Azim Suyun haqida gap ketganda, “adabiyotga togʻ va togʻliklarni tanitgan shoir”deya taʼrif berishadi. Chindan ham Azim aka qayerda boʻlishidan qatʼi nazar qalbi tabiat bilan chambarchas bogʻlanganini, oʻzi tugʻilib oʻsgan maʼsum goʻshalar shoirning oʻktamligi, mardligi va “katta ketishi”ga bois boʻlayotganini anglab turasiz.
Bir qaraganingda Vatan fidoyisi, ikkinchi qaraganingda sevgi-muhabbatni ishtiyoq bilan tarannum etayotgan lirik shoir, “Ey, doʻst…”ni oʻqisang, umr sarhadlarining bir qismidan sakrab oʻtib har kimga aql oʻrgata oladigan donishmand qiyofasini koʻrasan.
Xullas, Azim Suyun shaxsiyati va ijodiga taʼrif berishda bir yoqlama yondashish toʻgʻri boʻlmaydi.
“Mening osmonim”nashr etilganda, u Nurota togʻlari va daralarida ancha muddat tinimsiz aks sado bergan. Akamning sinfdoshi, geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida haydovchilik qilayotgan Tohir aka Islomov uylanganda toʻyiga Toshkentdan talaba doʻstlari kelishgan. “SamPI”da oʻqiyotgan Ubaydulla Oʻsarovga soʻz berilganda, u toʻy bu yoqda qolib, yonimizdagi Nakurt qishlogʻidan chiqqan Azim Suyun degan shoirning birinchi kitobi nashr etilgani, unda qanday sheʼrlar bosilganini taʼriflay turib 5-6 ta sheʼrni qatorasiga oʻqib tashlagan. Kelin-kuyov chetga surilib, hamma kitobga talpina boshlagan. Adabiyotga boshqacharoq tashnalik bormidi yo gavda kichkina emasligi qoʻl keldimi, talabaga “togʻa-togʻa”deyaverishim xush yoqdimi, uloq kaminada ketdi.
Qoʻyilgan talabga koʻra kitobchani men ertalab maktabga, adabiyot oʻqituvchisi Omon akaga yetkazishim kerak edi. Ne tongki, hali bu yoqda yumush koʻp, toʻyda ter toʻkib xizmat qilishim, oʻchoq boshida kerak boʻlsa ertalabgacha goʻlaxlikni bajarishim zarur edi. Gulxan yorugʻiga tutib koʻrsam, kitobcha shoʻrlik bizgachayam ne-ne zahmatkash qoʻllarni koʻrgan siyogʻi, har betida kamida ikkita yelim yamoq, xamir yamoq boʻlib, baʼzilari sheʼrlarni toʻsib ham qoʻygan edi. Oshpaz usta Qobilga kitobni oʻqib berish asnosi sheʼrlarning aksariyatini yodlab olibman: tong yogʻdusida ularni boshqa daftarga koʻchirib olishda sira qiynalmadim. Shoirning surati ham ishqalanaverib oqarib, doʻngqovoq, kokildor, kelishgan yigit ekani arang bilinib turardi.
Akam bilan sheʼrlarni birvarakayiga yodladik. Men birinchi satrni aytsam, akam ikkinchisini balandroq pardada aytar, uchinchi misraga kelganda men undan-da qattiq tovushda qichqirardim.
“Kunbetkay yoqlarda xoʻp eridi qor…”
Xuddi dunyoning biror yerida bu kabi adir, doʻng, qir, togʻ kunbetkay yoʻqday, shoir shu uyimiz ustidagi katta qirni tasvirlayotganday oʻzimizcha koʻkrak kerib qoʻyar edik.
Maktabdaligimda shoirning yana “Zarb”, “Zamin taqdiri” nomli kitoblari chiqdi. “Birinchi osmonim”dagi kabi hammayoqni toʻpolon qilib tashlamagan boʻlsak ham, har qalay dovruq solganimizu hayajonlanganimiz bugungiday yodimda turibdi.
Lekin bor gap shuki, kamina ham, garchi maktabda boshqa fanlardan-da aʼloga oʻqib, oqibat 1981 yilda uni oltin medalga tamomlab, amakimning: “Nima qilasan shoirlikni, kosang oqarmaydi, Samarqandda doktorlikka oʻqiysan, joʻram u yerda dotsent, sal narsaga kiritib qoʻyadi”, deyishiga qaramay, attestatni olgan zahoti Toshkentga uchganman. Na boʻlgʻay, oʻqishga kirganman. Qishloqqa qaytayotib birinchi koʻrishganim ham amakim boʻlgan. Oʻqishga oʻtganimni eshitib chandon xursand boʻlib bagʻriga bosgan, tabriklagan va mototsikliga mingashtirib uyga oborgan, otamga “joʻrnalis bolangizning oʻqishini juvish kerak endi, aka”, deb suyunchi olgan ham shu amakim boʻladi.
Toʻrtinchi kursda boʻlsa kerak, doʻstim, shoir Muhammad Ismoil bilan Azim akaning Yunusoboddagi ikki xonali uyiga yoʻqlab borganmiz. Ungacha tanishgan edikmi – Yozuvchilar uyushmasining biror yigʻilishida yo birinchi marta uyida tanishdikmi, lekin har qalay oʻsha kuniyoq tugʻishgan birodarlarday boʻlib qolganimiz esimda. Oʻsha tun xalq ogʻzaki ijodining afzalliklari, uni puxta oʻzlashtirish haqida qizgʻin gurung boʻldi. Azim akani adabiyotimizning peshqadam shoirlaridan biri ekanini uqdik. Adabiyot gazetamizda A. Suyun bilan M. Ismoilning xalq ogʻzaki ijodi katta adabiy meros ekani haqida suhbati ham bosilib chiqqan.
Oʻqishdan soʻng bir qur doʻstlar toʻnni yelkaga ilib Toshkent koʻchalarida tentiradik. Nazar Eshonqul, Muhammad Ismoil, Hoshimjon Mirzaahmedov (goʻri nurga toʻlsin), Komiljon Jumayev, Shuhrat Umirov, Shavkat Ibragimov – koʻpchilik edik. Hamma qaysidir maʼnoda adabiyotda, jurnalistikada, ilmda oʻrnini topdi. Ammo hali-hamon izlanishda.
Bugun oʻylasam, Azim aka bizdan oʻn olti yosh katta ekan. Mayli-ku, ijodda bir ming olti yuz qadam ilgarida. Bu asarlarni yotib olib bir oy – bir yil yilda yaratib koʻring-chi! Azim akaga oʻxshab jahongashtalik qiling, dunyoni kezing, Boysun, Zomin, Nurota togʻlarini poyu piyoda kezib chiqing, qaytib kelib yumshoq kresloga oʻtiring, tansiq taomlar keltirishsin, charchasangiz xobxonaga kirib mizgʻib oling, qaytib chiqib yana yozing.
Qani koʻraylik, Azim Suyun boʻla olarmikansiz?! Azim Suyunday hayqira olarmikansiz?! Yoʻ-oʻq, qiyin masala…
“Turtgan bilan tubida boʻlmasa qiyin”degan gap bor.
Azim Suyunning tubida bor deyman.
Azim akaning sodda-doʻlvorligi, baʼzi mavzularda ancha ishonuvchanligi bir xillarga hazilga yoʻl ochadi, baʼzilar bayroqni undan avvalroq olganiga mast, orqasiga bepisandroq qaraydi. Yoʻq, doʻstim, orqaga emas, oldinga qarayver, Azim Suyun oldinda, huv oʻsha oʻlmas qoyalar yarqirab turgan choʻqqilar tomonda.
Burgutlar, sorlar bilan tillashadi, koʻkayida donish qoʻshiqlar aytadi. Koʻksida choʻng hikmatlar yastanib yotadi…
Bu – kechagi, bugungi va ertangi Azim Suyun!
Sobir OʻNAR
Manba: ishonch.uz sayti
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/shoirning-bayrogi-yuragida/