Rasul HAMZATOV
* * *
Yulduzlarga kecha-kunduzlar
Raketalar uchdi basma-bas.
Ey odamlar – yuksak
yulduzlar, –
Sizga uchib yetsam, menga bas.
YULDUZLAR
Tundagi yulduzlar, yorugʻ yulduzlar,.
Charaqlab sheʼrimga tashlaysiz nigoh.
Ishonib termilgan koʻzdayinsizlar,
Koʻzlarki, abadiy yumilgan koʻzlar.
Yarim tun, har yonda sukunat nuqul,
Tinglayman, vaqt bilan bahslashmay zinhor:
– Jangdan qaytolmagan vijdondek pok boʻl! –
Degan bir nidoni tinglayman takror.
Dogʻiston yurtiga sodiq togʻ ahli,
Men tutgan bu yoʻlim emasdir oson.
Ehtimol, boʻlurman yulduzlar taxlit,
Qachondir makonim boʻlur keng osmon.
Boqurman kimningdir nazmiga men ham,
Tinchimni olgusi yerdagi inson.
Vijdondek qararman men ham oʻsha dam,
Hamnafas elimdan boʻlib bir nishon.
DOʻSTLIK HAQIDA QISSA
Soʻrsalar mendan agar: “Ne bilan hayot aziz?”
“Yov koʻz yoshi, doʻstlarning quvonchi-la”, – deyman tez.
Mening yurtim tik qoya, ulkan toshlar aro jo,
Dovrugʻi ancha katta, yeri kichikdir ammo.
Ertakdagi bogʻ emas, kam hosilli yeri bor,
Doʻstlikdan qudrat topmish, sevgisi hur va bisyor.
Bir kun shu qorli togʻlar kabi sochi oppoq chol
Qazo chogʻi kelganin payqab boʻlibdi behol.
Biroq uni oʻlim band qilib olmoqdan avval,
Kechgan umrin soʻroqlab, beribdi shunday savol:
“Qanday yashab, ne taxlit oʻtkargan eding umr,
Qani aytib ber debdi, tortinmasdan birma-bir”.
Soʻylay boshlabdi shoʻrlik kelgan chogʻda soʻnggi on
Koʻrgan-kechirganlarin qisqacha qilib bayon.
Oʻzin pok asraganmish, boʻlmayin deb nobakor.
Gunoh yoʻlga kirmabdi, ichib-chekmabdi zinhor!
Erta tongdan to oqshom kelgunicha bechora
Besh vaqt namozin oʻqib, yeb-ichibdi uch bora.
Oʻgʻrilik ne bilmabdi, ne bilsa bildirmabdi,
Halol-u pok yashabdi, olmabdi ham bermabdi.
Oʻlim tinglab chol soʻzin debdi sodda, beparvo:
“Ha, yashabsan, ey ota, goʻyoki bir avliyo.
Ey keksa, soching oʻxshar ulkan qorli togʻlarga,
Qilgandirsan ezgu ish dil tortar oʻrtoqlarga.
Shul sababdan ularning koʻnglin qilmay deb vayron,
Ortga suray qazoying muhlatini, bobojon.
Qilib har bir eng yaqin doʻstlaringdan armugʻon,
Bir yildan umrin olib, senga berayin, quvon!”
Murdadek boʻzaribdi cholning yuzi shu onda.
Doʻsti tugul yoʻq ekan dushmani ham jahonda.
Oʻlim qilibdi xitob: “Unday boʻlsa, e dono,
Tirik yursang-da, oʻlik ekansan-ku doimo.
Hozirlik koʻr, men bilan birgalikda ketursan,
Kimga ham darkordirsan, kimni ham shod etursan?”
“E oʻlim, soʻzlaringni maqbul deb tan olurman,
Ashaddiy yov boʻlsang ham, bu gaping haq bilurman”.
Insondirmiz, demakki, doʻstlarsiz umr mahol,
Doʻstlarsiz qazo topmoq undan ham ogʻir, malol.
Doʻstlarsiz kichik xalqim yanchilardi batamom,
Ulugʻlandi doʻstlikdan, doʻstlar bor, yashar omon.
Bizlarga doʻstlik darkor, u haqda qoʻshiq darkor,
Havodan ham, nondan ham shunga mushtoqmiz ming bor.
Zohidjon OBIDOV tarjimalari
https://saviya.uz/ijod/nazm/mening-yurtim-tik-qoya-ulkan-toshlar-aro-jo/