***
Kabutar patiday toʻzgʻoq xavotir,
shamolga sochilgan sogʻinch shivirlar.
Men seni unutdim – parishonxotir
qaro sochlaringga yozdim oq sheʼrlar.
Yoʻllarga sochilgan xotira – tariq,
qushlar uchib kelar ruhsiz, jismsiz.
Ona, koʻzlaringda eng goʻzal tarix,
koʻzyoshga aylangan dardlar ismsiz.
Ismsiz dardlarni oʻqir hijjalab
izimni sogʻingan muqaddas tuproq.
Ona, dunyodagi barcha yoʻllar kam,
nechun yuzingdagi ajinlar koʻproq?!
Axir, hech qayda yoʻq bundayin tasvir,
onajon, oʻgʻlingni kechirgin faqat!
Men-ku, ajinlaring chizgan musavvir,
sogʻinchdan sochingga yozib ketgan xat…
***
Uchrashuvga chiqqan qizlarday tannoz
entikib turishar nogahon baxtdan –
sap-sariq sochini qilgancha pardoz
tiyramoh kelganin bilgan daraxtlar.
Tiyramoh, titramoq, oʻn toʻrt kunlik moh
rangidan bagʻrimga sochilgan hislar.
Yuragimdan neni izladingiz, oh,
kiprigi sochini taragan qizlar?!
Tashbeh topay deya husningizga mos,
aslida kuz ham bir sabab-bahona.
Mana, qarshingizda yigirma besh yosh,
umrim yonib ketdi lovullab, mana!..
***
Koʻzyoshga aylandim, ogʻir koʻzyoshga,
titrasang toʻkilib ketaman, gulim.
Ufq kiprigida turgan quyoshday
menga koʻzlaringdan joy ber, sevgilim!
Tikilsang toʻlaman, soʻlsang soʻlaman,
bargingda shabnamday titraydi dilim.
Yigʻlasang yigʻlayman, kulsang kulaman,
koʻzingga termilib oʻlaman, gulim!
Umrim kiprigingda oʻtib borodur,
men gʻamga munosib, sen baxtga qayliq.
Koʻzlaring suvaydo yangligʻ qaro(dur),
mening baxtim qaro suvaydo yangligʻ.
Koʻzlaring jomiga quyilgan sogʻinch,
ming yillik sharobday yoshing tiniq(dur).
Nechun kipriklaring pirpirar notinch?
Koʻnglim koʻzyosh kabi siniq-siniq(dur).
Xudo sening nozik qoʻllaring bilan
taqdir bitigimga yozdi ajib sheʼr.
Koʻzyoshga aylanib, kipriklaringdan
oqib ketayapman, qoʻllaringni ber!!
***
Qoʻllarida anor ushlagan ayol,
anorni lab bilan tishlagan ayol.
Labiga qoʻshilib anorning qoni,
biznimas koʻnglini xushlagan ayol.
Anor boʻlsam edi uning qoʻlida,
kaftida yuragim siqilsa edi.
Qonimdan rang olgan alvon qoʻyniga
bir emas, ming jonim sitilsa edi.
Rozi ketarmidim shunda dunyodan
baxtli oʻlim topgan bir darvesh misol.
Butla deb yolborib tursa Xudoga –
etim qobirgʻamdan yaralgan ayol.
Metroda uxlab ketayotgan yolgʻiz ayolga
Kelgindi, darbadar xayol yurinar,
sochlaring bir goʻzal yotar uyqashib.
Uygʻonsang, bilmadim, qanday koʻrinar,
naqadar chiroyli sening uxlashing.
Vahshiy naʼra tortib uchadi poyezd,
boʻgʻziga dod-faryod tiqilgan, goʻyo.
Ammo barchasiga qoʻl siltab qoʻyib,
mening yonginamda uxlar bir dunyo.
Hamma oʻzi bilan ovvora oʻzi,
kim qahqaha otar, kim esa tushkun.
Qalbim, sen uxlama, uygʻoq boʻl, koʻzim,
shu goʻzal ayolni qoʻriqlash uchun.
Nafis kiprigida shabnam mudraydi,
toʻlgan-u, toʻkilmay turganday koʻzyosh.
Hozir tashqarida osmon uxlaydi,
erostiga kirib ketganday quyosh.
Ammo naʼra tortib ucharkan poyezd,
qalbim tahlikadan titraydi, goʻyo
dunyoni uygʻotib yuborar hozir,
uygʻonma, uygʻonma, uygʻonma, dunyo!!!
***
Yomgʻir va qor yogʻar bitta-bittalab,
koʻz yogʻar, qosh yogʻar, bitta-bitta lab.
Yana yogʻa boshlar seni oʻylasam,
bitta-bitta yurak, bitta-bitta qalb.
Sensiz maydalandim ming bir boʻlakka,
koʻzimdan yosh yogʻar bitta-bittalab.
Har bir boʻlagimdan tikladim seni,
xotirga tosh yogʻar bitta-bittalab.
Asta qoʻyar eding yelkamga sen bosh,
elkamga bosh yogʻar bitta-bittalab.
Yomgʻir va qor yogʻar bitta-bittalab,
qoʻl yogʻar, soch yogʻar, bitta-bitta lab…
NASRULLO
“Yoshlik”, 2017–12
https://saviya.uz/ijod/nazm/qaro-sochlaringga-yozdim-oq-sherlar/