Poyabzal tozalovchi

Basavaraja KATTIMANI

 

– Botinka tozalaymiz! Botinka tozalaymiz!

Vokzal yonida, avtobus bekati yonida, kinoteatr yoki qimmat restoran yonida bu qichqiriqni ming martalab eshitgan boʻlsangiz kerak. Oʻlgudek joningizga tekkandir. Nima qilayotganingizning menga farqi yoʻq: xotiningiz bilan shirin gaplarni gaplashyapsizmi, poyezdni kutib gazeta varaqlayapsizmi yoki qorningizni toʻydirishga shoshyapsizmi – mening niyatim doim bitta: poyabzalingizni tozalash. Maqsadim ham bitta: ozgina pul ishlash.

Siz ovozimni eshitishingiz bilanoq teskari oʻgirilasiz, qoshlaringizni chimirasiz, yuzingizda jiddiy ifoda paydo boʻladi. Lekin bu meni choʻchitmaydi, siz “Kerakmas… kerakmas…” desangiz ham, choʻkkalab oʻtirib, sandalingiz yoki tuflingizga qoʻlimni choʻzaman. Yengilgina, barmoqlarimni salgina tekkizib, hurmat bilan “Atigi bir ana, janob. Oynaday yaltiratib beraman” deya, poyabzalingizni yechishga va toʻliq ixtiyorimga kiritishga urinaman. Yelkamdan kichkina sumkani olib, ichidan choʻtka va kremli bankachalarni chiqaraman. Bunday chaqqonlikni koʻrib, har kim: “Balki, chindan ham tozalatish kerakdir? Atigi bir ana ekan” deb oʻylaydi va sandalni olishimga yoʻl qoʻyib beradi.

Shunda ishga kirishaman. Birinchi navbatda, sandalning changini artaman. Keyin krem suraman. Va nihoyat, oʻng qoʻlimga choʻtkani olib, chap qoʻlimda sandalni ushlagan holda, ishqalayman, ishqalayman va yana ishqalayman. Sizga ishimni kuzatib turish faqat zavq bagʻishlaydi. Choʻtka sandalda uchayotgandek boʻladi! Odam bunday mahoratga oʻz-oʻzidan ega boʻlib qolmaydi. Koʻp yil ishlash kerak. Hunar sirlarini bilish kerak.

Iltimos, “Senda tajriba qayerdan boʻlsin? Axir, hali yosh bolasan-ku!” demang. Besh yoshimdan beri (hozir esa yoshim oʻnda!) yagona mashgʻulotim – poyabzal tozalash. Bu ishga shunchalik oʻrganib ketdimki, usiz hayotimni tasavvur qilolmayman.

Ajablanyapsizmi? Bekor qilasiz. Bu dunyoda men butunlay yolgʻizman. Otam va onamni biron marta koʻrmaganman. Hatto ularning kimligini ham bilmayman. Meni oʻn-oʻn besh nafar oʻzimga oʻxshagan yetim bilan qashshoq chol katta qilgan. Shahar tashqarisidagi eski tashlandiq uyda yashardik va hammamiz bitta ish – poyabzal tozalash bilan shugʻullanardik. Ertalabdan kechgacha ishlardik, topgan pulimizni cholga berardik. U esa (ismini eslolmayman) bizni boqardi. U ogʻir kasal edi, deyarli doim yotardi. Lekin kechga borib, baribir oʻrnidan turar, toshlardan taxlangan oʻchoqqa oʻt yoqib, bizga ovqat pishirardi. U bizga oʻz bolalaridek muomala qilardi. Biz uni buva deb atardik. Keyin chol vafot etdi va biz ikkinchi marta yetim boʻlib qoldik. Katta oilamiz tarqalib ketdi. Har kimning mustaqil yashashiga toʻgʻri keldi.

Bir kuni, buva hali tirikligida, – oʻsha kunni hozir ham yaxshi eslayman, – mazam boʻlmadi.

– Bugun ishga borma, oʻgʻlim, – dedi buva, – uyda qol.

Men chipta qop ustiga yotib, xuddi shunday qopni ustimga yopib, koʻzlarimni yumdim. Chol yonimga oʻtirdi. Peshonamni mehr bilan silab, gapirdi:

– Mana, sen kasal boʻlib, bu yerda yotibsan. Onang esa, hoynahoy, qayerdadir begʻam yashab yuribdi.

Mening onam!

Toʻgʻri, mening ham hammaga oʻxshab onam boʻlishi kerakligini bilardim. Lekin u tugʻilganimda oʻlgan deb oʻylardim, otamni ham oʻlgan deb yurardim. Bundan chiqdi, onam oʻlmagan, u betashvish va baxtli yashayapti! Yuragim tez-tez urib ketdi: oyim, mening oyim! U bilan koʻrishishim, tizzasiga bosh qoʻyishim kerak…

– Onam qayerda, buva? – deb soʻradim.

Chol peshonamni boyagidek ohista silagancha, tinchlantiruvchi ohangda javob berdi:

– Kim bilsin? Shunchaki men uni tirik deb oʻylayman.

– Uni biron marta koʻrganmisiz?

– Yoʻq. Agar koʻrganimda, sen uchun biron nima qilgan boʻlardim. Bu kapada yotishingga hojat qolmasdi.

Chol yana nimadir dedi, lekin men hammasini tushunmadim. Onamni, hali qiz bolaligida kimdir badnom qilgan ekan, shekilli. Shunday qilib men tugʻilganman. Onam odamlarning ayblashidan qoʻrqib, meni Xanuman ibodatxonasiga tashlab ketgan. Buva meni oʻsha yerdan topgan. Oʻsha paytda u bilan birga qashshoq er-xotin yashagan. Ular menga oʻz oʻgʻlidek qaragan. Mehribon ayol meni boqqan. Keyin vafot etgan.

– Buva, onam meni nega tashlab ketgan?

– Sen buni tushunmaysan, oʻgʻlim. Boylarning odati shunday. Ha mayli, uxla…

– U, onam hali ham tirikmi?

– Tirik boʻlsa kerak. Turmushga chiqib, begʻam yashayotgandir.

– Meni eslarmikin, buva?

– Eslaydi, albatta. Ona qalbi oʻz farzandi uchun dard chekmasligi mumkinmi axir? U hozir ham seni eslab, koʻz yosh toʻkayotgan boʻlsa kerak.

Bu soʻzlardan yuragim siqilib, hoʻngrab yigʻlab yubordim.

– Oyi! Mening oyim!.. Buva, oyimni koʻrgim kelyapti. Uni menga topib bering, buva, toping! – deb yolvordim yigʻlab. Buva indamasdan boshimni silardi, xolos.

Oʻsha kundan bir yoki ikki yil gʻalati boʻlib yurdim. Qayerda ishlamay, sarini koʻrishim bilan sabrsizlanib uning egasiga qarardim. Vokzalda qoʻlida bola koʻtargan ayolni koʻrganimda, yuragim shuvillab ketardi. Unga umid bilan uzoq qarab qolardim: balki, bu ayol mening onamdir? Har gal kinoteatrga kiraverishda yaxshi kiyingan ayollarni koʻrganimda, hayajonga tushardim: balki, ularning birontasi mening onamdir? Bir kuni, drama teatri oldida turganimda, kiraverishga mashinada oʻrta yoshlardagi juftlik kelib toʻxtadi. Ularning boy odamlar ekani ayon edi. Men mashinadan tushgan ayolga gʻamgin umid bilan qarab turardim. U ham menga tikilib qaradi. Uning magʻrur yuzida qancha mehr bor edi! Katta, chiroyli koʻzlari onalik mehri bilan qanday porlardi! Faqat onagina oʻz farzandiga shunday qarashi mumkin… Quvonchdan titrab ketdim. Nihoyat u topildi, mening onam! Tangri menga rahm qilib, uni menga qaytardi. Oyi, sizni juda uzoq kutdim. Tizzangizga chiqib, boshimni koʻksingizga qoʻyishni qanchalik istagandim…

Bir zum hamma narsani unutdim: juldur kiyimdaligimni ham, ozgʻin va iflosligimni ham. Men endi nochor poyabzal tozalovchi emas, boshqa kimdir edim. Qoʻllarimni oldinga choʻzib, sevingancha ayol tomon otildim.

Ayol bir muddat qiziqish va mehr bilan meni kuzatib turdi, keyin sumkasidan bir rupiy chiqarib, qoʻlimga tutqazdi. “Spektakl boshlanay deb qoldi”, – deb shoshirdi uni eri. Ayol oxirgi marta menga mehr bilan qarab, xoʻrsindi-da, eshik ortida gʻoyib boʻldi.

Men gunohga botgan yerga qaytdim. Taqdir yana ustimdan beayov kuldi, avval bu ayol mening onam ekaniga ishonishga yoʻl qoʻyib berdi, keyin esa mendan uni tortib oldi. Hayot koʻzlarimga xunuk koʻrindi. Oʻsha ayol qoʻlimga tutqazgan rupiyni zovurga uloqtirib, yerga yiqildim-da, uzoq va hasrat bilan yigʻladim. Keyin spektakl tugagandan soʻng ayol, balki, mening qiyofamda oʻz oʻgʻlini tanir, deb oʻylardim. Teatr oldida tungi uchgacha turdim. Ammo sabr bilan kutib, nihoyat uni koʻrganimda, men tomonga hatto qaramadi ham. Eri bilan nima haqdadir gaplashib, mashina yoniga bordi-da, oʻtirib, joʻnab ketdi.

Tun boʻyi tonggacha koʻz yosh toʻkib, koʻchalarda bemaqsad izgʻidim.

Haligacha bu ahmoqlik xayolimdan ketgani yoʻq. Hozir ham, oʻrta yoshlardagi ayolni koʻrganimda, balki bu mening onamdir, deb oʻylayman. Balki, men koʻrgan minglab ayollar orasida meni tuqqan ayol ham boʻlgandir, ammo men uni qanday taniy olardim! U ham topolmaydi, hatto koʻrganda ham, tanimaydi.

Mening bu dunyoda hech kimim yoʻq. Hatto ismim ham. Kimgadir kerak boʻlganimda, shunchaki: “Hoy, tozalovchi!”man. Qolaversa, boshpanasizga qanday atashlarining nima farqi bor? Bu dunyoda hammaning boshpanasi bor, faqat mengina hamma narsadan mahrumman: otam ham, onam ham mendan voz kechgan. Otam tan olishni istamasa kerak, onam esa tan ololmaydi. Bizlar – menga oʻxshagan boshpanasizlar qancha, nima uchun yashaymiz – bilmayman. Ammo nima boʻlganda ham, yashayapmizmi, demak, bir amallab yashash kerak. Mening yagona tirikchilik manbaim – poyabzal tozalash.

 – Botinka tozalayman! Botinka tozalayman! Arzon, atigi bir ana!..

 

Komila NOSIROVA tarjimasi

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/poyabzal-tozalovchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x