Nega Navoiyni qoʻmsaymiz?

Oʻzbek qirq yoshga yetganida Navoiyni qoʻmsab qolarkan. Faqat oʻzimga tegishli boʻlganida bunday keskin xulosani matbuotga koʻtarib yurmas edim. Ishonavering, men tengilarning qaysi biridan soʻrasangiz, bu fikrimni tasdiqlashadi, kafolat beraman.

Qizigʻi shundaki, ularning orasida Gʻarb adabiyotiga butkul ruju qoʻyganlari ham, oʻzbek adabiyoti u yoqda tursin, umuman mumtoz sharq adabiyotini pisand qilmay yurganlari ham, Gomerdan boshlab Gongora, Eduard Yunggacha, Kantdan tortib Nitsshe, Freyd, Frommu Karl Yunglargacha, Joysdan Kafka-yu Bekket va ­Kamyugacha suv qilib ichganlari ham talaygina. Bizda tom maʼnoda erkin adabiyot boʻlmagan, deya oʻzini daho koʻrsatib kelganlari ham son-sanoqsiz. Gʻarb adabiyotiga taqlidan yozganlari-yu, bu adabiyot qahramonlari taxlit yashashga jahd etganlari, shu bahona oʻzimni topdim deganlari ham topiladi. Ammo bugun mana shu toifalarning barchasi mening fikrimga qoʻshiladi.

Nima uchun deb soʻrarsiz? Ochigʻi, nega shundayligini oʻzim ham bilmayman. Bugungi adabiy jarayon haqida bir narsa yozib berishimni soʻrashganida dafʼatan xayolimga nega Navoiyni qoʻmsaymiz, degan savol keldi. Balki bu borada boshqalarning fikrini bilgim kelgandir. Balki kelgusi yillarimiz chin maʼnoda Navoiyni anglash yillari boʻlishini orzu qilganimdandir. Balki adabiy jarayongina emas, oʻzbekman degani Navoiydan uzoqlashib bormoqda degan mahdud xayol tuzogʻiga tushgandirman. Bilmadim…

Rostdan ham, nega Navoiyni qoʻmsaymiz? Ayniqsa, qirq yoshdan keyin. Yoki bu istak botinida insonning oʻzini, millatini, milliy adabiyotini anglash iztirobi pinhonmikan? Yoki bu ismsiz iztirob sarhadlari bundan-da kengmi, hududsizmi? Yo Ilohiy ilhom onlari borliq va yoʻqlik sinoatidan soʻz ochgan ulugʻ Navoiy ham qirqda boʻlganmikan? Yo «Mantiq ut-tayr»ni pichirlab takrorlayotgan bola Alisher oʻsha damlardayoq qirqinchi bosqichga qadam qoʻyib ulgurganmidi?

 

Navoiy oʻlgʻay erdi boʻlmasa umedi visol,

Bu qasdlarki, anga hajrdamba-dam qiladur…

 

Navoiy visol umidi bilan tirik edi. U visol qasdida umr surgani sayin, umrning har lahzasi hijron jafosidan bong uradi.

Uning boshqa bir bayti:

 

Kerak quyosh dirami tanga boʻlsa bayʼona,

Chu Yusufimni iki dahrgʻa baho qilsam…

 

Bu misralarda Navoiy birinchi baytida umr mazmuni atagani visolning bahosi xususida bahs etmoqda. Ayni visol (Yusuf bu oʻrinda visol ramzi) uchun sayyoralar sarvari quyosh bir sariq chaqa — bay puli boʻlishga yaraydi xolos. Unda visolning asl bahosi nimaga teng? Bu savolga ikkinchi misra javob beradi. Navoiy talqinicha, ulugʻ visolga erishmoq uchun chin oshiq (chin inson) ikki ­dunyoni berishi lozim. Bu mazmundagi misralar Navoiyda toʻlib-toshib yotibdi. Ammo cheksiz borliq ichra zarra yangligʻ Yer sayyorasida umrguzaronlik qilib yurgan Odam bolasi kim boʻlibdiki, birgina visol uchun faqat bu dunyoni emas, u dunyoni ham berishga jurʼat etsa? U qandayin visol? Ayni visolni istashidan insonga ne sud? Kimning visoli u?!

Dunyo dunyo boʻlibdiki, Odam bolalari bir mavzuda bahs etadi. Nega dunyoga keldi, yashashdan murodi ne?! Men va mening tengdoshlarim oʻqiganu oʻqimagan, ishonganu ishonmagan barcha kitoblar u yoki bu tarzda shu muammo ustida soʻz ochadi, soʻz yopadi. Adabiyotga ixlos qoʻyishimizdan muddao ham shudir balki? Yana bilmadim. Har holda Odam bolasi hamma narsadan manfaat istashi bor gap.

Atrofingizga bir qarang. Odamlar nimaning ilinjida yashayapti? Odam bolalari qanday baxtni izlash bilan ovora? Zotan, bu soʻzlarning birov uchun sariq chaqachalik qimmati, nafi bormi? Yoki dunyo sariq chaqa atrofida parvonami? Quyoshni sariq chaqachalik koʻrmagan Navoiy avlodlari-chi? Ularni Navoiy nega qiziqtirmaydi? Nega hech kimsa Navoiyni oʻqimaydi, oʻqiganda ham tushunmaydi? Oʻzimiz-chi, oʻzimiz, ey biz Navoiyni qoʻmsagan avlod, vasl roʻyobi uchun ikki dunyoni baxsh etishga jurʼat qilgan Navoiyni tushuna olamizmi?

Umr yoʻllariga aql nigohi bilan boqqan kimsa uchun dunyolarga sohib boʻlish, vasl toʻlovi deya ikki olamni qoʻshqoʻllab topshirish yechimi mumkin boʻlgan muammomi? Yoki inson shu qadar ulugʻ xilqat-u, qudrati shunchalar cheksizmi? Yoxud Navoiy bu misralarni tush va hush oraligʻida yozdimikan?

Qadimgilarda bir maqol bor: togʻ Sulaymon tomonga kelmas ekan, Sulaymon togʻ oldiga boradi. Bobolarimiz dono boʻlishgan-da. Hoynahoy, Navoiyni ham bobo deymiz. Oʻzbekchilik, u haqda oʻylamay soʻylashdan hazir boʻlishimiz kerak. Nima deysiz, bobomiz maqolga ishora qilmayotganmikan? Dunyo senga ergashmas ekan, sen dunyodan voz kech demoqchimikan, bu misralari bilan? Ulugʻ visol saodati har qanday manfaatdan koʻra ustunroq demoqchimi?

Savollar, savollar, savollar… Ularning son-hisobi yoʻq. Soʻnggi savol yana shu: nega Navoiyni qoʻmsaymiz?

 

 Uzoq JOʻRAQULOV,

OʻzMU dotsenti

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/nega-navoiyni-qomsaymiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x