Gazetamizning shu yil 15 fevraldagi 7-sonida eʼlon qilingan “Uyalish aybmi?” maqolasi haqida turli fikr-mulohazalar bildirildi. Ularning barchasida hayo bugungi kunda kamyoblashib borayotgani kuyunchaklik bilan taʼkidlangan. Yurtdoshlarimizning shu mavzudagi fikr-mulohazalarini kelgusida yana chop etib borishga harakat qilamiz.
Bundan oʻn yilcha muqaddam bir voqea boʻlgan edi. Ertalab maktabga ishga borsam, direktor opa buyruq berdi: “Hozir tezda sinfingiz oʻquvchilarini tuman markaziy poliklinikasiga olib borasiz-da, ularning hammasini SPID (OITS)ga qarshi tekshiruvdan oʻtkazib kelasiz!”
Menga bu gap yomon taʼsir qildi, chunki olti-yetti yildan beri ularga sinf rahbariman, juda aniq bilamanki, ularning barchasi pokiza yigit-qizlar. Buning ustiga, oʻquvchilarimga qanday qilib bu gapni yetkazaman, deb rosa boshim qotdi. Shuning uchun direktor bilan bunday qilmaslik kerak, deb tortishib qoldim. U ham oʻz soʻzida turib olib, “Bu mening emas, RayONOning (tuman xalq taʼlimi boʻlimi) buyrugʻi, boʻysunmasdan ilojingiz yoʻq!” dedi. Noiloj, “oʻquvchilar endi yosh bola emas, har holda bitiruvchi sinf-ku, tushunishar” deb, ular oʻqiyotgan xonaga qarab yurdim. Uyat – oʻlimdan qattiq! Oʻquvchi bechoralar gapimdan shunaqangi qizarib ketishdiki, ularning yuziga ham qaray olmay qoldim.
Ular uylariga borib, ota-onalaridan pul olib kelish uchun tarqalishdi va katta koʻchaning boshida uchrashishga kelishib oldik. Oʻzim ham oʻsha kungi darslarimni majburan toʻxtatib, yoʻlga chiqdim.
Hamma yigʻildi-yu, bir-ikkita qiz kelmadi. Sinfdoshlaridan sababini soʻrasam, ota-onasi ularning bu gaplari uchun urishib, koʻchaga chiqarishmabdi, deyishdi. Tushunarli, yo ular oʻzlari bunday gapni aytishdan or qilishib, ota-onasiga ham uyalganlaridan hech narsa deyishmay, uyda qolib ketishgan, yo ota-onasi “He, oʻsha sinf rahbaringni…” deb soʻkib berishgan. Boshqacha sabab boʻlishi ham mumkin emas edi.
Katta karvon boʻlib, tuman markaziy poliklinikasiga bordik. Qarasam, bizdan boshqa birorta maktabdan na oʻquvchi, na oʻqituvchi kelibdi. Shifokorlar ham bunday koʻrsatma olishmaganini aytishdi. Uyalib, qizarib-boʻzarib, orqaga qaytdik. Direktorga bor gapni aytdim. “Boʻpti”, deb qoʻydi.
Keyinchalik boshqa maktabdagi hamkasblarim bilan suhbatlashsam, bir safar qaysidir majlisda shunaqa maʼnoda fikrlar aytilgan, lekin bunday qilishga koʻrsatma berilgan emas, deyishdi. Mening yuzim shuvut boʻlgani, oʻquvchilarimning ozroq “betlari ochilgani” qoldi. Ulardan koʻpchiligi hozir bir necha farzandning otasi yoki onasi boʻlib qolishgan. Oʻsha voqeani eslab yurishgandir, balki…
Ne ajab, bizning kitob sanoatimizda hirs va shahvatdan lazzat olish haqidagi kitoblar koʻp ming nusxalarda chiqib tarqalib ketdi. Hatto, ularning bittasida mana bu mazmundagi soʻzboshi berilgan: “Keyingi vaqtlarda oʻzbek erotik adabiyotida (dagʻdagʻa va maqsadga qarang!) bor-yoʻgʻi bir necha nomdagi kitob bosmadan chiqdi, shuning uchun biz bundan besh-olti yil oldin chiqargan falon nomdagi kitobimizni qayta chiqarishga qaror qildik, kitobning nomini ham yangi, soddaroq nomga almashtirdik…”
Butun dunyoga son-sanoqsiz allomayu bahodirlarni yetishtirib bergan zaminda yashayotgan xalqmiz! Bugunga kelib bizning oramizda jinsiy aloqa va uning usulu lazzatlarini targʻib qilish nimaga kerak boʻlib qoldi?!
Umuman, har bir kitob chiqarayotgan kishi yoki nashriyot oʻzlarining kitoblari koʻpdan-koʻp nusxalarda nashr qilinishini xohlab harakat qiladi. Demak, ularning nazdidagi “oʻzbek erotik adabiyoti”ni xalq ommasiga chiqarib tarqatayotgan va bunday ishlarga ragʻbat qilayotganlar fikricha, ularning bu kabi targʻibotlari oddiy meʼyor va talablarga mos kelishi mantiqiy hamda bir vaqtning oʻzida zararsiz hisoblanadi. Yana, ularning fikricha, har bir xonadonda bunday kitoblar saqlanishi maʼqul, yaʼni er ham, xotini ham, farzandlari ham, kelinu kuyovlariyu boshqa mehmonu qarindoshlar ham bemalol oʻqib, lozim joylarda bir-birlari bilan fikr almashib turishlari odatiy holga aylanishi kerak. Bunday boʻlgandan keyin, nima, shahvoniy va behayo kinolarni ham birga oʻtirib koʻrish hech qanday ayb hisoblanmaydimi?
Nima emish, bu kitoblar har bir inson uchun tabiiy qilib berilgan shahvoniy hisga moyillik sabab tayyorlanganmish. Aslida bu shunga oʻxshash kitoblarni koʻproq chiqarib, boyib ketishni xaspoʻshlashdan boshqa narsa emas-ku! Xayriyatki, mamlakatimizda yalangʻoch ayol-erkaklar tasvirlangan kitobu jurnallar (pornografiya mahsulotlari)ni chop etib tarqatishga qonunan yoʻl qoʻyilmaydi. Ular esa hozircha oʻzlarining rasmsiz shahvoniy kitoblarini chiqarish orqali payt poylab turishibdi. Oʻsha kitoblardan ozroq boʻlsa ham xabari bor kishilar bu gaplarni toʻgʻri qabul qilishsa kerak.
Bugungi kunga kelib, bu masalalar har bir or-nomusli kishini oʻylantirib qoʻyyapti. Kabelli televideniyeda fahsh, internetda fahsh, sunʼiy yoʻldosh antennalari orqali beriladigan kanallarda ham fahsh… Bu faktlar odamzodning borgan sayin hayvoniyligi ortib ketayotganini bildirmaydimi?
Butun dunyoga nasihatgoʻylik qilmoqchi emasman. Lekin hech boʻlmaganda oʻzimizning yurtimizda bunday sharmandaliklarga yoʻl qoʻymaslik mumkin-ku! Biz hali oʻzimizni u qadar yoʻqotib qoʻyganimiz yoʻq-ku!
Baxtiyor MUHAMMADAMIN
“Oila davrasida” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/quloqqa-aytiladigan-gaplar-dunyoga-doston-qilinsa/