Hifzi lison

Hifzi lison deb har bir millat oʻz ona til va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adbiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yoʻqotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz boʻlgʻon rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin oʻz yerinda ishlatmak va soʻzlamak lozimdur. Zigʻir yogʻi solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur.

“Yohu! Bizga na boʻldi? Bobolarimiz yoʻlidan chiqub ketduk. Yaxshi qoʻshningdan olguncha yomon uyingni qidir”, – demishlar. Bobolarimizga yetushgʻon va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. Oʻz uyimizni qidirsak va axtarsak yoʻqolganlarini ham toparmiz. “Yoʻqolsa yoʻqolsun, oʻzi boshimga tor edi”, – deb Yovrupo qalpogʻini kiyub, kulgi boʻlmak zoʻr ayb va uyatdur. Paygʻambarimiz: “Erlarda jamol lison va tildur”, – demishlar.

 

Ey ona til, aziz qadrdonim,

Iltifoti ruhim, Rahmonim.

Tugʻdigʻim kundan aylading ulfat,

Oʻlguncha ayilma, ey jonim.

Menga ilm-u adab san oʻrgatding,

Chin adib, muallim, shonim.

Millatning ruhini koʻtarguchisan,

Ey muqaddas karamli sultonim.

 

Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy ogʻiz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki soʻz insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini oʻlchab koʻrsatadurgan tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini soʻzlagan soʻzidan bilurlar. “Quruq soʻz quloqgʻa yoqmas” – demishlar.

Agar soʻz aql va hikmatga muvofiq boʻlub, oʻziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurgan boʻlmasa, asalarilari orasida gʻungʻullab yurgan qovoqari kabi quruq gʻoʻngʻullamoq faqat bosh ogʻrigʻidan boshqa bir narsa emasdur. Boshimizga keladurgan qattigʻ kulfatlarning koʻpi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: “Koʻp oʻyla, oz soʻyla”, – demishlar.

Tillarning eng yaxshisi soʻzga usta til, soʻzlarning eng yaxshisi bilub, oxirini oʻylab soʻylangan soʻzdur.

 

Goʻzallik yuzda ermas, ey birodar,

Soʻzi shirin kishi har kimga yoqar.

Soʻzing oz boʻlsinu maʼnoli boʻlsun,

Eshitkanlar qulogʻi durga toʻlsun.

Soʻzing boʻlsa kumush, jim turmak oltin,

Misi chiqgʻay soʻzing koʻp boʻlsa bir kun.

Koʻpaygan soʻzni boʻlgay toʻgʻrisi oz,

Shakarning koʻpidan ozi boʻlur soz.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/hifzi-lison/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x