Ivan BUNIN
Ajoyib yoz kunlari, osuda Qora dengiz.
Kema odamlar va yuklar bilan liq – hatto kemaning quyrugʻida ham lash-lushlar qalashib yotibdi.
Kema dunyo kezgan – Qrim, Kavkaz, Anatoliya sohillari, Konstantinopol…
Quyosh charaqlab turibdi, osmon musaffo, dengiz nafarmon, bosh-keti koʻrinmas portda odamlar qator tizilgan, kapitan yordamchilarining quloqni batang qilguvchi soʻkinishlari, qichiriqlari avjiga chiqadi, soʻng yana sokinlik choʻkib, hamma qimirlab qoladi.
Kemaning birinchi toifali kayutalari salqingina, shinam, toza va boʻm-boʻsh. Biroq oshxona yonidagi yoʻlovchilar tunaydigan tor, badboʻy hujralar, shiyponcha tagi ivirsib, koʻzga xunuk tashlanadi. Hamma yoqda sassiq hid oʻrnashib qolgan. Ustiga-ustak kunning beayov jaziramasi, ilim-iliq havo dimoqni achitadi. Biroq dengizdan taralayotgan epkin bularning hammasini toʻzitib yuborguday boʻlib, vujudga halovat inadi.
Yoʻlovchilar safida ruslar, noʻgʻaylar, qurdlar, gruzinlar, hatto greklar ham bor. Kurdlar, sizga aytsam, yovvoyi xalq – kun boʻyi dong qotib uxlashadi, gruzinlar esa quvnoq xalq: qoʻshiq aytishadi, juft-juft boʻlib raqsga tushishadi, gohida sakrab ham qoʻyishadi qurmagʻurlar.
Kema Trapezundda talay vaqt turib qoldi. Men qirgʻoqqa chiqqandim, kema zinasida uymalanayotgan bir toʻda juldur qurdlarga duch keldim – sal nariroqda egniga kulrang cherkes kiyib, ensiz kamarni mahkam siqib olgan chol diqqatimni tortdi. Kurdlar biz bilan bitta kemada suzib, bir palubada yotib turib, joylarini toza saqlashardi.
Cholning soqoli dengiz koʻpigidek oppoq, yuzi esa oftobda qorayib ketgandi. Katta-katta koʻzlari esa yiltillab turardi.
Men uning oldiga yaqin borib, “salyam” dedim, keyin soʻradim:
– Kavkazdanmisiz?
Cholning chehrasi ochilib, doʻstona iltifot qildi:
– Uzoqdan choʻtlayvering, janob. Biz kurdlarmiz.
– Qayerga ketyapsizlar?
Uning yuzlari jiddiy tortdi, magʻrur javob berdi:
– Istambulga, janob. Shohimiz oldiga. Unga sovgʻa-salom obboryapman. U oʻgʻillarimning barini urushga chaqirib olgandi. Yettoviniyam. Shahid ketishdi goʻri nurga toʻlgurlar. Ammo shohimiz meni yolgʻizlatib qoʻygani yoʻq, baraka topsin.
– Se-se-se…-deb yubordi tuyqus yonimizda turgan yosh grek. U poʻrim kiyingan: boshida olcha rang feska, egnida kulrang syurtuk va oq jilet, oyogʻida tugmalari qadalgan yaltiroq botinka bor edi. Qoʻlida papiros burqsitib tutun taratayapti. U boshini chayqab cholga achingan boʻldi:
– Bay-bay, qariyaning bir oʻzi qolibdi-da, a?
– Qanday nodonlik, – tusi oʻzgardi cholning, – Mana sen qarib-qartayasan. Ammo, men hecham qarimayman. Maymun haqida eshitganmisan?
Yigit miyigʻida kulib soʻradi:
– Qanaqa maymun?
– Bilmasang, eshitib ol. Tangri yer va osmonni yaratdi, buni bilsang kerak?
– Boʻlmasam-chi?
– Keyin odamni yaratibdi-da, qulogʻiga quyibdi: Sen, debdi, oʻttiz yil mana shu dunyoda yashaysan, umring farovonlikda oʻtadi, dunyoda nimaiki bor hammasidan foydalanasan. Xoʻsh, maʼqulmi, debdi. Odam oʻylanib qolibdi: hammasi yaxshiku-ya, oʻttiz yil kamlik qilmasmikan, soʻng xudodan oʻpkalanibdi – shuncha kam umr koʻramanmi? Eshityapsanmi? – xitob qildi chol kulimsirab.
– Eshityapman,-javob berdi grek.
– Keyin tangri eshakni dunyoga keltiribdi, unga ham tushuntiribdi: Sen ogʻir yuklarni tashiysan, odamlarni mindirasan, manziligacha eltib qoʻyasan, agar oʻjarlik qilguday boʻlsang, boshingga tayoq bilan urishadi. Rozimisan? Bechora jonivor zorlanibdi, yigʻlabdi: Oʻttiz yil xor boʻlib yashaymanmi, hech boʻlmasa yarmini chegirib qoʻy, debdi. Buni eshitgan odam – uning yarim umrini menikiga qoʻshib ber, debdi xudoga. Tangri rozi boʻlibdi. Endi odamzodning umri qirq besh yilga uzayibdi. Qara-ya, chakki ish qilmabdi-ya?,-soʻradi quvlik bilan chol.
– Boʻlmasamchi, – javob qildi grek uning fikrini toʻla anglab yetmay.
– Endi tangri koʻppakni vujudga keltiribdi va unga ham shuncha umr beribdi: Sen, debdi itga, xoʻjangni mol-dunyosini asraysan, undan boʻlak hech kimga ishonmaysan, kechalari uxlamay uyini qoʻriqlaysan, debdi. Qaragin-a, it ham oʻziga berilgan umrdan norozi boʻlib, yarmiga koʻnibdi. Shunda odam yana ochofatlik qilibdi, shuncha umr uvol ketmasin, menikiga qoʻsha qol, debdi yaratganga. Tangri tilagini bajo keltiribdi. Xoʻsh, endi bu azamatning umri qanchaga choʻzildi?
– Oltmishga, – dedi grek quvonib.
– Xoʻsh, ana undan keyin tangri maymunni yaratibdi, unga ham oʻttiz yil umr beribdi, keyin tushuntiribdi: Sen mehnat-mashaqqatsiz kun koʻrasan, faqat husndan mosuvo boʻlasan, boshing tap-taqir, yuzlaring ajinli, tap-taqir qoshing naq peshonang boʻladi, kim seni koʻrsa oʻsha zahot xoxolab masxara qiladi…
Shu tob grek cholning gapini boʻldi:
– Demak maymun ham umrining yarmidan voz kechadi, shundaymi?
– Shunday, – dedi chol yonida turgan millatdoshi qoʻlidan mundshtukni olarkan, – Odam bundan ham foydalanib, maymunning yarim umrini oʻzinikiga qoʻshishni soʻraydi xudodan. Yana…
Shundan soʻng qariya jimib, picha xayolga toldi, bizni unutdi goʻyo. Keyin koʻzlarini bir nuqtaga qadab, vazmin gapira ketdi:
– Odam oʻziga berilgan oʻttiz yillik umrni maroqli oʻtkazibdi – yebdi, ichibdi, urushda qatnashibdi, toʻy-maʼrakalarda xursandchilik qilibdi, qiz-juvonlar bilan birga boʻlibdi. Keyin umriga qoʻshilgan oʻn besh yilini eshakday ishlab, bor topgan-tutganini uyiga tashib oʻtkazibdi. Keyingi oʻn besh yil undan ham oshib tushibdi. Toʻplagan boyligidan xavotirga tushib, kechalari bilan uxlolmabdi, asabi ishdan chiqibdi. Umrining oxirida esa kuch-quvvatdan qolib, qarib-qartayib tasqara maymunga oʻxshabdi qobdi. Kimning koʻzi tushsa, boshini liqillatib, xoxolab kularmish. Sen ham ayni oʻsha odam ahvoliga tushasan, – tirjayib, dedi qariya grekka mundshtugini tishlari orasida siljitarkan.
– Siz-chi, siz bu ahvolga tushmaysizmi? – deb soʻradi yigit.
– Ha, men boshqacha odamman.
– Qanaqa odam?
– Men kabilar bu dunyoda sanoqli, – dedi chol magʻrur. – Men eshakday boylik tashimadim, yoʻq mol-dunyoga itdek qoʻriqchilik qilmadim, endi maymunga oʻxshab tashvishga tushishga ne hojat? Shunday ekan nega qarilikni boʻynimga olishim kerak?!
1936
Umid ALI tarjimasi
https://saviya.uz/ijod/nasr/yoshlik-va-keksalik/