Mehri munir, zebi torak

Bashariyat tafakkurining yuksak choʻqqilaridan sanalmish Mir Alisher Navoiy sheʼriyatga doir manzumalarida badiiy sanʼatni porloq nur va mehr ulashuvchi hamda bosh ustida tovlanib turuvchi toj bezagiga qiyoslagan. Buni Navoiy bilan shaxsan uchrashish nasib etmagan yosh Zahiriddin Muhammad Bobur ham shoir oʻlimidan besh yil oʻtib, zamonaning zayli bilan Husayn Boyqaroning iltimosiga koʻra Hirotda boʻlgan chogʻida eʼtirof etgan.

Shoh Budoq Shayboniyga qarshi birgalashib kurashish harakatiga tushgan temuriyzodalar Qobulga hukmdorlik qilib turgan Boburni jang maydoniga tortmoqchi boʻlganlari bizga tarixdan yaxshi maʼlum. Qahraton qish hukm surayotgan bir kezda Bobur bu chaqiriqqa “hamma oyoq bilan yurib borsa, men boshim bilan yurib borishga ham tayyorman”, deya hech bir xayallamay Hirotga oʻn ming lashkari bilan yoʻl olgan. Va eʼtiborli jihati, Navoiyning bir necha tanobga choʻzilgan ulkan hovlisiga barcha lashkarlari, ot-ulovi bilan joylashgan. Ertasi kuni u Navoiy maqbarasini tavof qilgach, bir necha kun shoir tomonidan barpo qilingan “Xalosiya” xonaqohida tunagan. Xuddi shu yerda “Chor devon” mutolaasi bilan shugʻullanib, Navoiy dahosiga yana bir karra qoyil qolgan. U xattotlariga buyruq qilib, kulliyotni toʻla koʻchirtirib olgan.

Chindan ham Navoiy sheʼriyatda badiiy soʻzning cheksiz qudrati va imkoniyatlariga yuksak baho berib, bu haqda “Hayratul abror”da maxsus toʻxtalgan. Oʻzi kechirgan bu shavqu hayratni shunday ifodalaydi: “Charx tomigʻa nardbon yasamoq, mehr shamʼigʻa shamʼdon yasamoq. Qilibon ankabut ipini kamand, Aylamak ajdaho aning bila band”.

Endi siz ham shoirning ijodiy xayol ixota doirasini bir tasavvur etib koʻring-a! Badiiy ijodga, sheʼriyatga qoʻl urmoq baayni falakning peshtoqiga monand narvon tayyorlashu, quyosh shamʼigʻa munosib shamʼdon yasash bilan oʻrgimchak ipidan sirtmoq hozirlab, afsonaviy ajdahoni band etishga tenglashtiriladi. Bu – insoniyat imkoniga sigʻmaydigan narsa va hodisalardan gʻaroyib moʻjizakor holat – yaratish sanʼati, inson zakovati jurʼat qilmagan oʻy-xayollarga ijodiy jasorat topish iqtidoridan dalolat beradi. Shoir soʻz sanʼatining samoviy qudratidan ragʻbatlanib, shunday yozadi: “Zarrada mehrni nihon aylay, Bahrgʻa qatrani makon aylay”. Zarrada – quyosh, qatrada – dengiz aks etishidek olamning moʻjizalarini takror-takror eshitganimiz uchunmi, ular bizni unchalik hayratga solmasligi mumkin. Ulugʻ sanʼatkor esa mana shu hodisadan ijodiy foydalanib, sheʼriyatga yanada sayqal baxsh etadi. Shoir, zarurat tugʻilsa, olamning eng ulkan jismi hisoblanmish quyoshni eng kichik jism – zarraga, ummonni esa qatraga joylay olishdek afsungar mahoratiga ega boʻlganligi uchun ham shoir-da! Sheʼriyat sanʼatiga xos bunday favqulodda badiiy mantiq kuchi yuqoridagi kabi mubolagʻaning igʻroq, ifrot kabi nafis va sirli poetik usullarida oʻziga xos holatda namoyon boʻladi.

Badiiy soʻz sehrgarlaridan biri Alisher Navoiy sheʼr yaratishga qanchalik yuksak masʼuliyat bilan kirishmasin, bu maydonda oʻzini shunchalik erkin, shavq-u ragʻbat qurshovida his qilgan:

 

… Agar xosa maʼni, gar iyhom erur,

Oning kunda yuz bayti halvom erur.

 

Bu baytning oʻziga jalb qiluvchi siri “xosa maʼni”, “iyhom” soʻzlarining zamiriga yashiringan mazmundadir. Navoiy qalamining ilohiy qudrati ham shunda – buni yaxshi halvopazning oʻz ishidan zavq-shavq olishiga qiyos etilishidan ham bilsa boʻladi. Biroq shoir eng qiyin va murakkab badiiy usullar bilan ishlanadigan shohbaytlarni koʻzda tutayotganini eʼtibordan qochirmaslik kerak. Har holda, Navoiy qonuniy iftixor hissi bilan tilga olgan, har bir shoir ham uddasidan chiqavermaydigan xosa maʼni, iyhom sanʼati aslida oʻzi nima ekanini bilmay turib, uning soʻz dahosi haqida aniq tasavvur hosil qilish qiyin. Shuning uchun dastlab nisbatan kamyob oʻsha ikki sanʼat zaminida yaratilgan baytlarga razm solib koʻraylik:

 

Bosh qoʻyay dedim oyogʻi tuprogʻiga, dedi: qoʻy,

Boʻsa istab laʼli rangin soʻrsam erdi dedi: ol.

 

Mazkur shohbaytda oʻzaro nuktadonlik talashadigan ikki lirik lavha – obraz mavjud boʻlib, bu “qoʻy”, “ol” soʻzlarining har biri anglatgan qoʻsh maʼno zaminiga qurilgan nozikxayollik – betakror badialardan iborat. Ularni biroz sharhlab oʻtmasak, baytning asl nafosatini anglash qiyin boʻladi. Oshiq muhabbat qismatining barcha qiyinchiliklariga dosh berib, mahbuba oyoqlariga emas, uning gardiga bosh qoʻyar darajaga borib yetsa-da, u bagʻritosh unga avvalgiday bepisand. Hajr iztirobida toʻlgʻonib, vasl ilinjida hokisorlik bilan qilgan iltijosini rad etadi. Demak, mahbuba yo boshqani sevadi yoxud oshiq ahvoliga rahm-shafqat qilmaslik – uning odati. Mahbuba muhabbatning jiddiy sinovlari davomida toʻla qanoat hosil qiladiki, oshiq oʻzining chin eʼtiqodi, benihoya shikastaholligi, fidoyiligi bilan sadoqat va vafoning mujassam timsoli boʻlib qolajagini, muhabbat yoʻlidagi butun qiyinchiliklarni taqdir nasibasi oʻrnida koʻrishini namoyish etayotir. Demak, uning koʻngil iltijolariga oʻshanday muhabbat bilan javob qilsa, visol rizoligi bilan dardiga malham qoʻysa arzigulikdir.

Keyingi misraning oʻzaro zid ikki maʼnosi: hajrning turfa xil qiynoqlarini kechirishga, ishq yoʻlidagi azaliy va nogahoniy balolarni daf etishga kuch, sabot bergan, eng mushkul damlarda dildagi umid charogʻini soʻndirmagan sehrli umid tuygʻusi, vaslning bebaho mukofoti – boʻsa istagiga oshiq noil boʻlsa ham, buni oshkor etishga hayodanmi, vahmdanmi jurʼat qilmaydi-da, bolalarcha: “Laʼlingni rangi qanday edi?” deb savol beradi. Maʼshuqa esa yo bu savol maʼnosini atayin anglamaganga olib togʻofil bilan yo oshiqning jurʼatsizligidan kulib, shoʻxlik, gʻamza-yu istigʻno bilan uning dardiga bedardlarcha yuzaki javob qiladi. “Nahotki shuni ham bilmasang, labimning rangi qizil”: sen fazlu kamoling bilan muhabbatdek buyuk davlatning zakoti – pokiza boʻsa iltifotiga musharraf boʻlmoq uchun ushshoq ahli oʻtishi vojib qiyin va muqaddas yoʻlning barcha manzillaridan oʻtding. Sening chin oshiqliging shundaki, oʻzing sazovor boʻlgan bu baxt istagini ochiq aytishga hayo qilasan, zero, muhabbat tuygʻulari oʻsha pardaliligi bilan qadrli va jozibalidir. Sening ramziy, ishorali savollaringdan mening ham visol ishtiyoqim purziyod boʻldi. Senga oʻsha muborak tuhfani topshirishga mingdan-ming rozidirman, ol. Shunday qilib, iyhom sanʼati bilan bezatilgan mazkur shohbaytda istang – zohiriy-oshkor, istang – botiniy-pinhon maʼnolar taqdim etiladi. Iyhomning jozibasi ham uning mana shunday tanqisligida koʻrinadi. Bunday baytlarda poetik sanʼat turlaridan toʻgʻri foydalanish uchun shoir ijodining ichki maʼnaviy dunyosini kengroq oʻrganish zarurati tugʻiladi. Navoiyning soʻlmas durdonalari boʻlmish minglab shohbaytlarda olovli ehtiroslar bilan birga, vazmin fikrlarning omuxta boʻlib kelishi sanʼatkordan chinakam isteʼdod bilan birga, zoʻr malaka va puxtalikni taqozo qilardi. Lirikada asrlardan beri ishlanib kelgan muayyan qoidalar, “temir qonun” boʻlib ketgan mufassal shartlar vujudga kelgan ediki, bularni bilish har bir shoir uchun farz edi. Aks holda oʻsha shoirni savodsizlikda, noqobillikda yoki chinakam badiiy zavqning yoʻqligida ayblashardi.

Bir necha asrlar mobaynida Sharq klassik sheʼriyatining nazariy va amaliy faoliyatiga koʻrsatma boʻladigan ilmlar zohir topgan ediki, bular “Ilmi badeʼ”, “Ilmi aruz” va “Ilmi qofiya” nomlari bilan ataladi. Buni barcha qomusiy olimlar “Ilmhoi segona” deb atab kelishgan. Sanʼat olamidagi bu “uchlik”ni bilish har bir adabiyotshunos uchun mutlaqo shart boʻlgan. Adabiyot shinavandalari har qaysi badiiy sheʼriyatga baho berayotganlarida, uning oʻsha poetik qirralariga qarab oʻlchov yasaganlari ham bejiz emas. Navoiy ham oʻz gʻazallarini faqat ilhom va tuygʻu omillarigagina rioya qilmay, adabiyot qoida va nazariyalarini koʻzdan qochirmay qalam tebratgan. U oʻzigacha “Ilmi badeʼ” haqida yaratilgan asarlarni turli mamlakat kutubxonalaridan toptirib kelib, chuqur oʻrgangan. Buni shoir oʻzining “Mezonul avzon” deb nomlangan asarida ochiq aytadi. Jumladan, u hijriy III asrda yashab oʻtgan Abbosiylar shajarasiga mansub Ibn Muʼtasim yaratgan dastlabki 17 ta sanʼat usulini tajribada sinashga uringan. Undan keyin Quddam bin Jaʼfar tomonidan yozilgan “Naqdush sheʼr” va Xalil ibn Ahmadning aruz va qofiya ilmiga doir asarlarini mutolaa qilgan. XI asrda yashagan Umar Roduyonining “Tarjimonul balogʻa”, Mansur Samarqandiyning “Kanzul gʻaroyib”, Muhammad Rashidiyning “Ziynatnoma” kabi poetikaga doir qoʻlyozmalarini oʻrgangan.

Ayniqsa, shoirlar uchun XII-XIII asrlarda yaratilgan ikkita asar muhim boʻlgan. Bulardan biri mashhur xorazmlik shoir va olim Rashididdin Vatvotning “Hadoyiqus sehr” asaridir. U Xorazmshoh Muhammadning otasi sulton Takesh saroyida xizmatda turgan. Shayx Najmiddin Kubroning suyukli xulofalaridan sanalgan Majdiddin Bagʻdodiy oʻsha sulton Takesh bilan aka-uka boʻlgan. Vatvotning bu asari oʻz davri uchun qoʻllanma va dasturulamal vazifasini oʻtagan.

Ikkinchi yirik asar esa Xorazmshoh saroyida maʼlum vaqt xizmat qilgan Qays Roziyga tegishlidir. Uning katta shuhrat qozongan “Almuʼjam” nomli poetik asari fors tilida Xorazmshohlar saroyida yaratilgan. Bu asar oʻsha paytda moʻgʻullar talotumi avjga mingan bir paytda yoʻqolgan, biroq ilm-maʼrifat qadriga yetadigan Jaloliddin Manguberdining ukasi Rukniddinning saʼy-harakati bilan qoʻlyozma axtarib topilgan.

Navoiy XV asrda yozilgan “Sharafnomai Muniriy” deb nomlangan mashhur asarni ham chuqur oʻrgangan. Unda aytilishicha, Qays Roziy Xorazmda yashagan paytlarida bevosita sulton Jaloliddin Manguberdi nomiga atab “Qangʻli” shevasi asosida turkcha bir lugʻat yaratgan. Uning nomi “Tibenul lugʻotit turkiy alo lisonul qangʻli” deb atalgan. Qangʻlilar turkiy xalqlar ichidagi bir qavm boʻlib, ularning bir qismi Toshkent atrofida ham yashagan. Bu qavmning nomi bugun ham shaharda “Kichik qaʼni”, “Katta qaʼni” nomlari bilan atalib kelinadi. Qangʻli soʻzining asl lugʻaviy mazmuni Rashididdinning “Jomeʼ-ut tavorij” asarida “Qoniqarli kishilar”, “qoniqli odamlar” degan maʼnoni berishi aytiladi. Bundan koʻrinadiki, Qays Roziy turkiy tilni ham yaxshi bilgan. U shayx Najmiddin Kubroning suyukli xulafolaridan boʻlgan Majdiddin Bagʻdodiy, imom Faxr Roziy, Sirojiddin Sakkokiylar bilan birgalikda Turkon Xotun saroyida xizmat qilgan. Gurganj moʻgʻullar tomonidan zabt etilgach, Qays Roziy ham eron tomonga qochishga majbur boʻlgan. Qays Roziyning qangʻlilar haqidagi asari XI asrda yaratilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotit turk” asaridan keyin ikkinchi yirik asar edi, desak aslo xato boʻlmaydi. Saroy tegrasida yuz ming jilddan ortiq kitobga ega boʻlgan Navoiyni bu asar ham qiziqtirgan boʻlishi tabiiy bir holdir.

Shoir gʻazallaridan birining maqtaida shunday bir bayt keltiradi:

 

Navoiy nazm aro tiygʻi zabonni oʻyla surdikim,

Pichoq topmas uyatdin oʻzni oʻldirmoqqa Sakkokiy.

 

Navoiy bu baytda Sakkokiy nomi ostida kimni koʻzda tutgan ekan dersiz? Maʼlumki, Navoiydan bir muncha oldin Otoiy va Gadoiylarning zamondoshi boʻlgan Sakkokiy degan shoir oʻtgan. U Mirzo Ulugʻbek saroyida qasidanavis shoir sifatida tanilgan. Biroq Navoiy bu shoirga yuksak baho bergan emas. Shoir Abdurahmon Jomiy, Saʼdiddin Koshgʻariy va Xoʻja Ahrorlarning maslahati bilan Samarqandga borib, Abulaysiy huzurida ilm olayotgan kezlarda, Toshkand hokimi Ahmad Hojibek yordamida uning devonini koʻp izlatgan. Sakkokiyning devoni shuhrat topmagach, u koʻp koʻchirilmagan. Navoiy faqat uning ayrim poetik zaif sheʼrlarinigina oʻqib, tegishlicha xulosaga kelgan. Shu bois u sheʼrda til qilichini muzaffarona sugʻurganini koʻrib, uyalganidan oʻzini oʻldirishga pichoq topolmay garang boʻladigan darajada ashaddiy raqib boʻlolmaydi. Navoiy bu oʻrinda oʻziga musobaqadosh, raqib deb boshqa bir ustodni koʻzda tutgan. Bu shoir Jaloliddin Manguberdiga ham ustozlik qilgan Sirojiddin Abu Yaqub Yusuf bin Abubakr Sakkokiy (1159–1227) dir. U asli xorazmlik boʻlib, “Miftoxul ilm” nomli poetik sanʼatga daxldor asarning muallifi sifatida shuhrat qozongan. Bu asarda Sakkokiy morfologiya, sintaksis ilmini ilgari surish bilan birga, sheʼriyatda maʼno, bayon va adabiy sanʼatlar xususida, aruz va qofiya toʻgʻrisida ham mufassal maʼlumotlar bergan. Uning bu kitobiga koʻp mashhur adiblar, jumladan, Temurning zamondoshi Saʼdiddin Taftazoniy ham mufassal sharh yozgan. Badiiy sanʼatlarning hamma qoidalarini mukammal bilgan bir donishmand oldida badiiy hunar koʻrsatish, albatta, Navoiy uchun katta sharaf sanalgan.

Shoir bu baytda xuddi shu nuqtani koʻzda tutgan. Bularning bari mumtoz poetika anʼanalarining Navoiy davrida juda yuksak pogʻonada turganidan darak beradi. Navoiy oʻzi ham koʻp asarlarida “ilmi badeʼ” atamalarini koʻp qoʻllaydi. Sheʼriyatning tahlil va taʼrifida u yuksak ilm sohibi boʻlganini namoyon etadi. Masalan, faqat bitta asarning oʻzida u: ruboiyning vazni xususida, masnaviy va qasida, uning ixtirolari toʻgʻrisida, tajnisning ikki vaznli, ikki qofiyali turlari haqida, gʻazal va qasidalardan tashkil topgan devon haqida, Xamsa haqida, munozara va badiha toʻgʻrisida, sheʼrdagi salosat (ravshanlik) va latofat haqida, tarseʼ sanʼati, naʼt turi va qofiya haqida, tabʼda xayolangezlik haqida, bahoriya qasidasi degan tur haqida, muammo sanʼati, vazn, qofiya, radif haqida, gʻazalning maqtaʼi va tashbehotlar toʻgʻrisida tiniq maʼlumotlar beradi. Navoiy hamma badiiy sanʼatlarni, soʻz, vazn, qofiya bobida ustozlar ishlab ketgan qoidalarni oʻqib-oʻrganishga daʼvat etadi.

Sheʼrni yozayotganda maʼnining butunligi, fikrning toʻgʻriligi eng muhim ekanligini tushuntiradi. Soxtalikdan qochish, yolgʻon tashbehlardan, tushunarsiz, gʻaliz ishoratlardan, mushkul imolardan, qaytariq soʻzlardan, takroriy tajnislardan, uzundan-uzun ishoratlardan, notoʻgʻri majozlardan, oʻrinsiz iboralardan hazar qilishni uqtiradi. Ayniqsa, bu oʻrinda tarix zarvaraqlarini, oʻtmishdagi mashhur arboblar, hukmdorlar, donishmandlarning sarguzashtlarini, hukamolardan meros boʻlib oʻtgan salaflarni yaxshi bilishni tavsiya etadi. Bu oʻrinda Navoiy sheʼrda butunlik, shakl va mazmunning jobajoligini, mazmunning ustunligini talab qiladi. Bu aytilganlarning bari oʻsha davrda mumtoz poetika anʼanalarining juda yuksak poyalarda turganidan darak beradi.

 

Mahmud NAZAROV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mehri-munir-zebi-torak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x