Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushan imperiyasi davriga oid qalʼa qoldiqlari topildi. Ayni paytda bu yerda taniqli arxeolog olim, Oʻzbekiston Qahramoni Gʻayratdin Xoʻjaniyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda.
– Shu yil boshida, aniqrogʻi, 4 yanvar kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qoʻngʻiroq qilib aytishdi, – deydi arxeolog Gʻ. Xoʻjaniyozov. – Shu kuni topilgan koʻzalarni menga olib kelib koʻrsatishdi. Ertasiga oʻsha yerga borib hududni koʻzdan kechirdik. Haqiqatdan ham bu yerda eski tarix izlari namoyon boʻlayotgandi.
Qoraqalpogʻistonda chin maʼnoda arxeologiya ishlari oʻtgan asrning 36-37 yillari boshlangan boʻlsa, shu kungacha Taxiatosh tumani hech bir arxeologning nazariga tushmagan. Sababi bu yerda koʻzga koʻrinib turgan devorlar yoki qalʼa qoldiqlari yoʻq edi. Mana biz tuman hokimining iltimosiga binoan bu yerda vaqtinchalik arxeologik ishlarini olib bordik va bu yerdan yoshi 1800–2000 yillarga borib taqaladigan tarixiy yodgorliklarni topdik.
Taxiatosh tumanining “Keneges” ovul fuqarolar yigʻini hududidan topilgan qadimiy qalʼa mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U yerdan topilgan esdaliklar tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 4-umumtaʼlim maktabi muzeyiga topshirilmoqda.
Mazkur muzey 2010 yilda maktabning tarix fani oʻqituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qoʻllab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan. Hozirda bu yerda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Moʻjazgina muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin.
– Ariqni qozayotgan ekskavatorning tishiga ilinib chiqqan koʻza qoldiqlarini koʻrib, menda bu yerda eski qalʼa borligiga shubham qolmadi, – deydi “Keneges” OFY yashovchi Valeriy Moldabayev. – Mening bolaligim shu joyda oʻtgan. 12-13 yoshimda yer yuzasiga chiqib turgan devorlarni koʻrardim. Shu paytdan boshlab tarixga qiziqqanman. Rus tarixchisi Vasiliy Yanning tarixiy romanlarini oʻqib, bu yerda suv tagida qolgan qalʼa borligini faraz qilardim, oʻzimcha. Mana mening farazlarim ilmiy tasdigʻini topmoqda. Men bundan judayam baxtiyorman.
– Ekskavator tishlariga ilinib chiqqan koʻza siniqlarini muzeyga topshirganda ilk bor xayratimni yashira olmadim. Koʻzalarda ajoyib mayda naqshlar bor edi, – deydi A. Nurjanov. – Keyin shu joyni yana qazidik va yaxshi saqlangan butun koʻza topdik. Hozirda topilmalar shifrlash uchun Fanlar akademiyasiga olib ketildi.
Ovul fuqarolar yigʻini hududidagi ekin maydonlarida, ayniqsa, tozalangan ariqlar boʻyida xohlagan kishi eramizning boshlaridan to XII-XIV asrlargacha boʻlgan davrga tegishli kulolchilik idishlari qoldiqlarini uchratishi mumkin. Lekin ushbu hududlarning koʻpchiligi sholi maydonlariga aylantirib yuborilgan.
– Oʻrta asr arab yozma manbalarida Mizdaqxon (Hozirgi Xoʻjayli tumani markazi) oʻzining hududi va aholi soni boʻyicha Qiyat va Gurganjdan (Qoʻhna Urganch) soʻnggi Janubiy Orol boʻyidagi uchinchi shahar ekani qayd etiladi. Mizdaqxon hududida 1200 ovul-shahar boʻlgan, – deydi Gʻ. Xoʻjaniyozov – Bizningcha, shulardan biri hozirgi Taxiatosh tumani hududida boʻlgan boʻlsa kerak. Chunki, Taxiatosh shahri qadimiy shahar qurilishiga ega boʻlgan hududda barpo etilgan. Unga 2000 yili shahar hududidan topilgan (Ketmonchi bobo mozori) eramizning II-IV, VII-IX, X-XIV asrlariga oid buyumlar misol boʻla oladi. 2012 yili togʻ boshidagi Ketmonchi-2 mozori qoshidan oʻrta asrlarga oid minora qoldiqlari ham aniqlangan edi.
Tarixiy manbalardan oʻrta asrlardagi xalqaro karvon yoʻlining bir qismi Buxoro – Varaxsha – Qizilqum – Shoraxan (Toʻrtkoʻl) – Kat (Shobboz-Beruniy) – Nuzkat – Vayxan – Nuqbogʻ – Mizdaqxon (Xoʻjayli) – Gurganj (Qoʻhna Urganch) yoʻnalishida oʻlkamiz hududidan oʻtgani maʼlum. Bizning fikrimizcha, Nuqbogʻ (Toza bogʻ) Taxiatosh tumani hududiga toʻgʻri kelishi mumkin. Albatta, buni hali vaqt koʻrsatadi.
Qadimiy sirlarni asrlar boʻyi qoʻynida saqlab kelgan Taxiatoshda maxsus arxeologik amaliyotlar kelgusi yillarda qayta davom etadi.
Eslatib oʻtamiz, Taxiatosh tumani hududidan XII-XIII asrlarga oid buyumlar qoldigʻi topilganligi haqida avval ham saytimiz orqali xabar bergandik. Endi Taxiatoshning yoshi faqat 1000 yilliklar bilan emas, balki 2000 yil va undan ham uzogʻiroq vaqtlar bilan oʻlchanadi.
“Xalq soʻzi” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/jarayon/ozbekiston-hududidan-2000-yillik-tarixga-ega-qala-qoldiqlari-topildi/