Gazetamizda maqola eʼlon qilingandan soʻng “Turon” axborot-kutubxona markazida ulkan oʻzgarishlar boshlandi.
“Oila davrasida” gazetasining joriy yil 17 maydagi 20-sonida “Bir asrlik kutubxona oʻquvchilarni va eʼtiborni kutmoqda” sarlavhali maqola chop etilgan edi.
Unda ulkan maʼnaviy boylikka ega ziyo maskaniga masʼul mutasaddilar, ziyolilar va keng jamoatchilikning eʼtiborini qaratish, yoshlarning bu bebaho merosdan yanada kengroq foydalanish imkoniyatini yaratish borasida soʻz borgan edi.
Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, xususan, yoshlarning mutolaaga boʻlgan qiziqishini kuchaytirishga davlat siyosati darajasida ulkan eʼtibor qaratilmoqda. Buni maqola eʼlon qilingandan soʻng tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tezkor munosabat bildirilib, bir asrlik kutubxona taqdiri hech kimning eʼtiboridan chetda qolmasligida ham koʻrish mumkin.
Mutasaddilar tashrif buyurishdi
Joriy yilning 22 may kuni “Turon” axborot-kutubxona markaziga Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika axborot-kutubxona markazi mutasaddilari tashrif buyurishdi.
– “Turon” axborot-kutubxona markazi yurtimizdagi eng uzoq tarixga ega ziyo maskanlarimizdan biri hisoblanadi, – deydi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Sobir ShUKUROV. – Oʻquvchilarga uning boy resursidan unumli foydalanishi uchun yetarli darajada qulaylik va shart-sharoit tashkil etish bugun har qachongidan ham muhim masala boʻlib turibdi. Sababi, bu kutubxonada katta adaddagi nodir manbalar saqlanadi. Hozirda kutubxonada foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatishni yanada kengaytirish, masofadan turib kutubxonadan foydalanishni tashkil etish choralari koʻrilyapti. Eng muhimi, “Turon” axborot-kutubxona markazi oʻzining qadimiy salohiyatini saqlab qolgan holda zamonaviy xizmat koʻrsatadi.
Kuni kecha Matbuot va axborot agentligi tomonidan milliy va jahon adabiyoti, ilmiy-ommabop nashrlardan iborat 1000 dan ortiq adabiyotlar jamlanmasi ushbu kutubxona fondiga taqdim etildi. Kutubxonaga kelayotgan davriy nashrlar yanada koʻpaytirilib, kitobxonlar “Xalq soʻzi”, “Pravda Vostoka”, “Ovozi tojik”, “Nurliʼ jol”, “Qishloq hayoti”, “Jamiyat”, “Maʼrifat”, “Hurriyat”, “Yoshlar ovozi”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Oila davrasida” kabi gazetalar, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Yoshlik” jurnallari bilan doimiy tanishib borishlari uchun sharoitlar yaratildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida zarur tezlikdagi internet bilan taʼminlandi. Kutubxonada Wi-Fi hududi tashkil etilib, barcha kitobxonlar undan bemalol foydalana oladi.
Boʻlayotgan ishlardan oddiy kitobxon qatorida koʻp quvondik. Zero, doim ham matbuot bongiga nisbatan barcha sohada bunday eʼtibor boʻlavermaydi. Bundan maqolada koʻtarilgan yana bir masala: yaqin kelajakda kutubxonaning uzoq tuman va qishloqlarga ziyo yetkazuvchi bibliobuslarga ega boʻlishiga ham amin boʻldik.
Joriy yilning fevral oyida Prezidentning tegishli farmoni bilan respublikadagi barcha axborot-kutubxona markazlari Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tarkibiga oʻtkazilishi ham sohada katta oʻzgarishlar kutilayotganidan darakdir. Buni birgina joriy yilda ushbu kutubxonaga yangi kitoblar sotib olish uchun ajratiladigan mablagʻ oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli miqdorda koʻpayganida ham koʻrish mumkin.
Kitobxonga noyob qulaylik
– Uzoq tarixga ega kutubxonamizning boshqalarga namuna boʻladigan jihatlari koʻp, – deydi markaz rahbari Dildora ABDUAZIZOVA. – Masalan, bundan bir necha yil oldin tarixda oʻzbek xotin-qizlarining oʻrni mavzusida ilmiy izlanish olib borayotgan amerikalik tadqiqotchisi mazkur kutubxonaga kelgan edi. Tabiiyki, unga aniq tarixiy manbalar, u yerdagi maʼlumot va fikrlar zarur. Respublikamizda birinchilar qatori toʻplangan tajriba asosida kutubxona xodimlari tomonidan tadqiqotchiga bibliografik koʻrsatkich tayyorlab berildi. Yaʼni, unga zarur boʻlgan mavzu nashrlar kesimida, nashr chop etilgan yil, uning soni va maqola sarlavhasigacha aniq berilgan bibliografik maʼlumotnoma tayyorlandi. Undagi tarixiy manbalarning arab yoki lotin imlosida ekani eʼtiborga olinsa, ishning koʻlamini tasavvur qilish qiyin emas. Olim kutubxona xodimlari fidoyiligidan hayratda qoldi: u bu maʼlumotlarni topishga kamida bir yil vaqti ketishini yaxshi bilardi. Ha, AQSHdan kelgan tadqiqotchi Oʻzbekiston kutubxonachiligida bunday tizimli ishni kutmagandi.
– Kutubxonada bibliografik maʼlumotlar bazasi, bibliografik koʻrsatkich tuzish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, – deydi Axborot-kutubxona markazi direktori oʻrinbosari Nargiza KUZIBAYEVA. – 2010 yilda respublikamizning yetakchi gazetalaridan boʻlgan “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq” va “Turkiston” gazetalarining 1918–1924 yillardagi sonlarida eʼlon qilingan maqola va xabarlarning izohli bibliografiyasini oʻz ichiga olgan “Milliy matbuot fihristi” nomli bibliografik koʻrsatkich tayyorlanib chop etildi. Ushbu nashr respublikamizdagi koʻpgina kutubxonalarga tarqatildi.
Bu tajriba davom ettirilib, “Turon” kutubxonasi tarix sahifalarida” nomli bibliografik koʻrsatkich, “Sharq haqiqati” gazetasida 1928–1930 yillarda eʼlon qilingan maqolalar bibliografiyasi, “Maorif va oʻqutgʻuchi” jurnalida 1925–1930 yillarda chop etilgan maqolalar bibliografiyasi kabi qator risolalar chop etilib, oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilindi.
“Turon” – mahallangizda
Tan olish kerak, kutubxona shahar markazidan ancha chetda. Qolaversa, u yerga boradigan jamoat transporti ham kam. Shuni inobatga olib, kutubxonaning oʻz oʻquvchilarini toʻplash, kitobxonlikni targʻib qilishdagi tashabbuslarini respublika boʻyicha yoyish oʻrinli ekaniga amin boʻldik.
– Imkoniyatdan kelib chiqib, poytaxtimizdagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida, Chilonzor tumani IIB, Yashnobod tumanidagi “Mumtoz”, “Uysozlar” MFYda, 23-umumtaʼlim maktabida, bir necha maktabgacha taʼlim muassasasida va boshqa tashkilotlarda koʻchma kutubxonalar tashkil etildi, – deydi “Turon” axborot-kutubxona markazi Hujjatlarga ishlov berish boʻlimi mudiri Ozoda NARZULLAYEVA. – Hozir ularning soni oʻntaga yetgan. Koʻchma kutubxonalarga oʻquvchilarning qiziqishlarini eʼtiborga olgan holda, fondimizdan har biriga bir necha yuztadan bir necha mingtagacha kitob ajratganmiz. Ushbu kitoblar oʻqib boʻlingach, qaytarilib, oʻrniga yana yangi kitoblar yetkazib beriladi. Bu tashabbus oʻzining katta samarasini bermoqda. Tasavvur qiling, mahallangizda bevosita “Turon” kutubxonasi boʻlsa: kitoblar oilaviy – otadan oʻgʻilga, onadan qizning qoʻliga oʻtib oʻqiladi. Xususan, joriy yil birinchi choragining oʻzida ushbu 10 koʻchma kutubxonada 6500 tadan ziyod kitob oʻquvchilar tomonidan olingan.
Kutubxonamizda yoshi ulugʻ hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ham sharoit yaratilgan. Ularning ehtiyojiga koʻra, kitoblarni oʻzimiz soʻralgan manzilga yetkazib berishni taʼminlaymiz.
Gazetamizning oʻtgan sonida noyob va boy manbalarga ega mazkur kutubxona faoliyatini yoritishdan maqsadimiz birovni tanqid qilish yoki ayblash emas, unga mutasaddilar va jamoatchilik eʼtiborini qaratish, koʻp ming sonli kitobxonlarga yanada qulayliklar yaratish zarurligini taʼkidlash edi, xolos. Bugun esa shu maqsadimizga oz boʻlsa-da, erisha oldik. Qolganini vaqt koʻrsatadi.
Baxtiyor ILHOMOV
https://saviya.uz/hayot/nigoh/turon-da-gullar-endi-doim-yashnaydi/