***
Taxayyul tunida seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Poyingda tiz choʻkib, moʻltirar maʼyus
Kiyiklar.
Boshingda gulbargak, qarogʻingda oy,
Sevdim, dedim, seni, manglayi yalpiz.
Qoʻy, dedi, etaging tishlab yotgan toy –
Ona qiz bu,
Ona qiz.
Qaldiroq burgutday yerga tashlandi,
Oyogʻimdan tortdi, bogʻladi yoʻlga.
Yoʻl chopdi,
Juda koʻp chopdi,
Tashladi
Malaklar choʻmilgan koʻlga.
Sev, sev. sevv!
Tepamdan baqirib oʻtdi qaldiroq,
Ustimdan qichqirib oʻtdi shamollar.
Yonimga keldilar goʻzal yalangʻoch.
Sev meni, deguncha, sohibjamollar.
Koʻzimga mil tortdim,
seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Osmon markaziga botayotirsan,
Osmon markaziga botar
Kiyiklar…
SHEʼRIYAT BOʻLIMI. 1987 YIL
Kiraverishingizda, chap tomoningizda ilgich.
(Qishda paltolar ilinadi.)
Oʻng tarafda divan. Oʻtirishingiz mumkin.
(Xohlasangiz uxlang.)
Divanning yonida Muhammad Yusuf.
Tirishar: – Buncha shoir koʻp.
Ketaman…
Sal nari Shavkat Rahmon oʻtirar qoshlarini chimirib.
Choynakka qaraydi, choynak boʻsh.
– Eh, dehqon boʻlsaydim, deydi ichida.
Xoʻrsinar.
Shundoq derazaning yonida oʻzim – Abduvali.
Ogʻzimda tolqon.
Oʻylayman, yelvizak urar bir kuni…
Orqasida qappaygan shkaf,
Koʻzlarida jilva, lablarida xanda,
Maʼruza oʻqiydi Minhojiddin Haydar
Qandaydir gʻalati kasallik haqda.
Sal nariroqda Halima Ahmad
Qarsilatib yopar eshikni,
Negadir oʻksinadi…
Shoirlar kelishadi, ketishadi,
Soʻkinishadi, kulishadi, pichirlashadi.
Har qalay ketishadi tashqariga.
Atigi yagona deraza mavjud.
Har zamon pastga qaraydi besh kishi:
Koʻrinmaydi biror gul, asalari.
Tashqarida pachogʻi chiqib ketgan fasllar.
Ularga taalluqli boʻlmagan tashqari…
* * *
Qishdan oʻtib olsak…
Lolalar yurtiga qarab ketarmiz.
Qishdan oʻtib olsak…
Dunyodan
Gulu rayhon boʻlib oʻtarmiz.
Sanuvbar bahorga yetolsak agar
Yaramizga qoʻnar bolari.
Yetti aʼzomizdan muattar
Boʻy chiqib yotamiz koʻkarib.
Nashtarli kunlarning azobin
Nasib etsa agar unutarmiz.
Gulu rayhon boʻlib birga
Visol ogʻushida yotarmiz.
Qishdan oʻtib olsak…
* * *
Bu kecha
Tongning isi kelgan lablaringda
Laylaklar faryodin tinglamoq nasib.
Bu kecha
Xizr tayogʻi tekkan
Osmonning parchasi bizlarga niliy.
Bu kecha
Soʻqir gadoning kaftida
Oydin sahro topgan bizlar badaviy.
Bu kecha
Hech narsani yashirolmaymiz,
Bizni ochib tashlar yovvoyi hilqat.
Bu kecha
Bizdan sir oladi maloyikalar.
Bu kecha
Oʻtligʻ tomirlarda koʻpirgan orom
Ohista chertadi dil eshigini.
Toʻlishgan toʻlinning soyasi vahshiy,
Berkitar laylaklar aytgan qoʻshiqni.
Bu kecha
Qoʻllarim odamxoʻr botqoqday berahim.
Bu kecha
Sen botib ketmagan goʻzal nilufar…
TASAVVUR LAHZALARI
* * *
Ruh sichqon ila hamtanlik qilsa…
Ruh hamsafar boʻlsa ilon-la…
Sichqon yer ostidagi shafaqqacha borardi…
Ilon koʻk toqidagi insonlarga yetkazardi xabar…
* * *
Avval kosibga uchra dilingni chegalasin…
Avval kulolga bor yangi bir koʻza bersin…
Avval temir kovush top…
Avval poʻlat koʻylak kiy…
Keyin…
Toshga yolvor boshingni tosh qilsin…
Dasturxonga yolvor yeganing osh qilsin…
Keyin…
Joʻna Charxpalakchining oldiga…
Baxtingni ochib bersin…
Ochib bersa…
Avval…
Avval…
Avvval…
* * *
Qabriston…
Bobom qabri…
Salom, sukutga choʻmganlar…
Suv pufaklar yorilayotgan buloq…
Illatlardan holi baliqlar…
Vaqt ekkan chinor…
Bobom tinchmikin…
* * *
Oʻsimliklar dunyosi…
Hayvonot dunyosi…
Bani odam dunyosi…
Uchta doʻng…
Uch talotoʻm…
Uch latofat…
Uch qoyim qiyomat…
Uch gʻarib mozorat…
* * *
Samandarlar yashagan Alanga saltanati…
Sharsharalarda tugʻilgan farishtalar…
Imkonsiz murodlar…
Chivinxarobda chaqchayma palidlar…
Balchiqqa katak qurgan mahluq ayollar…
Imkonli xohishlar…
Imkondan koʻpaygan manfurlik…
Manfurlikdan koʻpaygan…
* * *
Men eskirdim,
shaltogʻim chiqqan,
Shahdim uchgan, qabogʻim soʻlgan,
Bir zoʻr yigit ichimda oʻlgan…
Kulbamga ham sigʻaman zoʻrgʻa,
Xira tortdim,
Qulogʻim ogʻir.
Har kechqurun yutadi toʻrva,
Har kunduzi soʻdraydi taqdir.
Oʻylanmasdan qolganman. Boshim
Gʻuvullaydi.
Toʻgʻrisi boʻm-boʻsh.
Gohi-gohi indamay titrar,
Tumshuqchasi sinib ketgan qush.
Men eskirdim,
Shaltogʻim chiqqan.
Foydam tegmas. Mum qotgan ensam.
Ketay desam, tovonda qurb yoʻq,
Ovozim yoʻq baqiray desam.
BAXTLI YIL
Laylatulqadrlar yerga qoʻngaydir,
Har qarich tuproqda anqo ungaydir,
Har lahza koʻrinib shamol yangraydir,
Baxtli yil keladir,
Baxtli yil.
Tangri bor boʻlsa jamolin ochar,
Quyosh abadiyat nurlarin sochar,
Fano tugunlangan sehrini ochar,
Baxtli yil keladir,
Baxtli yil.
Yeru osmon aro oyna qoplanar,
Yomgʻirlar oʻrniga yogʻar sharoblar,
Bani odam balkim qoʻrqmay shodlanar,
Baxtli yil keladir,
Baxtli yil.
Mendek ahli hollar toʻplanib yigʻlar,
Sanduvoch bagʻrida oʻrtanib yigʻlar,
Oʻrtada oʻlimlar tebranib yigʻlar,
Baxtli yil keladir,
Baxtli yil…
GʻAYRIY DARAXT
Nahr sohilida daraxt koʻringay,
Yaprogʻi chigʻalay,
Ildizi baliq.
Gʻadir-budirida toʻfon koʻringay,
Chayir shoxlariga ilingan qayiq.
Shu qayiq ichida sevgi oʻtirgay,
Tizzasida dovul,
Boʻynida ilon.
Suyaklar berang qahr koʻringay,
Koʻringay bulbulga oʻxshagan qoplon.
Nahr sohilida
Gʻayriy daraxtga
Intilgan toshqinning barisi qoya.
Daraxt atrofida yurak koʻringay,
Koʻringay odamlar qoldirgan soya…
* * *
Alhol termulaman uzoq-uzoqqa,
Salomlar yoʻllayman yoʻqlab xayrlar.
Salom, kecha!
Salom, kunduz!
Toʻqaylar shogʻolday yigʻlagan chogʻi,
Oʻlaksa qidirib yurganda hasrat.
Chayonlar yerida mangu fidoyi.
Bola tugʻib oʻstirganda muhabbat.
Bogʻchalarning darchasidan yarim tun,
Toʻlqinlanib oqib ketsa boʻylar ham.
Achib ketgan toʻzonlarning boʻyogʻi
Sachrayotgan chogʻi tumanlar bilan.
Salom, tuman,
Ajriq bosgan dala kabi suyukli.
Salom, changlar,
Achib ketgan tutun yangligʻ kuyukli.
Salom, toʻqay!
Salom, hasrat!
Salom…
Javob yoʻqlab termulaman uzoqqa,
Toʻqaylarda shogʻollar saqlar sukut.
Yaltiragan shabnamlardan toʻkilar
Samandarlar dalasidan qolgan oʻt.
Salom!
Daryolar toʻkadi suvin betoqat,
Ayozlar tashlaydi sovuq oʻtinni.
Ilonlar ichida uxlar saodat,
Kiyib tipratikan yechgan poʻstinni…
Salom, baxt!..
QASIDA
Ey, hazratim Sulaymon,
Mushkulimni qil oson,
Naysonning loy-gilidan
Paydo qilib ber jahon
Ki unda pari paykar,
Bersin jannatdan xabar.
Oʻtgan devonalardin
Olib kelsin mujdalar.
Ey, hazratim Sulaymon,
Dardima topgil darmon.
Chumolining tilidan,
Dilidan bergin makon.
Olib bir dona bugʻdoy,
Tayin etgil rizqu joy.
Oʻrtasidan kesgilu
Taqdim etgil yangi oy.
Qumri sayla gulruhim,
Ravza ayla shukuhim.
Sayrogʻimdan sayrona,
Qoʻshiq toʻqiy gʻayrona:
Abduvaliman, hay-hay,
Laqa-tam-tam, lay-lay.
Abduvaliman, hay-hay,
Laqa-tam-tam, lay-lay.
BAHOUDDIN NAQSHBANDGA ARZ
1333 yil. Shavvol. 19.
Manglayim xilvatda ochmadi darvoza,
Sirimdan it chiqmas, doimo ovoza.
Koʻzim harf boʻlib tushmadi qogʻozga,
Shaylansam, qurbim yoʻq, eng baland parvozga,
Xojamu hazratim Balogardonim.
Balodan iborat boʻldi jahonim.
Kibrim koʻp, Aʼjuzday soyamga sherik,
Nafsim qafas solgan, toʻplagan cherik.
Qandoq kasofatdir boʻgʻzimda koʻpik,
U yogʻimda xoʻtik, bu yogʻimda xoʻtik.
Xojamu hazratim Balogardonim,
Balodan iborat boʻldi jahonim.
Toʻtiqush xirmanin toʻfonga qoʻshadir,
Tufroqning ostini osmonga qoʻshadir.
Mozorning ustini bozorga qoʻshadir,
Andoqkim zorniki zor-zorga qoʻshadir.
Chirogʻim piliksiz, hazrati eshonim,
Anda yoʻq jahonim, bunda yoʻq jahonim.
Oynaki dogʻida yuzim bor – xiradir,
Pachogʻlab, ezgʻilab oyoqlar kiradir.
Kaftimni papolab turganim – moʻridir,
Puflasam tutaydi, chinqirab turadir.
Hazratim, eshonim, qandogʻ bu tasvirdir,
Oʻgrilsam – boʻridir, qayrilsam – boʻridir.
Qochaymu qochmaymu, bilmadim, dong qotdim,
Kechaning kaftiga adashib tong botdi.
Qahrimni sandiqqa soldimu irgʻitdim,
Bir kosa suv ichdim, yurakda qon qotdi.
Qonimda havas koʻp, hazrati eshonim,
Chapda yoʻq ummonim, oʻngda yoʻq ummonim.
Tizlarim shalvirar. qoʻllarim shalvirar,
Manglayim teshgali oʻqlanar gʻalvirlar.
Bunchalar siz meni sevasiz chilvirlarim,
Yolgʻondan charchadim, Nayrangdan charchadim,
Dilimning tojdori – hazrati eshonim,
Balodan iborat boʻldi jahonim.
Qoʻrqmasmen, koʻp koʻrdim sharmsor dunyoni,
Koʻrmadim oqquvchi, yoqquvchi ziyoni.
Umr-ku shaʼmadir, yarmisi taʼmadir,
Shaʼmadan qutultir, taʼmadan qutultir,
Pirimning pirlari hazrati Kulolim,
Bir lahza, bir lahza porlating xayolim.
Charogʻon ochunda tizzamni quchoqlab,
Mastona tebranib qarayin oʻchoqqa.
Yongʻinlar boshimda duolar oʻqisin,
Hazratim, bir suf deng, balolar yoʻq boʻlsin,
Biz sizsiz eshonim, bir siz eshonim,
Balodan iborat boʻldi jahonim…
Abduvali QUTBIDDIN
https://saviya.uz/ijod/nazm/taxayyul-tunida-seni-esladim/