Xotinlar

Asqar ota inqilob uchun qurol koʻtargan oʻzbek ayollari-dan Maʼrifatxon voqeasini eshitganidan beri uning qabrini ziyorat qilish niyatida yurgan edi. Qish kunlarining birida qulay payt keldi: bir necha ovchi oʻsha tomonga – daryo boʻyiga ovga chiqadigan boʻlib qoddi. Asqar ota shularga qoʻshildi.

Miltiqlar taxt, otlar tayyor, lekin kimningdir qush olib kelishini kutishar edi. Asqar ota koʻziga yuvoshroq koʻringan bir otni sinamoqchi boʻlib mingan edi, ot anhorga intildi. Shu onda mayin bir tovush:

– Otajon, sugʻormang! – dedi.

Asqar ota otning boshini tortib, orqaga qaradi. Paxtalik nimcha, qoʻpol agʻdarma etik kiygan yoshgina bir juvon turar edi.

– Yoʻq, qizim, sugʻormoqchi emasman. Bu otlarning ichida yuvoshrogʻi qaysi?

– Yuvoshrogʻimi? Mening otimni mina qoling.

– Oʻzing-chi?

– Menga baribir.

Bu gap Asqar otaga, umrida bir marta ot minib, oʻzini zoʻr chavandoz hisoblagan yosh bolaning qoʻrsligiday tuyuldi.

Qushga ketgan kishi qushni olib keldi. Ovchilar otlanishdi. Asqar ota juvonning otini mintani ikkilanib turgan edi, oʻzi jilovidan ushlab:

– Mining, ota! – dedi.

Asqar ota noiloj mindi. Juvon saroyga kirib koʻk toy minib chiqdi. Toy uning ostida gijinglar, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa tashlar edi. Buni koʻrib Asqar otaning kayfi uchib ketdi.

– Qizim, boʻlak ot yoʻq ekanmi?

– Nima edi?

– Bu oting… ovga yaramaydi.

– Men ovga bormayman, otajon, ikkinchi MTS ga ketyapman. Juvon toyni bemalol yengib ketayotgan boʻlsa ham qishloqdan chiqquncha Asqar ota juda toliqib ketdi, chunki toy har oʻynoklaganda entikib nafasi ichiga tushib ketar edi. Juvon buni payqab borayotgan ekan:

– Xavotir boʻlmang, ota, yikilsam yer koʻtaradi, – deb kuddi.

– Xavotir boʻlmayman, qizim, lekin bu oting gaplashib ketgani qoʻymayapti-da. Alishtirib olsang gaplashib, chaqchaqlashib ketar edik.

Ovchilar xiyla ilgarilab ketdi. Juvon tizginni sal boʻshatgan edi, shunga mahtal boʻlib turgan toy birdaniga koʻtarib ketdi. Asqar ota avval qoʻrqdi, keyin juvonning ot chopishini koʻrib shunchalik zavqi keldiki, otiga ustma-ust qamchi bosganini oʻzi ham bilmay qoldi. Juvon saman ot minib uni kutib turar edi.

– Otga juda epchil ekansan-ku, qizim! Barakalla-ye… Kolxozda nima ish qilasan?

– MTS da traktorchiman.

Asqar ota uni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi. Joʻnashdi. Ikkala ot bir qiyomda, baravar qadam tashlab borar edi.

– Otga ham ishing tushib turadimi?

– Hozir uncha ishim tushmaydi.

– Ilgari ishing tusharmidi? Kuyoving nima ish qiladi?

– U kishi ham traktorchi edilar. Hozir frontda.

– Qachon ketgan?

– Urush boshlangan kunlari.

– Farzand bormi?

– Bor. Oʻgʻlim bor. Otni oʻrganishimga shu bola sabab boʻlgan.

– Bola sabab boʻlgan?

– Ha. Men sizga aytsam, otajon, urushdan ilgari bizdan xomlik oʻtgan ekan: uy qilibmiz, roʻzgʻor qilibmiz; oʻrtogʻim katta-katta topib kelganiga, men yaxshi-yaxshi tikkanimga, pishirganimga xursand boʻlib yura beribmiz. Men yetti yillik maktabni bitirganimdan keyin oʻrtogʻim “bas, kamlik qilsa keyin oʻqiysan” dedilar. Ishlamadim ham. Shu bilan “uy qizi” boʻlib qolaverdim. Buning oqibati shu boʻldiki, urush boshlangandan keyin tengqurlari^m joy-joyini topib olganda men shoshib qoldim; ularning erlari koʻngilla-ri oʻsib joʻnaganda, mening erim oʻksib joʻnadi… Oʻrtogʻim joʻnagan kuni ertasiga kechqurun hovliga Komila xolam keldilar. Oʻzingiz bilasiz, u kishi frontga ketgan yigitlarning hammasini ham oʻz farzandlariday koʻradilar; hol-ahvol soʻradilar, keyin: “Qani endi, qizim, yurtdan qarzingni uz, qoʻlingdan nima ish keladi?” dedilar. Alamimga chidolmay turgan edim. “Uy qizi boʻlib oʻtirishdan boshqa hamma ish keladi!” deb javob berdim. Oʻgʻlim olti yarim oylik edi. “Undoq boʻlsa, – dedilar, – bolang toʻgʻrisida tashvish tortma, men bola boqishni sendan yaxshi bilaman”. Oradan bir hafta oʻtgandan keyin meni MTS ga boshlab bordilar. Shu kishining ukalari brigada mexanigi ekanlar. Shu kishining qoʻllarida ikki oy juda qatgiq ishladim. Oʻn besh kunlik sinovdan keyin traktorchi nomini oldim. Tengqurlarim ichida yuzim yorugʻ boʻddi. Bolaga butkul Komila xolam qaradilar. Men kuniga bir marta peshinda roʻpara kelgan otni minib, emizgani kelar edim. Otni shunda oʻrganganman…

– Kuyoving, “kamlik qilsa, keyin oʻqirsan” deb seni qiynab qoʻyibdi-da!

– Mendan koʻra oʻzi koʻp qiynaddi. Uyda oʻtirishimga oʻrganib qolgan emasmi, koʻchaga chiqishim sogʻ tishini sugʻurib olganday boʻldi. Shunday boʻlishini bilar edim. Bir xatida

bunday debdi: “Katta poxoddan keyin hozir dam olib oʻtiribmiz. Juda charchaganman. Bilasizmi, kishi charchagan vaqtida koʻngilni gʻash qiladigan xayollarga boradi. Hozir soat

toʻqqizdan yigirma minut oʻtdi. Men sizga xat yozib oʻtiribman.

Shu minutda siz nima qilib oʻtirgan ekansiz?..” Men bu gapga uncha ogʻrinmadim, erkak kishi baʼzan shunaqa yuragi torlik qiladi, deb qoʻya qoldim. Oradan uch kun oʻtmay yana xat keldi. “Yangi yilga oz qoldi, – debdi, – yangi yilni qayerda qarshi olasiz? Oʻrtoqlaringizni uyga chaqirasizmi, oʻzingiz biron yerga borasizmi? Uyga chaqirsangiz Qrimdan nomingizni yozdirib kelgan piyolamda oʻzingiz choy iching!” Men bunga kisqacha javob yozib, “Yangi yil siz eson-omon kelgan kuni kiradi” dedim. Bu xatim borib yetmasdan tagʻin xat keldi:

“Yangi yil kechasi tushimga kirdingiz: kimningdir ayvonida birov bilan gaplashib turibsiz. Tong yorishganda uyga qaytib keldingiz, betingizni yuvmasdan, uxlab yotgan bolaning yuzidan oʻshshngiz…” Bu gap jon-jonimdan oʻtib ketdi.

Juvon engashib otning yolini siladi. Uning harakati, oʻpkasi toʻlib, gapdan toʻxtash uchun bahona izlayotganini koʻrsatar edi. Asqar ota buni fahmlab, oʻzini bilmaslikka soldi. Juvon anchadan keyin qomatini rostladi va qor bosib yotgan uzoq adirning etagida qorayib turgan qishloqni koʻrsatdi.

– Ikkinchi MTS hu oʻsha yerda. Men ana u soʻqmoqdan yursam ham boʻladi. Lekin sizni nariroqqacha kuzatib, katta yoʻldan keta qolay. Aytganday, ovga miltiqsiz boryapsiz-ku, otajon?

Juvon boshda MSTga boraman deganda Asqar ota MTS ni negadir daryo boʻyiga yaqinroq yerda deb oʻylagan ekan, hozir hayron boʻlib qoldi. U oʻzining niyatini aytib, agar juvon ovga boradigan boʻlsa, MTS ga birga borishini aytdi. Juvon Maʼrifatxonga juda ixlosmand ekan, bu taklifni darrov qabul qildi. Bular, ovchilarga “ketaveringlar” ishorasini qilib, soʻqmoqqa burilishdi. Ovchilar koʻchma qumlar orasiga kirib, koʻzdan yoʻqoldi.

Qishloqning kiraverishida talay bolalar muz tiygʻan-moqda edi. Bular ikkita otliqni koʻrib, yoʻl boʻyiga tizilishdi. Otliqlar yaqinroq kelganda yetti-sakkiz yoshlardagi qiz bola bir qoʻli bilan toʻnning ustidan ishtonini mahkam ushlab, ularga qarshi yugurdi.

– Sobiraxon opa!

Juvon otning boshini tortdi.

– Opang oʻrgilsin! Beri kel, qoʻlingni ber! – juvon qizni otga mindirib oldi. – Voy, muzlab ketibsan-ku! Kimning qizisan?

– Bozorvoy akaning… Togʻamning bayroqlarini qachon qaytib berasiz? Olib ketgansiz-ku…

– Voy, Normat akaning jiyani boʻlasanmi? ~ dedi ju-von va Asqar otaga tushuntirdi. – Kuzgi shudgorda koʻchma qizil bayroqni biz olgan edik, shuni aytayotibdi… Togʻang uydamilar?

– Togʻam rayonga ketganlar. Ukachamga beshik olib keladilar.

Kattakon bujun ostidagi qizil darvozadan temir bochka

yumalatib chiqqan bir moʻysafid qomatini rostlab bularga bir qaradi-da, yugurganicha kirib ketdi. Bular yetib borguncha darvozadan uch kishi chiqdi. Bular, kichigi yigirma, kattasi oʻttiz yoshlardagi nihoyatda kelishgan yigitlar edi. Bu-larning juvonga qilayotgan muomalasini koʻrib Asqar ota yoʻl boʻyi uni sansirab kelganidan qattiq xijolat tortdi. Yigitlar, keyinchalik kelgan haligi moʻysafid ham, uni shunchalik izzat qilishar ediki, Asqar ota bu juvonning oddiy traktorchigina ekaniga shubhalanib qoldi. Biroqorada oʻtgan butun gap remont, ehtiyot qismlar, brigada, yonilgʻi toʻgʻrisida bordi va hatto hazil, oʻrni kelib, qilingan bir-ikki askiya ham shu mavzudan chetga chiqmadi. Asqar ota er-kaklar qoshida koʻp muhtaram xotinlarni koʻrgan, lekin bularning koʻpchiligi rais, mudir, direktor deganday rahbarlik oʻrindagi xotinlar edi. Bu oddiy traktorchi juvonga boʻlgan ehtirom uni ayrim oʻringa qoʻyar edi. Asqar ota ichida “Yering haligiday xatlar yozgan boʻlsa, seni yaxshi bilmas ekan; sen oʻz qadringni bilasan, oʻz qadrini bilgan xotinga erkak kishi yomon koʻz bilan qaragani botinolmaydi” deb qoʻydi; bu gapni hozir oʻziga aytgisi va erining oʻsha xatiga nima deb javob yozganligini soʻragisi kelar edi.

Biroq hash-pash deguncha yetti-sakkiz chokdi xotin-xalaj toʻplanib bu gaplarning mavridi boʻlmay qoldi. Bular Sobiraxonning yoru doʻstlari, oʻrtoqlari edi. Asqar ota bu hurmatli juvon boshqa xotinlardan raftori bilan ajralib turar degan bir oʻyda edi, biroq Sobiraxon yoru doʻstlari orasida shularning biri boʻlib qolganini koʻrib, ajablandi. Bular kimningdir uyiga kirishganda, Sobiraxon hatto toʻrga oʻtgani ham unamadi. Boshqalar uncha qistashmadi ham. Toʻrga Asqar ota bilan oʻrta yoshlardagi ikki xotinni oʻtqazishdi. Asqar ota shuncha xotinning ichida yakka oʻzi boʻlganligidan nechukdir oʻngʻaysizlanar va har qaysiga alohida-alohida “yaxshimisiz” der va duo qilar edi.

Deraza yonida turgan kimdir:

– Oqsoqol kelyapti, – dedi.

“Oqsoqol” deganda Asqar otaning koʻz oldiga oʻz tengquri biron moʻysafid kelib, ancha yengil tortgan edi, eshikdan qirq yoshlardagi bir xotin kirdi. Hamma oʻrnidan turdi. Asqar ota ham turmoqchi boʻlgan edi, oqsoqol yetib kelib yelkasidan bosdi.

– Qimirlamang, otaxon! Siz kelganda biz tursak yarashadi, biz kelganda siz tursangiz xunuk koʻrinadi.

Oqsoqol qishloq Kengashining raisi edi. U, Sobiraxon bilan quchoqlashib koʻrishdi, yuz-koʻzidan oʻgosh; shu payt ob-rez boʻyida piyoz toʻgʻrayotgan bir qizga koʻzi tushib:

– Bahri! Hu, afting qursin! – dedi.

Bahri, rangi boʻzarib, qoʻlidan pichoq tushib ketdi.

– Nima qiddim, opajon?

– Dard!

Bahri koʻzi javdirab hammaga bir-bir qaradi va birdan qizarib, koʻziga yosh keldi.

– Nima gunohqildim!..

– Nega eringga xat yozmaysan?

– Voy bundan boʻlak ham tuhmat bormi? Nega xat yozmas ekanman? Mana, soʻrang!

– Xat yozmasligingni bular biladimi, ering biladimi? Ma, oʻqi-chi, xat yozar ekansanmi, yoʻqmi?

Xatni Sobiraxon olib, koʻk qalam bilan ostiga chizil-gan yerini oʻqidi:

“… Bahrixon bir qoʻy bilan bir koʻylaklik atlas muko-fot olgan ekan. Shuni nima uchun olganligini soʻrab ikki martaba xat yozdim, aytmadi. Mumkin boʻlsa, oʻrtoq Ibrohimova, shu toʻgʻrida menga oʻzingiz maʼlumot bersangiz…”

– Xoʻsh? – dedi oqsoqol.

Bahri yengi bilan koʻz yoshini artar ekan, kulimsiradi.

– Xat yozmaydi demabdilar-ku! Shoshmang, opajon, men sizga tushuntirib beray. U kishi oʻtgan yili “Qizil yulduz” ordeni olganlarida “ordenni nima uchun oldingiz?” deb uch marta xat qildim, uchala xatimga ham “seni mudofaa qilishda ayrim ish koʻrsatganim uchun oldim” deb javob qaytardilar, anigʻini hech aytmadilar. Men ham mukofotni nima uchun olganligimni aytmadim, xatlariga “sizni esimdan chiqarmaganligim uchun oldim” deb javob berdim.

Jiddiy gap kulgi bilan tugab, oqsoqol uni nohaq urishgani uchun oʻsal boʻldi. Asqar ota, Bahri hech boʻlmasa oʻzicha doʻngʻillab qoʻyar deb oʻylagan edi, undoq qilmadi. U, boyagiday ochilib, ishini qilaverdi. Shundan keyin Asqar ota unga alohida eʼtibor bilan razm solgan edi, koʻziga juda yosh koʻrindi.

– Nechaga kirding, qizim?

Bahri Asqar otaga yer ostidan bir qarab, soʻng javob berdi:

– Oʻn sakkizga kirsammikin, kirmasammikin, deb oʻylanib yuribman.

Oqsoqol, Asqar ota bu savolni nima uchun berganini fahmlab, tushuntirdi:

– Yering diymizu, lekin u yigitga hali tekkan emas, soʻz bergan, xolos… Urushga ketayotganda nima degansan, Bahri?

“Agar sizdan boʻlakni desam, dushmandan ortgan oʻqlaringizdan biriga koʻksim nishona boʻlsin”. Shundoqdeganmisan?

Bahri qizarib, javob bermadi. Asqar otaning nazarida, Bahrining bu soʻzi gul koʻtarib, ashula aytib oh chekib, zoʻr kelganda hatto picha koʻz yoshi toʻkib arz qilinadigan, lekin anchayin qarshilikka uchrasa chok-chokidan soʻkilib ketadigan muhabbatning emas, gulsiz, koʻz yoshisiz arz qilinadigan va qarshilikka uchragan sayin kamol topadigan muhabbatning ifodasi edi. Birinchi xil muhabbat tilda, ikkinchi xil muhabbat dilda boʻladi. Birinchi xil muhabbatdan gul bilan koʻz yoshi olib tashlansa, chunonchi, parranda muhabbatidan farq qilmaydi. Parranda bilan inson orasida qancha farq boʻlsa, birinchi xil muhabbat bilan ikkinchi xil muhabbat orasida ham shuncha farq bor. Asqar ota shu soʻzlarni koʻnglidan oʻtkazdi-yu, Bahriga nisbatan koʻnglida mavj urgan mehrini ifodalaydigan biron kalima ham soʻz topolmay, faqat:

– Umring uzoq boʻlsin, qizim! – dedi.

Uy egasi dasturxon yozar ekan:

– Umridan shuncha uzoq boʻlgandan keyin, xudo xohlasa umri uzoq boʻladi, – deb soʻz oʻyini qildi.

Kimdir “piq” etib kulib yubordi. Nima gap ekanini anglay olmagan Asqar ota oʻzidan-oʻzi qattiq xijolat tortdi. Oqsoqol buni fahmlab, tezroq uni xijolatdan chiqarishga shoshildi.

– Qishlogʻimizda Umri, Umriniso degan bir xotin bor edi, shuni aytayotibdi, – dedi.

Asqar ota bu javobga qanoat qilmay:

– Kim oʻzi u, qanaqa xotin? – dedi.

Uning savoliga oqsoqol ham va boshqa hech kim ham javob bermadi. Ogʻir jimlik choʻkdi. Shunday jimlik choʻkdiki, bu xildagi jimlik aytgani til bormaydigan, eslashni koʻngil koʻtarmaydigan biron dahshatli fojiaga uchrab halok boʻlgan kishining nomi bexosdan tilga olingan vaqtda boʻladi. Jimlik uzoq davom etdi. Buning sirini anglay olmagan Asqar ota yana soʻz qotgani istihola qildi.

Sobiraxon qoʻynidan bir dasta qogʻoz chiqarib oqsoqolga berdi va sekin:

– Boʻtaboy aka rayonga ketgan ekanlar, shuni berib qoʻyasiz, – dedi. – Biz otam bilan daryo boʻyiga bormoqchimiz.

Bu kishi Maʼrifatxon opaning qabrini ziyorat qilmoqchi ekanlar, birga borib kelaylik, dedilar. Qaytishda tusholmasmiz…

Maʼrifatxon nomi aytilishi bilan suhbatga yana jon kirdi. Ayollardan ikki kishi bular bilan birga boradigan boʻldi. Bulardan biri qishloq maktabining qorovuli va farroshi – Qumriniso degan nimjongina bir xotin, ikkin-chisi – frontcha ishlaydigan yoshlar brigadasiga yaqinda brigadir boʻlgan yigirma besh yoshlardagi Risolat degan norgʻul bir juvon edi. Risolatning eri askarlikka 1942 yilning bahorida ketgan va oʻshandan beri goh Leninoboddan, goh Olmaotadan xat yozar ekan.

Joʻnagani otlanayotgan oqsoqol:

– Sobiraxon, Bahrini ham olib boringlar, oʻynab kelsin, – dedi.

Bahri borgisi kelsa ham, nimaningdir andishasini qilib turgan ekan shekilli, bu gapni eshitib goʻyo qanot chiqardi. U, hammadan burun otlanib, yoʻlga chiqib turdi.

Joʻnashdi.

Bahri xiyla oldinda Risolat bilan birga borar va otning qadam tashlashi maqomiga ashula aytar edi.

Asqar ota Sobiraxon bilan Qumrinisodan ham keyinda, otni oʻz mayliga qoʻyib, xayol surib borar edi.

Odamlar shundayki, bor narsa asta-sekin yoʻqolsa ham payqaydi, lekin yoʻq narsa asta-sekin paydo boʻlsa payqamaydi. Asqar ota oʻylab qarasa, xotinlar suhbatida sira boʻlmagan ekan va bugungi suhbat koʻzini ochib yuboribdi: koʻzini ochib qarasa, oʻz qishlogʻida, boʻlak joylarda koʻrgani, bilgani xotinlarning nimadan iborat ekanliklariga yaxshi razm solmagan va ularning kamolotini payqamagan ekan. endilikda “munglugʻ”, “mushtipar” singari soʻzlar qovushmay qol-gan, bu xotinlardan hech biri qilayotgan ishiga, kasbi-koriga sababi tirikchilik deb qaramaydi. Bularda qandaydir bir ichki dard bor. Shunday ichki dard, kundalik tirikchilik-dan yuksakroq bir sabab boʻlmasa hech qanday qonun, hech qanday shaxsiy manfaat bularni bu xilda ishlashga majbur qilolmaydi.

Sobiraxon otining boshini tortib:

– Ota, juda xayol surib qoldingiz? – dedi.

Asqar ota unga yetib oldi.

– Yoʻq, qizim, xayol surayotganim yoʻq… hali gapimiz chala qoldi. eringizning oʻsha xatiga javob qaytardingizmi, yoʻqmi?

Sobiraxon miyigʻida kulib:

– Shunaqa, – dedi, – “betingizni yuvmasdan uxlab yotgan bolaning betidan oʻpdingiz” debdilar. Bu gap jon-jonimdan oʻtib ketdi. Yigʻladim. Oʻtirib xat yozdim. Bu bilan ham alamdan chiqmay, xatni koʻtarib Komila xolamning oldilariga arzga bordim. Hamma gapni aytdim, yozgan javobimni oʻqib berdim. U kishi oʻrtogʻimning xatini eshitib kuldilar, mening javobimni eshitib koyidilar, “Issiq-issiq xatlar yozib yurib, birdan sovuq xat yozsang koʻngli shamollab qolmaydimi!” dedilar, xatimni yirtib tashladilar. Jahlimdan tushganimdan keyin bunday tanamga oʻylab qarasam, bechora oʻrtogʻimdan unchalik qattiq gina qilishning hojati yoʻq ekan… “Urush deganda bizning qulogʻimizga gumburlagan tovushlar eshitiladiyu, koʻzimizga qon koʻrinadi; biron qoʻrqoq miltigʻini tashlab qochdi degan xabarni eshitsak, “xoin” deymiz qoʻyamiz, lekin u xoinni jang maydonida yarador boʻlib yotgan yoki olgʻa intilib, shu paytda sherigining yordamiga muhtoj boʻlgan jangchining koʻzi bilan koʻrolmaymiz.

Xuddi shunga oʻxshagan “qishloq” degan vaqtda oʻrtogʻim urushga ketmasidan burungi qishloqni koʻz oldiga keltiradi; erga xiyonat qilishni “koʻngil xushligi” deb, buzuqlikka qadam qoʻyish deb biladi, lekin jang maydonida ming bir ajalga chap berib olgʻa borayotgan erining yuziga oyoq qoʻyib “koʻngil xushligi” qiladigan makiyonni bizning koʻzimiz bilan, yurt qaygʻusida hamma narsani unutgan, azob chekayotgan ogʻir va juda ogʻir mehnatda tasalli topayotgan kishilarning koʻzi bilan koʻra olmaydi. Koʻra olmaydi!”

Sobiraxon “koʻra olmaydi” degan soʻzni pisanda qilib emas, afsuslanib aytdi.

– Sizga hali Umri toʻgʻrisida gapirishdi, – dedi Sobiraxon soʻzida davom etib, – yoʻq, uning toʻgʻrisida hech kim gapirmadi, gapirgisi kelmadi. Oʻrni kelmaganda men ham gapirmas edim. Men ham bu xotinning nomini yana bir kishi eshitishini xohlamas edim. erim bunaqa xotinlarni bizning koʻzimiz bilan, hech boʻlmasa ana u Bahrining koʻzi bilan koʻra olganda, menga bu xilda xatlar yozmas edi.

Asqar otaning kutganiga qarshi Sobiraxon soʻzida davom etmadi, aftidan, u xotin haqida endi gapirmoqchi emas edi. U nima toʻgʻridadir oʻylar, ixtiyorsiz boʻlsa kerak, allaqanday hazin kuyni burni bilan kuylab borar edi. Asqar ota oʻng tomonda borayotgan Qumrinisoga qaradi. Qumriniso bu qarashga oʻzicha maʼno berib qizarganday boʻldi va jilmayib:

– Ishi yoʻq it sugʻoradi, otajon, – dedi.

Uning xijolat tortganday boʻlishidan Asqar ota Umrining bu xotinga biron yaqinligi bor gumon qilib:

– Umri sizning nimangiz boʻladi? – deb soʻradi.

Kumriniso yalt etib Asqar otaga qaradi, bir nima demoqchi boʻlib ikki-uch ogʻiz rostlaganidan keyin:

– Mening hech nimam boʻlmaydi, Risolatdan soʻrang, – dedi.

Bular gap bilan boʻlib, xiyla orqada qolib ketishdi.

Risolat bilan Bahri esa allaqachon yulgʻunzordan oʻtib, yoʻl boʻyidagi koʻchma qumtepada tevarak-atrofni tomosha qilib, kutib turishar edi. Yulgʻunzordan oʻtilgandan soʻng Sobiraxon ot qoʻyganicha qumtepaga chiqib ketdi. Buning ketidan Asqar ota bilan Qumriniso ham chiqdi. Bu yerdan uzoq adir etagida yarqirab turgan daryo koʻrinar, qayerdandir oʻrdaklarning gʻagʻillashi eshitilar edi. Hamma jim, tevarak-atrofdagi manzaraning gashti bilan mast edi.

Bular qumtepadan tushib, talay yoʻl yurguncha ham jim borishdi. Nihoyat, Asqar ota hech kim gapirmagani, oʻzi ham boshqa gap topolmagani uchun:

– Qizim, Risolatxon, Umri sizga nima boʻladi? – deb soʻradi.

Risolat avval Qumrinisoga, keyin Sobiraxonga qara-di, ikkovining ham yuzida tabassum koʻrib:

– Menga-ku hech narsa boʻlmaydi, bir oʻzi ham Sobiraxonga, ham Qumriniso opamga kundosh boʻlmoqchi deb eshitganman, – dedi.

Askiya ketdi. Bu askiya shundoq ediki, bular goʻyo yoʻlda tushib yotgan bir parcha jirkanch lattani choʻpga ilib, “ma, roʻmolchang” deb bir-biriga otayotir.

Kula-kula hammaning darmoni qurigach, Risolat kulgi yoshlarini artib dedi:

– Toza hayron boʻlarsiz-a, otaxon! Bizning qishloqda Gʻafforjon degan, qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan, buning ustiga hech kimi yoʻq bir yigit bor edi. Uni hamma, hammadan koʻra ham men yaxshiroq bilar edim. Hamma bilganiki, Gʻafforjon bir yildan ortiqroq selpoga mudir boʻlib turdi; men yaxshiroq bilganimki, biz hammahalla edik. Shu yigit birdan uylanish taraddudiga tushdiyu. bir haftaning ichida toʻy ham boʻla qoldi. Kelin “muqovasi” tuzukkina, lekin xiyla oʻziga bino qoʻygan dovruqlik Umri degan bir qiz ekan. Bular toʻqqiz oyga yaqin birga turishgan boʻlsa, shu davr ichida Gʻafforjonni koʻrgan erkak kishining gʻashi, xotin kishining rahmi kelar edi: xotini har bir ogʻiz soʻzi, har bir bosgan qadami bilan “senga tekkanimga shukr qil” deb turganday boʻlar edi. Buni Gʻafforjonning oʻzi yo payqamas, yo payqasa ham “nozaninning nozi” deb bilar edi. Shu xilda olti oycha umr qilishgandan keyin nima boʻldiyu, Gʻafforjon selponing mudirligidan bekor boʻldi. Shundan keyin orada oʻtgan yaqin uch oy mobaynida bular ikki-uch martaba qoʻydi-chiqdi boʻlishdi. Qiz har safar oʻzining qishlogʻi Dovruqqa ketib qolar, yana paydo boʻlar edi. Gʻafforjonning feʼli maʼlum boʻlgani uchun koʻp kishi aybni Umriga qoʻyib yurar edi, lekin Gʻafforjon askarlikka ketayotganda Umri shunday dod soldiki, “ayb Umrida” deganlar tilini tishlab qoldi. Agar muhabbat shunday kezlarda toʻkiladigan koʻz yoshi bilan oʻlchansa, yuzta Shirinu yuzta Laylining muhabbati bunikiga urpoq ham boʻlmas edi. “Judolik” degan soʻz bino boʻlgandan beri bunaqa koʻz yoshini koʻrmagandir… Ana yigʻiyu mana yigʻi!

– Oʻzini parovoz tagiga tashlamoqchi ham boʻlgan, – dedi orqada kelayotgan Bahri.

– Ha, oʻzini oʻldirmoqchi ham boʻldi. Xayr, oradan uch-toʻrt oy oʻtdi. Bir kuni men uyda sal tobim qochib yotgan edimb bexosdan Umri kirib keldi. eri bor paytda salom bersangiz, “bekor aytibsan” deganga oʻxshab Alik oladigan odam, juda shirin soʻz boʻlib hol-ahvol soʻradi, hovlimni supurib berdi, hatto boshimni uqalab qoʻydi. Ichimda “yolgʻizlik kor qilibdi-da” deb quya qoldim. Ancha gaplashib oʻtirdik. Shundan keyin tez-tez kiradigan boʻldi. Men ham undan xabar olib turadigan boʻldim. Kisqasi, xiyla inoq boʻlib qoldik. Umri qishlogʻimizga kelganidan beri bironta oʻrtoq orttira olmaganiga hayron boʻlib yurar edim. Inoq boʻlganimizdan keyin buning sirini bildim. Uning uchun olamda oʻziga teng odam yoʻq, u bilgan odamlar yo oʻzidan past, yo oʻzidan yuqori; oʻzidan past odamni oyogʻi bilan koʻrsatar, oʻzidan yuqori odamning esa oyogʻiga yiqilar ekan. Biron odamning oʻzidan past yo balandligini esa uning uyida nechta gilami borligi yoki necha kishiga soʻzi oʻtishi bilan oʻlchar ekan… Bahorda dala ishlari juda qizib ketdiyu, men bir hafta uyga kelolmadim. Bir haftadan keyin kelsam, Umri yoʻq – Dovruqqa ketibdi; shu ketganicha yaqin bir oydan keyin keldi. Qarasam, toʻqimi oʻzgargan: qoshlarida oʻsma koʻzlarida surma, ikki chakkada gajak, labida koʻk xol… boʻynini doka bilan bogʻlab olibdi. “Nima qildi, tomogʻing ogʻridimi?” desam, “eshik qisib oldi” deb xir-xir kuladi. Qoʻlida Gʻafforjondan kelgan xat bor ekan, nima deyishimni bilmay, xatni qoʻlidan oldim. U ham indamadi, oʻqidim. Oʻqisam… bechora Gʻafforjon! Shunday xat yozibdi, shunday gaplarni yozibdiki, koʻzlarimga yosh keldi… Risolatning koʻziga hozir ham yosh keldi.

– Bir joyda nima debdi deng: “Kunim bitgan boʻlsa-yu, oʻq tegsa “Onajon!” deb yiqilarmikinman, “Umrixon!” deb yiqilarmikinman?”

Asqar ota beixtiyor otiga qamchi berdi, yana boshini tort^ Uning koʻz oʻngidan butun olam yoʻqolib, faqat ikki nag. qoldi: qonsirab oqarishgan va gʻoyibona soʻnggi boʻsa olii chogʻlangan dudoq, doka bilan bogʻlangan tomoq…

Risolat davom etdi.

– Shundan keyin men unga roʻyxush bermay yurdim. Shunday boʻlsa ham, hali uni bahona qilib, hali buni bahona qilib kirib yurdi. Bu xarish otday muncha menga surkanaveradi deb yursam, buning tagida gap bor ekan. Uning zar bilan tikilgan juda chiroyli bir toʻppisi bor edi. Dovruqqa bir borganimda shu toʻppini amakivachcham Aminjonning boshida koʻrib qoldim. Zimdan surishtirsam, bola bechora urgimchak uyaga tushib qolibdi: Umri “men seni qizligimda yaxshi kurib qolganman, qaramaganingdan keyin senga oʻchakishib erga tekkan edim, hozir erimdan chiqqanman”, debdi. Aminjon, oʻzi yosh boʻlsa ham, juda pishiq, ogʻir, gʻayratli boʻdganligi uchun kolxozga rais qilingan, uning kolxozi Dovruqda birinchi edi. Men unga Umri toʻgʻrisida bilganlarimni zytdim, soʻzimning oxirida “oʻz eriga vafo qilmagan xotindan vafo kutma” dedim. Shundan keyin u ancha vaqg Umri bilan koʻrisholmadi, chunki yigʻim-terimni olganidan keyin Farhodga ketib, qishi bilan oʻsha yerda qolib ketdi. Orada oʻtgan bu gapni Umriga bildirmay yurdimu, bir kuni qiyshanglab kirganida joʻrttaga “Umrixon, toʻy qachon?” deb soʻradim. Umri bir oqardi, bir qizardiyu meni quchoqlab yigʻladi. “Xoʻp, ishondim, Aminjonni yaxshi koʻrar ekansan, eringga nima javob qilasan?” desam, “bir yarim oydan beri xat kelmaydi, baribir yaxshi koʻrmas edim” dedi. “Yeringdan bir yarim oydan beri xat kelmasa ham, har qalay, oʻlganligi maʼlum emas, el-yurtga nima deysan?” dedim. Umri mening bu gaplarimni oʻzaro maslahat deb tushundi, shekilli, yugurib uyidan bir qogʻoz olib chiqdi. Bu qogʻoz birovning nomiga yozilgan qoraxat ekan. “Ha?” desam, “Shuni oʻchirib oʻzimning nomimni yozsammikin?” dedi.

Asqar ota toʻsatdan otning boshini tortdi, tizginini tashlab, ikkala qoʻlini koʻtardi.

– Ilohi omin! – dedi. Hamma toʻxtab unga qaradi. Uning koʻzlaridan oppoq soqoliga qatra-qatra yosh tomar edi. – Ilohi omin! Shu ayolning koʻzi oqib tushsinu, Gʻafforjon sogʻ-salomat kelib, uni koʻcha-koʻyda yetaklab yursin. Xudoyo xudovando, shu yoshga kirib dargohingdan hech narsa suragan emas edim…

Gapirgani hech kimda majol yoʻq edi. Otlar uz-uzidan asta-sekin yurib ketdi.

– Xoʻsh, undan keyin nima boʻldi? – dedi Asqar ota tizginni qoʻliga olib.

Risolat “gapiraymi, yoʻqmi” deganday hammaga bir-bir nazar tashladi, hech kimdan sado chiqmagandan soʻng davom etdi.

– Mening, albatta, Aminjon Umrini oliglligiga sira koʻzim yetmas edi. Shunday boʻlsa ham boʻydoqning aqli ikki koʻzida boʻladi, deb Umrining chin basharasini unga koʻrsatmoqchi boʻldim. Bu yosh yigit, dunyoda muhabbatni har qanday qulfga tushadigan kalitga aylantirib olgan xotinlar ham borligini bilib qoʻysin, dedim. “Qoraxat toʻgʻrisida oʻzi bilan maslahat qilgin, ering borligini yashirganing bilan Aminjon bilar ekan”, dedim. Umri uning Farhoddan kelishini sabrsizlik bilan kutib yurdi, kelganini eshitgan kuniyoq, oʻziga oro berib, yoʻlga tushdi-yu ikki kundan keyin lunjini bogʻlab keldi; gap soʻrasam, tishim ogʻrib qoldi, u-bu deb mujmal javob berdi. Gapning mujmalligidan “ora ochiq boʻlibdi-da” deb qoʻya qoldim. Orada nima gap oʻtganligini Aminjon ham aytmadi. Buni bir necha kundan keyin uning qalin oʻrtogʻidan eshitdim. Uning aytishiga qaraganda, Umri haligi qoraxatni koʻrsatib, menga aytgan gapini gapirgan ekan, Aminjon: “Xoʻp, eringni oʻldiga chiqarasan, uning yoru doʻstlari yigʻiladi, gap-soʻz boʻladi, shunda bir chekkada yolgʻondan yigʻlab oʻtirish qoʻlingdan keladimi?” deb soʻrabdi. Umri hech pinagini buzmay “Keladi!” debdi. Aminjon bu gapni oʻrtogʻiga juda kuyib-pishib, soʻkinib gapiribdi, lekin Umriga nima deganini aytmabdi. Lunjiga tushirgan boʻlsa kerak. Har qalay, shundan keyin Umri meni koʻrganida koʻchaning u yuziga oʻtib ketadigan boʻlib qoldi. Shunaqa qilib oradan olti oycha oʻtgandan keyin qishlogʻimizning boshiga musibat tushdi. Bir kuni koʻchada ketayotsam, Umri bir bosh uzum koʻtarib kelyapti; meni uzoqdan koʻrib chaqirdi, “Mana buni qarang, mana buni koʻring!” deb bir qogʻozni koʻrsatdi. Qarasam, Gʻafforjon nobud boʻlganligi toʻgʻrisida uning nomiga kelgan qoraxat. Bunga ishonishimni ham bilmay, ishonmasligimni ham bilmay: “Qalbaki emasmi, oʻzing qilganing yoʻqmi?” deb soʻradim. Qalbaki emasligiga ishonganimdan keyin: “Xayr, niyatingga yetibsan, eringga oʻq tegib, oʻzi aytganday “Umrixon” deb yiqilganda sen qayerda, nima qilib oʻtirgan eding?” dedim.

Umri aftimga qarab bezrayib turibdi. “Yering ketayot-ganda stantsiyada toʻkkan koʻz yoshlaringdan pichasini olib qoʻymagan ekansan-da”, dedimu xatni koʻtarib kolxoz pravleniyesiga bordim. Oʻsha kuni kechqurun katta-kichik yigʻladi, yigʻi-sigʻi boʻldi, Umri yoʻq, hech kim, biron kishi “Umri qani?” deb soʻramadi. Uning kirdikorini men bilaman, undan men jirkanaman deb yursam, butun qishloq bilar ekan, butun qishloq jirkanar ekan. Shundan keyin odamlarning ichidagisi yuziga chiqib, Umri yakkamoxov boʻlib qoldi, oradan koʻp oʻtmay Dovruqqa koʻchib ketdi; Dovruqda ham turolmabdi, onasidan qolgan uyni buzdirib, yogʻochini sotmoqchi boʻlgan ekan, hech kim olmabdi. Bu yogʻochlar hali-hali chirib yotibdi. Shu bilan Umri benom-nishon yoʻqoldi. Qumriniso soʻz qotdi:

– Alamon quvgan oʻgʻri alamonga qoʻshilib, “ushla, ushla!” deb qochganday, Umri qishlogʻimizning koʻrki boʻlgan xotin-qizlar toʻgʻrisida har xil boʻhtonlar tarqatar edi.

– Ha, odamlar unga qoʻlini bigiz qilishini biladi-da, shuning uchun “bir men emas, ana u ham, bu ham shunaqa” degisi kelar edi.

– Oltin oʻtda bilinadi, – dedi Sobiraxon, – urush tamom ham boʻlar, oʻyin-kulgi uchun toʻplanganimizda bu kunlar ertakday boʻlib ham qolar… Suv ketar tosh qolar, oʻsma ketar qosh qolar.

Qumriniso Sobiraxonga koʻz qisib:

– Oʻyin-kulgimizning boshi Bahrixonning toʻyi boʻladi, – dedi.

Bahri labidagi tabassumni yashirish uchun bosh barmogʻi bilan burnini qashladi; soʻngra, gapni chalgʻitmoqchi boʻlib, irgʻaylar, yovvoyi jiydalar orasidan oqarishib koʻrinayotgan daryoni koʻrsatib:

– Ota, daryoni xudo yaratishga yaratib qoʻyib, oʻzi ham qoʻrqib ketgandir-a? – dedi.

Asqar ota zavq qilib kuldi.

– Sen hali dengizni koʻrganing yoʻq, qizim! Xudo xohlasa, kuyoving bilan birga koʻrasan.

– Siz koʻrganmisiz, ota?

– Yoʻq, koʻrganlardan eshitganman. Urush boʻlmaganda koʻrar edim. Sen ham koʻrar eding. Koʻp narsani koʻrar edik. endi keyinroq koʻramiz.

Bular yulgʻun, qamish, yovvoyi jiyda, changal, irgʻay va boshqalardan iborat boʻlgan toʻqaydan chiqib, kattakon soylikka tushayotganda Sobiraxon soylikning narigi yuzidagi toʻqayni koʻrsatib:

– Ana, Maʼrifatxon opam shu yerdalar, – dedi.

Soylik daryoning bahorgi toshqin vaqtidagi izi boʻlib, “Kichik daryo” nomini olgan, kichik daryo paydo boʻlganda haligi toʻqay orolga aylanar ekan. Qirgʻoqqa yaqin yerda toʻrt qoziq ustida kattakon bir qayiq turar edi. Toʻqayga yaqinlashganda Asqar ota va undan keyin boshqalar ham otdan tushdi, Asqar otaning nazarida bundagi har bir daraxt, har bir buta motamsaro, bahorda yaproq chiqarganda ham qora yaproq chiqaradigan va hozir “endi keldingizmi, Asqar ota” deb turganday koʻrinar edi. Bular, otlarini pastda qoldirib, katta-kichik xarsanglarni oralab oʻtgan soʻqmoqtsan kichikroq bir maydonga chiqishdi. Maydonning bir chekkasidagi keksa majnuntol ostida bir-biriga suyab qoʻyilgan ikkita qora toshtaxta sagʻana shaklini olib turar edi. Asqar ota borib sagʻananing bosh tomoniga choʻkka tushdi va baland ovoz bilan Qurʼon oʻqidi. Xotinlar oyoq uchida borib maydoncha atrofiga maxsus qoʻyilgan xarsanglarga oʻtirishdi. Asqar ota fotiha oʻqib boʻlgandan soʻng, oʻrnidan turib toshni tavof qildi. Oʻng tomondagi toshga arab alifbesining qadimgi imlosida yirik qilib “Maʼrifatxon jannatmakon” deb yozilgan va hijriy bilan “1335” deb taʼrix qoʻyilgan edi. Har ikkala toshda bundan boshqa ham arab, lotin va hozirgi alif-beda yozilgan yozuvlar koʻp, bularni ziyoratchilar pichoq, tosh va boshqa narsalar bilan koʻp mashaqqat tortib yozganliklari koʻrinib turar edi. Noʻnoqqina bir rassom oʻsha vaqtda askarlar kiygan qalpoqning suratini ham solibdi:

– Bu yerni kim obod qilgan? Bu ogʻir toshlarni kim olib kelgan? – dedi Asqar ota va oʻziga-oʻzi javob berdi. – Qim olib kelardi? Bu yerga meni kim olib keldi? Shunday odamlar ham boʻladiki, tugʻilganda hech kim sevinmagan boʻlsa ham, oʻlganda butun yurt aza tutadi. Qizim, Bahri, shundaqami? Shundoqmi, Sobiraxon?

Orolni Risolat yaxshiroq bilar ekan, hammani olib yurib tomosha qildirdi. Orol toʻrt-toʻrt yarim tanobcha kelar edi. Maʼrifatxon otib oʻldirgan Sangin qoʻrboshining goʻrini koʻrishdi. Goʻr orolning shimol tomonida, daryo burilib oqadigan yerdagi jar yoqasida boʻlib, odamning belidan keladigan bir chuqurlikdan iborat edi.

Ziyoratchilar toʻqaydan chiqqanda, kuni boʻyi osmonni qoplab yotgan kul rang bulut kunbotish tomonidan yorilib, botib borayotgan quyoshning shulasi daryoni qip-qizartib yubordi. Risolat olovdek yonib turgan ufqqa qarab:

– Ertaga havo ochiq boʻladi, – dedi.

Ziyoratchilar otlanib joʻnashdi. Koʻchma qumlar orasida bularga ovchilar yetib oldi. Ovchilar juda xursand, har qaysisi bir nechadan quyon, oʻrdak olib bormoqda edi.

Chorrahada Risolat, Bahri va Qumriniso ular bilan xayr-lashdi. Asqar ota har qaysisining peshonasidan oʻpib duo qildi.

Qishloqqa qorongʻi tushganda yetib kelishdi. Sobiraxon ovchilar inʼom qilgan ikki quyon va uch oʻrdaqdan bir quyon va ikki oʻrdakni Asqar otaga berdi. Asqar ota Sobiraxon va ovchilarga minnatdorlik bildirib joʻnadi.

 

1944

 

Abdulla QAHHOR

https://saviya.uz/ijod/nasr/xotinlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x