Koʻhna va madaniyatga boy xalqimiz oʻzining necha ming yillik tarixiy tajribasiga asoslanib, “Til – dil kaliti”, “Til bilgan el biladi”, kabi qator hikmatlarni bot-bot kelgusi avlodlarga uqtirib kelgan.
Ajdodlarimizning boshqa xalqlarga boʻlgan qiziqishlari, savdo-sotiq munosabatlari, tarjima sohasining rivoj topmagani bois, ularni chet tillarini oʻrganishga undagan. Asarlarni oʻz tilida oʻqish natijasida esa ular oʻzlari uchun “yangi dunyo” ocha boshlashgan, oʻsha xalqning tarixi, adabiyoti, sanʼati hamda madaniyati haqida maʼlumotlarga ega boʻlishgan.
Ayni vaqtda esa biz deyarli barcha asarlarning oʻzbekchalashtirilgan nashrlarini oʻqiymiz. Albatta, bu bugungi kun tarjimonlik maktablarining rivoji samarasi. Ammo nega biz ushbu asarlardan umuminsoniy gʻoyalarni “ha” deganda anglay olmaymiz? Nega qadimda insonlar oʻz ismi kabi yod olgan jahon adabiyotining durdona asarlari bugun hatto, ilm ahli orasida ham u qadar eʼtirof etilmayapti? Toʻgʻri, asar gʻoyatda mashhur ekanini bilamiz, lekin nima uchundir mahorat bilan yozilmagandek tuyuladi. Boisi, har bir tilning boshqa hech qaysi tilda uchramaydigan oʻziga xos jilosi, soʻz boyligi mavjudki, ularni boshqa tilga tarjima qilish mutlaqo ilojsiz. Buni amalga oshirgan taqdirda ham u oʻgirish jarayonida oʻz nozik maʼnosi, qiymatini qisman yoʻqotadi. Xususan, oʻzbek tilidagi “maʼnaviyat” soʻzini toʻgʻridan toʻgʻri ingliz tiliga tarjima qilib boʻlmaydi. Ruhiyat maʼnosini ifodalaydigan “spirituality” soʻzi “maʼnaviyat” tushunchasi uchun ham ishlatiladi. Vaholanki, “ruhiyat” va “maʼnaviyat” tushunchalari bir-birini maʼno jihatidan toʻldirishi mumkin boʻlgan alohida soʻzlardir.
Yoki ingliz tilidagi “phrasal verbs”, yaʼni “iborali feʼllar” xususida soʻz yuritadigan boʻlsak, ularning tarjimasida ham qator farqlarni koʻrishimiz mumkin. Masalan, ingliz tilidagi birgina “get off” feʼlini olsak, uning “jazodan qochmoq”, “katta transport vositalaridan tushmoq” (engil avtomobillardan emas), “yoʻlga otlanmoq”, “tugatmoq”, “xat yozmoq yoki joʻnatmoq”, “latifa aytmoq” va shu kabi qator maʼnolari mavjudligi sababli gapda uning qaysi oʻrinda kelganini aniqlab olish gʻoyatda muhim. Agar “I got off my trip” gapini tarjima qilsak, “get off” feʼlining yuqorida berilgan maʼnolaridan kelib chiqqan holda, uni quyidagicha tarjima qilish mumkin: “Men sayohatga otlandim”, “Men sayohatni yakunladim”. Bu gaplar maʼno jihatidan bir-biriga mutlaqo zid. Bu yogʻi esa mutarjimning mahoratiga bogʻliq. Lekin oʻzbek adabiyotidagi shakldosh soʻzlar vositasida yuzaga keladigan tuyuq janri yoki iyhom sanʼati kabi yuqoridagi shakldosh soʻzlar vositasida amalga oshirilgan biror soʻz oʻyini boʻlsa, u tarjima jarayonida oʻz mohiyati va jilosidan yiroqlashadi va kitobxon yozuvchi anglatmoqchi boʻlgan maʼnoni tushunib yetmaydi.
Darhaqiqat, tarjima ham yarim ijoddir. Shunday ekan til bilgan tarjimon degani emas.
Saida ERGASHYeVA,
OʻzMU xorijiy filologiya fakulteti talabasi
“Sogʻlom avlod” gazetasi, 2018/10
https://saviya.uz/hayot/nigoh/til-bilgan-tarjimon-degani-emas/