Bilmasdan inkor etib yurma yoxud Navoiyni qachon tushunamiz?

Hazrat Navoiyni tushunish uchun muborak dinimiz taʼlimotlaridan, jumladan, tasavvuf ilmidan ham teran xabardor boʻlish talab etiladi. Alisher Navoiy davrida boshqa ilmlar qatori tasavvuf ilmi ham rivojlangan edi. Tasavvuf istilohlarining shakllanishi va boyib borishida Qurʼoni karim, sunnati nabaviyya, salafi solihlarning hikmatlari katta oʻrin egallagan. Tasavvuf ahlining namoyondalaridan boʻlgan Alisher Navoiyning asarlari ham, tabiiyki, oʻsha istilohiy maʼnolar asosida talqin qilinishi shart.

Navoiyning koʻpgina gʻazallari shu paytgacha ayrim «navoiyshunos»larning shaxsiy tasavvurlari bilan, havoyi nafslariga muvofiq tarzda sharhlab kelindi. Bu sharhlarning aksari mavhum talqinlar, tushunarsiz, gajakdor iboralar, hissiz taʼbir, taxminiy tasavvurlardan boshqa narsa emas. Buning ustiga, baʼzi bir jurʼatli «qalamkashlar» ana shunday tasavvufiy gʻazallarga muxammas bogʻlashga ham qoʻl urishgan. Tabiiyki, natijada «qovunga qovoqni payvand qilgandek» boʻlgan. «Ilm har qanday murakkab narsani soddalashtirib beradi», degan qoidaga muvofiq, biz oʻsha irfoniy sheʼrlarni muallif nazarda tutgan istilohlar bilan tushunishni yoʻlga qoʻysak, oʻzimizni ham qiynamaymiz, oʻzgalarni ham adashtirmaymiz. Misol uchun, birgina baytni sharh qilib koʻraylik:

 

Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab,

Xiromi surʼatidin gul uza haydin gulob aylab.

 

Nasriy bayoni: Tunda oʻsha gul­yuzli yor kulbamga shitob bilan kirib keldi. Yurishi tezligidan gul yuzidan terlar gulob boʻlib quyilardi.

Alisher Navoiy uylanmagan. Agar kechqurun Navoiyning huzuriga hamma gʻaflatdalik paytda u kishining sevgan qizi kelgan boʻlsa, bu sir tutilishi kerak. Agar biz baytni mana shu qabilda, boshqacha qilib aytganda, «zamonaviy» tushunadigan boʻlsak, bu bilan Navoiyga hurmatsizlik qilgan boʻlamiz. Navoiydek buyuk insonni qoʻying, har qanday oʻzini hurmat qilgan odam ham, bunday ish roʻy bergan boʻlsa, uni boshqalardan yashirishi turgan gap. Demak, ­Navoiy boshqa narsani koʻzda tutgan. Navoiyning maqsadini tushunish uchun u kishining istilohlarini tushunishga urinamiz. Keling, bu baytda ishlatilgan soʻzlarni tasavvufiy istilohlar asosida sharh qilib koʻraylik.

Kulba — solikning qalbi (solik tariqat yoʻlini tanlagan shaxs). Gulrux (gulyuz) — shuhud olami, yaʼni Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati. Gul uza hay (yuzdan oqqan ter) — gʻaybiy ilhom.

Ushbu izohlar asosida baytning nasriy bayonini koʻraylik: «Hamma yoqni jaholat zulmati qoplab turgan bir paytda, qalbimda Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati yuz berdi. Bu mushohada shu qadar tez roʻy berdiki, uning tezligidan menga gʻaybiy ilhomlar hosil boʻldi».

Endi oʻzingiz xolis oʻylab koʻring, Navoiyga nisbatan avvalgi uyatli maʼnoni iroda qilish aqlga toʻgʻriroq keladimi yoki mana bu irfoniy maʼnolarnimi? Qay biri voqelikka va mantiqqa toʻgʻri keladi?

Yana bir misol. «Xazoyinul-maʼoniy»ning birinchi gʻazalida Navoiy shunday deydi:

 

Gʻayr naqshidin koʻngil jomida boʻlsa zangi gʻam,

Yoʻqtur, ey soqiy, mayi vahdat masallik gʻamzudo.

 

Bu bayt anchagina ravshan. Gʻayr — Allohdan oʻzga barcha narsa. Koʻngil jomi — qalb oyinasi, unda Alloh taoloning nuri tajalliy qiladi. Gʻam — moneʼlik, toʻsiq. Soqiy — murshidi komil, insonlarga ruhiy tarbiya beruvchi ustoz. Mayi vahdat — tavhid zavqi.

Endi baytni mazkur istilohlar asosida nasriy bayon qilib koʻramiz: «Ey murshid! Qalb oyinasida unga Alloh taolo tomonidan yetadigan nurning aks etishini toʻsadigan zang, yaʼni Allohdan boshqa biror narsaning naqshi — taʼsiri boʻlsa, tavhid zavqichalik uni arituvchi, tozalovchi narsa — «gʻamzudo» topilmaydi».

«Tavhid» deganda qalb tubidan Alloh taoloni barcha jihatdan yagona, mutlaq tanho deb eʼtiqod qilish, faqat Allohni rioya qilish, faqat uni oʻylash nazarda tutiladi.

Shuningdek, «vahdat mayi» deganda tavhid kalimasini ham tushunish mumkin. Hazrat Navoiy uning aytgan soʻzlarini maqsaddan buradigan, notoʻgʻri talqin qiladigan kishilar ham uning asarlarini oʻqib, tashviq qilishlari mumkinligini sezgani uchun devonining eng birinchi gʻazalidayoq bu nuqtaga alohida tanbeh berib qoʻygan:

 

Sen gumon qilgandin oʻzga jomu may mavjud erur,

Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.

 

Maʼnosi: «Ey tasavvuf ahlining istilohlaridan bexabar zohirparast! Sen oʻylayotgan mast qiluvchi, aqlni ketkazuvchi, insonni xor qiluvchi sharob va oʻsha harom narsa quyiladigan idishdan boshqa ham shartli ravishda «jom» va «may» bor. Bu mayxonani — oriflarning botiniy olami vakillarini (yoki murshid xonaqosi ahlini) bilmasdan inkor qilib yurma!».

Navoiyni tushunish uchun ­Navoiy bilgan va foydalangan bilimlarni bilish, oʻrganish kerak boʻladi. Oʻrganganda ham asl manbalar zarur. Buning uchun, albatta, oʻsha davrda ilmiy muomalada boʻlgan tillarni yaxshi oʻzlashtirib, manbalarni begonalarning tarjima yoki tavsiflari asosida emas, asl holatida oʻrganish talab qilinadi. Binobarin, navoiyshunos boʻlishni istagan kishi avvalo islom olimi, tasavvuf bilimdoni boʻlishi, bu ilmlarni bilibgina qoʻymay, ularni oʻz hayotida tatbiq etib, zikr qilingan darajalarni oʻzida joriy qilgan boʻlishi lozim. Shundagina u Navoiyni toʻla tushungan, u kishining shaxsiyatini toʻgʻri anglagan, soʻzlarini yaxshi his qilgan boʻladi. Menimcha, bugungi navoiyshunoslikning oldida turgan eng katta muammolardan biri shu boʻlsa, ajab emas.

 

Husaynxon YAHYo

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bilmasdan-inkor-etib-yurma-yoxud-navoiyni-qachon-tushunamiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x