Avlodlarga vasiyat

ISHTIROK ETUVCHILAR

 

S o h i b q i r o n A m i r T ye m u r – 67–72 yoshlarda.

S u l u v k oʻ z – Sohibqironning eng soʻnggi va eng suyukli rafiqasi.

Opa-singil S a r a g u l va A q ch a g u l. Suluvkoʻzning yosh kanizlari.

Q a l q o n b ye k – Eshik ogʻasi yoki saroybon 25–26 yoshlarda.

B o s q o n b ye k – Sohibqironning qoʻriqchisi 22 yoshlarda (ular aka-uka).

B i b i S a r d o r – Sohibqironning birinchi xotinlaridan, Haram bekasi. 60 yoshlarda.

S u l t o n B o ya z i d – 50–60 yoshlarda.

M i r z o Shohruh – 25 yoshlarda.

Sh a y x N u r i d d i n – 60 yoshlarda.

A m i r B a r l o s T ye g i n – 55–60 yoshlarda.

H a k i m i A ʼ z a m – 60 yoshlarda.

T oʻ x t a m i sh x o n – 40 yoshlarda.

Ch i n g i z x o n – 55–60 yoshlarda.

M u a r r i x – 50 yoshlarda.

Yasovullar, sipohlar, mulozimlar.

 

 

MUQADDIMA

 

I

 

Oʻtrordagi ikki boʻlmadan iborat qarorgoh. Oʻng tomondagi xonaning toʻrida baland toʻshak. Toʻshakda xasta Sohibqiron hazratlari yotibdilar. Soʻrining bosh tomonidagi sakkiz qirrali xontaxtada dori-darmonlar solingan behisob shisha va koʻzachalar. Poygakda chuqur sukutga choʻmib, Hakim aʼzam bilan eshik ogʻasi Qalqonbek oʻtiribdi. Burchakdagi oʻchoqda lovillab saksovul yonmoqda.

Qorongʻidan: Sohibqironning “Bibim! Bibijonim!” degan ovozi keladi.

S o h i b q i r o n. Bibim, bibijonim. Izlay-izlay keksayganda topgan duru gavharim. Nechuk meni kutmading? Meni kutmay aziz joningga qasd qilding?

S u l u v k oʻ z. Boshqa choram boʻlmadi, amirim, Olloh qovushtirgʻon jufti halolim!

S o h i b q i r o n. Bilamen, malagim, barini bilamen.

S u l u v k oʻ z. Yoʻq, bilmaysiz, amirim, bilmaysiz. Bibingizning birda-bir gunohi oʻzingiz topshirgʻon masjidi jomeʼni qurib tugatmoq erdi, Sizga bebaho bir tuhfa inʼom etmoq erdi, ul shum niyatlar ersa…

S o h i b q i r o n. Ul shum niyatlarning bari mening qahrimga duchor boʻlmish. Ammo ne foyda, bibijonim? Sendan judo boʻldim. Bir umr qidira-qidira topgan duru-gavharimdan ayrildim. Yaratgan egam shohid ekanki, mana seni koʻrmoq nasib etibdi. Yaqinroq kel, malikam, visolingni koʻrib, diydoringga toʻyay (oʻrnidan turmoqchi boʻladi).

S u l u v k oʻ z. Yoʻq-yoʻq, men ketgan makon tomon talpinmang. Hali bul makonda qiladurgʻon savob ishlaringiz koʻp! Xudoyim sizni shul niyatlaringizga yetkazgay. Men tomon shoshilmang, sira shoshilmang!

S o h i b q i r o n. Toʻxta, bibim, bibijonim!..

S u l u v k oʻ z. Bu soʻzlardan endi ne foyda? Oʻshanda, siz Sulton Boyazidga qarshi qoʻshin tortgan oqshomda men sizga zor-zor yigʻlagʻon erdim, saroydagi ilon va chayonlarga yem boʻlaman, birga olib keting, – deb oyogʻingizga yiqilgan edim. Esingizdami?

S o h i b q i r o n. Esimda malagim, esimda…

S u l u v k oʻ z. Maydonda nogʻoralar gumburlar, otlar dupiri osmonu falakka chiqqan erdi. Esingizdami…

S o h i b q i r o n. Esimda, suluvim, esimda. Toʻxta, gavharim… Qayoqqa shoshasan, yolgʻizim? Esimda…

S u l u v k oʻ z. Yoʻq, ishonmaymen! Otlar dupiri, karnay-surnay sadosi, nogʻoralar gumburi esingizda boʻlsa bordur. Ammo men shoʻrlikning koʻz yoshlarim… yoʻq, ishonmaymen!

(Qorongʻulikka singib ketadi).

S o h i b q i r o n. Toʻxta, bibim, bibiginam…

Qorongʻilik tomon talpinadi va yostiqqa yiqiladi. Chiroq yonadi.

 

 

Voqea taxminan 1399–1404 yillarda Samarqand, Usmonlilar saltanati va Oʻtrorda boʻlib oʻtadi.

 

Birinchi parda

 

BIRINCHI KOʻRINISH

 

Sohibqiron Amir Temur dorulsaltanati, Samarqand. Koʻksaroyning ikkinchi oshyonasiga joylashgan koʻrkam xona. Roʻparadagi yumaloq darichadan yiroqdagi muhtasham qasrlar, masjidu madrasalar koʻzga chalinadi. Yaqinrokda esa mahobatli gumbazlari hali bitmagan Bibixonim masjidining muazzam peshtoqlari koʻrinib turibdi.

Xonaning oʻrtasida sakkiz qirradi xontaxta va bir nechta naqshinkor kursilar, chetlarida gir aylana shoyi koʻrpacha va par yostiqlar. Oʻng tomondan Sohibqiron hazratlarining eng kenja va eng suyukli rafiqasi Suluvkoʻzning xonasiga kiradigan, chap tomonda esa boshqa xonalarga oʻtadigan eshik.

Parda ochilishi bilan chap tomondagi eshikdan qoʻllarida noz-neʼmatlar toʻla barkashlar, Suluvkoʻzning kanizlari opa-singil Saragul bilan Aqchagul kiradilar. Shu zahoti tashqarida nogʻoralar gumburi, karnaylar sadosi yangraydi, otlar kishnaydi.

Opa-singillar roʻparadagi darichani lang ochadilar. Nogʻoralar gumburi va karnay sadolari xonani larzaga soladi.

A q ch a g u l. Tumonat lashkarlar! Muzaffar yurish boshlanmish!

S a r a g u l. Bir-biridan koʻrkam alp yigitlar. Tangrining oʻzi asragay!

A q ch a g u l. Oy borib, omon qaytinglar (yigʻlaydi).

S a r a g ul. Sabab? Yigʻlaysan? Undan koʻra omonlik tila!

A q ch a g u l. Nechuk yigʻlamay. Sizning suyukligingiz Qalqonbek eshik ogʻasi. Jangu jadaldan. xavfu xatardan yiroq.

S a r a g u l. Mening yorim saroybon boʻlsa, sening suyukliging Hazrat Sohibqironning qoʻriqchisi!

A q ch a g u l. Koshkiydi janob Sohibqiron lashkar ortida yursa! Aytadilarkim, fotihi Muzaffar eng oldinda, eng xatarli joylarda ot surarmishlar!

S a r a g u l. Qirq yil qyrgʻin boʻlsa ajali yetgan oʻladi derlar! Yaratgan egam oʻzi asragay barchasini!

A q ch a g u l. Opajon! Sabab? Sohibqiron Hazratlari bekamizni tashlab ketadurlar? Yo bekamdan sovib, boshqa bir malakka koʻngul qoʻyganlarmu?

S a r a g u l. Bilmam, jonim, bilmam. Mana uch kundirki, shoʻrlik bekam ogʻziga ushoq olmaydur.

Toʻsatdan daricha peshiga changak kelib tushadi-yu, arqonga tirmashgan Bosqonbekning boshi koʻrinadi.

A q ch a g u l. Yo rab! Bosqonbek ogʻo?

B o s q o n b ye k. (Bepisand) Assalomu alaykum, husnda benazir parivashlar. (Saragulga). Jon malikam! Qovogʻingizni uymay bul sanam ila bir daqiqa vidolashishga ijozat bergaysiz, bekam!

S a r a g u l. Hozir bul goʻshaga janob Sohibqiron Xazratlari qadam ranjida qiladurlar!

B o s q o n b ye k. Janob Sohibqiron faqirni bul goʻshada koʻrsalar boshingizdan oltin sochadurlar! (yolvorib) Bir daqiqa, bor yoʻgʻi bir daqiqa!

S a r a g u l. Bir daqiqadan oshmagʻay! (chiqadi)

B o s q o n b ye k. Qani, malagim, teskari burilmay janob Bosqonbekka qarasinlar! (Yuzidagi harir pardani koʻtaradi va bir qadam chekinadi). Yoʻq, Aqcha deganlari bekor, dinorsen, malagim, oltin dinor! (Quchadi).

A q ch a g u l. Sichqonga oʻlim! Mushukka oʻyin!

B o s q o n b ye k. Sen sichqon, men mushuk? Bul soʻzing rost boʻlsa, hozir bir yamlab yutadi! Art koʻzyoshyngni! Qirq yil qirgʻin boʻlsa, ajal yetgan oʻladur.

S a r a g u l. Jon ogʻo! Ajal yetgan oʻladur, deb oʻzingizni oʻtga ham, suvga ham urabermang! Ehtiyot qiling oʻzingizni, ogʻojon?

B o s q o n b ye k. (sochlarini silaydi). Sen-da! Senda ehtiyot boʻl, gulyuzim!

A q ch a g u l. (Nozlanib) Meni qashqir yermu bul goʻshada?

B o s q o n b ye k. Shuni ham bilmaysen! Seni yemoq tugul bir yamlab oshab qoʻyishga tayyor shoqollar koʻp bul saroyda, malagim!

Eshik sharakdab ochilib, ostonada qilich yalangʻochlangan ikki sipoh koʻrindi. Bosqonbek changak arqonga osilib, “Alvido, malagim!” deganicha oʻzini pastta otadi. Aqchagul oʻzini oʻng qoʻldagi eshikka uradi. Xonaga avval Saragul, keyin janob Sohibqiron bilan eshik ogʻosi Qalqonbek kiradilar. Sipohlar orqaga chekinadilar. Boshida eniga qadalgan dubulgʻi, egnida qora kimxob kamzul, oyogʻida nagal qoqilgan qizil etik, Sohibqiron, garchi janob paygʻambar yoshidan oshgan boʻlsa ham, hali ellikka bormaganday, chehrasidan viqor va shiddat yogʻilib turgan sarvqomat yigitni eslatadi, faqat yurganida bilinar-bilinmas oqsaydi.

S o h i b q i r o n. (Saragulga). Bibing qayda, puchuq?

S a r a g u l. Oʻz xonasidadur, hazratim!

S o h i b q i r o n. Soʻra!

S a r a g u l. Qulliq! (Qalqonbek bilan ikkisi koʻz urishtirib, jilmayishadi).

(Sohibqiron buni payqab). Hah shaytonlar. Loaqal janob Sohibqiron huzurida odob saqlasalaring boʻlur erdi.

S a r a g u l. Gunohkormen, hazratim! (chiqadi).

Q a l q o n b ye k. (Xijolatda). Yoshlik-gʻoʻrlik. Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz!

S o h i b q i r o n. Bir qoshiq qoningni boʻlar-boʻlmasga isrof qilaberma! Jangu jadallarda oʻzingga kerak boʻlur, qoning! Bor, ruxsat senga!

Q a l q o n b ye k. Hazratim, bir guruh savdogarlar taʼzim bajo keltirmoq azmida tashrif buyuribdurlar.

S o h i b q i r o n. Kecha amirlar mashvaratda tijorat ahliga oʻz tashakkurlarimni bayon etganmen? Tagʻin ne istaklari bor erkan ularning?

Q a l q o n b ye k. Oʻshal tashakkurlaringizni eshitib, izhori ixlos bildirmoq matlabida kelibdurlar. Deydilarki, as-saloti zillallohi fil arz! Yaʼniki sultonimiz Olloi taoloning yerdagi soyasidur. Tagʻin ne yordam darkor – aytsinlar. Hazratlarining farmoni amri vojibdur, deydilar!

S o h i b q i r o n. (Keskin) Shakkok soʻzlar! Faqir Olloning soyasi ermas, bandasimen. Ammo, modomiki yaxshi niyatda kelgan ekanlar, istagimni yetkaz: ortimdan yuz tuya qurol aslaho, ming tuya oziq-ovqat, oʻn ming yilqi yuborsinlar. Lashkarim Hirot sarhadida bir oy dam olur! Kimki bul amrimni bajo etsa – zarbof toʻnga musharraf boʻlur!

Q a l q o n b ye k. Yana bir soʻz, olampanoh!

S o h i b q i r o n. Bas! Bul toju taxt tashvishlaridan bir on halovat yoʻq. Olis safar oldidan loaqal bir daqiqa ixtiyorim oʻzimda boʻlgʻay! Bor, sen mugʻombir ham anov puchuq kanizning koʻnglini ol! (elkasiga qoqib) Balosen! Ichingdan pishgan ayyorsan! Ha darvoqe, Bibi Sardorga navkar yubor: bir kelib ketsun!

Q a l q o n b ye k. Bibi Sardor?

S o h i b q i r o n. Eshik ogʻosi boʻlganingga bir oydin oshdi. Bibi Sardor kim hanuz bilmaysen! Haram bekasi! Bor!

Q a l q o n b ye k. Afv etgaysiz, davlatpanoh! (chiqadi).

Sohibqiron xayolga tolganicha xonani bir aylanib chiqadi, soʻng kamaridan shaqildogʻini olib, shaqillatadi. Saragul kirib, taʼzim qiladi.

S o h i b q i r o n. Ha, shayton! Qaysi gunohlarim uchun men gʻaribni bunchalar mahtal qilasen? Bibing chiqadimu yo ichkariga kirishga ijozat berasenmu?

S a r a g u l. (Oʻyinqaroqlik bilan). Bir daqiqa sabr qilgʻaysiz, Hazratim! Enangni ham otangga bepardoz koʻrsatma demish bobolarimiz.

S o h i b q i r o n. Bibing biladi. Faqir pardoz-andozni xush koʻrmaymen!

S a r a g u l. Shunday nozaninga ishq qoʻyibsiz, uning nozini ham koʻtarasiz-da, olampanoh! (shoʻx kulganicha gʻoyib boʻladi).

S o h i b q i r o n. (miyigʻida kulib). Davo yoʻq, bul ayol zotiga! Sen Fotihi Muzaffarmen deb kerilasan! Qabrgʻadan yaralgan bul ayyor zot ersa senday fotihalarning minggini bir noz ila gah deb qoʻliga qoʻndiradi!

Asta yurib daricha oldiga boradi. Nogʻaralar gumburi, otlar gupiri tingan. Soʻnayotgan shafaqda Koʻksaroy poyidagi Samarqand: osmonga qoʻl choʻzgan minoralar, masjidu-madrasalarning lojuvard gumbazlari boyagidan ham goʻzal koʻrinadi. Olisdan azon ovozi eshitiladi. Xufton namoziga chorlovchi bu ovoz kechki Samarqandga allaqanday osuda, tiniq bir xazinlik bagʻishlaydi.

S o h i b q i r o n. Vo darigʻ! Qandayin koʻrkam shahar boʻlibdur, bul Samarqand! Qarab koʻzim toʻymaydi senga! Jahongirlik qilib topgʻon butun boyligim, olib kelgan barcha oltin va javohirlarimni sovurib, seni bunyod etibman, ammo nechogʻlik goʻzal shahar boʻlibsen – oʻzim ham bilmabmen!.. (Koʻkka tikilib koʻzlarini yumadi). E, parvardigori olam! Qirq yil bul osiy bandangdin inoyatingni darigʻ tutmading, umid qilamen, bundan keyin ham mehru shafqatingni darigʻ tutmassan. Shul elni deb, yurtim sarhadi bexatar boʻlsun deb, mana, bul mushkul safarga otlandim, ammo undan tirik qaytamanmu, kindik qonim toʻkilgan bul zamin, ne mashaqqatlar ila bunyod etgʻon bul dorul-saltanatni qayta koʻrmoq nasib etarmu, yoʻqmu – oʻzim ham bilmaymen!

Xosxonadan chiqqan Suluvkoʻz Sohibqironning bu soʻzlarini eshitib, unga tomon talpinadi, yelkasidan quchib, tiz choʻkadi.

S u l u v k oʻ z. Amirim! Ollo qovushtirgan juftu halolim, yaratgan egam bu koʻnglingizga bul gʻuluv, dilingizga bul shubhani solibdur, qoʻying bul xatarli yurishni!

Sohibqiron shitob bilan oʻgiriladi.

S o h i b q i r o n. Suluvim! Ollodan tilab olgan duri-gavharim! Tur oʻrningdan! Duri-gavhar yerda sochilib yotmas! (Oʻrnidan turgʻazadi). Art koʻz yoshingni! Men bul oqshomni senga bagʻishlagani keldim. Oʻtinamen: visol oqshomimizni gʻam-anduh oqshomiga aylantirma! Nechuk jamolingni mendin yashirasen! Och yuzingni, Suluvim, Suluvjonim!

Suluvkoʻz yuzidagi pardani jindek koʻtaradi. Sohibqiron Suluvkoʻzning yuzini kaftlari orasiga oladi. Sohibqiron hayratla koʻkka boqadi.

S o h i b q i r o n. Yo qudratingdan! Deydilarki, sen bandangni tuproqdin yaratmishsen! Ammo bul gul yanoq, bul qurulay koʻzlar, yoqut lablar ustidagi bul qora xol! Shakkoklik qilsam oʻzing avf et, ammo koʻzni qamashtirguvchi bul benazir jamol!.. Yoʻq, falagingdagi yulduzlardan, quyoshdan yaratgansen, mening Suluvimni!

S u l u v k oʻ z (gina aralash erkalanib). Inonmaymen. Bir soʻzingizga ham inonmaymen. Magar bul soʻzlaringiz rost boʻlsa, baxtiqaro bibingizni tashlab ketmas edingiz, amirim!

S o h i b q i r o n. Meni qiynamay, soʻzimni eshit, suluvim! Bundan olti oy burun bir tush koʻrdim…

S u l u v k oʻ z. Tush?

S o h i b q i r o n. Tushimda gʻoyibdan sas kelmish. Quloq solsam… Jannatmakon piri murshidim Sayid Baraka ermish. Ul zoti sharif aytadilarki, Ey, Sohibqiron! Birlamchi Ollohning xohishi, ikkilamchi sening gʻayrat-shijoating ila barpo qilgʻon qudratli davlating xatar ostida, demish. Xududsiz yurtingning magʻrib tomonida beti choʻtir, koʻzi soʻqir bir sher paydo boʻlmish. Ul sher sarhadingga hamla qilib, qudratli davlatingni yer ila yakson qilmoq rejasini tuzmish, dedi pirim!

S u l u v k oʻ z. Inondim. Tushingizga inondim, amirim. Birdan-bir tilagim: olib keting men shoʻrlikni! Yoringiz boʻlmasam, choʻringiz boʻlay. Otingiz boʻlmasa, yayov yuray! Toʻshagingiz yetmasa yantogʻu tikonlar toʻshagim boʻlgʻay!

S o h i b q i r o n. (kulib) Meni bilasen?

S u l u v k oʻ z. Bilamen! (oʻpkasi toʻlib). Ajam qizlari sutday oppoq boʻlur ermish!

S o h i b q i r o n. (Qah-qah uradi). Ular sut boʻlsa, sen qaymoqsen, malagim!

S u l u v k oʻ z. Shom kelinchaklarining qomatlari sarv boʻlarmish.

S o h i b q i r o n. O, suluvjon, yoʻl yiroq, yov yovuz. Bizni ne mashaqqatlar kutadur – sen tasavvur ham qilolmaysen, malikam!

S u l u v k oʻ z. (Erkalanib). Daryongizning u yuzida koʻrinadi boʻylaringizo, boʻylaringiz. Yoʻlim yiroq, otim arriq, yetolmaymano, yetolmayman!

S o h i b q i r o n. Ayt, yana bir ayt bul qoʻshigʻingni.

S u l u v k oʻ z. (birdan koʻzlari yonib) Yoʻq, men bilamen, sizni bilamen!

S o h i b q i r o n. (birdan qahri qoʻzib). Bas! Men bu goʻshaga bezovta xayollar kishanidan qutilib, sening quchogʻingda bir on orom olamen deb, taskin topamen, deb kelgan erdim, sen ersa… omon qol, omon boʻl! (Ketmoqchi boʻladi, Suluvkoʻz darhol hushyor tortadi).

S u l u v k oʻ z. Ojizlik qildim, amirim! Bir safar avf eting, men shoʻrlikni.

S o h i b q i r o n. (Yana yumshab). Maying bormu?

S u l u v k oʻ z. (Hayron) May ichmas erdingiz?

S o h i b q i r o n. Ichmagan boʻlsam ham bukun bir qultum ichmoq niyatida erdim. Sharbat ber (Suluvkoʻz bir piyola sharbat tutadi). Sening qoʻlingdan ichilgan sharbat, may qattiq mast qilur meni! (piyolani koʻtarib) Bul judolikni ravo koʻrgan yaratgan egam visol kunini ham nasib etgay! (Ichadi. Murtini silab). Sabab yana visolingni yashirding?

Suluvkoʻzning boshidagi dur va javohirlar bilan bezalgan sallachasi va yuzidagi pardani yulib olib, bir chekkaga otib yuboradi va yelkasidan quchadi.

S o h i b q i r o n. Yo rab! Goʻshang charaqlab ketdi, oftobim! Izlay-izlay keksayganda, soqol-murtimga qirov qoʻnganda Olloh oʻzi inʼom etgan Suluvim, Suluvkoʻzim, Suluvjonim!

S u l u v k oʻ z. Yoʻq, keksaydim degan soʻz sizga yarashmas, amirim! Soqol-murtingizga qoʻngan bu qirov bebaho dur boʻlib koʻrinur mening koʻzimga! Siz keksa ermas, bino boʻlibsizki, hech kim jilovlay olmagan asov tulporsiz, amirim!

S o h i b q i r o n. (yana qah-qah otib kuladi). Asov tulpor! Mana necha yildirki, bu tulporni jilovlab, ustiga minib yuribsenu, tagʻin uni asov dersan!

S u l u v k oʻ z. Bul soʻzingiz rost boʻlsa nechun olib ketmaysiz, bul ilonu chayonlar ichiga tashlab ketasiz?

S o h i b q i r o n. Qaysi ilon? Qaysi chayonlarni aytasen?

S u l u v k oʻ z. Saroyingizda gʻiybat, fisqi-fasod, haramingizda baxillik, hasad (birdan hushiga kelib) tavba qildim! Bu soʻz ogʻzimdan qanday chiqdi – bilmay qoldim, avf eting, amirim!

S o h i b q i r o n. Qani qaytgunimcha bir ilon tegib koʻrsin, bir chayon chaqib koʻrsin seni!

S u l u v k oʻ z. Mayli, boshqa soʻzlamaymen, boshqa nolimaymen, biroq… Sizsiz oʻtgan har bir daqiqa ming yil boʻlur men shoʻrlikka…

S o h i b q i r o n. Buning ham chorasi bor, bibim!

Suluvkoʻzni quchib daricha oldiga olib boradi. Kechki Samarqand boyagidan ham goʻzal, ulugʻvor.

S o h i b q i r o n. Yoshligʻimda niyat qilgʻon erdim, bul shahri azimni jahonda eng koʻrkam, eng muazzam shahri-munavvar qiladurmen deb!

S u l u v k oʻ z. Niyatingizni yarattan egam oʻzi qoʻllabdur!

S o h i b q i r o n. Endi anov hali bitmagan masjidi jomega qara! Uni qurib tugatmoqni senga yuklaymen!

S u l u v k oʻ z. Menday bir ojizaga?

S o h i b q i r o n. Jahongashtalik qilib, buyogʻi Hindu Xuroson, buyogʻi Urusiyadan olib kelgan eng yaxshi meʼmorlarim – sening izmu ixtiyoringda boʻlur. Bul yurishdan qaytgʻonimda sening menga qiladurgʻon eng katta tuhfang – mana shul masjidi jomeʼ boʻlmogʻi darkor.

S u l u v k oʻ z. Yo parvardigor! Nahot bul masud kunlarga yetsam?

S o h i b q i r o n. Inshoollo yetursen!

Eshik beruxsat ochilib, Bibi Sardor kiradi. Bu – elliklardan oshgan, ammo hanuz chiroyi saqlangan, Chingiziylarga xos gʻururi gʻolib ayol. Uning boshida zar sochilgan qora-qirmizi roʻmol, egnida ham shu rang koʻylak, qoʻlida qimmatbaho ogʻir tasbeh.

B i b i S a r d o r. Bemavrid keldim, chogʻi. Avf etgaysiz, olampanoh. Soʻrotgʻon ekansiz…

Sohibqiron Suluvkoʻzga “ichkariga kirib tur” dean maʼnoda imo qiladi. Suluvqoʻz itoatkorlik bilan oʻz xonasiga kirib ketadi.

S o h i b q i r o n. Soʻragʻon boʻlsam-da, soʻrab kirmogʻing darkor erdi, Bibi Sardor!

B i b i S a r d o r. Sizga ne boʻldi, davlatpanoh? Birda yoʻqlaysiz, birda doʻqlaysiz? Bir soʻroqlaysiz, bir soʻroqsiz kirding, deb malomat qilursiz? Qaysi gunohlarim uchun bul haqorat, bul nadomat? Yo qirq yil qulingiz boʻlib xizmat qilmadimmu, yo Bibi Sardor Chingizxon avlodidan ekaninin yodingizdan chiqardingizmu, olampanoh?

S o h i b q i r o n. Qaydagi iprindi-siprindi soʻzlarni soʻzlaysen! Keksalikka boʻyin egmay yosh sanamga rashk qilasen! Men seni bu yerga ayol zotining fisq-fasod soʻzlarini muhokama qilmoq niyatida ermas, uzoq safar oldidan soʻnggi irodamni izhor etmoq azmida yoʻqladim!

B i b i S a r d o r. (Darhol shashtidan tushib). Amringizga muntazirmen, shahriyori falak iqtidor!

S o h i b q i r o n. Birlamchi, haramdagi barcha kanizlar, xoh istasin, xoh istamasin, men shul yosh sanamni deganim degan, suyganim suygan! Mabodo… biror noxush ish boʻlib, uning loaqal bir kiprigi tushsa… boshing ketadur, Bibi Sardor!

B i b i S a r d o r. Soʻzingizni angladim, hazratim!

S o h i b q i r o n. Ikkilamchi hukmim shulkim, anov masjidi jomeʼ qurilishini va bu qurilishga bogʻliq barcha yumushlarni shul bibiga yukladim…

B i b i S a r d o r. (Hayratda). Masjidi jomeʼ qurilishini ogʻzidan ona suti ketmagan shul noraso goʻdakka yukladingiz? (alamdan qovurilib) Olampanoh! Qaysi gunohlarim uchun bul koʻrgulik? Qirq yillik sadoqati zohir choʻringiz turib, ne-ne uddaburon arkoni davlat qolib, bul mushkul yumushni… Kecha topgan subutsiz sanamingizga topshirasiz?

S o h i b q i r o n. Bas! Janob Sohibqiron, Amir Temur Koʻragoniy farmoni mubohasa va muhokama qilinmaydur!

B i b i S a r d o r. E, yaratgan egam! Qarigan chogʻimda bul ne haqorat, ne qismatlarni ravo koʻrding men baxti qaroga!

S o h i b q i r o n. Kalomim tamom. Senga ruxsat, Bibi Sardor!

Chiroq oʻchib, zum oʻtmay, shamlar yonadi, gʻira-shira qorongʻulikda harir parda bilan toʻsilgan qoʻsh naqshinkor soʻri koʻzga chalinadi. Parda yonida boyagi libosini kiyib, qilich taqilgan kamarini bogʻlayotgan Sohibqiron. Toʻsatdan yana nogʻoralar gumburlaydi, otlar kishnaydi, fillar naʼra tortadi. Parda ichidan Suluvkoʻzning zorli ovozi keladi: “Qaydasiz, amirim? Nahot tong otdi? Nahot bir oniy visol chogʻimiz tugadi?”

Suluvkoʻz parda ichidan chiqadi. Egnida zar sochilgan harir koʻylak, parishon sochlari toʻpigʻiga tegadi.

S o h i b q i r o n. Ha, tong otdi, judolik damlari keldi, Suluvim!

S u l u v k oʻ z. Judolik! Nahot shoʻrlik bibingizni chindanda tashlab ketasiz, amirim?

S o h i b q i r o n. Olloga topshirdim seni…

S u l u v k oʻ z. Men ham Sizni Olloga topshirdim, amirim. Oy borib, omon qaytgaysiz, yoʻlbarsim, asov tulporim! (tobora holsizlanib) Olloga topshirdim, Olloga topshirdim!..

 

P a r d a

 

 

Birinchi parda

 

IKKINCHI KOʻRINISH

 

Koʻrkam togʻ yonbagʻriga tikilgan ulkan saroparda. Saropardaning bir tomoni baland koʻtarilgan. Pastda goʻzal manzara: uzoqda archazor choʻqqilar, yaqinroqdagi qir va adirlarga oʻtovlar, chogʻroq chodirlar tikilgan, oʻtlab yurgan yilqilar, tuyalar, ot oʻynatib yurgan suvoriylar elas-elas koʻzga chalinadi. Bot-bot ular dupuri, aygʻirlar kishnashi, qurol-aslaha yasayotgan aslahasozlarning taraq-turugʻi eshitiladi. Qirmizi gilamlar toʻshalgan saropardaning toʻrida yoʻlbars terisi yopilgan baland, oltin kursi. Yenida qator kichik kursilar. Oʻng tomonda sakkiz qirrali naqshinkor xontaxta. Uning ustida bir dasta ipak qogʻoz, qalam, sharbat solingan idishlar. Shohi koʻrpachada soqol-moʻylovlari chiroyli qirtishlangan saroy muarrixi oʻltiribdi. Eshik ogʻosi Qalqonbek, qoʻllarini orqasiga qilganicha u yoqdan bu yoqqa yurib, farmoni oliy yozdirmoqda.

Q a l q o n b ye k. Janob Mavlono! Olampanoh bul farmoni oliyni devon mirzolariga ermas, Sizga yozdirishni istardilarkim, ehtimol yozadurgʻon kitobingizga kiradur.

M u a r r i x. Tashakkur.

Q a l q o n b ye k. Ammo hozircha bu farmon sir saqlanmogʻi darkor.

M u a r r i x. Angladim, janob saroybon.

Q a l q o n b ye k. Farmoni oliyning boshini oʻzingiz oʻxshatursiz.

M u a r r i x. Xotirjam boʻlgʻaysiz, koʻnglingiz toʻladur.

Q a l q o n b ye k. Kamina ermas, Sohibqiron hazratlarining koʻngillari toʻlmogʻi darkor.

M u a r r i x. Inshoollo shunday boʻlur.

Q a l q o n b ye k. Farmoni Oliyning mazmuni shulkim, soʻnggi kunlarda janobi Sohibqiron hududidagi barcha viloyat, muzofot va shahar beklaridan keladurgʻon nomalar muddati buzilmoqda. Bekat va rabot nozirlari chopar va aygʻoqchilarga yaxshi ulov berishdan bosh tortish hollari sodir boʻlmoqda. Boz ustiga Qorabogʻ, Mashhad, Nishopur sarhadlarida uya qoʻygʻon qaroqchilar va yoʻltoʻsarlar maxsus choparlar joniga qasd qilib, olib kelayotgʻon nomalarini, hatto xurjunlaridagi aqchalarini tunab ketmoqdalarkim, bunga sira toqat qilib boʻlmas!

M u a r r i x. (Boshini chayqab). Filhaqiqat, chidab boʻlmaydurgʻon bir hol!

Q a l q o n b ye k. (Betoqat). Davlatpanoh Sohibqiron hazratlari amr qiladurlar: ushbu farmoni oliy yetib borgʻon kundan boshlab hududsiz davlatimizdagi barcha bekat va rabot nozirlari choparlar va aygʻoqchilar uchun eng sara otlar, eng tez chopar yuguruk tuyalarni shay qilib qoʻysunlar! Qaysi mintaqada bul amrni olib vojib boʻlmay, yoʻltoʻsar va qaroqchilarga erk berilsa, faqat bekat va rabot nozirlari ermas, viloyat va muzofat beklariningda soyalari birla kallalari ham ketadur!

M u a r r i x. Yopiray, Janob Sohibqiron yomon dargʻazab boʻlibdilar-da!

Q a l q o n b ye k. Oʻzi dargʻazab boʻladurgʻon ishlarda bu!

Chodirning soʻng qanotidagi parda ochiladi va yasovul kirib taʼzim qiladi:

Ya s o v u l. Ikki sipoh bugungi ovdan oʻlja keltirdilar.

Q a l q o n b ye k. Ayt, kirsinlar!

Yasovul chiqadi, chodirga qop orqalagan ikki sipoh kirib, qoplarni yerga tashlashadi.

Q a l q o n b ye k. (Xushnud). Bugungi shikor omadli boʻlibdurda, bundan chiqdi.

B i r i n ch i s i p o h. Omadliki, Sohibqiron hazratlarining bir oʻzlari salkam yuz kaklik otdilar!

I k k i n ch i s i p o h. Qoplonni ayt, qoplonni!

Q a l q o n b ye k. Qoplon?

B i r i n ch i s i p o h. Qoplonki, sherdan katta!

M u a r r i x. Ofarin, ofarin!

I k k i n ch i s i p o h. Sohibqiron hazratlari bu qoplardagi kakliklarni bu kun keladurgʻon Sulton Boyazid dasturxoniga tortishni buyuribdurlar!

Q a l q o n b ye k. Bakovullarga elting! Parlarini yulib, qovurdoq qilsunlar! (Muarrixga). Bu gʻaroyib hodisani daftaringizning bir chetiga turtib qoʻying. Tarixga kirsa arziydur. Mavlono!

M u a r r i x. Filhaqiqat, arziydur, janob Saroybon.

Ot kishnaydi, yasovul kirib, taʼzim qiladi.

Ya s o v u l. Darussaltanatdan chopar kelmish!

Q a l q o n b ye k. Xayriyat! Soʻra!

Chopar kirib, taʼzim bajo keltiradi. Yuzida niqob, boshida choparlik nishoni qadalgan telpak.

Q a l q o n b ye k. (Keskin). Noma!

Ch o p a r. Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, janob eshik ogʻasi. Nomai Muborak – maxfiydir. Uni Sohibqiron hazratlarining oʻzlariga topshirmoqqa soʻz berganman.

Q a l q o n b ye k. (Dargʻazab). Janob Sohibqiron – ovdalar! Bul qanday nomaki, uning mazmuni davlatpanoh inongan eshik ogʻasidan sir saqlanur. Choʻz nomani!

Ch o p a r. Avf etgaysiz, toʻram… Noma telpagim ichiga yashirilgandur.

Q a l q o n b ye k. Ol telpagingni, nobakor!

Ch o p a r. Kechirgaysiz, janob saroybon, boshim kaldur!

Q a l q o n b ye k. Boshing qoʻtur, beting choʻtur, ammo tiling burro! Qachon, qay elda eshitganmen sen toʻnqushning ovozini?

Choparning boshidagi telpagi, yuzidagi niqobini shartta yulib oladi. Saragul yuzini kaftlari orasiga yashiradi.

Q a l q o n b ye k. (Bir qadam tisarilib). Saragul! Yo rab! Tushimmu bu yo oʻngimmu?

S a r a g u l. Yarattan egamga ming shukur. Sizni koʻradurgʻon kun ham bor erkan!

Qalqonbek tomon talpinadi-yu, muarrixga qarab, oʻzini tiyadi. Buni sezgan muarrix sal teskari burilib goʻyo oʻz ishi bilan band boʻladi.

S a r a g u l. Olloga shukur, diydoringizni koʻrmoq nasib etdi, nasib etdi.

Tiz choʻkmoqchi boʻladi, Qalqonbek uni ushlab qoladi.

Q a l q o n b ye k. (Quchadi, sochlarini silaydi). Olloga shukur, Olloga shukur!

S a r a g u l. Sizni bir koʻrmoq umidida uch hafta ot surdum. Sizlar yuribsiz bu yot ellarda gʻalaba nashidasidan mast boʻlib, biz ersa… biz shoʻrliklar ersa yotibmiz qon yigʻlab.

Q a l q o n b ye k. Sabab qon yigʻlaysanlar?

S a r a g u l. Nechun qon yigʻlamaylik? Saroyda igʻvo, haramda fisqu-fujur! Gʻiybat! Sizlar inongan mulozimlar – bari ilonning yogʻini yalagan tulkilar. Bari Sardorning aygʻoqchilari! Shoʻrlik Bibim ikki oʻt orasida kuyib kul boʻlmish. Jomeʼni bitirib, janob Sohibqironga inʼom etmoq azmida ish qilsa-chi, ichi qora hasadgoʻylar yoʻl qoʻymasa, bitirmasa – Fotihi Muzaffar gʻazabiga duchor boʻlsa!

Q a l q o n b ye k. (Qahri koʻzib). Uch hafta tunu-kun ot surib kelgʻoningda hazrat Sohibqironga topib kelgʻon xushxabaring shul boʻldimi?

S a r a g u l. Boshqa chora topilmasa ne qilayin? Baxtiqaro Bibim boshiga behisob tuhmatlar yogʻilsa ne qilaylik?

Q a l q o n b ye k. Ne tuhmat? Oʻpkangni bosib, oshkora soʻzla!

S a r a g u l. (Koʻz yoshi aralash). Ermishki… goʻyo… goʻyo masjidi jomeʼning meʼmori Bibimga izhori ixlos qilgan ermish…

Q a l q o n b ye k. (Keskin). Izhori ixlosmu yo ishqu-muhabbatmu?

S a r a g u l. Bari boʻhton, bari mish-mish!

Q a l q o n b ye k. Shamol boʻlmasa terakning uchi qimirlamas!

S a r a g u l. Shoʻrlik bibim!

Q a l q o n b ye k. Shoʻrlikmu, yoʻqmu, ammo mashriqdan magʻribga ot surib olib kelgan matohing shul gʻalamis nomamu? (Qoʻlidagi telpakni yumdalab-yirtib, ichidan nomani oladi va unga koʻz yugurtiradi). Yoʻq, bul nomani Olampanohga koʻrsatib boʻlmas! Hazratlarining boshida ming bir tashvish, gʻurbat, uzluksiz jangu-jadal, sening bibing ersa… janob Sohibqiron hazratlarini yuragini qon qiladurgʻon chirkin nomalar yoʻllaydur! (Toʻsatdan muarrix tomon burilib) Mavlono! Bul chopar bul gʻalamis nomani keltirmadi, siz ila biz uni koʻrmaduk!

M u a r r i x. Nadomatlar boʻlgʻaykim, siz ila biz koʻrmasakda, qalam-qogʻoz koʻrdi, binobarin, qogʻozga tushmay qolmas! Zero, qogʻozga tushgan soʻzni qilich ham kesa olmas!

Q a l q o n b ye k. Boshqalarning qilichini bilmaymen, ammo Qalqonbekning qilichi kesadur!

Ularning bahsini katta olomonning hayqirigʻi boʻladi, keyin birdan otlar dupuri eshitiladi.

Q a l q o n b ye k. Sohibqiron ovdan qaytmoqdadur! (Saragulga) Sen buyoqdagi oʻtovga oʻtib oʻltur. Ammo birov koʻrmasun, uning chiqmasun!

S a r a g u l. Ogʻajon. Quloq soling, ogʻajon.

Q a l q o n b ye k. Bas! Qolgan soʻzni keyin soʻzlashurmiz! Ma, boshingga qalpogʻingni, yuzingga niqobingni kiy!

Chodirga shitob bilan Yasovul kiradi.

Ya s o v u l. Bosqonbekni olib kelduk. Qattiq jarohatlangʻon. Qayga joylashamiz?

Q a l q o n b ye k. Qattiq jarohatlangan? Qay joyda? Qachon? Sabab?

Ya s o v u l. Ov boʻlayotgʻon darada bir malʼun Sohibqiron hazratlarining joniga qasd qilmoq azmida soy boʻyidagi chinor tepasiga yashirinib olgʻon erkan. Kamondan oʻq uzayotgʻonda Bosqonbek botur koʻrib qolib, oʻqqa oʻz koʻksini tutmish.

S a r a g u l. Yo tangrim! Bechora Aqchagul!

Ya s o v u l. Janob Sohibqironga shikast yetmabdur, ammo Bosqonbek boturning ahvoli ogʻir! Qayga joylashamiz.

Q a l q o n b ye k. Oq oʻtovga! Gilamlar toʻshang. Hakimi Aʼzamni oldiring! Darhol.

Ikki sipoh oq kigizda Bosqonbekni koʻtarib kiradilar.

B o s q o n b ye k. Suv! Bir qoshiq suv!

Q a l q o n b ye k. (Shaqildogʻini shaqillatib). Suv! Sharbat!.

S a r a g u l (Tiz choʻkib). Inijonim! Senga ne boʻldi, inijonim.

B o s q o n b ye k. Saragul? (Alahsirab) Qaydamiz? Dorussaltanatga qaytdikmu? Qaytgan boʻlsak… Aqchagul qayda, opajon? Chaqiring uni, chaqiring!

Q a l q o n b ye k. (Saragulga oʻshqiradi) Oʻtovga chiq dedim senga! Chiq darhol!

Saragul koʻz yoshlarini artganicha chodirdan chiqadi, Yasovul kosada suv olib kiradi, Bosqonbek suv ichib atrofiga olazarak qaraydi.

B o s q o n b ye k. Qayga keldik? Qarorgohmu bu? Qalqonbek? Ogʻojon!

Q a l q o n b ye k. Qarorgoh, bovrim! (Oʻpkasi toʻlib) Inijonim, bovrim! Hozir tabiblar yetib keladur! Ollo shifo bersa otday boʻlib ketursan, ini-jonim. (Yasovullar) Oq oʻtovga!

B o s q o n b ye k. Toʻxta, ogʻajon! Toʻxtanglar! Sohibqiron hazratlariga soʻzim bor, tilagim bor!

Q a l q o n b ye k. Sabr qil, bovrim, sabr qil…

Hamma chiqadi, boʻsagʻada yolgʻiz yasovul qoladi. Ovloqdan kelayotgan hayqiriq va nogʻoralar gumbiri kuchayadi. Otlar kishnaydi. Chodirga ikki yonida ikki sipoh Shohruh Mirzo kiradi, sipohlar chekinishadi…

Sh o h r u h. Eshik ogʻasi qayda?

Ya s o v u l. Hakimlar qoshida, shahzodai juvon-baxt!

Sh o h r u h. Yoʻqla!

Yasovul chiqadi, Shohruh Mirzo qiblaga yuzlanib, qoʻllarini ochadi.

E, parvardigori olam! Mana, salkam ellik yildirki padari buzrukvorimizdan mehru shafqatingni darigʻ tutmading. Bukun yana inoyatingni darigʻ tutmay, ajal balosidan asrab qolding. Senga sanoqsiz hamdlar aytib, shukrona qilamiz!

Yuziga fotiha tortadi. Chodirga boshqa bir yasovul kirib, taʼzim qiladi.

Ya s o v u l. Sohibqiron Amir Temur Koʻragoniy hazratlariga izhori ixlos qilmoq matlabida Sulton Boyazid janoblari tashrif buyurmish.

Sh o h r u h. Sulton ermas, toju taxtidan mosuvo boʻlgʻon bir gʻurobo! Tashrif buyurgʻon ermish! Tashrif ermas, toʻrt oyoqlab emaklab kelmogʻi darkor erdi, ul battol! Gʻururini jilovlab, taqdir azalga tan bermoq oʻrniga hanuz janob Sohibqiron joniga qasd qilmoq rejasini tuzadur ul iblisi layin! Sohibqiron haz-ratlarini kutmoq darkor. Ungacha anov qora uyga joyla ul makkorni!

Tashqarida koʻp otlar kishnaydi. Chodirga qilich yalangʻochlagan bir guruh sipohlar qurshovida Sohibqiron hazratlari bilan shayx Nuriddin va amir Barlostegin kiradilar. Sipohlar chekinadilar.

Oʻtgan fursatda sohibqiron deyarli oʻzgarmagan, ehtimol soqol-murtidagi oq tolalar sal koʻpaygandir, ammo gap-soʻzlarida, harakatlarida oʻsha shiddat, oʻsha qatʼiyat. Oq oʻtov tamondan Qalqonbek kirib, taʼzim bajo keltiradi.

S o h i b q i r o n. (Keskin). Nechun gungsan, eshik ogʻosi? Soʻzla!

Q a l q o n b ye k. Bovrimning ahvoli nochor, davlatpanoh!

S o h i b q i r o n. Hakimlar ne deydi?

Q a l q o n b ye k. Hakimlarda zabon yoʻq, muolaja ila bandlar, olampanoh.

S o h i b q i r o n. Yoʻqla uni!

Qalqonbek chiqadi. Hamma sukutda bosh eggan.

M u a r r i x (jurʼatsizgina tamoq qirib). Yaratgan egamning shafoati cheksiz, davlatpanoh. Inshoolloh shifo topadur.

H a m m a. Inshoollo, inshoollo!

S o h i b q i r o n. Iloyo aytganingiz kelgay, mavlono! Bu sher-yurak oʻgʻlon faqirga jonini beradurgʻon bir er erdi, oʻz farzandi arjumandlarim qanday qalqon boʻlsa, shunday qalqon erdi!

Sh o h r u h. Biz ham uni oʻz tugʻushqon inimiz, deb bilur erdik, valineʼmat!

Qalqonbek bilan hakimi aʼzam kirib, taʼzim qiladilar.

Sukut.

S o h i b q i r o n. (Qahri kelib). Zaboning bormu yo tiling kesilganmu, hakimi aʼzam? (shivirlab). Botirim tirikmu yo…

H a k i m i A ʼ z a m. Shul daqiqada tirik, olampanoh, ammo…

S o h i b q i r o n. Soʻzla!

H a k i m i A ʼ z a m. Umidimiz Ollohdan, davlatpanoh!

S o h i b q i r o n. Yaratgan egam… saqlanganni… saqlaganni saqlayman degan. Botirimni saqlamoq sening gardaningda, hakimi aʼzam. Bor, qilaver muolajangni!.. Ammo… xato qilakoʻrma! Soʻzim ayonmu, hakim?

H a k i m i A ʼ z a m. Ayon, hazratim…

Qalqonbek ikkovi chiqadilar. Sukut. Sohibqiron u yoqdan bu yoqqa dargʻazab aylanadi.

S o h i b q i r o n. (Toʻsatdan toʻxtab). Oʻgʻlim Shohruh!

Sh o h r u h. Labbay valineʼmat!

S o h i b q i r o n. Sen oʻz poytaxting Hirotga qaytmoq taraddudini koʻraber.

Sh o h r u h. Qachon, buzrukvor?

S o h i b q i r o n. Darhol. Erta tong yoʻlga chiqmogʻing darkor… Shayx Nuriddin hazratlari!

Sh a y x N u r i d d i n. Qulogʻim Sizdadur, Olampanoh.

S o h i b q i r o n. Siz dorussaltana Samarqandga yoʻl olursiz! Siz amir Borlos tegin, Ajam orqali Qorabogʻga, Qorabogʻdan Jurjon shahri orqali Turkmanlar yurtiga, undan Balxga oʻtirsiz!

A m i r B a r l o s. Bosh ustiga!

Sh a y x N u r i d d i n. Siz hazratimning soʻzlari – bizday sadoqati zohir qullaringiz uchun amri xudodir!

S o h i b q i r o n. Har biringiz qancha suvoriy, qancha qurol-aslaha, qancha oziq-ovqat darkor boʻlsa – olingiz!

A m i r B o r l o s va Sh a y x N u r i d d i n (baravariga). Tashakkur, olampanoh!..

S o h i b q i r o n. Tagʻin ne kerak – olinglar. Ammo yoʻl-yoʻlakay hududim ichida paydo boʻlgʻon barcha qaroqchilar, bebosh tovlamachilar, choparlar va aygʻoqchilarimiz joniga qasd qilayotgʻon barcha kallakesarlarning payini qirqib, toki men qaytguncha yurtda osoyishtalik oʻrnatmoqlaring darkor! Darvoqe, men aytgʻon farmoni oliy tayyormu, mavlono!

M u a r r i x. Tayyor, tayyor, olampanoh!

S o h i b q i r o n. Tayyor boʻlsa bul zoti shariflarga bir nusxadan obergaysiz. Bul farmonni Sizlarga bergan cheksiz vakolatim deb bilursizlar!

Sh o h r u h. Valineʼmat!

S o h i b q i r o n. Xoʻsh?

Sh o h r u h. Men Sizni bu yerda, gʻanimlar orasida yolgʻiz tashlab ketolmasmen.

S o h i b q i r o n. Faqirni boʻri yemas. Qirq yil qirgʻinda asragan yaratgan egam, inshoollo bundan keyin ham asrar!

Sh o h r u h. Axir mening Hirotimda osoyishtalik!

S o h i b q i r o n. Hirot osoyishta boʻlsa Mashhad notinch! Ogʻang Mironshoh davlat yumushlarini yigʻishtirib qoʻyib, fahsh va aysh-ishratga mukkasidan ketib, oʻz qusugʻiga oʻzi belanib yotgan ermish! Borib koʻr: xufyalarim yetkargan bu xabar rost boʻlsa… menga darhol chopar yoʻllaysen!

Qalqonbek kirib, bosh egadi.

Q a l q o n b ye k. Davlatpanoh, Farangistondan zlchilar kelmish. Yuz xachir sovgʻa-salom va farang qirolining yorligʻini keltirmishlar.

S o h i b q i r o n. Yoʻq, farang elchilari navbat kutgay. Avval Sulton Boyazidga yoʻl ber! (Chodirdagilarga) Sizlarga ijozat! Safar hozirligʻini koʻrgaysizlar! (Muarrixga) Siz qoling, mavlono. Suhbatimizni yozib olmogʻingiz darkor!

Muarrix bosh egadi. Boshqalar chiqadi, Qalqonbek kiradi.

Q a l q o n b ye k. Janob Sulton Boyazid bir guruh nadimlari ila ijozatingizga muntazirdur!

S o h i b q i r o n. Sultonni taklif et! Nadimlari qolsun. Suhbatimiz yuzma-yuz, beguvoh boʻlmogʻi darkor!

Qalqonbek chiqadi. Sulton Boyazid kirib bosh egadi. Ustida joʻngina qora chakmon, boshida kulohsimon qalpoq.

S o h i b q i r o n. Marhamat, toʻrga oʻtsinlar, janob Sulton.

B o ya z i d. Tashakkur! Faqir endilikda sulton ermas, Sizday muzaffarning magʻlub bir qulidurman!

S o h i b q i r o n. Takabburlik qilmay yuqori oʻt! Bukun kaminaning aziz memoni boʻlursen.

B o ya z i d. Qulliq! Bukun Sizday amiri moʻminning mehmoni boʻlmoq na koʻnglimga sigʻadur, na martabam koʻtaradur buni!

S o h i b q i r o n. Sabab?

B o ya z i d. Sababi… Shul bukun subhi sodiq tush koʻribmen, janob Sohibqiron.

S o h i b q i r o n. Tush? Ne tush?

B o ya z i d. Faqiru haqir… Sizning muzaffar lashkarlaringiz yengilmas yanicharlarim ustidan gʻolib chiqqan kuni men oʻlim tilab yaratgan egamga iltijo qilgʻon erdim. Mening iltijom arshi aʼloga yetib boribdur. Bukun subhi kazzob Hazrat Azroyil alayhissalom oʻz farishtalari qurshovida faqir kulbamga qadam ranjida qildilar. Men sohibqiron Amir Temur Koʻragoniy hazratlarigʻa aytadurgʻon kalima bor deb, Hazrat Jabroil alayhissalomdan bir kunga ijozat soʻradum.

S o h i b q i r o n. Oʻzing toʻqigan choʻpchakmu bu yo haqiqatmu?

B o ya z i d. Bas! Faqir bukun bul oʻtkinchi makonda bor, ertaga yoʻqmen. Umid qilamanki, goʻr yoqasida turgʻon bandai ojizni bir ogʻiz soʻzdan mosuvo etmaysiz, amiral moʻminin!

S o h i b q i r o n. Yoʻq, mosuvo qilmaymen, ammo koʻnglingdagi zahringni ham, aytadurgʻon kalomingni ham yaxshi bilurmen, Yildirim!

B o ya z i d. Yaxshi bilursiz?

S o h i b q i r o n. Bilurmen. Sen izhori ixlos qilmoq ermas, malomat toshlarini yogʻdirmoq azmida kelgansen, huzurimga…

B o ya z i d. Astofurullo!

S o h i b q i r o n. Kaloming shulkim, men, kimsan Sulton Boyazid butkul turk olamini magʻrib gʻayridinlaridan asrab oʻrtada qolqon boʻlib turgʻon erdim, sen ersa meni toru-mor qilib, gʻanimlarimizga yoʻl ochib berding, demoqchisan sen!

B o ya z i d. Yo bu soʻzim haqiqat ermasmu, Sohibqiron? Magʻribda qilich yalangʻochlab turgʻon yovlaringizga yoʻl ochmadingizmu? Mashrikda Urusiyaga qarshi koʻkrak kerib turgʻon Toʻxtamishxonni yer birlan yakson qilib…

S o h i b q i r o n. (Qaltirab). Bas, ul munofiqdin soʻz ochib, eski yaramni tirnama. Yildirim! Padari buzrukvori olamdan oʻtib, yetim qolganida uning boshini silab, taʼlim-tarbiya qilib, otasi taxtiga oʻtqazgan kim? Amir Temur Koʻragoniy emasmu?

B o ya z i d. Amir Temur Koʻragoniy, ammo…

S o h i b q i r o n. Koʻragoniy boʻlsa, nechun bul malomat? Magʻribdagi gʻanimlarimga qarshi qalqon boʻlib turgʻon erdim deb koʻkrak kerasen, ammo yolgʻiz koʻzingni magʻribga ermas, mashriqqa qadaysen? Mening sarhadimgʻa tahdid solasen! Kamina seni koʻzi koʻr bir faqir desam, diling ham koʻr erkan, Boyazid!

B o ya z i d. Faqirni avf etgaysiz, hazratim. Meni koʻr qilib yaratgan egam, sizni ham choʻloq qilib yaratibdur.

S o h i b q i r o n. Ha parvardigori olam, bu dunyo taqdirini bir koʻr, bir choʻloqqa topshiribdur. Ammo bu kun menga bir haqiqat ayon boʻldi: koʻr boʻlgʻondan, choʻloq boʻlgʻon afzal erkan! Tagʻin ne arzing bor – soʻzla, Yildirim!

B o ya z i d. Yoʻq, senga aytadurgʻon boshqa kalomim yoʻq. Birdan-bir nasihatim: men basir bu dunyogʻa ustun boʻlurman deb oʻylogʻon erdim – boʻlolmadim. Sen choʻloq ham ustun boʻlolmaysen (chiqa boshlaydi).

S o h i b q i r o n. (Kesatib). Dono nasihat! Kamina bul haqiqatni bilmas erkanmen, koʻzimni och-ding, tashakkur, Yildirim.

(Boyazid chiqadi).

M u a r r i x. O, bani odam! Otdan tushsa-da, egardan tushmas, bani odam!

A m i r. Mayli. Magʻlub alamzada, gʻolib kechirimli boʻlmogʻi darkor! Suhbatni oqizmay-tomizmay bitdingizmu daftaringizga?

M u a r r i x. Bitdim. Hammasini bitdim, olampanoh.

S o h i b q i r o n. Barakallo! Boʻlgʻusi avlodlar bor haqiqatni bilmoqlari darkor, Mavlono!

Oʻtov tomondan: “Inim! Sheryurak inijonim!” degan faryod eshitilar. Chodirga sochlari yozilgan yoqasi chok Saragul bilan uni toʻxtatib qolishga urinayotgan Qalqonbek kirib kelishadi. Saragul yigʻlaganicha oʻzini Sohibqironning oyoqlari ostiga tashlaydi.

S a r a g u l. Sheryurak burgutingiz Bosqonbek olamdan koʻz yumdi, davlatpanoh. Koʻz yumdi. Baxtiqaro Aqchagul! Shoʻr peshona singilginam!

S o h i b q i r o n. (Hayratda). Saragul? Sen qanday, qachon kelding? (javob kutmay) Hakimi aʼzam qayda?

Q a l q o n b ye k. Yoʻqlaymu!

S o h i b q i r o n. Yoʻq! Bari Ollohdan. Yaratgan egamning xohishi shul erkan. Oʻz jannatidan joy ato qilgʻay! (Qalqonbekka). Dafn taraddudini koʻringlar! (Yuziga fotiha tortadi. Saragulni oʻrnidan turgʻizadi). Sen qachon kelding bu maskanga?

S a r a g u l. (Hiqillab). Shu bukun, Olampanoh.

S o h i b q i r o n. Sabab?

S a r a g u l. Bekam! Shoʻrlik bekam!

S o h i b q i r o n. Shoʻrlik? Sabab shoʻrlik boʻlur?

S a r a g u l. Saroyda gʻiybat, fisqu-fasod, tuhmat!

S o h i b q i r o n. (gʻazabi joʻshib). Chaynalmay soʻzla! Ne gʻiybat, ne tuhmat? Kim qiladur bu tuhmatni?

S a r a g u l. Saroy arkonlari… Haram bekalari…

S o h i b q i r o n. Soʻzla! Chaynalmay soʻzla dedim senga!

S a r a g u l. Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, hazratim. Ul tuban kimsalarning tuban soʻzlarini aytmoqqa tilim bormas!

S o h i b q i r o n. Yo soʻzla, yo tiling kesilur!

S a r a g u l. Soʻzlasam… emishki, bibim, sutday oq, musichaday uvol bibim… emishki… masjidi jomeʼ meʼmorining tuzogʻiga ilinmish…

S o h i b q i r o n. Tuzoq? Ne tuzoq?

S a r a g u l. Mu… mu… muhabbat tuzogʻi!

S o h i b q i r o n. Him… Bibim?.. Kimsan Sohibqiron Amir Temur Koʻragoniyning xasmi… qayoqdagi bir qalangʻi-qasangʻiga ishqi tushmish?

S a r a g u l (nola qiladi). Yolgʻon! Hammasi boʻhton, hammasi tuhmat, Olampanoh.

S o h i b q i r o n (gʻazabi junbushga kelib). Bibi Sardor qay goʻrda yuribdur?

S a r a g u l. Nadomatlar… nadomatlar boʻlgʻaykim, Bibi Sardor ham oʻshal tuhmatchilar yonini olmish!..

S o h i b q i r o n (alam bilan, ammo sekin). Bilgʻon erdim… Shunday boʻlishini bilgʻon erdim (baqirib). Daf boʻl koʻzimdin!

(Saragul chikadi).

S o h i b q i r o n (goʻyo oʻziga oʻzi) Bilgʻon erdim, hammasini bilgʻon erdim! (ojizona). O, bibim, bibijonim! Keksaygʻonda topgan durri gavharim!.. Men senga intilgʻon erdim, xuddi oʻzimgʻa inongʻonday inongʻon erdim!..

M u a r r i x (jurʼatsizgina). Hukm chiqarmoqqa shoshilmang, davlatpanoh. Shoyad bul kanizak aytgʻanday tuhmat boʻlsa, bari boʻhton boʻlsa.

S o h i b q i r o n (engil tortib). Shoyad! Darvoqe shayx Nuriddinning qoʻliga farmon yozib bermoq darkor. Toki borgʻunimga qadar Suluvkoʻz bibiga hech bir kimsa tegmagay! Oʻzim qilurmen haqiqatni, oʻzim!

 

P a r d a

 

 

Ikkinchi parda

 

UCHINCHI KOʻRINISH

 

Koʻksaroy. Sahna ikkiga boʻlingan. Oʻng tamonda Suluvkoʻzning xonasi, chap tamonda yaxshi jihozlangan charogʻon mehmonxona. Suluvkoʻzning xonasi nimqorongʻi. Tokchalarda bir-ikkitagina sham miltirab turibdi. Toʻrdagi baland toʻshakda, nozik parda ortida Suluvkoʻz yotibdi. Tashqaridan qoʻlida barkash, Saragul kiradi va mehmonxonadan oʻtib, Suluvkoʻzning xonasiga kiradi.

S u l u v k oʻ z. Aqchagul? Qayda yuribsen?

S a r a g u l. Yoʻq, bul men…

S u l u v k oʻ z. Aqchagul qayda?

S a r a g u l. Aqchagulni Bibi Sardor birla Shayx Nuriddin yoʻqlabdurlar.

Suluvkoʻz behalovat boʻlib boshini yostiqdan koʻtaradi.

S u l u v k oʻ z. Yo xudoyim! Bul hazrat Samarqandga kelibdurki, Aqchagulni har kuni yoʻqlagani yoʻqlagan. Sabab seni chorlamaydur? Ularga aygʻoqchilik qilib, sir tashib yuribdi sening singling!

S a r a g u l. Y-yoʻq! Unday demang, bibijon! Suyukli yori Bosqonbek rahmatlik boʻlibdurki, telbalanib qoldi shoʻrlik singlim. Uning hushi oʻzida ermas, bibim.

S u l u v k oʻ z. Qaydamov, Saragul. Baribir niyatlari yomonov bularning!

S a r a g u l. Qoʻrqmang, bibim. Niyatlari yomon boʻlsun, boʻlmasun, Siz Olloh qovushtirgan yoringiz janob Sohibqiron oldida sutday oq, farishtaday begunohsiz!

S u l u v k oʻ z. Ha, yaratgan egam shohid! Oʻzi qoʻshgʻon xoʻjam oldida tariqday gunohim yoʻq. Biroq bul ichi qora shumniyatlar tarqatgan gʻiybatlar, tuhmatlar, bular qoʻygan tuzoqlar!..

S a r a g u l. Bular bir ermas, ming tuzoq qoʻymasunlar sizning harom tukingizga ham tegolmaydurlar. Eshik ogʻasi Qalqonbek inim aytdilar: farmoni Humoyun shunday ermish!

Suluvkoʻz hayajondan oʻrnidan turib ketadi.

S u l u v k oʻ z. Ha, ha, shundan soʻzla! Boshqa barcha soʻzni qoʻyib, shundan soʻzla, jonim Saragul!

S a r a g u l. Ming marotaba soʻzladim…

S u l u v k oʻ z. Ming tugul, yuz ming marotaba aytsang ham jon qulogʻim ila eshitaman. Saragul, soʻzla, jonginam!

S a r a g u l. Qalqonbek inim aytmish. Farmoni Humoyunda bitilgan ermishkim, janob Sohibqiron dorussaltanaga qaytgach, oʻzlari haqiqat qilur ermush! Ungacha Sizni birov ranjitmoq u yoqda tursin bir ogʻiz yomon soʻz aytilmasun!.. Olampanoh yoʻlga chiqqa-nidan xabaringiz bor. Xudo xohlasa erta-buruskun yetib keladur!

S u l u v k oʻ z. (Tahlikaga tushib). Erta-buruskun?

S a r a g u l. Uch-turt kun burun Keshga kelib, yurtga osh bermoq niyatida Oqsaroyga qoʻngʻon emishlar. Kecha osh berib yoʻlga chiqqon boʻlsalar shul subhidam kelib qolurlar.

S u l u v k oʻ z. Shul subhidam? Buni bilur ekansen, sabab menga aytmading?

S a r a g u l. Oxirgʻi daqiqada aytib Sizdan suyunchi olmoq niyatida aytmagan erdim! Suyunchingizni bering endi, bibim!

S u l u v k oʻ z. Shul subhidam… shul subhidam yetib kelur. Yo rab!

S a r a g u l. Sizga ne boʻldi? Quvonmoq oʻrniga tahlikaga tushasiz, malikam?

S u l u v k oʻ z. Yoʻq-yoʻq. Suv ber, jonginam, suv!

Saragul koʻzachadan suv quyib beradi.

S a r a g u l. Nechun titraysiz? Meni ham qoʻrqitib yubordingiz, bibim!

Suluvkoʻz yuzini qoʻllari bilan toʻsib yigʻlaydi.

S a r a g u l. Soʻzlang, malikam! Koʻnglingizda ne gʻubor, ne sir-asror bor – yashirmang mendan! Sizning boshingizga kelgan qilich men joriyangiz boshiga ham kelur!

(Suluvkoʻz hamon titrab yigʻlar.) Yo anov (shivirlab) qalangʻi-qasangʻi meʼmor toʻgʻrisidagi mish-mishlarda jon bormu?

Sukut.

S a r a g u l. (dahshat ichida.) Yo xudoyim! Nahot Siz, janob Sohibqironning Ollo qovushtirgan mankuhasi, ul zoti sharifga xiyonat qildingiz?

S u l u v k oʻ z. (Kaftlarini yuzidan oladi, koʻzlari yonib.) Yoʻq, yaratgan egam shohid. Sohibqiron hazratlari oldida sutday oq, norasida goʻdakday pokmen! Pok!

S a r a g u l. Yoʻqsa sabab qaltiraysiz? Sabab qoʻrqasiz, bibim?

S u l u v k oʻ z. Ul shoʻrlik… ul shoʻrlik meʼmorning boshiga ishq savdosi tushmish…

S a r a g u l. Shoʻrlik boʻlmay qora yerga kirgay ul betovfiq! Betovfiq boʻlmasa, kimsan fotihi muzaffarning mankuhasiga ishqi tusharmu?

S u l u v k oʻ z. Yoʻq-yoʻq! Sen oʻylagan yomon niyatda ermas. Bor-yoʻgʻi jamolingizni bir koʻray deb, oyoqlarim ostigʻa yiqildi…

S a r a g u l. Siz ersa… ul nobakorning bul mashʼum tilagini bajo keltirdingiz?

S u l u v k oʻ z. Ne qilay, boshqa choram qolmadi! Yoʻqsa… qurilishni tugatmay masjidi jomeʼ peshtoqidan oʻzimni tashlayman dedi…

S a r a g u l. Siz boʻlsa… ul telbaning bul yolgʻon poʻpisasiga inonib, ruxsoringizni koʻrsatdingiz?

S u l u v k oʻ z. Yoʻq-yoʻq! Koʻnmadim, sira koʻnmadim!

S a r a g u l. Koʻnmagan boʻlsangiz, nechun bu vahima, bu tahlika?

S u l u v k oʻ z. Shunda ul…

S a r a g u l. Soʻzlang!

S u l u v k oʻ z. Shunda ul aytdiki, yuzingizdagi pardani… pardani olmasangiz ham mayli… faqat faqat bir boʻsa, dedi.

S a r a g u l. Imonsiz!

S u l u v k oʻ z. Ne qilay, choram qolmadi. (Yigʻlaydi). Ammo yonogʻimga lab ermas, bamisoli bir choʻgʻ tegdi. Vujudimdan oʻt chiqib ketdi.

S a r a g u l. Aqlingiz qayda edi, aqlingiz? Soʻng ne boʻldi, soʻzlang borini!

S u l u v k oʻ z. Saroyga ot surib kelib, koʻzguga qarasam, rostdanda lab ermas, choʻgʻ tegibdur yonogʻimga. (Hiqillab) Mana necha kundirki, qilmagan muolajam qolmadi. Qora dogʻ ketmaydur, ketmaydur.

Saragul qahr bilan Suluvkoʻzning yuzidagi pardani yulib oladi va qoʻrquv ichida orqaga tisariladi.

S a r a g u l (sensirab). Ha, yonogʻingga choʻgʻ emas, lab turqidagi choʻgʻ tegibdur, otash temir tegibdur, otash! (Alamdan qovurilib) Men ersam, men anqov ersam, saroydagi bu mish-mishlarning barchasi tuhmat degan soʻzlaringga inonib, bir oy tunu kun orom bilmay ot surib, arzingni kimsan Jahongir hazratlariga yetkazibman.

S u l u v k oʻ z. Saragul! Birdan bir suyanchim…

S a r a g u l. Endi ne degan odam boʻldim men? Erta-buruskun olampanoh yetib kelganlarida uning yuziga qanday qaraymiz, behayo?

Suluvkoʻz Saragulning oyoqlari ostiga yiqiladi.

S u l u v k oʻ z. Oyogʻinga bosh urib iltijo qilaman: meni qutqar. Ana, yostigʻim ostida xanjar! Uni koʻksimga sanchib boʻlsa-da, roʻmoling ila boʻgʻib oʻldirsang-da, meni bul sharmisorlik, bul malomatlardan qutqar, oltinim, Saragulim!

Tashqaridan taraq-turuq ovozlar keladi.

S u l u v k oʻ z (vahima ichra). Hazrat sohibqiron? Yo parvardigor? Endi ne qildim? Qaygʻa qochay? Qayga kiray?

S a r a g u l. Janob Sohibqiron ermas! Davlatpanoh nogʻoralar gumbiri, karnay-surnaylar sadosi ostida asʼasayu-dabdaba ila kelurlar!

S u l u v k oʻ z. Kim boʻlmasin – kiritma! Xasta de! Otash ichra qovrilib yotibdi de!

Suluvkoʻz u yogʻdan bu yoqqa yugurib, shamlarni puflab oʻchiradi. Saragul qoʻshni xonaga oʻtadi. Tashqaridan Aqchagul kiradi va Suluvkoʻzning xonasi tomon intiladi.

S a r a g u l. Bibimiz betob! Ahvoli ogʻir!

A q ch a g u l. Daf boʻl! Bilamen ne dardga uchragan? Bu yerda ne sir-asror bor – barini bilamen. Yoʻlimni toʻsma. Hozir Bibi Sardor ila shayx Nuriddin hazratlari qadam ranjida qiladurlar! Shayton uya qurgan bul dargohga!

S a r a g u l. Barcha sir-asrorlardan voqif boʻlsang, ularni Bibi Sardorga yetkazgan ham senmu?

A q ch a g u l. Men!

S a r a g u l. Xudodan qoʻrq, singiljon! Biz bu dunyoga kelib, neki yaxshilik koʻrgan boʻlsak – shul baxti qaro bibimizdan koʻrmadikmu?

A q ch a g u l. Bul behayo badbaxt nozanin neki yaxshilik qilgan boʻlsa – menga ermas, senga qildi! Unga sirdosh ham, qurdosh ham sen boʻlding! Agar menga inonganda nechuk chopar qilib meni ermas, seni yubordi. Kim bilur, agar sening oʻrningda men boʻlganimda sohibchangal lochinimni asrab qolgan boʻlurmidim? Aqalli jon taslim qilayotganida, oltin boshini silab taskinu tasalli berarmidim unga? (Yoʻqlab yigʻlaydi). Burgut desam burgutim, shunqor desam – shunqorim, sen oʻlguncha men oʻlsam boʻlmasmidi? Janob Sohibqironga otilgan oʻq sening ermas, mening koʻksimni teshsa boʻlmasmidi?

Tashqarida otlar dupuri eshitiladi, eshik ochilib, Shayx Nuriddin bilan Bibi Sardor kiradi.

Bibi Sardor (Saragulga). Sen nechuk eshikda sarbozday serrayib turibsen, kanizak? Yo roʻparangda turgʻonlarni tanimay qoldingmu Bibing birla qoʻshmazor boʻlgʻur, behayo!

S a r a g u l (Taʼzim qiladi). Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, Bibi momo. Malikam qattiq xastalar!

Sh a y x N u r i d d i n. Biz ham Bibingiz betob boʻlgʻonini eshitib, holidan xabar olmoq azmida keldik. (Kinoyamuz). Ijozat bergaysiz, malikam!

Eshikni ochadi.

B i b i S a r d o r. Nechuk bu xona zindonday zimiston?

A q ch a g u l. Hozir, hozir…

Ichkariga kirib shamlarni yoqadi, xona charaqlab ketadi. Saragul oʻzini kursiga tashlab, boshini changallab oladi. Suluvkoʻz teskari oʻgirilib olgan. Bibi Sardor bilan Shayx Nuriddin ichkariga kiradilar.

B i b i S a r d o r. Janob Sohibqiron topshirigʻi ila sendan xabar olgʻoni Shayx Nuriddin hazratlari tashrif buyurmishlar.

S u l u v k oʻ z (Zaif tovushda). Toabad minnatdormen…

B i b i S a r d o r. Xasta boʻlmoq tugul jon taslim qilayotgʻon boʻlsang ham oʻrningdan tur, beadab! (Aqchagulga) Yordam ber, bekangga!

Aqchagul toʻshakka yaqinlashadi.

S u l u v k oʻ z (Talvasaga shushib). Oʻzim, oʻzim!

Suluvkoʻz yuzidagi pardani mahkam ushlagancha taʼzim bajo keltiradi.

B i b i S a r d o r. Xasta boʻlsang, hakimlarni yoʻqlamoq lozim. Dori-darmon qilsinlar!

S u l u v k oʻ z. Yoʻq-yoʻq. Kerak emas, oʻtib ketur, oʻtib ketur!

B i b i S a r d o r. Yoʻqsa sabab bul talvasa? Sabab bezgak tutgandek qaltiraysen?

Shartta yuzidagi pardani yulib oladi. Suluvkoʻz jon holatda betini qoʻllari bilan toʻsadi.

B i b i S a r d o r. Bune dogʻ, malikam? (Suluvkoʻz sukutda. Bibi Sardor uning iyagidan koʻtaradi.) Dogʻ ermas bu, bir nomard nomahramga yonogʻingdan tishlatibsen, manjalaqi!

S u l u v k oʻ z. Oyogʻingizga yiqilamen, iltijo qilamen. Tuhmatlarga inonmang, oliyhimmat bibim!

B i b i S a r d o r. Mening soʻzim tuhmat boʻlsa, bul qora dogʻ ne, yuzsiz? Yaxshiroq kelib, bir qarang, Shayx Hazratlari.

Sh a y x N u r i d d i n. (Qoʻllarini siltab). Hazar, alhazar!

B i b i S a r d o r. Yo tavba. Bunday behayo – besharm manjalaqini yer yutsa boʻlmasmu, e yaratgan egam. Kimsan hazrat Sohibqironday bebaho tulporni koʻchada qolgʻon bir eshakka olmoshtirmoq!.. Erta-buruskun Olampanoh muzaffar safardan qaytganda qaysi yuz ila uning yuziga qaraysen, benomus?

S u l u v k oʻ z. Ey qudratli egam! Qaysi gunohlarim uchun bu haqorat, bu koʻrgulik?

B i b i S a r d o r. Qilgulikni qilib qoʻyib, koʻkka nola qiladiya bu yuzsiz. Ehtiyot boʻlmoq kerak bul behayoga? Ming ishva ila soqchilarni ham sehrlab, qochib ketmogʻi ham dargumon ermas bu jodugar!

Sh a y x N u r i d d i n. Xotirjam boʻling, barcha ehtiyot choralar koʻriladur, Malikam (chiqadi).

Toʻsatdan nogʻoralar gumburlaydi.

B i b i S a r d o r. Ana, muzaffar sarkarda sharafiga toʻy-tomosha boshlandi. Qaysi yuz ila Sultoni Salotinning koʻziga koʻrinasen (Saragulga) Sen-chi, bibing birla qoʻshmozor boʻlgʻur, qoʻshmachi! (Aqchagulga) Beri kel. Qulogʻingga aytadurgʻon soʻzim bor!

Chiqadilar. Suluvkoʻz sarosima ichida xonani gir aylanadi. (Daricha oldida toʻxtab). E, parvardigori olam! Oʻzing koʻrib turibsen. Qoʻshgʻoningga xiyonat qilmaganimga oʻzing shohidsen. Mana, necha yildirki, jufti halolim xayoli ila yashadim. Kunlarim ham, tunlarim ham visol orzusida oʻtdi! Jismim ham pok, dilim ham, koʻnglim ham.

S a r a g u l. Bandasi adolatsiz boʻlsa, yaratgan egam adolatli. Shoyad gunohingizdan oʻtsa.

S u l u v k oʻ z. Parvardigori olam gunohimdan oʻtganda ham yuzimda bul mashʼum dogʻ turganda janob Sohibqiron Amir Temur Koʻragoniy Hazratlarining koʻziga qanday koʻrinamen.

Shartta darichani ochadi. Nogʻoralar gumburi, karnaylar vot-voti, otlar kishnashi qoʻshilib, yeru-koʻk larzaga keladi.

Dorussaltanat uzoq-yaqinda yongan mashʼalalardan charogʻon.

S u l u v k oʻ z. Aylanayin, Saragul. Qurgʻon masjidimni bir koʻray!

Saragul shamlarni bitta-bitta puflab oʻchiradi. Behisob mashʼalalar va gulxanlar shuʼlasida tungi Samarqand seryulduz osmonni eslatadi. Qorongʻuda Suluvkoʻzning nidosi yangraydi.

S u l u v k oʻ z. Gunohkor bandangni oʻzing kechirgaysen, yaratgan egam! Bul makonda oʻzing qoʻshgan xoʻjam ila diydorlashish nasib etmadi, shoyad ul makonda diydorini koʻrsam! (Sakrab daricha peshiga chikadi).

S a r a g u l. (Dahshatga tushib). Bibim, toʻxtang, Bibim!

Qorongʻuda Suluvkoʻzning “Alvido, hazratim, alvido!” degan ovozi eshitiladi. Nogʻoralar gumburi arshi-aʼloga chiqadi.

 

P a r d a

 

 

Ikkinchi parda

 

TOʻRTINCHI KOʻRINISH

 

Oʻtrordagi ikki boʻlmadan iborat qarorgoh. Oʻng tomondagi xonaning toʻrida baland toʻshak. Toʻshakda xasta Sohibqiron hazratlari yotibdilar. Soʻrining bosh tomonidagi sakkiz qirrali xontaxtada dori-darmonlar solingan behisob shisha va koʻzachalar. Poygakda chuqur sukutga choʻmib, Hakim aʼzam bilan eshik ogʻasi Qalqonbek oʻtiribdi. Burchakdagi oʻchokda lovillab saksovul yonmoqda. Soʻl tomondagi xona nisbatan yorugʻ. Qator kursilarda bir qancha sarkardalar, tabiblar oʻtirishibdi, ular orasida birgina amir Barlos teginni taniymiz. Tashqarida och shaqallar ovozini eslatuvchi qora boʻron uvillaydi. Boʻron avjiga chiqqanda qarorgoh goʻyo jonli maxluqday titraydi, silkinadi.

Sirtdan ustlarida qashqir poʻstin, boshlarida boʻrk shayx Nuriddin bilan shahzoda Xalil Sulton kirib, boʻrk va poʻstinlaridagi qorni qoqadilar. Hamma oʻrnidan turadi.

A m i r B a r l o s. Boʻron battar avjiga chiqmoqda chogʻi?

X a l i l S u l t o n. Ha, besh battar qutirmoqda. Otlarning ustiga kigiz yopsak-da, nafi yoʻq. Tuyoqlari yaxlab yerga yopishib qolmoqda.

A m i r B a r l o s. Vo darigʻ. Bu ne koʻrgilik? Gʻala-gʻovur xitoblar: Bir haftadurki, tunu-kun uvillaydi! Oʻtovlarni saksavul ham isitmay qoʻydi!

Sh a y x N u r i d d i n. Bul gʻalayondan ne foyda? Hammasi omadli!

X a l i l S u l t o n. Hazrat Sohibqiron shifo topsa – bari oʻrniga tushur. Hakimi aʼzam qayda?

Ichkaridan Hakimi aʼzam bilan eshik ogʻasi Qalqonbek chiqadilar.

X a l i l S u l t o n. Sizda ne mujda bor, janob Hakim?

H a k i m i A ʼ z a m. Bandai ojiz qoʻlimizdan neki muolaja kelsa – barini qoʻllamoqdamiz, shahzodai juvonbaxt!

X a l i l S u l t o n. Nafi bormi, yoʻqmi bu muolajangizdan? Mundan soʻzlang.

H a k i m i A ʼ z a m. Ollo shifo bersa, ajab emas! Ammo…

X a l i l S u l t o n. Tilingizni gʻoʻldiratmay soʻzlang barini. Haqiqatni bilmogʻimiz darkor!

H a k i m i A ʼ z a m. Nadomatlar boʻlgʻayki, janob Sohibqironning harorati tushmay alahsiray boshladilar?.. Koʻzlariga har narsa koʻrinadur.

Q a l q o n b ye k (Jurʼatsizgina). Ehtimol Hirotga Mirzo Shohruh janoblariga xabar bermoq lozimdur.

A m i r B a r l o s. Haq soʻz. Chopar yoʻllamoq lozim!

X a l i l S u l t o n. Haq soʻz emish (Qalqonbekka) Sen nobakor Hazrat Sohibqiron olamdan koʻz yummasdan turib undan umid uzdingmi, nomard?

Sh a y x N u r i d d i n. Boz ustiga hazratlarining sevimli nabirasi shahzoda Xalil Sulton va sadoqatli zohir bul sarkardalari haziru nozir boʻlib turgʻonlarida hamma yoqqa ot surib vahima koʻtarmoqqa hojat yoʻkdur, eshik ogʻasi!

Q a l q o n b ye k. Avf etgaysiz hazratim…

Ichkaridan: “Bibim! Bibijonim!” degan ovoz keladi.

H a k i m i A ʼ z a m. Ana! Yana alahsiray boshladilar…

Hamma eshik tirqishiga intiladi. Bu – xonadagi shamlar soʻnib, janob Sohibqiron xonasi biroz yorishadi. Sohibqiron egnida tuya junidan toʻqilgan oq chakmon, boshida kimxob qalpoqcha, qaddini rostlab, nimqorongʻu burchakka tikilib qolgan. Eshikdagilar lol, chunki burchak boʻm-boʻsh.

S o h i b q i r o n. Bibim, bibijonim. Izlay-izlay keksayganda topgan duru-gavharim. Nechuk meni kutmading? Meni kutmay aziz joningga qasd qilding?

Xalil Sulton va Shayx Nuriddin yetib kelib uni suyab qoladilar, Hakimi aʼzam qandaydir suyuqlik tutadi.

S o h i b q i r o n (dorini ichib). A? Bu ne? Tushummu, oʻngimmu? Bibim qayda? (boshini koʻtarib uyoq-bu yoqqa qaraydi). Bul qattol boʻron hanuz toʻxtamabdur. Lashkarlarimning holi ne boʻldi?

X a l i l S u l t o n. Valineʼmat! Bezovta boʻlmang. Sodiq lashkarlaringiz safarga shay turibdur.

S o h i b q i r o n. Shahzoda Xalil Sulton? Sen qaydin kelding? Menga ne boʻldi? Qayda men oʻzi?

Sh a y x N u r i d d i n. Siz Oʻtrorda, oʻz qarorgohingizdadursiz. Olampanoh. Inshoollo bukun-erta shifo topursiz. Soʻng maqsad sari ot sururmiz.

S o h i b q i r o n. Ha, ot surmoq darkor, ot surmoq!

Ular chiqishi bilan Sohibqiron yana boshini qoʻtarib, nimqorongʻu burchakka tiqiladi.

S o h i b q i r o n. Bul kim? Yovuz Chingizxon? Anov kim? Sotqin Toʻxtamish? Sulton Boyazid ne qilib yuribdi mening qarorgohimda! Qaydasen, Qalqonbek!

Qalqonbek kirib taʼzim qiladi.

Q a l q o n b ye k. Xizmatingizga muntazirmen, davlatpanoh.

S o h i b q i r o n. (qoʻlini burchak tomon niktab). Anov munofiq gʻanimlarim ne qilib yuribdur mening saroyimda?

Q a l q o n b ye k. (dovdirab). Kim? Kimlarni aytadursiz, hazratim?

S o h i b q i r o n. Koʻzing koʻrmi anovilarni koʻrmaysen?.. Yovuz Chingizxon, xoin Toʻxtamish! Muzaffar lashkarlarim yakson qilgʻon magʻlub Yildirim! Ayt ulargʻa: men Toʻxtamishday tuzimni yeb, tuzlugʻimga tupurgan ila soʻzlashmaymen.

Q a l q o n b ye k. Va toʻgʻri qilardursiz, Olampanoh!

S o h i b q i r o n. Anov Yildirim ham koʻzimdan daf boʻlgʻay. Unga aytadurgʻon bir soʻzimni bir marotaba aytgʻanmen. Magʻlub lashkarlari magar mard boʻlsa, gʻururini jilovlab, taqdirigʻa tan bermogʻi darkor. Yovuz Chingiz qayerga gumdon boʻldi? Yoʻqla. Unga aytadurgʻon soʻzim bor, koʻksimda alamim bor! (boshini yostiqqa tashlaydi).

Qalqonbek sarosima ogʻushida burchak tomon yurib, kimgadir qoʻllarini siltagan boʻladi-yu, oyoq uchida yurib qoʻshni xonaga chiqadi. Sohibqiron xonasidagi shamlar oʻchib, qoʻshni xona yorishadi.

A m i r B a r l o s. Ne boʻldi? Tinchib uyquga ketdilarmu?

Q a l q o n b ye k. Bilmam, Amirim. Hanuz alahsiraydur, koʻziga birda Toʻxtamishxon, birda Sulton Boyazid, birda Chingizxon keladur.

X a l i l S u l t o n. (Hakimga). Bir chorasini qilgʻaysiz, janob Hakimi Aʼzam. Dori-darmon qiling!

H a k i m i A ʼ z a m. Hazratlarning es-hushlari joyidadur, faqat ruhi bezovtadur, xolos. Inshoollo oʻziga kep qolur.

H a m m a. Inshoollo, Inshoollo!

Ichkaridan: “Ha, qattol!” degan hayqiriq eshitiladi. Bu xonadagi chiroqlar oʻchib, ichkari xonada shamlar yonadi. Sohibqiron toʻshakda qaddini rostlab, burchakka tikilib qolgan. Burchakda Chingizxon koʻlankasi.

S o h i b q i r o n. Yurtimni oyoq osti qilgʻon, koʻrkam shaharlarimni vayronxonaga aylanturgʻon battol, bamisoli oʻlaksa hidini sezgan quzgʻunga oʻxshab, tagʻin ne matlabda yuribsen mening hududimda?

Ch i n g i z x o n. (Hiringlab kuladi). Hi, hi, hi… Men battol yurtingni toptab, obod shaharlaringni kultepaga aylanturgʻon jallod, Temur Koʻragoniy ersa… farishta!

S o h i b q i r o n. Yoʻq, men ham farishta emasmen. Benuqson yolgʻiz parvardigor. Magar mard boʻlsang qadamim yetgan joylarni, zabt etgʻon shaharlarni borib koʻr! Bir gʻisht koʻchsa, oʻn gʻisht qoʻydum, Olloh taolo shohid: Hirotu Mashhad, Damashqu Bogʻdodda bunyod etgan saroylar, masjidu-madrasalar ul shaharlarning koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turibdur!

Ch i n g i z x o n. Yodingdan chiqmasun, Sohibqiron. Men sahroda tugʻilgan avom bir sahroyimen. Men uchun bir bogʻ yantoq, bir hovuch yavshan sen aytgʻon oʻshal koʻrkam shaharlardan afzaldur.

S o h i b q i r o n. Makoning sahro erkan, goʻzal boʻstonlar qadrini bilmas erkansen, nechun gulday elimni otlaring tuyoqlari ostida toptading? Nechun Oʻtroru Samarqand, Buxoroga, Urganchday muazzam shaharlarimga oʻt qoʻyib, shaqallar makoniga aylantirding? E, yaratgan egam! Nechun ojiz bandangni bu sahroyi qashqir bostirib kelganida bunyod etmading?

Ch i n g i z x o n. (Kuladi). Oʻsha mavridda tugʻilgʻoningda qoʻlingdan ne kelardi?

S o h i b q i r o n. Hozir koʻrsatamen, qoʻlimdan ne kelar erdi?

Shitob bilan oʻrnidan turadi. Uning vajohatidan qoʻrqqulik: mushtlari tutilgan, koʻzlaridan oʻt chaqnaydi. Koʻlaga orqaga tisarilib gumdon boʻladi.

S o h i b q i r o n. Toʻxta, shaqal, toʻxta!..

Chayqalib ketadi, Xalil Sulton va boshqalar yugurib kirishib, suyab qolishadi va joyiga yotqizishadi.

X a l i l S u l t o n. (Tiz choʻkadi). Valineʼmat! Siz sher erdingiz, sher? Ne boʻldi sizga?

S o h i b q i r o n. A? (Koʻzini ochar). Ne gʻov-gʻuv bul? Hanuz tinmadimu boʻron? Boʻron ermas, och qashqirlar, shaqallar uvillaydur.

H a k i m i A ʼ z a m. Manov doridan bir qultum ichgaysiz, olampanoh! Baniyati shifo…

S o h i b q i r o n. (Ogʻir hansirab). Yoʻq, endi sening dori-darmonlaring shifo bermas! Saroybon qayda?

Q a l q o n b ye k. Qulogʻim sizdadur, Hazratim!

S o h i b q i r o n. Hirot va Balxga, oʻgʻlim Mirzo Shohruh ila valiyahdim shahzoda Pirmuhammadga chopar yoʻllamoqni topshirgʻon erdim…

Q a l q o n b ye k. Chopar ketgʻon. Ammo hanuz darak yoʻq, janob Sohibqiron.

S o h i b q i r o n (Qahri kelib). Darak yoʻqmu yo chopar ketmagʻonmu?

X a l i l S u l t o n. Valiyneʼmat! Valiyahdim shahzoda Pirmuhammad dedingiz?

S o h i b q i r o n. Sabab bul soʻzimga qaltiraysiz? Yo seningda daʼvong bormu toju-taxtimgʻa?

X a l i l S u l t o n. Davlatpanoh! Aytishlaricha, shahzoda Pirmuhammad ayshu-ishratga mukkasidan ketib, davlat ishlaridan yuz oʻgirgan emish! Bu yoqda ulugʻ salohiyatga ega anchadan-qancha nabiralaringiz bor.

S o h i b q i r o n. Biri senmu?

Sh a y x N u r i d d i n. Afu etgaysiz, olampanoh! Mana necha kundirki, zurriyodingiz Mironshohning farzandi boʻlmish shul nabirangiz tunu-kun boshingizda parvona!

S o h i b q i r o n. Boxabarmen. Umri uzoq boʻlgʻay! Mendan qaytmasa Ollohdan qaytgay. Va lekin ne-ne aslzodalarning zaifalari turgʻonda, mening nasihatimga kirmay, koʻchada qolgʻon bir ojizaning ish-tonigʻa yopishib olgʻon bul nabiramga qanday inʼom etay?

X a l i l S u l t o n. Padari buzrukvor. Afu eting, gunohkor nabirangizni afu eting!..

Sh a y x N u r i d d i n. Yoshlik qilgʻon, gʻoʻrlik qilgʻon. Ammo…

S o h i b q i r o n. Bas! Yaqin-oʻrtada kim? Amirlar va sarkardalar boʻlsa yoʻqlang!

Amir Barlos va bir nechta sarkardalar kiradilar, ular orasida Mavlono muarrix ham bor. Sohibqiron oʻrnidan qoʻzgʻoladi, uning yelkasi va qoʻltiqlariga yostiq qoʻyadilar.

S o h i b q i r o n. Sadoqati zohir sarkardalarim, inongan togʻlarim! Noraso inson, faqir neki yaxshi ish qilgʻon boʻlsam, siz vafodor lashkarboshlarimgʻa suyanib qildum.

O v o z l a r. Biz ham, biz qullaringiz ham…

S o h i b q i r o n. (Toʻxtanglar, degan maʼnoda qoʻlini koʻtaradi). Ammo mana, hukmi Olloh bul bebaqo makondin, ul boqiy makonga yoʻl olmoq onlari kelibdur. Bas, koʻzim tirik, aqlim raso mavridda ay-tadurgʻon soʻgati kalomimni aytib, rozi-rizoligimizni olmoq matlabida yoʻkdadim Siz shavkatli habiblarimni!

X i t o b l a r: Olampanoh! Bunday demang, Vali-neʼmat! Olloning mehru-muruvvati cheksizdir!.. So-hibqiron yana qoʻlini koʻtarib xitoblarni boʻladi.

S o h i b q i r o n. Aqlu-hushim joyida ekanida Siz suyangan togʻlarimga qiladurgʻon vasiyatim shulkim, toju-taxtim vorisi… Ollodan talab qilgʻon toʻngʻich zurriyotim rahmatlik Mirzo Jahongirning aqli zukko sohibi changal farzandi shahzoda Pirmuhammad boʻladi!..

Hamma sarosimada. Xalil Sulton oʻrnidan sapchib turmoqchi boʻladi, ammo Shayx Nuriddin uni etagidan tortib oʻtqazadi.

“Shahzoda Pirmuhammad, shahzoda Pirmuhammad!” degan shivir-shivirlar eshitiladi.

S o h i b q i r o n. Yaʼniki, shul suyukli nabiramga bayʼat qilursizlar. Qasam ichib toabad xizmatida boʻlursizlar (yana gʻala-gʻovur, Sohibqiron qaxri keladi). Bul ne shivir-shivir? Ne pichir-pichir? Hali koʻzim yumilmasdan turib, bul nizo, bul nifoq. Ochiq soʻzlang. Kim norozi? (Sado yoʻq). Yodlaringda boʻlsin as-salotin amri-hukmi xudodir! Soʻzim ayonmu?

O v o z l a r: Ayon, Olampanoh, ayon!

S o h i b q i r o n. Biz qirq yil birga ot surdik. Ollo bergan tuz-nasibani birga baham koʻrib, Mashriqdan Magʻribga choʻzilgan hududsiz davlat qurdik. Ammo yodlaringda boʻlgʻay. Davlat har qancha qudratli boʻlmasun, uning tomirigʻa bolta uradurgʻon uch xatar bor: birlamchi oʻzaro noahillik, ikkilamchi jaholat, uchinchisi tarafkashlik. Shul uch xatardan ehtiyot boʻlsangizlar – faqir tiklagan bu davlat – togʻday abadul-abad turadur! (Yana gʻala-gʻovurni bosib). Kimki, bul vasiyatga xiyonat qilsa, xoh farzandlarim boʻlsun, xoh sarkardalarim – qargʻishimga mubtalo boʻladur.

O v o z l a r: Bul vasiyatingiz toabad yodimizda turadi. Inshoollo yodimizda saqlaymiz!..

S o h i b q i r o n. Kimki bul yoʻlda menga vafo qilgʻon boʻlsa, vafo topadi, jafo qilgʻon boʻlsa jafo topadi. Ojiz banda ulugʻ davlat quramen deb, nafaqat gʻanimlarim, ehtimol sizday sadoqati zohir sarkardalarimga ham ozor bergan onlarim boʻlgʻondir.

“Olampanoh, davlatpanoh!” degan xitoblar.

S o h i b q i r o n. Kimningki diliga ozor bergʻon boʻlsam, kimniki nohaq ranjitgan boʻlsam, shu yurt obod boʻlsin deb, davlatim qudratli boʻlsin deb qilgʻondurmen. Rozi boʻlinglar. Faqir ham sizlardan rozimen!..

Yigʻi aralash xitoblar: “Biz ham sizdan rozimiz, olampanoh. Bu dunyo, u dunyo rozimiz. Siz ham bizning gunohlarimizni afu eting, davlatpanoh!”

S o h i b q i r o n. Mavlono Muarrixdan boshqa, barchangizga ijozat!

X a l i l S u l t o n. (Tiz choʻkadi). Valiyneʼmat, sabab meni haydaysiz? Sabab soʻnggi onlaringizda yoningizda boʻlmoq baxtidan mosuvo qilasiz?

S o h i b q i r o n. Men sendan ham rozimen. Yaratgan egam senga va barcha farzandlaringga va farzandlarimizning farzandlariga sabot va inoqlik ato qilgʻay! Bor, bolam, bor…

(Peshonasini oʻpadi. Xalil Sulton koʻzlarini artganicha qoqinib, surinib, xonadan chiqadi).

S o h i b q i r o n. Qaydasiz, Mavlono? Daftar qalamingizni olib, yaqinroq oʻtiring!

M u a r r i x (Kursini surib yaqinroq oʻtiradi). Xizmatingizga hoziru-nozirmen, Hazratim!

S o h i b q i r o n. Boya… Kamina olamdan oʻtsam… Toju-taxtimni vorisi va valiyahdi nabiram Pirmu-hammad boʻlgʻay deganimda men inongan amiru-umaro norozi boʻlgʻanday boʻldiya, buni uqa oldingmu, Mavlono?

M u a r r i x. Uqdim, Davlatpanoh, uqdim.

S o h i b q i r o n. Uqqan boʻlsang, ayt: inongan togʻlarim koʻzim tirikligida irodamga boʻysunmoqni istamasalar koʻzim yumulgʻondan keyin bul elda ne boʻlur, Mavlono?

M u a r r i x. Faqir bu jumboqni yechishga ojizlik qilurmen, Hazratim!

S o h i b q i r o n. Evoh, Buyuk Davlat barpo qilamen deb, qirq yil ot surdim. Bir-biriga qilich oʻqtalib, yurtni notinchlikka mahkum etgan qalangʻi-qasangʻi bek va bekzodalarning gʻururini jilovlab, nizo-nifoqlarigʻa chek qoʻyib, yurtda osoyishtalik oʻrnatdim. Yo bul soʻzim nohaqmu, Mavlono?

M u a r r i x. Haq, valiyneʼmat, haq!

S o h i b q i r o n. Nadomatlar boʻlsinkim, bul yumushlar ila band boʻlib, oʻlim haq erkonini, hukmi olloh, hazrat azroil bir kun mening ham eshigimni qoqib keladur deb oʻylamabmen…

M u a r r i x. Bu oʻylar ila oʻzingizni-oʻzingiz behuda qiynaydursiz, olampanoh!

S o h i b q i r o n. (Quloq solmay). Magar bul oʻy avvalroq xayolimgʻa kelgʻonda, magar oʻz qudratimga inonib ketmogʻanumda, bul soʻnggi safarga otlanar erkanman, barcha farzandlarim va nabiralarimni yonimga olsam boʻlmasmidi? Bu kun bul noraso dunyo ila vidolashayotgan onlarimda, Sizga soʻzlayotgʻon bul dardi-dunyomni farzanddarimga aytib, barcha sarkardalarimni sheryurak nabiram Pirmuhammadga bayʼat qildursam boʻlmasmidi. Mavlono?

M u a r r i x. Koʻp nadomat chekib, oʻzingizni oʻzingiz qiynaybermang, olampanoh. Bir daqiqa muqaddam sarkardalaringizga oʻz irodangizni bayon et-dingiz.

S o h i b q i r o n. Evoh! Qirq yil bir kun orom bilmay hududsiz bir davlat yaratdim. Va lekin bu kun, hukmi Ollo, jon taslim qilsam, bu davlatning qismati ne boʻlur. Zurriyotlarim va zurriyotlarimning zurriyotlari-chi? Ular ahil boʻlib, faqir barpo qilgʻon muazzam binoga yana bir gʻisht qoʻyadurlarmi yo bilʼaks, toju-taxt talashib, uni barbod etadurlarmu? Mana necha kundurki, yolgʻiz shul tizginsiz dard, shul notinch oʻy yuragimni kalamushday kemiradur, Mavlono! Bul soʻzlarimni bitdingmu, Mavlono?

M u a r r i x. Bitdim, olampanoh, barini bitdim.

S o h i b q i r o n. Barakallo, barakallo. Endi oxirgi kalomim qoldi. Yozgʻilki, Sohibqiron Amir Temur Koʻragoniy… Janob Azroyilgʻa jon taslim qilayotgʻon eng soʻnggi daqiqada ne mashaqqatlar ila yaratgan davlatining taqdirini oʻylab jon berdi deb. Kimki toju-taxt ishqida nohaqlikka yoʻl qoʻysa, ul abadul-abad qargʻishimga yoʻliqadur! Yozdingmu Mavlo-no?

M u a r r i x. Yozdim, davlatpanoh. Bir soʻzingizni qoldirmay yozdim.

S o h i b q i r o n. Yozgʻon boʻlsang… Men sendan rozimen, Mavlono. Magar gunohkor banda biror joyda koʻnglingga ozor bergon boʻlsam…

M u a r r i x. Yoʻ-yoʻq, men ham sizdan rozimen, toabad rozimen, olampanoh…

S o h i b q i r o n. Rozi boʻlsang… Ijozat ber, bir daqiqa orom olay!

(Boshini yostiqqa tashlaydi, muarrix oyoq uchida yurib xonadan chiqadi, xonaga asta-asta yurib Xalil Sulton bilan Shayx Nuriddin kiradi. Ular kirishi bilan Sohibqiron yana boshini koʻtarib, gʻira-shira burchakka tikilar…)

S o h i b q i r o n. Bibim? Tagʻin keldingmu, malikam? Nechun kelding? (Xalil Sulton bilan Shayx Nuriddin sarosimaga tushib orqaga chekinadilar. Nim qorongʻu burchakdan goʻzal zarrin matolarga oʻralgan Suluvkoʻz chiqib keladi.)

S u l u v k oʻ z. Tagʻin oʻshal iltijo, tagʻin oʻshal iltimos ila keldim, shunqorim! Bu dunyoda qiladurgʻon yumushlaringiz koʻp. Bul makonni tark etib, men kelgan makonga shoshilmang, hazratim. Ollo qovushtirgan juftu halolim!

S o h i b q i r o n. Gʻalati soʻzlarni aytasen, malikam. Sen aytgʻon narsa faqir ermas, yaratgan egamning izmi ixtiyoridadur. Ammo kamina bul foniy dunyodan ul boqiy dunyogʻa shoshilgʻon boʻlsam… Sen uchun, sening diydoringni koʻrib, koʻksingda bir daqiqa orom olgʻali shoshilmoqdamen, Bibim!

S u l u v k oʻ z. Yoʻq, yoʻq, xoxlasangiz oyogʻingizga yiqilib iltijo qilamen. Siz oliyjanob niyatda bul yurishga otlangʻansiz. Niyatingiz yoʻldoshingiz boʻlgʻay.

S o h i b q i r o n. Mening barcha yumushlarim, barcha niyatlarim sening bir nozli qarashing, bir jilmayib boqishingga yetmaydur. (Olisdan nay ovozi keladi.) Bul ne? Naymu, navomi? Yoxud Choʻli Iroqmu? Jannatiy kuy! Toʻxta Bibim. Birga eshitaylik?

S u l u v k oʻ z. Ha, jannatiy kuy. Xudo hohlasa joyingiz jannatda boʻlgʻay! Gunohga botgan baxti qaro ersam, yoʻ-yoʻq, men tomonga talpinmang, talpinmang, shunqorim!.. (Qorongʻu burchakda gʻoyib boʻladi).

S o h i b q i r o n. Bibim! Bibijonim! Izlay-izlay keksayganda topgan duru-gavharim! (Yostiqqa bosh koʻyadi. Tashqaridan hamma yopirilib kirib, toʻshak atrofiga tiz choʻkadilar. Shamlar soʻnadi. Qorongʻuda “Yo rab, yo rab! Olloi taolo rahmat qilgʻay!” degan xitoblar eshitiladi. Yiroqdan boshlangan navo sadosi asta-sekin kuchayib, avjiga chiqadi.

 

P a r d a

 

Odil YOQUBOV

 

“Qaydasan, Moriko” (“Sharq”, Toshkent – 2002) kitobidan

https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/avlodlarga-vasiyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x