan gapini aytgan. Unga munosabat keskin oʻzgarishini bilsa-da, “Men partiyaning oddiy soldati emas, ongli aʼzosiman” deyishdan oʻzini cheklay olmagan. Chunki zamonasozlik, xushomadgoʻylik, madhiyabozlik avj olgan va partiyaga yaltoqlanish, uning har bir daʼvatiga “labbay” deya javob qaytarish umumiy udumga aylangan muhitda “ongli aʼzolik” huquqi ham katta gap hisoblangan. Ongli aʼzo boʻlmoq – hech bir narsaga koʻr-koʻrona sigʻinmaslik, boʻlar-boʻlmasga sadoqat izhoriga berilmaslik, har qanday vaziyatda ham oʻzining aql-idroki va salohiyatiga suyana bilish deganidir. Ong va fikr mustaqilligiga erishgan kishi – qalbi va ruhoniyati hur inson boʻladi. Faqat shunday insongina umumiy betamizlik, hech kimdan hisob talab etilavermaydigan “ulgurji” riyokorlikka bosh qoʻshmaydi.

Abdulla Qahhor odamning Odam boʻlib kun kechirishini, inson oʻz ahvolini bilishda adashmasligini, tosh chaynasa ham haqiqatga xiyonat qilmasligini istagan. Agar oʻtmishda qullik, qaramlik, zabunlik hukm surgan boʻlsa, kelajakda erkinlik, tenglik, baxtiyorlik qaror topadi, deb umid qilgan Abdulla Qahhor. Agar moziyda mehnatkash xalq koʻzidan qonli yoshlar oqib, ajdodlarimizning boshi musibat va kulfatdan chiqmagan boʻlsa, shoʻro zamonida yigʻi – shodlikka, kulfat – quvonch va xotirjamlikka oʻrin boʻshatar deb ishongan Abdulla Qahhor. Vaqt oʻtishi bilan buyuk adib bu ishonch aslida ulkan adashish, aldanish ekanini bilgan, shirin orzu va umidlar bagʻridan umidsizlik va dilni choʻktirguvchi ishtibohlar ulgʻayayotganiga iqror boʻlgan.

Abdulla Qahhorning hikoyalarini oʻqigansiz. Uning qahramonlarini yaxshi bilasiz. Ularning orasida ibrat olish va namuna etib koʻrsatishga arziydigan nechta erkak bor? Xayolan bir joyga ularni toʻplang: fikri, saviyasi, maqsadi, munosabati va holini birma-bir tahlildan oʻtkazing. Koʻnglingiz choʻkib ketadi. Lekin Abdulla Qahhorning realistligidan, jonli obraz yaratish sanʼati va samimiyatidan dil ravshanlashadi. Abdulla Qahhor nuqtai nazarida ijobiy qahramon – yasama qahramon emas. U obraz yaratishda sunʼiylik va soxtakorlikka toqat qilolmagan. Shuning uchun hikoyalaridagi har bir detal, har bir badiiy toʻqima hayot haqiqatiga oʻta mos va ular inson taqdirini haqqoniy shaklda yoritishga xizmat ettirilgan. Abdulla Qahhor oddiy insonni sevgan, uning ahvol-ruhiyasini teran tushungan, qismatiga kuyingan. Adib oddiy odamlar toʻgʻrisida yolgʻon yozishdan, ularni soxta va yasama qiyofada koʻrsatishdan hazar qilgan. Bundan tashqari, Abdulla Qahhor hikoyalarini oʻqisangiz, jasurlik va matonat nafaqat erkaklarga, balki ayolga ham xos ekaniga tan berasiz. Nega shunday? Bu haqda har kim oʻzicha oʻylasa, oʻzicha bir xulosaga kelsa, menimcha, foydadan xoli boʻlmaydi. Men bu oʻrinda faqat bir narsaga – Abdulla Qahhorning qahramon tanlash va xarakterni tipiklashtirishdagi talabiga eʼtibor qaratishni istar edim. Yozuvchi asarlarida ibratli obraz va qahramon bor, lekin ideal obraz ham, qahramon ham yoʻq. Bu sanʼatkorning tom maʼnodagi realist ijodkorligi va haqparastligi ham, yoʻqni – bor demagani, soxta va soʻxtasi sovuq kitobiy qahramonlarni bino qilib siyosat “tegirmoni”ga suv quymagani, kitobxonni aldamaganida yaqqol namoyon boʻladi.

“Biz mansub boʻlgan millat, – deydi Amerika yozuvchisi Rolf Emerson, – olomonga aylanib qoldi. Biz hanuzgacha komil insonni koʻra olganimiz yoʻq. Uning maʼnaviy-ruhiy holatini ham hali toʻgʻri tasavvur etolmaymiz. Komil shaxsni faqat orzu qilamiz. Lekin u haqidagi xabardan nari oʻtolmaymiz. Unga xos boʻlgan quvvat va sehrli qobiliyat biz uchun mubham va nomaʼlumdir…”

Taxminan mana shunday fikr Abdulla Qahhorning qalbida ham zildek armon boʻlib choʻkib yotgan. U hayotda uchratmagani – komil shaxsni tasavvurda yoki xayol kuchi bilan bino qilishga umuman ragʻbat sezmagan desa, xato boʻlmaydi.

Abdulla Oripov Abdulla Qahhorga bagʻishlangan xotiralarida “Abdulla akaning lafzidan uchgan soʻzlar nechogʻliq shafqatsiz boʻlmasin, uning koʻzlarida doimo qandaydir bir mung yashirinib yotardi”, deydi. Ehtimol, bu mung – hasrat va armon mungi boʻlgan. Ehtimol, bu – anglash azobi va chorasizlik hissi boʻlgandir. Ehtimol, boshqa narsadir. Nima boʻlganda ham, oʻsha xosiyatli Mungda kuchli Shaxs sogʻinchi yashiringaniga shaxsan men shubha qilmayman.

 

V

“Vatandosh boʻlmasa, vatan boʻlmaydi”, deydi Ibn Arabiy. Demak, har qanday vatanning tarixi, buguni va kelajagi vatandoshlik tuygʻusining qanday shakllangani, nechogʻliq kuch-qudratga ega ekaniga bogʻliq. Haqiqiy vatandoshlikdan doimo maslakdoshlik tugʻiladi. Bunday maslakdoshlik esa oʻzni anglash va oʻziga ishonishga, hech narsadan choʻchimay, qoʻrqmay yashashga ruhlantiradi. Har qanday oʻtkinchi hislar, gʻarazli muddao va daʼvolar vatandoshlik tuygʻusi taʼsirida juda xunuk va past, bagʻoyat soʻnik koʻrinadi. Chinakam vatandoshlik tuygʻusigina koʻngildan koʻngilga yoʻl ochadi, el-yurt dardini vijdon dardiga, hurriyat ishqini hayot mazmuniga aylantiradi. Mana shunga erishilmasa, vatandoshlik hissi quruq gap boʻlib qolaveradi. Natijada avomlik, nodonlik va soxtakorliklar avj oladi.

Avom kim? Odamday erkin fikr yuritish, erkin yashash shavqidan mahrum kimsa. Qorni toʻq, ust-boshi but boʻlsa, oromini hech kim buzmasa – avomning “ozodligi” ana shu boʻladi. Avomlik bu – gushnalik, laqmalik, koʻr-koʻrona ergashish, ixtiyoriy ravishda qullikka chidash deganidir. Shuning uchun avomni aldash, laqillatish oson. Uning haqiqati qornidan boshlanib, boʻgʻzida tugaydi. Ayniqsa, mustamlakachilik sharoitida, bosqinchilik mafkurasi qilichga aylangan zamonlarda avomni uygʻotish, olomonni hurriyatga boshlash boshni kundaga qoʻyish bilan teng boʻladi. Chunki donishmand Abdulla Qahhor haqqoniy taʼriflaganidek, “Mustamlakachilik faqat mamlakatni gʻorat qilmaydi, undan ham yomonrogʻi – odamlarni, xalqni ruhan gʻorat qiladi, shunday qiladiki, qul hayotini kechirayotgan, insonga nomunosib hayot kechirayotgan odamda shu hayotga qarshi norozilik, isyon ruhi butkul soʻnadi”.

Abdulla Qahhor bu gapni hind mustamlakachiligini nazarda tutib aytgan. Lekin yurtimizda yuz yildan ziyod davom etgan mustamlakachilik birinchi galda xalqimizning ruhini, jasoratini gʻorat qilib, turli hiyla-nayranglar bilan uni kishanda, qullik qafaslarida saqlashga urinmaganmidi? Elimizni dinidan, tili va tarixidan ajratib tashlash uchun bor kuch, bor imkoniyatini sarflamaganmidi?

Oʻzini qaysi din, qaysi mazhabga mansub bilmasin va oʻzini kim deb hisoblamasin, baribir avomning dini, mustahkam eʼtiqodi boʻlmaydi. U Xudodan emas, boshida qilich qayrab turgan bandasidan qoʻrqadi. Xoliqni sharaflab, maxluqning poyiga bosh egadi. Uning qoshu qabogʻi va hukmiga qarab yuguradi, yeladi. Mamlakat boshiga bosqin ofati, mazlumlik kulfatlari yogʻilganda, nomusu or uchun maydonga chiqish zarurati yuzaga kelganda nodon dindor ham, gʻofil dahriy ham adolatni emas – zulmni, odillikni emas – zolimlikni, haqiqatni emas – yolgʻon va qalloblikni yoqlaydi. Chor bosqini zamonlarida ham xuddi shunday boʻlgan. Kelgindilarga yurtimizning qoʻl-oyogʻini bogʻlab berishda peshqadamlik qilganlar kimlar? Peshvo boʻlganlar kim? Faqat siyosat arbobi va amaldorlarmi?..

Ozarboyjonning buyuk farzandi va mutafakkiri Husayn Jovid masjid va minbarlarda jamoatni jannat huzur-halovati ila aldab, avom musulmonlarga oxirat saodatini vaʼda qilib, ularni gʻaflat, kulfat va baxtsizliklarga koʻniktirishga jon-jahdi bilan uringan shariat sohiblarining qilmishlaridan bahs yuritib, bunday deb yozgan edi:

 

Agar musulmonlik budurki, bizim musulmonda bor,

Voy uning ertasigaki, bu kunning ortidan kelur.

 

Turkistondagi diniy mahdudlik va gʻofillik esa Kavkazdagiga nisbatan ming karra ziyodroq va ayanchliroq boʻlganini tarixiy misollardan yaxshi bilamiz. Qullikni – hurlik deya fatvo berish, xalqni bosh egish, hayvonnikidan ham yomonroq hayotga koʻniktirishda baʼzi shariat namoyandalari yalovbardorlik qilgan. Shu tufayli erkin fikr qafasga solingan, insondagi tabiiy mayllar ayovsiz taʼqib etilgan. Islomning ilgʻor, nihoyatda hayotiy va insonparvar din ekaniga shubha qilmagan holda, Abdulla Qahhor din bilan dindorlik ayni bir tushuncha emasligini yoritishga intilgan. U bir oʻrinda yozadi: “Ingliz mustamlakalarida nima qilgan boʻlsa, hammasi qon soʻriladigan naychalardan iborat boʻlgan: temir yoʻl, har xil imoratlar, xomashyo ishlanadigan korxonalar, dinga rivoj, odamlarda qullik raftori va psixologiyasi. Din ham shu naychalardan biri…”

Bu hukm bir oz keskin emasmi? Kufr va dahriylik mayli sezilmaydimi unda? Menimcha, kosa tagidagi nimkosani payqagan kishi adibning xulosasiga qoʻshiladi. Axir, eʼtiqod erkinligi cheklangan va taqiqlangan muhitda, qoloqlik, savodsizlik va gumrohlik tantana qilgan sharoitda dinning maʼno-mohiyati qattiq “tahrir”ga uchrashi, qonun-qoidalar esa ancha-muncha zamonaviylashtirilishi mumkin, albatta. Modomiki shunday ekan, maʼlum davrlarda dindan ham “qon soʻriladigan bir naycha” oʻrnida foydalanilganini aslo inkor etib boʻlmaydi.

Din nomi bilan dunyoda juda koʻp yaxshi va xayrli ishlar qilingan. Shu bilan birga, dunyodagi koʻpdan-koʻp yomon ishlar, aql bovar etmas qabohat va yovuzliklar ham bir zamonlar din va shariat nomi ostida amalga oshirilganini inkor etib boʻlmaydi. Buni unutmaslik va bundan zinhor-bazinhor koʻz yummaslik kerak. Men Abdulla Qahxorning dinga munosabatini, din va dindorlik xususida ilgari surgan fikr-mulohazalarini toʻla-toʻkis yoqlamayman. Shuningdek, adibning din va jamiyat rivoji, din va inson erki, din va shaxs kamoliga doir fikrlarining bugungi kunda ahamiyati qolmadi, degan gaplarga ham aslo qoʻshilmayman.

 

VI

Ulkan yozuvchi, agar haqiqatan ham sanʼatkor boʻlsa, mayda hissiyotlarga berilmaydi. Bunga jahon adabiyotidan koʻplab misollar keltirish mumkin. Mana, buyuk rus adibi Lev Tolstoyni olaylik. Uning boy-badavlat kishi boʻlganini hamma biladi. Lekin yozuvchining atrofidagi qashshoqlik, kambagʻallik unga behad yomon taʼsir oʻtkazgan, uning koʻnglini ezib, ruhini yanchgan. Ellik yoshlarida Tolstoy ongida kutilmagan evrilish sodir boʻladi: u hayotidan, qilayotgan ijodiy ishlaridan qoniqmay qoladi. Atrof-muhitni aqlga sigʻmas kulfat, baxtsizlik qurshab yotgan bir zamonda oʻtirib olib roman yozish – gʻirt bemaʼnilik, degan qarorga keladi. Va badiiy ijodni vaqtincha toʻxtatib, xalqning ogʻir ahvoli haqida otashin publitsistik maqolalar yoza boshlaydi. Bu maqolalar jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan nafrat va gʻazab hissi bilan toʻliq edi.

Abdulla Qahhor “Tolstoy sanʼatkor sifatida biz uchun bitmas-tuganmas mahorat xazinasi, maktab, butun boshli bir akademiyadir” deganida bu buyuk siymodan xalq taqdiri, shaxs erki uchun kurash jasoratini oʻrganishni ham nazarda tutgan. Axir, togʻday talantga Olloh tariqdek shijoatni ravo koʻrmasa – bu ham bir tolesizlik. Bunaqa isteʼdod havasga arzimaydi: u yonib-yonolmaydi, kuyib kuyolmaydi, ehtiyotkorlik “qonun-qoida”larini chetlab, mardona qadam tashlayolmaydi. Odatda bunday ijodkorlar oʻzlarining ichki kuchiga emas, allaqanday tashqi kuchga taslim boʻlib yashaydi.

Biz istaymizmi, istamaymizmi, haqiqiy yozuvchining shaxsiyati – ochiq shaxsiyat. Shuning uchun u har qanday yopiq jamiyat bilan chiqisholmaydi. U hamma narsada ochiqlik, aniqlik boʻlishini xohlaydi. Bunday ijodkor hatto ortidan bolta koʻtarib yugurganlarida ham oʻz soʻzi va jurʼatiga sodiq qoladi. Shu haqda soʻz ochilganda Abdulla Qahhorni xotirlamasdan boʻladimi?

Hayotda ham, ijodda ham Abdulla Qahhorning mardligi ibrat boʻlib qolgan. Jamol Kamol “Abdulla Qahhor xotirasiga” sheʼrida xayolan ustozga murojaat etib bunday deydi:

 

Kim ham kiya olur endi toʻningni,

Kim ham bogʻlay olur sening belbogʻing?

 

Abdulla Qahhor yelkasiga olgan “qoʻqoniy toʻn”ni kiyish osonmi? Abdulla Qahhorning “belbogʻi”ni belga bogʻlashga kimning qudrati yetadiyu kim jurʼat topadi?

Zamon sinovlaridan oʻtgan, eʼtiqod va irodasi mustahkam ijodkorlarimiz bor. Ehtimol shular ham kurashchanlik va matonatda, haqgoʻylik va jasoratda Abdulla Qahhorga havas qilsa ajab emas. Lekin unga tenglashishni xayolga keltirmasalar kerak. Taniqli rus adibi Konstantin Simonovning yozishicha, u Qahhor bilan tanishmasidan oldin “Sarob” romanini oʻqigan. Va kitob muallifining hayot, uning murakkabliklariyu ziddiyatlari haqida teran, dadil fikrlay olishiga tan bergan. Shaxsan tanishuvdan soʻng esa, “Men nafaqat teran va dono insonga, balki harakatlari mardonavor, qatʼiyatli, mulohazalari keskin, hatto dagʻalga oʻxshab ketadigan, xijolat boʻlar darajada keskin bir insonga toʻqnash keldim”, deydi u.

Xoʻsh, Qahhorning jasorati nimadan oziqlangan? Avvalo, toʻgʻrilik va haqiqatdan. Toʻgʻrilik va rostlik Abdulla Qahhorning tarbiyachisi, yoʻlboshchisi boʻlgan. Shuning uchun uning ohista va vazmin fikrlari ham oʻzgalarni choʻchitgan, tahlikaga solgan. Oʻzlarini adabiyot peshvolari deb bilgan, haqiqatga yuzma-yuz kelishdan qochib yashaydigan farmonbardorlarning fikr va talablarini Abdulla Qahhor eʼtiborga loyiq koʻrmagan. Va hech ikkilanmay ularga qarshi soʻzini aytgan. Bu soʻzlar yozuvchi shaʼni va martabasini muhofaza etish jihatidan hamon qimmatlidir.

“Kult davridagi vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari, – deb yozadi Abdulla Qahhor bir maqolasida, – tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji boʻlsa yozuvchining boshiga chertib koʻrishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga oziq berishni oʻzining kasbi hisoblaydi”. Maʼlumki, vahima va shubhabozlikdan adabiyotimiz katta zarar koʻrgan. Bu illat qulay sharoit tugʻilishi bilan darrov oʻzining jirkanch basharasini namoyon etib kelgan. Uzoqqa bormasdan, saksoninchi yillarning oʻrtalarini xotirlaylik. Oʻshanda qator yosh isteʼdodlardan gʻoyaviy xatolar topish uchun asarlari “tirnoqlab” ham, “hidlab” ham oʻqildi. Kimlardir “tuxumdan tuk” qidirib, palagʻda iddao bilan adabiy jamoatchilikni chalgʻitishga, ijodida milliy ruh kuchli boʻlgan yoshlarning kitoblariga millatchilik tamgʻasini bosishga urindi. Xayriyatki, zamon nafasi oʻzgardi, xayriyatki, Qodiriy va Qahhor kabi ulugʻlarimizning ruhlari adabiyotimizning navqiron avlodini qoʻlladi – yovuzlik, zoʻravonlik maqsadiga erisholmadi. Qoʻrqoqlik naqadar jirkanch narsa ekaniga, yozuvchi uchun qoʻrquvdan ortiq tavqilaʼnat boʻlmasligiga men oʻshanda aniq ishonch hosil qilganman.

Qoʻrquv hayotning oddiy muammosi emas, juda katta – bahaybat muammosi ekan. Hind faylasuflaridan biri aytganidek, qoʻrquvga tobe, qoʻrquv domida qolgan aql shubha va ziddiyat ichida yashar ekan. “Ana shuning uchun bunday aql buzuq va tajovuzkor, zoʻravonlikka moyil boʻladi”. Demak, qanday yuksak togʻni koʻzlab, qanday maʼbudga sigʻinmaylik, shoʻro davrida qon-qonimizga singdirilgan qoʻrquvdan qutulmasak, hayotimizni, jurʼat va jasoratimizni yemiradigan, majruh aylaydigan dahshatli ofatdan hech vaqt xalos boʻla olmaymiz. Yovuzlik, jaholat va zulmni qoralovchi qalamkashlar har qadamda uchraydi. Bu ishni qogʻozda bajarish oson. Qiyini – yovuzlik va adolatsizlikni kamaytirishga amaliy hissa qoʻshishdir. Shu maʼnoda Abdulla Qahhorning soʻzi bilan amali orasida tafovut yoʻq edi. K. Simonov buni juda yaxshi anglagan, yaxshigina izohlab ham bergan. U yozadi: “Abdulla Qahhor yovuzlik, jaholat, razillik yonidan xotirjam oʻtib ketaveradigan odam emasdi, aftidan, bu hol uni qaygʻuga solardi, xuddi mana shu qaygʻu uning aqlli koʻzlarida hamisha sezilib turardi… bundan oʻzgacha munosabatda boʻlish uning qoʻlidan kelmasdi, u boshqacha munosabatda boʻlishga intilmasdi ham”. “Tobutdan tovush” yozilganidan buyon poraxoʻrlik, yulgʻichlik shu qadar keng va chuqur ildiz yozib, rivoj topdiki, jamiyatni tubidan kemirib, yemirib yotgan bu ofatga qarshi kurashish mumkinligiga endilikda odamlarni ishontirish ham oson boʻlmay qoldi. Holbuki, mazkur asar eʼlon qilingan vaqtda baʼzi yozuvchilar Abdulla Qahhorning bu masalada haqligiga shubha bildirgan, adabiyotshunos va munaqqidlar esa uni voqelikni buzib koʻrsatishda ayblagan edi.

Odamning erkin yashashi, erkin fikrlab, erkin soʻzlashi qiyin boʻlgan, chor atrofda hadik, qoʻrquv, vahima sharpasi oʻrmalab yurgan tahlikali bir sharoitda haqgoʻy, kurashchan shaxs qanday ozod, qanday mardona yashagan boʻlsa, Abdulla Qahhor ham shunday umr kechirgani hayratlanarlidir. Millati, yurti, adabiyoti ravnaqiga bir ulkan adib nechogʻliq begʻaraz hissa qoʻshgan boʻlsa, Abdulla Qahhor ham shunday mehnat qilgani, oʻzini ayamasdan oʻlmas asarlar yaratishga erishgani ham havas qilishga munosibdir.

 

VII

Isteʼdodli ijodkor isteʼdodsizlik bilan aslo chiqisha olmaydi. Chunki haqiqiy isteʼdod – adabiyotning sergak posboni. Adabiyotni isteʼdodsizlar xurujidan isteʼdod sohiblari muhofaza etmasa, boshqa hech kim himoya qilolmaydi.

Bizning nazarimizda, oʻtgan asrda yashab ijod qilgan hech bir oʻzbek ijodkori adabiyotimizning taqdiri, tozaligi va daxlsizligi uchun Abdulla Qahhor kabi qatʼiyat bilan kurashmagan, bu yoʻlda Abdulla Qahhorchalik aziyat ham chekmagan. Insof yuzasidan buni tan olish lozim.

Abdulla Qahhorning borligi – tirikligining oʻzi oʻrtamiyonachilik, isteʼdodsizlik, kitobxonni nazar-pisand etmaslikka qarshi bir qalqon boʻlgan. Faqat yaxshi asar yozishni emas, gʻoyaviy nochor, badiiy yaroqsiz asarlarga yoʻl bermaslikni u oʻzining muqaddas burchi deb hisoblagan. Unga koʻra, yozuvchi adabiyotga ikki xil yoʻl bilan – biri tutab, ikkinchisi yashnab kirib keladi. “Tutab kirgan yozuvchi uzoq tutaydi, koʻnglidan chiqarib emas, qornidan chiqarib asar yozadi, yozuvchilik umrining oxirigacha tutaydi… Yozuvchilikka choʻgʻday yashnab kirgan ijodkor asardan-asarga yashnay beradi, oxirda abadiy soʻnmas oʻtga aylanadi”.

Yana bir toifa qalamkashlar boʻladiki, ular adabiyotga “oʻgʻri mushukday tuynukdan” tushadi. Bular uchun adabiyot sanʼat emas – kasb, tirikchilik manbai. Adabiyotga tutab yoki oʻgʻri mushukday tuynukdan kiradigan yozuvchilarning eng oliy aʼmoli mahalliy va “mahalla klassiklari” boʻlishdir. Adabiyot shularning dastidan jabr koʻradi. Shular badiiy soʻz, obrazli fikr zavqidan kitobxonni benasib etish bilan mashgʻul boʻladi. Hozirgi kunda yozish-chizishga boʻlgan havasni isteʼdod deb oʻylaydiganlarning soni shu qadar koʻpayib ketdiki, ular adabiyotda oʻzlarini suvdagi baliqday erkin sezadigan boʻlib qoldi.

Shunday ahvolga Abdulla Qahhor chidarmidi? Loqayd qaray olarmidi? Dushman orttirish yoki qandaydir imtiyozlardan ayrilib qolishdan choʻchirmidi? Keling, uning oʻlimi oldidan sodiq shogirdi Shuhratga aytgan mana bu soʻzlarini oʻqiylik: “Odamlar meni dushmani koʻp deb oʻylaydi. Vaholanki, mening dushmanim yoʻq. Men hech kimga dushmanlik qilgan emasman. Mabodo biror odamga qattiq gapirgan yoki u haqda yozgan boʻlsam, adabiyotimizning ravnaqini koʻzlab, jonim achiganidan, oʻsha odamning talantsizligi yoki yomon asar yozgani uchun shunday qilganman…” Bunday deyishga Abdulla Qahhor haqli edi. Bunday qiyin ishni bajarishga Abdulla Qahhor qodir edi. Vafotidan keyinoq hayotda ham, adabiyotda ham uning oʻrni bilindi. Abdulla Qahhordan keyingi adabiyotimiz toʻgʻrisida oʻylab, bunday mulohazalar paydo boʻladi: albatta, Abdulla Qahhor boʻlish qiyin. U tanlagan yoʻldan odim tashlab, katta adabiyot dardi bilan yashash bundan-da dushvor. Biz Abdulla Qahhorni sevamiz, deymiz. Uning asarlarini eʼzozlab, koʻzga surtib oʻqiymiz, deymiz. Izdosh va shogirdlari xususida endi bemalol gapiramiz. Doʻppi tor kelganda, “Men Abdulla Qahhorga safdoshman, xolos…” deya shogirdlikdan tonishlar ham unutildi. Lekin ayting: haqiqat va adabiyot istiqboli uchun Abdulla Qahhor tortgan mashaqqatlarning, boringki, oʻndan birini yelkasida koʻtara oladigan biror yozuvchining nomini nega dadil tilga ololmaymiz? Abdulla Qahhorga ishongandek ishonadigan, unga suyangandek suyanadigan adabiy shaxsiyat qayerda? Ishonchim komilki, obroʻ-eʼtiborli qaysi bir ijodkorga hozir “Siz – adabiyotimizning Qahhorisiz, yaʼni posbonisiz”, deb soʻzlamang, u yo noqulaylik sezadi yoki “Qoʻysangiz-chi…”deya eʼtiroz bildiradi. Aslida, holatlarning ikkalasi ham toʻgʻri. Shuning uchun ham bizda Abdulla Qahhorni sogʻinish, ich-ichdan qoʻmsash hissi bor. Yuksak choʻqqilarni koʻzlagan yoʻlchi muazzam toqqa suyangandek, biz ham bugun Abdulla Qahhorga suyanamiz, hayotga, adabiyotga, isteʼdodga ustoz nigohi ila qaray olsak, ijod olamidagi ofarinbozlik, soxta dahochilik, maydakashlik va didsizlik illatlaridan xalos boʻlish muqarrarligiga ishongimiz keladi.

Abdulla Qahhor oltmishinchi yillarning boshlarida yozilgan “Shijoat haqida” nomli maqolasida bunday degan edi: “Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan boʻlsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qoʻyar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bogʻliqdir”.

Yozuvchi halol boʻlmogʻi uchun, birinchi galda, isteʼdodli boʻlishi shart. Chunki qitmirlik, baxillik, pismiqlik – bunday noqisliklarning bari isteʼdodsizlikning hosilasidir. Isteʼdod va shijoat esa qariyb egizak tushunchalardirki, talant shijoatni, shijoat talantni qoʻllabgina qolmasdan, biri ikkinchisini qanoatlantirib boradi. Buning eng yorqin misoli Abdulla Qahhorning isteʼdodi va shunga munosib shijoatidir. Men gapni aylantirib biron bir yozuvchi yoki shoirning shijoatsizligini pisanda qilmoqchi emasman. Bu – besamar ish. Besamarligi shundaki, taʼna, tanqid yoki malomat bilan olchoqni oqil, qoʻrqoqni jasurga aylantirib boʻlmaydi. Malomatda salomat bor, deganlaridek, ijodkor oʻzini oʻzi malomat qilishni juda yaxshi bilmogʻi kerak. Abdulla Qahhorga oʻxshab shafqatsizlikni oʻzidan boshlamogʻi lozim. Ana shundagina u oʻzini aldamasligi, oʻziga oʻzi chap berib yashamasligi mumkin.

Tiriklikdagi sinovlar kamlik qilganidek, hayot Abdulla Qahhorni oʻlimidan keyin ham sinovdan oʻtkazdi. Adibning yuragi urishdan toʻxtashi hamon bir qancha shogirdlar qalbida “joʻsh urgan” mehr, sadoqat, eʼtiqod ham goʻyo maʼlum bir muddat toʻxtadi. Adabiy yigʻin va anjumanlarda uning nomi va xizmatlari kamdan-kam tilga olinadigan boʻldi. Qahhorshunos sifatida tanilgan baʼzi olimlar tadqiqot mavzularini butunlay oʻzgartirdi… Adibning yetmish yillik yubileyi xoʻjakoʻrsinga – juda sovuq bir munosabat bilan oʻtkazildi. Buning sabablari keyinchalik ayrim kitob va maqolalarda izohlab ham berildi.

Vaqt chopaverarkan. Hayotda oʻzgarishlar boʻlaverarkan. Ana-mana deguncha Abdulla Qahhor tavalludiga 80 yil ham toʻldi. Ushbu sanaga bagʻishlab yozilgan maqola, xotira va chiqishlarni oldingi yubileyniki bilan umuman qiyoslab boʻlmasdi. Mana, izzat va ehtirom. Mana, sodiqlik va haqgoʻylik. Bundan kimlardir hayratlandi. Kimlardir ajablandi. “Shuncha gap bor ekan, nechun shu paytgacha sir saqlandi?” deguvchilar ham boʻldi. Chunki koʻp mulohazalar uydirma-yolgʻonning yuzini pardozlash uchun toʻqilgan edi. Xoʻsh, Abdulla Qahhorning asl qiyofasini soxtalashtirish va haqiqatni buzib-bejab koʻrsatishdan muddao nima edi? Yozuvchi Tohir Malik soʻzlarini eshiting: “Atoqli adib Abdulla Qahhorning 80 yilligi munosabati bilan ayrim odamlar uni xorlik koʻrgan, jabr chekkan, taʼqib etilgan bir bechoraga chiqarib qoʻydilar. Uyalmay-netmay, “Abdulla Qahhor haqida gapirish mumkin emas edi”, deb daʼvo qildilar. Ular oʻzlarining qoʻrqoqligini, taʼmagirligini yashirish uchun shunday gaplar tarqatdilar. Abdulla Qahhor – bechora odam emas, KURASHChI(!) edi. Oʻzining shaxsiy fikri bor edi va bu fikrni himoya qila olardi. U birovning fikri bilan yashamagan, birovga qulluq qilmagan, biron nimaning taʼmaida yurmagan. Uni bechoraga chiqarib qoʻyganlar, aksincha, Abdulla Qahhorni maqtasam falonchi akamga maʼqul kelmasa-chi, hozir katta unvonga, katta mukofotga navbatda turibman, yana navbatdan chiqarib tashlamasinlar”, deb qoʻrqib yashashgan. Ana endi, “Abdulla Qahhor ustozingiz ekan, nima uchun shuncha yil indamadingiz?” degan savolga mana shunday daʼvolar toʻqib chiqarishdi…”

Bu soʻzlar yuqorida oʻrtaga tashlagan savolimizga toʻgʻri va eng odil javobdir. Haqiqat “taʼqibi”da yashagan ijodkor bora-bora odamlar taʼqibiga parvo qilmaydigan boʻladi. Tashqi zoʻravonlik, bedodlik va nayrangbozliklar uni qiynashi mumkin, lekin ruhini soʻndirolmaydi. Negaki, hech vaqt uning MOHIYATIGA yetib borib boʻlmaydi. Mohiyati teran ShAXSga achinish kerak emas – undan oʻrganish, ibrat olish lozim. Chunki mahrumiyat va magʻlubiyat uning qismatida zohiran nechogʻliq keng quloch yozmasin, baribir u haq va gʻolibdir. Shuning uchun uning dardi, gʻam-gʻussalari va koʻz yoshlaridan shodlik, nekbinlik, ishonch chechaklari unib chiqadi…

 

VIII

Yozuvchining tayanadigan togʻi, ishonadigan bogʻi uni soʻzlashga, oʻylash va dunyoni anglashga oʻrgatgan ona tilidir. Milliy tilining goʻzalligini idrok qilolmagan ijodkor boshqa hech bir goʻzallikni teran idrok etolmaydi. Nafosat tuygʻusi – til tuygʻusidan boshlanadi. Ona tilining tabiatini yaxshi bilgan kishi oʻz millatining tabiati, milliy zavqini ham yaxshi anglaydi. Tilning ruhi – xalqning ruhi ekani buyuk bobolarimiz tomonidan bejiz taʼkidlanmagan. Ijodkorni sayoz fikrlash, bachkana his-tuygʻularni qogʻozga koʻchirishdan eng avvalo til muhofaza qiladi. Tilga javobgarlik – soʻz, tasvir, uslubga javobgarlik demak. Bir maʼnoda isteʼdod – soʻzga jon bagʻishlash, oʻlik soʻzni ham tiriltirishdir. Isteʼdodsizlik esa buning aksi – hatto tirik soʻzni ham oʻldirish.

Abdulla Qahhorni nega buncha eʼzozlaymiz? Mahoratiga nechun bunchalik tahsin oʻqiymiz? U soʻz bilan moʻjiza yarata bilgan, til mehnatini zargarlik sanʼati darajasida yuksaltira olgan yozuvchi edi. Abdulla Qahhor hikoya va qissalaridagi har bir soʻz, har bir iboraning oʻrni shu qadar muqim va mustahkamki, ularni boshqa soʻz, boshqa ibora yoxud jumla bilan oʻzgartirish deyarli imkonsiz.

“Men tajriba uchun, – deydi Said Ahmad, – ustozning “Oʻgʻri”, “Bemor”, “Anor” hikoyalaridan baʼzi soʻzlarni olib tashlab koʻrdim. Boʻlmadi. Hikoya bir ustuni olib tashlangan ayvonga oʻxshab lapanglab qoldi”.

Axir, har bir sahifa oʻrta hisobda 15-16 marta koʻchirilsa, har safar jumlalarga sayqal berilsa, boz ustiga bir sahifadagi gapni bir jumlaga, oʻn sahifa mazmunini birgina sahifaga sigʻdirish uchun qunt va ilhom ila mehnat qilinsa – soʻz nari tursin, tinish belgisini ham qimirlatib boʻlmaydi.

Aziz birodar, ona tilimizning xotirasi toʻgʻrisida hech oʻylab koʻrganmisiz? Tilimiz xotirasida nimalar saqlanib qolgani va nimalar bizgacha yetib kelganini bilishga uringanmisiz? Oʻzbek tili dunyodagi xotirasi eng boy tillardan. Uning xotirasida juda qadim bir dunyo bor – ana shu dunyoning qaygʻusi, alami va armonlari joylashib qolgan unda. Bu tildagi koʻp soʻzlar kurashlar guvohi, magʻlublik va gʻoliblik, yoʻqotish va ayriliqlarning xabarchisi erur. Ularning botinida gʻussa va hasrat, musibat va nadomat pinhon yotibdi. Abdulla Qahhor – mana shunday soʻzlarning sirlarini kashf etgan yozuvchi. Shuning uchun ham unga soʻz bilan yuzma-yuz kelish, soʻz xotirasidan taralgan sadolarni tinglash qiyin boʻlgan. Umuman, u soʻzning yuragiga quloq tutishni ham, uygʻoq soʻz bilan ish yuritishni ham nihoyatda teran egallagan.

Bir donishmand olim “Soʻzning tomirlarida qon oqsa, yuragi urib tursa, koʻzi koʻrib, qulogʻi eshitsa – soʻz tirikdir”, deydi. Faqat shunday soʻzlargina badiiy matnda tiriklik ruhini aks ettiradi, oʻquvchini haqiqatga iqror qiladi, hayotning ochilmagan ziddiyatlari, biri biridan murakkab hodisotlari sirini ochadi.

Abdulla Qahhorning soʻzga munosabati, soʻz qoʻllash sanʼati koʻpchilikka maʼlum: u soʻzga behad xasis. Soʻzni haddan ziyod tanlab, chertib-chertib ishlatadi. Undan bizga meros qolgan asarlarning aksariyati tomirida qon yugurayotgan, koʻzi, qulogʻi, shuuri ochiq soʻzlardan yaralgani bilan ham alohida ahamiyatga ega.

 

IX 

Maʼlumki, Abdulla Qahhor mahoratining ildizlari nafaqat milliy adabiyotimiz zamini, balki mumtoz rus adabiyoti namoyandalari – Tolstoy, Turgenev, Gogol, eng avvalo, Chexov ijodiy tajribalari bilan ham chambarchas bogʻliq. Sirasini aytganda, Abdulla Qahhor jahon adabiyotidagi yutuqlarni imkon darajasida ijodiy oʻzlashtirib, milliy nasrimizda yangi sahifalar ochgan. Bu sahifalarda muhrlangan soʻzlar, tuygʻu va xarakterlarga takror-takror nigoh tashlagan sayin insonning soʻz vositasida moʻjiza yaratish salohiyatiga boʻlgan ishonch shuncha ortadi.

Men, barcha tengdoshlarim qatori, Abdulla Qahhor asarlarini oʻqishni bolalikda – maktab darsliklaridan boshlaganman. Abdulla Qahhorning meni dastlab juda qiziqtirgan asari “Anor” hikoyasi edi. Shu hikoyadan keyin birin-ketin adibning yupqa-qalin kitoblarini topib oʻqishga kirishib ketganman. Bolalik olislarda qoldi. Yigitlik shamolday oʻtdi-ketdi… Lekin men hamon qahhorxonlikdan toʻxtaganim yoʻq. Oʻqish ishtiyoqi ham, taassurot va mushohada ham endi nisbatan oʻzgacha. Bultur “Sarob”ni qayta oʻqidim. Qanday ajoyib roman! Yigirma uch yoshli oʻspirin yigit shunday koʻrkam, shunday baquvvat kitob yozganiga aql bovar qilmaydi.

“Sarob”da sirli-sehrli bir ruh bor. Ana shu ruh asar qahramonlari taqdiriga biryoqlama qarashga imkon bermaydi. Ilk oʻqishda romanning tub mohiyatini yetarli darajada tushunmaganman. Lekin Saidiy ham, Munisxon ham menga yoqqan. Negadir ularni ayblashga, dushman deyishga tilim bormagan. Boshqa obrazlarga nisbatan Saidiy, Munisxon va Murodxoʻja domla xarakterlari juda pishiq ishlanganday tuyulgan. Maʼlumki, “Sarob” shoʻro tuzumi dushmanlari – oʻzini millat homiysi, millatchi deb atagan guruhga qarshi, “burjua millatchiligining sinfiy mohiyatini fosh etish” maqsadida yozilgan. Adibning eʼtirofi boʻyicha, u “Sarob”da bolaligida qalbini yaralagan oʻtmish hayotni “qaytarishga bel bogʻlagan dushmanlarning boshiga” qalbidagi “gʻazab oʻtini yogʻdirishga” tirishgan. Ammo nechundir romanda gʻazab oʻti sezilmaydi: uning sahifalaridan xolislik shuʼlasi taralib turadi. Salimxon, Munis, Saidiy, Murodxoʻja kabi obrazlar, albatta, salbiy tiplar. Yozuvchi ularning hayot tarzi, fikr-qarashi, psixologiyasi va dunyoqarashini ich-ichidan inkor etadi. Ularning nainki maishiy hayoti, balki maʼnaviy olamiga ham dadil kirib boradi. Oʻquvchi mutolaa jarayonida ularning har biri goʻl, laqma va anoyi kishilar emasligini sezib, shunga iqror boʻlib boradi. Shoʻro mafkurasi “koʻzgu”sida qaraladigan boʻlsa, bu qahramonlar haqiqatan ham adashgan, xudbin, makkor va gʻanim, bir soʻz bilan aytganda, zararkunanda kimsalar. Biroq ularga adolat va xolislik mezoni bilan baho berilsa-chi?

Iniga choʻp suqilsa, ari ham odamga yopishadi, talaydi. Yurt bosib olinsa, vayron etilsa, elning qoni toʻkilsa, hokimiyat zoʻravonlikka, qaramlikka asoslansa, odam farzandi ari qadar qarshilik koʻrsatmasinmi?! Arichalik ham qahri yoʻqmi uning?! Ha, Saidiy xudbin, meshchan va shuhratparast. U millatchi va shoʻro siyosatining dushmani. Nima qilib boʻlsa ham odamlarni “bolshevizm zulmidan dod” degizishni koʻzlaydi. Boshqa davr, boshqa bir zamon boʻlganda, ehtimolki, uning qismati butunlay oʻzgacha boʻlar, “ichki hayoti bilan tashqi hayoti orasidagi kundan-kun oʻsib borgan qarama-qarshilik” joniga qasd qilarli darajaga yetmasdi. Saidiy badiiy ijodda katta bir muvaffaqiyatlarga erishmagan boʻlsa-da, umrining oxirlarigacha yozuv-chizuvdan oʻzini cheklay olmaydi. Agar u doʻsti Ehsonning “Siz oʻzbek adabiyotini butun dunyo koʻradigan yuksaklikka koʻtarishda qatnashasiz. Bu faoliyatni siz shoʻro hukumatini nima mustahkamlasa, nima sotsializm qurilishiga yordam bersa, shu “mening mavzuim” deb boshlang…” degan fikrlarini qabul aylab, amalda shuni koʻrsatishga jahd etsa, hayotda ham, ijodda ham qandaydir yutuqlarni qoʻlga kiritarmidi? Shubhasiz, shunday boʻlardi. Unda u – Saidiy emas, ixtiyoriy ravishda shoʻro bosqini va qirgʻinlarini qoʻllab-quvvatlagan ijodkorga aylanardi.

Romanning sakkizinchi qismida bir lavha bor. Saidiy ilk bor Salimxonlarnikiga kelganida Munisxon royalda unga bir kuy chalib bermoqchi boʻladi va deydi: “Bu juda keksa mashq. Harbiy mashq… Arablar Undulusni olganda chalingan mashq. Kishini shunday gʻayratlantiradiki, buni eshitganda oʻlik ham tirilib jangga otlanadi. Eshiting, Rahimjon…

Mashqni eshitganda Saidiyning koʻz oldiga gijinglagan arab otlari, nayza, qalqonlar kelib, qulogʻiga kurash va qondan xabar beruvchi tovushlar eshitilib ketdi”.

Avvalo, Munisxon kishini gʻayratlantiruvchi, oʻlik ham tirilib, kurashga otlanadigan qadimiy bir gʻalaba kuyini Saidiyga bejiz chalib bergani yoʻq. Ikkinchidan, uni tinglagan Saidiyning koʻz oldiga gijinglagan arab otlari, nayza, qalqonlar gavdalanib, qulogʻiga kurash va qon tovushlari eshitilganday boʻlishi mutlaqo tasodifiy emas. Bunda qizil bayroq baland koʻtarilgan bir yurtdagi magʻlubiyatga ham, ayni paytda, hali soʻnib bitmagan umid, omonsiz kurash va janglarda tugʻilajak gʻalabaga ham ishorat bor. Saidiy “erk ertaklari”ga ishonmaydi va ishonishni ham istamaydi. U “oʻz doirasidagi kishilarning hammasini aqlli, hammasining miya mexanizmlari but” va “tushunadigan odamlar” deb bilgani bois boshqa bir “ertak”ning qurboni boʻladi. Saidiy va atrofidagilarning fojiasi – faqat adashish fojiasi emas, kurashish fojiasi ham.

Murodxoʻja xonadonidagi oʻzaro bir suhbatda kelajagiga bildirilgan ishonchga javoban Saidiy: “Adiblik mening kasbim boʻlishiga ishonaman, domla… Arximed: “Menga tayanch nuqtasini beringiz, richagim bilan yerni koʻtaraman”, degan. Men ham yerni koʻtaraman, domla, menga ham tayanch nuqtasi kerak, bu – sharoit”, deydi. Na turmushda, na siyosiy harakatda, na ijodda “tayanch nuqtasi”ni topish shoʻrlik Saidiyga nasib etmaydi. “Norozilikdan koʻra kelajakda rozi boʻlish umidining” kundan-kunga yoʻqolib borishi uni toliqtiradi, aql-idrokini kishanlaydi, ichkilikka gʻarq etadi, halokat yoqasiga sudraydi. Saidiyni maslaksizlik yoki eʼtiqodsizlikda ayblab boʻlmaydi. Shu gapni uning Salimxon, Murodxoʻja, Abbosxon va boshqa davradoshlariga nisbatan ham aytish mumkin. Odam tanish, ilm-madaniyatni qadrlash, xalqdan kuchli shaxslar chiqishini orzu etish, kishidagi zakovat va qobiliyatni anglash, tadbirkorlik va uddaburonlikda Murodxoʻja domla Salimxondan ilgarilasa ilgarilaydiki, ortda qolmaydi.

Shoʻro saltanatini qulatib, yangi bir davlat barpo etish maqsadida tuzilgan tashkilot aʼzolari yigʻinida asosiy mavzu bir chetda qolib izhori hasrat boshlanganda Murodxoʻja domla qatʼiyan norozilik bildirib bunday deydi: “Hammalaring oʻz dardlaringni aytasizlar. Bunday hol jami xalqning boshida bor. Shundan qutulish yoʻli toʻgʻrisida gapiringlar-da! Bu yerga nahot hasrat qilgani toʻplangan boʻlsak! Har qaysimiz buyuk bir gʻoyaning egasi. Bu nima maydagaplik!”

“Buyuk gʻoya… buyuk gʻoya…” deyishdan murod hosil boʻlmaydi. Pana-pastqamlarda toʻplanib hasrat toʻkish bilan, buyuk gʻoyani hayotga joriy qilish va oliy bir natijalarga erishish orasidagi farq yerdan osmon qadardir. Xullas, shoʻro davlatining totli vaʼdalariga ishonib, uning ortidan ergashgan omma aldanishga mahkum boʻlganidek, najot markazi xorijda, deya oʻz millatining kuch-quvvati, milliy ruhi, ijtimoiy-siyosiy talab va imkoniyatlarini toʻgʻri baholay olmasdan, yangi davlat qurishga uringan mulkdorlar, ziyolilar, din va shariat namoyandalari ham ojizlik botqogʻiga botgan edilar. Bu botqoq ularni birin-ketin domiga tortardi. Ammo ular ham “kishan kiymay, boʻyin egmay”, gʻayriinsoniy siyosat oyoqlantirgan zoʻravonlik va qoʻrquvlar domiga tushmay yashashi, xatolardan kechishi, fikriy chalgʻishlardan qutulishi mumkin edi-ku! Ularning hayoti, taqdirini shoʻro davlati bir chaqaga ham arzitmagani rost. Ammo oʻzining oʻqimishliligi, hushyor, ziyrak va kamtarlik kabi fazilatlari bilan xotirada yashab qoladigan Saidiy ham, tashqi goʻzalligi bilangina emas, farosati, didi, ichki latifligi bilan kishini maftun aylaydigan Munisxondek dilbar bir qiz ham shu millatning farzandi emasmidi? Munisxon joniga qasd qiladi – toʻpponcha bilan oʻzini otadi. U nimaga oʻzini otganini koʻplar bilmaydi. Jumladan, Saidiy ham. Munisxon – ishq va goʻzallik tantanasi uchun tugʻilgan qiz. U ishqsiz va baxtsiz yashashga koʻnikolmaydi. Taqdir unga Saidiyni nega roʻbaroʻ qilganini keyin anglaydi. Kechikib boʻlsa-da, xatosini tushunadi. Baxtsizligi uchun olamga laʼnat yogʻdirmaydi. Oʻlim oldidan bitib qoldirgan xatini “Olam toʻla baxt, faqat men baxtsiz edim”, deb tugatadi.

Taqdir dramasini haqqoniy yoritish, murakkab qismatli shaxs fojiasini xolis tasvirlashda, menimcha, adabiyotimizda “Sarob” bilan bellashadigan asar yoʻq. “Sarob”ni oʻqiganda koʻngilda bir sergaklik uygʻonadi. Tarix jafokash xalqimizga nechun bunday boʻlinish, toqat qilib boʻlmas parchalanishni ravo koʻrdi, deb oʻylaysiz. Kecha aytilmagan boʻlsa, endi bugun, keling, salbiy deb ataganimiz, dushman deb bilganimiz “Sarob”dagi qahramonlarni oqlamasak ham, qoralamaylik, maqtamasak hamki, tahqirlamaylik. Ularni tushunmoqqa harakat qilaylik. Mulkidan ajralish, erkini boy berib, ona tuprogʻida sigʻindi boʻlib, qoʻrqib, begona odamday yashash qandoq azob, qandoq kulfat bu! Bugungi baʼzi mulkdor va boylarning fikr darajasi, maqsad-muddaosini ham koʻrib turibmiz-ku! Ular yuzlab salimxon va muxtorxonlarni dogʻda qoldirishi, diyonat, insof va saviyada ulardan yuz chandon tuban turishiga nima deysiz!..

Ne yoziqki, mulk daʼvosi, boylik toʻplash psixologiyasi harislik, manmanlik, xudbinlik, shuhratparastlik, dabdababozlik hirslari bilan chambarchas bogʻliq ekan!

Odam hayotni bilishi uchun, eng avvalo, oʻzining haqiqiy ahvolini bilishi kerak. Oʻzining ahvolini bilish – oʻz millatining haqiqiy ahvolini bilish yoʻlidagi oltin halqadir. “Sarob”ni oʻqishdan tugʻilajak bir hikmatli xulosa ana shu!

 

X

Odatda haqiqat sustlik va sokinlikni yoqtirmaydi. Haqiqat koʻnglidan chuqur joy olgan odam-chi? U albatta sokinlashadi. Bu sokinlik, bugun boʻlmasa ertaga, uni dunyo ortidan halloslayotgan, bilib-bilmay tirikchilik tegirmonida yanchilayotganlardan ajralishga, hayot hodisotlariga juda xolis va haqqoniy qarashga majbur qiladi. Agar ijodkor shunday sokinlik qadrini bilmasa, katta bilim va mushohada ila uni shakllantira olmasa, shoshqaloqlik, havoyilik, oʻzni koʻz-koʻz qilish mayllaridan hech qachon qutula olmaydi. Bu mayllar oxir-oqibatda uni xuddi qoʻgʻirchoqdek oʻynatadi. Haqiqiy sanʼatkorning sokinligi haqdan fayz yetgan orifning xotirjamligiga bagʻoyat yaqin boʻladi. Qalbida fikr toʻfoni qoʻzgʻalib, ehtiros alanga olsa ham u joʻshmaydi – sukut va sokinligiga sodiq qolaveradi. Qadrini bilgan, kamtar va andishali har bir ijodkorda shu holni kuzatish mumkin. Men Abdulla Qahhor shaxsini koʻklarga koʻtarib, ideallashtirish fikridan butunlay yiroqman. U ham farishta emas, shu zaminda yashab oʻtgan bir inson edi. U haqiqat yukini koʻtarish butun bir jamiyatga ogʻirlik qilgan murakkab zamonlarda yashagan. Unda ham oʻziga xos kamchiliklar, chekinish va chalgʻishlar boʻlgan. Gap shundaki, shular ham Abdulla Qahhorni maʼnan ulgʻaytirishi, qalbidagi maʼnaviy-ruhiy teranlikni kuchaytirishga xizmat qilgan. Bir kun kelib adabiyotda vijdon timsoliga aylanishni Abdulla Qahhor, ehtimol, xayoliga ham keltirmagandir. Lekin u adabiyotimizning bedor Vijdoni boʻlib tarixda qoldi.

Abdulla Qahhorning adabiy-tanqidiy maqolalarini oʻqib, suhbatlaridagi fikrlarning maʼnisini mulohaza qilib koʻrgan boʻlsangiz, demak, adabiy tanqid nima, haqiqiy tanqidchi kim, uning faoliyati qanday boʻlishi haqida toʻgʻri tasavvurga egasiz.

Tanqidchilik bilan shugʻullanish havasida yurgan kezlarimda men qaysi munaqqidning asari qoʻlimga tushsa oʻqiyverganman. Baʼzilarini jiddiy hafsala bilan mutolaa qilganman. Ayrimlarini oʻqishga qiynalganman: ifoda gʻaliz, aksariyat jumlalar tushunarsiz, ilmiy atamalar qalashtirib tashlangan, muallifning shaxsi va ijodiy qiyofasini aniq tasavvur etish qiyin, nochor kitoblar ham maqtalgan, taʼrif va tavsiflar dalil-isbotsiz va hokazo.

Men ham nimadir yozgim, qay bir kitoblarga munosabat bildirgim kelar, ammo yozishga qiynalardim, bordiyu yozsam ham qoniqmasdim. Shunda Abdulla Qahhorning bir necha bor oʻqiganim “Yoshlar bilan suhbat” va olti jildligining oxirgisidagi oʻzimga juda yoqqan maqolalarni koʻchirib yozishga kirishdim… Shundan soʻng nainki tanqid – adabiyot, badiiylik, isteʼdod va haqiqat toʻgʻrisidagi fikrlarim ham tiniqlashdi. Shunda men Abdulla Qahhor tanqidchilarning ham donishmand ustozi ekanini, uning saboqlariga rioya qilish, gʻoyaviy-estetik talablarini bajarish bagʻoyat qiyinligini bildim. Abdulla Qahhor deydiki, “Tanqid yomon asar bilan kitobxon orasida dallol, shirinkomaga vijdonini sotadigan yuraksiz dallol boʻlmasligi kerak”. Qani bunaqa tanqid? Yomon asar bilan kitobxon oʻrtasida dallollik qilmagan munaqqid topiladimi oʻzi? Topilsa, necha kishi ular? Gapirish noqulay.

Did, saviya, jasorat bobda tanqidchi va adabiyotshunos, yozuvchi yoki shoirdan ildamlab ketmasa ham, keyinda yurmasligi zarur. Tanqidchi avvalboshdan “Oʻquvchining qalbiga taʼsir qilmagan narsaning adabiyotga hech aloqasi yoʻq”ligini bilishi kerak. Goʻzallik tuygʻusi soʻngan munaqqid ana shu masalada oʻzini fosh etadi: adabiyotga aloqasi yoʻq asarlarni kiprik qoqmasdan maqtashga yo mavzuning dolzarbligini dastak qilib, tahlil etishga kirishib ketadi. Bilmaydi va bilolmaydiki, “Tuygʻusiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga oʻxshaydi – meva tugmaydi. Koʻngil rozi boʻlgan asargina kitobxonning koʻngliga yoʻl topadi…”

Oʻzbek tanqidchiligida noqislik tamali nima deyilsa ikki soʻz bilan javob bersa boʻladi: saviya va jurʼat. Holbuki, Abdulla Qahhor munaqqidning saviyasi va jurʼati masalasida jon kuydirib soʻzlagan. Dardsiz va ehtirossiz yozilgan asarlarni maqtaydigan saviyasiz tanqidchilar haqida u bunday degan edi: “Bu toifa tanqidchilar oʻqib boʻlmaydigan, badiiy jihatdan gʻoyatda gʻarib boʻlsa ham roʻy-rost “gʻoyaviy xatosi” yoʻq kitoblarni axtarib yurib, ular toʻgʻrisida madhiyalar yozib oʻrgangan, shuni kasb qilib olgan”.

Tanqidchida bilim, saviya, dunyoqarash, maslak qancha teran boʻlsa, u adabiyotni qancha keng his qilsa, hech bir masalaga tarafkashlik va gʻaraz bilan yondashmasa, asarni oʻshancha xolis tahlil eta oladi. Aks holda, tashxisda adashgan tabibga oʻxshab, qilayotgan ishida faqat taxmin va gʻalatga asoslanadi. Bundan na yozuvchi, na adabiyot, na kitobxonga foyda tegadi. Badiiy-estetik idroki pachoq tanqidchi-adabiyotshunos javobgarlik va jonkuyarlikni jangarilik yoki botirlik deb tushunadi. Qalam oʻrniga nayza, bolta koʻtarib yozuvchiga hamla qiladi. Abdulla Qahhor “Sarob”dan boshlab to oxirgi asarlarigacha shunday tashlanish va adolatsiz tanqidlarga duch kelgan. Bu haqda bahs yuritgan Ozod Sharafiddinov, “Hozir adibning butun umri davomida tanqiddan yegan dakkilarini oʻylar ekanman, uning roʻparadan ham, orqavarotdan ham qilgan hujumlarini daf etishga koʻp kuchi sarflanganini tasavvur qilar ekanman, bu odamning sabotiga, togʻday bardoshiga qoyil qolaman”, deydi. Bunda Abdulla Qahhorni suyab, muhofaza aylagan kuch, bir tomondan, oʻzining haqligi, xolisligiga ishonch boʻlsa, ikkinchidan, haqiqiy tanqid ilmining vazifasi, huquq va xususiyatlarini anglashi edi. Shuning uchun u munaqqid isteʼdodini yozuvchi isteʼdodidan kam deb bilmagan.

Hozirgi paytda adabiy tanqidning qiyofasi kundan-kunga mavhumlashib borayotir. Uning maydoni gavjumlashish oʻrniga tobora siyraklashib, boʻshab qolmoqda. Adabiy tanqidning bir zamonlardagi obroʻ-eʼtibori va nufuzi yoʻq endi. Abdulla Qahhor boshqa ishga yaramay oʻzini tanqidchilikka urganlarni “har narsadan choʻchib shaqildoq chalaveradi”gan qoʻrqoq qorovulga oʻxshatgan edi. “Shaqildoq”bozlikning oʻrnini ham haybarakallachilik, madhiyagoʻylik egalladi. Lekin ahvol bunday davom etishi mumkin emas. Oʻzbek tanqidchiligi qayta qad rostlashni, necha oʻn yillardan buyon meros boʻlib kelayotgan zamonasozlik, ehtiyotkorlik, dallollik singari illatlardan xalos boʻlib, shaxdam odim tashlashni istasa, Abdulla Qahhor talab qilganidek, eng avvalo, “adabiyotimizga katta adabiyot choʻqqisidan” qarashga bel bogʻlashi kerak. Ana shunda uning oʻzi ham yangi choʻqqilarni zabt etishi mumkin.

 

XI

Abdulla Qahhor asarlari bir moʻjiza ekanini koʻpchilik eʼtirof etgan. Jumladan, atoqli adib Shukur Xolmirzayev “Oʻzbek adabiyotida ana shunday moʻjizalarni yaratib, qoldirib ketgan insonga topinish mumkin”, deydi. Men aqlimni taniganimdan buyon Abdulla Qahhorning shaxsini ham, asarlarini ham yaxshi koʻrganman. Qolaversa, chinakam buyuk adibga topinishning nimasi ayb? Lekin hozir boshqa bir gapni aytishim lozim deb oʻylayman.

Yetmishinchi yillarning oxirlarida Abdulla Qahhorga mening munosabatim bir oz oʻzgargan edi. Bunga Toshkentga kelib yashay boshlaganimdan keyin ayrim adabiy davra va suhbatlarda Qahhor haqida murosasizlik ila aytilgan tanqidiy mulohazalarni eshitishim ham sabab boʻlgandir. Endi Qahhorga muxolif kayfiyatdagi yosh ijodkorlarga ham duch kelish mumkin edi. Ulardan baʼzilari Qahhorni “sochidan tirnogʻigacha shoʻro yozuvchisi” ekani uchun qoralasa, boshqa birlari uning Choʻlpon toʻgʻrisida aytgan ikki jumla gapini dastak qilib aybnoma toʻqir edi. Xullas, Qahhorning hatto hikoyanavislikdagi yutuqlari ham nazarga ilinmas, uning eng sara, eng oʻqishli hikoyalari ham past baholanardi. Kunlardan bir kun ikki-uch yaxshi hikoyasi bilan tanilib qolgan yozuvchi birodarlarimizdan biri bunday degan edi: “Abdulla Qahhor hikoya yaratmaydi – toʻqiydi. Hikoya yasaydi. Oʻtmish mavzuidagi hikoyalari esa tarixni ayblash, tarixga qora chaplash uchun qilingan ishlardir…” Oxirgi, oʻtmishga tegishli jumlalar menda ham eʼtiroz tugʻdirmagan. Chunki Qahhorning asarlarini oʻqib, tarixdan faxrlanolmaysiz, tarixga suyanolmaysiz, tarixdan ruhiy madad ololmaysiz. Ularning deyarli barchasida moziy juda nursiz, surursiz va qop-qora boʻyoqlarda – qalbni gʻam-gʻussaga chulgʻaydigan manzaralarda namoyon boʻladi.

Abdulla Qahhorning oʻttizinchi yillarda yozilgan “Bemor”, “Oʻgʻri”, “Anor”, “Millatchilar” kabi hikoyalari menga yoqqan. Ularni oʻqib, “Xayriyat, shafqatsiz, adolatsiz, oʻsha tengsizlik zamonlari barham topgan. Xayriyat, xalqimiz oʻsha kulfat, musibat, son-sanoqsiz baxtsizliklardan xalos boʻlgan”, deb oʻylaganman. Ammo bir kun kelib, “Nainki, hoʻkizidan ayrilgan musibatdiyda bir moʻysafidga hech kim rahm qilmasa, axir amaldor ham odam-ku!.. Nainki, bemor xotinga goʻdakning saharlari qiladigan duosidan boshqa davo topilmasa; nainki, sogʻ-salomat yigit boshqorongʻi xotiniga ikki donagina anor olib berolmasa…” qabilidagi eʼtirozlar menda ham paydo boʻlishini oʻylamaganman. Ammo shunda ham negadir Qahhorni oʻqishdan oʻzimni toʻxtatolmaganman. Hikoyalarini boʻlmasa, qissalarini, qissalarini boʻlmasa, boshqa asarlarini qayta-qayta oʻqiyverganman. Shuni ham aytishim kerakki, men qahhorshunos boʻlaman, shu sohada biror ilmiy tadqiqot yarataman deb Abdulla Qahhor ijodiyotiga bogʻlanib qolganim yoʻq. Ammo Abdulla Qahhor ijodiyoti sir-asrorlaridan voqif boʻlish niyatida koʻp olimlarning, xususan, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Umarali Normatov kabi adabiyotshunoslarning tadqiqotlari bilan ham tanishganman.

Abdulla Qahhorni saksoninchi yillarda oʻzimcha yangidan kashf qildim desam xato boʻlmas. “Sarob”da Saidiyning “Muvaffaqiyatli chiqqan bir hikoyadagi tipni mamlakatning har burchidan yuzlab, minglab topish mumkin” degan fikri bor. Qizigʻi shundaki, bunday tiplar koʻp uchrashidan tashqari, ularning umri ham uzoq boʻlarkan. Zamon, makon, vaqt tushunchalarini ular koʻpda tan olavermas ekan. Men ana shunda “Oʻgʻri” hikoyasidagi Qobil bobo bizdan ancha olis davrlarda yashab, oʻtib ketgan boʻlsa-da, “qobilbobochilik” oʻziga xos tarzda davom qilayotganini angladim.

Abdulla Qahhorning oʻndan ortiq hikoyasini bitta nom – “Boshsiz odam” nomi ostida birlashtirish mumkin… Toʻliq maʼnoda Faxriddinga monand, uningdek laqma, irodasiz, mustaqil fikrdan mahrum goʻl kimsani, ehtimol, hayotda uchratish qiyindir. Ammo atrofga sinchkovlik bilan koʻz tashlab, mushohada etilsa-chi? Hayronlar qolasiz… Beixtiyor, “boshsiz odam” buncha koʻp-a, deysiz.

Abdulla Qahhor oʻtmish mavzuiga bejiz qiziqmagan ekan. Moziyning zamon bilan doimo bogʻlanadigan nozik rishta va halqalarini topib, faqat tarix bagʻrida qolib ketmaydigan hayot haqiqatlari va fojialarini kuyib-yonib tasvirlagan ekan. Abdulla Qahhor ijodidagi shafqatsiz realizmning tub ildizi ham balki ana shundadir.

Coʻnggi yillarda ayrim yozuvchi, olim joʻralarimiz bilan Abdulla Qahhor toʻgʻrisida koʻp gurunglashib, fikr almashdik. Endi oʻylasam, “Abdulla Qahhor nainki adabiyotning, yurt va millatning ham vijdoni” degan mohiyatga men alohida urgʻu bergan ekanman. Darvoqe, marhum adibimiz Oʻlmas Umarbekov ham ustozni millat vijdonini tamsil etgan yozuvchilardan deb taʼriflagan. Ha, Abdulla Qahhor bosib oʻtgan hayot yoʻli ham, ijod yoʻli ham vijdon yoʻli edi. U soʻnggi nafasigacha millat dardi bilan yashadi. Shuning uchun ham unga ogʻir boʻlgan. Mamlakatda toza fikrlaydigan odamlar kamayib ketgani, shular ham iqtidorini yangi haqiqat izlashga emas, eskilarini takrorlashga sarf aylaganiga qaramay, Abdulla Qahhor doimo ozod fikr, yangi haqiqatlar uchun kurashgan – yolgʻizlanish, tanqidu taʼqiblarni pisand qilmasdan kurashgan. Abdulla Qahhorning ijodiy nafasidan nomardlik, har qanday gʻirromlik titragan, tubanlik oʻzini panaga tortgan. Unga tish qayraganlar esa yuzlariga niqob tortishga majbur boʻlishgan. Uning borligi millatning ham davlati, ham sarvati, ham shavkati boʻlgan. Mubolagʻasiz shunday!

Konstantin Stanislavskiyning “Sanʼatdagi hayotim” kitobida L. Tolstoy haqida aytilgan bunday bir gap bor: “Uning hayotligida biz “Tolstoy bilan bir zamonda yashash qanday baxt!” der edik. Yuragimiz gʻam-gʻussaga toʻlib-toshganda, hayotda qiynalganda yoki kishilar koʻzimizga yirtqich boʻlib koʻringanda “Yasnaya Polyanada Tolstoy bor-ku!” degan fikr bilan oʻzimizga tasalli berardik…”

Xuddi shu kabi, Abdulla Qahhor tirikligida oʻzbek ziyolilarida ham shunday bir qanoat va tasalli bor edi. Lekin, ishonchim komilki, “Bizning Abdulla Qahhordek benazir yozuvchimiz boʻlgan, u oʻzining boqiy asarlari va oʻlmas jasorati ila doimo biz bilan birga yashayotir…” degan gʻurur-iftixor tuygʻusi bugun ham ijod ahlining mahzun qalbiga umid va jasorat bagʻishlab turadi.

 

Ibrohim HAQQUL

 

“Tafakkur” jurnali, 2007

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/abdulla-qahhor-jasorati/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x