Zamondan oʻzgan adib

Vaqt shiddat ila oʻtib borayotgani rost. Ulugʻ adib Chingiz Aytmatovning vafot etganiga ham 10 yil boʻlibdi, birpasda.

2008 yil 10 iyun kuni adabiyot ixlosmandlari benazir yozuvchi Chingiz Aytmatovdan ayrildi. Undan ajoyib romanlar, qissa va hikoyalar qoldi. Bu asarlar dunyoning qaysi tili (adib asarlari 157 tilga tarjima qilingan)da, kim tomonidan mutolaa qilinmasin, oʻquvchini oʻyga toldiradi va bexosdan adibni eslashga undaydi.

Baʼzan kishining xayoliga yozuvchining asarlarini (ayniqsa «Oxirzamon nishonalari»ni) oʻqiganda adib zamondan oʻzib ketmaganmikan degan haqli savol keladi.

Buyuk yozuvchining vafoti juda koʻp muxlislarni qaygʻuga soldi. Dunyo adabiyotida bir togʻ quladi, bir yulduz soʻndi. Uning oʻlimi muxlislariga «Ona tuproq» kitobida oʻgʻlini safarga kuzatayotgan Toʻlgʻanoy onani yana bir bor eslatadi: vokzalda oʻgʻlini kuzatgan onaning koʻziga dunyo qorongʻi, yolgʻizlik iztirobi uning ich-ichidan oʻtib ketgan. Uning bu holati goʻyo jigarim kelarkan deb vokzalga chiqqan, yoʻlovchilarning hammasi har yoqqa tarqab ketgach, yolgʻiz oʻzi temir devor yonida qolgan kishi singari edi. Bu holatlarni soʻz bilan ifodalash qiyin. Lekin buyuk yozuvchi «Ona tuproq» romanida buning uddasidan chiqqan: har kim kun kelib bu foniy dunyoni yolgʻiz tark etishini ona obrazida aniq ifodalab bergan.  

Chingiz Aytmatov asarlarini oʻqigan kishi uning soʻnggi yuz yildagi eng buyuk yozuvchilardan biri ekaniga shubha qilmaydi. Adib asarlari tilining ravonligi, obrazlarining mukammalligi, voqealar rivojining izchilligi, afsonalar va hikoyalarning oʻz oʻrnida ishlatilgani bilan qadrlidir.   

Har bir oʻquvchi Chingiz Aytmatov asarlarini mutolaa qilganda ruhiy kechinmalarini jilovlay olmaydi, asarga shunchalar berilib ketadiki, natijada  koʻz oʻngida asar qahramonlari birma-bir gavdalanadi. Mutolaa chogʻida beixtiyor Pomir togʻida kezishni, Tyanshan togʻiga chiqishni xohlaymiz, «Jamila va Doniyor»ning dramatik sevgisiga mahzun boʻlib, «Sohil boʻylab chopayotgan olapar»ga titraymiz, «Alvido, Gulsari»ga isyon qilamiz. «Asrga tatigulik kun»ni oʻqib manqurt hikoyasini, Nayman ona afsonasini yodlamagan, Rayimali ogʻaning azob-uqubatlariga sherik boʻlmagan kim bor?! Zarifaning qora koʻzlarini kim ham unuta olardi? Bundayin qiynoq va iztiroblarga bardosh berib, ulkan qoyalardan oshib oʻtgan haqiqiy sevgining taqdiri yana va yana oʻquvchining hukmiga havola qilinaveradi. «Erta kelgan turnalar» xabari, «Qizil olma» hikoyasidagi millat hasrati, judolikning chidab boʻlmas azoblari oldida hayqirmagan kim bor?!

«Birinchi muallim» kitobida 1920-yillar idealist bir qishloq oʻqituvchisining taqdirini hikoya qilar ekan, bu asar oʻquvchisini  yoʻlsiz, suvsiz togʻli qishloqlar sari yetaklaydi. Huquqi poymol qilingan oʻquvchisi Oltinoyni deb tayoq yegan muallimning taqdirini oʻqigan kishining ham sirtiga kaltak izlari tushadi.

«Oq kema»ni oʻqigan har bir kishi oʻzini u kemaga otadi…

«Kassandra tamgʻasi» asarida bashariyatni «axloqiy buhronlar qarshisida ogoh boʻling!» degan hayqiriqlar bilan ogohlantirgan edi buyuk adib.

Oʻz qadriyatlarini unutgan, manqurtga aylangan, oʻz onasini otib tashlashgacha borib yetgan notavon insonlarga Naymon ona tilidan nasihat beradi «Asrga tatigulik kun» asarida.

«Otingni unutma! Otangni unutma, oʻgʻlim! Sening oting Doʻnanboy!..». Yana nima desin, nimalar desin Aytmatov?

Hayotining soʻnggi yillarida yozgan oxirgi kitobining nomi «Togʻlar qulaganda» edi. Aslida togʻlar adib vafoti tufayli yiqildi. Har bir asari kabi Aytmatovning oxirgi kitobi ham hasrat va hayajon bilan, tunu kun demasdan, chegara bilmasdan, har yerda sevib oʻqildi. Aslida kitobning nomi uning haybati va salobati uchun yetarli edi: «Togʻlarning yiqilishi ne demak? Kim koʻribdi ularni?»…

Kitob muallifining bu satrlari kishiga beixtiyor Qurʼoni karimning: «…togʻlar (qumlar kabi) sochilgach…» (Mursalot surasi, 10-oyat) va «togʻlar ham (oʻz joylaridan) jildirilganida…» (Takvir surasi, 3-oyat) oyatlarini eslatadi.

Asar vahshiy bir hayvon – barsning boshidan oʻtgan ibratli voqealar bilan boshlanadi. Bu hayvonlarning boshqalarnikiga oʻxshamagan, oʻzlariga xos hayotlari bor. Ularga faqat ulkan togʻlargina boshpana boʻla oladi. Bu togʻlar Tyanshan togʻlaridir.

«Togʻlar tekisliklarga nisbatan yana ham hur va yana ham chuqur tafakkur qilinadigan joylardir», — deyiladi asarda.

Darhaqiqat, shunday. Ulugʻ Alloh Muso (alayhissalom)ga Tur togʻida, Iso (alayhissalom)ga Tabur togʻida, haqiqat namoyandasi Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga Nur togʻida vahiylar yuborgan.

Buyuk adib bu asari oxirgisi boʻlishini bilmagandir ehtimol. Lekin bir narsa ravshanki, haqiqiy togʻ 10 yil avval qulagan edi. Bu ayriliqqa Tyanshan togʻi qanday bardosh bera olar ekan?..

Yozuvchining oxirgi asarida «Dunyo oʻrnidami?» degan bir savol bor. Ha, dunyo oʻz oʻrnida. Lekin dunyodan yana bir ulkan togʻ ketdi, bir yulduz soʻndi…

 

Tolibjon NIZOMOV

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zamondan-ozgan-adib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x