“Ish bor joyda xato bor”. Bu gap qulogʻimizga koʻp chalinadi. Toʻgʻri, ish bor joyda turli xil kamchiliklar uchrab turishi tabiiy holdir. Har bir ishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor, albatta. Lekin yoʻl qoʻyilayotgan xatolarda ham muayyan chegara boʻladi.
Avvallari badiiy asarlar, sinf darsliklari qayta-qayta tahrirdan oʻtkazilib, kitobning turli imloviy, uslubiy va maʼlumotlar bilan bogʻliq xatolardan har tomonlama xoli ekanligi tekshirilib, mukammal darajaga kelgandagina oʻquvchilar eʼtiboriga taqdim etilar edi. Agar kitoblarda turli xil imloviy xatolar yoki mazmun jihatidan chalkashliklarga yoʻl qoʻyilsa, kitobning oxirgi sahifasiga ilova tarzida qaysi sahifada qanday xato ketgani va oʻsha xatoning adabiy til qoidalariga muvofiq toʻgʻrilangan varianti berib ketilar edi. Aytganimizdek, agar xatoga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa…
Hozir-chi, hozir kitoblarimizning badiiy saviyasi hamda imloviy qoidalarga mosligi qay darajada? Bir qarashda oʻquvchilarga taqdim etilayotgan darsliklar umuman benuqsondek koʻrinadi. Aslida ham shundaymikan? Soʻz isboti bilan deganlaridek, quyidagi misollarni keltiramiz:
2014 yilda nashr qilingan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9-sinflari uchun darslikni varaqlaymiz. Adabiyot, qayta ishlangan va toʻldirilgan uchinchi nashri. Maʼlumki, boʻgʻin koʻchirish qoidalari umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinfdayoq oʻrgatiladi. Bu kitobda esa boʻgʻin koʻchirishda koʻp bora xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybekning “Qutlugʻ qon” romanidan olingan parchadan koʻchirma: “Yoʻlchi bilan bir kecha-kunduz birga yashadigi u hujra…” (39-sahifa) jumlasidagi “hujra” soʻzi “hu-jra” tarzida xato boʻgʻin koʻchirilgan. Aslida esa boʻgʻin “huj-ra” tarzida koʻchirilishi kerak edi.
Kitobning 43-sahifasidagi “Xoʻjayin degan xizmatkorni qiziqtirish…” jumlasida, “qiziqtir-ish” shaklida, 45-sahifadagi “jihozlarga” soʻzi, “jiho-zlarga” shaklida xato koʻchirilgan.
Kitobda, bunday xatoliklar koʻp. Bir oʻylab koʻring, oʻquvchi uyga berilgan topshiriqlarni bajarayotgan vaqtida, aytaylik, insho yozayotgan boʻlsa, qaysidir soʻzning boʻgʻin koʻchirilishiga qiynalib qolsa yoki biror-bir soʻzning imloviy qoidalarga muvofiq qanday yozilishini bilmoqchi boʻlsa, albatta, oʻzining ona tili va adabiyot darsliklaridan koʻmak istaydi. Vaholanki, kitoblarda shunday xatolar boʻlsa, oʻquvchi toʻgʻri yozishni qayerdan oʻrgansin?
9-sinf adabiyot darsligida oʻzbek sheʼriyatiga koʻngil dardlari suvratlari, ruhiy iztiroblar manzarasi, armonga aylangan orzular inson sezimlarida qoldirgan izlar tasvirini olib kirgan mashhur shoirimiz Abdulla Oripovning hayot va ijod yoʻli, sheʼrlari haqida anchagina maʼlumotlar berib oʻtilgan. Kitobda shoirning “Sarob”, “Bahor”, “Bahor kunlarida kuzning havosi…”, “Kuz manzaralari” hamda “Genetika” sheʼrlari keltirilgan. Sheʼrlarning soʻngida esa odatdagidek, shoirning sheʼriyati tahlili mavjud. Ushbu boʻlimdagi bir xatoga koʻz tashlasak. A. Oripovning “Bahor” sheʼridan olingan: “Ravon yoʻllar qarshingizda turibdi mushtoq”, – Derdi bizga harf oʻrgatgan yosh bir muallim”…” jumlasi (104-sahifa) kitobning 90-sahifasidagi “Sarob” sheʼri 12-kupletining 3–va 4–qatorlarida turganligini koʻramiz. Binobarin, tahrirda ushbu baytlar “Bahor” sheʼridan olingan deya keltirilgan edi.
Insonga maʼnaviy ozuqa beradigan adabiyot kitoblarimizni bir chetga qoʻyib, endi til qoidalarini oʻrgatadigan “Ona tili” darsliklariga yuzlanamiz. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 8-sinfi uchun “Ona tili” darsligida sintaksis boʻlimining barcha turlari, ijodiy matn va insho yozish qoidalari berib oʻtilgan.
Bu kitobda oʻz-oʻzini inkor qiluvchi bir qator daliliy maʼlumotlar bilan bogʻliq kamchiliklar mavjud: kitobning 63-sahifasidagi murakkab ot kesimlarning tuzilishi mavzusi. 1-topshiriq, 6-misol. Ular besh kishidan iborat edi. Kitobda ajratib koʻrsatilgan boʻlak ot-kesim deyilgan. Haqiqatan ham, jumlani tahlil qilib chiqsak, buni toʻgʻriligiga amin boʻlamiz: Ular – bu oʻrinda ega, besh kishidan iborat edi – kesim. Chunki iborat edi soʻzining oʻzi kesim boʻla olmaydi, iborat soʻzi – dir kesimlik shakliga teng. Agar besh soʻzini ot-kesim tarkibiga kiritmasdan alohida olsak, “ular kishidan iborat edi” tarzida gap oʻz maʼnosini yoʻqotib qoʻyadi. Shuning uchun aslida aniqlovchi boʻlgan besh soʻzini ot-kesim tarkibiga kiritamiz. Xuddi shunga oʻxshash misol “Vositali toʻldiruvchi” mavzusida 93-sahifadagi 201-mashqning 2-misolida berilgan: Kitob ikki qismdan iborat. Gapda ajratib koʻrsatilgan boʻlak – vositali toʻldiruvchi (?). Yuqoridagi misoldagi kishidan soʻzi esa ot-kesim tarkibida. Kitobdagi tahlil boʻyicha iborat – kesim, kitob – ega, ikki – aniqlovchi, qismdan – vositali toʻdiruvchi (?). Agar gapda ikkinchi darajali boʻlaklarni tushirib qoldirsak, ushbu gapdagi grammatik asoslar “kitob iborat” koʻrinishiga ega boʻladi, lekin biz buni gap deb ololmaymiz. Kesim mavzusida keltirilgan qoidaga nazar solsak: 1 kesim gapning asosiy belgilarini koʻrsatuvchi eng muhim boʻlak boʻlib, gapda ega ham, ikkinchi darajali boʻlaklar (toʻldiruvchi, aniqlovchi, hol) ham bevosita yoki bilvosita kesimga bogʻlanadi. Qoidadan kelib chiqqan holda gapni tahlil qilamiz. Kitob ikki qismdan iborat. Xuddi “Ular besh kishidan iborat” misolidagidek, kitob – ega, ikki qismdan iborat – ot-kesim. Yana shunga oʻxshash misol kitobning “Aniqlovchi haqida umimiy maʼlumot” mavzusidagi 203-mashqda berilgan (94-sahifa). Kitob mualliflari shunchalik loqaydliklarga yoʻl qoʻyishganki, mashqda matn berib, hatto uning mavzusini ham qoʻyib, yana 1-misol deya butun boshli matnga tartib raqami ham qoʻyishgan. Matnda navbatdagi raqamlashlar yoʻq.
Ushbu matndagi ikkinchi gap: Katta toʻgarak ikki guruhdan iborat. Bu yerda ajratib koʻrsatilgan boʻlaklar aniqlovchi hisoblanadi. Biz bu gapni tahlil qilmadik, xulosa esa oʻzingizga havola.
Koʻrinib turibdiki, ushbu kitoblardagi kamchiliklar yetarli darajada. Lekin bu keltirgan misolimiz dengizdan bir tomchi. Badiiy asarlardagi xatoliklarga yuqoridagi maqolimiz qabilida ish tutib, kechirdik ham deylik. Lekin endi oʻsib-ulgʻayib kelayotgan, mustaqil va ozod Vatanimizning kelajagi boʻlgan yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishda, ularni ona Vatan, ona tilimizni qadrlashga va shu ona tilimizni bekamu koʻst oʻrganishga poydevor vazifasini bajaruvchi ona tili va adabiyot darsliklaridagi yoʻl qoʻyilayotgan xatoliklarga koʻz yumib ketib boʻlmaydi.
Biz yuqorida atigi ikkita darslikdagi nuqsonlarni misol keltirdik, agar birinchi sinfdan to akademik litsey va kasb-hunar kollejlari darsliklarigacha boʻlgan kitoblar sinchiklab oʻrganib chiqilsa, talay xatolar chiqishi aniq. Bu yoʻl qoʻyilgan xatoliklarga befarq boʻlsak, tilimizni oʻrganishga boʻlgan eʼtiborning susayishiga qaysidir maʼnoda biz ham aybdor boʻlib qolamiz. Ayniqsa, yaxshi va sifatli kitoblarga talab va eʼtibor kuchaygan bugungi davrda bunday qoʻpol xatoliklarga toʻla kitoblarning oʻquvchiga taqdim etilishi, kitobxonga maʼnan zarar yetkazish bilan tengdir. Shunday ekan, nashr uchun hurmatli masʼul mutasaddilar, milliy qadriyatlarimizni, vatanimizni, ona tilimizni oʻrgatishga, sevishga poydevor boʻladigan kitoblarimizga befarq qaramaylik.
Jasurbek TOJIBOYEV,
OʻzDJTU talabasi
“Hurriyat” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/darsliklardagi-xatolarga-befarq-bolmaylik/