Bulbulning choʻpchaklari

Salomnomalar

 

Qoʻrqoqlarning qoʻrqogʻi gʻilay Quyonga salom,

Yoʻqdir yaqin oʻrtogʻi, shoʻrlik Chayonga salom.

 

Shoxdan shoxga yugurgan, dumida uy supurgan,

Yongʻoq chaqib tupurgan shoʻx Olmaxonga salom.

 

Argʻamchidek buralar, yantoqlarga oʻralar,

Qoʻngʻiz oʻtsa moʻralar, boʻgʻma Ilonga salom.

 

Hoʻkizlarni yiqitgan, Qashqirlarni qoʻrqitgan,

Bor jonzotni hurkitgan shoh Arslonga salom.

 

Xoʻtikchaning qondoshi, ochlikka zoʻr bardoshi,

Kamroq boʻlsa ham oshi, erkin Qulonga salom.

 

Xumbosh hamda xirqiroq, oziq tishi oshpichoq,

Ochkoʻzligi sal chatoq, xasis Qobonga salom.

 

Nafsi oʻlja tilagan, qoʻlin qonga bulagan,

Asta moʻylov silagan pismiq Sirtlonga salom.

 

Meshkay qorni qovoqdir, burni tappak tovoqdir,

Ikki lunji lavoqdir, goʻl Karkidonga salom.

 

Guldor toʻni kelishgan, qurtlarni yeb toʻlishgan,

Daraxtlarda in teshgan Qizilishtonga salom.

 

Chidab sovuq-ushukka, insof tilab Mushukka,

Pishloq sudrar teshikka, olgʻir Sichqonga salom.

 

Oʻgʻrilarning ustasi, qushning xunuk tusdasi,

Koʻrib qoʻying nusxasin, sur Zagʻizgʻonga salom.

 

Tunu kun yer qazigan, zaxda yotib ozigan,

Koʻp tirishib, oz yegan goʻsxoʻr Yumronga salom.

 

Igna-bigiz sotuvchi, kuzda loyga botuvchi,

Ilon poylab yotuvchi Tipratikonga salom.

 

Bebahodir poʻstini, poylar hatto doʻstini,

Sipo demang siz uni, ayyor Qoplonga salom.

 

Rizqin magʻrur izlagan, yuksaklarni koʻzlagan,

Dushmanlarin tuzlagan botir Tarlonga salom.

 

Bulbul kabi izillar, togʻ-toshlarda gʻizillar,

Yirtqichlardan bezillar, doʻstim Jayronga salom.

 

Bahor

 

Shimol yoqqa qochdi qish bahoroydan zirillab,

Iliq shamol janubdan kirib keldi gurillab.

 

Gullab yupun butoqlar, shona ochdi boychechak,

Maysazorda yayrashar Chigirtkalar chirillab.

 

Shoshib uzoq oʻlkadan qaytar qushlar galasi,

Oldin keldi marraga Qaldirgʻochlar pirillab.

 

Keldi soʻngra Maynaxon Chugʻurchiqqa ergashib,

Faqat Qargʻa shimolga ketib qoldi jirillab.

 

Kezar dala-qishloqni kuylab daydi Hakkavoy,

Yurar turli narsa yeb, tomogʻi sal xirillab.

 

Koʻkqurt chiqdi tuxumdan, Pashshalarga kirdi jon,

Qovogʻari uzoqqa uchib koʻrdi dirillab.

 

Chaman boʻlib togʻlarda ochilganmish lolalar,

Soz boʻlardi, Bulbuljon, borib kelsang gʻirillab.

 

Tumshuqlar

 

Tirikchilik uchun, doʻstlar, hammaga ham kerak tumshuq,

Oʻz tumshugʻi har kimga soz, darkor emas boʻlak tumshuq.

 

Bigiztumshuq boʻlar Laylak, qaychitumshuq ana – Turna,

Koʻlda balchiq titkilovchi Oʻrdak esa kuraktumshuq.

 

Qashqirniki qonli tumshuq, Ayiqniki shira tumshuq,

Kirtumshuq bu – Choʻchqa polvon, Itlar azal soʻlaktumshuq.

 

Toʻp-toʻp sayoq baliqlarni qoʻshib suvga simirgay Kit,

Suvni tuflar, qolar baliq, ana sizga elaktumshuq.

 

Qurbaqa – gʻirt qoshiqtumshuq, Fillar esa – ichaktumshuq,

Pichoqtumshuq – Toʻngʻizlar-u, Begemotlar – chelaktumshuq.

 

Deganmishsiz: „Tumshuq turin yaxshi bilmas ekan Bulbul“,

Mening yozgan kitobimga suqibsiz-da, demak, tumshuq?!

 

Aqlsiz oʻrtoq

 

Bir Xoʻtik bor edi nodon, ulgʻayib goʻl Eshak boʻldi,

Maqtanchogʻu oʻzbilarmon, oʻta qaysar, soʻtak boʻldi.

 

Yoqimlidir ashulam deb, koʻrar „iho-iho“ni ep,

Ajriq qolib shoʻrani yeb, gʻajigani terak boʻldi.

 

Quvonganda u, albatta, toliqquncha otar shatta,

Ogʻilxona toʻzib battar, tuyoqdan yer kavak boʻldi.

 

Kelib bir kun dedi Toychoq: „Ekansiz-ku juda quvnoq,

Qilmaysizmi meni oʻrtoq?“ Eshakka doʻst kerak boʻldi.

 

Eshakka Toy boʻlib ulfat, boshga tushdi necha kulfat,

Poxol-koʻrpa qolib qat-qat, endi tuproq toʻshak boʻldi.

 

Katta och, ey Bulbul, koʻzing, oʻylab ayt „doʻst“ degan soʻzing,

Toy holini koʻrding oʻzing, doʻstga fikring boʻlak boʻldi.

 

Olamda nima gap?

 

Qargʻa qoʻshiq boshladi oʻz vaqtini chogʻ qilib,

Shoqol yigʻlar, yakkalik yurak-bagʻrin dogʻ qilib.

 

Zebra ola toʻn bichar, Ayiq yuvar poʻstinin,

Pingvin qora shim tikar, kamzulini oq qilib.

 

Tabib boʻlib Echkivoy dori berar Qoʻziga,

Otdan rahmat olibdi Toychoqni u sogʻ qilib.

 

Moyshishadan termilar durbin deya Quyoncha,

Ranjitdi u oyisin oq koʻylagin yogʻ qilib.

 

Tulkichaga qir aziz, Toʻngʻiz sevar toʻqayni,

Echkiyemar sayr etar yantogʻzorni bogʻ qilib.

 

Shinni yigʻib chechakdan uyga joʻnar Bolari,

Qaytib kelar u yana xumchasini qoq qilib,

 

Boʻri quvar Kiyikni, Baliqni – och Chagʻalay,

Lochin kutar Maynani koʻzlarini zogʻ qilib.

 

Bulbul bitdi bu sheʼrin oʻqisin deb Bulbullar,

Soʻylab yurmang Eshakka, toqatini toq qilib.

 

Mushuklar

 

Tezroq keling yuvvoshu qaysar, baroq Mushuklar,

Qoplon bilan Yoʻlbarsga urugʻ-aymoq Mushuklar.

 

Ana, Jannat xolangiz sogʻib keldi sigirni,

Birga-birga yalanglar sutu qaymoq, Mushuklar.

 

Kuchukka ham ozgina bera qoling qizgʻanmay,

Soʻng yashaysiz u bilan apoq-chapoq, Mushuklar.

 

Bor-yoʻgʻi besh harfni oʻrganibsiz «miyov» deb,

«Alifbe»dan sal koʻproq oling saboq, Mushuklar.

 

Qaymoq yalang, deganda juda xursand edingiz,

Gap ochilsa oʻqishdan, solmang qovoq, Mushuklar.

 

Mana, Bulbul doʻstingiz sizga atab sheʼr yozdi,

Bosilmasa bu sheʼrim, ishlar chatoq, Mushuklar.

 

Bepul tomosha

 

Jonivorlar qishloqda sirk ochishdi kengashib,

Tuya yemni chuqurdan olvolarmish engashib.

 

Yuguroqmish Qoramosh, boʻlar qiziq tomosha,

Uni quvlar Kuchuklar Olaparga ergashib.

 

Pishiq yogʻoch oxurni Ot pachoqlar shattalab,

Maʼrar dorvoz Toʻxlicha simyogʻochga tirmashib.

 

Polvon Buqa siltanib, uzib tashlar zanjirin,

Oʻtar shovvoz Serkalar toʻsiqlardan sakrashib.

 

Koʻzboylagʻich Boʻtaloq sim oʻtkazar burundan,

Kurash tushar Eshaklar qayish belbogʻ boylashib.

 

Epchil Buzoq bir paytda emar toʻrtta Sigirni,

Uloq oshar umbaloq, argʻamchiga chirmashib.

 

Qiziqchisi yoʻq-ku deb Bulbul hayron turgan choq,

Chiqib keldi Choʻchqalar betga balchiq surkashib.

 

Tong

 

Quyosh chiqib keldi togʻdan, nurga toʻla choʻntaklari,

Jon kiritdi dalalarga Toʻrgʻaylarning hushtaklari.

 

Shabnam yalab, tutlar terib, joʻr boʻlishdi Maynalar ham,

Bir tarafda yalla aytar pichanzorning Gʻurraklari.

 

Kuchuklarni seskantirib olamga jar solgach Xoʻroz,

Jahli chiqib akillashdi mahallaning Koʻppaklari.

 

Koʻrshapalak bekingan choq qahqah urib kuldi Boyqush,

Vahmaqush don topib keldi uygʻonguncha „goʻdak“lari.

 

Tiniq suvda quyosh aksi, tutib olsang qanday yaxshi,

Kalla tashlar hovuzlarga qishloqning mard Oʻrdaklari.

 

Aytib berdi sizga Bulbul tongda oʻzi koʻrganlarin,

Joningizga tekkandir-a Qargʻalarning ertaklari?

 

Ajoyibxonaga marhamat!

 

Ana qoʻpol Begemot, burni qumgʻonni koʻring,

Chaynab yotar tekin oʻt, Jiraf narvonni koʻring.

 

Yegan kabi qalampir beti bujmoq, qarang bir,

Ogʻzida tish yoʻq «kampir» – Baqa shodonni koʻring.

 

Shoxda karnay chaladi, toʻni ola-buladir,

Nomi Hakka xoladir, gapi yolgʻonni koʻring.

 

Oʻtdan gulni ajratmas, koʻprok xashak yesa bas,

Esi kirsa ajabmas, Xoʻtik nodonni koʻring.

 

Kamzulchasi ja tarang, kiyim-boshi ranggo-rang,

Tumshugʻi oʻtkir, zarang, Jiblajibonni koʻring.

 

Sher – narigi xonada, Shoqol nega panada?

Kuch boʻlmasa tanada, zoʻrdan gumonni koʻring.

 

Boʻrsiq soʻrar barmogʻin, Suvsar qashlar qulogʻin,

Qoplon charxlar tirnogʻin, nafsi yomonni koʻring…

 

Bulbul toʻkin yoz chogʻi ochdi jonzotlar bogʻi,

Qushlarning yoʻq sanogʻi, har xil hayvonni koʻring.

 

Joʻja – jipjipxoʻja

 

Yorib chiqdim tuxumni, shunday shovvoz Joʻjaman,

Tanib oldim buvimni, koʻzi charos Joʻjaman.

 

Har yon boqdim alanglab, don qidirdim jalanglab,

Yurib koʻrdim lapanglab, masxaraboz Joʻjaman.

 

Qarang, dunyo yop-yorugʻ, opalarim sap-sariq,

Men qoraman va oriq, oʻziga xos Joʻjaman.

 

Chigirtkani qiraman, goh pashsha yeb koʻraman,

Nima topsam „uraman“, asl xoʻroz Joʻjaman.

 

Kirib qolsa katakka, tegmayman yosh Oʻrdakka,

Yesa yeyar u makka, hammaga mos Joʻjaman.

 

Yeb koʻraman dumbuldan, kamchilik yoʻq ul-buldan,

Qolishmayman Bulbuldan, shirin ovoz Joʻjaman.

 

Ajoyib qoʻshiq

 

Kuylab borar Eshaklar bir-biridan oʻtishmay,

Tovuqxonlar boʻylanar axlatlarni titishmay.

 

Quloq soldi Buzoqlar boʻlishgancha mahliyo,

Ogʻzidagi chaynalgan yemlarini yutishmay.

 

Mushuklar bosh tebratar joʻr boʻlishib ohangga,

Qoʻshiq tinglab lol turgan Sichqonlarni tutishmay.

 

Dinkaytirib qulogʻin Xachir tinglar uzoqdan,

Yaqin bordi Chumchuqlar hofizlardan choʻchishmay.

 

Angraygan choq Zagʻizgʻon, yongʻoq tushdi ogʻzidan,

Baqraygancha Baqalar turar suvga choʻkishmay.

 

Echki silab soqolin yonboshladi maysaga,

Jangar Itlar jim qoldi bir-birlarin soʻkishmay.

 

Hatto Bulbul tan berdi bunday baland ovozga,

Ketib borar Eshaklar qarsaklarni kutishmay.

 

Qoʻzichoq

 

Tugʻildi bir qoʻngʻir Qoʻzi onasidek qoʻrqoq boʻlib,

Gohi koyib qolar oʻzin: «Yuribman-da paypoq boʻlib».

 

Serka oldda gʻoz yurgan dam, kelar uning koʻziga nam:

«Tugʻilmadim nechun men ham unga urugʻ-aymoq bulib?»

 

Yaylov yoʻli ancha uzoq, har kuni u yoʻrgʻalar toq,

Mana, endi chopar quvnoq, Uloq bilan oʻrtoq boʻlib.

 

Goh oʻynashib Uloq bebosh, biqiniga niqtaydi bosh,

Qoʻzi shoʻrlik berar bardosh eti momataloq boʻlib.

 

Uloq oʻrnak boʻlgan mahal u ham toshdan sakrar dangal,

Bir kun toyib oyogʻi sal, uyga qaytdi choʻloq boʻlib.

 

Bulbulcha, koʻp boʻlma hayron, Qoʻzi uncha emas nodon,

Boʻlsa boʻlar sal nogiron, ulgʻaysa bas mardroq boʻlib.

 

Suv osti dunyosida

 

Itbaliqni quvar Laqqa, qanotini hilpillatib,

Oʻlja poylar Qisqichbaqa, moʻylovini selkillatib.

 

Tangabaliq qirgʻoq boʻylab borar semiz qurtni oʻylab,

Arrabaliq yurar oʻynab, tishlarini gʻirchillatib.

 

Serqamishroq pana yerdan Suvkalamush chiqdi birdan,

Chaqqon ortga qaytdi Choʻrtan, qochdi dumin qiltillatib.

 

Toshbaqa eng sustkash, lekin, u ham ovqat izlar tekin,

Kandiklarni titar sekin, kosasini yiltillatib.

 

Ochligidan behol mudrab, Ilon borar dumin sudrab,

Baqa pisib yotar titrab, koʻzlarini moʻltillatib.

 

Koʻrib turar Bulbul barin, bir xil oʻylar yoshu qari,

Toʻydirsam deb tezroq qorin, yurar ogʻzin choʻlpillatib.

 

Yoz

 

«Oʻtin tashlab» quyoshga, oʻtni baland yoqdi yoz,

Gurzailon qishdagi poʻstinidan kechdi voz.

 

Siyraklatib yungini tullay boshlar Tulkilar,

Ortiqcharoq patlarin choʻqib-choʻqib yuldi Gʻoz.

 

Kaklik bashang kiyindi yechib eski libosin,

Uning chipor nimchasi togʻ rangiga tushdi mos..

 

Xachir yotar soyada, dumi haydar Chivinni,

Quyosh nurin yalamoq Mushuk uchun buncha soz?

 

Shod kavshanar Semizqurt, Chumakari baxtiyor,

Toʻrtkoʻz koʻcha changitib, tinmay chopar itga xos.

 

Gʻuncha iliq, gul iliq, borliq iliq, dil iliq,

Bu faslni, Bulbulvoy, qancha sevsang, shuncha oz.

 

Parrandalar sayli

 

Doʻkonchaga kirib Zagʻcha sotib oldi pildiroqdan,

Oyisi sal koyib berdi: „Olmabsan-da shildiroqdan!“

 

Qargʻa yoʻlda qoʻngʻiz sotar: „Kepqolinglar arzoniga!

Mana, zoʻr-zoʻr tillaqoʻngʻiz, totib koʻring yiltiroqdan“.

 

Mast Chugʻurchiq qoʻnib tomga gʻiybat qildi Sinchalakni,

Tarqalishdi qushlar sekin bezib tili valdiroqdan.

 

„Qushqoʻshiq“qa kirib Chittak oʻrin topdi eng orqadan,

Bir Tuyaqush kelib barvaqt joy olibdi oldiroqdan.

 

Mayin qoʻshiq aytdi Kaklik, sayrab turdi Bedanaxon,

Pastdan talab qildi Oʻrdak: „Eshitaylik Qarqunoqdan!“

 

Bir payt sharros quyib yomgʻir, savay ketdi koʻringanni,

Panalarda Musichalar „gʻu-gʻu“lashar dildiroqdan.

 

Bulbulligim koʻrsatay deb men ham kuylab yurgan edim,

Saylgohdan qochib keldim, qoʻrqib momaqaldiroqdan.

 

Uyqu oldidan

 

Shoshmang, shirin qushchalar, kavlab koʻray choʻntakni,

Zora topsam sizlarbop biron yangi ertakni.

 

Yoʻlbars ketib oʻrmondan, shoh boʻlganmish endi Fil,

Tanlaganmish u kecha vazirlikka Chittakni.

 

Birinchi «A» sinfda Maymun uch yil oʻqibdi,

Yoqtirmayman, dermish u, koʻchib yurgan tentakni.

 

Pingvin paydo boʻlganmish Oqtosh degan qishloqda,

Kelganmish u qutbdan koʻrmoq uchun Eshakni.

 

Arazlabdi Kitdan Bit, buzilganmish oshnalik,

Chayon esa oʻziga doʻst qilganmish Koʻppakni.

 

Hoʻkiz ogʻa qoʻrqarmish bosqinchi sur Kanadan,

Uxlagan payt eshikka sopqoʻyarmish ilgakni.

 

Kimdir quyon teridan tiksa telpak va poʻstin,

Poylab yurib och Boʻri yeb qoʻyganmish telpakni…

 

Endi uxlang, qushchalar, sizga posbon oymomo,

Xullas, shoir Bulbuljon tamom qildi choʻpchakni.

 

Atrofga bir qarang-chi…

 

Joʻjalarin chaqirdi Gʻulgʻul, bitta-bittalab,

Qildi qanot ostiga qabul, bitta-bittalab.

 

Joʻxorizor oralab poya chaynar Boʻtaloq,

Kirdi uning lunjiga dumbul, bitta-bittalab.

 

Pishdi kishmish uzumlar, mitti Chittak – mehmonda,

Tatib koʻrar shoshmasdan, nuqul bitta-bittalab.

 

Indan chiqsa yasanib qizaloqdek Bolari,

Unga novvot uzatar har gul, bitta-bittalab.

 

Soʻfitoʻrgʻay yangada bordir toʻrtta polapon,

Hammasiga qoʻyibdi kokil, bitta-bittalab…

 

Kuzatsangiz atrofni, zavq yogʻdirgay tabiat,

Barin aytib berolmas Bulbul, bitta-bittalab.     

 

 Feʼl-atvor

 

Musichalar yuvvosh-u, Chumolilar tirishqoq,

Suvaraklar bebosh-u, Kuchukchalar urishqoq.

 

Xoʻtiklar zoʻr yallachi, Ot, Sigirlar dalachi,

Shoʻx Qoʻchqorlar kallachi, Takalar ham suzishqoq.

 

Laylak hatlar sayozda, semirvolay deb yozda,

Qargʻa qoʻrqmas ayozdan, Qarqunoqlar qunishqoq.

 

Yosh joʻjalar gʻirt garang, Tustovuqlar sal satang,

Gʻozlar qoʻpol va tajang, Xoʻrozchalar yulishqoq.

 

Bulbul jajji xonanda, Chigirtkalar sozanda,

Xachirga jom chirmanda, ikki yuzi burishqoq.

 

Koʻngilxushlik

 

Yonboshladi shahzoda Sher, yostiqlarni qalashtirib,

Koʻnglini xush qildi picha, ikki Itni talashtirib.

 

Sudya boʻlib soʻngra Quyon, churillatdi hushtagini,

Ilon bilan Kirpini u jangga soldi, soʻrashtirib.

 

Dumin qamchi qilib Ilon sola ketdi Kirpichani,

Bir bor urdi Quyonni ham, raqib bilan adashtirib.

 

Tomoshabin ahli rosa qiy-chuv bilan chaldi qarsak,

Toʻrt bokschi Maymunchani sulayguncha savashtirib.

 

Shahzoda Sher qildi amr «Polvonlarim, davraga!» deb,

Xoʻb yayradi Eshak bilan Karkidonni kurashtirib.

 

Boʻri tishin gʻijirlatib, der: «Davraga chiq-chi, Shoqol!»

Qon toʻkilmay turib, Bulbul, qoʻyish kerak yarashtirib.

 

Ovchining toʻyi

 

Ovchi Sher toʻy qilibdi, Yumron kelibdi,

Yumrondan soʻng bir gala mehmon kelibdi.

 

Chiyaboʻri chiyillab, raqs tushib Maymun,

Karnay chalib Fil ogʻa shodon kelibdi.

 

Ayiq bilan davrada bir bellashay deb,

Belin bogʻlab Chumoli polvon kelibdi.

 

Turar savat koʻtarib Kalamush novvoy,

Yertandirda yopilgan shirmon kelibdi.

 

Yoʻlak qolib, devordan kelgan Mushukning

Panjasida chiyillab Sichqon kelibdi.

 

Ana tanish Begemot, Toʻngʻiz, Tovushqon,

Boshqa yurtdan gʻalati hayvon kelibdi.

 

Toʻy oxirlab qolganda shovqin solgancha –

Quvlab semiz Quyonni Qoplon kelibdi.

 

Boshi qotdi ovchining, qara, Bulbulvoy,

Toʻyonaga toʻqsonta qopqon kelibdi.

 

Kuz

 

Dasturxonga fayz kirar oʻlkamizda kuz boʻlib,

Hamma tengdan kavshanar, mevalar «uz-uz» boʻlib.

 

Endi yongʻoq qoqib yer ishbilarmon Hakkalar,

Sharbat tashir anordan Arilar gʻiz-gʻiz boʻlib.

 

Yotar semiz oshqovoq barglarida yelpinib,

Tilla rangli behioy boqar kulchayuz boʻlib.

 

 Tarvuzlar tars yorildi, talashib yer Chumchuqlar,

Pishdi anjir qand misol, shoʻrtak olma – tuz boʻlib.

 

Hatto Kuchuk sakranib totib koʻrar uzumdan,

Soʻritokda husayni tovlanar yulduz boʻlib.

 

Chechak soʻldi, Bulbuljon, toʻzar endi atirgul,

Keyin paxta ochilgay kuz boboga qiz boʻlib.

 

Befarosat

 

Sherning uchta oʻgʻli bor, bari birdek saramas,

Ikkitasi beozor, kenjatoyi – yaramas.

 

Undan tugal yot sevinch, injiqlanar, turmas tinch,

Tunda qilar tiqilinch, deb: «Oy nega xiramas?»

 

Yolgʻon yigʻlar har kuni, ogʻrir emish biqini,

Akalarin rizqini tortib olar, soʻramas.

 

Ish bor joyda kelmas duch, uyqusidan turar kech,

Bet-qoʻlini yuvmas hech, sochini ham taramas.

 

Yoʻqdir unda zarra shavq, tabiatdan olmas zavq,

Bulbul kuylar «chah-chah-chah», u hattoki qaramas.

 

Qandolatchi

 

Oʻrmondagi sayldan topdi xabar Kenguru,

Sotgan edi xoʻrozqand oʻtgan safar Kenguru.

 

Oʻylab koʻrib, bu safar qilmoq boʻldi nisholda,

Ish yurishsa, endi ja boyib ketar Kenguru.

 

Biq qaynatib qozonda, chaqdi ukki tuxumin.

Keyin uning ustiga soldi shakar Kenguru.

 

«Bir kosasi bir miri, kepqoling, zoʻr nisholda!»

Ozroq berib Quyonga, dedi «etar» Kenguru.

 

Bir mirini berib Fil, qoqlab qoʻydi qozonni,

Qozon – Filga kosadir, bilsa agar Kenguru.

 

Qandolatchi angrayib, changalladi kallasin,

Sezdimki men – Bulbulbek, koʻrdi zarar Kenguru.

 

Kimning koʻngli nimada?

 

Gʻurrak tutni eslasa, tong otguncha izillar,

Chumchuq qurtni eslasa, bogʻ ichida pizillar.

 

Qichqirganda yosh Xoʻroz, eshitsa Qashqir bexos,

Uyqusidan kechib voz, qishloq tomon gʻizillar.

 

Xayol surib yotgan It sezib qolsa biron hid,

Suyakka bogʻlab umid, yurak-bagʻri jizillar.

 

Pashsha degan sur xola toʻygan boʻlsa sal chala,

Bormi deb kirroq bola, tinim bilmay vizillar.

 

Pashshamasman, men – Bulbul, yoqtirganim faqat gul,

Tushimga kirar nuqul pushti, sariq, qizillar.

 

Musiqa darsi

 

Eshitildi qoʻngʻiroq: «jiring-jiring»,

Tugab qoldi tanaffus, yuring-yuring.

 

Tayyor turar sinfda gʻijjagu nay,

Musiqadan dars boʻlar, kiring-kiring.

 

Torni oldi Qoʻzichoq, nayni Xoʻtik,

Uloq chaldi rubobni «tiring-tiring».

 

Novvos karnay pufladi, Mushuk – surnay,

Muallim der: «Doyrani uring-uring».

 

Doyra urdi Boʻtaloq, chang chaldi Toy,

Ana sizga chalgʻirlik, koʻring-koʻring.

 

Bulbul yozdi sheʼrini jilmayvolib,

Koshki, oʻqib kulsangiz «xiring-xiring».

 

Oʻzimiz bilgan hayvonlar

 

Hoʻ uzoqda turgan nima? Boʻtaloq-da, Boʻtaloq,

Ajriq yemay, yantoq chaynar… Chaqaloq-da, chaqaloq!

 

Doʻnglikdagi naqsholmani Toy silkidi, suykanib,

Olma chetga qochib ketdi, yumaloq-da, yumaloq.

 

Goʻng titkilab yurib Choʻchqa, agʻnab tushdi chuqurga,

Chiqolmasdan dod soldi xoʻb, baqaloq-da, baqaloq.

 

«Yerning shakli qandaqaykin?» deb soʻrar It Eshakdan,

Javob berar Eshak hangrab: «Tapaloq-da, tapaloq!»

 

Qoʻngʻirogʻin chalib Echki, boshlab borar podani,

Orqasidan yurmaganga – shapaloq-da, shapaloq.

 

Sheʼrni oʻqib zavqlansangiz, Bulbuljonning vaqti chogʻ,

«Shuyam gapmi» desangiz, u xafaroq-da, xafaroq.

 

Buzoqcha

 

Bugun eski molxonada tugʻildi bir hayvongina,

Ola yungli sigirga u qarab turar hayrongina.

 

Hayron boqib turib uzoq, dedi: «Nomim – mulla Buzoq»,

Chiqsa kerak shoʻx va suzoq, koʻrinishi shaytongina.

 

Sekin oʻpib peshonasin, mol yaladi shoʻx bolasin,

Buzoq tanib oʻz onasin, irgʻishladi shodongina.

 

Tuyoqchasin takillatar, dumchasini likillatar,

Yurakchasin poʻkillatar, qoʻydan choʻchib nodongina.

 

Onasiga suykanadi, emizmasa kuykanadi,

Qorni toʻysa, yupanadi – moʻvrab qoʻyar biyrongina.

 

Bolajonlar, koʻmak bering – Buzoqchaga kurmak bering,

Bitta yangi hushtak bering Bulbulga ham arzongina.

 

Bolalar uxlaganda

 

Dumi gajjak, uyga qaytar Chayon ohista-ohista,

Oʻtlamoqqa chiqib kelar Quyon ohista-ohista.

 

Adirda dud chalib Boʻri, ovga chorlar oʻrtoqlarin,

Yurib kelgay ular yaylov tomon ohista-ohista.

 

Toʻngʻiz momo doʻmboqlarin uyqusirab emizgan choq,

Xayol surib pichan chaynar Qulon ohista-ohista.

 

Kunduz yemish izlab, endi qotib uxlar choʻl qushlari,

Ular sari sirgʻanar jim Ilon ohista-ohista.

 

Toshbaqa hoʻ, soyni koʻzlab, yoʻlga chiqqan edi tongda,

Yarim yoʻlda oʻrmalar u hamon ohista-ohista.

 

Kun boʻyi qir, oʻrmon kezib, yana jarga qaytgan Ukki,

Koʻrganlarin qilar tunda bayon ohista-ohista.

 

Koʻrshapalak uchib gir-gir, yarim tunda neni izlar?

Bemahalda borar Tulki qayon ohista-ohista?

 

Bolalar tinch uxlagan payt nega uygʻoq hanuz Bulbul?

Olam siri boʻlar bizga ayon ohista-ohista.

 

Suvarak

 

Chatoqroq der ishtaham, koʻp yemasmish Suvarak,

Lekin togʻni bersang ham, koʻp demasmish Suvarak.

 

Nafsi tekin tilarmish, qayda ne bor bilarmish,

Asta pisib kelarmish, narzi pastmish Suvarak.

 

Kezib yaqin-uzoqni, izlarmish oshtovoqni,

Yoqtirarmish saryogʻni, goʻl emasmish Suvarak.

 

Oʻxshar oʻtmas egovga, oʻxshar yana sur yovga,

Yeganini birovga indamasmish Suvarak.

 

Bulbul boqib koʻzingga, shartta aytar yuzingga,

Ochkoʻzliging oʻzingga foydamasmish, Suvarak.

 

Kim nima deydi?

 

Shilliqurt der: «Epchilroqman Baliqdan ham,

Eson-omon suzib oʻtdim ariqdan ham».

 

Zagʻcha aytar: «Endi sira armonim yoʻq,

Qurt yeyardim, totib koʻrdim tariqdan ham».

 

Tovus dedi: «Oq, koʻk, qizil patlarim bor,

Sotib oldim kecha pushti, sariqdan ham».

 

Semiz Qoʻyga yem berishsa, maʼrar Taka:

«Baʼzan xabar olinglar-da oriqdan ham».

 

Tushuntirdi Koʻrshapalak: «Tunda fayz koʻp,

Foyda yoʻqdir menga quyosh, yorugʻdan ham».

 

Tishin kavlab, Bulbuljonga dedi Sichqon:

«Mazaliroq narsa bormi choriqdan ham?»

 

Badnafs

 

Ertayu kech loyni titar Oʻrdakburun,

Chuvalchang va qurtlar tutar Oʻrdakburun.

 

Serbaraka boʻlib uning ovi bugun,

Kulbasida mehmon kutar Oʻrdakburun.

 

Qarang, mehmon yeguncha bir chuvalchangni,

Oʻzi beshta qurtni yutar Oʻrdakburun.

 

Mehmon aziz, avval uni siylash kerak,

Kavshanma koʻp, endi yetar, Oʻrdakburun.

 

Oqil, sipo boʻlib, nafsin tiyolmasa,

Bir kun oʻzin badnom etar Oʻrdakburun.

 

Haddan ziyod yomonlama, Bulbul, uni,

Yoʻqsa seni qargʻab oʻtar Oʻrdakburun.

 

Kel, suhbatlashamiz

 

Beriroq kel qirgʻoqqa, Choʻrtan,

Bir toʻyib ol pishloqqa, Choʻrtan.

 

Qoʻrqmasang-chi, tushganmisan yo –

Biron marta tuzoqqa, Choʻrtan.

 

Koshki, sendek suzib daryoda,

Ketsam uzoq-uzoqqa, Choʻrtan.

 

Balki sen ham qilarsan havas

Cheksiz osmon, soʻqmoqqa, Choʻrtan?

 

Dadilroq boʻl, kelaqol beri,

Bir bor ishon oʻrtoqqa, Choʻrtan…

 

Hech qafasga tushmasin Bulbul,

Sen ilinma qarmoqqa, Choʻrtan!

 

Qish

 

Ayiqvoyning aytishicha, qish juda ham odil emish,

Toʻqqiz oy ter toʻkib, uch oy boʻkib uxlash maʼqul emish.

 

Musichaning aytishicha, tuxum tugʻar emish osmon,

Qator-qator muzbaldoqlar tomlarga qirq kokil emish.

 

Shoqollarning aytishicha, yozda yongʻoq toʻplab olib,

Qishda yolgʻiz yeb yotuvchi Olmaxonlar johil emish.

 

Quyonlarning aytishicha, sovuq oʻtsa och Boʻridan,

Ikki tishlam goʻsht ber, deya quvlaguchi qotil emish.

 

Tulkixonning aytishicha, uni bekor qiynamasdan,

Oʻzi mehmon boʻlib kelgan Tovuqxonlar oqil emish.

 

Boʻrsiqlarning aytishicha, yer chatnasa bulduruqdan,

Mushuk chetda yotar qoʻrqib, Sichqonchalar dadil emish.

 

Bulbulcha der: odamlarning farzandiga qishda mazza,

Maktablarda ayoz payti ikki hafta taʼtil emish.

 

Yupantirish

 

Yigʻlar Mushuk shumshayib – It talab oʻtdi,

Sigir uni yupatib, bir yalab oʻtdi.

 

Mehribonlik bilan Qoʻy siladi uni,

Xachir zimdan koʻz qisib, yoʻrgʻalab oʻtdi.

 

Sichqon azal xafaroq edi Mushukdan,

Yuzin chetga oʻgirib, orqalab oʻtdi.

 

Tovuq momo katakdan chiqdi qoqogʻlab,

Qanotida yelkasin siypalab oʻtdi.

 

Ovuntirdi Boʻtaloq, ovuntirdi Toy,

Echki esa qitiqlab, erkalab oʻtdi.

 

Bulbul qiziq qoʻshiqlar aytdi Mushukka,

Eshak uni kuldirib, shattalab oʻtdi.

 

Esizgina moped

 

Minib eski mopedni, ovga chiqdi Boʻrivoy,

Yolgʻondakam miltiqqa poʻk oʻq tiqdi Boʻrivoy.

 

Kezdi dashtu toʻqayni, oshib oʻtdi adirdan,

Eng oxiri yaylovga tumshuq suqdi Boʻrivoy.

 

Oʻtlar barra qoʻzilar, «ovchi» boqar uzoqdan,

Olapardan, chamasi, picha qoʻrqdi Boʻrivoy.

 

Patillatib mopedni quvladi soʻng Quyonni,

Moped birdan buzildi, uni yiqdi Boʻrivoy.

 

Gʻildirakni irgʻitib, toʻrtga boʻldi motorni,

Toʻkildi bor temirlar, yarmin yigʻdi Boʻrivoy.

 

Qara, Bulbul, sochilib yotar temir-tersaklar,

Yonilgʻi sob boʻlganin kechroq uqdi Boʻrivoy.

 

 

Vaqvaqajon

 

Tanib qoʻying, doʻstlarim, men Baqaman, vaqvaqa,

Oʻynoqidir koʻzlarim, shoʻx boqaman, vaqvaqa.

 

Baqatoʻnga yalpayib, uxlagayman shalpayib,

Suv betida tarvayib, goh oqaman, vaqvaqa.

 

Baliq sherik oshimga, boqmas qari yoshimga,

Laylak deyar: «Boshingda mix qoqaman», vaqvaqa.

 

Ustaman suv sochishga, Suvilondan qochishga,

Gohi koʻngil ochishga gap chaqaman, vaqvaqa.

 

Timsoh bizga padardir, faqat boʻyim pakardir,

Tilim esa shakardir, qand-«qaqa»man, vaqvaqa.

 

Chiqib ariq labida, kuylab Salim, Nabiga,

Bulbullarning qalbiga oʻt yoqaman, vaqvaqa.

 

Yarim kecha pallasi

 

Uxlar hatto chechaklar yarim kecha pallasi,

Tinmas, biroq, jonsarak Chigirtkalar yallasi.

 

Koʻrshapalak – gʻizzo-gʻiz, Boʻri hidlar izlarni,

Yulduz sanar chol Bugʻu, boshda ogʻir sallasi.

 

Kuchuklarga ona It mashq qildirar hurishni,

Hammadan soz akillar bitta dumi kaltasi.

 

Mushuk tomni tekshirar, pichan oʻrar Quyonlar,

Ovga chiqdi Yoʻlbarsshoh, ochmish kenja mallasi.

 

Gʻor ichida Qaploncha ingroqlanar betinim,

Tosh yostiqqa hali ham oʻrganmabdi kallasi.

 

Nega sergak Kirpilar, Ukki nega uxlamas?

Orom bersin ularga Bulbuljonning allasi.

 

Anvar OBIDJON

https://saviya.uz/ijod/nazm/bulbulning-chopchaklari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x