Ilm diniy va fanniy qismlar ila ikkiga boʻlinur.
Diniy kishi boʻlmak uchun ulumi diniya oʻqumak ila barobar hisob, handasa, tarix, hikmat, kimyo, tib, ziroat ilmlari kabi fanniy ilmlarni ham bilmak, chin olim boʻlmak lozimdur. Chunki bu ilmlarning ikkisi ham dunyo va oxiratimiz, hayot va saodatimiz uchun eng kerakli narsalardur.
Oʻtkan zamondagi islom ulamolari har bir ilmga tish-tirnoqlari ila yopishdilar1, oʻqidilar, oʻqitdilar, ulum va funun soyasida islomiyat taraqqiy qildi, madaniyat tarqatdi, kitobxonalar, qiroatxonalar, yetimxonalar, kambagʻalxonalar, kasalxonalar ochildi. Hozirgi musulmonlar taassub va jaholatlari ila maqtanulari kabi, avvalgi zamon musulmonlari ilm va maʼrifat, kitob va asarlari ila maqtanurlar edi. Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi yoshlarining ilm va maʼrifatiga, hunar va sanʼatiga bogʻlidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Ilm oʻqimak har bir moʻmin er-u xotunga farzdur”, – demishlar. Ajabo, Qurʼonimiz, Paygʻambarimiz oʻqingiz, deb amr qilgʻon holda, bizlar na uchun harakat qilmaymiz, qimirlamaymiz. Boshqa millatlarning oʻgʻullari, qizlari
kecha demay, kunduz demay, yoz demay, qish demay ilm yoʻlida jonlarini fido qilub, quvushub, yugurushub, koʻzlarimizni qamashdirub turgan bir zamonda bizlar hamon2 uyqudan, gʻaflatdan, jaholatdan boshimizni koʻtarmaymiz, ibrat olmaymiz. Paygʻambarimiz: “Olim boʻl, ilm talab qiluvchi boʻl, yoki ilmni eshituvchi boʻl, hech boʻlmasa shularga muhabbat qiluvchi boʻl, beshinchisi boʻlma, halok boʻlursan”, – demadilarmu?
Topar ilm ila odam ogʻli kamol,
Yeturmas kamola jamol ila mol.
Kerak oʻrtanur ilm uchun shamʼdek,
Tanumoq Xudoni ilmsiz mahol.
Talabgor oʻlur ilma oqil kishi,
Sotar ilm bozori moli halol.
Talab aylamak farzdur bizga ilm,
Bu amr uzradur er-xotun, yosh, chol.
Abdulla AVLONIY
“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan
https://saviya.uz/ijod/nasr/aqsomi-ilm/