Nosir Fozilovdan qolgan eng muhim narsa

Yaqinda oramizda xushchaqchaq yurgan, muborak toʻqson yoshga kirib vafot etgan ustoz yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Nosir Fozilovni eslaganimda bir haqiqatga amin boʻlaman: mard, vallomat insonlar har kuni tugʻilavermas, tanti, koʻngli ochiq odamlar hadeb uchrayvermas ekan…

1997 yil. Erta bahor. Oʻriklar oppoq boʻlib gullagan. Oʻsha kuni erta tongda bir guruh ijodkorlar Toshkentdan yoʻlga chiqib, Xatirchi tumaniga yoʻl oldik. Niyatimiz, oʻzbek dostonchiligining davomchilaridan biri — Oʻzbekiston xalq baxshisi Umarqul Poʻlkanning yetmish yilligi tantanasida ishtirok etish edi. Oʻshanda Nosir Fozilov Toshkentdan to Xatirchiga borguncha avtobusda barchani oʻzining ichakuzdi hangomalari bilan kuldirib, dilu dimogʻini chogʻlab bordi.

Ijodkorlar bilan ikki kun qadimiy Xatirchi tuprogʻida yurdik. Uchrashuvlar oʻtkazildi, sheʼrxonlik boʻldi. Togʻlarga chiqdik. Oʻshanda Nosir ogʻaning togʻlarda uchragan butalar, oʻsimliklar, giyohlar, qushlar toʻgʻrisidagi bilimiga, rosti, qoyil qolgandik. Yozuvchi bilan yaqin boʻlib qoldik. Ayniqsa, uning tilidan Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, Muxtor Shoxanov, Oʻljas Sulaymon, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergan Qaipberganov singari soʻz sehrgarlari hayotida uchragan voqealarni eshitish juda ham maroqli edi. Chindan ham adib tengqurlarini yaxshi bilar ekan, shu sabab bu hangomalarni oʻzinikidek soʻzlardi.

Toshkentga qaytganimizdan keyin Nosir ogʻa bilan tez-tez uchrashib turdik. Adabiyot haqida gurunglashdik. Har gal adibning xonadoniga qadam qoʻyishim hamon, eng avvalo, saranjom-sarishtalikni, javon toʻla kitoblarni koʻrib, koʻnglim yorishardi. Yozuvchi hamon tetik, bardam, xushchaqchaq, suhbatlarda ochilib-yayrab oʻtirardi. Shu vaqt radiodan mashhur qoʻshiq yangrab qoldi.

 

Bulbullar sayragan havoli bogʻlar,

Bulbul sendan ketar, bahor toʻxtamas…

 

Nosir ogʻa kuy ohangiga mos tebranib, birdan maʼyus tortdi. Xayol daryosiga gʻarq boʻldi. Jim turib, zimdan kuzatdim. Negadir xalaqit bergim kelmadi. Bilmadim, adib shu tobda kechgan umri, yaratgan qahramonlari, umuman olganda hayot haqida oʻy surayotgandek edi.

Nihoyat, ancha vaqt oʻtib, ­Nosir ogʻa gap boshladi:

— Chirogʻim, hayot xuddi shunday. Bulbullar ketadi, bahor esa sirayam toʻxtamaydi. Xuddi inson hayotiga oʻxshab, umr karvoni ham oqar suvdek oldinga qarab shitob bilan oqqani oqqan. Men oʻtayotgan umrimga doimo shukr qilaman…

Shundan keyin ikkimiz ham sukut saqlab, ancha paytgacha jim qoldik. Kim biladi, u shu qoʻshiq bahona oʻtgan umrini, kechmishini, bolaligini, ota-onasini, Tursunmuhammad Aʼlam, «Gʻurbatiy» taxallusi bilan sheʼrlar yozgan shoir bobosini, Oʻrta Osiyo universitetida tahsil olgan davrlarini, «Gulxan», «Sharq yulduzi» kabi jurnallarda, badiiy adabiyot nashrlarida mehnat qilgan onlarini, «Shum bolaning nabiralari» kitobi uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Gʻafur Gʻulom nomidagi, qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi mukofotlari, «Ustozlar» asari uchun Respublika Davlat mukofoti berilgan kezlarni eslagandir.

Yozuvchining «Poliz oqshomlari» hikoyasini har safar boshqacha toʻlqinlanib oʻqiyman. Hikoyaning bir yerida «Handalak boʻyini asta ufurib oʻtgan daydi shabada palaklar oromini buzdi. Chol radiochasining tovushini bir bahya koʻtardi. Orombaxsh «Choʻli iroq» polizning sehrli oqshomiga yana ham fayz kiritdi. Qayerdadir yilqichi qush «ot yoʻq, ot yoʻq», deb choʻzib-choʻzib sayrar, osmondagi yulduzlar esa imlab, nimadir deganday boʻlardi…» degan goʻzal bir tasvir keladi. Bu satrlarni oʻqib turib, yozuvchining mahoratiga tan berasiz. Chindan ham mazkur hikoya tasvirlarga oʻta boy, goʻzal va samimiy.

Nosir Fozilov tabiatan kulgi, hazil-mutoyibaga oʻch edi. Ayniqsa, hozirgi zamonda bir lahza boʻlsa-da hayot tashvishlarini unutib, miriqib hordiq chiqarishga, koʻngil gʻuborini yozishga ne yetsin. U inson bir umr ichakuzdi hangomalarni aytib yurishni odat qildi. Shundanmi, uzoq va barakali hayot kechirdi. Eng muhimi va asosiysi, Nosir Fozilovdan yorqin xotira, yaxshi nom qoldi.

 

Ulugʻbek JUMAYEV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/nosir-fozilovdan-qolgan-eng-muhim-narsa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x