Bolajonlar sizga atab
Sheʼrlar yozdim bir talay.
Magʻzin chaqib oʻqisangiz
Sizlar bilan doʻst boʻlay.
Yaxshi koʻrib yod olsangiz
Boshim koʻkka yetadi.
Misralarim ezguliklar
Diyoriga eltadi.
SHEʼR YODLASHNI BILAMAN
Sheʼr yodlashni bilaman,
Tez yodlashni bilaman.
Soʻzlarni biyron aytib,
Zoʻr yodlashni bilaman.
Buvijonim aytgan sheʼr,
Oyijonim aytgan sheʼr,
Qayta-qayta takrorlab
Akajonim aytgan sheʼr.
Sheʼrlar chaman haqida,
Gulu gulshan haqida,
Bizni suyub oʻstirgan,
Ona Vatan haqida.
TOVUGʻIM
Meni nonxoʻr tovugʻim,
Meni donxoʻr tovugʻim.
Tuxum qoʻyib beradi,
Juda gʻamxoʻr tovugʻim.
Patlari-chi sariq, oq,
Silasam momiq, yumshoq.
Meni yaxshi koʻradi,
Men bilan qalin oʻrtoq.
XAYR BOGʻCHAM
Yetti yoshga toʻldim men,
Rosa oʻynab-kuldim men.
Endi navbat oʻqishga,
“Alifbe” oʻrganishga.
Xayr sevimli bogʻcham,
Xayr oʻyinchoqlarim.
Men maktabga boraman,
Xayr qoʻgʻirchoqlarim.
Ertaklarni oʻrgatgan,
Uxlasak alla aytgan,
Xayr bogʻcha opajon,
Sogʻ boʻlingiz har qachon.
Biz bilan qoʻshiq kuylab,
Biz bilan sheʼr yod olgan.
Xayr, musiqa ustoz,
Sogʻinamiz sizni rost
Sport maydonchasida
Chiniqib kuchga toʻldik.
Bir-birimizni quvlab
Oʻyinga ham xoʻp toʻydik.
Axil-inoq boʻlgancha
Oʻynadik bekinmachoq,
Nogoh topib olganda,
Sevindik birga shu choq.
Vatan, ona soʻzining
Maʼnosini bildik biz.
Hur oʻlkam madhiyasin
Quloqlarga ildik biz.
Davlatim bayrogʻini,
Shon-shuhrat mayogʻini,
Ranglar maʼnosin anglab
Tushundim yarim oyini.
Xumo qushi qanotin
Yozib turgan baralla,
Yurtim gerbi haqida
Soʻzlab beray jaranglab.
Xayr qoʻgʻirchoqlarim,
Xayr oʻyinchoqlarim,
Xayr bogʻcham, jon bogʻcham,
Menga qadrdon bogʻcham.
GILOS
Donalari qip-qizil
Hovlida pishdi gilos.
Uzib yegim kelgandi,
Boʻyim yetmadi biroz.
Kichkina kursichamni
Sudrab olib keldim men.
Qip-qizil giloslarni
Rosa terib yedim men.
ShU VATANGA
Shu Vatanga munosib
Farzand boʻlish ahdimiz.
El ishiga shay turgan
Dilband boʻlish baxtimiz.
Boshimizni silagan
Yurtimiz bor bagʻri keng,
Bizga oq yoʻl tilagan
Bobo mehri koʻkka teng.
Manzil olis, lek ravon,
Bilimda bellashamiz.
Aʼlo oʻqib-oʻrganib,
Har tilda soʻzlashamiz.
Tinchlik boʻlsin barqaror,
Istiqlol umri mangu.
Begʻubor chehramizda
Balqib turar shoʻx kulgu.
BOLALIK UY
Kichik qizalogʻimning
Oʻrtoqlari juda koʻp.
Kelishsa gar mehmonga
Hovlimiz ketar toʻlib.
Biri boʻlib muallim
Qoʻgʻirchoqqa dars berar,
Biri qoʻshiq kuylasa,
Biri shodon raqs etar.
Biri xamir qoradi,
Loydan chunon berilib,
Uch-toʻrt mehmon oʻtirar
Toʻrda qarang kerilib.
Eh, bolalik naqadar
Sof, musaffo, begʻubor,
Xalqim bejiz aytmagan:
“Bolalik uy – bu bozor”.
BOGʻCHADA NAVROʻZ
Jonajon bogʻchamizda
Navroʻz bayrami qildik.
Oshpaz opalar bizga
Koʻp sumalak pishirdi.
Talay sheʼrlar yod oldik,
Shoʻx qoʻshiqlar kuyladik,
Shirinliklar ulashib,
Bir-birimiz siyladik.
Barcha xursand, barcha shod,
Shoʻx yallalar avj oldi,
Javondagi oʻyinchoqlar
Bizlarga hayron qoldi.
TOY BOLAM
Sen toychogʻim toy bolam,
Osmondagi oy bolam.
Istiqlol nurin ichgan
Baxti kulgan boy bolam.
Ber qoʻlingni ber bolam,
Elga qoʻshil er bolam.
Ajdodlarga munosib
Chin farzand boʻl, kel bolam.
Qadamlari nur bolam,
Soʻzi gavhar, dur bolam.
Obod Vatan seniki,
Quloch yozgin hur bolam.
SALOM MAKTAB
Yetti yoshga toʻldim men,
Maktab sari keldim men.
Salom maktab, jon maktab,
Quchogʻingga ol maktab.
Oʻzim yaxshi bolaman,
Eng aʼlochi boʻlaman,
Ona Vatan dilbandi,
Istiqlol farzandiman.
Erkalik va shoʻxlikni
Tashlab keldim bogʻchaga.
Barcha oʻyinchogʻimni
Terib qoʻydim tokchaga.
Odob va tarbiyani
Oldim ota-onamdan.
Endi bilim koniga
Yuray shu ostonadan.
Faqat “besh” baho bilan
Daftarimni toʻldiray.
Hur, goʻzal diyorimga
Munosib farzand boʻlay.
KUCHUGIMIZ
Kuchugimiz koʻchada
Uch kun yoʻq boʻlib ketdi.
Hammamiz xavotirda
Koʻzlar toʻrt boʻlib kutdik.
Hovlimiz suv quygandek
Usiz huvillab qoldi.
Tomdagi ola mushuk
Pastdan goʻsht izlab toldi.
Kuchukni koʻchalardan,
Hovlilardan izladik.
Bobomning jahli chiqib
Men, ukamni “tuzladi”.
Nihoyat uch kun oʻtgach
Kirib keldi shumshayib.
Koʻzlari mungli edi,
Orqa oyogʻi mayib.
Bobom-chi unga qarab,
Bir xoʻmrayib qoʻydilar.
Koʻchada sayoq yurgan
Tayoq yeydi, – dedilar.
YOSTIQCHAM
Yumshoq, momiq yostiqcham,
Guli sariq yostiqcham.
Meni yaxshi koʻrasan,
Tez uxlatib qoʻyasan.
TISHLARIMNI YUVAMAN
Har kuni ikki marta,
Erinmasdan birpasda,
Men yuvaman tishimni,
Qoʻyib hamma ishimni.
Keling siz ham bir koʻring,
Menga “besh” baho bering.
Qolmasin deb orqasi,
Tishlarimning kattasi,
Xafa qilmay hech birin
Yuvaman birin-sirin.
Demang meni maqtanchoq,
Mana tishlarim oppoq.
Doktorga qolmadi ish,
Chunki sogʻlom hamma tish.
QOʻZICHOQ
Eh mening qoʻzichogʻim,
Koʻzi tiyrak munchogʻim,
Zeriksam ovunchogʻim,
Tek turmaysan sira ham.
Siylayin oʻtlar terib,
Silayin suvlar berib,
Erkalasam-da suyib,
Tek turmaysan sira ham.
OZODA BOLA
Qoʻllarimni yuvaman,
Men ozoda yuraman.
Sovun shunday moʻjiza
Koʻpirtiraman mazza!
Pufaklar shishib chiqar,
Osmonga qarab uchar.
Qizil, sariq tovlanib,
Menga quvonch baxsh etar.
Ishqalayman barmogʻim,
Unutmayman tirnogʻim.
Old-orqasin yuvaman,
Mikroblarni quvaman.
Mana, qoʻllarim toza,
Mendan oling andoza.
BUVIJONIM
Bagʻri issiq buvim bor,
Mehrlari koʻp bisyor.
Pazandalar juda ham,
Havas qilgudek biram.
Boʻlsa-chi hayit, bayram,
Dasturxonimiz chunon,
Ketadi chiroy ochib,
Xushboʻy hidlar taratib.
Boʻgʻirsogʻu qushtili,
Shirin nonlar xilma-xil.
Koʻzimiz quvontirar,
Ishtahamiz uygʻotar.
Shirin xolvatarni-chi
Pishiradilar tez-tez,
Chunki yaxshi koʻramiz,
Uni ukam ikkimiz.
Ajoyib buvimiz bor,
Gʻaroyib buvimiz bor.
Hammamizga mehribon,
Soʻzlari asal biram.
Peshonamiz silaydi,
Bizga kamol tilaydi.
ShIRAXOʻR
Shiraxoʻr Bunyodjonning
Tishlari ogʻrib qoldi.
Tun boʻyi uxlay olmay
Yigʻlay-yigʻlay koʻp toldi.
Tong otganda dadasi
Qoʻlidan tutdi, yur, deb
Shifokorga eltdi:
Koʻrib qoʻying bir, deb
Doktor opa tishlarini
Davoladi bir zumda,
“Shirinlikni kam ye”deb,
Tayinladi koʻp unga.
Shundan beri Bunyodjon
Konfetlarni oʻylab yer,
Hali ogʻriq esida,
Darddan uzoq yuray der.
KAKTUS
Oyijonim tuvakda
Oʻstirdilar tikon gul.
Gul emas, naq tikonzor,
Ignalarga makon gul.
Hidlab koʻrsam hidi yoʻq,
Ushlay desam doʻqi zoʻr.
Koʻrinishi naqshinkor,
Yaqinlab, chekdim ozor.
Oyim uni koʻp maqtab,
Dedilar: – Xoʻp foydali,
Kaktus oʻstirmoq uchun,
Bilmoq zarur qoidasin.
Men ham xuddi oyimdek
Tikonlarni gul bildim.
Faqatgina uzoqdan
Mehr qoʻyib, doʻst boʻldim.
OʻKTAM OʻGʻLON BOLAMAN
Buvimning erkasiman,
Elimningn ertasiman,
Bobojonim suyanchi,
Ota-onam quvonchi.
Oʻktam, oʻgʻlon bolaman,
Sogʻlom, polvon boʻlaman.
Oʻqishlarim aʼlo, zoʻr,
Maktabimga kelib koʻr.
Sportga chin oshnoman,
Tolega ishonaman.
Oʻktam, oʻgʻlon bolaman,
Sogʻlom, polvon boʻlaman.
Ortda qoldi kamu-koʻst,
Kitobga boʻlganman doʻst.
Vaqtim oʻtmaydi bekor,
Kattalarga men dastyor.
Oʻktam, oʻgʻlon bolaman,
Sogʻlom, polvon boʻlaman.
Bobom, buvim qoʻl ochib,
Duolarga yoʻl ochib:
– Parvoz et, lochin, – deydi,
Zamon boʻldi chin, – deydi.
Oʻktam, oʻgʻlon bolaman,
Sogʻlom, polvon boʻlaman
QOʻGʻIRCHOQ
Qoʻgʻirchogʻim oppogʻim,
Mening yaqin oʻrtogʻim.
Doim yonimda yurar,
Gapirsam kulib qoʻyar.
Sochlarini tarayman,
Toza qilib qarayman,
Boʻyniga taqsam munchoq,
Quvonadi bir quchoq.
Men bilan birga uxlab,
Bogʻchaga ham boradi.
Oʻrtoqlarimga emas,
Menga quloq soladi.
Kiprigi uzun-uzun,
Koʻzlari katta-katta,
Yetti yoshga toʻlganda,
Birga borar maktabga.
MURABBO
Oyim qishga tursin deb,
Dasturxon moʻl boʻlsin deb,
Olma, oʻrik, olchadan,
Qulupnay, togʻolchadan,
Shakar solib birtalay,
Olovni qalay-qalay,
Pishirdilaru ammo,
Bermadilar murabbo.
BAHONACHI
Tongda uyqudan tursam
Qovogʻin uydi osmon.
Dov-daraxtni ayamay,
Yomgʻir quydi beomon.
Zim-ziyo koʻkka boqib
Men ham qovogʻim soldim.
Yomgʻir bahona boʻldi
Maktabimdan ham qoldim.
ChUMOLILAR
Ishlaydi bilmay tinim,
Mehnatida koʻp unum.
Hech charchadim demaydi,
Tekinga don yemaydi.
Garchi kichik boʻlsa-da,
Zahmatdan qochmaydi hech.
Tizilgancha bir safda
Rizqin terar erta-kech.
Yer tagidan uy qurib
Yashaydi ahil-inoq.
Toza, halol mehnatin
Mevasin oshar quvnoq.
ARGʻIMCHOQ
Hovlidagi daraxtga
Yana eng balandiga
Dadam osib argʻimchoq
Koʻnglimizni etdi chogʻ.
Opam bilan ikkimiz
Navbat bilan uchamiz,
Mayin esgan shamolni
Bagʻrimiz-la quchamiz.
Argʻimchogʻim, argʻimchoq,
Sen misoli belanchak.
Tebranib tur ohista,
Goh balandga, goh pastga.
SOGʻLOM BOʻLAY DESANG
Burningni yengga artib,
Saqichni puflab tortib,
Tirnoqlaring tishlama,
Koʻngillarni gʻashlama.
Qaynamagan suv ichib,
Yuviqsiz meva yesang,
Qorningda turar ogʻriq,
Xafa boʻladi sogʻliq.
BUVIJONLAR OʻGITI
Zukko, dono buvijonim,
Soʻzi aʼlo buvijonim.
Doim bilim ol deydi,
Yaxshi oʻqib qol deydi.
– Boʻlsang hamki qayerda,
Odob saqla har yerda.
Yuzimizni yorugʻ qil,
Bizga rahmat olib kel!
Buvijonim aytganin
Hech yerda qilmay ikki,
Yaxshi bola boʻlaman,
Aslo eshitmay dakki.
ISMOILNING BOBOSI
Qoʻshnimiz Ismoilning
Nuroniy bobosi bor.
Unga havasim kelar
Boboning duosi bor.
Goho koʻchaga chiqib
Kuzatadi bizlarni,
Kam-koʻstimizni aytib
Tuzatadi bizlarni.
– Olmani yeb poʻchogʻin
Irgʻitasan qayoqqa?
Shirinlik yeb qogʻozin
Tashlama, der har yoqqa.
– Oʻgʻillar daraxtlarni
Parvarishlasin deydi,
Qizlar ona yonida
Ishga shay tursin deydi.
Bobo bizni alqasa
Yayrab ketar dilimiz.
Qoʻl ochib duo qilsa,
Yashnaydi yurt, elimiz.
ONAMNING OʻGITLARI
Soʻrab bilgan – kamtarlik
Deydilar mudom oyim.
Soʻramagan yomondir,
Tayinlaydilar doim.
Maktabda ustozimdan
Soʻrab, bilib kelaman.
Uyga vazifalarni
Hech qiynalmay qilaman.
KABUTAR
Don sochib chaqirsam ham,
Hech yaqin yoʻlamaysan.
Uzoqlardan kuzatib,
Don tomon boʻylamaysan.
Kabutarim, ayt menga
Nega mendan qochasan?
Senga doʻst boʻlay deyman,
Qachon bagʻring ochasan?
Sen doim odamlarga
Umid va doʻst boʻlgansan,
Nega mendan hurkiding,
Kel, qoʻlimga qoʻngin sen.
QORBOBO
Qorbobojon, qorbobo,
Erib ketma, hoy bobo.
Yasadim seni qordan,
Qoʻrqmay sovuq, boʻrondan.
Oʻynab olayin toʻyib,
Barcha ishimni qoʻyib.
Chaqiray oʻrtoqlarim,
Kiysinlar qoʻlqoplarin.
Sen haqingda bir talay
Sheʼr, qoʻshiqlar bilaman.
Erib ketma qorbobo,
Seni yaxshi koʻraman.
OROMGOH MARSHI
Bir, ikki, uch, toʻrt
Qadamlarim shahdam zoʻr.
Kelgin doʻstim biz bilan
Taʼtilda dam olib koʻr.
Bir, ikki, uch, toʻrt
Tabiat chiroyi zoʻr.
Qoʻshiq kuylaydi soylar
Ishonmasang bir bor koʻr.
Bir, ikki, uch, toʻrt
Sportda chiniqdim zoʻr.
Futbol, karate, shaxmat,
Biz-la kuching sinab koʻr.
Bir, ikki, uch, toʻrt
Gʻayratimiz juda zoʻr.
Maza qilib dam olgach
Aʼlo oʻqishimiz koʻr.
Bir, ikki. uch, toʻrt
Ona Vatan mehri zoʻr.
Yashil, oq, havo rangda
Qoʻlda bayrogʻimiz koʻr.
OILAM
Oila – otam,
Oila – onam,
Oila – ukam koʻzlari.
Oila – sinlim,
Oila – bobom,
Buvijonim soʻzlari.
Oila desam biri tan,
Biri jondek koʻrinar.
Moʻjazgina mustahkam,
Bir vatandek koʻrinar.
Men ulardan oʻzimni
Tasavvur etmam ayro,
Oila – kichik Vatanim,
Men jilgʻaman, u daryo.
Tipratikan
Choshgoh devor tagidan
Tipratikan topdi dadam.
Uni ushlash uchun tezda
Mato bilan yopdi dadam.
Kirpi juda chaqqon ekan,
Qochib qoldi yugurib.
Dadam esa poyladilar,
Tutish uchun ulgurib.
Dedim: – Dada ehtiyot boʻling,
Tikonlari tilmasin.
Sizdan qochib boshchasini
Shu devorga urmasin.
Dadam uni asta ushlab
Bir qutiga soldilar.
Idishchada suv, non qoʻyib
Koʻp tikilib qoldilar.
Soʻng dedilar: – Qoʻyib yubor,
Mayli yursin bemalol,
Bizdan hafa boʻlmay ketsa,
Qaytib kelar ehtimol.
ShAMOLLAR
Oʻynashar qars-qurs qilib,
Dov-daraxt shoxin quchib,
Biri birini quvib,
Samodagi shamollar.
Butun borliq joʻr ovoz,
Qoʻshiq kuylashadi soz.
Qancha shoʻxlik qilsa oz,
Tinchimagan shamollar.
Nelardan berar darak,
Boshlari sarak-sarak.
Koʻp narsa bilsa kerak,
Dunyo kezgan shamollar.
OYMOMA
Oymomojon, oymoma,
Yerga tushgin bir zumga,
Yaqindan bir koʻraman,
Sen-la oʻrtoq boʻlaman.
Har oqshom koʻkdan boqib,
Yulduzdan marjon taqib,
Zulmatni yoritasan,
Bizni maftun etasan.
Senga oshiq hamma joy,
Daryoyu koʻl, toshqin soy,
Osmonoʻpar togʻlar ham,
Keng dalayu bogʻlar ham.
Anglolmay sinoating,
Bardoshu qanoating,
Hamisha lolmiz, hayron,
Kattayu kichik har on.
Oymomajon oymoma,
Yonimga tush bir zumga.
Yaqindan bir koʻroyin,
Chiroyingga toʻyoyin.
HAYVONOT BOGʻIDA
Hayvonot boqqa bordik,
Qizim, jajji nabiram.
Har xil jonivorni koʻrib
Hayratga tushdik biram.
Arslon ogʻzin ochib
Pishqirib berdi qarang,
Qoʻrqib ketganimizdan
Qochib ulgurdik arang.
Bahaybat ayiqpolvon
Joyidan hech jilmadi,
Siylab uning yoniga
Non tashlasak yemadi.
Ertaklar “qahramoni”
“Ayyor tulki” unvoni,
Oʻz dumiga mahliyo,
Bizga boqmadi qiyo.
Navbat keldi boʻriga
U qafasning toʻrida.
Yonib turar koʻzlari,
Vahimali yuzlari.
Maynavozchi maymuncha
Xursand koʻrindi buncha.
Bodroq bersak ozgina
Yeb oldi u tezgina.
Chugʻur-chugʻurga toʻla
Mitti qushlar xonasi,
Navbat bilan sayrashni
Oʻrgatmabdi onasi.
Akvariumda baliqlar
Dumini liqillatar.
Qanotlari tillodan,
Koʻz qamashar jilodan.
Eh-he qancha jonvorni
Koʻrib qaytdik birma-bir,
Davomini sizlarga
Aytaman, hozircha sir.
MEN SINGLIMGA TARJIMON
Jajjigina singlimning
Bordir qiziq oʻz tili,
Tinglagan har kishining
Ochilar bahri dili.
Baʼzan qoʻshni bolalar
Uni qurshab olishar,
Goh yolborib, goh aldab
Asta gapga solishar.
Konfetni deydi u “oh”,
Issiq taom, choyni “bah”,
Kuchukni deydi “bobov”,
Mushuk uning-chun “miyov”.
Yangi koʻylak kiysa gar,
Gir aylanib der “hay-hay”.
Radioni koʻrsatib,
Qoʻyib ber deydi “nanay”.
Quvlashib uydan uyga
Oʻynaydi aji-aji,
Yomon narsani koʻrsa,
Labin burib der “biji”.
Sanaybersam qatma-qat,
Tuzilar katta lugʻat.
Kelganda uyga mehmon
Men singlimga tarjimon.
DURDONA NIMA DEYDI?
Mening ismim Durdona,
Oilada men bir dona…
Bogʻchadagi oʻrtoqlarim
Birin-sirin ketishdi.
Voy, nega oyijonim
Bugun ishda kechikdi?
Hamma ketdi bogʻchada
Qolmadi qarang hech kim,
Bogʻcha opam nimanidir
Daftariga yozar jim.
Qoʻgʻirchoq oʻynay-oʻynay
Oxir juda zerikdim,
Sogʻinch toʻla nigohim
Deraza tomon tikdim.
Bogʻcha opam bagʻriga
Bosib erkalab qoʻydi,
Oyimdek asalim, deb
Meni achomlab suydi.
Oyim bilan dadamni
Men bilan uzoq kutdi,
Quyosh qizargan mahal
Yur, deb qoʻlimdan tutdi.
Shu kuni oyimlarda
Muhim majlis boʻlibdi,
Yana buni qarangki,
Uzoqqa choʻzilibdi.
Nahot majlisni mendan
Afzal koʻrsalar oyim,
Akam, opam boʻlsaydi
Erta ketardim doyim.
MUSTAQILLIK ARCHASI
Yurtimning xushsuratiga
Koʻrk bergan baland archa,
Har yilgidan chiroyliroq
Bezangansan ayt buncha?
Boʻyi-basting xoʻp kelishgan,
Yarashibsan maydonga.
Katta-kichik qoʻl ushlashib,
Oshiqar sen tomonga.
Kamalakrang chiroqlardan
Munchoq taqib oldingmi?
Senga intilganlarni
Koʻp hayratga soldingmi?
Qoʻsh laylaklar qanot qoqib
Bayram bilan olqishlar.
Seni koʻrmoq uchun ketmay,
Qishlab qolganmi qushlar.
Oʻyin-kulgu avjga mingan,
Chehralarda tabassum.
Ot oʻyinu argʻimchoqlar
Bolalar bilan gavjum.
Moʻjizalar oʻlkasida
Sehrli goʻsha misol,
Qalblarga quvonch ulashib,
Mayli, ertak boʻlib qol.
SOAT
Erkin ertalab tursa
Soat qolibdi toʻxtab.
Chiq-chiq degan sozini
Chalmay qolibdi uxlab.
Ustasiga yugurdi
Olib uni qoʻliga,
Dedi: – Davosin topib
Solib bering yoʻliga.
Batareyka oʻrnatdi
Usta aka shifokor,
– Qorni ochibdi-ku, – deb
Dardin topibdi tezkor.
Endi har tong soati
Jiringlab uygʻotadi,
Erkinjonni oʻqishga
Kuy chalib kuzatadi.
QOʻShNI BOLA
Qoʻshni bola Ibrohim
Oʻzi shoʻx, soʻzi shirin.
Bir gʻalva boshlar doim
Sira bilmaydi tinim.
Tunov kuni koʻchada
Bir holda koʻrib qoldim.
Peshonasida gʻurra
Qiziqib gapga soldim.
Ha toychoq, nima boʻldi,
Yo yiqilib tushdingmi?
Qogʻozdan kema yasab,
Yo osmonga uchdingmi?
Ibrohim der: – Akamga
Oʻynaylik deb turvoldim.
Quvlayotib boshimni
Isitgichga urvoldim.
Zahro HASANOVA
https://saviya.uz/ijod/nazm/kozmunchogim/