Ming bir jon

Martning oxirgi kunlari. Koʻk yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz koʻyga solyapti. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar hanuz gʻaflatda yotgan oʻt-oʻlanni, qurt-qumursqani uygʻotgan, avvalgidan ham yorugʻroq, avvalgidan ham issiqroq shuʼla sochayotganday tuyuladi.

Kasalxonaga yaqinda tushgan Mirrahimov, jikkakkina kishi, oʻziga juda ham katta koʻk xalatga burkanib, yengchadan boshini chiqarib turgan sichqondek derazadan koʻchaga qarab oʻtirgan edi, birdan tutaqib ketdi: shunday havo boʻlsa-yu, oyoq-qoʻli butun odam koʻchaga chiqolmay, derazadan moʻralab oʻtirsa!..

Mirrahimov jussasi kichkina boʻlgani bilan tovushi juda yoʻgʻon va buning ustiga sekin gapirolmas edi. Hamshira yugurib kirdi, Mirrahimovning sogʻligʻini, kayfiyatini soʻradi, keyin dardni bardosh yengadi, bu xususda Mastura Aliyevadan ibrat olish kerak, degan mazmunda shama qildi.

Mastura Aliyeva sakkiz oydan beri palatasidan chiqmay yotgan ogʻir xasta, uni kasalxonada hamma bilar, koʻp kishi kirib koʻrgan ekan. Mirrahimovning odamgarchiligi tutib ketdi:

– Shu shoʻrlik ayolni bir kirib koʻraylik! Uch kunligi bormi, yoʻqmi… Sob boʻlgan deyishadi…

– Ha, ancha ogʻir, – dedi hamshira xoʻrsinib, – oʻn yil dard tortish osonmi!

Poygaxdagi karavotda kitob oʻqib yotgan Hoji aka degan xasta yoʻgʻon gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan boshini koʻtarib, koʻzidan oynagini oldi.

– Oʻn yil? Oʻn yildan beri kasal ekanmi?

– Ha, oʻn yil boʻlibdi. Bechora turmush qilganiga bir yil boʻlar-boʻlmas shu dardga yoʻliqqan ekan. Tomogʻidan hech narsa oʻtmaydi. Ovqatni qorniga quyishadi… Teshib qoʻyilgan… Baʼzan oʻzi quyadi, baʼzan eri.

Hoji akaning koʻzlari oʻynab ketdi.

– Yeri? eri bormi?

– Bor. Shu yerda. Besh oydan beri birga!

Hoji aka uzoq angrayib qolganidan keyin:

– Oʻn yil kasal boqib, yana kasalxonada ham birgami? – dedi.

– Shuni ayting, – dedi hamshira. – Doktorlarga yalinib-yolvorib palataga karavot qoʻydirib oldi.

Hoji aka dardga bu qadar bardoshli ayoldan ham koʻra bunchalik vafodor erni koʻrishga ishtiyoqmand boʻlib qoldi-yu, xalatining belbogʻini mahkam bogʻlab, shippagini kiydi.

– Qani, yuringlar, tabarruk odamlar ekan, bir koʻrib chiqaylik.

Hamshira Mastura bilan uning eriga xabar bergani ketdi.

Xayal oʻtmay, qorni chiqqan Hoji aka oldinda, uzun koridordan oʻninchi palataga tomon yoʻl oldik. Palata eshigi oldida bizni hindiga oʻxshagan qop-qora, katta-katta koʻzlari yonib turgan bir yigit, aftidan, Masturaning eri kamoli ehtirom bilan kutib oldi va har qaysimizga ayrim minnatdorchilik bildirib, ichkariga yoʻlladi. Palataga kirdik. Shu payt oftob yana bulut ostiga kirdi-yu, palatani shom qorongʻiligi bosdi. Kattakon derazaning chap tomonidagi karavotdan zaif, yoʻq, zaif emas, mayin tovush eshitildi:

– Kelinglar… Rahmat! Odamga odam quvvat boʻladi, ming rahmat! Akramjon, kursi qoʻyib bering…

Oftob yana yorishdi. Masturani baralla koʻrdik… Koʻz oʻngimizda xasta emas, oʻlik, haqiqiy oʻlik, sap-sariq teriyu suyakdan iborat boʻlgan murda ichiga botib ketgan koʻzlarini katta ochib yotar edi… Tobutda yotgan oʻlikning qoʻlimi, oyogʻimi biron sabab orqasida bexosdan qimirlab ketsa kishi qay ahvolga tushadi? Uning oʻlim pardasi qoplagan yuzida chaqnab turgan koʻzlarini koʻrgan kishi xuddi shu ahvolga tushar edi.

Boya bizni kutib olgan yigit – Akramjon kursi qoʻyib berdi. Mirrahimov ikkovimiz oʻtirdik. Hoji aka yoʻgʻon gavdasi bilan Masturani toʻsib tikka turib qoldi. Yonimdagi kursini surib Hojining etagidan tortay desam, qorni silkinyapti… Ajabo, bu odam nega kulayotibdi, deb aftiga qarasam… rangi boʻz boʻlib ketibdi! Uning qoʻrqqanini payqab, hamshira darrov yoʻl qildi:

– Ie, Hoji aka, sizga dori berish esimdan chiqibdi-ku, yuring! – dedi va Hojini yetaklab chiqib ketdi. Hoji koridorga chiqib yiqilarmikan, deb oʻylagan edim, yoʻq, xayriyat, gumburlagan tovush eshitilmadi…

Hamshira yoʻl qilib Hojini olib chiqishga chiqdi-yu, lekin baribir, Mastura payqadi. Juda-juda xunuk ish boʻldi. Mirrahimov ikkovimiz nima deyishimizni, nima qilishimizni bilmay qoldik. Bu hol kasalga qanday taʼsir qildi ekan, deb sekin qaradim. Mastura qonsiz labida tabassum bilan eriga yuzlandi:

– Akramjon, daftaringizga yozib qoʻying: uch mardi maydon meni koʻrgani kirgan edi, bittasi arang qochdiyu, ikkitasi qochgani ham boʻlmay, oʻtirib qoldi.

Mastura piqirlab kulib yubordi; yana kuldi, yosh boladay oʻzini tutolmay qiqirlar edi. Bu hazil va ayniqsa kulgi avval xunuk, odamning etini jimirlatadigan darajada xunuk eshitildi, keyin nuchuqdir, Masturaning yuzidan oʻlim pardasi koʻtarilganday, hayot toʻla koʻzlari oʻlik yuziga jon kirgizganday boʻldi. Mirrahimov Hoji akaning qilmishi toʻgʻrisida uzr tariqasida bir nima demoqchi boʻlib gap boshlagan edi, Mastura soʻzini ogʻzidan oldi:

– Bunaqa narsa menga taʼsir qilmaydi, – dedi, – Akramjon, bularga tobut voqeasini aytib bering… yoʻq, yoʻq, oʻzim aytib beraman! Bunga besh yildan oshdi. Koʻz oldimdan ketmaydi… Qalin qor yoqqan kun edi. Men derazaning roʻparasida mana shu xilda yotibman, Akramjon paypogʻini yamayotgan edi shekilli. Birdan koʻcha eshigimiz ochildi-yu, qizil bir narsa kirdi, nima ekan deb qarasam – tobut! Akramjonning ikki oʻrtogʻi hovlimizga tobut koʻtarib kirdi! Yuragim jigʻ etib ketdi… Voy shoʻrim, nahot oʻlgan boʻlsam… To es-hushimni oʻnglab, Akramjonga bir nima degunimcha, boyagi ikkovi tobutni devorga suyab qoʻyib, uyga kirib keldi; uyga kirdi-yu, meni koʻrib ikkovi ham boyagi Hoji akangizday shaytonlab qolayozdi. Akramjon hayron… Men ana ketdi, mana ketdi boʻlib yotgan edim-da, oʻsha kuni ertalab birov avtobusda yigʻlab ketayotgan bir bolani koʻrib, mening ukamga oʻxshatibdi-yu, shundan haligiday gap tarqalibdi… Tobutni buzib pechkaga qalashdi. Menga shu ham taʼsir qilgani yoʻq. Bunaqa narsalar oʻlim kutib yotgan kasalga yomon taʼsir qilishi mumkin, men hech qachon oʻlim kutgan emasman, kutmayman ham! U yogʻini surishtirsangiz, men odam bolasining oʻlim kutishiga, yaʼni dunyodan umid uzishiga ishonmayman. Hatto tildan qolgan kasalning rozilik tilashib qaragani ham dunyodan umid uzgani emas, balki “rozilik tilashgani hali erta” dermikin degan umid bilan, dunyoda tengi yoʻq, timsoli yoʻq zoʻr umid bilan qaragani deb bilaman.

Akramjon Masturaning biz bilan yozilib oʻtirganiga qanchalik xursand boʻlsa, toliqib qolishidan shunchalik xavotirda ekani koʻrinib turar edi; shuning uchun Masturaga tez-tez dam berishni koʻzlab, koʻproq bizni gapirtirishga, oʻzi gapirishga harakat qilardi.

– Sizning nima dardingiz bor? – dedi Mirrahimovga yuzlanib.

Mirrahimov birdaniga uchta dardning nomini aytdi.

– Voy shoʻrim!.. – dedi Mastura, – jindakkina joningizga-ya! Shu jussangizga uchta dard sigʻdimi?

Boʻldi kulgi! Ayniqsa, Mirrahimov zavq qilib kuldi. Kasallik, oʻlim toʻgʻrisidagi gap tugab, xushchaqchaq suhbat boshlanishiga ilhaq boʻlib turgan Akramjon Mastura boshlagan askiyani ilib ketdi; askiyaga juda usta ekan, olamda dard nima, oʻlim nima ekanini butkul unutib, rosa kulishdik. Afsuski, Mirrahimovning yoʻgʻon tovushi suhbatimizning buzilishiga sabab boʻldi: vrach koridordan oʻtib borayotib, uning besoʻnaqay kulgisini eshitgan boʻlsa kerak, eshikni ochib qaradi va Masturaga zehn solib, uning yuzida horgʻinlik koʻrdi shekilli, bizni chiqarib yubordi. Akramjon ketimizdan chikdi, bizning bu iltifotimiz Masturaga qancha kuch-quvvat berishini aytib, koʻnglida mavj urib, yosh pardasi bosgan koʻzlarida koʻrinib turgan cheksiz min-natdorchilik tuygʻusini aytib bitirolmas, aftidan, Masturaning bir minutlik oromi uchun oʻng koʻzini oʻyib berishga ham tayyor edi.

Palatamizga qaytdik. Hoji aka karavotida yonboshlab, qand choy ichib, oʻzini yelpib yotar edi. Boʻlib oʻtgan xijolatli ish toʻgʻrisida u ham indamadi, biz ham indamadik. Hoji akaga bir nima deyish u yoqtsa tursin, Mirrahimov ikkovimiz ham kechgacha bir-birimizga soʻz qotmadik; aftidan, borligʻimiz Mastura bilan band, quyunday charx urayotgan taassurotlar, fikrlar, tuygʻularni ifoda qilgani soʻz topolmas edik.

Kech kirdi. Hoji aka oʻrtacharoq xurrak tortib uyquga ketdi. Mirrahimov dam-badam u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilar edi, nihoyat, mening uygʻoq ekanligimni payqab, boshini koʻtardi.

– Bu xotinning joni bitta emas, ming bitta! – dedi, – hozir tugab qolgan shamday lipillab yonayotgan joni basharti soʻngan taqdirda ham, qolgan mingtasini yoqib keyin soʻnadi. Mana shu ishonch Masturaga oʻlimni yoʻlatmaydi.

Mirrahimov uzoqjim qolganidan keyin yana birdan:

– Yeri-chi, eri? – dedi, – bu yigitning ham raftoridan, yigitlik umri ming bittayu, shundan bittaginasini Masturaga qurbon qilyapti.

Yertasiga Mastura haqida yana bir koʻngilsiz gap eshitdik: bechoraning tomogʻidan hech narsa oʻtmasligi ustiga qorniga tez-tez suv toʻplanar ekan…

Kunlar oʻtib hammamiz tarqaldik. Mirrahimov oʻzining MTSiga, Hoji aka kurortga ketdi.

Oradan bir qancha vaqt oʻtgandan keyin shu tomonga yoʻlim tushdiyu, kasalxonani bosib oʻtolmadim; kirib tanish hamshiradan soʻrasam, Mastura bir soatdan keyin operatsiyaga yotar ekan. Doktorlar operatsiya stolidan turolmaydi, deb besh oydan beri uning raʼyini qaytarib kelishar ekan, oxiri boʻlmabdi – Mastura oʻlsam tovonim yoʻq, deb tilxat beribdi.

Kirib koʻray desam, doktor ijozat bermadi. Mening yoʻklab kelganimni koʻrsa, dalda boʻladigan biron soʻz aytsam, zoraki darmon boʻlsa deb kutdim.

Vaqt-soati yettanda Masturani hamshira bilan Akramjon ikki tomondan suyab olib chiqishdi. Lekin eshikdan chiqishi bilanoq Mastura ikkovini ikki tomonga itarib oʻzi yurdi; bardam qadam tashlab, operatsiya zalining eshigini oʻzi ochib kirib ketdi. Akramjon, butun diqqati xotinida boʻlgani uchun meni payqamadi. Mastura esa menga bir qaradiyu, tanimadi shekilli, indamadi.

Operatsiyaga doktorlarning koʻngli chopmagani, xastaning holi oʻzimga maʼlum boʻlgani, Masturaning oʻlimning yuziga bunchalik tik qaragani qorongʻida qoʻrqqan kishi ashula aytganidek emasmikin, degan gap koʻnglimdan oʻtgani uchun operatsiyaning natijasini kutmadim, kechqurun kasalxonaga telefon qilmoqchi boʻlganimda, rostini aytsam, telefon trubkasini dadil ololmadim. Yoʻq, xayriyat, Mastura operatsiyadan bardam turibdi. Shunaqa deyishdi.

Shundan keyin men uzoq safarga ketdimu, Masturaning taqdiridan bexabar boʻldim, lekin uni tez-tez eslar edim; bu toqati toq, joni temirdan insonning tuzalib ketishini, yashashini, uzoq umr koʻrishini uning oʻzidan ham koʻproq tilar edim. Shuning uchun oradan uch yil oʻtgach, Akramjonni bir begona xotin bilan koʻrganimda alamimdan dod deb yuborayozdim.

Paxta bayrami hech qayerda Mirzachoʻldagidek qiziqoʻtma-sa kerak, chunki bu yerga resggublikaning turli oblastlaridan kelgan odamlar oʻz oblastining ashulasini, oʻyinini ham olib kelgan deyishadi.

Paxta bayramini yor-joʻralar bilan Guliston rayonida oʻtkazdik.

Akramjonni, boya aytganim xotin bilan shu yerda, Guliston rayoni markazining chiqaverishida koʻrdim. Oʻrta boʻyli, xushqomat, vujudidan yoshlik kuchi va gʻayrati yogʻilib turgan qop-qora juvon otda olma yeb, yoʻl boʻyida turar, Akramjon oʻz otining ayilini qayta bogʻlamoqda edi. Akramjon meni koʻrib qoldi-yu, juvonga bir nima dedi. Juvon darrov otdan tushdi. Ikkovi yugurib keldi. Ikkovi ham men bilan juda eski qadrdonday soʻrashdi. Biroq men, harchand qilsam ham, palatadan chiqib operatsiya zaliga kirib ketayotgan Mastura koʻz oʻngimdan ketmay, bular bilan samimiy koʻrisha olmadim: Akramjonni bir nav quchoqlagan boʻldim, juvonga esa qoʻlimning uchini berdim.

Juvon:

– Amaki, meni tanimadingizmi? – dedi va xurjundan ikkita olma olib, birini menga berdi.

– Qayerdadir koʻrganday boʻlaman, lekin…

Juvon qoʻlidagi olmani ustma-ust bir necha martaba tishladi va chala chaynab yutdi.

– Yendi ham tanimadingizmi? – dedi.

Tanidim! Faqat koʻzidan tanidim! Kulimsirab, olamga tabassum sochib turgan bu juvon oʻsha Mastura edi. Men nima deyishimni bilmay:

– Bu yoqda nima qilib yuribsiz? – dedim.

Mastura kuldi.

– Kuchimni, gʻayratimni toʻla-toʻkis ishga solib yuribman, – dedi.

– Operatsiyaga kirib ketayotganingizda men yoʻlakda turgan edim, hayajonda boʻlsangiz kerak, tanimadingiz…

– Yoʻq, amaki, – dedi Mastura bir oz xijolat boʻlib, – kechirasiz, atayin soʻrashmagan edim… Soʻrashsam, menga tasalli berar edingiz… Oʻsha tobda menga tasalli berib aytilgan har bir soʻz ishonchimga raxna, koʻnglimga gʻulgʻula solishi mumkin edi.

Uzoq suhbatlashdik. er-xotin otlarini yetaklab, meni talay yergacha kuzatib qoʻyishdi: soʻng xayrlashib soʻl tomonga ot qoʻyib ketishdi.

Men sahroda lochinday uchib ketayotgan Mastura bilan Akramjonga uzoq qarab qoldim.

Ikkovi ufqqa yetganda, biri orqaga qaytdi, xayal oʻtmay yetib keldi.

Bu Mastura ekan, yoʻldan bir necha qadam narida turib:

– Amaki, Hoji akamga salom ayting, – dedi va ufqda kutib turgan Akramjonga tomon ot qoʻyib ketdi.

Shaharga qaytganimizdan keyin Masturaning omonatini topshirish uchun Hoji akani topdim, lekin salomini topshirolmadim: Hoji aka bechora qazo qilgan ekan.

 

1956

 

Abdulla QAHHOR

https://saviya.uz/ijod/nasr/ming-bir-jon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x