Oʻtib ketgan yaqin insonlaring, ayniqsa, ota-onang har bir qadamingni, hatto nafas olishingni kuzatib turishgandek tuyuladi. Ularning yorugʻ xotirasi, qalbingdagi oʻchmas siymolari oldida hamisha oʻzingni masʼul va masrur sezasan. Otamni nimadir sabab, nimadir voqea bilan har kuni eslayman.
Otam – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shuhratning asl ismi-sharifi Alimov Gʻulom Aminjon oʻgʻli. Otamiz hayot boʻlganida shu kunlarda yuzga kirar edi. U kishi oʻrik gullaganda tugʻilgan ekanlar. Va shu bilan birga oʻriklar qiygʻos gullagan kezda – 19 aprelda qamoqdan ozod boʻlib, uyga kirib kelgan. Shu sababli biz bu kunni otamizning qayta tugʻilgan kuni, deb bilamiz. Otamni qarindoshlar, oʻsha paytdan biladiganlar Gʻulomjon, Gʻulom aka deb chaqirishardi, hozirgacha ham shunday eslashadi. Keyinchalik adabiy davra, doʻstu yorlar, shogirdlar Shuhrat domla deb atab ketishgan. Har bir ismning ham moʻjaz tarixi boʻlar ekan, shekilli…
* * *
Bu tarix aslida koʻp joylarda eslangan. Men buni qayta eslaganimning sababi bor. Otam oʻzi haqida yozganida, oʻsha besh yillik mashʼum voqealarni “50-yillarda baxtsiz hodisa roʻy bergan”, deya bir satr bilan oʻtib ketganlar. Bu nima degani? Otam oʻsha paytdagi bir guruh ziyolilar qatori “oʻtmishni ulugʻlash” aybi bilan “uchlik” qarori asosida 25 yilga surgunga hukm qilingan. Bunga, otamning hikoya qilib berishicha, pedagogika institutida oʻqib yurgan paytlarida, undan keyin ham Hamid Sulaymon boshchiligida oʻzbek mumtoz adabiyotining vakillari Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, mutafakkir tarixchilar Xondamir, Mirxond kabilarni oʻqitish boʻyicha alohida dasturlar ishlash, oʻquv soatlarini koʻpaytirish, bir soʻz bilan aytganda, talabalarga ular haqida koʻproq maʼlumot berishga urinish yoʻlidagi harakatlari sabab boʻlgan. Otam qatʼiyatli inson edi. 1955 yilda oqlanib chiqqanidan soʻng eʼtiqodida sobit qolib, bir yildan soʻng tugʻilgan kichik akamga Xondamir, menga esa Bobur deb ism qoʻyganlar. U paytda bunaqa ismlar kamdan-kam qoʻyilardi. Bu bilan eʼtiqodidan, tanlagan yoʻlidan qaytmasligini, aksincha, shu sabot oʻzlariga bir umr yoʻldosh boʻlishini oʻziga xos ravishda isbot qilgan. Keyinchalik ketma-ket dunyoga kelgan nabiralarga Komron, Temur, Botu, Humoyun, Mirxond deya oʻzlari nom tanlaganining boisi ham shu.
Otamizning yana bir ajoyib fazilati shunda ediki, u kishi nozik qalb egasi, ijodkor boʻla turib, oʻzi oʻsha zulm mashinasining ichidan jabr tortib chiqib ham yurakda gina saqlab qolmadi. Bu yogʻini oxirat kuniga qoldirib, oʻzi insondek yashay oldi. Yigitlik chogʻlarining eng maʼsum damlari qamoqxonalarda kechdi, lekin bunda birovni ayblamadi.
Otamdan oʻzbek adabiyoti xazinasiga ulkan meros qoldi. U kishi oʻzbek adabiyotida roman yozgan adiblar sirasida birinchilar qatorida sanalishga muyassar boʻldi. U kishidan “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas”, “Jannat qidirganlar” va tugallanmagan “Mashrab” romani, bir qator sheʼriy kitoblari oʻz vaqtida oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan. Albatta, bu asarlarning har biri haqida oʻz vaqtida fikrlar, mulohazalar aytilgan. Ammo, ayniqsa, uch romanning oʻz tarixi, murakkab vaziyatlardagi bahosi bor.
El sevgan adib Shuhrat domlaning qariyb oltmish yil davomida dunyo yuzini koʻrgan asarlarini ham, yozuv stoli va shaxsiy arxivida qolgan nomaʼlum ijod namunalarini ham oʻzbek milliy maʼnaviyatidan ajratib boʻlmaydi. Oʻtgan XX asr mobaynida yozilgan muayyan janrdagi asarlarning xalq madaniyati tarixidagi oʻrni xolis belgilanar ekan, adib asarlari ham oʻzining munosib bahosini olishi shubhasiz. Axloqiy poklik va botiniy goʻzallik, qadriyatlarga sadoqat, ogʻir kunda bardoshli, oilada va jamiyatda murosa va totuvlik uchun muqaddas soʻz va qalam bilan kurashgan adib Katta adabiyotga daxldor mavzularga qoʻl urdi hamda ularning oʻziga xos talqinini yaratdi.
“Shinelli yillar” romani “baxtsiz hodisa” roʻy bermasdan avval yozila boshlangan edi. Ammo uning tugallanishi 55-yillardan keyinga toʻgʻri kelgan. Shu romanni qayta ishlab, oqqa koʻchirish uchun otam 47 kun uydan chiqmay, yozuv stoliga muk tushib ishlagan ekan. Bu asar oʻsha paytda juda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgan, hatto rus tiliga tarjima qilinib, Moskvada katta adadlarda bosilgan ham. Oʻshanda sobiq Mudofaa vazirligi va kitobni chop etayotgan “Voyenizdat” nashriyotidan xat olgan. Unda ushbu kitobdan kelayotgan tushumlar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, xususan, nogironlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgani haqida xabar yozilgan ekan. Urush koʻrgan, uning jabrini tortgan adib uchun bu, albatta, quvonchli hol edi.
“Oltin zanglamas” romani oʻsha paytdagi senzura chigʻirigʻidan eng ogʻir oʻtgan roman desak, adashmagan boʻlamiz. Maʼlumki, bu roman “Sharq yulduzi” jurnalining bir necha sonlarida bobma-bob eʼlon qilinayotganida koʻrinmas kuchlar tomonidan toʻxtatib qoʻyilgan edi. Buning birlamchi sababi asarda qalamga olingan voqea boʻlsa, boshqa tarafdan oʻsha paytdagi “sovet adabiyoti”da ham, milliy adabiyotimizda ham Stalinni qoralagan dastlabki asarlardan biri edi. Buni “hazm qilish” rahbarlar uchun oson boʻlmagani kunday ravshan. Roman juda mashhur boʻlib ketgan va soʻzma-soʻz tezkor tarjima qilingan. Shu tarjimaga bir koʻzim tushgandi. Aslida, “Moskvada nashr etamiz” degan bahona bilan olib ketilgan bu tarjima qoʻlyozmasi vaqtlar oʻtib arxivlarda qolib ketgan. Keyinchalik bu asarga yana bir qiziqish tugʻildi. Asar asosida film yaratish taraddudida otam bilan maslahatlashishdi, ssenariy tayyorlandi. Lekin negadir bu ish ham oxiriga yetmadi. Ammo otamning asarlari ichida eng koʻp va qayta-qayta nashr etilgani ham shu roman boʻlsa kerak.
Uchinchi romani – “Jannat qidirganlar” asari boshidan ham qiziq tarixlar oʻtdi. Oʻzimizga begona boʻlmagan bir kishining Markazqoʻmga yuborgan xatida dadam millatchilikda ayblangan edi. Xullas, qoʻlyozma yana senzura tegirmoniga tushdi, Moskvadan vakil keldi. Asar Markazqoʻmda muhokamaga qoʻyildi. Unda oʻsha paytning atoqli ziyolilari Izzat Sulton, Matyoqub Qoʻshjonov, Turob Toʻla, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabi yigirma nafarga yaqin atoqli adiblar, olimlar ishtirok etishdi. Majlisda bir ovozdan bu asarda hech qanday millatchilik ruhi yoʻqligi, oʻz zamonasining yangi mavzudagi yaxshi bir asari ekani eʼtirof etilgan. Shundan keyin “Jannat qidirganlar” katta nusxada nashr etila boshlangan.
Aslida, otamning taqdiri hamisha sinovlar, ziddiyatlar, murakkabliklar, tazyiqlarga hamroh edi. Birinchi marta oʻtgan asrning 30-yillari oxirlarida “Usmon Nosirga yaqin kishi” sifatida taʼqibga olingan boʻlsa, keyinchalik ham goh u koʻrinishdagi, goh bu koʻrinishdagi ayblovlarning keti uzilmagan. Oʻsha birinchi tazyiq boshlanganda otam harbiy xizmatga chaqiriladi, keyin Bokudagi ikki oylik ofitserlik kursini tamomlab, shu bilan urushga ketadi. Urush oxirlab qolganda ogʻir yarador holda jangdan qaytgan.
Keyingi taʼqiblar bu, tabiiyki, 50-yillar suroni. Oʻsha voqealar asnosida otam 21 kun tergovda boʻlgan. Keyinchalik Maqsud Shayxzoda bilan suhbatlashganida, u kishiga “Domla, men podvalda yotganimda kameraning panjara bosilgan darchasida yoqasida ipi osilib turgan koʻylakni koʻrgandek boʻldim”, deganlar. Bu gapni aytishlaridan maqsad u paytlarda Shayx aka yoqasi ipli ukrainka koʻylak kiyib yurgan. Agar Shayxzodaning oʻsha yillardagi suratlariga eʼtibor bersangiz, aksariyatida shunaqa bichimdagi koʻylaklarda rasmga tushgan. Ikkovlarining suhbatidan ular oʻsha kunlari yonma-yon kameralarda oʻtirib soʻroq berishgani ayon boʻladi. Oʻsha tahlikali va gʻirrom kunlarda oʻzbekning ziyolilari, rostgoʻy farzandlari boshida mana shunaqa oʻyinlar, xoʻrlash va ayblovlar bor edi.
Baʼzilar Shuhrat domla juda ogʻir hayot kechirgan, boshidan qora kunlar ketmagan, omadsiz yashagan, roʻshnolik koʻrmagan, deb oʻylashgan, gapirishgan ham. Toʻgʻri, ular otamga joni achib, kuyunib aytgan. Lekin aslida, matonatli insonlar, kechirimli kishilar, bardoshli, bagʻrikeng odamlarga bunday sinovlar doimiy hamroh boʻlar ekan. Qolaversa, oʻzini himoya qila oladigan, haq soʻzni ayta biladigan kishilarga har qachon ham yengil boʻlmagan. Lekin buni “omadsiz”, “baxtsiz” deyish notoʻgʻri. Chunki otam shuncha sinovlarga qaramay, doim ijod bilan mashgʻul boʻldi, oxirgi 25-30 yil hech qayerda ishlamay, faqat yozdi. Shu asosda koʻpchilikka mashhur va sevimli boʻlgan “Dunay sohillari”, “Kavkaz daftari” turkumlari, “Shaydo koʻngil”, “Hali tun uzoq” va “Sening sevging” kitoblari dunyoga kelgan. Otamning adabiyotdan kuch olishi, ijoddan sabot topishi haqida oʻylasam, xayolimga shu sheʼr keladi. Bu moʻjaz sheʼr otamning hayot va ijod pozitsiyasi edi, desam yanglishmayman.
Yon, chirogʻim, tongga qadar yon,
Yorugʻingdan yorisin jahon!
Yon, chirogʻim, qalbim kutar, yon,
Yon, chirogʻim, orom olsin jon!
Sen yonib tur, men qilay ijod,
Qarzim koʻpdir eldan, yurtimdan.
Umrim oʻtgach, qarab ortimdan
Demasinlar: – Koʻrdi boʻsh hayot!
Yon, chirogʻim, tongga qadar yon!
Bobur ALIMOV
“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/qarzim-kopdir-eldan-yurtimdan/