“Teshiktosh”da hindular haqiqatda yashagan…mi?

Bu sirli maskan Samarqandning Urgut tumanidagi Qoratepa qishlogʻi, Zarafshon va Turkiston togʻlari oraligʻiga yaqin nuqtada joylashgan.​​​​​ Bu goʻshadagi ulkan, gʻaroyib teshiktosh odamlarni qadimdan oʻziga maftun etadi. Eroziya va shamollar taʼsirida toshdan goʻzal va maftunkor sanʼat asari bunyod boʻlgan. Shu bois odamlar mazkur daradagi toshni «Teshiktosh», deb ataydi.

Agar toshga diqqat bilan razm solsangiz, ikki dinozavrning boshi toʻqnashgan holatini koʻrganday boʻlasiz. Ana shuning oʻzi ona-tabiatning beqiyos moʻjizalarga boyligidan dalolat. Bu esa, jahon kino ustalarini Qoratepaga jalb etmasdan qolmadi. Gap shundaki, 1973 yilda Germaniyaning DEFA kinostudiyasi tomonidan suratga olingan va bosh rolni mashhur kinoaktyor Goyko Mitich ijro etgan “Apachilar” filmining bir qismi Qoratepada, yaʼni “Teshiktosh” joylashgan hududda tasvirga olingan. Bu film mana, necha yildirki, tomoshabinlar qalbidan munosib joy olgan. Ayniqsa, kinoda teshiktosh atrofida hindular bilan kechgan voqealar juda ishonarli chiqqan.

Aytishlaricha, film rejissyori suratga olish uchun qulay joy topa olmay, ancha vaqt ovora boʻlgan. Ittifoqo, unga u izlayotgan joy Urgut tumaning Qoratepa qishlogʻida borligini aytishgan. Ulkan tosh ham, unga yaqin hudud ham rejissyorga maʼqul tushadi va darhol ishga kirishadi. Natijada biz sevib tomosha qiladigan “Apachilar” filmi dunyo yuzini koʻrdi. Hindular hayotidan hikoya qiluvchi mazkur kinoasarda dunyo tan olgan aktyorlar bilan birga, shu yerlik aholi vakillari ham ishtirok etgan ekan. Bu esa mazkur filmning haqqoniy chiqishiga xizmat qilgan.

Chindan ham, Qoratepadagi goʻzal tabiat manzaralariga boqib, koʻnglingiz yorishadi. Zarafshon vohasining Buyuk Ipak yoʻli oʻtadigan hududidagi noyob va mahobatli toshlar, antiqa gʻaroyib manzaralar har qanday insonning fikru xayolini shoshiradi. Bugun tepalikdagi bir necha asrlik teshiktoshni, qoya ustida qotib qolgan haybatli toshbaqani eslatuvchi manzaralarni koʻrgani ming-minglab sayyohlar kelib turibdi. Ular orasida xorijliklarni ham uchratish mumkin. Bu qiziquvchilar sonining tobora ortib borayotganidan dalolat.

Antiqa teshiktosh joylashgan Qoratepa qishlogʻiga bolaligimda rahmatli Rabbim bobom bilan borganman. Keyin ham bu maskanga uch-toʻrt bor yoʻlim tushdi. Hamrohlarim bilan ulkan tabiat moʻjizasini soatlab tomosha qildik. Rosti, teshiktosh har qanday insonning hayratini oshiradi. Beixtiyor, buyuk rassom – tabiatning goʻzal, takrorlanmas asariga qoyil qolmay iloj yoʻq.

Olimlarning eʼtirof etishicha, bu singari toshlarni jahonning sanoqligina davlatlarida uchratish mumkin ekan. Toshning noyobligi shundaki, u oʻzining tuzilishi, hajmi, ogʻirligi hamda antiqaligi bilan ajralib turadi. Ana shu jihatlarning oʻziyoq yurtimiz, qolaversa, Zarafshon vohasining insoniyatni hayratga soladigan antiqa topilmalarga boyligidan dalolat beradi.

Aytgancha, Zarafshon togʻ tizmasining shimoliy qismidagi Qoratepa qishlogʻi yaqinida uchraydigan granitdan hosil boʻlgan va turli koʻrinishga ega katta xarsangtoshlarning baʼzilari inson yuragini eslatib yuborishi sabab, ularga shu yerlik aholi “toshyurak”, deb ham nom berishgan.

 

Ulugʻbek AKTAMOV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/teshiktosh-da-hindular-haqiqatda-yashaganmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x