Shijoat

Shijoat deb botir va yurakli boʻlmakni aytilur. Shajiʼ kishi hech narsadan qoʻrqmaydurgan botir va yurakli boʻlur. Saʼy va gʻayratning ziddi dangasa va yalqovlik oʻldigʻi kabi shijoatning ziddi qoʻrqoqlikdur. Qoʻrqoq savdogar foyda qilmas. Qoʻrqoq kishi oʻzining soyasidan hurkar, hech bir ish qilishga yuragi boʻlmas. Koʻp kishilar vahima va qoʻrqoqlik orqasidan mollaridan, jonlaridan, vatanlaridan ayrilurlar. Shuning uchun har ishda shijoatni qoʻldan bermaslik lozimdur. Shijoat insoniyatning sof oyinasi, iffat, gʻayrat, istiqomat kabi yaxshi xulqlarning nuroniysidur. Shijoatning haqiqati qalbning matonatindan, ruhning salomatindan iboratdur. Hozirgi zamonda botirlik – boylikda, qaysi davlat va millatning davlati bolsa, shul ustun boʻlmakdadur. Chunki hukumat uchun xalq, xalq uchun hunar, hunar uchun ilm, ilm uchun aqcha lozimdur.

Sarvatli millatlar milliyatlarini yoʻqotmas, rohat va saodatda yashar. Bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar va bu soyada bir-birlariga gʻalaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgar va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Yovroʻpa, Afriqo va Osiyoni oʻziga asir va musaxxar qilmakdadur.

 

Bu zamonda fil ila jang aylamak erlik emas,

Er oʻshaldurkim tutar ilm-u hunarning yoqasin.

Beshlab, oʻnlab soʻm topishsa, ilm ila agʻyorlar,

Biz boʻlub hammol, oladurmiz tiyinlab choqasin.

Boshqalar sanʼat, tijorat-la taraqqiy aylasa,

Bizni el tortar ayogʻdin oʻlgan otning toqasin.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/shijoat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x